Savol va topshiriqlar. 1. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar tuxumlari qanday urug‘lanadi?
2. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar qanday rivojlanadi?
3. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning ko‘payishi va rivojla-
nishining qaysi xususiyatlari baliqlarga o‘xshaydi?
4. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar qanday turkumlarga ajratiladi?
5. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar qanday ahamiyatga ega?
6. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar qanday kelib chiqqan?
38-§.Ildam kaltakesakning tuzilishi, ko‘payishi va rivojlanishi Sudralib yuruvchilar – birlamchi quruqlikda yashovchi hayvonlar. Terisi quruq, nafas olishda ishtirok etmaydi. Tuxumini quruqlikka qo‘yadi. O‘pka orqali nafas oladi. Bu sinf tangachalilar, toshbaqalar, timsohlar turkumlariga ajratiladi.
Yashash muhiti va tashqi tuzilishi.Ildam kaltakesak O‘rta Osiyoning cho‘l va tog‘oldi mintaqalarida tarqalgan. Terisi kulrang yoki yashil-kulrang tusda bo‘lganligi tufayli uni o‘tlar orasida yirtqich hayvonlar yaxshi payqamaydi. Ular juft-juft bo‘lib yashaydi, turli hasharotlar bilan oziqlanadi. Ildam kaltakesakning uzunligi dumi bilan birga 15–20 sm ga yetadi. Konussimon boshi harakatchan, qisqa bo‘yni orqali tanasiga birikkan. Tumshug‘ining uchida ikkita burun teshigi, undan orqaroqda – boshining ikki yonida ko‘zlari joylashgan (75-rasm).Ko‘zida yuqori va pastki qovoqlari bilan birga yupqa pardaga o‘xshash pirpiraydigan uchinchi qovog‘i ham bo‘ladi. Dam-badam ochilib va yopilib turadigan bu uchinchi qovoq kaltakesak ko‘zini doimo namlab turadi. Ko‘zlaridan orqaroqda joylashgan doirasimon nog‘ora parda tashqi quloq teshigini yopib turadi. Kaltakesak juda yaxshi eshitadi. Hatto hasharotlar o‘rmalayotganda chiqadigan tovushni ham sezadi. Kaltakesakning tili tuyg‘u va ta’m bilish organi hisoblanadi. U uzun ayri tilini tez-tez chiqarib, atrofidagi narsalarni bilib oladi. Kaltakesakning oyoqlarida 5 tadan panjasi bo‘ladi. Oyoqlar tanaga ikki yon tomondan birikkan bo‘lganidan tanasini dast ko‘tarib turmaydi. Shuning uchun harakatlanayotgan kaltakesakning qorni yerda sudraladi; dumi yurishga yordam beradi. Kaltakesakning quruq terisi muguz tangachalar bilan qoplangan. Tangachalar kaltakesak tumshug‘i va qornining ostida yirik qalqonsimon plastinkalarni, barmoqlari uchida muguz tirnoqlarni hosil qiladi. Muguzli teri hayvonning o‘sishiga xalaqit beradi. Shuning uchun barcha sudralib yuruvchilar singari kaltakesaklar ham faqat tullash davrida o‘sadi. Yoz mavsumida kaltakesak 4–5 marta tullaydi. Tullaganida uning eski terisi parcha-parcha bo‘lib ko‘chib tushib, o‘rniga yangisi hosil bo‘ladi. Kaltakesak tanasi yangi teri qotguncha o‘saveradi.