Zulfiya (1915)



Download 190.5 Kb.
Sana12.01.2017
Hajmi190.5 Kb.

ZULFIYA 
(1915)

O’zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, xalqaro tinchlik uchun kurash jarchisi Zulfiya Isroilova 1915 yili Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan.  Shoira Xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlarida (1931-1934) adabiy to‘garaklarda she’r mashq qila boshladi. 1935-1938 yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasining A.S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi.

So‘ngra 1938-1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O’zbekiston Davlat nashriyotida bo‘lim boshlig’i,  1950-1953 yillarda esa «O’zbekiston xotin-qizlari” oynomasida bo‘lim boshlig‘i va nihoyat, 1953-1980 yillarda «Saodat» oynomasining bosh muharriri bo‘lib ishladi.

Zulfiya 17 yoshida yozgan «Hayot varaqlari» (1932) nomli birinchi she’rlar to‘plami bilan Oydin, Muzayyana  Alaviya, Xosiyatxon Tillaxonovalar safiga kirib keldi. Yosh shoira poeziyasi zamonaviy, aktual mavzularga bag’ishlanadi. 

Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus klassiklari, xalq og’zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli benihoya bo‘ldi.

Shoira «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig’i» (1938) kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Ayni choqda mazkur to‘plamlardagi she’rlar yosh shoiraning she’riy mahorat sirlarini egallayotgan davrini xarakterlovchi asarlar sifatida ham muhim edi.

Ulug’ Vatan urushi davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. To‘plamdagi she’rlar Vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g’alabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan xarakterlidir. Zulfiyaning «Mening Vatanim», «Qo‘limda qurolu ustimda shinel», «Bizni kut» kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovar ruhini anglatuvchi asarlari qatoridan mustahkam o‘rin olgan.

Hozirjavob shoiraning urushdan so‘nggi yillarida yozilgan «Chorjo‘y—Qo‘ngirot» (1947), «Dalada bir kun» (1948), «Zootexnik qiz» (1952), «Tong qo‘shig’i» (1953) kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar» (1958), «Kuylarim sizga» (1965), «Salom, sizga erkparvar ellar», «O’g‘lim, sira bo‘lmaydi urush» kabi she’r va to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi, xunrez urushlarga la’natlar o‘qiladi. Uning «So‘roqlaydi shoirni she’rim» (1960), «Oydin» (1953), «Quyoshli qalam» (1967) kabi' ocherk, poema va dostonlari H. Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustodlarning yorqin xotiralariga bag’ishlangan. Serqirra ijod egasi Zulfiya H. Olimjo ning   «Semurg‘»,   «Zaynab  va   Omon»   dostonlari  asosida p’esa va opera librettolar ham yaratdi.

Zulfiya   «O’ylar»,   «Shalola»  kabi  she’riy  majmualari uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. «Saylanma»lari uchun Ittifoq Davlat  mukofoti,  hind mavzuidagi  she’rlari uchun Javoharlal Neru nomidagi umumhindiston sovrini, Tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun xalqaro «Nilufar» mukofotlariga sazovor  bo‘lgan.  Ayni chog’da  Zulfiyaning  xaldaro do‘stlik, tinchlik va  baynalmilal    ruhida    yozilgan badiiy va publitsistik asarlari uning katta jamoatchilik faoliyati bilan qo‘shilib ketadi.  Shoira  Hindiston,  Yugoslaviya, Shri Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda  bo‘ldi.   Sovet  xotin-qizlar  komitetining  a’zosi Zulfiya 1956 yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida  o‘tkazilgan   birinchi   Konferensiyasida  qatnashib, katta   anjuman  xotirasiga  bag’ishlangan  mashhur «Mushoira» (1958) asarini yaratdi.

Uning  she’rlari  rus,  ingliz,  nemis,   hind,  bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan.  Shoira Nekrasov, Lermontov, S. Shchepachev, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognesvet, M. Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi.

Yirik jamoat arbobi, shoira Zulfiya — O’zbekiston Oliy Sovetining deputati, Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan aloqa qiluvchi sovet komitetining raisi (1962) bo‘lgan.

Hukumat Zulfiyaning samarali ijodi va aktiv jamoatchilik faoliyatini Mehnat Qahramoni unvoni, Lenin ordeni va uch marta Mehnat Qizil Bayroq ordeni va medallar bilan taqdirladi.

U Bolgariya Xalq Respublikasining birinchi darajali «Kirill va Mefodiy» ordeni bilan mukofotlangan. Shoira 1975 yilda 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan Xalqlar do‘stligi ordenini olishga sazovor bo‘ldi. Ayni chog‘da u sobiq Ittifoq Davlat mukofoti laureati va Mehnat Qahramoni hamdir.


  Zulfiya
(1915-1996)

O'zbek shoirasi. 1915 yilning 1 martida Toshkentda tug'ilgan. O'rta maktabdan so'ng pedagogika institutida va aspiranturada ta'lim olgan. 1938-1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, keyinchalik O'zdavnashrda bo'lim boshlig'i, 1950 yildan 1980 yilga qadar “Saodat” jurnalida ishlagan. 1996 yilda vafot etgan.

1932 yilda “Hayot varaqlari” nomli birinchi she'riy to'plami bosilgan. So'ngra uning “Yuragimga yaqin kishilar”, “Yurak hamisha yo'lda”, “Kamalak” singari ko'plab she'riy to'plamlari va turkumlari nashr etiladi. 

Xalq orasida “Oydinda”, “Sensiz”, “Yurak”, “Falak”, “Bahor keldi seni so'roqlab”, “O'g'irlamang qalamim bir kun”, “Bo'm-bo'sh qolibdi bir varaq qog'oz” kabi she'rlari, “O'g'lim, sira bo'lmaydi urush”, “Mushoira” kabi she'rlari mashhur. “Uni Farhod der edilar”, “Quyoshli qalam”, “Xotiram siniqlari” kabi lirik va liro-epik dostonlar muallifi. 1935 yilda shoir Hamid Olimjon bilan turmush qurgan va uning bevaqt vofotidan so'ng ko'plab mahzun she'rlar yaratgan. Pushkin, Lermontov, Nekrasov, L. Ukrainka, V. Inber va boshqa ko'plab shoirlarning asarlaridan namunalarni o'zbek tiliga tarjima qilgan.

Xalqaro Javoxarla’l Neru (1968), «Nilufar» (1971) mukofotlari hamda Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1970) laureati. Shuningdek, u Bolgariyaning «Kirill va Mefodiy» (1972) ordeniga sazovor bo‘lgan.





Tong bilan shom aro. Zulfiya


Muallif: Zulfiya


Hajmi: 829 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish

 

SENSIZ

Mana, bir umrni yashadim sensiz,
Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib,
Tobuting boshida cho’kkanimda tiz,
Farzandlar ko’tardi qo’limdan tutib.

Shundan beri tikman. Har nega qalqon,


Baxtga, bahorga ham, qishga, qayg’uga.
Birov azasida yig’layman qon-qon,
To’yida yayrayman o’xshab ohuga.

Lekin qolganimda qalbim-la tanho,


Tuyg’ular zoriga solganda quloq.
O’zni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz so’roq:

Tirik ekan nega tashlab ketmading?


Mendan nafisroqning husniga oshiq,
Mendan yoniqrog’i tortmadi sani,
Edi nigohingga bor jannat ochiq,

Seni majnun etib bir yer go’zali,


Nega meni tashlab ketavermading?
Tirik ayrilishning dog’I og’irmish,
Xo’rlik kemirarmish umrni chaynab!

Bu-mudhish egovga berardim turish,


Ketsang ham menga jon tuyg’ungdan aynab.
Bilardim, qaydadir olasan nafas,
Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.

Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas,


Bugungi qadaming kechadan yirik.
Nega, nega meni tashlab ketmading?
Bilaman, rashk meni etardi halok,

Afzal ko’rganingni qarg’ab o’tardim,


Izingdan yurmasdim soyaday g’amnok,
Hayotda men uchun qolarding tirik,
Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.

Ma’yus taqdiringga yashab men sherik,


Mushkul bo’layotir shodlik yaratmoq.
Nega tirik ekan tashlab ketmading,
Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!

MEN O’TGAN UMRGA

Hayot kitobimni bexos varaqlab, 


Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim. 
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab. 
Suyish kerak bo‘lsa - telbacha suydim.

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob, 


Yurak boyligidan qilmabman parvo. 
Meni og‘ushlagan hayot naq oftob, 
Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.

Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim, 


Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima - bildim.
Shu-da bir yashash!..

SOG’INIB

Shu kunlarda bahorga zorman, 


Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q. 
Kuz singari za’far ruxsorman, 
Mevalar ham shoxlardan uzuq.

Shu kunlarda bahorga zorman, 


Tanxastalik ezadi ruhim. 
Tanho emas, qatorda borman, 
Yana neni izlaydi suqim?

Shu kunlarda bahorga zorman, 


Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul. 
Yaxshiyamki, qalamga yorman, 
So‘zlab turar bor dilimni ul.

Shu kunlarda bahorga zorman, 


O’z bahorim kabi bemisol. 
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman, 
Yo no‘noq qo‘l butagan nihol.

Shu kunlarda bahorga zorman...



BALKI

Ko‘zingda chaqmoqqa o‘xshash o‘tli nam, 


Ranging siniqishi, lab titrashi sir.
Balki, hisni bo‘g‘ib, irodangga jim 
Yolvorasan, kuch ber, bo‘lmay deb asir?

Ko‘mib yubormoqchi sen tul yoshliging, 


U - faqat yashnashga qodir tabiat.
Balki, baxt bekasi atagan kishing –
Ruhi ham istamas xazoning bevaqt?

Bilsang, daraxtni sindirar bo‘ron, 


Nihol bo‘lsa, yana o‘sar gurkirab. 
Balki, yo‘q ta’nalar, andisha, gumon, 
Baxtga haqqing yutar, diling zirqirab?

Yarim taqdir go‘yo siniq ko‘zgumish, 


Hayot taqozosi baxt bekamlikdir. 
Balki, to‘kqiz guling bilmasdan so‘lish, 
Pok hisning amriga kirmak kerakdir?

1915-yil 1-mart. Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida tug'iladi.

1931–34-yillar. Xotin-qizlar bilim yurtida o'qiydi. Adabiy to'garaklarda qatnashadi va she'rlar mashq qiladi.

1931-yil 17-iyul. Birinchi she'ri «Ishchi» gazetasida bosiladi.

1932-yil. Hamid Olimjon bilan uchrashadi.

1932-yil. «Hayot varaqalari» nomli birinchi she'rlar to'plami chop etiladi. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida o'qiydi.

1933–35-yillar. O'zbekiston Davlat nashriyotida ishlaydi.

1935–38-yillar. O'zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi til-adabiyot instituti aspiranturasida o'qiydi.

1938-yil. Bolalar nashriyotida muharrir.

1939-yil. «Qizlar qo'shig'i» she'riy kitobi chiqadi.

1941-yil. O'zbekiston Davlat nashriyotida adabiyot bo'limi boshlig'i.

1943-yil. «Hulkar» kitobi, «Uni Farhod der edilar» poemasi nashr etildi.

1944-yil. «Hijron kunlarida» kitobi chiqadi.

1944-yil. Hamid Olimjon vafotiga atab «Kechir, qoldim g'aflatda», «Yulduz», «Ne balolarga etding mubtalo», «Sen qaydasan, yuragim», «Ko'rganmiding ko'zlarimda yosh», «Bahor keldi seni so'roqlab» she'rlarini yozadi.

1950–53-yillar. «O'zbekiston xotin-qizlari» jurnali bo'limi boshlig'i.

1950-yil. «Men tongni kuylayman» she'riy kitobi chiqadi.

1953-yil. «Dugonalar bilan suhbat» kitobi nashr etiladi. «Oydin» ocherki bosildi.

1954-yil. «Saodat» jurnalining bosh muharriri.

1958-yil. «Yuragimga yaqin kishilar» kitobi chiqadi. «Mushoira» she'ri, «Zaynab va Omon» operasi librettosi yozildi.

1965-yil. O'zbekiston xalq shoiri unvoni beriladi. «Kuylarim sizga» she'rlar to'plami, «O'ylar» adabiy maqolalari kitobi chop etiladi.

1967-yil. Neru xalqaro mukofoti laureati bo'ldi. «Quyoshli qalam» poemasini yozdi.

1970-yil. Nilufar nomli xalqaro mukofot laureati bo'ldi.

1972-yil. «Visol» she'rlar to'plami nashr etildi.

1972-yil. Bolgariya Xalq Respublikasining I-darajali Kirill va Mefodiy ordenini oldi.

1974-yil. 2 jildlik «Asarlar» to'plami chiqdi.

1975-yil. «Yillar, yillar» she'rlar kitobi chop etildi.

1976-yil. «Kamalak» she'rlar kitobi uchun Davlat mukofoti berildi. «Shalola» she'rlar kitobi chiqdi.

1984-yil. Mehnat Qahramoni unvoni berildi. Respublika Davlat mukofoti laureati boldi, Hamid Olimjonning «Semurg'» dostoni asosida pyesa-ertakyozdi.

1996-yil. 81 yoshida vafot etdi.

Koinotning quyoshi bor, tabiatning bahori bor, ayolning sehrli iffati va go'dakning dunyoga teng tabassumi bor,uzukning ham yuksak ezgulik va go'zallik ramzi bo'lgan ko'zi bor,badiiyatimizda esa Siz bor...

Adabiyotshunos olim Vohid Zohidov

ZULFIYA BEGIMGA



Umrlarcha davom etsin

Vatan ufqida parvozing,

Zamon aksi sadosidek

jaranglab tursin ovozing.

Shoir G’afur G'ulom



 

Shoira Zulfiyaning adabiyot olamimizdagi

ovozini birinchi eshitganimda,birinchi she'rlarini

o'qiganimda ilhomoning tozaligi, hislarining

nafisligi, she'rlarining samimiyligidan suyungan edim...

Yozuvchi Oybek



 

Zamondoshim, uzoq ijod yo'lida hamfikr va

hamkasbimiz Zulfiya haqida o'ylasam shunday

fikr yodimdan kechadi. Zulfiyaning oddiy temirchi

qizidan qahramon shoira darajasigacha bosib

o'tgan yo'li - bu Sharq xotin-qizi, o'zbek ayolining

shonli yo'lidir...

Yozuvchi va dramaturg Komil Yashin



 

Zulfiyaning she'rlarini ona tilim - boshqird tiliga

o'girarkanman, ulardan olgan zavq meni lol qoldirgan.

Boshqirdistonlik shoir Mustay Karim



 

Agar Zulfiya Armanistonda tug'ilganda - Silva,

Leningradda tug'ilganda - Bergols, Bolgariyada

Bagryana, Yugoslaviyada tug'ilganda ham Desanka

Maksimovichdek mashhur shoira bo'la olar edi...

Dog’istonlik shoir Rasul Hamzatov



 

Men shoira poeziyasida dilbarlik, donolik, bu ulkan

madaniyatning qo'lga kiritgan ulkan yutug'i ekanligini

ham ta'kidlamoqchiman...

Qirg’iz xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov



 

Sizning misralaringizni kuychi bulbullarimiz shunday

kuylaydiki, ularni Moskvada turib ham eshitish mumkin.

Sizning ovozingiz hamisha tetik...

Davlat arbobi Nikolay Tixonov



 

...Zulfiyaning g'ururi, sururi, butun iztirobi, dardlari,

kuyunchi, suyunchi, osuda xayollari, dolg'ali tuyg'ulari

balqib yotgan betakror ijodiyoti xalqimiz mehnati,

hayoti, kelajagining ajralmas bir parchasi. Uning bedorligi,

beoromligi, ilhomi, hijroni, o'chmas muhabbati -

o'z xalqining yuragiga, tomir urishiga hamohang.

Shoira Oydin Hojiyeva



 

Adabiy davralarda Zulfiya opaga juda katta mehr

bilan boqib, u kishini "she'riyatimiz malikasi" deb

atab keladilar...

O’zbekiston qahramoni, shoir Abdulla Oripov



 

Zulfiya singari siymolar xalqning baxti bo'lib yaraladilar.

Bu baxt, avvalo, o'zbekniki, O'zbekistonniki, mamlakatniki,

so'ngra esa dunyoniki...

O’zbekiston qahramoni, shoir Erkin Vohidov



 

"Bahor egachisi"

Qayda bersa yangilikjilva,

Qayda gurlab tursa qizg'in ish,

Qayda qo'shiq kuylasa jilg'a, -

O'sh yerda u uchar emish

Va yoshligin u quchar emish.

Zulfiyamni senga, oltin kuz,

Men bermayman umidingni uz.

 

Rus shoiri, tarjimon, noshir Semyon Lipkin



"Hofiz bir paytlar aytganidek, poeziyada fikr va tuyg'u bir-biri bilan topishgan nikohdagina farzand tug'iladi. Menimcha, sizning yangi she'rlaringizda fikr va tuyg'ularning ana shunday ittifoqi mavjud. Shuning uchun ham bu she'rlar samaradordir".

 

G'azal mulkining sultoni Alisher Navoiy o'z sevgilisi



Guliga she'riyatda besh bebaho haykal qo'ydi. Bu haykal

go'zallik ma'budasiday asrdan asrga o'tib, sevib o'qilmoqda.

Zulfiyabegim yaratgan she'riyat haykali ham abadiydir.

Shoira E'tibor Ohunova



Umr o’tib bormoqda. Umr o’tgan sari odam bosgan yo’llarini, boshdan kechirgan yillarini tez-tez eslab turar ekan. Inson bosib o’tgan yillar va yo’llar - nimadir ular? Masofami, vaqtmi yo boshqa narsami? Menimcha, ular umring davomida senga ro’para kelgan, hayotingda iz qoldirgan odamlar-do’stlar, qarindoshlar, ustozlar, safdoshlar. Afsuski, ulardan ancha-munchalari allaqachon shoir Shayxzoda ta’biri bilan aytganda, «hechiston» mamlakatiga rixlat qilishgan, lekin ularning ruh poklari tirik, bot-bot huzurimga kelib turishadi, gurunglashamiz, dardlashamiz, maslahatlar quramiz. Vaqt o’tgan sari ularning o’rni bilinadi, ko’plarining siymosi tiniqlashadi, yuzlari, ko’zlaridagi nur o’tkirlashadi. Bunday eslashlar, bunday xotirotlar hamisha kishiga ruh beradi, bardam qiladi, mamnuniyat bag’ishlaydi. Hayot yo’llarimda shunday ulug’ zotlarga ro’para kelgan ekanman, ular bilan hamsuhbat, hamfikr, hamdard bo’lgan ekanman, demak umrim unchalik ham behuda o’tmapti.

Bugun tongda Zulfiya opani esladim.Naqadar olijanob,naqadar nuroniy ayol edilar.O’ylab qarasam,Zulfiya opa o’zining she’rlari bilan,iboli va hayoli fe’l-atvori bilan,pokiza e’tiqodlari-yu,zukko fikrlari bilan mening hayotimda katta o’rin olgan, ma’naviy dunyomning katta bir qismini tashkil qilgan inson bo’lgan ekan,U kishi shunday ulug’ sifat ayol edilarki, har gal ro’para kelganimda darrov hushyor tortar, kiyim-kechaklarimni to’g’rilar,qadalmay qolgan tugmalarimni qadar,sochlarimni(ha-ha sochlarimni-bir zamonlar bu taqir bosh ustida qopqora qalam sochlar bo’lar edi)tekislab olardim-xullas ukishining ko’ziga har jihatdan orasta bo’lib ko’rinishga tirishardim. Men Zulfiyaning nomini urush yillaridayoq eshitgan,uning «Hijron» degan she’riy to’plamini, «Uni Farhod der edilar» degan dostonini yod olib, ko’p joylarda o’qib yurardim.Yaqinroqdan tanishish keyinroq nasib qildi.

1962 yilda Qozoqistonda o’zbek adabiyoti dekadasi bo’ldi.Dekadaga men ham bordim.Samolyotda Zulfiya opa bilan yonma-yon o’tirib qoldik.Har xil mavzularda gurunglashib,yo’lning tanobini tortib bordik.Gap orasida Zulfiya opa yarim hazil, yarim chin ma’nosida birdan so’rab qoldilar:

- Ozodjon,nega siz mening she’rlarim to’g’risida hech narsa yozmaysiz? Yoki yoqmaydimi?

Men duduqlanib nimalardir deb javob berdim, lekin o’ylanib qoldim-darvoqe, nima uchun shu paytga qadar Zyulfiya opa haqida hech narsa yozmadim? Yaxshi ijodni payqasang, quvonib targ’ib qilmasang, sening tanqidchiliging qayoqqa boradi? Shoshma, sen Zulfiya she’rlarini o’qigansan, albatta, lekin ularni uqqanmisan, bu she’rlar orqali shoirning qanday inson ekanligini bilib olganmisan? Ochig’ini aytganda o’sha dekada men uchun Zulfiyani ham kashf qilish dekadasi bo’ldi.

Aeroportga qo’nishimiz bilan qozoq do’stlarimiz bizni quchoq ochib kutib olishdi-allaqachon Sobit muqonov G’afur G’ulomni quchoqlab olib,unga nimalarnidir uqtiryapti.G’afur aka chust do’ppisini yarimta kiyib olib,Sobit og’aga sof qozoq tilida bir narsalar deyapti. Sochlari oppoq oqargan,novcha bo’yliAbdilda Tojiboyev hassasini sermab, Mirtemirning tevaragida girdikapalak. Tavba, men qozoq va o’zbek yozuvchilarining inoqligi, ijodiy hamkorligi to’g;risida ko’p eshitgan edim-u,bunaqa samimiyatni, bunaqa yaqinlikni kutmagan edim.

Men mashinaga Zulfiya opa bilan birga o’tirdim.Bizga Tursunxon Abdurahmonova degan qozoq shoirasi hamroh bo’ldi.Tursunxon bu yil sakson yoshga to’lar ekan.Umri uzoq bo’lsin,yuzga kirsin.Lekin men shoiraning saksonga kirganini hech tasavvur qilolmayman. U ochiq chehrali, xushsuvrat, o’ta dilbar bir ayol sifatida esda qolgandi. Zulfiya opani bilar ekan,bir zumda quvnoq gurung boshlandi.Tursunxon yaxshi she’rlar yozish bilan birga judachiroyli qo’shiqlar ham aytar ekan. Manzilga yetib borgunimizcha, uch-to’rtta ajoyib o’lanni qoralab tashladi.

Qozoqiston diyorida ko’p uchrashuvlar bo’ldi,har uchrashuvda Zulfiyaning nomi alohida tilga olinar,undan she’r o’qib berishini talab qilishardi.Qozoqlarning bizning shoiramizga muhabbati shu qadar cho’ng ekanki,bir-ikki joyda u favqulodda o’ziga xos tarzda namoyon bo’ldi.Safar davomida biz ko’kchatovga bordik.Benihoya go’zal maskan ekan.Chiroyli qarag’ayzorlar tevarak-atrofga muattar hidlar taratadi.Yengil tuman ichida elas-elas ko’rinayotgan tog’lar havoda muallaq turganga o’xshaydi.Lekin Ko’kchatovning dovrug’i tog’lari-yu, o’rmonlarida emas, ko’llarida ekan. Bir viloyatning o’zidakatta-kichk saksonta ko’l. Suvlari tiniq,bamisoli ko’zguga o’xshaydi. Unda sohildagi daraxtlar ham, tip-tiniq osmon ham aks etib, o’zgacha joziba kasb etgan. Ayniqsa Oynako’lning go’zalligi har qanday ta’rifdan yuqori. Qirg’oqqa yaqinroq joyda suv ichidan kattagina qoyatosh chiqib turibdi.Bu tosh darhol suv parilarini eslatdi-bunaqa go’zal ko’lda, ko’ldanda go’zal suv parilari , bo’lsa ne ajab. Eng qiziq voqea biroz keyin-tushlik vaqtida ro’y berdi. Tushlik she’rxonlikka,she’rxonlik qo’shiqqa ulanib ketdi.Gurung ayni qizib turgan bir paytda qozoq shoirlaridan biri turib,Zulfiyaga bag’ishlangan she’rini o’qib berdi.Unda shoir boyagi ta’rifi ketgan Oynako’lni ko’tarib ketishning iloji bo’lmasa-da,hammamizni xursand qildi.

Bir-ikki kundan keyin Balxashga bordik.Kunduzgi uchrashuvlardan keyin biroz dam olib,oqshomgi adabiy kechaga jo’nashimiz kerak edi.Birdan Zulfiya opa g’oyib bo’lib qoldilar.U kishining qayerda ekanligini hech kim bilmaydi.Mezbonlarimiz esa miyig’larida sirli kulib, «xavotir olmanglar , kelib qoladilar» deb bizni tinchitgan bo’lishdi. Darhaqiqat, qorong’u tushganda Zulfiya opa kirib keldilar - u kishining yonida chipta qopga o’ralgan uzun narsa ko’tarib olgan uchta odam bor edi. Ma’lum bo’lishicha,Ular Balxash baliqchilari ekanlar.Zulfiya opa bilan uchrashuvga ko’pdan beri mushtoq ekanlar.Shoiraning Balxashga kelishini eshitib, shoiraning o’zi bilan gaplashib , uni dengizga o’xshagan ulkan ko’l bo’yiga olib ketishibdi.She’rxonlik bo’libdi.Qo’shiqlar kuylashibdi.Baliqxo’rlik qilishibdi.Xullas, to’yib diydorlashishibdi.Baliqchilar ko’p mashaqqatlar chekib, shoiraga sovg’a qilish ucun ikki metr keladigan osyotra balig’ini ushlab qo’yuishgan ekan.Boyagi chiptaga o’ralgan uzun narsa osyotra balig’i ekan. Bilmadim, keyin baliq nima bo’ldi-Toshkentga olib kelishdimi yo o’sha yerda qolib ketdimi? Lekin buning ahamiyati yo’q edi. Muhimi qozoq mehnatkashlari shoiraga bo’lgan hurmat-ehtiromini ifodalashning g’oyat insoniy va original yo’lini topishgan edi.

O’shanda qozoq do’stlarimizning Zulfiyaga munosabatini ko’rib xijolat tortib ketdim- shoiraning dovrug’i shunchalik bo’lsa-yu,tahqidchilar u tomonga bir qiyo boqmasa?

Keyin O’zbekistonda ham Zulfiyaning ijodiy kechalarida ko’p qatnashdim.Yaypanda,Popda, Marg’ilonda,Toshkentda,Qo’qondagi bir uchashuv ham g’oyatda maroqli bo’lgan edi.Qo’qonliklar shoiraga siyohdon sovg’a qilishdi. «Bu Nodirabegimning siyohdoni.Nodirabegim sizga qalamini ham meros qilib qoldirgan.Siz Nodirayi davronsiz.Nodira aytolmay ketgan qo’shiqlar sizning qalamingizdan to’kilsin»,deya lutf qilishdi.Zulfiya opaning dovrug’I butun jahon bo’ylab taralgan edi.Qaysin Quliyev,David Kug’iltinov, Mustay Karim kabi ulug’ san’atkorlar uning yaqin do’sti edi. U xalqaro «Nilufar» va Neru nomidagi mukofotlarning sohibasi bo’lgandi.Lekin mukofotu unvonlar orasida bitta unvon bor ediki, bu bilan Zulfiya opa alohida mag’rurlanardi. U O’zbekiston xalq shoirasi edi.Shuning uchun bo’lsa kerak , «Baxtim shulki,o’zbekning Zulfiyasiman» deya xitob qilgandi. Men, albatta,Zulfiya opa haqida yozdim, uning to’g’risida adabiy portret yaratdim, yangi she’riy kitoblariga taqriz yozdim, maqolalarda uning to’g’risida mulohazalar yuritdim.Lekin aytmog’im kerakki,mening yozganlarim bu ulkan shoiraning ijodi oldida urvog’ ham bo’lolmaydi. Men uning nafosatini , go’zalligini, fikriy boyligini ko’ngildagidek, o’sha she’riyatga munosib tarzda ochib berolgan emasman. Mana hozir ham yozayapman-u, lekin qalamim eski o’rganib qolgan maddohlik yo’liga toyib ketayotganini sezib turibman. Nechundir mening tasvirimda Zulfiya opa farishta misol bo’lib chiqyapti.Holbuki,u inson edi va har qanday inson hayot yo’lida duch keladigan hamma sinovlar, mashaqqatlar, iztiroblar uning ham boshiga tushgan edi. Ko'pgina she’rlarida Zulfiya opa o’zining «kemtik baxti» haqida gapiradi. Umrining so’nggida yozgan «Xotiram siniqlari» dostonida esa o’sha mashaqqatlar to’g’risida benihoya mardonalik bilan yozadi. Bu asar teranligi va mardonavorligi bilan menga Anna Axmatovaning «Marsiya» («Rekviyem») degan asarini eslatadi.

Shoiraning she’rlari haqida, ularning latofati, insoniy jozibasi, teranligi to’g’risida juda ko’p gapirish mumkin. Lekin men bugun boshqa bir savolga javob izlayapman-Zulfiyani odamlarga ardoqli qilgan,adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylantirgan, XX asrning buyuk ayollari qatoriga qo’shgan asosiy omil nima? Menimcha, bu uning e’tiqodi, juda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlari , dili bilan tilinng birligi, she’rlarida madh etgan insoniylik,vafo, sadoqat va diyonat degan narsalarga o’zi hayotda og’ishmay amal qilganida. Iste’dod ulug’ ne’mat, lekin iste’dodning o’zi bilan ish bitmaydi, shekilli. Ming afsuski, bizda ayrim iste’dodli shoirlar va shoiralar bor,biroq ular o’zlarining iste’dodlariga berilib ketadilar-u, shunga yarasha inson sifatida ham ulug’ bo’lishi kerakligini unutib yuboradilar. Bunaqa odamning ijodi biron-br tayinli qimmatga yoxud salmoqqa ega bo’lolmasligi o’z-o’zidan ayon. Zulfiya opaning ibrati shundan dalolat beradiki,har qanday iste’dodning yoniga insoniy fazilat qo’shilsagina. Ijod muayyan salmoq kasb etadi. Bunga esa butun umr bo’yi davom etadigan mashaqqatli mehnat bilan, astoydil jon kuydirish bilan erishiladi. Zulfiyaning oilaviy hayoti,muhabbati tarixi ko’pchilikka yaxshi ma’lum. Zulfiya shoir Hamid Olimjonnisevib,u bilan 1935 yilda turmush qurdi. Biroq oradan to’qqiz yil o’tgach, nogahoniy falokat tufayli ikkita farzandi bilan eridan beva qoldi. Keyin esa umrining oxirigacha Zulfiya Hamid Olimjonga muhabbatini bosh ustiga qo’yib, avaylab, asrab, gard yuqtirmay olib o’tdi.Ba’zan Zulfiya opa to’g’risida ikki bolani otasiz tarbiya qildi deyishadi. Mehingcha, bu unchalik to’g’ri emas, chunki Hamid Olimjon ruhan o’z xonadonini biron kun hantark etgan emas. Devorlardagi suvratlarda Hamid Olimjon yirik-yirik ko’zlari bilan mutassil Zulfiyaga, farzandlariga qarab,ularning hollaridan xabar olib turardi, javondagi kitoblardan uning salobatli ovozi eshitilib turardi. Otaning ruhi tirik bo’lsa, u oilaning hamma ishlarida, shu jumladan, bolalar tarbiyasida ham ishtirok etaverar ekan.

Zulfiya - atoqli shoira, yirik davlat arbobi, jamoat ishlarida faoliyat ko’rsatadi, el nazaridagi inson. Lekin u birinchi navbatda ayol, ayol bo’lganda ham o’zbek ayoli edi.U ayol sifatida muayyan burchga ega edi, Hamid Olimjondan erta ayrilgan farzandlarini o’stirib, odam qilib yetishtirmoq kerak edi. Bu esa eh-he, dunyodagi ehg qiyin, eng mashaqqatli ishlardan biri.Qizig’I shuki, siz farzandlaringizni moddiy ne’matlarga ko’mib yuborishingiz mumkin. Ular yaxshi kiyinishi, yeb-ichishi, shuhratingiz shu’lasida gerdayib yurishlari mumkin. Lekin bularning hech qaysisi farzandning qobil bo’lib chiqmog’I uchun yetarli bo’lmasligi mumkin. Nima uchundir u narkoman, bezori, buzuq, o’jar,o’g’ri bo’lib chiqishi hech gap emas. Zulfiya opa 30 yoshida beva qolgan edi- u 30 yashar ayolga atalgan bu dunyoning jami huzur – halovatidan, lazzatidan kechdi, qalbining butun qo’rini farzandlariga bag’ishladi. Buning oqibatida qizi Hulkar olima bo’ldi, nafaqaga chqquniga qadar dorulfununda dars berdi.Oybek domlaga munosib kelin bo’ldi,o’g’li Omon esa- mana, qirq yildirki, Oliy Majlisda ishlaydi.U bu yerga oddiy korrektor bo’lib ishga kirgan edi, keyin maslahatchi bo’ldi, bo’lim mudiri darajasiga ko’tarildi,hozir esa Oliy Majlisning deputati, xizmat ko’rsatgan huquqshunos. Eng qizig’i shuki, men Hulkarni ham, Omonbekni ham qirq yildan beri bilaman, lekin ularning biron marta kalondimog’lik qilganini, burni ko’tarilganini, boshqalarni mensimay qo’yganini ko’rgan emasman.Binobarin Zulfiya opa o’zining onalik burchini ham juda o’rinlatib ado etdi- jamiyat uchun yaxshi fazilatlarga ega bo’lgan ikki ajoyib insonni tarbiyalab yetkazib berdi.

Zulfiya opa o’zbek she’riyatida o’ziga xos bir maktab yaratgan edi.Uning shogirdlari ko’p edi. Bulardan ayrimlari- Oydinxon, Qutlibeka va boshqalar bugun Zulfiya opaning chirog’ini so’ndirmaslikka harakat qilib, samarali ijod qilmoqda. Shoira shogirdlari bilan birga go’zal bir she’riyat chamanini yaratib ketdi.Xo’sh bugun bu bo’ston qay ahvolda? Uning holidan ogoh bo’lib, parvarishiga qarab turgan she’rshunoslar, she’rparastlar bormi?

Albatta, bugungu she’riyat o’z holiga tashlab qo’yilgan desak haqiqatdan uzoq bo’lar edi.Zabardast shoirlar bor,ularning tanlangan asarlari,yangi to’plamlari chiqib turibdi. Shu bilan birga shoir Erkin Vohidov aytgan «daho she’rlar» yaratilmayapti.She’riyatda borgan sari maydalashish holati sodir bo’layapti.Ayrim shoirlar o’zi bilgan narsalarni yozish o’rniga sun’iy gaplarni to’qib chiqaradi, yasama gaplarni gapiradi. Ba’zilar hali yigirmaga to’lar-to’lmas « kuydim- pishdim»ga o’tishadi, «o, dastingda dod dunyo» deb hayqiradi, ba’zilar «charxning men ko’rmagan dardu balosi qoldimu ?» degan savollarga ko’mib tashlaydi, yana ba’zilar chillaga kirgan mulladek , she’rda chilyosinlar o’qishadi.Ba’zan shoirlar izlanish qilaman deb shunaqa ko’chalarga kirib qolishyaptiki, yoqa ushlamay ilojing yo’q. Yaqinda bir shoirning she’rini tahlil qilishdi.Uning yori betob ekan. Uzoqdan o’rtog’ ko’rinibdi-yu, qizning ahvolidan xabar olib kelibdi.U yetib kelguncha, shoir xavotir ichida kutib turibdi. U kelib « Otang vafot etdi» debdi.Shoir xursand bo’lib ketibdi(yori o’lmaganiga bo’lsa kerak-da).Asarni maqtagan tuppa-tuzuk shoirlar xuddi ana shu joyni «ichki dunyoni ochishdagi yangi kashfiyot» deb taqdim etishdi. Kashfiyot o’lsin shunaqa bo’ladigan bo’lsa! Bunaqa gaplar she’rda chinakam she’riyat, nafosat o’rniga, sahnada ko’rsatiladigan yasama o’yinlar, sun’iy qiliqlar ko’payib ketayotganini ko’rsatmaydimi? Oq qog’ozning tili, zaboni yo’q- nimani yozsangiz chiday beradi, ammo iste’dodning iste’dodligi shundaki, u nimani yozishni bilishdan tashqari, nimani yozmaslikni ham yaxshi bilishi kerak.

Mayli, bu gaplarni qo’yaylik.Siz butun shogirdlaringizga butun jonu jahoningizni baxsh etgan edingiz, o’zbek she’riyatining zulfiyalari o’nlab balki undan ortiq bo’lishini istardingiz. Ammo nailoj-besh qo’l baravar emas ekan, shogirdlar ham pand berar ekan.Ularning nobakorligi, xiyonati, vafosizligi- ustozning hayoti davomida kechiradigan jabru jafolari ichida eng alamlisi,yurakda bitmas chandiq qoldiradigan zarba bo’lar ekan. Esingizdami,qaysi bir yili, qaysi bir viloyatga borib, kunduzi paxta terib,oqshomlari hovli devoriga tappi yopib yurgan bir qizni topib kelgan edingiz. Afsuski, u ishonchingizni oqlamadi, sizga munosib shogird bo’lolmadi.

Ha, iste’dod degani bu faqat mahorat degani emas,balki til va dilning birligi ham ekan. She’riy mahorat sizdagiga o’xshab yuksak axloqiy-ma’naviy prinsiplarga tayangandagina ijod butun xalq ardoqlaydigan, ko’p zamonlar mobaynida unutilmaydigan qadriyatga aylanar ekan.

Bugun tongda ruhi pokingiz bilan yana bir marta gurunglashdim,Zulfiya opa. Va yana bir marta amin bo’ldimki, o’zbek adabiyoti XX asrda har qancha ziddiyatli,mashaqqatli yo’lni bosib o’tgan bo’lmasin, unda bir qator tom ma’nodagi ijodkorlar yetishib chiqdi.Bugungi istiqlol kunlarida ularning ijodlari yangi qirralari bilan namoyon bo’lmoqda. Shu porloq yulduzlar ichida siz ham oldingi qatordasiz, Zulfiya opa! Toshkentdagi Degrez va O'qchi mahallalarini temirchi ustalarining beshigi deyish mumkin. Qariyb yuz yildan beri bu yerda po'lat quyib, cho'yan eritib, turli xo'jalik asboblarini yasaganlar. Tunuka surnaydan tortib, qo'rg'oshin to'pponchagacha, qilich-qalqondan tortib, qozon va omochgacha-hamma narsa shu yerda tayyorlangan.

Ana Shu mahallada yashovchi Muslim degrezni butun Toshkent ahli bilar va hurmat qilar edi. Muslim degrezning hovlisida katta doshqozon bo'lib, unda har ikki haftada po'lat yo cho'yan eritilar, ular turli shakllarga quyilar, so'ng qozon yo omoch shakilini olib, boshqa xonadonga kirib borar edi. Po'lat va cho'yan eritiladigan kun xuddi bayramdagidek quvonchli o'tardi.

Shunday kunlarda Muslim degrezning yonida uning besh nafar o'g'li ham turardi. Uning farzandlari ham ota kasbini egallagan, degrezlik hunariga astoydil ixlos qo'ygan kishilar edi.

Muslim degrezning beshta farzandidan biri Isroil degrez edi.

Isroil degrez yetti farzand ko'rdi va o'z farzandlarining eng kenjasini Zulfiya deb atadi.

Zulfiyaning bolalik chog'lari ana shu ish muhitida, po'lat tafti anqigan xonadonda kechdi. Uning nazdida otasi shunday mohir degrez ediki, u hatto po'latdan qo'g'irchoq quyishi ham mumkindek tuyulardi. U doshqozon atrofida bezovta yurgan otasining ortidan ergashib, «Dada, menga qo'g'irchoq yasab bering!» deb iltimos qilardi. Ozg'ingina, qorachadan kelgan, chayir tanli otasi erigan po'latning uchqunlarini sachratib, turli asbob – anjomlar yasar ekan, xalq ertaklaridagi pahlavonlaridek tuyulardi unga.

Har bir kasb-hunar kishilarining o'ziga xos fe'l-atvori bor. Degrezlar odatda kamgap, temir irodali,chayir kishilar bo'ladilar. Isroil degrezda bu fazilatlardan boshqa qator sifatlar ham bor edi. U o'z hunariga astoydil berilgan, mehri daryo, tiyrak nigohli, ilg'or qarashli kishi edi. U farzandlarini halol, mehnatsevar, xalq manfaati bilan yashaydigan kishilar qilib tarbiyaladi. Katta o'g'li Ismoil Moskvada, Sharq xalqlari universitetida tahsil olgach, mas'ul lavozimlarda ishladi. Qodir ham tashkilotchilardan biri bo'ldi. U pensiyaga chiqqunga qadar ota kasbini davom ettirib zavodda-quyuv sexida ishladi. Normat Isroilov esa 30-yillarning yirik davlat arbobi edi.

Zulfiya ota-onasi va akalaridan dastlabki hayot saboqlarini oldi.

Qish oqshomlarida butun oila sandal atrofida to'planar, Xadicha xola esa she'rlar o'qir edi. U qanchadan-qancha she'rlarni yod bilar, ularni ajib bir qiroat va hayajon bilan o'qirdi. «Men Navoiy, Bedil, Fuzuliy she'rlarini birinchi marta undan eshitgan edim, - der edilar Zulfiya opa. - Men onam tufayli ularning ko'pgina satrlarini hanuzgacha bilaman. Onam Fuzuliyning «Layli va Majnun» dostonini ayniqsa sevar edi. Bu muhabbat onamdan menga meros bo'lib o'tgan.

Lekin shunga aminmanki, mo'jizalar yaratishga qodir, jahonni ko'zga keng ochuvchi, insonni go'zallik sari yetaklovchi so'zga shaydolik hissini mening qalbimda ostona hatlab ko'chaga chiqmagan oddiy ayol-onam uyg'otgan...

Otam uchun ishning katta kichigi yo'q edi. Qudratli oltin qo'llar va saxiy qalbga ega edi u. Men hali-hanuzgacha otamday bo'lishni orzu qilaman, ammo, na iloj, inson qalbiga kira bilish temirga ishlov berishdan mashaqqatliroq; yurakni chaqmoq kabi alanga oldirishga har kim ham muyassar bo'lavermas ekan». (А.Акбаров. Изд. литературы и искусства им. Г.Гуляма. 1975. 20 стр.)

Ko'p o'tmay, Zulfiya bilim yurtini tugatib, 1935 yilda O'zbekiston Fanlar komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutining aspiranturasiga o'qishga kirdi. Bu yerda u o'zining nazariy bilimlarini oshirdi. Shu yillarda Til va adabiyot institutida Hamid Olimjon ham xizmat qilar edi. U Zulfiya bilan uchrashgan kezlarida uning ijodi bilan qiziqar, unga turli maslahatlar berar edi. Har bir uchrashuv ularni tobora yaqinlashtirar va bir-birlarining qalbiga muhabbat urug'larini socha boshlar edi.

1935 yil ular hayotiga baxtli sana sifatida kirib keldi. Xuddi shu yilning 23 iyulida taqdir ikki shoirning hayot rishtasini butun umrga bir-biri bilan uladi. Bu davrda Hamid Olimjon 26 yashar qirchillama yigit bo'lib, beshta she'rlar va hikoyalar kitobining muallifi, taniqli shoir, tirishqoq olim, yosh shoirlar uchun esa ustoz sifatida ham el og'ziga tushgan edi. U Zulfiya uchun turmush o'rtog'i va do'stgina emas, balki uning ijodiy taqdirida mislsiz ahamiyatga molik bo'lgan siymo ham bo'lib qoldi.

1936 yil. Tashqarida qalin qor oq gilam to'shagan. Hamid Olimjonning bolaligi tutib, Zulfiyani ko'chaga, chana uchishga taklif qildi. Chananing yo'qligi shoir ra'yini qaytarolmadi. U paltosining barini Zulfiyaga tutqazib, oppoq ko'cha bo'ylab qiyqirib, xandon urib, uni tortdi.

Zulfiyaxonim shoir bilan birga kechgan ana shu baxtli yillarda har qanday iste'dod doimiy mehnat tufayli charxlanishi, haqiqiy san'atkor buyuk mehnat intizomiga ega bo'lishi lozimligini ko'rdi. Hamid Olimjon har qanday sharoitda ham soat 6 dan 11 ga qadar uyda ijod bilan shug'ullanar, so'ng hali siyohi qurimagan asarini ovoz chiqarib o'qir va uning qanday jaranglashini tekshirib ko'rar edi.

Zulfiya o'zining har bir she'rini uning nazaridan o'tkazar, ammo Hamid Olimjon bu she'rlarga qalam urmas, balki ulardagi kuchli va kuchsiz satrlarni ko'rsatar, tushuntirar edi.Ulkan shoir, nodir insoniy fazilatlar sohibi Hamid Olimjon Zulfiyaga hamma narsada o'rnak bo'ldi. U ajoyib shoirdan fikrlashni, mehnat qilishni va she'r yozishni ham, do'stlarga mehribon, dushmanga shafqatsiz bo'lishni ham o'rgandi, uning ijodiy maktabida ta'lim oldi. Hamid Olimjon shu ma'noda Zulfiyaning qalbiga uyg'un hamrohi va sezgir maslahatchisi bo'ldi.

Barcha baxtiyor kishilar bir-birlariga o'xshaydilar. Baxtiyor inson dilnavoz oshiq yoki ma'shuqaga o'z qalbining billur tuyg'ularini nisor etadi. Zulfiya ham, Hamid Olimjon ham o'sha charag'on yillarda qalb qo'rini, mehr-muhabbat taftini bir-birlaridan sira ayamadilar.

Bu, ikki shoirning o'zaro hurmat va muhabbatga asoslangan ittifoqi edi.

Bu davrda Zulfiya ijodi bahor chog'laridagi qorli cho'qqilardan endigini paydo bo'layotgan kichik bir jilg'a edi. Kunlar, oylar, yillar o'tib, bu jilg'aning ulkan bir daryoga aylanishi muqarrar edi.

Yakshanba Hamid Olimjon va uning oilasi uchun chin ma'noda hordiq va istirohat kuni edi. Shu kuni shoir qo'liga qalam olmas, ayollar og'ir ro'zg'or ishlari bilan mashg'ul bo'lmas edilar. Odatda, u barvaqt turib, Zulfiya bilan birga bozorga borar, ro'zg'or uchun kerakli mahsulotlarni obdon tanlab, xarid qilar edi. So'ngra ko'chaga chiqib, birinchi kelgan tramvayga o'tirar, shahar tashqarisiga chiqib olardi. Bunday hamidona sayillar Zulfiyaxonimsiz o'tmas edi.

Hamid Olimjon bilan Zulfiyaning «tabiat quchog'iga» qilgan ana shunday sayyohatlaridan biri 1936 yil bahoridagi lola sayli edi. Oradan bir yil o'tgach. Hamid Olimjon o'sha sayil soniyalarini eslab, o'zining latif sherlaridan birini yozgan edi:

Eng gullagan yoshlik chog'imda,

Sen ochilding ko'ngil bog'imda.

Shunda ko'rdi ko'zim bahorni,

Shunda qalbim tanidi yorni.

Qushlar sayrar jonimga payvast,

Men sevgining bo'yi bilan mast,

Kuni bilan dalada qoldim,

Lolazorlar ichra yoqoldim.

Quchoq-quchoq gullar terganim

Va keltirib senga berganim

Kechagiday hamon esimda

Har soniya, har on esimda.

Shundan beri tilimda oting,

Shundan beri dilimda oting.

Eng gullagan yoshlik chog'imda

Sen ochilding ko'ngil bog'imda.

Hamid Olimjon 1936 yilning kuzida Qora dengiz bo'ylarida hordiq chiqaradi. Bu uning to'ydan keyingi Zulfiyasiz o'tgan birinchi safari edi. Shuning uchun ham u serquyosh o'lkada hali tugilmagan farzandi bilan qolgan sevimli yorini tez-tez eslaydi, sog'inadi, unga bag'ishlab she'rlar yozadi.

Suyukli kishi bilan birinchi marta hamnafas bo'la olmagan Zulfiya esa g'aroyib voqealarni tush ko'radi. Uning tushida Hamid Olimjon o'z ahdidan voz kechib, boshqa bir yorni topgan, undan yuz o'girgan bo'ladi.

Zulfiyaning ana shu tushi tavsif etilgan maktubiga javoban shoir «Xayoling-la o'tadi tunlar» she'rini yozadi:



Hamid Olimjon qizi Hulkar bilan.
1938 yil.


Bu bir uyqu, behuda bir tush,

Axir bu bir aldoqchi go'yo.

Mumkinmidir sening sevganing

O'z ahdidan qaytganmish go'yo?!

Shu rost esa o'tga tushsin jon,

Yomg'irdayin boshga tushsin g'am.

Yashaganim dunyoda yolg'on,

Qasam ichdim: emasman odam.

Hamid Olimjonning bu so'zlari shoir qalbining teran qatlamlaridan otilib chiqqan edi. Chindan ham u Qora dengiz bo'ylarida sevimli yor xayoli bilan yashadi.

Xayolimda bo'lding uzun kun,

Seni izlab qirg'oqqa bordim.

Och to'lqinlar pishqirgan tunda

Topib ber deb oyga yolvordim...

Shoirning o'sha kezlarda yozgan she'rlarida ana shu ohang, ana shu qo'msash tuyg'usi jaranglab turadi.

Hamid Olimjon yolg'iz yorninggina emas, balki hali tug'ilmagan farzandining ishqi bilan ham yashaydi. U tushida toychoqdek shirin o'g'ilning otasi bo'ladi. Uning jigarporasi pishqirib otilayotgan to'lqinlar ustida qanotli toychoqdek parvoz qilib uning ko'zidan g'oyib bo'ladi. Shoir uning izidan qanchalik yugurmasin va och to'lqinlar orasiga kirib bormasin, u tutqich bermaydi.

Ana Shu g'aroyib tush ta'sirida Hamid Olimjon hali tug'ilmagan o'g'ilga bag'ishlangan she'rini yozadi.

Dengiz notinch edi va shu choq

Parvozingni to'lqinda ko'rdim.

Ko'zlar yondi, o'ynadi yurak.

Va izingdan, o'g'il yugurdim.

Ey, g'unchasin ochmagan bahor, -

Salom, o'g'il, sevimli farzand...

Seni kutar ota intizor,

Dunyo-dunyo sevgiga payvand...

Shoir Hamid Olimjon intizor bo'lib kutgan farzand 1937 yilning 19 yanvarida dunyoga keldi. Unga Hulkar deb ism berdilar...

1939 yillarda Hamid Olimjon qaynoq ish muhitida yashadi. Na ishda, na uyda uning tinimi bo'ldi. U shiddatli ish soatlaridan keyin uyga kelib ham o'sha ish iqlimidan, ish kayfiyatidan chiqa olmadi. U nimalarnidir o'ylar, muhokama etar va ertangi kunga rejalar tuzardi. Bunday paytlarda u churq etmay, xayolan qandaydir chigal muammolarni yechayotgandek bo'lardi.

Shunday kechalarning birida Zulfiya Hamid Olimjondan o'pkalangandek: «Hadeb jim o'tiraverasizmi? Gapirsangiz-chi biror narsani!» deya so'z qotdi. Bu so'z Hamid Olimjonga shunday ta'sir qildiki, u qanday javob berishni bilmay taraddudlanib qoldi.

O'sha kuni kechasi uning ish stolida quyidagi misralar paydo bo'ldi:

«O'ltirasan nega doim jim?»

Deya yana boshlading hujum.

Bilgilki, jim o'ltirganimda

Otash paydo bo'lar tanimda,

Hamsuhbatim bo'lganda xayol

Jim qolaman, gap kelur malol...

1939 yil 24 avgustda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimlarning ikkinchi farzandlari – Omonbek dunyoga keldi...

1944 yil. Ayni saraton kunlari. Harorat benihoya baland. Havo dim. Bunday kezlarda Toshkeht qizib turgan tandirdek olov bilan nafas oladi. Shuning uchun ham bir guruh adiblar 1 iyul kuni Do'rmondagi bog'ga dam olgani chiqishdi.

Tong otib, 2 iyul kuni boshlandi. Bu har safargidek fayzli va charag'on tong edi. Nonushtadan keyin do'stlar bog'ni aylanib, sayr qilishdi. Picha dam olgach, ariqda yosh bolalardek qiyqirib cho'milishdi. Keyin Hamid Olimjon yo'l taraddudiga tushib qoldi. U sheriklarining suvdan chiqishini hohlamaganliklariga qaramay: «Qani, yetar chiqinglar», deb turib oldi.

- Bog'ning ayni gasht qiladigan fursati yaqinlashyapti - kechki salqin tushayapti. Shoshib nima qildik. Ertaga erta bilan ketamiz, - deyishdi sheriklari.

- Bo'lmasa sizlar qolavering. Men ketaman. Bugun, albatta, qaytaman, degandim. Bormasam, xavotir olishadi - Hamid Olimjon o'z so'zida qat'iy turdi.

Hamid Olimjon oilasi usiz dasturxon atrofiga o'tirmas edi. U qayerda bo'lmasin, va'da bergan bo'lsa, oila uni sabrsizlik bilan kutar vau, albatta, uyiga aytgan vaqtida yetib borar edi.

Hamid Olimjonning ra'yini qaytarmay, uning sheriklari ham yo'lga otlandilar. Biroq undagi yo'lovchilar manzillariga eson-omon yetib borolmadilar. Ular ketayotgan mashina halokatga uchradi. 3-iyul kuni Hamid Olimjon vafot etdi.

Bundan atigi 11 oy muqaddam, 1943 yilning 4-avgustida Hamid Olimjon kenja farzandi Omonbekning tug'ilgan kunida shunday degan edi:

- Aziz do'stlar! Men to'rt yoshga to'lganimda, otamdan judo bo'lgan edim. Men uning mehr - muhabbatiga to'ymay o'sdim. Mana, bugun mening o'g'lim ham to'rt yoshga kirdi. Uning otasi va onasi bor. Ota va ona bag'rida o'sish esa farzand uchun katta baxt. Men farzandlarimizning uzoq vaqt davomida ana shunday baxtli bo'lishlari uchun qadah ko'taraman!

Taassufki, taqdir taqazosi bilan Omon ham hali besh yoshga to'lmay turib, otasiz qoldi. 1944-yilning 3-iyul kuni – orziqib kutgan baxtli kunlarni kutmay o'zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli shoir, olim, davlat va jamiyat arbobi Hamid Olimjon olamdan o'tdi.

Zulfiyaxonim Hamid Olimjonning ushalmay qolgan orzularini amalga oshirish uchun, qilolmay qilgan ishlarini nihoyasiga yetkazish uchun kuyib-yonib yashadi. Hamid Olimjon jisman bo'lmasa-da, ruhan Zulfiyaxonim bilan birga uning she'rlarida hamnafas yashadi.

Zulfiyaxonim Hamid Olimjon boshlab bergan baxt qo'shig'ini kuylashni nihoyasiga yetkazdi. Uning bu ishlari bugungi kunda biz uchun ibratlidir (Naim Karimovning «Hamid Olimjon» kitobidan foydalanildi).

Download 190.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
davlat pedagogika
o’rta maxsus
axborot texnologiyalari
nomidagi toshkent
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
navoiy nomidagi
samarqand davlat
guruh talabasi
ta’limi vazirligi
nomidagi samarqand
toshkent davlat
toshkent axborot
haqida tushuncha
Darsning maqsadi
xorazmiy nomidagi
Toshkent davlat
vazirligi toshkent
tashkil etish
Alisher navoiy
Ўзбекистон республикаси
rivojlantirish vazirligi
matematika fakulteti
pedagogika universiteti
таълим вазирлиги
sinflar uchun
Nizomiy nomidagi
tibbiyot akademiyasi
maxsus ta'lim
ta'lim vazirligi
махсус таълим
bilan ishlash
o’rta ta’lim
fanlar fakulteti
Referat mavzu
Navoiy davlat
haqida umumiy
umumiy o’rta
Buxoro davlat
fanining predmeti
fizika matematika
malakasini oshirish
universiteti fizika
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
jizzax davlat
davlat sharqshunoslik