153. Falsafiy kategoriyalar tizimi, ularning mazmuni.Tayanch atamalar: mazmun va shakl, sabab va oqibat, imkoniyat va voqelik
Falsafiy kategoriyalarni tadqiq etish va rivojlantirish ishiga F.Shelling salmoqli hissa qo’shdi. Shu ma’noda F.Shellingning naturfalsafasi (tabiat falsafasi) ayniqsa diqqatga sazovordir. Tabiatni tushunishda Shelling panteistdir, u Xudo va tabiatni tenglashtiradi. Tabiatning rivojlanishini Shelling ongning shakllanish jarayoni, ongsizlikdan onglilik sari harakat sifatida tavsiflaydi. Ongning shakllanish mexanizmini Shelling tabiatda qutblilik (qarama-qarshiliklar birligi) va tadrijiylikning mavjudligi bilan izohlaydi. Tadrijiylik, ya’ni tabiat evolyusiyasi bosqichlarini Shelling qutblilikda keskinlikning pasayishi mahsuli sifatida tushuntiradi. U jonli organizmlar noorganik shakllardan vujudga keladi, hayot esa modda sintezi va parchalanishining birligidir, deb hisoblagan. Mazmun va shakl. Mazmun va shakl tushunchalari, ularning dialektikasi qadimdayoq sinchiklab o’rganilgan. Uyg’unlik, go’zallik, mutanosiblik tuyg’usi, aql va tananing barkamolligi qadimgi yunonlar uchun juda muhim bo’lgan. Ularning tilida shakl tushunchasi tabiatning oddiy materiali go’zal shakl-shamoyil kasb etishiga imkoniyat yaratadigan g’oya tushunchasining sinonimi sanalgan. Aristotel g’oya, ya’ni shaklni materiya bilan uzviy deb hisoblagan. Qadimgi Yunonistonda mazmun va shakl muammosi qo’yilgan bo’lsa, keyingi ming yillikda bu muammoni turli yo’nalish mutafakkirlari yechishga harakat qildi. Mazmun. Mantiqda mazmun tushunchasi uning muhim belgilari majmuini anglatadi. Falsafada mazmun narsaning negizini tashkil etadigan, uning mavjudligi, rivojlanishi va shakllarining o’zgarishini belgilaydigan qismlar, elementlarning muayyan tarzda tartibga solingan majmuidir. Ko’rib turganimizdek, mantiq va falsafadagi mazmun tushunchalari bir-birini istisno etmaydi, balki bir-birini to’ldiradi. Mazmun – mazkur narsa, jarayon, hodisani belgilovchi elementlar, tomonlar, xossalar, aloqalar va tendensiyalarning yig’indisi. Har qanday narsa, hodisa aniq mazmun bilangina emas, balki muayyan shakl bilan ham tavsiflanadi. Shakl – bu narsalar va jarayonlarning mazmunini belgilovchi tomonlar, xossalar va aloqalarni uyushtirish usuli. Boshqacha aytganda, narsaning shakli – bu elementlar o’rtasidagi barqaror ichki aloqalarni uyushtirishning unga yaxlitlik sifatida namoyon bo’lishi va o’ziga xos bo’lgan barcha funksiyalarni bajarish imkonini beruvchi usuli. Sabab va oqibat. Qanday voqyea yuz bermasin, barchasining o’z sababi bor, degan edi Ibn Sino. To’g’ri olingan yo’l yo’lovchini tekisliklar orqali mo’ljallangan manzilga olib keladi, xato va beparvolik uni sahroga olib boradi va halokatga giriftor etadi. Hodisalarning umumiy o’zaro bog’liqligi va bir-birini taqozo etishi g’oyasi determinizm tamoyilida o’z aksini topadi. Bu tamoyilga binoan tabiatda hamma narsa sababning hukmiga bo’ysunadi. Imkoniyat va voqyelik. Imkoniyat va voqyelik kategoriyalarida borliqning o’zgaruvchanligi, dinamikasi, uning o’zgarish tendensiyalari o’z aksini topadi. Imkoniyat rivojlanishning obyektiv tendensiyalarini aks ettiradi, u qonuniyat, zaruriyatga, o’zgarayotgan narsaning muhim tomonlariga muvofiq yuzaga keladi. Shuningdek, Imkoniyat – narsaning uning tugallanmagan, potensial rivojlanishidagi obyektiv mavjud bo’lgan va ichdan belgilangan holatini aks ettiruvchi falsafiy tushuncha. Har bir vaziyatda imkoniyatlarning muayyan to’plami mavjud bo’lib, ulardan biri amalga oshgani boshqalari chetda qolganini anglatadi. Imkoniyatlarning «kurashi» va amalga oshish xususiyatiga ichdan zarur tendensiyalarga nisbatan tasodifiy hisoblangan sharoitlar o’z ta’sirini ko’rsatadi. Shu sababli voqyelik doim ichki va tashqi, mohiyat va hodisa, zaruriyat va tasodifning dialektik birligidan iborat bo’ladi. Ijtimoiy rivojlanish va tabiatning o’zgarishi sohasida imkoniyatning voqyelikka aylanishi kishilarning ongli yo’l tanlashi va faoliyati bilan tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |