Tarixchilar. Tarix ilmining yirik namoyondalaridan biri Mirxond (1438–1498) bo‘lib, uning haqiqiy ismi Muhammad Xovandshoh ibn Mahmuddir. U Balxda tug‘ilgan bo‘lsa-da, umrining deyarli ko‘p qismini Hirotda o‘tkazadi. Mirxondning
ota-bobolari asli buxorolik bo‘lib, fiqh ilmida zamonasining yetuk olimlari sifatida shuhrat topganlar. Mirxond haqida ma’lumotlar juda kam. U haqida ayrim ma’lumotlar nabirasi Xondamir tomonidan yozib qoldirilgan: “Padarpanoh janob
amir Xovand Muhammad yigitlik chog‘larida turli ilmlarni tahsil etish va nafs fazilatlarni kamoliga yetkazishyo‘lida tirishqoqlik va zo‘r mehnat qildi…qisqa vaqt ichida bilimdonlikda zamon fozillarining peshqadami bo‘lib oldi. U (ko‘proq) tarix ilmini kasb qildi va jahon ahvolini hamda osori atiqalarini tahqiq qilishga kirishdi. Oliyjanob xotirani tez fursat ichida bu fanni egallashdan forig‘ qildi, ammo fe’lu atvori maishat ahli bilan qo‘shilishga yo‘l bermadi, zavqu shavqqa berilmadi… Dars berish va amru ma’rifatga ishtiyoq uning ravshan xotirida aslo ko‘rinmadi. Ammo (bu hol) … orzu va omonlikning qiblagohi, ya’ni oliyjanob Sulton (Husayn) hazratlari yaqin do‘sti (Amir Alisher Navoiy)ning huzurlariga borganicha va uning har turli navozish, marhamat, iltifot hamda muruvvatlarini topgunlaricha davom etdi”.
MirxondAlisher Navoiyning ko‘rsatmasi va homiyligi bilan “Ravzat ussafo” (“Jannat bog‘i”) asarini yozadi. Xondamirning ta’kidlashicha, ushbu asar Mirxond tomonidan tugatilmagan. Asar Xondamir tomonidan yozib tugatilgan. “Ravzat ussafo” asari dunyoning yaratilishidan to 1523-yilgacha bo‘lgan O‘rta Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. Mirxondning bu asari Sharq mamlakatlarida katta shuhrat qozonadi. Dunyo
kutubxonalarida “Ravzat us safo” asarining ko‘pgina qo‘lyozma nusxalari mavjud. Yevropada Mirxondning asari ancha vaqtgacha Sharq tarixi bo‘yicha muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.
Mirxondning nabirasi Xondamir (1475–1535) ham o‘z davrining mashhur tarixchisidir. U hazrat Alisher Navoiyning shogirdi edi. Xondamir 15-16 yoshlarida Alisher Navoiyning diqqat-nazariga tushadi va uning vafotiga qadar ulug‘ shoirning yonida bo‘lib, uning kutubxonasiga boshchilik qiladi. Xondamir o‘zining keng ma’lumoti, ilm-fanga intilishi bilan ulug‘ olim va mutafakkir shoirning hurmat-e’tiborini qozonadi. Navoiy Xondamir haqida “Majolis un nafois” asarida quyidagilarni yozib qoldirgan: “Mavlono Xondamir Mirxondning farzandidir va salohiyatli yigitdir. Tarix ilmida moharati bordir”.Xondamir sermahsul olim edi. U tarixga oid o‘nga yaqin asarlar yozib qoldirgan. Xondamir o‘zining o‘lmas tarixiy asarlari bilan ko‘p asrlik madaniyatimiz xazinasini boyitdi va ilm-fan tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Xondamir o‘z asarlarida xalqimizning o‘tmish tarixi va voqea-hodisalarini go‘zal qilib tasvirlagan. Ayniqsa uning “Habib ussiyar” asari O‘rta Osiyo va Xurosonning XV asr oxiri va XVI asrning birinchi choragidagi ijtimoiy siyosiy tarixini o‘rganishda muhim va qimmatli manbalardan biri hisoblanadi.