10.3. Milliy hisobot tizimi va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar. Yalpi ichki va yalpi milliy mahsulot
Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblash milliy hisob tizimi yordamida amalga oshiriladi. Milliy hisob tizimi (MHT) – bu buxgalteriya schyotlari shakliga ega bo‘lgan kompleks jadvallar bo‘lib unda ijtimoiy mahsulot va milliy daromadlarni ishlab chiqarish, taqsimlash va pirovard iste'mol qilish jarayonlari aks ettiriladi. MHTda har bir schyot doirasidagi iqtisodiy bitim natijalari ham xarajatlar, ham daromadlar sifatida aks ettiriladi. BMT statistika komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan milliy hisoblarning standart tizimi 1953 yildan beri ishlatilib kelinmoqda. Hozirgi davrda MHTda birlashgan millatlar tashkilotining statistika komissiyasi tomonidan 1993 yilda ishlab chiqilgan uslubiyatidan foydalaniladi. MHTning ahamiyati: uning yordamida milliy iqtisodiyotning rivojlanish darajasi baholanadi, erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar aniqlanib, milliy iqtisodiyotning istiqbollari belgilanadi. Yalpi ichki mahsulot (YaIM), yalpi milliy mahsulot (YaMM), sof ichki mahsulot kabi ko‘rsatkichlar milliy hisob tizimining asosiy ko‘rsatkichlari hisoblanadi. Milliy hisoblar tizimi YaIM ning harakatini, ishlab chiqarish, taqsimlash, qayta taqsimlash va yakuniy foydalanish bosqichlarida tasavvur qilish imkonini beradi. MHT mavjud resurslar va ulardan foydalanish muvofiqligi (tengligi) mavjud bo‘lganda mamlakatda umumiy iqtisodiy muvozanat g‘oyasini aks ettiradi. MHTning maqsadi - milliy daromadlarni taqsimlash va ulardan foydalanish to‘g‘risida miqdoriy ma’lumotlarni berishdir, buning uchun esa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimidan foydalaniladi. MHT makroiqtisodiy tahlil uchun milliy iqtisodiyotni o‘rganish va takomillashtirish, shuningdek iqtisodiy prognozlarni tuzishda ishlatiladi. MHT ning afzalliklari:
• nafaqat moddiy ishlab chiqarish sohasini, balki “nomoddiy xizmatlar” sohasini ham qamrab oladi;
• xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘zaro iqtisodiy ta’sirini real aks ettiradi;
• iqtisodiy tahlil uchun eng mos keladi.
Hozirgi vaqtda MHT 150 dan ortiq mamlakatlarda qo‘llaniladi. MHTni yaxshiroq tushunish uchun bozor iqtisodiyoti subyektlari tasnifini (agentlar nomenklaturasi) va bozor iqtisodiyoti subyektlari o‘rtasida bozor operatsiyalarining tasnifini (operatsiyalar nomenklaturasini) ko‘rsatish kerak. Turli rivojlangan mamlakatlarda biznes agentlariga quyidagilar kiritilgan:
1. Moliyaviy bo‘lmagan korxonalar, ishlab chiqarish firmalari.
2. Uy xo‘jaliklari.
3. Davlat ma’muriy muassasalari.
4 Moliya institutlari va tashkilotlari.
5. Xorijiy davlatlar (ma’lum bir davlat chegaralaridan tashqaridagi biznes agentlari).
Bozor iqtisodiyotidagi operatsiya tovarlar, xizmatlar yoki huquqlarni topshirish,yaratish yoki yo‘q qilish deb ataladi. Bundan kelib chiqib, kredit berish uchun bank operatsiyalari uy qurish, non pishirish va h.k. bilan bir xil operatsiya bo‘lib, operatsiyalar nomenklaturasi uchta katta guruhga bo‘linadi:
1. Tovarlar va xizmatlar bilan operatsiyalar (ishlab chiqarish, investitsiya, iste’mol, import operatsiyalari va boshqalar).
2. Taqsimlash operatsyalari (ish haqi, dividendlar, ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari va boshqalar).
3. Moliyaviy operatsiyalar (pul bilan bog‘liq aktivlar va majburiyatlardagi o‘zgarishlar,chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar, kredit operatsiyalari va boshqalar). Shuni ta’kidlash kerakki, moliyaviy balanslar tizimi muvozanat tizimi XX - asrning 50-yillaridan boshlab MHT tarkibiga kiritilgan. MHT hisoblarining turlari:
1. Ishlab chiqarish hisobi.
2. Daromadning shakllanishi hisobi;
3. Daromadni taqsimlash hisobi;
4. Daromadni qayta taqsimlash hisobi;
5. Daromaddan foydalanish hisobi.
Ishlab chiqarish hisobi bir yilda ijtimoiy ishlab chiqarishning xarajatlari va natijalarini hisobga oladi. Ishlab chiqarish jarayoniga taalluqli operatsiyalarni aks ettiradi. Daromadning shakllanish hisobi. Ishlab chiqarish jarayonida milliy daromadning shakllanishini aks ettiradi. Daromadni taqsimlash hisobi ishlab chiqarish ishtirokchilari daromadlarini aks ettiradi. Daromadni qayta taqsimlash hisobi soliqlar va transfert to‘lovlari yordamida ishlab chiqarish ishtirokchilari daromadlarining davlat tomonidan qayta taqsimlanishini aks ettiradi. Foydalaniladigan daromad ajratiladi ( ishlab chiqarish ishtirokchisi daromadi – soliqlar + transfert to‘lovlari).
Daromaddan foydalanish hisobi ishlab chiqarish ishtirokchilarining foydalanadigan daromadini pirovard iste’mol va jamg‘arishga sarflanishini aks ettiradi.
Jadval shaklida taqdim etilgan MHTda resurslar va ulardan foydalanish taqqoslanadi. MHTning muhim xususiyati bu ikki marta yozish prinsipidir. Bu shuni anglatadiki, har bir operatsiyada to‘lovchi va oluvchi bor va shuning uchun bir marta resurs sifatida va bir marta - foydalanish qayd etiladi. Shunday qilib, barcha operatsiyalar real va moliyaviy nuqtayi nazardan tavsiflanadi va milliy iqtisodiyotning jamlangan moddiy va moliyaviy balansi o‘zaro hisob-kitoblar tizimi ko‘rinishida taqdim etiladi. Moddiy - moliyaviy balanslar bilan bir qatorda, MHT ham mehnat (mehnat resurslari) balanslarini o‘z ichiga oladi. Umuman olganda, BMT statistika xizmati tomonidan milliy buxgalteriya hisobini yuritishning xalqaro standarti sifatida tavsiya etilgan MHT ikki darajadan iborat: jamlangan hisoblar (YaIM va milliy daromadning harakatlanishini kapitalni tejash, boshqa mamlakatlar bilan operatsiyalar aks ettiradi) va batafsil hisoblar (tarmoqlararo munosabatlar, daromadlarning harakati, ularning taqsimlanishi va yakuniy iste’molini tarmoqlararo aloqalarini ko‘rsatadi).
MHT da quyidagi hisoblar turlari bor:
- jamlangan
- ishlab chiqarish, iste’mol, kapital qo‘yilmalar
- daromadlar va xarajatlar
-kapital xarajatlarni moliyalashtirish
Butun milliy iqtisodiyotning holatini tavsiflovchi muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar – yalpi milliy mahsulot (YaMM), yalpi ichki mahsulot (YaIM), sof milliy mahsulot (SMM), milliy daromad (MD), ishchi kuchi bandligi, ishsizlik, inflyatsiya va shu kabilar hisoblanadi.
Bu ko‘rsatkichlar moddiy ishlab chiqarish va nomoddiy xizmat ko‘rsatish sohalaridagi barcha xo‘jaliklar iqtisodiy faoliyatining umumiy va pirovard natijalarini qamrab oladi.
Yalpi ichki mahsulot (YaIM) - mamlakat ichida milliy va xorijiy xo‘jalik yurutuvchi subyektlar tomonidan bir yil davomida yaratilgan pirovard tovar va xizmatlarning bozor narxida hisoblangan qiymati.
Yalpi milliy mahsulot (YaMM) - mamlakat ichida va tashqarisida ushbu mamlakat fuqarolari tomonidan bir yil davomida yaratilgan pirovard tovar va xizmatlarni bozor narxida hisoblagan umumiy qiymati.
Pirovard tovar va xizmatlar deganda yakuniy iste’mol uchun sotib olingan tovar va xizmatlar tushuniladi. Masalan, kostyum kiyish uchun sotib olinadi. Yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi aynan milliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mamlakat ichida ishlab chiqarishdan pirovard tovar va xizmatlarni bozor narxida hisoblangan qiymatini aks ettiradi.Yalpi milliy mahsulot ko‘rsatkichiga esa milliy ishlab chiqaruvchilarning mamlakat tashqarisida ishlab chiqarilgan pirovard tovar va xizmatlar bozor qiymati ham kiritiladi. Masalan, O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan rossiyalik firma yaratgan tovar va xizmatlarining qiymati O‘zbekistonni YaIMga, Rossiya’ni esa YaMM qiymatida qo‘shiladi. O‘zbekistonlik xo‘jalik yurituvchi subeykt Rossiyada ishlab chiqargan tovar va xizmatlar qiymati O‘zbekistonning YaMMga, Rossiya’ning esa YaIMga kiritiladi. Yopiq iqtisodiyotda YaIM= YaMM bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |