[
OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.07.00 Alohida toifadagi xodimlarni mehnatining muhofaza qilish]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY
MUHOFAZA QILISh VAZIRINING
buyrug‘i
AVTOKLAVLARDA IShLAShDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISh QOIDALARINI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 28-fevralda 1913-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta ko‘rib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. Avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-fevral,
5/1-son
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2009-yil 2-fevraldagi 5/1-sonli buyrug‘i bilan
TASDIQLANGAN
Avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarga binoan avtoklavlar laboratoriyalarda ishlatiladigan shisha idishlar va tibbiy asboblarni barcha mikroblardan tozalash hamda ish jarayonida hosil bo‘lgan barcha yuqumli materiallarni zararsizlantirishda ishlatiladi.
2. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qat’i nazar, sog‘liqni saqlash va avtoklavdan foydalanadigan boshqa muassasalarda (bundan keyingi o‘rinlarda muassasalar deb yuritiladi) avtoklavlarni o‘rnatish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish, foydalanish va tuzatish bilan bog‘liq ishlarni bajaruvchi xodimlar (bundan keyingi o‘rinlarda xodimlar deb yuritiladi) tomonidan qo‘llanishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Mazkur Qoidalar
qonunchilik hujjatlari, qurilish me’yorlari va qoidalari, sanitariya normalari va qoidalari, gigiyena normativlari, davlat standartlarining tegishli qoidalari, shuningdek boshqa tarmoq normativ hujjatlari talablari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
4. Mazkur Qoidalarning bajarilishini nazorat qilish muassasaning xavfsizlik texnikasi bo‘yicha xizmati (muhandisi) zimmasiga yuklatiladi.
II. Xavfsizlikning
umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish
5. Muassasalarda avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish “Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Muassasalarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni o‘rganish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
7. Avtoklavlarda ishlashda xodimlarning salomatligini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun — O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarga yo‘riqnoma berish, o‘qitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
8. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, yo‘riqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan o‘tkazishlari hamda kasbiy-texnik tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishlari shart.
9. Xodimlarning xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘riqlardan o‘tkazish, o‘qitish va bilimlarini tekshirish “Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risida”gi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
10. Xodimlar vakolatli idoralar yoki muassasaning yuqori turuvchi organlari tomonidan tashkil qilingan kurslarda o‘qitiladi.
11. Yangi ishga kelgan xodim ishga tushishidan oldin va keyinchalik ish jarayonida har 12 oyda bir marta o‘qitilib, bu haqda tegishli jurnalga qayd qilinadi.
12. Xodimlarning bilim saviyasi har 12 oyda kamida bir marta muassasada tashkil etilgan sinov komissiyasi tomonidan tekshiriladi. Sinov natijalari bo‘yicha xodimga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
13. Xodimlar uchun avtoklavlardan foydalanish hamda ularni xavfsiz va to‘g‘ri ishlatilishi bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi.
14. Avtoklavlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodim uchun avtoklavni ishlab chiqargan zavodning talablaridan kelib chiqqan holda avtoklavlarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi.
3-§.
Kasbiy tanlov
15. Avtoklavdan foydalanuvchi xodim:
avtoklavdan faqat 18 yoshdan kichik bo‘lmagan, ko‘rsatilgan ishlarni bajarish uchun salomatligi, malakasi yetarli bo‘lgan, maxsus o‘qitilgan, attestatsiyadan o‘tgan bo‘lishi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosan ishga kirishdan oldin va davriy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi;
maxsus kurslarda malaka oshirganligi to‘g‘risida guvohnomaga ega bo‘lishi kerak.
4-§. Avtoklav xonalariga o‘rnatilgan talablar
16. Avtoklav alohida xonalarga (avtoklav xonasi) o‘rnatilishi kerak.
17. Avtoklav xonalari SanQvaN 0054-96 “Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish sanitariya qoida va normalari”ga muvofiq jihozlanishi lozim.
18. Avtoklavni bevosita davolash va muolaja xonalari, bo‘linmalarning ustki yoki ostki qavatida, shuningdek boshqa xonalar bilan qo‘shilgan holda joylashtirish mumkin emas.
19. Avtoklav joylashtirilgan
xonalar tabiiy yoritilgan, shuningdek xonaning derazasi yoki darchasi hamda shamollatish tizimi bo‘lishi kerak.
20. Avtoklav xonalarining eshigi tashqariga ochilishi va avtoklav ishlayotganda qulflanmasligi kerak. Xonalarga oynali eshiklarning o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
21. Avtoklav xonalarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi lozim.
22. Avtoklav xonalarida avtoklavga xizmat ko‘rsatish yoki uni ta’mirlashga taalluqli bo‘lmagan ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
23. Avtoklav xonalarida ifloslantiruvchi yoki ishga xalal beruvchi begona narsalarni saqlash taqiqlanadi.
24. Avtoklav xonalariga ularga xizmat ko‘rsatuvchi, shuningdek ulardan foydalanishni nazorat qiluvchi shaxslardan boshqa shaxslarning kirishi taqiqlanadi.
III. Avtoklavlarga qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Avtoklavlar o‘rnatilishiga qo‘yiladigan talablar
25. Avtoklav xonalarining poli elektr toki o‘tkazmaydigan materialdan bo‘lishi yoki polga dielektrik rezinali gilamcha to‘shalgan bo‘lishi lozim.
26. Avtoklav hamma tomondan xonaning devor qismiga yondosh qilib o‘rnatilishi kerak. Bunda devordan avtoklavgacha bo‘lgan masofa kamida 0,8 m ni tashkil qilishi lozim. Shkaf tuzilishli avtoklavni xona devoridan 1,5 m masofa uzoqlikda o‘rnatiladi.
27. Har bir avtoklav elektr tarmog‘iga alohida tarmoq orqali yoki avtomatik yoqib-o‘chiruvchi moslama orqali (AP-50 yoki shunga o‘xshash) ulanishi kerak. Avtoklavni bevosita elektr rozetkaga ulash qat’iyan man qilinadi. Avtoklavni yoqib-o‘chiruvchi moslama xonaning polidan 1,6 m balandlikda hamda avtoklavdan 1 m uzoqlikda o‘rnatiladi. Unga yana boshqa elektr asboblarini ulash taqiqlanadi.
28. Avtoklavdan foydalanishda “Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 27-son, 317-modda) va “Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari”da (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 33-son, 379-modda) belgilangan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilinishi lozim.
29. Odamlar xavfsizligini ta’minlash, chaqmoq va boshqa ortiqcha kuchlanishlardan saqlash maqsadida avtoklavning korpusi yerga ulanishi shart.
30. Har bir avtoklav avtoklavni ishlab chiqargan muassasa tomonidan taqdim etilgan pasportga ega bo‘lishi kerak. Bu pasport avtoklavning to‘g‘ri va xavfsiz ishlashi uchun javobgar shaxs tomonidan to‘ldiriladi va saqlanadi.
31. Avtoklav o‘rnatilganidan keyin, unda quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘lishi kerak:
avtoklavni shahodatlash va buni jurnalda qayd qilish;
avtoklav ishlashi mumkin bo‘lgan bosim;
avtoklavning keyingi ichki ko‘rigi va gidravlik sinov sanasi.
2-§. Manometr va xavfsizlik klapanlariga qo‘yiladigan talablar
32. Har bir avtoklav aniq va soz manometr hamda xavfsizlik klapanlari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
33. Avtoklavga ishchi bosimning yuqori darajasi shkalaning uchdan ikki qismidan yuqori bo‘ladigan manometr o‘rnatiladi.
34. Avtoklav manometrida ishchi bosimning ruxsat etilgan me’yorini ko‘rsatuvchi qizil chiziq yoki ko‘rsatkichlarga bo‘lingan mahkamlangan temir plastinka bo‘lishi kerak.
35. Quyidagi hollarda manometrni ishlatishga ruxsat berilmaydi:
tamg‘a yoki muhr bo‘lmaganda;
davlat tekshiruvidan o‘tkazish muddati tugagan bo‘lsa;
uskuna o‘chirilganda manometr ko‘rsatkichi nolga qaytmasa;
manometr oynasi singan bo‘lsa yoki boshqa nosozliklar manometrning bosimni to‘g‘ri ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilsa.
36.
Manometrlarni tekshirib, ularga muhr yoki tamg‘a qo‘yilishi 1 yilda bir martadan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, texnik xizmat ko‘rsatadigan muassasalar tomonidan qo‘shimcha ravishda har 6 oyda bir marta manometr ko‘rsatkichlari nazorat manometrlari ko‘rsatkichlari bilan, nazorat manometrlari bo‘lmaganda davlat tekshiruvidan o‘tgan boshqa ishchi manometr ko‘rsatkichlari bilan solishtirib tekshiriladi va natijalari nazorat daftariga qayd qilinadi.
37. Avtoklavning xavfsizlik klapani ruxsat etilgan bug‘ bosimiga to‘g‘rilangan bo‘lishi kerak. Klapanlarning ishlashi muntazam ravishda avtoklavning xavfsiz ishlatilishi bo‘yicha yo‘riqnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tekshirilib turishi kerak.
IV. Avtoklavni texnik ko‘rik va gidravlik sinovdan o‘tkazishda qo‘yiladigan talablar
1-§. Avtoklavni texnik ko‘rikdan o‘tkazish
38. Texnik ko‘rik natijasiga ko‘ra avtoklavning ishlashiga ruxsat etiladi yoki taqiqlanadi. Texnik ko‘rik natijalari texnik ko‘rikni o‘tkazgan shaxs tomonidan avtoklavning pasportiga hamda avtoklavlarni shahodatdan o‘tkazish va qayd qilish jurnaliga yoziladi.
39. Avtoklav ichki qismlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish sanasi va gidravlik sinov o‘tkaziladigan sana vakolatli idora yoki muassasa (avtoklav egasi) rahbariyati tomonidan belgilanadi.
40. Avtoklav quyidagi xollarda texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi:
bosim ostida ishlaydigan avtoklav qismlari payvandlanganda yoki to‘liq ta’mirlangandan so‘ng;
avtoklavni ishga tushirishdan oldin bir yildan ko‘p vaqt ishlamagan bo‘lsa (omborda konservatsiya qilish bundan mustasno);
avtoklavlar 3 yildan ko‘p vaqt saqlangan bo‘lsa;
avtoklav ishlatilayotgan joyidan ko‘chirilib, yangi joyga o‘rnatilgan bo‘lsa;
nazorat qiluvchi shaxs tomonidan yoki avtoklavning xavfsiz ishlashi uchun javobgar shaxs tomonidan avtoklavni texnik ko‘rikdan o‘tkazish lozim deb topilganda.
41. Avtoklavni texnik ko‘rikdan o‘tkazish muddati 3 oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
2-§. Avtoklav ichki qismlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish
42. Avtoklav ichki qismlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uni ishga tushirishdan oldin hamda har 2 yilda bir marotaba amalga oshiriladi. Avtoklav temirining zanglashiga olib keluvchi muhitlar ostida ishlovchi avtoklav esa kamida 12 oyda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Avtoklav ichki qismlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilganda uning mustahkamligiga ta’sir qiluvchi nosozliklar aniqlanishi va bartaraf qilinishi kerak.
43. Avtoklav ichki qismlarini texnik ko‘rigi quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
avtoklav o‘chirilganidan keyin sovutilib, zararsizlantirilayotgan materiallardan bo‘shatiladi;
avtoklavning barcha qismlaridan himoya qoplamalari yechiladi;
avtoklavning suvli, bug‘li, zararsizlantirish kameralari va bug‘ qozoni qurum yoki zangdan temirigacha tozalanadi hamda ularda zanglash, chig‘anoq bo‘lishi, bukilish va boshqa kamchiliklar
borligi tekshiriladi;
avtoklavning temiri yechiladi, qurumdan tozalanib, ta’mirlanadi, jo‘mrak va klapanlar tozalab artiladi.
3-§. Avtoklavni gidravlik sinovdan o‘tkazish
44. Avtoklavning birinchi gidravlik sinovi avtoklavni ishlab chiqargan zavodda o‘tkazilgan sinovdan ko‘pi bilan 4 yildan keyin, keyinchalik esa har 2 yilda kamida bir marta o‘tkaziladi. Agarda avtoklavni tashish va o‘rnatish vaqtida unga zarar yetkazilgan bo‘lsa, shuningdek muassasa tomonidan avtoklavni gidravlik sinovdan o‘tkazish lozim deb topilgan taqdirda avtoklav yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muddatlar to‘lmasdan turib ham gidravlik sinovdan o‘tkazilishi mumkin.
45. Quyidagi hollarda avtoklav gidravlik sinovdan o‘tgan hisoblanadi:
avtoklav devorlarida va boshqa qismlarida yoriqlar hosil bo‘lmaganda;
gidravlik sinovdan so‘ng avtoklav devorlarining shakli va holati buzilmaganda;
payvandlash yo‘li bilan ulangan qismlardan suv oqib chiqmaganda;
avtoklav temirida uzilish kuzatilmaganda.
46.
Agar payvandlangan choklarda, devorda suv tomchilari yoki bug‘ paydo bo‘lsa, avtoklav gidravlik sinovdan o‘tmagan hisoblanadi.
V. Avtoklavni ishlatish va tuzatish ishlarini bajarishda
xavfsizlik qoidalari
1-§. Avtoklavlarni ishlatishda xavfsizlik qoidalari
47. Barcha avtoklavlar ularning egalarida maxsus jurnalda ro‘yxatga olingan bo‘lishi va avtoklavlarning shahodatnomalari tegishli xodimda saqlanishi lozim.
48. Xodim avtoklavlardan foydalanganda ularning xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘llaniladigan himoya vositalari standartlar va boshqa texnik hujjatlar talablariga javob berishi kerak. Himoya vositalari belgilangan muddatlarda va tartibda ko‘rikdan va sinovdan o‘tkazilishi lozim.
49. Muassasa ma’muriyati mazkur Qoidalar talablariga rioya qilgan holda avtoklavlarni to‘g‘ri ishlatishi va xavfsizligini ta’minlashi kerak.
50. Xodimlar:
avtoklavni xavfsiz ishlatish qoidalariga qat’iy rioya qilishi va armatura, nazorat o‘lchov asboblari, saqlovchi moslamalarning texnik sozligini o‘z vaqtida tekshirib turishi;
O‘zbekiston Respublikasi SanQvaN 0044-95 “Davolash profilaktika muassasalarida sterilizatsiya va dezinfeksiya ishlarining uyushtirilganligini tekshirish bo‘yicha qoida va normalari”ning 8-jadvalida belgilangan zararsizlantiruvchi materiallarning sterilizatsiya tartibini nazorat qilishlari shart.
51. Xodimlarning yonida doimo avtoklavda ishlash huquqini beruvchi guvohnomasi bo‘lishi kerak.
2-§. Avtoklavlarni ta’mirlashda xavfsizlik qoidalari
52. Avtoklavlarni ta’mirlash va montaj ishlari muassasa bilan ta’mirlash muassasasi o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
53. Avtoklavni ta’mirlash va unga texnik xizmat ko‘rsatish uni ishlab chiqargan zavod tomonidan taqdim etilgan pasport va tegishli yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi.
54. Avtoklav ishlab turgan vaqtda uni yoki uning ishchi qismlarini ta’mirlash taqiqlanadi.
VI. Mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
55. Avtoklavlarda ishlashda mazkur Qoidalarga rioya qilish uchun javobgarlik avtoklavlarda tegishli ishlarni bajaruvchi muassasalar zimmasiga yuklatiladi.
56. Javobgarlikka instruktaj bo‘yicha tegishli o‘qitish va uni ro‘yxatga olish amalga oshirilganidan so‘ng mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzgan hamda ishlarni xavfsiz olib borishga doir boshqa talablarni bajarmagan xodimlar ham tortilishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
57. Avtoklavlarda ishlash davomida jabrlangan xodimlarga yetkazilgan zararlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
(57-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VII. Yakuniy qoida
58. Ushbu Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri F.
NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 10-11-son, 116-modda;
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)