12. Qo‘riqxonalarning vujudga kelishi sabablarini izohlang. Tabiat qo‘riqxonasi maydoni hayvonot va o‘simlik dunyosi bilan qattiq rejimda qo‘riqlanadi. O‘ziga xos, betakror tabiat landshaftlari, noyob, yo‘qolib borayotgan hayvonot turlarini saqlab qolish va ko‘paytirish maqsadida davlat tomonidan tashkil qilinadi. Qo‘riqxonalarda inson faoliyati taqiqlanadi. Faqat ilmiytadqiqot ishlarini o‘tkazishga ruxsat berilgan. O‘zbekistonning davlat qo‘riqxonalari – muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning eng qat’iy tartibli turi bo‘lib, muayyan o‘simlik, hayvon turlari va ekotizimlarni himoyalash uchun tashkil qilingan, doimiy amal qiladigan muhofaza etiladigan zonalar hisoblanadi. Qo‘riqxonalarda har qanday xo‘jalik faoliyati taqiqlangan (nazorat etiladigan ilmiy tadqiqotlar bundan mustasno). Qo‘riqxonalar Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) muhofaza etiladigan zonalari tasnifining I toifasiga to‘g‘ri keladi. Respublika qo‘riqxonalarida «Qizil kitob»ga kirgan ko‘plab hayvon turlari: xongul, morxo‘r, Seversov qo‘yi, ko‘k sug‘ur, Turkiston silovsini, yirik yirtqich qushlar, hasharotlar muhofaza qilinadi. O‘zbekiston Respublikasida 9 ta davlat tabiat qo‘riqxonasi va 10 ta davlat buyurtmasi (zakaznik) tashkil qilingan. Bu qo‘riqxonalar vatanimizda ekoturizmni rivojlantirishda asosiy ekoturistik obyektlar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida quyidagi qo‘riqxonalar mavjud: Chotqol; Baday-to‘qay; Hisor; Zomin; Zarafshon; Qizilqum; Nurota; Surxon; Kitob. O‘zbekistonda tabiat qo‘riqxonalari mamlakatimizning barcha tabiat mintaqalarida joylashgan. Bunday qulay salohiyat, sharoitdan ekoturizmni rivojlantirishda samarali foydalanish imkoniyatlarini tabiatning o‘zi bizga yaratib bergan. Davlat tabiat qo‘riqxonalarimizdan nafaqat xalqaro turizmda balki ichki turizmda ham foydalanish masalalarini hal qilishimiz lozim.
13. Ekoturizmning kelib chiqish tarixi va rivojlanish bosqichlari. Turizm sohasidagi adabiyotlarning tahlili va yuqorida sanab o‘tilgan ko‘rsatkichlarni inobatga olib ilk bor ekoturizmning quyida keltirilgan bosqichlarini qoraqalpog‘istonlik olima G.A.Bekbulatova ajratdi19: I. XX asrnng 90-yillarigacha bo‘lgan davr – ekoturizmning mahalliy va milliy mustaqil turizm sohasi sifatida yuzaga kelish davri. II. 1990–2000-yillar – turizmning regional miqyosda, ekoturizmning turizm industriyasi sifatida rivojlangan davri. III. 2000-yildan keyingi bosqich – global miqyosda ekoturizmning rivojlanish davri. I. Ekoturizmning mustaqil turizm sohasi sifatida yuzaga kelish davri. XVIII asrning oxiri – XIX asrning boshlarida Yevropaning yaxlit qit’asiga ingliz turistlari mahalliy aholining madaniyati, tarixini o‘rganish bilan bir qatorda ajoyib tabiatini ko‘rib ketish uchun sayohat qilganlar. Chunki Alp tog‘lari landshaftlari yoki Karpatning tog‘li o‘rmonlari Angliyada uchramaganligi uchun ham turizmning asosiy obyekti sifatida qaralgan. Turizmning ekologik yo‘nalishi aslida XX asrning 70-yillaridan boshlangan. 1972-yilda Skandinaviya mamlakatlari fuqarolari uchun kitlarni tomosha qilish va ularni o‘rganish maqsadida turistik marshrutlar uyushtirilgan. Ushbu turizmdan tushgan mablag‘ kitlarni muhofaza qilish uchun ishlatilgani ham ekoturistik marshrut sifatida e’tirof etilgan. Keyinchalik, bunday turistikmarshrutlar Yevropaning boshqa mamlakatlari, Uzoq Sharq, Shimoliy Amerika davlatlarida ham uyushtirila boshlandi. II. Ekoturizmning regional miqyosda turizm industriyasi sifatida rivojlangan davri – 1990–2000-yillarni o‘z ichiga oladi. 90-yillarning boshlarida “Ekoturizm” xalqaro, mintaqaviy va milliy miqyosda rasmiy maqomga ega bo‘ldi. Aynan shu yillari Yevropada Xalqaro ekoturizm ittifoqi ish boshladi. III. XXI asr – global miqyosda ekoturizmning rivojlanish davri. 2001-yilda Rossiyada ekoturizm assotsiatsiyasi tashkil etildi. 2002-yil BMTning atrof-muhit dasturi (YUNEP) va Butunjahon turistik tashkilotining (BTT) tashabbusi bilan “Xalqaro ekoturizm yili” deb e’lon qilindi. Ana shu tashkilotlar tashabbusi bilan ekoturizm yilida Kanada turistik komissiyasi hamda Kvebek shahrining turistik boshqarmasi homiyligida Butunjahon ekoturistik Sammiti 2002-yil 19–22-may kunlari bo‘lib o‘tdi. BMTning xalqaro ekoturizm yilini e’lon qilishi. Ekoturizmni rejasiz, tabiatning qonuniyatlarini hisobga olmasdan ommaviy rivojlantirishdagi yuqorida qayd qilingan holatlar insoniyatni xalqaro miqyoslarda tashvish va noroziliklarga olib keldi. Natijada Butunjahon Turizm Tashkilotining (BTT) va “Yashil dunyo” ekologik tashkilotining samarali mehnatlari tufayli “XXI asrda turizmning barqaror rivojlanishi Konsepsiyasi” (Agenda 21 for travel and tourizm industry) ishlab chiqildi.