Ishlab chiqarish – kishilik jamiyatining mavjud bo`lishi va rivojlanishi uchun zarur bo`lgan hayotiy ne`matlarni yaratish jarayoni. Barcha tovar va xizmatlar ishlab chiqarish jarayonida yaratilishi sababli, u takror ishlab chiqarishning eng asosiy va boshlang`ich fazasi hisoblanadi. Agar ishlab chiqarilmasa, taqsimlanadigan, ayirboshlanadigan va nihoyat, iste`mol qilinadigan narsalar bo`lmaydi.
Misol uchun, odamlarning non mahsulotiga bo`lgan ehtiyojini qondirish uchun eng kamida quyidagi asosiy jarayonlarni amalga oshirish lozim: ekin maydonlarini haydash va ularga ishlov berish; yerga urug` qadash va unib chiqib, to hosil yetishguncha parvarishlash; g`allani o`rish va don omborlariga joylash; donni tegirmondan chiqarib, un mahsuloti olish; undan non zavodlari yoki nonvoyxonalarda non tayyorlash. O`z o`rnida, har bir jarayon uchun kerakli bo`lgan mehnat vositalarini ham ishlab chiqish kerak bo`ladi. Masalan, ekin maydonini haydash uchun traktorlar, omochlar; urug` qadash uchun seyalkalar; g`allani o`rish uchun kombaynlar; omborga tashish uchun yuk mashinalari; donni yanchish uchun tegirmonlar; non yopish uchun tandirlar va hokazo. Agar bu vositalarning birortasi bo`lmasa, yo ishlab chiqarish jarayoni to`xtaydi yoki samaradorligi pasayib ketadi.
Taqsimot – ishlab chiqarish omillari va uning natijalarini iqtisodiyotning turli qism va sub`ektlari o`rtasida taqsimlash jarayoni. Bu bosqichda, eng avvalo, ishlab chiqarish vositalari, kapital, ishchi kuchi va boshqa resurslar turli tarmoqlar, sohalar, hududlar va nihoyat, korxonalar o`rtasida taqsimlanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish natijasi bo`lgan tovar va xizmatlar, ularning pul holidagi ko`rinishi bo`lgan daromadlar ham taqsimlanadi.
Bizning misolimizdagi non mahsulotini ishlab chiqarish uchun ham ushbu faoliyat sohasiga kerakli resurslar – traktorlar, omochlar, seyalkalar, kombaynlar, yuk mashinalari, tegirmonlar va tandirlar; ularni ishga soluvchi traktorchi, haydovchi, dehqon, ishchi va nonvoylar – barchasi taqsimot jarayonidan o`tadi. Ular aynan mehnat taqsimoti va ixtisoslashuv tufayli turli-tuman faoliyat va jarayonlar bo`yicha o`z o`rnilarini topadilar. Shuningdek, tayyor bo`lgan non mahsulotini sotishdan olingan daromad ham turli kasb egalari – traktorchi, haydovchi, dehqon, ishchi va nonvoy o`rtasida, mulk egalari o`rtasida taqsimlanadi. Ular mahsulotdagi o`z ulushlarini ish haqi yoki foyda, foiz, renta ko`rinishida oladilar.
Taqsimot qancha adolatli va to`g`ri bo`lsa, ishlab chiqarishning yuksalishiga shuncha ijobiy ta`sir ko`rsatadi, uni rag`batlantiradi.
Ayirboshlash – jamiyat a`zolarining iqtisodiy faoliyat turlari yoki ishlab chiqarish natijalari bo`yicha ma`lum bir o`lcham (masalan, qiymat miqdori) asosida o`zaro almashish jarayoni. Mehnat taqsimoti natijasida ayrim guruh kishilar tovar va xizmatlarning ma`lum turlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashadilar. Har bir tovar turini ishlab chiqaruvchi o`z tovarini sotib, o`ziga kerakli bo`lgan boshqa tovar yoki xizmatlarni sotib oladi. Jumladan, bizning misolimizdagi nonvoy ham o`z mahsuloti – nonni sotib, tushgan puliga qassobdan – go`sht, dehqondan – sabzavotlar, do`kondordan – kiyim-kechak va boshqa zarur tovarlarni sotib oladi.
Natijada turli xil yo`nalishdagi ishlab chiqaruvchilar yoki xizmat ko`rsatuvchilar o`rtasida iqtisodiy aloqa – ayirboshlash, pul orqali oldi-sotdi jarayoni sodir bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |