2-bob. “Mahallabay” ishlash tizimini tashkil qilish va amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari
4. Quyidagilar “Mahallabay” ishlash tizimining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:
a) mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va “drayver” loyihalarni aniqlash yo‘nalishida:
mahallalardagi xonadonlar, oilalar, aholi soni, yosh va gender tarkibi, band bo‘lganlar va ishsizlar soni, ularning mutaxassisliklari va kasb malakasi, mahalla faollari, maktabgacha ta’lim, o‘rta va o‘rta maxsus professional muassasalari, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar, o‘quv markazlari, yer maydoni, tomorqa yerlar, bo‘sh bino va inshootlar, infratuzilma obyektlari (gaz, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tizimlari, yo‘l), tadbirkorlar soni va ularning faoliyat turi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab olgan mahallaning pasportini ishlab chiqish;
mahallalardagi mavjud imkoniyatlar, xomashyo resurslari, infratuzilma holati, ishchi kuchining ixtisoslashuvi va sifatidan kelib chiqqan holda har bir mahallani rivojlantirish yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
mahallalarni rivojlantirish yo‘nalishlaridan kelib chiqib, ularning ixtisoslashuvini aniqlash va “drayver” loyihalar ro‘yxatini shakllantirish;
mahallalarda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilash;
asbob-uskunalar, mehnat qurollari xarid qilish bo‘yicha ta’minotchi korxonalar ro‘yxatini, joylarda tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsizlar ro‘yxatini tuzish;
b) aholini tadbirkorlikka jalb etish va bandligini ta’minlash yo‘nalishida:
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan aholiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish;
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mahalla aholisiga ajratilgan kreditlarning natijadorligi monitoringini olib borish;
tadbirkorlik subyektlarining mavjud muammolarini joyiga chiqqan holda aniqlash va tezkorlik bilan hal etish choralarini ko‘rish, ularning faoliyatini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
bo‘sh bino va yer uchastkalarini aniqlash, ulardan samarali foydalanish va tadbirkorlik subyektlariga berish maqsadida auksion savdolariga chiqarish choralarini ko‘rish;
mahallalardagi band bo‘lmagan aholini kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatishni tashkil etish orqali ularning bandligiga ko‘maklashish;
band bo‘lmagan aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilib ishlash faoliyatiga jalb qilish;
yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari va startap g‘oyalarini yanada quvvatlashga qaratilgan kreditlar ajratish;
ustoz-shogird an’anasi asosida band bo‘lmagan aholini ular yashayotgan tuman (shahar) va mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar hamda hunarmandlarga biriktirish;
v) mahalladagi muammolarni hal etish yo‘nalishida:
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning muammolarini o‘rganib, ularga aniq yo‘nalishlar (kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, moddiy yordam berish) bo‘yicha manzilli ko‘maklashish;
aholini kambag‘allikdan chiqarish dasturlarini shakllantirish va ularning ijrosini tashkil etish;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoitlari yaratish, moddiy, psixologik, huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq amaliy choralarni amalga oshirish;
“Besh muhim tashabbus” doirasida yoshlar va ayollarning bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish choralarini ko‘rish;
mahallalarda infratuzilma holatini yaxshilash hamda ijtimoiy soha obyektlaridan samarali foydalanish yuzasidan takliflar tayyorlash;
mahalla pasportidagi mezonlar asosida “qizil”, “sariq” hamda “yashil” hududlarga ajratgan holda barcha mahallalarni “yashil” hududga o‘tkazish choralarini ko‘rish.
5. Har bir mahallada tijorat banklari tuman (shahar) filiallaridan biriktirilgan bir nafar xodim doimiy vakil sifatida faoliyat yuritadi va quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
aholining daromad manbalarini, shu jumladan, norasmiy daromadga ega bo‘lgan tadbirkor oilalarni “xonadonbay” o‘rganish;
band bo‘lmagan aholining, xususan, yoshlar va xotin-qizlarning kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojini aniqlab, tegishli takliflarni muvofiqlashtiruvchi guruhga taqdim etib borish;
aholining biznes bilan shug‘ullanish istagini o‘rgatib ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga, shu jumladan, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari va startap g‘oyalarini amalga oshirishiga ko‘maklashish;
o‘rganishlar asosida mahallalarning pasportlarini shakllantirish va ularni har chorakda yangilab borish;
mahalladagi tadbirkorlarning mavjud muammolarini “mijozbay” o‘rganib bartaraf etish va ular faoliyatini kengaytirish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha takliflarni boshqaruv ofisi va muvofiqlashtiruvchi guruhga taqdim etib borish;
mahallada foydalanishga topshirilgan loyihalar va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mahalla aholisiga ajratilgan kreditlarning natijadorligi hamda samaradorligini o‘rganish va monitoringini olib borish;
fuqarolar yig‘ini raisi va mahalla faollari bilan doimiy muloqotda bo‘lish, mahallani rivojlantirish va aholini doimiy daromad bilan ta’minlash borasida boshqaruv ofisiga takliflar kiritib borish.
6. Doimiy vakil o‘ziga yuklangan vazifalarni to‘laqonli bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari, tuman (shahar)dagi vakolatli davlat tashkilotlardan mahalla pasportini shakllantirish va mahallani rivojlantirish yo‘nalishlarini aniqlash uchun zarur bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni so‘rab olish (fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlari, tijorat sirini tashkil qiluvchi va qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlar bundan mustasno);
mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va mahalla faollari bilan birgalikda uyma-uy yurib, band bo‘lmagan aholini, xususan, yoshlar va ayollarni kasb-hunarga o‘rgatish va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish bilan bog‘liq talabini o‘rganish;
band bo‘lmagan aholini, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularning biznes loyihalarini ishlab chiqish hamda tadbirkorlik tashabbuslari va startap g‘oyalarini yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari vakillarini jalb etish;
aniqlangan muammolarni hal etish uchun tegishliligi bo‘yicha tuman (shahar) tashkilotlarining xodimlari va fuqarolar yig‘ini raislarini jalb etish;
mahalla aholisining muammolari va takliflarini joyida muhokama qilish va hal etish maqsadida boshqaruv ofisi yoki muvofiqlashtiruvchi guruh a’zolari bilan uchrashuvlar (muloqotlar) tashkil etish;
7. O‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda doimiy vakil quyidagi talablarga qat’iy ravishda rioya etishi zarur:
uyma-uy yurish orqali aholi va tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish jarayonida karantin va sanitariya-gigiyena qoidalari talablariga qat’iy rioya etish;
aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar (muloqatlar)da jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar ularning sha’ni va obro‘siga putur yetkazmaslik;
kundalik ish vaqtidan tashqari hamda dam olish va tushlik vaqtlarida fuqarolarni bezovta qilmaslik, uyma-uy yurish orqali aholi bilan uchrashuvlar (muloqotlar)da faqat uy egasining ruxsati bilan turar joyiga kirish, audio va videoyozuv, shuningdek, fotosuratga olish;
ish jarayonida fuqaroning shaxsga oid ma’lumotlarini boshqa fuqarolarga oshkor etmaslik;
mahalla aholisi va tadbirkorlarni ularning muammolarini muhokama qilish nazarda tutilmagan tadbirlar va yig‘ilishlarga jalb etmaslik.
8. Tuman (shahar)lardagi sektorlar huzurida tashkil etiladigan boshqaruv ofisi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
mahallalarda “drayver” sohalarni rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan yangi loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, mahallalarni kompleks rivojlantirishga doir “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish;
mahallalarning iqtisodiy salohiyati va “drayver” sohalardan kelib chiqib istiqbolli tadbirkorlik loyihalari ro‘yxatini shakllantirish hamda ularga loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqishda amaliy ko‘maklashish;
mavjud talabdan kelib chiqqan holda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskorlar bilan birga yangi loyihalarni shakllantirish;
tadbirkorlik subyektlari muammolarini aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni tuman (shahar) muvofiqlashtiruvchi guruhiga taqdim etib borish;
mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar ijrosining doimiy monitoringni olib borish va natijalari bo‘yicha tuman (shahar) muvofiqlashtiruvchi guruhiga takliflarni muntazam taqdim etib borish;
aholi xonadonlarida va mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan yoki yetishitirayotgan mahsulotlar turlari, sifati va hajmini oshirish maqsadida tegishli soha mutaxassislarini (shu jumladan, vaqtinchalik mehnat shartnomalari asosida) jalb qilish;
har haftada amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilib borish va natijalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruhga ma’lumot berib borish;
xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik loyihalarini aniqlash hamda ularga aholini jalb etish maqsadida kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitish va malakasini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
aholi tomorqalariga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari hamda ularga ko‘mak beruvchi “Tomorqa xizmati” MChJlar ro‘yxatini aniqlash, zarur infratuzilmani (urug‘ yetkazib berish, veterinariya, o‘simliklarni himoya qilish) tashkil etish choralarini ko‘rish;
hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib yangi loyihalarni amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yerlardan samarali foydalanish, jumladan, ularni auksionga chiqarishni tashkil etish;
mahallalar bo‘yicha aholini kambag‘allikdan chiqarish hamda ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishning manzilli choralarini amalga oshirish.
9. Muvofiqlashtiruvchi guruh quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
har bir mahalla va tuman (shahar)ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholini kambag‘allikdan chiqarish chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish, ularni xalq deputatlari Kengashiga taqdim etish va ijrosini nazorat qilish;
har bir fuqarolar yig‘ini raisi, mahallalar faollari ishtirokida boshqaruv ofislari va doimiy vakillar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ularning axborotlarini eshitish va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga hisobot berib borish;
mahallalarning “o‘sish nuqtalari”ni (ixtisoslashuv yo‘nalishlarini) aniqlash va yangi tadbirkorlikni, shu jumladan, “drayver” loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlarga ko‘maklashish va shu orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
boshqaruv ofisi va mahallalarga biriktirilgan doimiy vakillar tomonidan mahallada aniqlangan muammolarni joyida bartaraf etish;
aholining xohishi asosida kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni tashkil etish, mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashishga ko‘maklashish;
band bo‘lmagan aholini, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularning biznes loyihalarini ishlab chiqish hamda tadbirkorlik tashabbuslari va startap g‘oyalarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kreditlar olishiga ko‘maklashish;
boshqaruv ofisi, doimiy vakil va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari faoliyati samaradorligini muntazam ravishda o‘rganib borish hamda ularning o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlash;
boshqaruv ofisi, doimiy vakil va mahalla fuqarolar yig‘ini takliflari asosida mahallalarda infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini rejalashtirish va moliyalashtirish manbalarini hal etish;
joylarda tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni (er ajratish, litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, bo‘sh binolarni berish, infratuzilma tarmoqlariga ulanish, kredit ajratish va b.) aniqlash hamda ularni tezkorlik bilan hal etish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan investitsiya loyihalari o‘z vaqtda amalga oshirilishini ta’minlash va monitoring olib borish;
mahallalarda “drayver” loyihalar amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish.
Do'stlaringiz bilan baham: |