3-§. Hududiy boshqarmalarning asosiy vazifalari va funksiyalari
14. Quyidagilar hududiy boshqarmalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) Davlat kadastrlar palatasi, hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) filiallariga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlash;
2) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
3) hududlar davlat kadastrining yuritilishini tashkil etish va amalga oshirish;
4) foydalanuvchilarni belgilangan tartibda kadastr axborotlari bilan ta’minlash.
15. Hududiy boshqarmalar ularga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) filiallari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumatning qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining qarorlari, buyruqlari ijrosini ta’minlaydi;
2) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini tashkil etadi va amalga oshiradi;
3) yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning yuzaga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlarni Milliy geoaxborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni ta’minlaydi;
4) yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan ko‘chirmalar beradi;
5) ko‘chmas mulk obyektlariga obyektning geografik bog‘liqligini ta’minlovchi geokodlar beradi;
6) viloyat, tuman (shahar) darajasida ko‘chmas mulk obyektlari geokodlari ko‘rsatilgan holda elektron kartalarni shakllantiradi;
7) ko‘chmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestridan ma’lumotlar beradi;
8) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda jismoniy va yuridik shaxslarga malakali maslahat yordamini ko‘rsatadi va axborot beradi;
9) bino va inshootlarning kadastr qiymatini belgilash ishlarini tashkil etadi;
10) hududlar davlat kadastrini yuritilishini ta’minlaydi;
11) davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va axborotlarni Integratsion axborot tizimiga kiritadi;
12) kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatilishini tashkil etadi;
13) tuman (shahar) filiallarining faoliyatini boshqaradi, nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
14) kadastr muhandislari va tuman (shahar) filiallariga kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatishda teng sharoitlar yaratadi;
15) hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) filiallarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi;
16) hududiy boshqarmalar faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlaydi;
17) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hududlar kadastrini yuritish, shuningdek, hududiy boshqarmalar va ularning tuman (shahar) filiallari faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan, yuridik va jismoniy shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
18) kadastr muhandislari tomonidan ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan tayyorlangan elektron kadastr yig‘majildini axborot tizimi orqali qabul qiladi hamda geoaxborot tizimlarida hisobini yuritadi;
19) yer uchastkasining chegarasini chizmalarda qayd etadi va naturada (joyning o‘zida) belgilaydi;
20) yer uchastkalarini belgilangan tartibda bo‘lish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi;
21) yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil qiladi;
22) foydalanuvchilarni belgilangan tartibda kadastr axborotlari bilan ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
23) yer uchastkalarining kadastr raqamlarini identifikatsiyalash va hisobga olinishini ta’minlash maqsadida davlat yer kadastrining elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirilishini ta’minlaydi;
24) yer fondi toifalarining yer turlari bo‘yicha Milliy hisobotni Milliy geoaxborot tizimida yuritilishini ta’minlaydi;
25) yer fondi holatidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash ustidan kuzatishlar tizimini amalga oshirilishini ta’minlaydi;
26) yer hisobotini, tuman (shahar) yer kadastri daftarini faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritilishini ta’minlaydi;
27) har bir yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdori bo‘yicha yer kadastri elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirilishini ta’minlaydi;
28) davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastri hamda hududlar davlat kadastrini yuritish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va axborotlarni tuman (shahar) filiallari tomonidan Integratsion axborot tizimiga kiritish ishlarini tashkil etadi va nazorat qiladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan 23 — 28-kichik bandlar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 09/22/35/0045-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |