Bog'liq Xx asrning 20 yilarida ikkinchi jahon urushi tugagan davrgacha jismoniy tarbiya va sport
Germaniya Federativ respublikasi, Angliya, Fransiya, Italiya, Skandinaviya mamlakatlarida ham jismoniy tarbiya va sport jamiyat taraqqiyoti xizmatida bo’ldi. Bu mamlakatdagi maktablarda jismoniy tarbiya tizimi davlat tomonidan, ya’ni sport vazirligi, maorif va harbiy vazirliklar rahbarligida boshqarilgan. Boshlang’ich va o’rta maktablarda jismoniy tarbiya majburiy dars sifatida o’qitildi. Darslar haftada 2 soatdan 4 soatgacha o’tkazilar edi. Bunda asosan sport-o’yini usullari qo’llanilardi. Shvesiya va Norvegiya maktablarida gimnastika mashg’ulotlariga umumiy darslarning 50% ajratildi. Ba’zi bir mamlakatlarda haftaning bir kuni o’yin va sayohatlar uchun ajratib berilgan.
Skandinaviya mamlakatlarida gimnastika darslaridan tashqari sport ixtisosligi (biror sport turi) keng qo’llanilgan. Shvesiyada sport uyushmalari hamkorligida havaskor guruhlar tashkil etilgan. Ular darsdan tashqari paytlarda o’quvchilar bilan chang’i, konkida uchish sporti, suzish, yengil atletika, futbol, eshkak eshish va boshqa sport turlar bo’yicha turli tadbirlar olib borilgan. Maktab sporti uyushmalari (Skone) Skandinaviya mamlakatlari va Finlyandiya maktablarining o’quvchi-sportchilarini o’ziga birlashtirardi. Bu o’quvchi-sportchilar yoshi, jinsi va musobaqa talablari asosida turli darajalarga (toifa) ajratilagn. Mazkur mamlakatlarda ba’zi bir sport turlari bo’yicha nishonlar (znachok) keng tarqalib, ular yoshlarning qiziqishi va e’tiborini jalb etgan. Bu esa sport mahoratlari yanada ko’tarilishi uchun turtki bo’lib hisoblandi. Barcha sport turlari bo’yicha talab me’yorlarini bajarishga qiziquvchi o’quvchilar soni doimiy ravishda o’sib bordi.
Yaponiyadagi maktab va o’quv yurtlarida jismoniy tarbiya o’ziga xos xususiyatlarga ega edi. Xalqaro sport turlari bilan bir qatorda an’anaviy milliy jismoniy mashqlar ham keng miqyosda qo’llanildi. Saqlab kelinayotgan milliy sport turlari an’anaviy tadbirlar sifatida yoshlarni samuraylar ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Bunday turlar katta qilich (yoki uzun tayoq) bilan qilichbozlik, sumo kurashi, dzyu-do, karate, kamondan o’q otish va suzish kabilardan iborat edi. Murakkab malakalarni tarbiyalashda qo’lda qurol bilan suvda suzish, og’ir narsalarni ko’tarish, sayoz va suvli joylarga balanddan sakrash, suv to’siqlarini egallash va boshqalardan foydalanildi. Institut va universitetlarda jismoniy tarbiya kafedralari, sport klublari faoliyat ko’rsatdi. Bu mamlakatda ham sport bilan shug’ullanuvchi talabalar uncha ko’p emas edi. «Akademik sport» faqat sport yulduzlari, yaxshi ta’minlangan oilalarning bolalarigagina xizmat qilardi.
Avstraliyadagi maktablarning jismoniy tarbiya tizimi qiziqarli hisoblanadi. Bu mamlakatda jismoniy tarbiya maktabgacha tarbiya muassasalarida boshlanib, keyin boshlang’ich va o’rta maktablarda davom ettirilgan. Hukumat tomonidan bu sohaga yordam juda kam berilgan. Amerikadagi kabi bu yerda ham xususiy o’quv yurtlarida jismoniy tarbiyaga e’tibor kuchli edi. Ko’pgina xususiy maktablar diniy tashkilotlarga mansub bo’lgan. Xususiy maktab-inetrnatlar yuqori saviyada o’quv, sport va sog’lomlashtirish ishlarini tashkil qilish bilan ajralib turardi. Ularda qat’iy tartib o’rnatilgan, ya’ni har kuni cho’milish yoki dush, kunduzi bir yarim soatlik sport o’yinlari va suzish shart. O’qish uchun mablag’lar bahosi yuqori darajada bo’lgan. Davlat va xususiy o’quv yurtlaridagi o’quv-tarbiyaviy jarayonlar bir xil bo’lmaganligi tufayli o’quvchilar har xil bilimlarga va jismoniy tayyorgarlikka ega bo’ladi.
Ta’kidlash lozimki, o’quv jarayonidagi bunday shakllarning mavjudligi davlat va jamoat o’rtasiga turli munosabatlarni yuzaga keltirib, demokratik tamoyillardan uzoqlashib bordi.