Sudralib yuruvchilarning kelib chiqishi. Sudralib yuruvchilar qadimda suvda hamda quruqlikda yashovchilardan kelib chiqqan. Bundan 300 mln yil oldin yer yuzida iqlimning tobora quruqlashib borishi ta’sirida suvda yashovchilar quruq iqlimga moslashib borgan: ularning terisi qalinlashgan; o‘pkasi kengayib, teri nafas olishda ishtirok etmaydigan bo‘lib qolgan. Tuxumlarining po‘sti ham qalinlashib, ular quruqlikka tuxum qo‘ya boshlagan. Ulardan hozirgi sudralib yuruvchilar paydo bo‘lgan. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning boshqa bir qismi o‘zgarib, ulardan hozirgi dumlilar va dumsizlar kelib chiqqan.
Savol va topshiriqlar.
1. Toshbaqalar kosasi qanday tuzilgan?
2. Cho‘l toshbaqasi qanday hayot kechiradi?
3. Timsohlar suvda yashashga qanday moslashgan?
4. Timsohlarning murakkab tuzilish belgilari nimalardan iborat?
5. Sudralib yuruvchilar qanday kelib chiqqan?
41-§. Ko‘k kaptarning tashqi tuzilishi
Qushlar – havo muhitiga moslashgan issiqqonli hayvonlar. Tanasi pat bilan qoplangan. Suyaklari yengil, naysimon suyaklarning bo‘shlig‘iga havo to‘lgan, jag‘lari muguz tumshuqqa, oldingi oyoqlari qanotga aylangan. Ular tanasining harorati tashqi muhit haroratiga bog‘liq bo‘lmaydi. Nafas olishda o‘pka bilan birga havo xaltachalari ham ishtirok etadi. Yuragi to‘rt kamerali, issiqqonli hayvonlar tuxum qo‘yib ko‘payadi. Qushlarning tuzilishi ko‘k kaptar misolida o‘rganiladi.
Gavda bo‘limlari. Kaptarning gavdasi bosh, bo‘yin, tana va oyoqlardan iborat (80-rasm). Uncha katta bo‘lmagan yumaloq boshi uzun va juda harakatchan bo‘yin orqali tanaga tutashgan. Tumshug‘i ustida burun teshigi, boshining ikki yonida ko‘zlari, ulardan orqaroqda quloq teshiklari joylashgan. Qushlar uchayotganida yoyilgan qanotlar ko‘tarish yuzasini hosil qiladi (81-rasm). Qushlar oyoqlarining pastki qismi – iligi va barmoqlari muguz tangachali dag‘al teri bilan qoplangan. Kaptar faqat oyog‘iga tayanib yerda yuradi.
Tana qoplag‘ichi. Qushlar terisi pat bilan qoplangan. Patlar tuzilishiga ko‘ra kontur patlar va parlarga bo‘linadi. Kontur patlar vazifasiga binoan kontur-qoplag‘ich (tana yuzasidagi patlar), qoqish (qanotlar), boshqarish (dum), momiq patlarga ajratiladi. Pat ingichka va qattiq o‘zakdan hamda uning ikki tomonida joylashgan keng va yumshoq yelpig‘ichdan iborat. Pat yelpig‘ichi o‘zakdan chiqib, ketma-ket ikki marta shoxlanadigan muguz o‘siqchalarning qalin to‘ridan hosil bo‘ladi. Pat o‘qining pastki yelpig‘ichsiz uchi teridagi pat xaltasiga kirib turadi. Pat o‘zagidan chiqadigan 1-tartib o‘siqchalar o‘zaro parallel joylashgan. Har bir o‘siqchaning ikki yonida yanada ingichkaroq 2-tartib o‘siqchalar joylashgan. Bir-birining ustiga tushib turadigan yondosh o‘siqchalar juda mayda ilgakchalar yordamida qo‘shilib ketgan (82-rasm). Patlar yengil, egiluvchan va deyarli havo o‘tkazmaydigan bo‘ladi. Qushlar uchganida qanot va dumidagi qoqish va boshqarish patlari bir-birining ustiga cherepitsa singari tushib, ko‘tarish yuzasini hosil qiladi. Qoplag‘ich patlar ostida momiq patlar joylashgan. Momiq patlarning yelpig‘ichi yumshoq va g‘ovak bo‘ladi; 2-tartib o‘siq chalari bo‘lmaydi. Bundan tashqari, suv qushlarida parlar ham bo‘ladi. Parlarning o‘zagi juda kalta, o‘siqchalari uning uchida mo‘yqalam singari joylashgan. Parlar tanadagi issiqlikni yaxshi saqlaydi. Qushlar tullaganida ularning eski patlari to‘kilib, o‘rniga yangi patlari hosil bo‘ladi. Qushlar terisida bezlar rivojlanmagan; faqat suv qushlarining dumi asosida dumg‘aza bezi bo‘ladi. Qush tumshug‘i bilan bu bezdan yog‘simon suyuqlikni siqib chiqarib, patlariga surkab turadi. Yog‘ patlarni egiluvchan va qayishqoq qiladi. Suvda suzadigan qushlarning yog‘langan patlari suv yuqtirmaydigan bo‘ladi. Qushlarning patsiz oyoq iligi terisidagi mayda tangachalar sudralib yuruvchilar terisidagi muguz tangachalarga o‘xshaydi. Ularning patlari, tumshug‘i, tirnoqlari ham muguzdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |