XX asr oxirida jahon mamlakatlarida jismoniy tarbiya va sport
So’nggi 10 yilliklar davrida jahondagi yirik mamlakatlarda davlatning milliy sport harakati bilan uzviy ravishda hamkorlik qilish faoliyatlari ko’zga tashlanmoqda. Buning negizida, asosan aholining salomatligini yaxshilash jamoatchilik tartibi hamda milliy xususiyatlarni himoya qilish maqsadlari mujassamlashmoqda. Shu asosda ko’pgina mamlakatlarning hukumat doiralari sport harakati faoliyatlarini qo’llab-quvvatlash bilan birgalikda sportning eng yuqori natijalariga erishish tizimini ham ma’qullamoqda.
Ko’p davlatlarda sport vazirligi faoliyat ko’rsatmoqda. Birgina Yevropa mamlakatlarida bunday vazirliklar 14 taga yetib bordi. Ba’zi davlatlarda bu vazifalar vazirlikka o’xshash sport bo’yicha Oliy Kengash zimmasida, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Gresiya, Portugaliya, Finlyandiya, Estoniya kabi mamlakatlarda esa ta’lim, madaniyat vazirligi nazoratidadir. Ularda mavjud maxsus bo’limlar hukumat vazifasini bajaradi.
Davlat idoralari va jamoatchilikka tegishli jismoniy madaniyat-sport tashkilotlarining mustahkam aloqadorligi ommaviy jismoniy madaniyat va sport sohasida umummilliy siyosatni shakillantirishga qaratilgan.
90-yillarda ko’pgina mamlakatlarda sportning oliy tizimini, ya’ni davlat va jamoat organlarini birlashtirish munosabatlari kuzatildi. Daniya va Niderlandiyada Milliy Olimpiya qo’mitasi (MOQ) sport konfederasiyasi bilan birlashtirildi. 1995 yil boshida Norvegiyada ham shu holat yuz berdi. Shunga o’xshash faoliyatlar taraqqiyot yo’lidagi barcha mamlakatlar, Sharqiy Yevropa mamlakatlari hamda ba’zi sobiq Ittifoq tarkibidan ajralib chiqqan mustaqil respublikalarda ham uchraydi.
Sport sohasi bo’yicha vazirlikka ega bo’lmagan davlatlar, ya’ni GFR va Shveysariyada jismoniy tarbiya va sport ishlari Ichki ishlar vazirligi, Shvesiyada – Moliya vazirligi, Yaponiyada – Ta’lim va madaniyat vazirligi tomonidan boshqariladi. Fransiya va boshqa bir qator mamlakatlarda esa bunday tuzilish bir-biriga birlashtirilgan.
Sport vazirliklari huzurida maxsus qo’mitalar tashkil etilgan bo’lib, ular zimmasiga barcha tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirgan holda olib borish yuklatiladi, ya’ni klublardan tortib to vazirliklargacha ular rahbarligi ostida bo’ladi.
90-yillarda yirik mamlakatlarda sportni moliyalashtirish bilan birgalikda sport inshoatlarini qurish, ularni o’z ixtiyorida saqlash, sog’lomlashtirish markazlari, sport klublar, yuqori darajadagi sportchilarni tayyorlash, ularni muhofaza qilish, kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot, axborot, sportni mavjud qonunlar asosida ta’minlash kabi muhim masalalarni o’z ixtiyoriga olgan.
Sport to’g’risida Shveysariya (1972), Gresiya (1975), AQSh (1978), Finlyandiya (1980), Fransiya (1975, 1984, 1992), Italiya (1984), Ispaniya (1988, 1990), O’zbekiston (1992, 2000) mamlakatlarida maxsus qonunlar qabul qilingan, hamda ko’p mamlakatlarda sport mavzui konstituttsiyalarga kiritilgan.
Juda ko’p davlatlarda sport tashkilotlari davlat soliqlaridan ozod etilgan yoki ularga imtiyozlar berilgan, AQShda bunday imtiyozlar 1933 yilda joriy qilingan. 1959 yilda AQSh Kongressi Milliy Olimpiya qo’mitasini yuridik shaxs sifatida tan olib, uni soliqlardan ozod etdi. Sportga o’z mablag’larini (kapital) sarflaydigan tijoratchilar ishlab chiqarish firmalari soliq masalasida imtiyozlarga egadir. Bunday holatlarning ko’p mamlakatlarda joriy etilishi sababli, mehnatkashlar kuchi va mablag’larini sportga sarflashga jalb etmoqda. Bunday tadbirlar ijobiy natijalarga yo’llamoqda.
GFRda sport o’z tarkibiga 21 mln.dan ortiq kishini birlashtirgan Ularga 200 mingdan ortiq xodim xizmat qiladi. Davlat sport inshoatlarini kengaytirish, mashg’ulotlarning joylarini yaxshilashga qiziqish bilan e’tibor berib kelmoqda.
Juda ko’p mamlakatlarda maktablar, oliy o’quv yurtlari, aholi istiqomat joylari, istirohat va ko’ngil ochish bog’lari, katta poliklinikalar va kurortlar tarkibidagi sog’lomlashtirish sport klublariga davlat tomonidan yaqindan yordam beriladi.
Qiziqarli tomoni shundaki, sportklublar xilma-xilligi, ya’ni bolalar, o’rta yoshdagi, katta yoshdagi kishilar, nogironlar uchun, shuningdek, oilaviy klublar takomillashmoqda. Ularda tanlangan sport turi bo’yicha yoki tavsiya etiladigan dasturlarda aerobika klubi, yugurish, bouling, bodibilding, golf, tennis, suzish, basketbol klublari alohida faoliyat ko’rsatadi.
Keyingi yillarda qator mamlakatlarda ko’p maqsadli klublar tashkil etilmoqda. Ular minglab shug’ullanuvchilar (mijoz) xohish-istaklarini qondirmoqda. Chunki suzish havzalari, o’yinlar uchun sport zallari, trenajer zallari, yugurish yo’laklari, bolalar uchun zallar va h.k.ga egadirlar. Ularning ba’zilari kecha-yu, kunduz xizmat ko’rsatishga qodirlar.
XX asr oxirlarida jismoniy madaniyat va sport barcha besh qit’ada takomillashdi. Buni barcha qit’alarning sportchilari xalqaro miqyosdagi musobaqalarda, ayniqsa, jahon birinchiliklari va olimpiya o’yinlarida doimo qatnashib kelayotganliklari bilan isbotlashlari mumkin. Futbol, boks, yengil atletika va boshqa sport turlari bo’yicha jaxon chempionatlarida barcha davlatlar faol ishtirok etmoqda.
Sport ishqibozlari tennis bo’yicha o’tkazilayotgan nufuzli xalqaro turnirlari: Avstraliya ochiq chempionati, Fransiya, AQSh, Angliya kabi yirik mamlakatlarning xalqaro turnirlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Kubogi va h.k.ni doimiy ravishda ko’rib, kuzatib bormoqda.
Stenli kubogi uchun shaybali xokkey bo’yicha amerika-kanada xokkey Ligalarining musobaqalari jahonda keng tomoshabinlar ommasini o’ziga jalb etmoqda.
Asr oxirlarida juda ko’p mamlakatlarda sport fanlari sohasida ilmiy tadqiqot ishlari ancha kuchayib ketdi.
Olimlar sportning tibbiy-biologik, psixo-pedagogik tarixiy-sosialogik va iqtisodiy jihatlari, sport mashg’ulotlarining nazariyasi va uslubiyati, sportchilarning ovqatlanishi, ularning charchoqlarni chiqarish – quvvatni qayta tiklash kabi tomonlarga jiddiy e’tibor berib, tadqiqot ishlarini kuchaytirmoqda. Ularning ilmiy-ijodiy faoliyatlariga katta mablag’lar sarf etilmoqda. AQShda sportga doir ilmiy-tadqiqot ishlari uchun har yili 1 milliard dollar ajratiladi. Germaniyada Ichki ishlar vazirligi xazinasidan (byudjet) sport ishlari uchun har yili 12 mln. marka ajratiladi. Katta ilmiy tadqiqot ishlari Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Angliya, Rossiya va boshqa davlatlarda olib borilmoqda. Ana shu davlatlar XX asr oxirida sport olamida peshqadamlik qilib keldi.
Xulosa qilib aytganda, Ikkinchi Jahon urushidan keyin davrlarda, ayniqsa, XX asr oxirlarida jahonda sport taraqqiyoti misli ko’rilmagan darajada ravnaq topdi. Bunday taraqqiyot, asosan, turli tizimlar va mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy sharoitlari bilan bevosita bog’liq holda amalga oshirildi.
90-yillarning boshlarigacha mamlakatlar sosialistik va kapitalistik tizim deb atalgan ikkita katta guruhga ajralib taraqqiy qildi. G’arb davlatlari, AQSh, Yaponiyada jismoniy tarbiya va sport o’ziga xos tarzda, Sobiq Ittifoq va uning tarafdorlarida yana o’zgacha sharoit va imtiyozlar doirasida rivojlandi.
Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi qit’alaridagi taraqqiyot yo’lidan borgan mamlakatlarda hozirgi zamon sport harakati uchinchi yo’nalish bo’yicha borib ancha takomillashmoqda.
Bularning eng muhim sabablari shundaki, xalqaro sport musobaqalari, jahon chemionatlari, Olimpiya o’yinlari yuqori saviyada o’tkazib borildi.
Sobiq Ittifoqning barham topishi tufayli (1991) mustaqil davlatlar ko’paydi. Sosialistik tuzumdagi mamlakatlar milliy sport harakatlarini jahon an’analariga moslashtirmoqda.
Adabiyotlar:
1. Jismoniy tarbiya tarixi. Darslik (tarjima), T., «O’qituvchi», 1975.
2.Abdumalikov R., Eshnazarov J.E., Ajdodlar jismoniy madaniyat tarixini o’rganish masalalari, O’quv qo’llanma, T., Matbuot, 1993.
3.Eshnazarov J., Jismoniy madaniyat va sportni boshqarish. Darslik, Toshkent, “Fan va texnologiya”, 2008.
4.Arxiv .uz
5.Ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |