Organizmda energiya sarfini o’lchash
Organizm tinch turganida sarflangan engergiya osonlik bilan issiqlik energiyasiga aylanadi. Shuning uchun ham bu issiqlik miqdori sarflangan ja'miki energiyaga nisbatan ekvivalent hisoblanadi. Boshqacha aytganda tanadan ajraladigan issiqlik miqdorini o’lchab energiya sarflanishi haqida xulosa qilish mumkin. Bu energiya asosan ikki xil usulda o’lchanadi, ya'ni bevosita va bilvosita kalorimetriya yo’li bilan.
Bevosita kalorimetriya shu bilan xarakterlanadiki, bu vaqtda tanadan ajraladigan issiqlik maxsus kameralardagi suv haroratini o’zgartirishi (oshirishi) bilan o’lchanadi. Odam yoki hayvon har tomonlama izolyasiya qilingan kameraga joylashtirib unga kiradigan va butun devorini (kamera atrofini) aylanib, ma'lum vaqtdan keyin chiqib ketadigan suv harortining farqi hisoblanadi va tanada ajraladigan issiqlikka qarab energiya sarfi haqida xulosa chiqariladi. Bu usul birinchi marta 1788 yili Antuan Lavuaze (fransuz ximigi) va Per Simon Laplas (fransuz fizigi, matematigi) tomonidan taklif qilingan bo’lib, eng aniq ma'lumotlar olish imkoniyatini bersada, amalda juda kam qo’llaniladi. Chunki, bunday kameralar juda katta hajmda bo’lib noqulay, ulardan turli ish jarayonlarida foydalanish imkoniyati nihoyatda oz.
Bilvosita kalorimetriya organizmda energiya almashinuvini nafas olish uchun sarf qilingan kislorodga ko’ra aniqlash demakdir. Aniqlanishicha o’zlashtirilib olinadigan O2 miqdori bilan energiya almashinuvi intensivligi orasida to’g’ridan-to’g’ri bog’liqlik bo’lar ekan, ya'ni sarflanayotgan O2 ning ozayishi va ko’payishiga qarab energiya almashinuvi ham proporsional holda o’tkaziladi.
Ba'zi bir tadqiqotchilar organizmdan ajralib chiqqan SO2 miqdori bilan ham enegiya almashinuvini aniqlash mumkin degan taklifni beradi. Lekin bunday yo’l bilan energiya almashinuvi haqida xulosa chiqarish qiyin, chunki organizmning CO2ni to’plash xususiyati ancha yuqori, shuning uchun nafas chiqarish bilan ajratiladigan CO2 miqdori ma'lum vaqt birligida hosil bo’lgan energiyaga ekvivalent bo’lmasligi mumkin. Kislorod esa CO2 singari organizmda to’planmaydi va uning o’zlashtirilgan qismi energiya ajralishi haqida to’liq ma'lumot berish mumkin.
O’zlashtirilgan O2 qarab energiya almashinuvini aniqlash uchun ma'lum vaqt ichida sarf qilingan gaz ochiq va yopiq respirator tizimlar yordamida o’lchanadi. Yopiq tizim shu bilan xarakterlanadiki, tekshiriluvchi odam yoki hayvon hamma tomoni berkitilgan (izolyasiya qilingan) kameradagi havodan nafas oladi. Nafas chiqarish havosi ham tashqariga chiqarilmasdan undagi CO2 maxsus modda orqali (ishqor eritmasi) yutiladi va qolgan havo yana nafas olish uchun ishlatiladi. Nafas olinadigan havo tarkibida O2 ning kamayib borishi maxsus asbob orqali qayd qilinadi (spirografda). Yopiq respirator tizimning noqulayligi shunchaki undan ko’chma sharoitlarda, masalan, har xil mehnat qilish chog’ida foydalanib bo’lmaydi.
Ochiq respirator tizim yopig’idan shu bilan farq qiladiki, bunda nafas olish to’g’ridan-to’g’ri atmosfera havosidan amalga oshirilib nafas chiqarish havosi maxsus asbobga o’tkaziladi va uning miqdori, tarkibi (O2 va CO2) o’lchanadi. Atmosfera havosining tarkibi ma'lumligi sababligi o’pkadan chiqarilgan havo tarkibi tahdid qilib ma'lum vaqt birligida qancha kislorod sarflanganini va qancha CO2 hosil bo’lganligini o’lchash mumkin. Ochiq respirator tizim bilan o’zlashtirilgan CO2 ni hisoblashda eng qulay usul bu Duglas-Xolden usulidir. U bilan ish olib borilganida chiqariladigan havo maxsus qopga yig’ib olinadi va keyin gaz analizator yordamida tahlil qilinadi.
Umumiy va asosiy almashinuv. Odam va hayvon organizmidagi umumiy almashinuv asosiy va ma'lum ish bajarilganida sarf qilingan energiya almashinuvi yig’indisiga teng. Asosiy almashinuv qo’yidagi standart sharoitlariga amal qilinganida qayd qilinadi: 1) ertalab 2) tinchlik holda (yotgan holda) 3) oxirgi ovqatlanish 12 soat o’tganidan keyin 4) optimal muhit harorati (22-240 C) sharoitida. Tanada qayd qilinadigan asosiy almashinuvga juda ko’p omillar sezilarli darajada kuchli ta'sir qiladi, masalan, aqliy va jismoniy mehnat qilish asosiy almashinuvni kuchaytiradi, qayd qilinadigan ertalabki asosiy almashinuv kechasi ancha pasayadi va hokozo. Yana u ovqat yeyilganida darhol oshadi, ayniqsa ovqat tarkibida oqsilli moddalar ko’p bo’lsa, bu farq ancha sezilarli va davomli bo’ladi (12-18 soatgacha). Ovqat yeyilganidan keyin asosiy almashinuv ko’payishi ovqatning spesifik-dinamik ta'siri deyiladi. Aralash ovqat iste'mol qilinganida asosiy almashinuv 10-15 % ga oshsa, oqsilli ovqatdan keyin 30-40% ga oshadi. Uglevodlar yig’ilganidan keyin esa u 4-7% ga ko’payadi. Bunday spetsifik dinamik ta'sir turli xil sabablarga ko’ra kelib chiqadi. Birinchidan hazm fermentlari ta'sirida murakkab moddalar parchalanib o’zidan energiya chiqadi. Ikkinchidan xazm jarayonida intestinal gormonlar qancha ko’prok o’tib energiya almashinuvi intensivligini oshiradi, uchinchidan bu xolat boshqa garmonlar miqdorining o’zgarishiga ham bog’liq bo’lishi mumkin. Ovqatning spetsifik dinamik ta'siri bilan yuzaga keladigan energiya almashinuvi intensivligini odam o’z ixtiyori bilan o’zgartira olmaydi, ya'ni u biz xoxlasak, xoxlamasak ovqat yegandan keyin yuz beradi. Qayd qilingan barcha standart sharoitlarga rioya qilsada, asosiy almashinuv sog’lom odamda uning yoshi, jinsi, massasi va buyiga qarab har xil bo’ladi. O’rtacha asosiy almashinuv bir soatiga har bir kg tana massasi uchun 1 kkal /4,2 kDJ / hajmida bo’ladi. Shunga ko’ra tana massasiga odamda sutkali asosiy almashinuv o’rtacha 1700 kkal /7100 k DJ/ ga tengdir.
Jismoniy yuklama vaqtida energiya almashinuvi bajaradigan ish xajmiga qarab oshib boradi. Erkaklar «nisbiy tinch» xolda ishlaganlarida sutkasiga o’rtacha 2300 kkal (9600 kJ) energiya sarflaydi. Bu ko’rsatkich o’tirib ish bajaradigan ko’pgina odamlarga xos bo’lib, hozirgi paytda aholining anchagina qismiga tegishlidir. Ayollar tana massasi erkaklarga nisbatan bir muncha kam bo’lganligi uchun ularda umumiy almashinuv ko’rsatgichi ham biroz kam bo’ladi. Jismoniy yuklama bajarish bilan energiya almashinuvini kishi o’z hohishi bilan o’zgartirishi mumkin, ya'ni kamroq yuklama bajarsa, energiya kam sarflanadi, ko’p ishlasa ko’p sarflanadi va hokazo. Ish paytida jismoniy yuklama bajarish turli kasb egalarida har xil bo’lib, shunga ko’ra ular besh guruhga bo’linadi:
1-guruh. Juda kam jismoniy faollikka ega aqliy mehnat egalari (olimlar, shifokorlar, pedagoglar, EHM operatorlari, hisobchilar va boshqalar). Bu guruhga mansub erkaklarda ko’pincha (yoshiga qarab) 2550-2800 kkal, ayollarda esa 2200-2400 kkal energiya sarflanadi.
2-guruh. yengil jismoniy ish bilan shug’ullanuvchilar (avtomatlashgan korxona ishchilari, tramvay va trolleybus xaydovchilar, hamshira va sanitarkalar, tikuvchilar, sotuvchilar va boshqalar), ularda energiya sarfi tegishli ravishda 2750-3000 va 2350-2550 kkal.
3-guruh. O’rtacha og’irlikdagi jismoniy mehnat bilan shugullanuvchilar (transport haydovchilar, slesarlar, jarrohlar, traktorchilar, avtobus haydovchilar, temir yo’lchilar va boshqalar) ularda energiya sarfi tegishli ravishda 2950-3250 va 2500-2700 kkal.
4-guruh. Og’ir jismoniy mehnat qiladiganlar (qurilishda ishlaydiganlar, paxtakorlar, qishloq xo’jalik mehnatkashlari, metallurglar, duradgorlar). Ularda energiya sarfi tegishli ravishda 3900-4150 va 3450-3700 kkal.
5-guruh. Eng og’ir jismoniy ish bajaruvchilar (shaxtyorlar, tog’ ishchilari, daraxt kesuvchilar, g’isht teruvchilar, loy ishlari bilan shug’ullanuvchilar, betonchilar, hammollar). Ular asosan erkaklar (ayollar odatda bunday ishga jalb qilinmaydi) bo’lib, energiya sarfi 3900-4300 kkalga teng.
Aqliy mehnat qilganda ham asosiy almashinuv oshadi. Bu ko’payish, miya hujayralarining intensiv ishlashi bilan emas, balki reflektor holda muskul faoliyatining oshishi bilan tushuntiriladi.
Energiya almashinuvi intensivligining tana ko’lamiga (razmeriga) bog’liqligi yoki Rubner qonuni. Yuqorida qayd qilingani singari har bir organizm tomonidan o’zlashtiriladigan O2 miqdori undagi energiya almashinuvi haqida aniq ma'lumot beradi. Olib borilgan tekshirishlar mayda hayvonlarda har bir kg tana massasi hisobiga sarflanadigan O2 ning miqdori yirik hayvonlarga qaraganda ancha ko’p bo’lishini ko’rsatadi. Bu holat kichik hayvonlarda tana yuzasining massasiga nisbati yirik hayvonlarga qaraganda yuqori bo’lishi bilan tushuntiriladi. Ya'ni mayda hayvonlarda tana yuzasi massasiga nisbati katta, termodinamika qonun-qoidalariga nisbatan yuza qancha keng bo’lsa, issiqlik tarqalishi shunchalik intensiv bo’ladi. Shuning uchun ham sichqon o’z tana haroratini bir xil saqlash uchun filga qaraganda ko’proq issiqlik ishlab chiqaradi (tana og’irligiga nisbatan), bu bog’liqlikni ifodali ravishda «sichqon fil egri chizig’i» ham deyiladi.
Bu noyob holni (fenomenni) birinchi marta bundan yuz yil oldinroq nemis fiziologi Maks Rubner qayd qilgan va unga ko’ra tananing har 1 m2 yuzasiga nisbatan issiqlik ishlab chiqarishi kichik hayvonlarda ham katta hayvonlarda ham bir xil bo’lar ekan. Shunday qilib, energiya almashinuvining intensivligi tana yuzasining ko’lami bilan o’lchanadi va bu qonunni Rubnerning tana yuzasi qonuni deb aytiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |