Mavzu: Avloniyning “Madaniyat to‘lqinlari” maqolasi va E.Tofflerning “Uchinchi tulqin” asarini qiyosiy taxlil etish.
Reja:
1.Abdulla Avloniyning hayoti va ijodi.
2.Abdulla Avloniyning “Madaniyat to’lqinlari asari”.
3.E.Tofflerning “Uchinchi to’lqin” asari taxlili.
Abdulla Avloniy XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobidir.U Toshkentning Mergancha mahallasida toʻquvchi Miravlon aka oilasida tavallud topdi. Avval Oʻqchidagi boshlangʻich maktabda, soʻng shahar madrasalaridan birida tahsil oldi. Biroq koʻproq mustaqil oʻqib-oʻrgandi, tez orada oʻz davrining savodxon, maʼrifatparvar kishisiga aylandi. Avloniy asrimiz boshlarida oʻlkamizda avj olgan jadidchilik harakatining faol ishtirokchisi sifatida millat bolalarini savodli qilish, ulardan yetuk olimlar, mutaxassislar tayyorlash, Vatanni ozod koʻrish, farovon etish yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qildi. Ana shu maqsadda juda koʻp sohalarda faol ish olib bordi. 1907-yilda oʻz uyida «Shuhrat» nomli gazeta nashr qildi. U mahallasida yangi usuldagi maktab ochdi. «Usulijadid» maktablari uchun toʻrt qismdan iborat «Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Maktab gulistoni», «Turkiy guliston yoxud axloq» kabi darslik va oʻqish kitoblari tuzdi. Maktab-maorif ishlariga yordam koʻrsatish maqsadida xayriya jamiyati tashkil qildi. «Nashriyot» shirkati tuzib, Xadrada «Maktab kutubxonasi» kitob doʻkonini ochdi.
Maʼrifatparvar adib, dramaturg, pedagog, noshir va jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1934-yil 25-avgustda Toshkentda vafot etdi. Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn etilgan.
ABDULLA AVLONIY. MADANIYAT TO‘LQiNLARi
Har kimga ma’lumdirki, dengizlarning to‘lqunlari bir tarafdan ikinchi tarafg‘a ko‘chub yuriydir.
Bu kun bir tarafda to‘lqun bo‘lsa, ertasi ikinchi tarafda boshlanub, avvalgi shovullab, qichqirub, shodligindanmi yoki boshqa bir sababdanmi bir necha sajin yuqoriga sakrashub turgon yerlari sukut va sokit bo‘lub qoladir. Shunga o‘xshash Bani bashar (Odam bolalari) orasida ham madaniyat to‘lqunlari quvishub va surishub yuriydir. Bir asr ichinda taraqqiy va madaniyat dunyosinda g‘o‘ta urub, suzishub yurgan bir qavmni ko‘rasanki, ikinchi asrda tanazzul dunyosiga yuzlanub, vahshiylik olamining eng og‘ir nuqtasiga borub yetadur. Buning sababi ijtihod va g‘ayratning ozayuvi, ittifoq, insof va adolatning yo‘qoluvi, xalqning ilmu ma’rifatdan uzoqlashub, buzuq ishlarga mayl va rag‘batlari ortuvidir.
Har bir millat maishat tarafindan taraqqiyga yuz qo‘ymasa, ma’naviy tarafdan, ya’ni ma’rifat tarafidan ham taraqqiy qilolmas, bir kishining o‘z maishatiga yetarlik molu ashyosi bo‘lmasa va bularning sababiga harakat qilmasa, moddiy va ma’naviy ishlarni qilmoqdan ojiz qolur. Va bunday ochu yalang‘och o‘z avqotini o‘tkaraolmayturgan bir xalqga ma’rifat, madaniyat, ulum va funundan dars vermak munosib bir ish o‘lmasa kerak, chunki faqir xalqlarning kecha-kunduz fikri-zikri non topmak va bola-chaqasining qornini to‘yg‘uzmakdir. Taajjubki, mamlakatimizning yerlari, o‘simlik tuprog‘i barakatlik bo‘lib turub, yerli xalq och va yalang‘och, boyqush kabi vayronalarda umr o‘tkaradirlar.
Qariya[1] va qishloq odamlarini bir tarafga qo‘yub turib, shahardagi madaniylarimizga ko‘z solsak, madaniyat to‘lqunlari bizlarni kemalarimiz ila qayu yerga olib ketub turg‘onlig‘i ochiq ma’lum bo‘ladir. Xalqimizning yuzdan to‘rtini boyga, ikisini ulamoga, uchini eshonga, beshini dehqonga chiqarsak, qolgan 86 si ko‘mirchi, temirchi, yamoqchi, fanarchi va qorovulchilik kabi eng past xidmatlarda turub, kunlik avqotlarini zo‘rg‘a o‘tkazadilar. Bularning orasida oyda, yilda bir martoba go‘sht, yog‘ ko‘rmay umr o‘tkaradurg‘onlari, butun yilni(ng) birgina kiyim ila o‘tkaradurg‘onlari, hifzi sihhat qaysi, madaniyatni na ekanini tushunmaydirganlari ko‘bdir. Bularga oni tushundirmak, yerdan turub, yulduzlarga qo‘l so‘zmak ila barobardir.
Bu taraqqiy zamoni va madaniyat asri, bilmam, bizni na yerga olib borajak, ibrat ko‘zi ila Eski shahrimizning musulmon dahalariga nazar solgan kishi har mahallada yuzdan to‘qson xonalarni(ng) buzilgan, yorilgan, vayrona va inqiroz dunyosiga yuzlangan bir holda ko‘radir. Go‘yo bu xonalarning devorlari, tomlari lisoni hol ila bizni ilmsizlik, tarbiyasizlik, to‘y deb minglarcha aqchalarni behuda isrof qilmak, to‘ylarda jomafurushlik qilmak vayrona va xarobazorlikg‘a soldi, deyurlar. Emdi, vayrona sohiblarini faqir va xorlikda yashagan, bola-chaqalarini qo‘l kuchi ila to‘ydiradirgon, to‘y degan yerda muqaddas Vatanini sotub, sarf qilmoqdan tortinmaydirgan «hoziram huzuram» deb istiqbolini o‘ylamagan va bolalarining saodatini tushunmagan bir qavmdan qanday taraqqiy, madaniyat va ma’rifat kutmak kerak? Och-yalang‘och, kulfat, mehnat va zahmat balolari orasida o‘ralib qolgan bir qavmga: «Madaniyatga kiringiz, maktab solingiz, o‘qungiz, taraqqiy qilingiz» kabi so‘zlarning foydasi o‘lmadig‘i oftobdan ham ravshandir. Bu faqirlikning eng qo‘rqunch to‘lqunlari orasida ezilgan xalqimizni to‘y marazidan qutqarurga tirishmak va iloj istamak lozimdir.
II
Muhtaram o‘quvchilarga ibrat uchun madaniyatning koni, manbai va chiqg‘on yeri o‘lan Osiyo qit’asidagi Arabiston yarim otosini go‘starajagam. Oltinchi asrda dini mubiyn Islom ila barobar madaniyat dengizlari harakat qildi. Va bu qit’ada yashamish arablar o‘zlari borgan mamlakat va qit’alarga madaniyat suvlarini ham surub bordilar. Oradan bir asr o‘tar-o‘tmas madaniyat to‘lqunlari Osiyodan ko‘chub, Ovrupo qit’asini bosdi. Ovrupolilar hozirgi yigirmanchi asrgacha madaniyat to‘lqunlari ichra yashadilar va bu cholishqon ovrupolilar madaniyat to‘lqunlaridan qo‘rqmadilar, qochmadilar, harakat qildilar, asbob va mashinalar hozirladilar. Va bu madaniyat to‘lqunlarini o‘zlarig‘a asiru musaxxar qilub oldilar. 15 nchi asrda madaniyat suvlarini surib, Amriqo qit’asig‘a olib bordilar. Amriqoning yerli vahshiy xalqlari «eshiklaridan oqg‘on suvning qadrini bilmadilar», madaniyatga kirishmadilar, qabul qilmadilar. Ota-bobolaridan qolg‘on odatlarini tashlamadilar, o‘zlaricha vahshatda avratlarini yaproqlar ila o‘rtub, boshlarig‘a tovus patlarini sanchub, yalang‘och goh daraxtlar ustida, goh kafalarda, goh yerto‘lalarda do‘mbira va chirmandalarni cholub, yashay berdilar, madaniyat orqalaridan quvdi, qochdilar. Na yerga borsalar, madaniyat ham bordi, qochib qutulolmadilar, oxirida madaniyat g‘alaba qilib, inqiroz dunyosig‘a kuzatub yubordi. Mana shu jumladan, yarim-yorti vahshatda yashash O‘rta Osiyoga, Turkistonimizg‘a Rusiya hukumati ila barobar madaniyat suvlari kelub kirdi. Hozir yarim asrdurki madaniyat bizni orqamizdan quviyur. Biz qirdan-qirg‘a qochurmiz, qarshimizda maishat mashaqqatlari chiqub hujum qilur, o‘ngimizdan bilimsizlik va jaholat kelub, jonlarimizni siqur, so‘ngimizdan musriflik, faqirlik va bid’atlar chiqub yo‘limizni to‘sur. Dangasalik, yalqovlik, ishsizlik ustimizdan bosub bo‘g‘mak istar.
Ajabo! Bizlar hamon bu eskincha romka orasidan chiqub qochmak istamaymiz. Bir oz tushunmak va o‘ylamak lozimki, bu romka orasindan chiqub qochmak va qutulmak mumkinmi? Yo‘qmi? Bizim fikrimizcha, qochmoqning imkoni yo‘q, kutulmaku xalos bo‘lmakning faqat birgina chorasi bordurki, madaniyatni qabul qilmak va madaniyatga kirishmakdir. Lekin kirishganda ham madaniyatning haqiqatini bilmak va haqiqiy madaniyatga kirishmak lozimdir. Ba’zi yoshlarimizga o‘xshash usti yaltiragan, ichi qaltiragan bo‘lub, boshlariga Yevrupo qalpog‘ini kiyub «Madaniyat!», «Madaniyat!» deb og‘izlarini ko‘purturub, oz-moz musulmoncha, chala-yarim ruscha so‘ylashub kulgu bo‘lib yurmak madaniyat bo‘lmay, masxarabozlikning bir shu’basidur. Agarda tabiatning jilovini nafsimiz qo‘lig‘a bersak, ul bizlarni na yerga olub bormasun? Chiroylik va chikka bel qizlari ila o‘ynashmakni, resturan va fivaxonalarga borub, qimor o‘ynamak va ichkulik qilub, tong otquzmakni, bir oz qizishgandan so‘ng odobdan tashqari madaniyatga yarashmagan so‘zlarni aytishmakni, hatto urushmakni, jabr va zulm qilmoqni xohlaydir. Lekin madaniyat qonunida (ustofida) munday fano va buzuq ishlar bo‘lmasa kerak. Madaniy bo‘lmak va madaniyatga kirmak uchun unday yomon sifatlardan saqlanmak va hazar qilmak ila barobar haqiqiy madaniyat ilmi, maishiy va axloqiy ishlar ila uch qismg‘a bo‘linadir. Agar millat bolalari bu xislatni mukammal suratda o‘zlariga darbar olsalar, mana shul vaqtda biz «madaniyatni qabul qilduk, madaniy bo‘lduk» deb lof ursak, maqtansak kulgi bo‘lmaymiz.
Yoshlarimizdan madaniyatga loyiq ravishda o‘qub, diniy va madaniy kishilar hozirlansa, tarbiya va ta’limg‘a mohir olim va olima, adib va adibalarimiz yetushsa, maktab va madrasalarimiz muntazam va tartiblik bo‘lsa, ziroat, sanoat va tijorat ishlariga mohir kishilar yetushub, zamonag‘a muvofiq ravishda ish yuritilsa, tartiblik «Dorul-yatim» — yetimxonalar, «Dorul-ojizin» — kambag‘alxonalar, kutubxonalar va qiroatxonalar ochilsa, shirkat (tovarishistvo)lar barpo qilinsa, yuqorida dedigimiz kabi, xalqimiz orasida zamonag‘a loyiq ulum va funundan boxabar ulamolarimiz ko‘paysa, och va yalang‘och kishilarimizning maishatlarini tuzatmak uchun harakat qilinsa, o‘qutilsa, axloq va odob o‘rgatilsa, shul vaqtda eskincha orasidan chiqub, haqiqiy madaniyat bo‘stonig‘a yuzlang‘on hamda madaniyat to‘lqunlaridan qutulub, sohili salomatg‘a chiqg‘on bo‘lur eduk. Sohili salomatg‘a chiquvimizga zamon musoid verurmi, vermasmi bilmaymiz.
XX asrning oxirgi choragida insoniyat oʻz taraqqiyotining yangi pogʻonasiga koʻtarildi. Inson ongi, dunyoqarashi, maʼnaviyati, madaniyati, turmush tarzi yuksaldi. Olimlar endi bu oʻzgarishlarning qudrati va koʻlamini ifodalab bera oladigan munosib soʻz qidirishga tushdilar. Baʼzilar “kosmos asri”, baʼzilar “elektron davr”, baʼzilar “global qishloq” deb tilga ola boshlashdi. Shu qatorda Elvin Toffler superindustrial jamiyatga qadam qoʻyayotganimizni qalamga oladi. Biz esa hozircha bu yangi jamiyatni “axboriy jamiyat” deb atayapmiz. Zero, keyingi davrlarda hayot va inson turmushi tarzida keskin oʻzgarishlar yuz berdi. Sivilizatsiyaning birlamchi asosi boʻlib kelgan qishloq xoʻjaligi koʻpgina mamlakatlarda oʻz hukmron mavqeini yoʻqotdi. Bugun dunyodagi oʻndan ortiqrok mamlakatda mehnatga layoqatli aholining atigi 15 foizi mazkur tarmoqlarda band. Dunyo taraqqiyoti tarixida insoniyat birinchi marta, taʼbir joiz boʻlsa oʻz yelkasidan qishloq xoʻjaligi boʻyinturugʻini uloqtirib tashladi, qoʻl mehnatining mashaqqatidan halos boʻldi. Jahonda xizmat koʻrsatish iqtisodiyoti paydo boʻldi. Rivojlangan mamlakatlar (Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Kanada, Niderlandiya va hakozo) bu yoʻlga tezkor qadam qoʻyishdi. Aniqroq aytganda, qishloq xoʻjaligi insoniyat tarixida oʻn ming yil hukmronlik qildi, ikki-uch asrcha industrial hukmronlikni boshdan kechirdi. Endi esa yangi sivilizatsiya – axboriy jamiyat ostonasida turibdi.
Amerikalik olim Elvin Toffler oʻzining “Uchinchi toʻlqin” asarida insoniyat tarixda ikki tamaddun bilan yuzlashganini, yaʼni oʻzgarishlarning ikki ulkan toʻlqinini boshidan kechirganligini aytadi. Oʻzgarishlarning birinchi toʻlqini – qishloq xoʻjaligi inqilobi boʻldi. U ming yil umr koʻrdi. Ikkinchi toʻlqin – sanoat sivilizatsiyasi boʻlib, atigi uch yuz yil hukmronlik qildi. Elvin Tofflerning bashorat qilishicha, kelajakda texnikaviy taraqqiyot yanada kuchayadi va oqibatda superindustrial jamiyat shakllanadi. Insoniyat boshidan yana bir oʻzgarishlar toʻfoni, uchinchi toʻlqin – (yangi sivilizatsiya) superindustrial jamiyatni kechirishini ham aytadi u.
Bugunga kelib, tarix yanada ildam tezlanishlar shohidi boʻlmokda. Toffler “Uchinchi toʻlqin” asarida birinchi toʻlqin davrini miloddan avval taxminan 8 ming yil muqaddam boshlangan va u yer yuzida taxminan milodiy 1650–1750 yillargacha yakka hukmronlik qilgan hodisa sifatida koʻrib chiqadi. XVII-XVIII asrlarga kelib esa uning harakatchanligi susayganligini va ikkinchi toʻlqin borgan sari qudrat kasb eta boshlaganligini aytadi. “Aynan shu ikkinchi toʻlqin hosilasi boʻlmish industrial sivilizatsiya sayyoramizda ustuvor mavqeni egallay bordi va oxirida u oʻz rivojining eng yuqori choʻqqisiga koʻtarildi” – deydi olim va burilishning tarixan bu soʻnggi nuqtasi Qoʻshma Shtatlarda taxminan 1955 yildan boshlangan davrga toʻgʻri kelishini yozadi. Toffler uchinchi toʻlqinni avval Qoʻshma Shtatlarda yuz berganini, oʻsha oʻn yillikda birinchi marta “oq yoqaliklar” soni (yaʼni xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari) “koʻk yoqaliklar” (qora mehnat bilan shugʻullanuvchilar) sonidan ortib ketganligini ham aytadi. Keyinchalik bu toʻlqin har xil muddatlarda boshqa mamlakatlarga (jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvetsiya, Germaniya va Yaponiyaga) ham yetib bordi.
Hozirgi kunda yuksak texnologiyalarga ega boʻlgan hamma mamlakatlar uchinchi toʻlqin bilan ikkinchi toʻlqin oʻrtasidagi ixtiloflarga duch kelishyapti. Yaʼni, bugungi kunda juda kam davlatlar axboriy jamiyat tuzumiga oʻtdi. Kurrai zaminning boshka bir qismlarida esa sanoatlashtirish hamon davom etmoqda. Avvallari qishloq xoʻjaligi bilan ustuvor ravishda shugʻullanib kelgan bir qancha mamlakatlar endilikda jon-jahdlari bilan poʻlat quyish zavodlari, avtomobil, toʻkimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, shuningdek temir yoʻllar qurmoqda. Tofflar ikkinchi toʻlqin deb atagan mazkur sivilizatsiya hali oʻz kuchini uzil-kesil yoʻqotib boʻlgani yoʻq. Biroq, axboriy jamiyat kirib kela boshladi. Ayniqsa, internetning tobora ommaviylashishi uning kirib kelishini tezlashtirmoqda.
Elvin Toffler yangi jamiyatga xos boʻlgan oltita xususiyat (prinsip)ni koʻrsatib oʻtadi. Ularning barchasi bir-biri bilan bogʻliq boʻlib, hayotning barcha jabhalarida aks etadi: standartlashtirish; ixtisoslashish; sinxronlashtirish; konsentratsiya; kattalashtirish; markazlashish.
Lekin bu jarayonlarni Toffler salbiy baholaydi. Uning fikricha, uchinchi toʻlqin odamlari ana shu prinsiplarga qarshi kurashadi. Chunki, bu prinsiplar bir-birini kuchaytirgan holda muqarrar tarzda byurokratiyaning oʻsishiga olib boradi va ular eng yirik, eng bagʻritosh, eng qudratli byurokratik tashkilotlarni vujudga keltiradi.
Toffler bashorat qilgan jarayon kurtaklarini bugungi kunda xam koʻrish mumkin. Masalan, hozirgi sivilizatsiya – sanoat davri mahsuli. Sanoat esa bu texnika degani. Axboriy jamiyat ham aynan sanoat tufayli vujudga kelgan. Sanoat bora-bora axboriy jamiyatni takozo etdi. Demak, koʻrinib turibdiki, ular bir-biri bilan chambarchas bogʻliq.
Shunday qilib, pirovardida axboriy jamiyat – infosfera maydonga keladi. Bu – aloqa kanallaridir. Ular yordamida individual va ommaviy maʼlumotlar xuddi xom ashyo va tovarlar kabi samarali taqsimlanadi. Natijada infosfera texnosfera va ijtimoiy sohalar bilan uygʻunlashib ketadi. Aslini olganda bu jarayon bugungi kunda allaqachon boshlanib boʻlgan ham. Standartlashtirish prinsipi kundalik hayotning barcha sohalariga, xususan ommaviy axborot vositalariga oʻz muhrini bosib ulgurgan, deyish mumkin. Millionlab odamlar aynan bir xil reklamani koʻradigan, oʻqiydigan, aynan bir xil yangiliklar va hikoyalarni eshitadigan boʻlib qoldilar. Bular kelajakda biz axborot jamiyati deb atayotgan jamiyatning ijtimoiy ongi, mafkurasi, munosabatlari va madaniyatiga taʼsir qilmay qolmaydi.
Zotan, umumiy mafkura, umumiy madaniyat oxir-oqibatda milliy qadriyatlar va milliy maʼnaviyatlar yemirilishiga sabab boʻlishi muqarrar. Harqanday “inqilob” odamlar hayotiga qandaydir yangiliklar olib kirishi, odamlarni notanish va koʻnikmasiz vaziyatlarga roʻparoʻ qilishi mumkin boʻlganidek, tugʻilib kelayotgan yangi sivilizatsiya ham oʻzi bilan birga yangicha dunyoqarash, yangicha munosabatlar, yangicha turmush tarzi, yangicha iqtisodiyot hamda yangi siyosiy ixtiloflar olib keladi. Tushunchalar, qarashlar, mafkuralar, gʻoyalar, qadriyatlar, madaniyatlar oʻzgaradi. Lekin, bizning nazarimizda, har bir millat oʻz mentaliteti, oʻz tarixi, oʻz tabiiy joʻgʻrofiy sharoiti va manfaatlariga mos boʻlgan oʻz davlatchiligi, oʻz turmush tarzi, oʻz mafkurasi hamda madaniyatini uchinchi bosqich – axboriy jamiyatda ham asrab, rivojlantirib borishga intilib yashashi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |