3-bob. “Mahallabay” ishlash tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish 10. Tuman (shahar) sektorlar rahbarlari “mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etishga shaxsan mas’ul bo‘lib, quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
boshqaruv ofislari ishini tashkil qilish, biriktirilgan har bir mahalla bo‘yicha mas’ullarning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash;
har bir mahallaga biriktirilgan doimiy vakillar faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
tadbirkorlarning faoliyatidagi mavjud muammolarni bartaraf qilish, ularning faoliyatini kengaytirish hamda “drayver” loyihalarning amalga oshirilishini doimiy nazorat qilish;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan yakka tartibda shug‘ullanib, ularning o‘z xohishi asosida kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, mehnat bilan bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilib ishlash faoliyatiga jalb qilish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam ko‘rsatish;
amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida hisobot berib borish.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari tuman (shahar)larda “mahallabay” ishlash tizimini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
iqtisodiyot, investitsiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalari, respublika va hududiy davlat boshqaruvi organlari hamda tijorat banklari faoliyatida o‘zaro yaqin hamkorlikdagi “mahallabay” ishlash tizimini tashkil etish;
mahallalarga biriktirilgan doimiy vakillar, boshqaruv ofislari, tuman (shahar) muvofiqlashtiruvchi guruhlarining faoliyati monitoringini olib borish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish;
mahallalarni rivojlantirish yo‘nalishlari asosida ishlab chiqilgan kompleks dasturlar ijrosini nazorat qilish;
muvofiqlashtiruvchi guruhlar tomonidan aniqlangan aholi va tadbirkorlik subyektlarining hududiy darajadagi muammolarini tezkorlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish;
aholi istaklari asosida hududdagi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va hunarmandlarni motivatsion kurslar, kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish jarayonlariga taklif etish;
o‘z hududida bandligi ta’minlanmagan yoshlarning mutaxassisligi bo‘yicha boshqa tuman (shahar)lardagi tashkilotlarda mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashishiga ko‘maklashish;
har bir tuman (shahar)ning iqtisodiy salohiyati va “drayver” sohalaridan kelib chiqib istiqbolli tadbirkorlik loyihalari amalga oshirilishini ta’minlash;
“mahallabay” ishlash bo‘yicha tuman (shahar)larda amalga oshirilayotgan ishlar natijalari bo‘yicha har oyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida hisobot berib borish.
12. Hududlarda “mahallabay” ishlash tizimini tashkil etish bo‘yicha Respublika komissiyasining vazifalari quyidagilardan iborat:
“mahallabay” ishlash tizimini joriy etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, muvofiqlashtiruvchi guruhlar, boshqaruv ofislari va doimiy vakillar ish faoliyatini tashkil etishga metodologik ko‘maklashish;
“mahallabay” ishlash tizimiga jalb etilgan respublika va hududiy davlat boshqaruvi organlari hamda tijorat banklari xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish ishlarini tashkil etish;
mahalla pasporti va mahallani rivojlantirish yo‘nalishlarining namunaviy tuzilmasini hamda mahallada so‘rov asosida o‘rganish uchun savolnoma ishlab chiqish;
muvofiqlashtiruvchi guruhlar, boshqaruv ofislari va doimiy vakillar tomonidan amalga oshirilgan ishlar samaradorligi va amaliy natijalaridan kelib chiqib ularni rag‘batlantirish yoki mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
muvofiqlashtiruvchi guruhlar tomonidan taqdim etilgan respublika darajasidagi muammolarni hal etish choralarini ko‘rish;
“mahallabay” ishlash tizimining barcha bo‘g‘inlari o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlaydigan, mahallalar pasportlari va rivojlantirish yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qamrab oluvchi yagona elektron platformani ishlab chiqishni ta’minlash.