talabgor — xulosa berish to‘g‘risidagi ariza bilan vakolatli organga murojaat qilgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
II. Materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash
5. Materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
6. Tayyorlashga mo‘ljallangan materiallarning nazorat nusxasi va zarur ma’lumotlar ekspertizani amalga oshirish uchun vakolatli organga yetkazib berilishi lozim.
7. Yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan tayyorlanadigan materiallar ekspertiza o‘tkazilganidan keyin materialning muallifi va nomlanishi, noshir manzili, adadi (tiraji), materialning qisqa mazmuni va sharhi hamda tayyorlangan sanasi ko‘rsatilgan axborotga ega bo‘lishi lozim.
8. Materiallarni tayyorlashga o‘n ish kuni davomida o‘tkaziladigan va yakunida xulosa rasmiylashtiriladigan ekspertizadan keyin yo‘l qo‘yiladi.
III. Materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish
Oldingi tahrirga qarang.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari davlat chegarasida olib qo‘yilgan materiallar ekspertizadan o‘tkazish uchun vakolatli organga o‘z vaqtida yuborilishini ta’minlaydi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
10. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan taqiqlangan materiallar ro‘yxatiga kiruvchi materiallar ekspertiza o‘tkazilganidan keyin bojxona organlari yoki davlat chegarasini qo‘riqlash organlari tomonidan musodara qilinadi.
11. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun har bir nomlanishdagi materialdan uch nusxadan oshmagan miqdorda, agar ular taqiqlangan materiallar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, ekspertiza o‘tkazilgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
12. Vakolatli organ diniy material namunasi olingandan keyin o‘n ish kunidan oshmagan muddatda muayyan material O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi to‘g‘risidagi masalani keyinchalik hal etish uchun tegishli organga xulosa taqdim etadi.
13. Vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari manfaatlarini himoya qilish maqsadida ommaviy ziyorat tadbirlari o‘tkaziladigan vaqtda ekspertizaning bevosita bojxona nazorati punktlarida o‘tkazilishini ta’minlaydi.
IV. Materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish
Oldingi tahrirga qarang.
14. Materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan turg‘un savdo shahobchalari orqali fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa, to‘lov terminallarini qo‘llash va pul tushumlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bankka inkassatsiya qilish (banklarga topshirish) yo‘li bilan amalga oshiriladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2019-y., 09/19/943/4066-son)
15. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari kutubxonalari, shuningdek boshqa kutubxonalarning (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tijorat tashkilotlari kutubxonalari) vakolatli organ xulosasini olmay turib, xorijiy ishlab chiqaruvchilardan materiallarni qabul qilishlari taqiqlanadi.
16. Vakolatli organ va boshqa manfaatdor tashkilotlar materiallarning noqonuniy tarqatilishi holatlarini aniqlash va oldini olish tadbirlarini hamkorlikda amalga oshiradilar.
17. Ekspertizaning ijobiy xulosasi O‘zbekiston Respublikasi hududida materiallarning muayyan turini tarqatish huquqini beradi.
18. Materiallarni quyidagi maqsadlarda tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi:
jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeyiga qarab yoki boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoxud o‘zga shaxslar mahsulotlarini obro‘sizlantirish;
O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;
urush, zo‘ravonlik, terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborotni tarqatish;
diniy e’tiqodni o‘zgartirishga da’vat qilish;
dindorlarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish yoki kamsitish;
fuqarolarni o‘z konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarmaslikka chaqirish;
davlat, jamoat yoki diniy tashkilotlarning huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilishga undash;
Oldingi tahrirga qarang.
giyohvand vositalar, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
(18-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 34-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/34/2486-son)
qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikni keltirib chiqaruvchi xatti-harakatlarni amalga oshirishga undash.
V. Ushbu Nizomni buzganlik uchun javobgarlik
19. O‘zbekiston Respublikasi hududida materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish bilan bog‘liq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud orqali hal etiladi.
20. Ushbu Nizom normalarini buzishda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 10-son qaroriga
2-ILOVA
Diniy mazmundagi materiallarni davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Ushbu Nizom diniy mazmundagi materiallarni davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, olib kirish va tarqatishga mo‘ljallangan diniy mazmundagi materiallarning davlat dinshunoslik ekspertizasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, olib kirish va tarqatishga mo‘ljallangan diniy mazmundagi materiallarning davlat dinshunoslik ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |