30-§. Baliqlarning ichki tuzilishi
Hazm qilish sistemasi. Baliqlarning hazm qilish organlari og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach va ichakdan iborat (60-rasm). Ko‘pchilik baliqlarning jag‘larida bir necha qator tishlar joylashgan. Baliqlar tishlari yordamida o‘ljasini tutadi va ushlab turadi. Yutilgan oziq halqum va qizilo‘ngach orqali oshqozonga tushadi. Zog‘ora va ayrim boshqa baliqlarning tishlari bo‘lmaydi; oshqozoni yaxshi rivojlanmagan. Ular yutgan oziq bevosita ichakka tushadi. Zog‘ora baliq mayda umurtqasizlar, tuban suv o‘tlari, yashil o‘simliklarning yosh novdalari va barglari bilan oziqlanadi.Oziq oshqozon devori bezlari ishlab chiqargan shira ta’sirida hazm bo‘la boshlaydi. Chala hazm bo‘lgan oziq ingichka ichakka tushadi. Bu yerda oziqqa oshqozonosti bezi shirasi va jigar ajratib chiqaradigan o‘t suyuqligi ta’sir qiladi. Hazm bo‘lgan oziq ichak devori orqali qonga so‘riladi.
Nafas olish sistemasi jabralardan iborat. Baliqlar suvda erigan kislorod bilan nafas oladi. Ular og‘zi orqali yutilgan suvni jabra teshiklari orqali chiqaradi. Jabralar jabra ravoqlari (yoylari)dan iborat. Har bir ravoqning keyingi tomonida och qizg‘ish tusli varaqlari, oldingi tomonida jabra qilchalari joylashgan (61-rasm). Jabra qilchalari suv bilan oqib keladigan oziqning tashqariga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Jabra varaqlari juda mayda kapillyar qon tomirlari bilan qoplangan. Jabralardan o‘tayotgan suvdan kislorod jabra varaqlari kapillyarlaridagi qonga shimiladi; karbonat angidrid esa qondan suvga ajralib chiqadi. Qahraton qishda muz tagiga kislorod o‘tmasligi yoki issiq yozda iliq suvda kislorod kam erishi tufayli baliqlar halok bo‘ladi.
Qon aylanish sistemasi yurak, qorin va orqa aortalari, arteriya, vena va kapillyardan iborat. Yuragi yurak qorinchasi va bo‘lmasidan iborat. Yurakdan chiqadigan qon tomirlari arteriyalar, yurakka keladigan qon tomirlari venalar deyiladi. Zog‘ora baliqning yuragi jabralardan keyinroqda joylashgan (62-rasm). Baliqlarning yurak bo‘lmasi va qorinchasining galma-gal qisqarishi tufayli qon yurak bo‘lmasidan qorinchasiga, undan qorin aortasiga chiqariladi. Qon qorin aortasidan jabra arteriya lariga, ulardan kapillyarlarga o‘tadi. Kapillyarlardagi qon karbonat angidridni suvga chiqarib, kislorod bilan boyiydi. Kislorod bilan boyigan qon arteriya qoni deyiladi. Bunday qon qið-qizil bo‘ladi. Arteriya qoni jabralardan chiqib, umurtqa pog‘onasi ostidan butun tana bo‘ylab o‘tadigan orqa aortaga keladi. Orqa aorta organlar yaqinida arteriyalarga, tana organlarida esa mayda kapillyarlarga ajraladi. Kislorod va ichakdan so‘rilgan oziq moddalar kapillyarlar devori orqali to‘qimalarga, karbonat angidrid va moddalar almashinuvi mahsulotlari esa to‘qimalardan qonga o‘tadi. To‘qimalarda qon karbonat angidrid bilan to‘yinib to‘q qizil rangli vena qoniga aylanadi va vena qon tomirlariga to‘planib, yurak bo‘lmasiga quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |