Savol va topshiriqlar
1. Yasama fe'l deganda qanday fe’llarni tushunasiz?
2. Yasama fe'llar qanday usullar bilan hosil qilinadi?
3. Sodda va qo'shma fe'llarga misollar keltiring va qo'shma fe'llarning qanday yo'l bilan hosil bo'lganini tushuntiring.
Fe'l yasashning eng keng tarqalgan turi qo'shimchalar qo'shish yo'li bilan fe'l yasash sanaladi. Bunday usul bilan fe'l bo'lmagan so'zlardan fe'l yasaladi. Hozirgi o'zbek tilida eng faol fe'l yasovchi qo'shimcha -la qo'shimchasidir. Bu qo'shimcha sondan boshqa barcha so'z turkumlariga qo'shilib fe'l yasay oladi. Masalan, oqla, ishla, tekisla, tezla, dodla, voyvoyla kabi.
1. -la qo'shimchasi otlarga qo'shilib fe'l yasaganda, quyidagi ma'nolarni bildiradi:
a) yasashga asos qismdan anglashilgan narsa — predmet bilan ta'minlash: o'g'itla, moyla;
b) narsa — qurol bildiruvchi otlarga qo'shilib, shu asbob bilan bajariladigan harakatni bildiradi: qaychila, arrala, egovla, ketmonla;
d) yasashga asos qismdan anglashilgan narsani yuzaga keltirish ma'nosini bildiradi: urug'la, bolala kabi.
2. Sifat va ravishlarga -la yasovchi qo'shimchasi qo'shilganda yasashga asos qismdan anglashilgan tus, holatga kirish harakatini bildiradi. Masalan, tekisla, silliqla, to'g'rila, tezla, tozala kabi.
3. -la qo'shimchasi undov so'zlarga qo'shilib, yasashga asos qismdan ifodalangan his-hayajon, buyruq — xitoblarning bajarish harakatini bildiradi: hihila, ufla, dodla kabi.
4. -la qo'shimchasi taqlid so'zlarga qo'shilib, yasashga asos qism ifodalagan tovushning yuz berishini ifodalaydi: gumburla, taraqla kabi.
Sifat, ravish, undov va taqlid so'zlarga -la yasovchi qo'shimchasi qo'shilib fe'l yasalganda, yasovchi qo'shimcha qil, et, de singari ko'makchi fe’llari bilan sinonimik munosabatda bo'ladi va ularni ko'pincha biri o'rnida ikkinchisini qo'llash imkoniyati bo'ladi. Masalan, tekisla-tekis qil, silliqla-silliq qil, ufla-uf de, dodla-dod de, gumburla- gubur et, taraqladi-taraq etdi kabi. Lekin doimo emas. Masalan: tezlani tez qilga almashtirib bo'lmaydi.
Eslatma: 1. -la fe'l yasovchi qo'shimchasi ba'zan -ta (iz,la - ista), -ga, -ka (hidla — iska) holida ham talaffuz qilinadi.
2. -la fe'l yasovchi qo'shimchasi ba'zan bilan qo'shimchasining qisqargan shakli -la (qo'l-la bajarib bo'lmaydi) hamda -la (-oq, -yoq yuklamasi bilan ma'nodosh) yuklamasi bilan omonimlik munosabatida bo'ladi. Shuning uchun -la yasovchisini so'zga kuchaytiruv-ta'kid ma'nosini yuklaydigan -la yuklamasidan farq qilish kerak. Masalan, kelib -la ketdi — kelib ketdi; qo'lla (madad qil) va qo'l-la (qo'l bilan).
Hozirgi o'zbek tilida -la qo'shimchasidan tashqari yana quyidagi qo'shimchalar yordamida fe'l yasaladi:
- i: boy-boyi, tinch-tinchi, chang-changi kabi
- illa: chirq-chirqilla, uv-uvilla, guv-guvilla kabi
- ira: yarq-yarqira, chirq-chirqira kabi
- (a) y: past-pasay, sust-susay, ko'p-ko'pay, oz-ozay
- (a) r: ko'k-ko'kar, sariq-sarg'ay, eski-eskir, qisqa- qisqar kabi
- sira: suv-suvsira, yot-yotsira, tuz-tuzsira kabi
- (i), (i)q: yo'l-yo'liq, kech-kechik, zo'r-zo'riq va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |