Taraqqiyot yo’lidagi davlatlar
Milliy mustaqillik uchun xalqlarning kurashi Ikkinchi Jahon urushidan keyin ayniqsa kuchaydi. Bunda Fashistlar Germaniyasining yakson qilinishi, Yaponiya militarizmining yo’q qilinishi, Afrika, Osiyo va Lotin Ameriksidagi xalqlarning milliy ozodlik harakatlari asosiy sabab bo’lib hisoblandi. Natijada, imperializmning mustamlakachilik tizimi tushkunlikka uchradi. Taraqqiy etib kelayotgan davlatlar milliy mustaqillikni qo’lga kiritdi. Shu bilan o’zlarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyoti uchun kurash olib borishdi. Taraqqiy etib kelayotgan mamlakatlarda milliy – demokratik kuchlarning o’sishi ta’sirida jismoniy tarbiya va sportda jiddiy o’zgarishlar yuz berdi va u davom etmoqda. Jismoniy tarbiya va sport milliy madaniyatning uyg’onishi va rivojlanishning ajralmas qismi bo’lib qoldi. Bu o’z navbatida, yosh davlatlar xalqlarini taraqqiyot yo’lidan borishga undamoqda.
Bunday mamlakatlarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdagi munosabatlar, asosan, mustamlakachilik tizimidagi asoratlardan qutulish,milliy kamsitishlarga to’la barham berish, milliy jismoniy tarbiya tizimini yaratishga qaratilmoqda. Jismoniy madaniyat sohasida erishilgan yutuqlar milliy g’urur va mamlakat iftixori sifatida baholanmoqda. Ularni xalqaro miqyosda mustahkamlash yo’lida harakat qilinmoqda.
Afrika mintaqasi. Jismoniy tarbiya va sportning rivojlanishi Afrika mamlakatlarida namoyon bo’lmoqda. Afrika mintaqasining xalqlari bir necha asrlar mobaynida o’zining milliy madaniyati va uning tarkibiy qismi sifatida jismoniy madaniyatni ham yuzaga keltirdi. Lekin mustamlakachilik tizimi bu yurtlarda iqtisodiy va madaniy rivojlanishni ancha orqada qoldirdi. Jismoniy madaniyat taraqqiyotining to’xtab qolish sababi, asosan, aholini yo’qchillik, qashshoqlik holati bilan bog’liq edi. Jismoniy tarbiya va sport, o’yinlar bilan shug’ullanish mustamlaka egalari va mahalliy boylargagina nasib etgan edi, layoqatli va eng yaxshi sportchilar faqat metropoliylar, ya’ni mustamlakachilar (Fransiya, Angliya, Italiya va boshqa davlatlar) terma jamoalari tarkibidagina musobaqalarda qatnashganlar.
Mustaqillikni qo’lga kiritgan davlatlar yangi hayot qurish, jismoniy madaniyatni keng omma orasiga yo’llashga kirishdi. Ko’pgina davlatlarda jismoniy tarbiya va sport bo’yicha rahbarlik davlat doirasida olib borildi. Jismoniy tarbiya maktab va boshqa o’quv yurtlarining dasturlariga kiritildi. Yoshlarni tarbiyalashda an’anaviy milliy o’yinlar, jismoniy mashq turlari keng qo’llanildi. Bu jarayonlar arab mamlakatlari: Aljir, Liviya, Tunis, Marokko, shuningdek, Gana, Mali, Gvineya va boshqalarda namunali hisoblandi. Afrika mintaqasidagi davlatlarda xalqlar turmushi orasidagi farqlarni kamaytirishda jismoniy tarbiya va sport muhim vosita sifatida xizmat qildi, ijtimoiy taraqqiyotga katta hissa qo’shdi. Jismoniy tarbiya taraqqiyotini muvofiqlashtirish va rahbarlikni amalga oshirish yo’lida yagona tartibni ishlab chiqish amalga oshirildi. 1965 yilda Afrika Oliy sport Ittifoqi (Kengashi) tashkil etildi. Bu Afrika sportchilarini birlashtirish va yagona Afrika birligini ta’minlashga xizmat qilib keldi, mustamlakachilik va irqchilikka qarshi kurash olib bordi. Bu Kengash sportda milliy kamsitish va irqchilikka qarshi faoliyatlarni yuritdi. Shu asosda mintaqadagi musobaqalar va o’yinlarga sportchilarni tayyorlash amalga oshirmoqda.
Bu mintaqada sport harakatini rivojlantirishda Afrika o’yini muhim ahamiyatga egadir. O’yinlar birinchi marotaba 1965 yilda Kongo markazi Brozzavilda o’tkazilgan. Unda 17 mamlakatdan 1500dan ortiq sportchi ishtirok etgan. O’yin dasturida basketbol, voleybol, gandbol, tennis, futbol, yengil atletika, velosiped, boks, suzish, dzyu-do kabi turlar o’rin olgan edi. O’yinlarda yaxshi natijalarni Misr, Nigeriya, Keniya, Senegal, Fil suyagi qirg’og’i va Aljir sportchilari namoyish etgan. Afrika yoshlari birinchi o’yinlarda o’zlarining yakdillik, hamkorlik, birlik yo’lidagi intilishlarini ko’rsatdi. 1973 yil Lagosdagi (Nigeriya) ikkinchi Afrika O’yinlarida 34 mamlakatdan 4000dan ortiq sportchi ishtirok etgan. 1978 yil Aljir shahrida uchinchi Afrika O’yinlari tashkil etildi. Bu o’yinlar XXII Olimpiya o’yinlariga (Moskva, 1980) tayyorgarlikning asosi bo’lib hisoblandi. Keyingi yillarda o’tkazilgan o’yinlar ham mintaqada hozirgi zamon sport turlarining rivoj topayotganliklarini namoyish etdi. Olimpiya o’yinlari va sport turlari bo’yicha jahon chempionatlarida, xalqaro turnirlarda ishtirok etayotgan afrikalik sportchilar soni tobora ko’payib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |