3-Amaliy mashg‘ulot
Mashina detallarini qayta tiklash usullari va ularni tahlil qilish
Ishdan maqsad. Mashinalarning nuqsonlarini aniqlab, qayta tiklash usullarini tahlil qilib, qulay usulini qo‘llashni o‘rganish.
Ishni bajarish yo‘riqlari. Mavzuni nazariy jihatdan adabiyotlardan o‘rganib, o‘qituvchi tomonidan berilgan detalda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nuqsonlarni ta’mirlash usulini tanlash.
Nazariy qism. Mashinalarni ta’mirlashning uch xil usuli ma’lumdir:
- yakka tartibda ta’mirlash usulida, ta’mirlash uchun muayyan mashinadan echib olingan detallar, uzel va agregatlar ta’mirlangandan so‘ng, shu mashinaning o‘ziga o‘rnatiladi. Yakka tartibda ta’mirlash usulining ijobiy tomoni, ta’mirlash ishlarini tashkil qilishning ancha oddiyligidir, chunki bunda barcha avvaldan moslashgan yaroqli (ta’mirlash talab etilmaydigan) detallar juftligi shu agregat, yoki mashinaning o‘ziga o‘rnatiladi. Bu esa, qoldiq resursdan foydalanish imkonini beradi. Ta’mirlashning bu usuli ta’mirlash guruhidan, ishida o‘zaro bog‘liqlik hosil qilishni talab qilmaydi, uni fermer xo‘jaliklararo ustaxonalarida tashkil qilish mumkin.
- tanlamaslik usuli bilan ta’mirlaganda, echib olingan detal, uzel va qismlar ta’mirlangandan so‘ng ixtiyoriy mashinaga o‘rnatiladi. Tanlamasdan ta’mirlash usulida yaroqli yoki ta’mirlangan detallar, uzellar, agregatlarning ta’mirlanadigan mashinaga tegishli ekanligiga e’tibor berilmaydi va yig‘ish jarayonida ular shu xildagi ta’mirlanadigan ixtiyoriy mashinaga o‘rnatilishi mumkin. Bu usul qator kamchiliklarga ega. Birinchidan, muayyan mashinadagi birikmaning o‘zaro moslashgan yaroqli detallari komplektsizlantiriladi, ya’ni yig‘ishda birikma detallari yeyilish darajasi har xil bo‘lgan detallar bilan birlashtirilgan bo‘lishi, ular esa o‘zaro moslashmagan bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, yig‘ishda hosil bo‘lgan birikma moslashish jarayonida nisbatan tez yeyiladi va shu sababli agregat, yoki uzelning resursi pasayadi. Tanlamasdan ta’mirlash usuli katta ustaxonalarda, maxsus zavodlarda keng qo‘llaniladi.
- agregat usulida ta’mirlashda, mashinadan yechib olingan (ta’mirlashni talab qiluvchi) agregat va uzellar o‘rniga avvaldan ta’mirlab qo‘yilgan yoki yangilari o‘rnatiladi. Agregat usulida ta’mirlashda butun jarayon agregatni almashlirish bilan bog‘liq bo‘lgan ajratish-yig‘ish operatsiyalarini bajarishga bag‘ishlanadi. Bu esa mashinalarni ta’mirlashda turib qolishini keskin kamaytiradi. Mashinadan echib olingan agregatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maxsus ta’mirlash korxonalariga ta’mirlash uchun jo‘natiladi. Shuning uchun ham ta’mirlashning bu usulini uncha katta bo‘lmagan fermer xo‘jaliklararo ustaxonalarda o‘tkazish maqbuldir.
Traktor asosiy qismlarining chegaraviy holati quyidagi hollarda sodir bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |