Amaliy mashg‘ulotning qisqacha mavzu bayoni
Barcha fundamental fanlarda bo‘lgani singari informatikada ham ta’riflanmaydigan, boshlang‘ich tushunchalar mavjud. Ulardan eng asosiysi – bu axborotdir.
Axborot termini aslida lotincha “information” sozidan olingan bo‘lib, tushuntirish, bayon etish, xabar berish kabi ma’nolarni anglatadi.
Axborot haqida tushuncha berayotib, bir kitobda shunday jumlalar keltiriladi:
“Biz modda va energiyani dunyoning ikki muhim mazmuni, uning ikki muhim tarkibiy qismi deb bilamiz. Masalan, atrofimizdagi hamma narsa: havo va suv, tog‘ va o‘tlar, metallar – bularning barchasi moddadir. Shuningdek, o‘zimizning tanamiz, muskul va nervlarimiz, qon va terimiz – bularning barchasi modda, atom va molekulalardir.
Energiya esa bizning dunyoni harakatga keltiradigan ta’sir manbaidir. Masalan, kimyoviy reaksiya energiyasi, Quyosh energiyasi, elektr energiyasi va hokazo.
Lekin, o‘simlik, hayvon, odam va umuman turiklik olamining mavjud bo‘lishi uchun muhim va zarur bo‘lgan yana bir narsa bop. U, dunyoning uchinchi mazmuni, uchinchi eng muhim tarkibiy qismi bo‘lgan axborotdir1”.
Darhaqiqat, bu borliq ibtidosidan intihosi qadar mavjudlikning asosiy mezonlaridan biri – axborot ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Axborot kishilik jamiyati uchun qanchalik zarur bo‘lsa, hayvonot va nabotot olami uchun ham shu qadar muhimdir.
Axborot shunchalik muhim kategoriya ekanki, insoniyat uni hatto kelajak avlodga ham to‘la-to‘kis yetkazishga imkon qidirib keladi.
Axborotga olimlar tomonidan ta’rif berishga urinishlar ko‘p bo‘lgan, masalan, axborot nazariyasi asoschilaridan biri Klod Shennon axborotni “narsa haqidagi bilimlarimizda mavjud bo‘lgan noaniqlikning bartaraf etilishi” deb e’tirof etgan bo‘lsa, kibernetka fanining asoschisi Norbert Viner axborotni “bizning va sezgilarimizning tashqi olamga moslashuvimizdagi mazmunni ifodalash” deb qaraydi.
Ta’kidlash joizki, axborot tushunchasiga har tomonlama ilmiy asoslangan ta’rif berish mumkin emas, chunki informatikaning asosiy boshlang‘ich tushunchasi bo‘lib, u juda ko‘p ma’noni o‘z ichiga oladi.
Abu Nasr Forobiy bilish jarayoni haqida quyidagicha fikr yuritadi: “bilish ikki bosqich – aqliy bilish va hissiy bilishdan iborat bo‘lib, ular o‘zaro bog‘liq, lekin biri ikkinchisisiz vujudga kelmaydi”. Ko‘rinib turibdiki, bilishning mazkur bosqichlari axborotsiz shakllanmaydi, demak, axborot bilishning asosini tashkil etuvchi element hisoblanadi.
Forobiy o‘zining “Ilm va san’atning fazilatlari” risolasida tabiatni bilish jarayoni cheksiz ekanligini ta’kidlaydi, ya’ni bilim bilmaslikdan bilishga, sababni bilishdan oqibatni bilishga, sifatlardan mohiyatga qarab boradi va buning asosida ilm borgan sari ortib, chuqurlashib boradi, deydi.
Olim insonning axborotni qayta ishlash xususiyatini sezgi a’zolari bilan bog‘liq holda vujudga kelgan tashqi talablar deb baholaydi, ya’ni uning aytishicha, odamning ibtidosida avvalo “oziqlanish talabi” paydo bo‘lib, unga ko‘ra odam ovqatlanadi. Shundan so‘nggi talablar “tashqi talablar” bo‘lib, ular bevosita tashqi ta’sir natijasida sezgi a’zolari orqali vujudga keladi. Mazkur “tashqi talablar” besh turli bo‘lib, ular: teri-badan sezgisi, ta’m bilish sezgisi, hid bilish sezgisi, eshitish sezgisi va ko‘rish sezgisidir.
Agar alloma Forobiy fikrlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, axborotni qanday tushunish mumkin, degan savolga quyidagicha javob berishimiz mumkin:
Axborot deganda biz barcha sezgi a’zolarimiz orqali borliqning ongimizdagi aksi yoki ta’sirini hamda bog‘liqlik darajasini tushunamiz.
Axborot tushunchasi bilan bir qatorda unga bevosita bog‘liq bo‘lgan yana signal, xabar va ma’lumot tushunchalari ham mavjudki, ularga quyidagicha izoh berish mumkin:
Signal (lotincha “signum” - belgi) – bu axborot tashish bilan bog‘liq istalgan bir jarayonni ifodalaydigan hodisadir.
Xabar deganda uzatish uchun mo‘ljallangan muayyan shakldagi axborotni tushunamiz.
Ma’lumot esa qayta ishlangan yoki qayta ishlash uchun mo‘ljallangan, formallashtirilgan bir ko‘rinishdagi axborotdir.
Informatikada axborot va ma’lumot tushunchalari parallel ravishda juda ko‘p ishlatiladi. Ta’kidlash joizki, informatika yoki kompyuter uchun axborot shunchaki simvolik belgilar ketma-ketligidan iboratdir (garchi u ma’noga ega bo‘lmasa ham). Kompyuter aynan shu axborotning rasmiy ya’ni formal bir ko‘rinishi bo‘lgan ma’lumot bilan ish ko‘radi, ya’ni ma’lumot – kompyuter uchun tushunarli bo‘lgan, muayyan vositalar yordamida rasmiy tartibga solingan axborotdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |