95 Vakolatli fuqarolik jamiyati institutlarning davlat hokimiyati organlari ustidan jamoatchilik nazorati
Jamoatchilik nazorati demokratiya va xalq hokimiyatchiligining muhim instituti hisoblanib, u davlat organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish orqali fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari muhofazasini ta’minlashga xizmat qiladi.U fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini hamda qonun hujjatlari talablariga davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan og‘ishmay rioya qilinishini, ular oldida turgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.Shu bois kuchli fuqarolik jamiyati shakllantirilayotgan yurtimizda jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, uni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda.Alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizga 2014 yilda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning konstitutsiyaviy asosi shakllantirildi. Unga muvofiq, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish hamda takomillashtirish yo‘li bilan ham ro‘yobga chiqariladi. E’tiborli jihati, jamoatchilik nazorati institutiga konstitutsiyaviy-huquqiy maqomning berilishi yurtimizda mazkur nazorat institutini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.Amaldagi qator qonun va qonunosti hujjatlarida jamoat nazorati haqida qator normalar mavjud bo‘lsa-da, ushbu institutning mohiyati, turlari, uni amalga oshirishning usul hamda shakllari, umuman olganda, nazorat qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi maxsus qoidalar, yagona hujjat mavjud emas edi. Bu esa qonunlardagi mazkur qoidalar, hatto, konstitutsiyaviy normaning ham to‘liq ishlamasligiga sabab bo‘layotgandi.Bundan tashqari, jamoatchilik nazorati borasida qator normativ-huquqiy hujjatlarni birxillashtirish va yagona tizimlashtirilgan tayanch qonunni qabul qilishga, jamoatchilik nazorati masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlaridagi “huquqiy bo‘shliqlar”ni bartaraf etishga ehtiyoj mavjud edi.Shuning uchun ham Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi asosida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun parlamentimiz quyi palatasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilib, keng muhokamalardan so‘ng qabul qilindi, Senat tomonidan ma’qullandi hamda Prezidentimiz imzolaganidan so‘ng kecha matbuotda e’lon qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |