1404-yilda Saroymulkxonim Samarqandda shunday madrasa qurdirgan ediki, u o‘z hashamati bilan o‘sha davrdagi boshqa inshootlardan ajralib turardi. Unda o‘z davrining mashhur olimlari mudarrislik qilganlar. Hirot hududining o‘zidagina 36 ta madrasa bo‘lib, bu madrasalarda va shu hududda joylashgan xonaqohlarda ta’lim olish uchun turli mamlakatlardan talabalar kelar edilar.
Hirot tevaragida joylashgan amir Feruzshoh madrasasi va xonaqohi ayniqsa shuhrat qozongan edi. Injil anhori bo‘yida joylashgan Ixlosiya madrasasi va Xalosiya xonaqohi Husayn Boyqaro hukmronligi davrida barpo qilingan. O‘qitish tanlov asosida olib borilib, har oylik tanlovda bo‘sh talabalar tushirib qoldirilib, o‘qishni faqat kuchlilar davom ettirishgan.
Ulug‘bek farmoni bilan ⦁1417-yilda Buxoroda, ⦁1420-yilda Samarqandda, ⦁1433-yilda G‘ijduvonda madrasalar qad ko‘taradi. Hatto Buxoro madrasasining darvozasiga “Bilim olish har bir musulmon ayol va erkakning burchidir”, degan xitobnoma o‘yib yozib qo‘yiladi. Movarounnahrning bu uchta qadimiy shaharlarida barpo etilgan ilmgohlar, xususan, Samarqand madrasasi zamonasining dorilfununi edi.
Ulug‘bek madrasasi. 1420-yilda ochilgan Samarqand madrasasi ikki qavatli, ellik hujrali bo‘lgan. Har bir hujra uch xonaga: ⦁ qaznoq (omborxona), ⦁ yotoqxona va ⦁darsxonalarga bo‘lingan. Madrasada o‘sha zamonning iqtidorli olimlaridan mavlono Shamsiddin Muhammad Xavofy yetakchi mudarris bo‘lgan. O‘rta asrlarning mashhur olimlari Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshoniy, Mirzo Ulug‘bek va uning shogirdi Alouddin Ali Qushchilar turli fanlardan dars berganlar. Madrasa ochilgan kuni birinchi darsni Shamsiddin Muhammad Xavofy o‘qigan, darsda tolibi ilmlardan to‘qson nafari qatnashgan. Madrasada ilmi hay’at (astronomiya)dan darsni Qozizoda Rumiy bergan. Madrasada kamida 15–16 yil
tahsil ko‘rib, uning dasturi bo‘yicha fanlarni to‘la o‘zlashtirgan va imtihonlarda o‘z bilimini namoyish qila olgan tolibi ilmlarga sanad (shahodatnoma) yozib berilgan.
O‘sha davrda Samarqandda Ulug‘bek madrasasidan tashqari Xonim, Qutbiddin Sadr va Muhammad Sadr madrasalari ham mavjud edi. Madrasa va xonaqoh tinglovchilari fanning turli sohalaridan ko‘pgina kitoblarni tahlil qilar edilar. Amir Temur va uning avlodlari saroylarida ko‘hna dunyo va o‘rta asrning noyob asarlari saqlanib kelayotgan boy kutubxonalari bor edi. ⦁ Samarqandda Amir Temur va Ulug‘bekning, ⦁Hirotda Shohrux, Boysung‘ur, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning boy kutubxonalari ziyo tarqatish bilan mashg‘ul edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |