Reflekslar. Agar baliqni biror narsa bilan turtsak, u o‘zini tezlik bilan chetga oladi. Bu jarayon quyidagicha sodir bo‘ladi. Ta’sir sezgi hujayralari tolalari orqali markaziy nerv sistemasining bosh miya yoki orqa miya qismiga uzatiladi. U yerdan ta’sirga hosil bo‘lgan javob tegishli organlarga uzatiladi. Organlardagi muskullar qisqarishi tufayli organizm ta’sirga javob beradi. Baliqlar o‘z o‘ljasini sezganida ham xuddi shunga o‘xshash holat sodir bo‘ladi. Zog‘ora baliq chuvalchangni ko‘rganida hosil bo‘lgan qo‘zg‘alish ko‘rish nervi orqali markaziy nerv sistemasiga boradi, u yerdan javob nerv tolalari orqali muskullarga keladi. Buning natijasida baliq o‘ljasini ushlab oladi. Hayvonlarning ta’sirga shunday javob qaytarish reflekslari tug‘ma bo‘lganidan shartsiz reflekslar, ya’ni instinkt deyiladi. Shartsiz reflekslar irsiy bo‘lib, baliqlarning hayoti davomida o‘zgarmasdan saqlanib qoladi va nasldan naslga o‘tadi. Bitta turga kiruvchi hamma hayvonlarning shartsiz reflekslari bir xil bo‘ladi. Shu bilan birga hayvonlarning hayoti davomida hosil bo‘ladigan reflekslar ham bor. Agar akvariumdagi baliqlarga biror signal bilan ta’sir etib, masalan, chiroq yoqib oziq berilsa va bunday oziqlanish bir necha bor takrorlansa, bu signal oziq berilmaganda ham baliqlarni jalb qila boshlaydi. Hosil bo‘lgan bunday reflekslar shartli reflekslar deyiladi. Shartli reflekslar nasldan naslga o‘tmaydi va uzoq saqlanib qolmaydi.
Savol va topshiriqlar.
1. Baliqlarning orqa miyasi qanday tuzilgan?
2. Baliqlarning qaysi sezgi organlari rivojlangan?
3. Yon chiziqlar qanday vazifani bajaradi?
4. Baliqlarda shartsiz reflekslar qanday hosil bo‘ladi?
5. Shartli reflekslar qanday hosil bo‘ladi?
32-§. Baliqlarning ko‘payishi va rivojlanishi
Ko‘payish organlari. Zog‘ora baliq ayrim jinsli; urg‘ochilarining jinsiy organlari tana bo‘shlig‘ida joylashgan yirik tuxumdondan iborat. Unda tuxum hujayralari yetiladi. Erkaklarida esa bir juft uzun urug‘donlar bo‘ladi. Urchish davrida urug‘donlar quyuq oq suyuqlik – «sut» bilan to‘ladi. «Sut» tarkibida millionlab urug‘ hujayralari (spermatozoidlar) bo‘ladi.
Tuxum qo‘yishi. Jinsiy hujayralarning yetila boshlashi bilan baliqlarda ko‘payish instinkti paydo bo‘ladi (64-rasm). Instinkt ularni tuxum qo‘yish va nasl qoldirish uchun qulay joy axtarishga undaydi. Ba’zi baliqlar suv havzalarining oqmaydigan joylarini, boshqalari esa suvi oqib turadigan joylarni tanlaydi. O‘tkinchi baliqlardan ba’zilari chuchuk suv havzalaridan dengizga, boshqalari, aksincha, dengizdan chuchuk suv havzalariga ko‘chadi. Ayrim o‘tkinchi baliqlar, masalan, Uzoq Sharq losossimonlaridan keta va bukri baliq uvildiriq tashlash uchun Amur daryosining irmoqlariga o‘tadi. Ugor balig‘i Yevropa daryolaridan minglab kilometr uzoqda joylashgan Atlantika okeanining Sargass dengiziga borib tuxum qo‘yadi. Zog‘ora baliq suv havzalarining tinch oqadigan sayoz joylariga, suvomborlari va ko‘llarga tuxum qo‘yadi. Urg‘ochi baliq suv o‘simliklari ustiga uvildiriq tashlaydi. Erkagi esa tuxumlar ustiga o‘zining «suti»ni sepib ketadi. «Sut»dagi spermatozoidlar tuxum hujayralarini urug‘lantiradi.
Rivojlanishi. Zog‘ora baliqning urug‘langan tuxum hujayralaridan qulay sharoitda 4–6 kun ichida juda mayda baliqchalar (chavoqlar)rivojlanib chiqadi. Chavoqlar dastlab suvdagi mayda mikroorganizmlar, keyinroq mayda umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlana boshlaydi. Yilning oxiriga kelib, ularning uzunligi 5–10 sm ga yetadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |