Xudoyberdi to‘xtaboyev. Yovvoyi echkilar (ertak)



Download 167,74 Kb.
Sana21.04.2022
Hajmi167,74 Kb.
#570781
Bog'liq
o\'qish uchun.



XUDOYBERDI TO‘XTABOYEV. YOVVOYI ECHKILAR (ERTAK)
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda emas, shu o‘zimizni kunlarda Toshkent shahrida eng aqlli odamlarni shoshirib, o‘ylantirib qo‘yadigan sirli bir voqea yuz beribdiki, butun shahar ahli hayratdan yoqasini ushlab qolibdi. 12 qavatli uylarning qoq o‘rtasiga dadalari qurib bergan qizil qum to‘kilgan, keng, bohavo maydonchada jamiki bolalar qiyqirishib, yugurishib, o‘mbaloq otishib o‘ynashayotgan ekan. O‘ynayotganlar orasida Farrux degan hushyorgina bir bola ham bor ekan. Tug‘ilgan kunida dadasi sovg‘a qilgan rostakamidan hech qolishmaydigan samolyotga opasi Soraxonni, akasi Humoyunni, mehmonga kelgan Rasuljon o‘rtog‘ini chiqarib olib, goh o‘ngga, goh chapga haydashib, qiyqirib kulishib, juda-juda maza qilishayotgan ekan. To‘satdan, ha-ha, to‘satdan sirli voqea yuz beribdiku, samolyot tarillab ovoz berib orqasidan ko‘m-ko‘k tutun chiqazib, avval 12 qavat uylar barobar uchibdi, keyin xuddi lochin qushdek tumshug‘ini oldinga cho‘zgancha havolab borib-borib pag‘a-pag‘a bo‘lib suzayotgan oppoq bulutlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
– Xayr, dadajon! – qichqiribdi Farrux osmondan turib.
– Opajon, qozondagi suv toshib ketsa, men aybdor emasman, – deb baqiribdi Soraxon.
– Oyijon, men ertaga bog‘chaga bormayman, – debdi Rasuljon.
Humoyun ham bir narsa deb qichqirgan ekan, samolyotning tarillagan ovozi eshittirgani qo‘ymabdi. Samolyot bo‘lsa uchgandan-uchaveribdi, uchaveribdi. Goh o‘rkach-o‘rkach bo‘lib, bir-birini quvlab borayotgan oppoq bulutlar orasidan sho‘ng‘ib o‘tarmish, goh qop-qora bulutlar samolyotni yutib yo‘q qilib yuborarmish. Bir qarasa, charaqlab oftob chiqarmish, yana bir qarasa, qorong‘ulik shunaqa quyuq bo‘larmishki, Rasuljon hatto o‘zining burnini o‘zi ko‘rolmay burun o‘rniga qulog‘ini ushlab-ushlab qo‘yarmish.
Yerda qolganlar esa yoqa ushlab anchagacha angrayib turishibdi. Bir xillar «Uchar tarelkalar o‘g‘irlab ketdi ularni» deyishsa, boshqalari sehrli voqea yuz berdi, dermish. Yana bitta hammadan ham aqlliroq odam bor ekan. O‘sha bo‘ynini baland cho‘zib, baland ovoz bilan «Yapon o‘yinchoqlarining ichida to‘satdan g‘irillab ishlab ketadigan kichkina-kichkina sehrli motorchalar bo‘ladi, bolaga samolyotni berishdan oldin zo‘r ustaga ko‘rsatib olish kerak edi» dermish.
Xullas, u bo‘pti, bu bo‘pti, samolyot osmonda guvillab uchib ketaveribdi-ketaveribdi.
– Urra, men mazza qilyapman, – dermish ikki qo‘llab rulni mahkam ushlab olgan Farrux.
– Men sal-pal qo‘rqyapman. – dermish Soraxon.
–Men hech ham qo‘rqmayman, botirman, – dermish Rasuljon.
–Meni uyqum kelayapti, – dermish Humoyun. Samolyotning tumshug‘ini lochin qushni tumshug‘iga o‘xshatib sal pastga egiladigan qilib yasashgan ekan. Bir mahal ana shu qayrilma tumshuqdan «qo‘rqmasang, o‘zingni yo‘qotmasang, mard bo‘lsang, murodu maqsadingga yetasan» degan o‘zbekcha ovoz eshitilib qolibdi. Ovoz Farruxning buvisinikiga ham, Rasulning bobosinikiga ham juda-juda o‘xshab ketarmishku, bunday ko‘zlarini kattaroq ochib qarasa, oldilarida qorong‘ulikdan boshqa hech narsa yo‘q emish. Samolyot esa varillab uchgandan-uchaveribdi, uchaveribdi. Osmon shunaqa keng emishki, bolalar oldinga ketishyaptimi, orqaga ketishyaptimi, hech bilishmas ekan. Goh o‘ng tomondan, goh chap tomondan lovillab yonib turgan meteriodlar zuv-zuv etib o‘tib ketarmish. O‘tayotganda osmonning yarmini charog‘on qilib yoritib yuborar emish. Bir payt, samolyot shunday balandlab uchibdiki, Soraxonni bo‘yi sal novcharoq emasmi, boshi yulduzlarga tegay-tegay deb qolibdi. Humoyun bitta yulduzni ushlab ko‘rmoqchi ham bo‘libdiku, lekin yulduz menga yetolmaysan degandek, tezgina havolab uchib ketibdi.
Osmondagi gashtli, faqat huzurdan iborat bo‘lgan safar davom etaveribdi-etaveribdi. Yer vaqti bilan qancha bo‘lganini bilisholmabdiku, osmon vaqti bilan bir yilcha uchganlaridan keyin, bir yilcha uchganlarini hammadan oldin Rasuljon sezib qolibdi. Nega desangiz, Rasuljonning qorni osmon vaqti bilan bir yilda bir marta ochqar ekan. Hozir ham juda-juda ochqab turganidan, demak, bir yilcha uchibmizda deb o‘ylabdi. Bir vaqt bunday qarashsa, samolyotni tarillab turgan ovozi to‘satdan o‘chib, o‘zi xuddi o‘q tekkan qush kabi lapanglab-lapanglab pastga tushib borayotgan emish. Qo‘rqib ketishibdi. Xursand bo‘lishni ham, xafa bo‘lishni ham bilisholmay bir-birlarining pinjiga kirib, quchoqlashib jim turishaveribdi. Samolyot ohista pastlab borib, quyuq bir o‘rmonning chekkasiga, barra o‘tlar o‘sib yotgan bir kenglikka qo‘nibdi. Qo‘ngan joylari shunday bir go‘zal ekanki, ta’rifga so‘z topolmay, ancha mahal angrayib qolishibdi. Farruxning hayratdan og‘zi ochilib qolgan emish. O‘t-o‘lanlar qalin o‘sganmish, ariqlarda jildirab zilol suv oqarmish, zilol suvlar jarangli ovoz bilan yoqimli ashulalar aytarmish, chigirtkalar yoqimli kuylar chalarmish, o‘rmondagi qushchalar chaq-chaqlashib xuddi xush kelibsizlar degandek tabrik aytarmish. Muzdekkina shabboda yengil-engil esib, yuzlarini yumshoq-yumshoq silab o‘tarmish. Quyosh erkalab mayin-mayin nurlar socharmish.
– Juda mazza-ku! – debdi Farrux quvonchini ichiga sig‘dira olmay.
–Voy, lolalar ham ochilib yotibdi, – debdi gullarni yaxshi ko‘radigan Soraxon.
–Men endi hech narsadan qo‘rqmayman, – dermish Rasuljon. Aslida bu yerda yirtqich hayvonlar bo‘lsa-ya, deb dag‘-dag‘ qaltirayotgan ekanu, shunday bo‘lsa-da men hech narsadan qo‘rqmayman, deb yuboribdi.
–Qo‘rqmanglar, agar bo‘ri kelsa, mana bunday tepib yerga yiqitaman, – deb Humoyun sakrab o‘ng oyog‘i bilan havoni bir tepib qo‘yibdi.
Xayriyat, o‘zlarini yo‘qotishmabdi. Dadil bo‘lishibdi. Adirlardan-adirlarga o‘tib, anvoyi gullardan terib chiroyli guldastalar yasashibdi. O‘rmon ichidagi tor-tor so‘qmoqlardan yurib qo‘ziqorinlar terishibdi. Har qo‘ziqorinlar emishki, bir xillari Rasuljonlarnikidagi xontaxtaday kelarmish. Dumaloq o‘sganlari esa Farruxmng boshicha kelarmish.
Nihoyat o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan bir go‘zal tepalikka to‘xtab, endi nima qildik, deya o‘y surib ketishibdi. O‘zlari ham behad charchashgan, ochqashgan ekan. Ochlik zo‘r kelib, ukalari asta-sekin hiqillay boshlashgan ekan, Soraxon nima qilarini bilmay xuddi echki bolasiga o‘xshab ma’rab yuboribdi. Qishloqdagi buvisinikiga borganda echki bolalariga taqlid qilib ulardan ham chiroyliroq ma’rashni o‘rganib olgan ekan. Bu yerlarda yovvoyi echkilar ko‘p ekan. O‘shalardan biri Soraxon tomonga asta-sekin kela boshlabdi. Uning jajji bolalarini bo‘ri yeb ketgan ekan. Soraxonning ovozi o‘sha bolasinikiga juda-juda ham o‘xshab ketgan ekan. Ona echki Soraxonga yaqin kelib oyog‘iga suykalarmish, iliqqina tilini chiqazib tizzalarini yalab-yalab qo‘yarmish. Bolalar avvaliga sal-pal qo‘rqishibdi. Humoyun bo‘ri bilan echkining farqiga bormas ekan, bu hoynahoy bo‘ri bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, boplab tepmoqchi ham bo‘libdi. Soraxon echki sog‘ishni bilarkan. Qishloqdagi buvisi o‘rgatgan ekan. Bunday qarasa, echkining yelini sutga to‘lib, xamir qoradigan tog‘oradek shishib ketgan emish. Soraxon achinibdi, juda-juda achinibdi, bechoraginam, deb yunglaridan mayin-mayin silabdi-yu, silayotib sutini sog‘ib tashlasam yelini ancha bo‘shab, joni huzur qilarmikin deb o‘ylabdi. Ona echkini yana qayta-qayta silabdi. G‘avakdek osilib turgan emchagiga qo‘l uzatib ohista-ohista sog‘a boshlabdi. Iliqqina sutdan bir-ikki marta hovuchlab ichib ham olibdi.
– Menga ham ichir! – debdi qorni ochib turgan Rasuljon.
– Menga ham ikki hovuch berasan, – xarxasha qilibdi Farrux.
– Mening qornim katta, mana ko‘ringlar, uch hovuch ichaman, men hammangdan kattaman, – deb ataylab oyog‘ining uchida turib bo‘yini baland ko‘rsatibdi Humoyun.
Soraxon ham aqlli, ham tadbirkor qizlardan ekan. Janjal chiqmasin deya uchala ukasini echki bolalariga o‘xshatib emaklatib qo‘yib, hovuchidagi iliqqina sutni navbati bilan ichira boshlabdi. Qiziq, xuddi buloqdan chiqayotgandek ona echkining suti hech ado bo‘lmas emish.
Kech kira boshlabdi. Tun borliqqa asta-sekin qora pardasini yoyibdi. O‘rmon tomondan yirtqich hayvonlarning bir-biridan vahimali ovozlari eshitilarmish, och bo‘rining cho‘zib-cho‘zib uvillagani, chiyabo‘rining xuddi birovni masxara qilayotgandek ingichka chiyillashi, ayyor tulkining chaqaloqdek ingalab yig‘lashi, sherxonning o‘rraonni boshiga ko‘tarib atrofga dahshatu vahshat solib qattiq o‘kirgani eshitilarmish. Qo‘rqib ketishibdi, juda-juda qo‘rqishibdi. Bir-birlarining pinjiga kirib, dag‘-dag‘ qaltirasharmish. Rasuljonning iyagi-iyagiga tegmay, birdan tishlarini taqillatarmish. Har ehtimolga qarshi 20 tadan tosh terib kelib, oldilariga qo‘yib olishibdi. Humoyun bo‘ri kelsa shoshib qolmayin deb o‘zini boshicha keladigan toshni qo‘lida mahkam ushlab olgan emish. Og‘ir sharoitda, hayoti xavf ostida qolganda odam bolasining aqli juda tez ham ishlab ketar ekan. Rasuljonning aqli ham shu paytda juda, judayam tez ishlab ketibdi.
– Olov yoqamiz! – deb sakrab o‘rnidan turib ketibdi u. – Toqqa borganda ko‘rganman, toshni-toshga ursa olov chiqadi, urra, buni men topdim ur-ra-ra... men topdim.
–To‘g‘ri, – deb Soraxon ham mehmon ukasini ma’qullab, faqat, chaqmoqtosh topish kerak, chaqmoqtoshdan tez olov chiqadi. Qora toshdan olov chiqmaydi... Qishloqqa borganda tosh terganmiz.
Qorong‘i bo‘lgani uchun oldilaridagidan qaysi biri chaqmoqtosh ekanligini bilisholmabdi. Axir bittasidan olov chiqib qolar deb, hamma toshlarni bir-biriga urishtiraverishibdi-urishtiraverishibdi. Bir mahal Humoyunning ko‘ylagi pov etib yonayotganini ko‘rib qolishibdi. Tosh umshtirishayotganda uzilib chiqqan uchqunni Humoyun ko‘rmay qolgan ekan.
–Ur-ra-ra-ra... Olovni men yoqdim, – deb Humoyun o‘rnidan turib ko‘ylagini yecha boshlabdi.
– Tezroq yech, – deb qichqiribdi Soraxon. Hammalari esli-hushli bolalar ekan. Olov o‘chib qolmasligi uchun nimalar qilish kerakligini bilishar ekan. Ko‘z yumib-ochguncha cho‘p-xaslardan, qurib qolgan o‘tlardan terib kelib olovni guldiratib yuborishibdi. Shunday guldiratishibdiki, olovning balandligi huv naridagi chinorlardan ham yuqoriroq bo‘lib ketibdi.
– Ko‘ylagim kuyib ketdi, deb xafa bo‘lma, – debdi Soraxon Humoyun ukasining ko‘nglini ko‘tarib, – mana shu yonimizda turgan ona echkining junidan qirqib, senga chiroyli ko‘ylak tikib beraman.
Kechasi bir-birlarining pinjilariga kirib uxlashibdi. Soraxon tez-tez uyg‘onib olovga cho‘p-xasdan tashlab qo‘yarkan. Rasuljon bir-ikki uyg‘onib «Opa, ertaga bog‘chaga bormasam maylimi» deb so‘rabdi. Farrux boshini xiyol ko‘tarib, ko‘zi yumuq emishu, qo‘limdagi nonim qani, hozir yeb turuvdim-ku, deb so‘ragan emish. Humoyun bo‘ri kelsa uraman deya, katta toshni quchoqlaganicha tuni bilan hech uyg‘onmabdi. Ertalab qulog‘idan cho‘zib, oyog‘idan tortib zo‘rg‘a uyg‘otishibdi.
Ertalab o‘rinlaridan turishsa, voy-bo‘y yirtqich hayvonlardan qo‘rqib pana-panada pisib, berkinib uxlaydigan boshqa echkilar ham bolasini bo‘ri yeb ketgan ona echkiga ergashib, gulxan atrofiga shunaqa ko‘p to‘planishibdiki, hisobi yo‘q emish. Bir xil echkilar yangi tuqqan ekan, chiroyli-chiroyli uloqchalar dikon-dikon qilib sakrashib yurishgan emish. Humoyun men yoqqan katta gulxanga isinishga kelishdimi, gulxan himoyasida yirtqichlardan jonlarini saqlash uchun kelishgandir yoki sutning yarmini sog‘dirib tashlab sal yengilroq bo‘lay deyishganmi, ishqilib, nega kelishdiykan deb rosa o‘ylabdi-yu, lekin shuncha echkining biryo‘la yig‘ilib kelganligiga hech tushunolmabdi. Farrux bitta echki bola bilan bosh urushtiraman deb ushlamoqchi bo‘lgan ekan, ushlay olmabdi. Echkilarning erkagi – takalari shunaqa katta, shoxlari ham o‘tkir, soqollari ham qurt sotadigan chol bobonikiga o‘xshab shunaqa uzun ekanki, odam astoydil tikilsa qo‘rqib ketar ekan. Rasul ana shu bahaybat takalardan bittasini minmoqchi bo‘lgan ekan, yaqiniga ham yo‘latmabdi. «Ma-a», – deb yuborgan ekan, Rasul qochib borib opasining orqasiga berkinib olibdi. Soraxon ko‘p aqlli, ham ziyokor qiz ekan. Oyijonisi bekorga asal qizim, deb erkalamagan ekan. Ukalari sut ichib qorni og‘riyapti, jvachka chaynagim kelyapti, qurt sotadigan chol bobo qaerda qoldi, yerda yotmayman, shamollab qolaman deb yig‘lashganida, hammalarini aldab yupatarkan. Xuddi bog‘cha opalariga o‘xshab, boshlaridan silab-silab, peshonalaridan o‘pib-o‘pib yupatar ekan. Echki sog‘arkan, kechasi yoqishga o‘tin tayyorlar ekan. O‘tgan yil qishloqqa borganida loydan kosa yasab olovda pishiradigan kulol bobonikiga o‘rtog‘i bilan mehmonga kirib, kosa qanday yasalishini, qanday pishirilishini ko‘rgan ekan. Hatto o‘sha bobosi Soraxon yasagan kosani olovda pishirib ham bergan ekan. Men ham kosa yasayman. Tosh ustiga qo‘yib pishiraman, deb o‘ylabdi-yu, darhol ukalarini yordamga chaqirib, ishga kirishib ketibdi. Yetti kun deganda 14 ta kosa, 11 ta piyola, sal qiyshiqroq bo‘lsada 5 ta lagan tayyor bo‘libdi. Humoyun sevinganidan kosani osmonga otib o‘ynayman, deb sindirib ham qo‘yibdi. Odamning hayoti xavf ostida qolganda u juda-judayam aqlli bo‘lib ketadi, deganlari rost ekan, Hammalarining aqliga aql qo‘shilaveribdi-qo‘shilaveribdi. Rasuf bilan Farrux echkilarning bolasiga o‘xshab, mayin-mayin erkalanib ma’rashni o‘rganib sog‘in echkilardan 4 tasini qo‘lga o‘rgatib olishibdi. Sog‘ishni ham o‘rganishibdi. Rasul sog‘ayotganda Humoyun echkining bo‘ynidan quchoqlab boshini silab-silab turarkan. Ko‘pincha echki bolaga o‘xshab emaklab kelib chalqancha yotarkanda, echkining yumshoqqina emchagini og‘ziga solib lo‘qillatib so‘rib olar ekan. Bir marta bilmasdan tishlab olgan ekan, ona echki uni boshiga bir tepibdi. O‘shandan buyon emishni bilmas ekansan deb, yoniga qo‘ymayotgan ekan.
Endi echki sutini pishirib ichishni o‘rganishibdi. Tovoqqa o‘xshab ketadigan sariq toshlarda qatiq uvitishar ekan. Yowoyi o‘tlardan tag‘in zaharlanib qolmaylik, deya oz-oz yeb ko‘rishibdi. Qorinlari og‘rimagan ekan, endi ko‘p yeya boshlashibdi. Anormi, nokmi, olmami, nomini bilishmas ekan, baribir to‘yib-to‘yib yeyishar ekan. Bu yerlar asli yowoyi echkilaming makoni ekan. To‘p-to‘p bo‘lib yashashar ekan. Bir to‘da ikkinchi to‘daga qo‘shilmas ekan. Rasuljon bitta yungiari mayin bo‘igan, kattaligi fermada boqiladigan bahaybat takani dori-darmon berib tuzatib asta-sekjn ustiga minib yaylovlarni aylanadigan bo‘libdi. Avvalga dadalarimiz kelib olib ketishadi, deb yo‘l poylashibdi, tepalikka chiqib goh osmonga, goh o‘rmon tomongarosa tikilishibdi, yig‘lab-yig‘lab ham olishibdi. Bora-bora o‘rganib ketishibdi. Soraxon qoibola xumdonda echkilarning sutidan qaymoq, sariyogiar yig‘ar ekan. Echkilarning junidan kesib, ostilariga qalin-qalin ko‘rpalar, ustilariga yumshoq-yumshoq yoping‘ichlar tayyorlashar ekan. Yovvoyi mevalardan mo‘1-ko‘l quritib qishga tayyorgarlik ko‘rishar ekan. Ba’zan haligidek ota-onalarini, o‘rtoqlarini sog‘inib yig‘lay-yig‘lay deb turganlarida to‘satdan, qadrdon samolyotlarning tumshug‘idan «Qo‘rqmasang, o‘zingni yo‘qotmasang, murodu maqsadingga yetasan, dunyo botirlarniki, dunyo mardlarniki» degan tanish o‘zbekcha ovoz eshitilib qolar ekan. Shunda Farrux hiqillashdan to‘xtab:
– Men botirman, to‘g‘rimi, opa, – deb so‘rarkan Soraxondan.
– To‘g‘ri, hammamiz botirmiz, – gapga qo‘shilarkan Humoyun.
– Biz bo‘rilardan ham qo‘rqmaymiz-qo‘rqmaymiz, deyishib hammalari o‘yinga tushib ketisharkan. Rasuljon barmoqlarini qarsillatib o‘ynarkan. Humoyun oldinga egilib-egilib salom berib o‘ynarkan, Farrux ikki qolini biqiniga qo‘yib sakrab-sakrab o‘ynarkan. Bir marta oldinga, bir marta orqaga sakrab-sakrab o‘ynarkan.
Shundan keyin kunlar ketidan kunlar o‘taveribdi-o‘taveribdi. Vaqt hisobini, asosan, Rasuljonning qorni ochgan va ochmaganligidan o‘lchasharkan. Uch marta och qolsa, bir kuni o‘tgan bo‘larkan. Hisob 10 mingga yetganda, u yog‘iga adashib ketishibdi, nega desangiz 10 mingdan u yog‘ini sanashni hech birlari bilmas ekanlar. Lekin, baribir, bekor o‘tirishmas ekan. Humoyun echkilarning semizrog‘idan tanlab so‘yib, go‘shtini nimtalashni o‘rganibdi. Yaxshigina qassob bo‘lib qolibdi. Rasuljon qizigan toshning ustiga go‘shtni yopib pishirish mashqini olibdi. Farrux daraxtning navdasidan six yasab kabobpishirishni o‘rganibdi. Soraxon bo‘lsa, eh-he, 20 tacha hunar o‘rganibdi. Echkining terisidan tikkan kavushni. ko‘rsangiz og‘zingiz ochilib qoladi. Lekin eng zo‘r bir ishni Humoyun bajaribdi. O‘rmon chekkasida ona sherning uyasi bor emish, Humoyun ko‘pincha emaklab borib, daraxtning panasida berkinib turib, sherni kuzatgani-kuzatgan ekan. Nega bunday qilayotganini bilmas ekanu, baribir kuzatgani-kuzatgan ekan, Kunlardan bir kun ona sherni katta zaharli ilon chaqib olibdi-yu, o‘n ikki kunlik bolasi yetimcha bo‘lib qolibdi, Humoyun ana shu yetimcha sherni jun qopga o‘rab olib kelib echki sutidan oz-oz berib boqib, asta-sekin o‘ziga o‘rgatib olibdi. Avvallari ukasi Farrux bilan sherning bo‘yniga jun arqon bog‘lab galma-galdan yetaklab yurishar ekan. Keyinchalik minadigan ham bolishibdi.
– Sherning bolasini minganimni adajonim bir ko‘rsaydi!– deb orzu qilar ekan Humoyun.
– Agar olib ketsak, men uni bog‘chamga minib borar edim, – derkan Farrux.
– Bizning ko‘chada hech kim sherdan qo‘rqmaydi, – derkan Rasuljon.
– Eh. Gapni cho‘zmasalaring-chi, sho‘rva sovib qolayapti, – urushib berarkan, – Soraxon.
Keyin kattakon toshqozonni o‘rtaga qo‘yib toshqoshiq bilan qaynoq-qaynoq sho‘rvani po‘rillatib ichishar ekan. Hammalariga ish teng taqsimlangan ekan. Soraxon 14 ta echkini sog‘arkan. Rasuljon sut pishirib, qatiq qilarkan, qaymog‘ini qaynatib sariyog‘ tayyorlar ekan. Tayyor bo‘lgan sariyog‘larni Soraxon yasagan xumlarga qo‘yib og‘zini berkitar ekan. Farrux toshqozon ortiga tunu kun olov yoqib berarkan. Unga «olovkor» deb nom ham qo‘yishgan ekan. Humoyun yalpoq toshning ustiga o‘tirib olib, suzmalardan hech charchamasdan qurt yasar ekan. Qurtlar soni 17 mingga yetganda, 17 mingdan u yog‘iga sanashni bilmagani uchun, qolganlarini sanamasdan qopga solaveribdi. Goho boshini ko‘tarib:
– U yoqqa borganimda saqichga almashtiraman, – deb qo‘yarkan.
– Men sariyog‘imdan sotib, tarillatib otadigan avtomat olaman, – derkan Rasuljon.
Farrux bo‘Isa nima deyishini bilmay:
– Men adajonimni achomlab uxlayman, – deya bir xo‘rsinib olar ekan.
Turmushlari shu yo‘sin kechaveribdi-kechaveribdi. Bir kun tashqarida havo juda sovuq ekan, bir-birlarining pinjiga kirib uxlashibdi, ustimiz ochilib qolsa, muzlab qolmaylik, deb shunday qilishibdi. Qarangki, hammalari bir xil tush ko‘rib, hammalari bir ovozdan:
– Oyijon! – deya uyg‘onib ketishibdi. Keyin uyqulari qochib rosa gapga tushib ketishibdi, Onalarini, adajonlarini, muzqaymoq sotadigan semiz xotinni qayta-qayta eslashibdi. Farrux ozgina yig‘lab ham olibdi. Yig‘labdi-yu, lekin ko‘ziga yosh kelmabdi.
– Ertaga ketaman, – debdi hiqillab, – tramvay bo‘lmasa piyoda ham ketaveraman.
Hammalari kulib yuborishibdi, nega desangiz bu yerlarda, ya’ni osmondagi mamlakatda tramvay bo‘lmasligni Farruxning o‘zi ham yaxshi bilarkan. Aytgan gapi g‘alati bo‘lgani uchun akalariga qo‘shilib o‘zi kulaveribdi. Hammalari charchab qolguncha kulishibdi. Tong otibdi, kun chiqibdi, qaymog‘u sariyog‘lar bilan nonushta qilishibdi. Keyin hammalari har kungidek o‘z ishlariga mashg‘ul bo‘lishibdi. Rasuljon dori-darmon berib oyoqqa turg‘azib olgan navvosdek takasini minib uzoq yaylovdagi echkilardan xabar olgani jo‘nabdi. Soraxon o‘zi yaxshi ko‘rgan yovvoyi gullarning urug‘idan yig‘ishga majbur bo‘libdi. Farrux o‘zlarini olib kelgan samolyotning oldiga echki bolalari bilan kalla urishtirish o‘ynayotgan ekan. Samolyotning qiyg‘irnikiga o‘xshash qayrilma tumshug‘idan «qo‘rqmading, o‘zingni yo‘qotmading, endi murodingga yetasan, tayyorlan, yurtingga qaytasan» degan o‘zbekcha yoqimli ovoz eshitila boshlabdi. Farrux shoshganidan dovdirab qolibdi. Soraxon opasining oldiga yugurib borib, nima deyishni bilmay echki bolaga o‘xshab nuqul sakrarmish. Bir nafasda hammalari yig‘ilib kelishibdi. Yoqimli ovoz takror va takror eshitilarmish. Oh-oh o‘sha paytlardagi ularning quvonchi-sevinchlari! Har birining yuzida bamisoli chiroyli gul ochilgandek bo‘libdi. Sevinchlariga sayroqi qushlar sayrashibdi. Yaylovdagi maysalar chayqalib tabrik aytgandek bo‘libdi. Lekin bolalarning o‘zlari goho-goho ikkilanib qolishayotgan emish, Ketaylik deyishsa, bu yerda o‘zlari kashf qilgan, o‘zlari egasi bo‘lgan ajoyibotlardan ko‘zlari qiymas emish, qolaylik deyishsa, ota-onalarini, muzqaymoq sotadigan baqaloq xolani juda-juda sog‘inishgan emish. Qiziq, shu paytda yana bir mo‘jiza yuz beribdi. Samolyotchalari asta-sekin kengayib, kattalashib borayotganmish, xuddi kimdir puflab shishirayotganga o‘xsharmish.
– Ketamiz, qadrdon uyimizga ketamiz! – baravariga qichqirib yuborishibdi. Nega desangiz shu paytda ko‘zlariga bu yerdagi barcha mo‘jizalardan, barcha ajoyibotlardan uylari chiroyli bo‘lib ketibdi.
Ko‘p narsa yig‘ib qo‘yishgan ekan. 21 ming xumda saryog‘, 14 xumda qaymoq, 31 ming donaga yaqin yog‘li quit, 3 qop quritilgan yovvoyi o‘tlar, 1 qop anvoyi gullarning urug‘I, echki junidan to‘qilgan ko‘rpa-choyshablar, chaqmoq toshlar-u sut berib ularni ochlikdan qutqarib qolgan ona echki-yu, Rasuljon minib yurgan bahaybat taka, o‘rgatilgan sher bolasi... Hamma-hammasini samolyotga yuklashaverishibdi-yuklashaverishibdi. Bir kechayu, bir kunduz yuklashibdi, Oxiri tarillashdan hech to‘xtamay uchishga shay turgan samolyotga chiqishib:
– Xayr, qadrdon echkilarimiz!
– Xayr, gullarga to‘lgan yaylovlar!
– Xayr, ey toshlardan yasalgan uylarimiz!
– Xayr, ey o‘rmondagi daraxtlar! - deyishib, goh yig‘ilishib, goh kulishib uchib ketishibdi.
Samolyot tarillab, orqasidan ko‘m-ko‘k tutun chiqarib parvoz qilibdi. Keyin xuddi vertolyotga o‘xshab goh tepaga, goh o‘ngga, goh chapga uchaveribdi. Samolyotning qiyg‘irnikiga o‘xshash qayrilma tumshug‘idan «qo‘rqmading, o‘zingni yo‘qotmading, dunyo mardlarniki, mana murodingga yetding» degan so‘zlar tinmay eshitilaveribdi-eshitilaveribdi.
Osmon vaqti bilan necha oyu necha yil uchganlarini eslay olmabdilarku, lekin Rasuljonning parvoz mahalida 11 marta qorni ochganligini hisobga olishib, shundan parvozda qancha vaqt bo‘lganlarini taxmin qilishibdi. Samolyot 12 qavatli uylarning o‘rtasiga qurilgan bolalar o‘ynaydigan maydonchadan ko‘tarilgan ekan. Yana xuddi shu yerga yumshoqqina qo‘nibdi. Soraxon, Humoyun, Rasuljon, birin-ketin sakrab pastga tushishibdi. Rulni boshqarayotgan Farrux hammadan keyin tushibdi. Qiziq, maydondagi odamlar ular osmonga parvoz qilgan mahalda qanday bahslashayotgan bo‘lsa, yana o‘shanday bahslashayotgan emish.
– Uchar tarelkalar o‘g‘irlab ketdi ularni.
– Yo‘q, bilmaysan. Samolyot to‘satdan uchib ketdiki, demak sehrli ekan u.
– Bo‘lmagan gap, samolyotning ichida yashirincha motor bo‘lgan...
Xullas, mana shunaqa pastu baland gaplar, tortishuvlar hech to‘xtamasmish.
Keyin to‘satdan hammalari jim bo‘lishib bolalarning osmon sayohatidan sog‘-omon qaytganlariga hayrat ichida tikilib jim bo‘lib qolishibdi.
Nega jim bo‘lib qolishdi ekan, sababiga hech kim tushunmas emish.

2000 yil.


FARHOD MUSAJON. DARZ (HIKOYA)


Foziljon bilan Odilbek bir mahallada o‘sdi, bir maktabda o‘qib, institutni ham birga tugalladi, omadlarini qarang-ki, o‘qishni bitirgach, bitta muassasaga ishga kirdilar.
Yigitlarning har ikkisi mehnat faoliyatini oddiy xodimlikdan boshlab bo‘lim boshlig‘ilikkacha ko‘tarilishdi. Ish joylari nufuzli, tuman hokimiyatida edi, oradan qariyb yigirma yilcha vaqt o‘tib ham ishda, ham yoshda ancha katta odamlarga aylanishdi.
Muhimi, ular oralaridan qil o‘tmaydigan do‘st edilar, uylanib oilali bo‘lganlaridan keyin do‘stlik rishtasi yanada mustahkamlandi. Oilalarining yaqinligi ikki do‘stni yanada inoq qilib qo‘ydi. Ular hamma bayramlarda birga bo‘lishardi. Dam olish safarlariga ham birga borar, hatto ta’til kunlarini ham birga o‘tkazar edilar.
Bir so‘z bilan aytganda, hamma havas qilgulik tengqurlar edi.

* * *


Juma kuni hokim Zulfiqor Saidovich xodimlarni yig‘ib majlis o‘tkazdi. U xodimlarni ishdan qo‘yib majlis qilishni yoqtirmasdi. Shuning uchun gapni qisqa qildi:
— Sizlarni yig‘ishdan maqsad bir yangilikni ma’lum qilish. Muovinimiz Solih Obidovich tepaga, shahar hokimligiga ishga taklif qilindi. Bu voqea, o‘ylayman-ki, barchamizni quvontiradi. Jamoa nomidan Solihbekni tabriklaymiz.
Xodimlar yangilikni qarsaklar bilan kutib olishdi. Olqishlar tingach, Zulfiqor Saidovich davom etdi:
— Endi Solih Obidovichning o‘rniga yangi odam tayinlashimiz lozim. Shunday ko‘rsatma bo‘ldi. O‘z ichingizdan birorta nomzod toping, deyishdi, ikki hafta muhlat ham berishdi. Shu vaqt ichida odam topishim kerak. Topamiz. Bilasizlar ish ko‘p, muovin zarur, aravani yolg‘iz o‘zim sudrab yurishim og‘irlik qiladi. Shuni sizlarga ma’lum qilib qo‘ymoqchi edim. Biror fikr bildiruvchilar bo‘lmasa — hammaga ruxsat.
Xodimlar tarqaldi, yangilik hammani hayajonga solganday edi. Hamisha shunday: yangilik zerikarli, bir maromda kechadigan o‘zgarmas hayotning kushandasi, u doim qiziqish bilan qabul qilinadi.
Odam bolasining hammasi ham yuqoriroq lavozim egallashga intiladi, bir-ikkita xodimga bo‘lsa-da, rahbarlik qilishni istaydi. Odamzotning tabiati shunday.
Muassasa xodimlarida ham muovinning o‘rnini egallash ilinji tug‘ildi. Ammo bu o‘ringa eng loyiq nomzodlar Foziljon bilan Odilbek edi, negaki ikkovi ham eng yirik bo‘limlarning boshlig‘i. Negadir, hamma shunday o‘ylardi. Buni Fozilbek ham, Odilbek ham yaxshi tushunishardi. Shubhasiz, ikkovidan biriga nasib etadi bu mansab. Shu tufayli ikkisining ham yuragiga g‘ulg‘ula tushib qoldi. Botiniy bir tuyg‘u ikki do‘stni beixtiyor raqiblarga aylantirdi.
Zulfiqor Saidovich ham Fozilbek bilan Odilbekning ikkalasidan biri muovinlikka loyiq deb hisoblardi.
Zulfiqor Saidovich ko‘pni ko‘rgan, tajribali, malakali rahbar edi. Labbaygo‘ylarni, lo‘ttivozlarni xush ko‘rmasdi, o‘z fikriga ega xodimlarni hurmat qilardi. Yalqovlar yoki g‘iybatchilar paydo bo‘lsa darrov dumini tugib yuborardi, shu bois ishxonada ishchan, erkin muhit yaratilgandi. Ayni paytda u kishi yaxshi murabbiy ham edi. Solih Obidovichning yuqoriga ko‘tarilib ketishiga asosiy sababchi ham o‘zi edi, ishlash uslubini, muomalani o‘rgatgandi.
Yomon odamdan hech qachon na yaxshi rahbar, na yaxshi mutaxassis, na yaxshi xodim chiqadi deb hisoblardi Zulfiqor Saidovich. Demak, muovinlikni eng avval yaxshi odam egallashi lozim. Ha, yuragida kiri yo‘q, halol, imon-insofli, diyonatli, to‘g‘riso‘z odamni topish kerak.
Shu tufayli ko‘z ostiga olib qo‘ygan ikkala nomzod — Fozilbek bilan Odilbekni yana bir karra sinovdan o‘tkazib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Sinovni eng yirik bo‘lim boshlig‘i Fozilbekdan boshladi, huzuriga chaqirib sekin gapga soldi.
— Fozilbek, yanglishmasam Odilbek bilan yaqin og‘aynisizlar.
— Shunday, — boshliqning gapini tasdiqladi Fozilbek.
— Demak, uni sizdan yaxshiroq biladigan odam yo‘q, sinashta bo‘lgansiz. Shunday ekan, Odilbek haqida, uning qanday odamligi haqida fikringizni bilmoqchi edim.
Fozilbek yosh bola emas, anchayin zukko edi, boshliq nima uchun Odilbekni surishtirib qolganining sababini darrov tushundi. So‘ragani bejiz emas, Odilbekni muovinlikka mo‘ljallayapti.
— Odilbek haqida fikrimni aytishim mumkin, darhaqiqat, uni menchalik biladigan odam yo‘q. Sir emas, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, Odilbek yaxshi mutaxassis, ishchan, g‘ayratli, intizomli. Lekin... — Fozilbek chaynaldi.
— Ha, ana shu “lekin”idan keling, uning yaxshi xususiyatlari shundoq ham ma’lum bizga.
— Lekin, — Fozilbek qiynalib so‘z axtardi, — so‘raganingiz uchun bitta qusurini aytaman, ozgina mansabparastligi bor. Institutda o‘qib yurganimizda, u paytda kompartiya bor edi, o‘lib-tirilib partiyaga kirib olgandi, namuncha shoshasan desam, kattaroq, «yog‘liroq» lavozimni egallamoqchi bo‘lsang partiya a’zosi bo‘lishing kerak, yo‘qsa itning keyingi oyog‘i bo‘lib yuraverasan degandi. O‘sha odati haliyam yo‘qolmagan deb o‘ylayman, bilasiz har majlisda so‘zga chiqishni, va’zxonlik qilishni yaxshi ko‘radi, — Foziljon peshona terini artdi, — do‘stim haqida bu gaplarni aytish nihoyatda og‘ir men uchun. Ammo shu kamchiligini bilar ekansan, nega aytmading, nega bekitding, deb mendan o‘ksimasligingiz uchun aytdim. Qaytaraman, aslida yaxshi mutaxassis. So‘raganingiz uchun aytdim kamchiligini. Hurmat qiladigan odamimga yolg‘on gapirolmayman.
Zulfiqor Saidovich qunt bilan tingladi Fozilbekni, keyin «Bo‘pti, yetarli» degandek bosh irg‘ab gapga yakun yasadi. Fozilbek ishni qoyil qilgan odamdek mamnun kayfiyatda xonani tark etdi. Biroq yanglishdi.
Zulfiqor Saidovich Fozilbek xonadan chiqishi hamono oldidagi taxminiy tuzilgan muovinlikka nomzodlar ro‘yxatidan kimningdir ism-sharifini o‘chirdi.
Boshliqning huzuridan chiqib Fozilbek qabulxonada o‘tirgan do‘sti Odilbekni ko‘rdi, negadir uning yuziga tik qarolmay ko‘zini olib qochdi. Bir muddatdan so‘ng kotiba qiz qabulxonada o‘tiran Odilbekka:
— Kirarkansiz, — dedi telefon dastagini joyiga qo‘yarkan.
Sinov navbati Odilbekka kelgandi, u jilmayib boshliqning huzuriga kirdi. Stullardan biriga o‘tirib boshliqning og‘zini poyladi. Zulfiqor Saidovich odatiga ko‘ra gapni cho‘zmadi, muddaoga ko‘chdi.
— Sizning vaqtingizni olmay maqsadni aytib qo‘ya qolay, xo‘sh... do‘stingiz Fozilbek haqida fikringizni bilmoqchi edim.
Odilbek ham boshliq nega Fozilbekni surishtirib qolganini darrov angladi. Muovinlikka yaraydimi, yo‘qmi — bilmoqchi. Shu sababli javob berishdan oldin biroz talmovsirab qoldi.
— Nima desam ekan... — o‘zi egallamoqchi bo‘lgan joyni xuddi og‘aynisi tortib olayotgandek bir hadik ko‘ngliga oraladi Odilbekning, — Fozilbek shubhasiz yaxshi xodim, ishning ko‘zini biladigan, savodli, malakali rahbarlardan. Ammo...
— Shunisini ayting-da, — gapini davom ettirdi Zulfiqor Saidovich.
— Do‘stim haqida nojo‘ya gap qilishga tilim bormayapti. Lekin sizning ra’yingizni qaytarolmayman. Sizga to‘g‘risini, haq gapni aytmasam gustohlik bo‘ladi.
— Ayting, — qistadi boshliq.
— O‘zingizga ma’lum Zulfiqor Saidovich, tumanimiz hududida qanday qurilish bo‘lsa — supermarketmi, to‘yxonami, bankmi bizning hokimiyatdan ruxsat oladilar. Ruxsat Fozilbek boshqaradigan bo‘limdan olinishi kerak, — Odilbek tutilib qoldi.
— Muddaoni ayting.
— Og‘aynim ruxsatni tekinga bermaydi.
— Pora oladi demoqchimisiz? Eshitgan yo ko‘rganmisiz pora olganini?
— Eshitmaganman, ko‘rmaganman ham. Ammo eshitishim yoki ko‘rishim shart emas. Og‘aynim ikki qavatli dang‘illama qasr qurib olgan. Quruq maoshga bunday uy qurib bo‘lmaydi. Buni hamma tushunadi.
— Ihm, — Zulfiqor Saidovich xodimining ko‘ziga sinchkov tikildi. Odilbek sal oshirib yuborganini sezib talmovsirab qoldi, vaziyatni yumshatishga harakat qildi.
— Balki yanglishayotgandirman, bu taxmin. Qolaversa, aybsiz parvardigor deydilar. Har qanday yaxshi xodimda ham juz’iy kamchiliklar bo‘ladi. Uning uy-joyini ko‘rganlar halol insonligiga ishonmasliklari mumkin deb gapirdim. Ammo mutaxassis sifatida Fozilbekning oldiga tushadigan odam yo‘q. Eng yirik va eng qiyin bo‘limni boshqarib kelyapti, hamma ham eplayvermaydi bunday ishni.
Odilbekning so‘nggi gapi zamirida o‘z joyida ishlayversin, uning o‘rniga odam topolmaysiz, degan ma’no yotganini ilg‘adi Zulfiqor Saidovich. Unga yana shu ayon ediki, qanday qurilish bo‘lmasin ruxsatnomaga hokimning o‘zi — Zulfiqor Saidovich imzo chekardi. Pora haqidagi gap tuhmat. Zulfiqor Saidovich ro‘yxatidan yana bir ism-sharifni o‘chirdi.
Odilbek tushlik ovqatga doim do‘sti bilan birga borardi, bugun og‘aynisini birga borishga taklif qilgani tili bormadi. Fozilbek bundan xafa bo‘lmadi, qaytanga yengil tortdi. Do‘stlar necha zamonlardan beri birinchi marta alohida-alohida ovqatlandilar.

* * *


Peshindan keyin Zulfiqor Saidovichning huzuriga farrosh Mastura opa kirdi. Boshliq uni sal taajjub bilan kutib oldi.
— Keling, xizmat opa, — dedi hayronligini yashirmay.
— Anavi Sarvarjon boru, o‘shanga gapirib qo‘yasizmi devdim.
— Nimani gapiraman?
Hamma qatori soat oltidan keyin uyiga ketmaydi, sakkiz-to‘qqizgacha o‘tiradi. Men bir soatga qolmay hamma xonalarni supurib, tozalab chiqaman. Keyin uning ketishini kutib o‘tiraman. Axir, uyga borib bolalarning ovqatini qilishim kerak.
Zulfiqor Saidovich o‘ylanib qoldi, Mastura opaning beva, yolg‘izligini bilardi, uyda to‘rtta churvaqasi bor, undan boshqa qaraydigan odam yo‘q. Rahmi keldi ayolga.
— Bo‘pti, gapirib qo‘yaman, — dedi.
Mastura opa rahmat aytib chiqib ketar ekan, lekin qattiq koyimang, o‘zi yaxshi yigitu shu qilig‘i bor, deb qo‘shib qo‘ydi.
Zulfiqor Saidovich «Ma’qul» degandek bosh irg‘adi va shu zahoti kotibasi orqali Sarvar Karimovichni o‘z yoniga chaqirdi.
Kelganiga ikki yildan oshganiga qaramay hamma uni «yangi xodim» derdi. G‘alatiroq yigit edi Sarvarjon, kelganidan buyon shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali biror marta Zulfiqor Saidovichning oldiga na iltimos, na shikoyat bilan kirmagandi. Majlislarda miq etmay o‘tirardi, biror daf’a so‘zga chiqmagandi. Odamoviroqqa o‘xshardi.
Sarvar garchi Zulfiqor Saidovich bilan ertalab ko‘rishgan bo‘lsa-da, salom berib kirib keldi. O‘tirishga jur’at etmay boshlig‘ining taklifini kutdi.
— O‘tiring, — dedi Zulfiqor Saidovich.
Sarvar faqat shundan keyin «rahmat» deb stullardan biriga cho‘kdi.
— Ustingizdan shikoyat tushdi, — erinib, loqayd ovozda gap boshladi Zulfiqor Saidovich.
Sarvar pinagini buzmadi, «qanday shikoyat» degandek boshlig‘iga savolchan boqdi. Bunday paytlarda xodimlar dovdirab, hadiksirab qolardilar. Sarvarning pinagini buzmagani Zulfiqor Saidovichni sal ajablantirdi.
— Ishdan vaqtida ketmay sakkiz-to‘qqizlargacha o‘tirar ekansiz. Sizni deb farrosh ayol uyiga vaqtida ketolmas ekan, uni boquvchisi yo‘q, ro‘zg‘or tashvishi o‘zining yelkasida, vaqtliroq borib bolalariga ovqat tayyorlashi kerak.
Sarvarga bu gap ta’sir qildi, xijolat bo‘lib uzrona ohangda gap qotdi.
— Mening xonam toza, uch-to‘rt kunda bir supurib chiqsalar ham mayli. Boshqa kunlari uylariga vaqtli ketaversinlar. Mastura opaga shunday desangiz...
Bu gap Zulfiqor Saidovichga erish tuyuldi. «Bo‘pti, endi xonamni vaqtida bo‘shataman» deyish o‘rniga odatimni tashlamayman demoqchi.
— Ba’zilar o‘zini ishchan, ishga o‘ch ko‘rsatish uchun vaqtida ketmay, ishlab o‘tiradilar, — piching aralash gapirdi Zulfiqor Saidovich.
Ammo Sarvar yana pinagini buzmadi. Gapi ta’sir qilmagani uchun Zulfiqor Saidovich xurujni kuchaytirdi.
— Men chet ellarda ko‘p bo‘lganman. U yerda qonun bor — uddaburon xodim ishni tez va o‘z vaqtida bajarishi kerak. Ishni qilib bo‘lib o‘z ustida shug‘ullansin, kasbiga xos qo‘llanmalar, yangiliklar yoki badiiy adabiyot o‘qisin, xullas qotib qolmaslik uchun malakasini oshirsin, topshirilgan ishni o‘z vaqtida bajarolmay ertadan kechgacha lalayib o‘tiradigan noshudlarni ishdan haydashadi u yoqlarda.
— To‘g‘ri qilishar ekan, — dedi Sarvar.
O‘ziga gap yuqtirmaydigan surbetlarga o‘xshaydi-ku, degan fikr kechdi hokimning ko‘nglidan.
— Siz noshudlar emas, ishchanlar toifasiga kirsangiz kerak, — yana piching qildi Zulfiqor Saidovich.
— Qaydam, — yelka qisdi Sarvar.
— Hamma ketsa ham sakkiz, to‘qqizgacha o‘tiradigan xodim ishchan hisoblanadi-da. Shunday emasmi?
Sarvar muvozanatni yo‘qotmay vazminlik bilan javob berdi.
— Salima opa dekretga chiqib ketgani uchun ikki kishining ishini qilishga to‘g‘ri kelyapti. Shuning uchun kun davomida qilib ulgurolmay qolib ketyapman.
— Darvoqe, — sal izza bo‘ldi boshliq, — nega oldimga kirib ikki kishining ishini qilib qiynalib qolyapman demadingiz, yordam berardik.
— Xabaringiz bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim.
Zulfiqor Saidovich yana sal xijolat bo‘ldi, to‘g‘ri aytyapti yigit. Yaxshi rahbar har narsadan xabari bo‘lishi kerak. O‘zini oqlashga urindi.
— Bilasiz ishimiz ko‘p, og‘ir, g‘alvali, bosh qashishga ham vaqt yo‘q. Shu tufayli ba’zi narsalar unut bo‘lib qoladi.
— Bilaman, — dedi Sarvar xotirjamlik bilan, uning o‘zini erkin tutishi, rahbarni mensimagandek xotirjam o‘tirishi Zulfiqor Saidovichning izzat nafsiga sal tekkandek bo‘ldi. Yosh xodimni erkin vaziyatdan chiqarishga urindi.
— Shunday qilib ikki kishining ishini eplab o‘tiribman deng? Sarvar javob bermay indamasdan o‘tiraverdi. Zulfiqor Saidovich odamlarni sinashni yaxshi ko‘rardi. Yosh xodimning jig‘iga tegsin-chi, o‘zini qanday tutarkin deb, yana piching qildi.
— Demak, siz ikki-uch kishining ishini eplaydigan donoyi davronsiz.
Kesatiqdan jahli chiqish, jizzakilik qilish o‘rniga Sarvar jilmaydi.
— O‘zini donoyi davron hisoblash, hamma narsani bilaman, hammadan aqlliman deyish tentaklikning, johillikning bir belgisi.
Bama’ni yigit ekan deb o‘yinni yig‘ishtirishga qaror qildi Zulfiqor Saidovich.
— Bo‘pti, Mastura opaga aytaman, xonangizni uch kunda bir tozalaydi.
Gap tugaganini bilib Sarvar o‘rnidan turdi. «Endi menga ruxsatmi?» degandek boshliqqa savolchan boqdi.
— Sizga ruxsat, boravering, — dedi iliqlik bilan Zulfiqor Saidovich.
Sarvar xonani tark etdi.
Oradan bir hafta o‘tgach Zulfiqor Saidovich majlis chaqirdi. Majlisda muovinlikka Sarvar Karimovich tayinlanganini e’lon qildi va Sarvarjonni qutladi. Yig‘ilganlar qarsak bilan kutib oldilar yangilikni. Kimdir ajablandi, kimdir xursand bo‘ldi, Fozilbek bilan Odilbek esa ichidan zil ketdi, ammo sir boy bermay o‘zlarini tetik va xushhol tutishga urindilar, hammadan qattiqroq qarsak chaldilar, majlisdan kulimsirab chiqdilar.
— To‘g‘ri bo‘libdi, yoshlar ishlasin, kelajak yoshlarniki, — dedilar yon-atrofdagilarga.
O‘z xonalariga kirib yolg‘iz qolganlaridan keyin soxta tabassumli niqobni yuzlaridan olib tashlab shumshayib oldilar. O‘shanda, Zulfiqor Saidovich har ikki do‘stni qabul qilganida, ularning nomlarini o‘chirganidan bexabar edilar.
...Fozilbek kechqurun uyga qaytishi bilan hech narsadan xabari yo‘q xotini Nozimaxon xursand kayfiyatda gap ochdi.
— Fozilbek aka, ertaga Malikaxonning tug‘ilgan kuni ekan.
Qo‘ng‘iroq qildi. Mening tug‘ilgan kunimda billur qandil olib kelgandi. Surishtirib bilsam narxi ikki ming dollar ekan. Endi men ham arzirli sovg‘a qilishim kerak. Nima olsam ekan?
— O‘zing bilib olaver, — ensasi qotib javob qildi Fozilbek.
— Do‘stingizning xotini, maslahat bering, chakana narsa olsak uyat bo‘lar.
— O‘zing bilib olaver dedim-ku. O‘zing olib, o‘zing boraver.
— Siz-chi?
— Men bormayman.
— Voy nega, o‘ylab gapiryapsizmi?
— Men yo‘nilmagan tayoq emasman.
— U nima deganingiz?
— Aytmagan joyga borganni yo‘nilmagan tayoq deyishadi, Odilbek miq etmadi.
— Aytib qolar, hali vaqt bor.
— Aytmaydi, — cho‘rt kesdi Fozilbek.
— Voy, nega unaqa deysiz, axir, necha yillik qadrdonsizlar. Fozilbek javob o‘rniga yuzini teskari burdi.
— Malikaxon aytdi, shuning o‘zi yetadi. Bormasak sovg‘adan qochdi deyishadi.
— O‘zing boraver dedim-ku, — o‘shqirdi Fozilbek.
— Nima balo oralaringdan qora mushuk o‘tdimi yo...
— Bo‘ldi, gapni ko‘paytirma, — xunobi oshib do‘q urdi Fozilbek, — o‘shalarni endi menga gapirma.
Erining vajohatini ko‘rib Nozimaxon mavzuga chek qo‘ydi. Fozilbek bilan Odilbekning do‘stlik qal’asi devori darz ketganidan bexabar edi.
Kim biladi, vaqt o‘tishi bilan balki Fozilbek bilan Odilbek o‘rtasidagi sovuq adovat unut bo‘lib ketar, do‘stlik rishtalari qaytadan tiklanar. Biroq shunisi borki, yurakdagi darz qurmagur qancha ta’mirlanmasin, sayqal berilmasin o‘z holiga qaytmaydi, butun bo‘lmaydi, izi qolaveradi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 2-son

ANVAR OBIDJON. ODDIY AYRILIQ HAQIDA ERTAK (QISSA)


Adirga tutash qishloqchadagi orti derazasiz uylar badantarbiyaga saflangan bo‘yi past-baland o‘quv­­chilardek, yo‘lning ikki chetida zich tizilib tu­rib­di. Eshik-darvozalar ham turlicha: bunisi bir­qanot, odmi, ba’zilari bo‘yoq ko‘rmagan, taxtalari quyosh kuydirig‘idan qorayib, yorilib ketgan; unisi – qo‘shqanot, rangdor, hashamatli. Torgina toshloq ko‘­cha­ning chap yog‘ida – kishi bemalol sakrab o‘tsa bo‘­ladigan sershag‘al ariq, suvlari qushchalarga sayrashni o‘r­gatmoqchidek qishin-yozin chuldiragani chul­­­diragan. Ariq ustida har bir xonadonning o‘z so‘­ri­­toki bor, ularda turfa navli uzumlar ayoz payti tom chetida hosil bo‘lguchi muzburunlardek shoda-shoda osilib yotadi. Eng ertapishari – bahor tugamasidanoq shira yig‘ib ulguruvchi chilgi. Keyin kishmish, hasayni, hu­sayni, qizbarmoq, shivirg‘oni, qizilto‘ra, shakarangul, qorapirqilar birin-ketin yetilaveradi. Yumaloq degani – eng kechkisi, qishning boshlarida ham po‘sti so‘limaydi, og‘izda bodringdek karsillaydi.
Tunukatom boloxona ostidagi temir darvozaning so‘l qanoti g‘ijirloqlanib ochildi-yu, faqat to‘y-ma’rakalar munosabati bilangina javondan olinuvchi oppoq yaktagini, ohorli ko‘k to‘nini kiyib, boshidagi marg‘iloni do‘ppining girdiga adras qiyiqni ixchamlatib bog‘lagan do‘ngmanglay chol shoshqaloqlanib ko‘chaga chiqdi. Chiqiboq, kaltagina soqolini entikkanicha silay-silay, yoshiga xos bo‘lmagan tarzda ildam odimlab, kunbotardagi mozor tarafga yo‘naldi. Ildamlagani sayin yosharib boraverdi, oxiri yetti yoshli bolaga do‘ndi-qoldi.
Chol, ko‘nglida uning ismini bolalikdan ardoqlab kelayotgan, oradan necha yillar o‘tmasin, chiroyini zarrachayam yo‘qotishi mumkin bo‘lmagan, keksalikni shunchaki niqob qilib olgan qumriko‘z parivashning yoniga oshiqmoqda edi. Hademay yetib boradi, Xudo nasib etsa, diydoriga to‘yadi. Shunisi qiziqki, cholni tanib ololsa, yana bir mo‘‘jiza yuz beradi, kampir ham o‘sha zahoti yetti yoshli qizaloqqa aylanadi...

* * *
Nusa xolani o‘zim danak chaqib yeyishni o‘rgangan chog‘imdan buyon bilaman, eshakaravada mahallama-mahalla kezib, piyoz, guruch sotib yuradi. Ko‘chamizdan o‘tib qolsa, biznikiga kirmasdan qo‘ymaydi. Buning sababi bor.


Nusa xolalar ilgari juda uzoq bir o‘lkada yashagan ekan. Ko‘p yillar oldin ularni kimlardir, nima uchundir to‘satdan quvg‘in qilibdi-yu, biz tomonlarga kelib qolishibdi. To muqim boshpana topilgunicha, birlari yarimvayrona xonaqolarga, birlari kolxozning turli omborlariga, birlari dala shiyponlariga joylashtirilibdi. Ortiqcha tomi bor kishilardan ayrimlarining achinishi qo‘zib, quvg‘indilarga o‘z hovlisidan hujra beribdi. Men hali tug‘ilmasimdan burun Nusa xola bilan eri Sadir tog‘a qish ichi biznikida turishganini, yalpizlar quloqlay boshlagan pallada ikki ko‘tarim chiqib-chiqmaydigan ko‘chini yig‘ib, yangi yerlar o‘zlashtirilayotgan cho‘lga ketishgach, o‘zlariga kichik bir kulba qurib olishganini eshitgandim.
Dadamning aytishicha, Sadir tog‘aning asli ismi koreyscha Sugir, xotinining ismi ruscha Nyusya ekan. Qishloqdagilar shunaqa – millati boshqa kishilarning otini yo buzib aytishadi, yo o‘zbekcha nom qo‘yib olishadi.
Odamlarning fe’li g‘alati-da, ba’zi qo‘shnilar to‘polonchi bolalarini tinchitishga urinib, hadeb sho‘x­lik qilaversang seni Nusa karisga berib yuboraman, deb qo‘rqitardi. Bir kuni o‘rtog‘imnikiga o‘ynagani kirib, buzoqchasini shataloq ottirgancha quvalab yursak, sopol tosda yem qorayotgan onasi bizni po‘pisalashga tutindi:
– Bas qilinglar! Ana, Nusaning ovozi kelyapti. Hozir ikkovingniyam qo‘l-oyog‘ingni boylab, aravasiga ortib beraman, cho‘lga opketadi.
Ikkalamiz to‘rtta quloqni tengdan ding qil­ga­nimizcha turib qoldik. Ko‘chadan Nusa xolaning “Piyozlar keldi-i, guruchlar keldi-i” degan tovushi eshi­tilmasa-da, o‘rtog‘im onasiga hadikli boqib, so‘­radi:
– Cho‘lga opketib, keyin bizni nima qiladi?
– Nima qilardi, to‘xtatmay ishlatadi, – tosga kepak sepayotib vahimani kuchaytirdi onasi. – Oftobda boshing qaynab, piyoz o‘taysan. Sholipoyada loy kechib, o‘t yulasan.
O‘rtog‘imning ko‘zi gildirab, orada ovqat-povqat berib turadimi, deb so‘raganida, onasi birdaniga qaqira-qaqir kulib yuborgandi.
Nusa xolaning eri Sadir tog‘ani kamdan-kam ko‘­rardim. Uyimizga qadam bosadigan bo‘lsa, xaltacha­da guruchi, bir-ikki shisha arag‘i bilan kelib, tunab qolardi. Bir uxlab uyg‘onsam ham, dadam ikkovi ha­li-hali otamlashayotgan bo‘lardi. Ayrim gaplarini uqardim, ayrimlarini uqmasdim.
– Biz-ku og‘irliklarga ko‘nikib ketganmiz, – derdi Sadir tog‘a. – Lekin, qizchamga juda qiyin bo‘ldi-da. Xotinim aravasida tirikchilikka chiqib ketsa, uni dalaga opketaman. Bilasan, dalamizda daraxt yo‘q hisobi, qizimga katta savat shlyapa kiydirib, sholipoyaning uvatiga o‘tqazib qo‘yaman. Ora-sira yoniga borsam, terga pishilib, hansiroqlanib qolgan bo‘ladi. Xotinim qaytib kelsa, tuproqqa belangan, yuzlari qizarib, yonoqlari po‘st tashlagudek po‘rsilloqlangan qizchani ko‘rib, bolaga umuman qaramabsan-ku, deganicha meni g‘azablashga tushadi.
– Ha endi, ona zoti sen bilan menga qaraganda kuyinchakroq-da.
– Uniyam tushunaman, yuragi bezillab qolgan. Bizni buyoqqa haydashganda, eshiklari jipslab yopilgan, to‘rt joyida kichik-kichik tuynuklarigina bo‘lgan tiqin yuk vagonida bir yarim yoshli o‘g‘ilchamiz bo‘g‘riqishdan o‘lgan. Xotinimning ro‘moliga o‘rab, temiryo‘lning yoqa­siga ko‘mganmiz. Bolachog‘imning go‘ri qayoqlarda qolib ketdi, deb yig‘lagani yig‘lagan edi xotinim. Qizim tug‘ilganidan keyin o‘rtanishi ancha tiyildi. O‘g‘lim esimga tushsa, o‘zimniyam ichim yonib ketadi, oshna. Jizillab qovrilaman-u, xotinimga sezdirmayman.
– Nimasini aytasan, Sadirvoy! Farzand dog‘i­dan battari borakanmi? Men birmas, ikkita bolamni topshirganman.
– Bilaman, xotining xotinimga aytgan ekan.
– Ikkinchi qizim uch yashar bo‘pqoluvdi-ya! Senlar kelmasingdan bir yilcha oldin qizamiqqa cha­lindi-yu... E, qo‘y, yaxshiroq gaplardan gaplashaylik. Ol manavini. Baxtimizga shu bolalarimiz sog‘ bo‘lsin endi.
Piyolalarning jaranglatib cho‘qishtirilgani eshi­­­tiladi. Bo‘shatilgan idishlar dasturxonga do‘qil­la­tib qo‘yilganidan so‘ng, nima uchundir, oraga jimlik cho‘kadi.
Dadajonim ko‘proq ichvolib, mehmonning oldida dumalab qolmasaydi, deb xavfsirardim. Ertalab xijolat tortib o‘tirmasin derdim-da.
Mahallamiz bolalari biri qadimda, biri shu davrlarda to‘qilgan, bunisi o‘ta quvnoq, unisi juda-juda qayg‘uli bo‘lgan o‘nlab tilqayramalarni xuddi qo‘shiq kuylayotgandek ohangga solib aytib yurishardi.

Bugun bozorga o‘xshaydi,


Yetimlar buncha qaqshaydi?
Bozordan qand opkeluvchi
Otaginasi yo‘qqa o‘xshaydi.

Shunisini eshitganimda, yuragim “jig‘-g‘” etib ketardi doim. Dadam o‘lib qolmasaydi, deb qo‘rqishni boshlardim. Yaxshi ko‘rgandan yaxshi ko‘rardim dadaginamni. Menga sira qattiq tegmasdi.


Yil yangilangan oyning o‘rtarog‘idan boshlab dadam negadir uyga kelmay qo‘ydi. Ayamdan so‘rasam, uni bir ish bilan olisroqqa jo‘natishdi, hali a-ancha yuradi, deyishdan nariga o‘tmaydi.
Sal keyinroq, gap nimadaligini ko‘chadagi o‘r­toqlarimdan baribir bilib oldim. Ular ota-onalarining o‘zaro g‘ujurlashuvidan ilg‘avolgan bo‘l­sa kerak-da. Dadam kolxoz fermasida omborchi edi, qandaydir tekshiruvchilar kelib, ishidan u-bu kamchiliklar topishibdi, shuning kasridan qamoqqa tushibdi. Ayamdan qamoqning nimaligini surishtirsam, u joy – devori baland bir qo‘rg‘on, to fursati to‘lmaguncha, ichidagilarni tashqariga chiqarmay turishadi xolos, lekin yotoqlari tayin, ovqati bepul, deb uqtirdi.
Ovoragarchilikni qarang! Aybi bo‘lsa, uzoqqa op­­ketib bepul boqib yurguncha, uyimizga qamab qo‘­yi­sha­vermaydimi...
Dadamni sog‘inaverdim, sog‘inaverdim. Qo‘shni xotinlar chiqib ayam bilan jaqir-juqurni boshlasa, dadam to‘g‘risida iliqroq gap o‘rmalashidan umid qilib, ularning og‘zini poylaganim poylagan edi. Ba’zida Sadir tog‘a kelib qolardi. Unga ko‘zim tushishi bilanoq, xuddi dadamni ko‘rgandek, quvonib ketardim. Har gal u kichik bir tuguncha ko‘tarib kelar, kostyumining ichki cho‘ntagida menga atalgan popukdor qog‘ozli chaynamayshiming ham bo‘lardi.
Nusa xola eridan ko‘ra serqatnov edi. Qoplar ortilgan eshakaravasida ko‘chamizga oralagudek bo‘lsa, odatdagidek, biznikiga bosh suqmasdan o‘tmasdi. Goho bir-ikki piyola choy ustida ayam bilan andak dardlashgan bo‘lardi.
– Nimaga Goptayni hech opkelmaysizlar? – deb so‘rab qoldi bir kuni ayam. – Bolamday bo‘pqoluvdi, ko‘rgim keladi-da.
– Mushtdek qiz kun bo‘yi aravada yurishga chidashi qiyin, – dedi Nusa xola.
– Qo‘rqmang, oltiga kiryapti, suyagi ancha qotdi.
– Qani, bir opkelarman.
Shunda ayam ko‘z qirida menga qitmirona qarab, Goptay esingdami, qulog‘ini tishlab o‘zingniki qilvol deganimda, kartillatibgina tishlaganiding, deb kuldi.
Qulog‘idan tishlaganim, qizcha bor tovushda dod­lab yuborgani shuvillab yodimga tushdi, ammo qiyo­fasini ko‘z oldimga yaqqolroq keltirolmadim. Uch yasharligimda hatna to‘yim bo‘lgandi, Sadir tog‘a to‘yga xotini bilan qizchasiniyam olib kelgan, Goptayni o‘shanda birinchi marta ko‘rgan edim. Ikkovimiz sopol kosachaga barmoq tiqib nisholda yalaganimiz, so‘yilgan qo‘yning jonsirab potranishini dong qotib kuzatib turganimiz, bolalarga qo‘shilib chopqillab o‘ynaganimiz, ayamning ishqoviga uchib, uning qulog‘idan tishlaganim uzuq-yuluq esimda. Aniq bilganim shuki, o‘sha kuni undan sira nari ketgim kelmagandi. Chiroylidirki, yonidan siljishni istamagandirman, deb o‘ylayotgandim shu damda.
Kuzning boshlarida Nusa xola o‘zbekcha uzun ishton, yengi shalviroq chit ko‘ylak kiygan qizchasi bilan kelib qoldi.
– Voy, bu – Goptaymi? – ayam borasolib, kaltagina sochining o‘rtasidan yalma ochib olgan mehmonchani bag‘riga bosdi. – Katta qiz bo‘pketibdi-ku! Voy, o‘zim o‘rgilayin sendan!
Birga tushlik qildik. Goptay bizga elikolmay, qunishganicha tamaddilanib o‘tirdi. Ora-sira unga pastdan ko‘z tashlayman, u ham hurkaklik bilan menga qiyalab-qiyalab qo‘yadi.
Ovqatlanib bo‘lganimizdan keyin, tok ostidagi yog‘och so‘rimizdan tushib, qittay ikkilanib turgach, yur, Goptay, eshagingga o‘t beramiz, dedim. Goptay mung‘ayib onasiga qaradi.
– Boraqol, – dedi Nusa xola, – eshakniyam qorni ochdi-da.
Goptay so‘ridan sirg‘alib tushib, patakli kalishchasini kiydi, men bilan borishga oyog‘i tortmayotgandek ishtiyoqsiz odimlab, ortimdan ergashdi.
Uni tomorqaga boshlab kirdim. Og‘ilning oldida to‘xtab, qo‘ylarimiz uchun jodida qirqib qo‘yilgan xashakdan bir quchog‘ini oldim-da, Goptayga uzatdim. Goptay qorni ochilib qolayotganini xayoligayam keltirmay, ko‘ylagining etagini tutdi. Xashakni etakka solib, o‘zim yana bir quchog‘ini ko‘targancha tashqariga yurdim. Ko‘chaga chiqib borib, oziqlarni eshakning oldiga to‘kdik.
Qo‘shni qizlar yerga bo‘r bilan chizilgan kataklarda bir oyoqlab sopol surib, “hakkalakam” o‘ynashayotgan ekan, bu mehmon kim, deb so‘rashgan edi, Nusa xolaning qizi, dedim. Birdan Goptay ham tilga kirib, ularga dadil yaqinlashdi:
– Otim – Goptay. Birga o‘ynasam maylimi? Meniyam o‘yinga qo‘shinglar.
– Ie, o‘zbekchada boplab gapirding-ku, – dedi qiz­lardan biri. – Karischaniyam bilarsan?
– Bilaman.
Goptay “hakkalakam”ga qo‘shildi. Men chetda so‘p­payib qolmayin deb, ularga qozilik qilishni boshladim. O‘yinda goh kimdir bir oyoqda muvozanatini yo‘qotib tebranib ketadi, yiqilmaslik uchun, tepaga bukib olgan oyog‘iniyam beixtiyor ishga soladi. Ikki oyoqlab to‘xtading, o‘yindan chiq, deb jovirlaydi qiz­lar. Ba’zan oyoqda surilgan sopol sakkizta katakdan birining oq chizig‘iga qadalib to‘xtaydi. Yana o‘sha jovur-juvurlar:
– Sopoling chiziqni bosdi, o‘yindan chiqding!
Goptay ham ikki marta ana shunday holatga tushdi. Birinchisida qizlarga o‘shqirgudek bo‘lib, bukilgan oyog‘ini cho‘zishga cho‘zdi-yu, yerga tekkizgani yo‘q, deb; ikkinchisida esa, sopol bilan chiziqning orasida qoshliqcho‘p siqqudek joy turibdi, deb uning yonini oldim. Qizlarga gapimni o‘tkaza olganim sayin taltayaverdim. Goptayning oldida obro‘yim tog‘ bo‘yi ko‘tarildimi deyman-da!
Shunaqaga o‘xshaydi. Uyimizdan chiqib kelgan Nusa xola qizchasini aravadagi qoplarning old tomoniga o‘tirg‘izib, o‘zi ham chetroqqa yalpayib cho‘kkanicha eshagini oldinga siljitgach, asta olislab borayotgan Goptay yo‘l-yo‘lakay menga ikki-uch bor o‘girilib, yoqimli-yoqimli jilmayib qo‘ydi.
Dadamni bir yilga qamashgan ekan, boshliqlari insofliroq bo‘lsa kerak, oilangda bayram qilaqol, deb muddatidan avvalroq bo‘shatib yuborishibdi, yangi yil kirishiga ikki kun qolganida lop etib uyimizda paydo bo‘ldi. Hovlimiz oldin qo‘ni-qo‘shniga, keyin qarindosh-urug‘larga to‘ldi. Qo‘y so‘yildi. Uyqozondan kattaroq bo‘lgan dalaqozonda bir sho‘rva qaynasa, bir palov damlanadi. Sadir tog‘a ham ertasi kuniyoq eshakaravaga xotini bilan qizini o‘tqazib yetib keldi. Yangi yilni biznikida kutishdi. Goptay bu safar mendan yotsiramay, birga o‘ynab o‘tirdi. Tishimning izi qolmaganmikin deb, quloqchalarining dam unisiga, dam bunisiga zog‘lanib ko‘z qadar edim. Oxiri, o‘rik o‘tinning cho‘g‘i solingan sandalga oyoq tiqqancha, biqinma-biqin uxlab qolibmiz.
Dadamga kolxozdan ish berishmadi. Damo-dam mahalladagi issiq-sovuq ma’rakalarga aralashib turishini hisobga olmaganda, qish ichi uyda uymalanib yurdi. Yo‘qchilikdanmi, o‘zini odamlardan olib qochadigan bo‘lib qoldi. Ilgarilari biznikida tez-tez yig‘ilib turadigan ulfatlari ham qorasini ko‘rsatmay ketishgandi. Guzardagi choyxonaga chiqib, odamlar bilan bir chaqchaqlashsangiz, ko‘nglingiz yozilarmidi, deb qo‘yardi ayam ba’zida.
– Nimani chaqchaqlashasan? – deb o‘qrayar edi dadam. – Biri mayda-chuyda dardini chuvalashga tushadi, biri ig‘vodan bo‘shamaydi...
To‘qqizta qo‘yimiz bo‘lardi. Dadam qamoqdaligida ikkitasini sotib ro‘zg‘orga xarjlagandik, qamoqdan chiqqanida bittasini elga yegizdik. Yetishmovchilik bordirki, keyinroq yana ikkitasini sotdik.
– Bitta qo‘chqor, uchta bo‘g‘oz sovlig‘imiz qoldi, – deb dadamga bir kuni pand aytgan bo‘ldi ayam. – Qancha qiynalsak qiynalaylik, to ko‘payib olmaguncha, endi qo‘ylarga tegmay turing. Xamirturishdek gap bular.
Har yilgidek, tomorqamiz chetidagi ikki tup bodom bahor kirib-kirmasidanoq gullay boshlagan kunlar edi. Sadir tog‘a kelib, dadam bilan yarim kechagacha ulfatchilik qildi. Ertalab chala-chulpa nonushtalandi-yu, o‘zbekona odatga ko‘ra yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi. Eshikdan chiqayotib, eshakaravani minib kelaymi, yo o‘zing ulov topasanmi, deb so‘radi dadamdan. Ovora bo‘lib yurma, o‘zim borarman, dedi dadam. Sadir tog‘a ketgach, ayamning ko‘zlari sinchkovlanib, bu o‘rtog‘ingiz qanaqa arava to‘g‘risida gapiryapti o‘zi, deb surishtirgan edi, dadam parvosizgina boqib, tuzukroq ish topguningcha men bilan dehqonchilik qip­turaqol, daromad – o‘rtada, deganidi, tavakkaliga rozilik bervordim, dedi.
– Boshqa ish qurib ketganakan-da! – ko‘zini chaq­chay­tirib bidirladi ayam. – Cho‘lga chidash osonakanmi?
Dadam indamasdan chetga yuzlandi. Uning ko‘z­la­rida mung yallig‘langani, kipriklari o‘ksik bolanikidek tez-tez pirpiray boshlaganini ko‘rib, birdan ko‘nglim buzildi…
Cho‘l deganlari Uzumchi qishlog‘imizdan uncha uzoq emasdirki, paxta yetishtiruvchi brigada a’zolari qo‘sh otli, to‘rt g‘ildirakli, so‘risi keng “haptakach”da tong yorishib-yorishmasidan yo‘lga tushib, ishlari bitgach, qorong‘i tushganda yana qaytib kelishardi. Dadam esa, o‘n-o‘n besh kunda bir kelib-ketardi xolos. Ayamdan buning boisini so‘rasam, dadang dehqonchilik qilayotgan joy paxtazorlardan ancha narida, cho‘lning etakrog‘ida, derdi.
Yozning o‘rtalari edi. Dadam navbatdagi kelishida meni ham cho‘lga olib ketmoqchi ekanini aytdi. Ayamning tuyqus achchig‘i chiqib, o‘ylab gapiryapsizmi, uyda bitta o‘zim qolsam, odamlar nima deydi, deb bobillashga tushdi.
– Bitta o‘zing qolmaysan, – deb qoshini chimirdi dadam. – Ana, to‘rt eshik naridagi beva opang kelini bilan g‘ijillashaverishdan bezib, qayoqqa qochishni bilmay yuribdi. Butunlay ko‘chib chiqmasayam, kechala­ri jon-jon deb yoningda yotib yuradi. Ertosh oltidan o‘tyapti, dalani ko‘rsin, ishga ko‘zi pishib borsin, deyman-da, xotin.
– Bahona to‘qimang! Bilaman, shu bolasiz turolmaysiz. Kim vaqtida yedirib-ichiradi, kim kirini yuvadi? Buyog‘iniyam o‘ylang-da.
– Nusa xolasi bor-ku! O‘rtog‘inggayam ishonmaysanmi?
Hayajonim ichimga sig‘may borayotgandi. Dadajonimga kunda esh-qo‘sh bo‘lib yayrashdan ko‘ra shu chog‘da, negadir, Goptayni ko‘proq o‘ylayotgan edim…
Sadir tog‘aning uyidan teparoqdagi tuprog‘i arzikli, kamquvvat, serkesak, shu sababli paxta ekishga yaroqsiz hisoblangan dalalarda piyozlar pishib-etilib yotardi. Yer osti suvini pastlatish maqsadida qazilgan serqamish zovurdan nariga o‘tishingiz bi­lanoq, sho‘ri tepaga urib oq qatqaloq hosil qilgan qumloq yerlar boshlanadi. Uyog‘i endi – sholipoyalar. Boshqa sohadagi olimlarning ko‘pchiligiga ma’lum bo‘lmagan bir sirni – yerning sho‘rini yuvishda, unumdor qilishda katak-katak marzalar ichra suv doimo limillab turguchi, loyqali cho‘kmalar balchiqlanib, qumlarni asta-sekin tuproqqa aylantira borguvchi sholipoyadan zo‘rroq omil yo‘q ekanligini bu dalaning chaqaloqlariyam yaxshi bilardi.
Dastlabki kunlarda, piyoz qazishga yollanganlar ishini boshqarish, ularga ovqat tashkillab berish bilan band bo‘lgan dadamning yonida Goptay ikkalamiz ivirsib yurdik.
Kattalarning ishiga aralashgimiz kelaverardi. Ko‘pincha, qazuv chog‘ida chetini ketmon tirnab zaxa­lagan, birinchi o‘rinda sotib yoki ovqatga ishlatib yubo­riladigan piyozlarni alohidalatib to‘plashga qarashar edik. Bularning bir qismini o‘ta maydalariga qo‘shib, ro‘zg‘orga ishlatarsizlar, deya yollanmachilarga tekin tarqatishda qatnashish bizga o‘zgacha zavq bag‘ishlardi. Keyin piyozning qo‘lansa isini ketkazish uchun, qo‘limizni ora-sira hidlay-hidlay, loyda ishqalab yuvishga tushardik.
– Loydagi toshcha boshmaldog‘imni tildi, achishyapti, – deb yuzini bujmaytirardi Goptay.
Yiqilib-netgan chog‘imda ayamning erkalatishiga taqlid qilib, ke, og‘rigan joyingni bir o‘pib qo‘yay, desam, Goptay “ho-o” deya qo‘lini biqiniga yashirardi.
Piyozlar to‘liq qazib olinib, yer haqi uchun qariyb yarmi kolxozga topshirilgach, qolganining bir qismi daladayoq ko‘tarasiga sotildi, bir qismini yukso‘risiga baland chetan to‘siqchalar o‘rnatilgan aravalarga yuk­lab, yoyib quritish uchun xirmonga tashish boshlandi. Yaxshilab quritilgan piyoz har qancha uzoq saqlanmasin, chirimas ekan.
Qancha-qancha odamga qiron keltirgan urushning na­fasi hanuz sezilib turardi – dalada ketmon chopishga yaramagani uchun bo‘lsa kerak, piyoz tashuvchi aravakashlarning ko‘pchiligi nogironlardan iborat edi: biri oqsoq, boshqasining bir qo‘li yoki bir oyog‘i yo‘q, kontuziyaning jaddidan qaltiroqqa yo‘liqqanlariyam bor. Ayrimlarida askarcha shim-ko‘ylak, enli qayish tasmalar. Sadir tog‘ani nega urushga yuborishmaganini bilmayman-u, dadamning o‘ng ko‘zi tug‘ma shilpiq bo‘lib, qizarib yallig‘langanicha xiyol qisilib turishi tufayli harbiyga olishmagan ekan.
Qishda sotishga qoldirilgan piyozlar quritilib, ijara omborga joylab bo‘lingach, dadam sholipoyani yovvoyi o‘tlardan tozalashda, ekinlarni o‘g‘itlashda Sadir tog‘aga yordam berishga o‘tdi. Goptay ikkalamizning kunimiz ham endi shu tomonda kecha boshladi. Ota­larimizga ko‘maklashmoqchi bo‘lsak, goh na­ri­roqdagi pastakkina, tanasi ketmon sopidan ozgina yo‘g‘onroq bo‘lgan yosh majnuntolni ko‘rsatib, tezda soyaga borishimizni buyurishadi, goh, kechki salqin tusha boshlaganidanmi, indamay qo‘yib berishardi. Menga qo‘shilib Goptay ham ishtonining pochasini tizzagacha shimarib, marzalardan biridagi bo‘tana suvga tushib borardi. Kurmak­larni tortqilab yulmasdan, tomiridan teparog‘ini chimdib uzib olinglar, yo‘qsa yonidagi sholi ham tag-tubi bilan qo‘porilib chiqadi, deb uqtirishardi bizga.
Tomiri butun qolganidanmi, to‘rt-besh kun o‘tmayoq, kurmaklar yana sholidan balandlab ketaverardi. Qa­rabsizki, hamma ish boshqatdan boshlanib turibdi-da. Muhimi – bu la’natilarni urug‘i pishmasdan burun gumdon qilish. Urug‘i to‘kilib, bir bolalab bersa, sholiga kun yo‘q.
Sholi boshoqlamaguncha uni kurmakdan farqlash qiyin. Kurmakning kurmakligini bargida oq chiziqcha borligidangina ajratib olsa bo‘ladi. O‘ylashimcha, shuni yanglishtirib qo‘yishimizdan cho‘chib, bizni sholipoyaga yaqinlatgilari kelavermasdi. Juda g‘ay­rat­laring qo‘ziyotgan bo‘lsa, ana, marzaning ustini tozalanglar, deyishardi.
Marza suvdan balandligi uchunmi, muttaham kurmaklar bu yerda qorasiniyam ko‘rsatmas, mug‘am­birdan mug‘ambir semiz o‘tlargina o‘sardi. Mug‘am­birligi shundaki, shoxlaridan birining uchini o‘t o‘chiruvchilarning ichagidek suvga tushirib olsa bas, suyuqlikni keragicha so‘rib, butun tana bo‘ylab pismayib tarqataveradi.
Bir gal marza ustidagi o‘tlarni yulayotib, oldimizdan suzib o‘tayotgan baqani tutib oldik. Ikkovimiz bir paytda tashlanganimiz bois men baqaning orqa oyog‘idan, Goptay oldingi oyog‘idan ushlagancha suvdan ko‘tardik, birinchi bo‘lib men tutdim, deya talasha ketdik. Tortdi-tortdida orqa oyoq uzilib changalimda qoldi-yu, qo‘liga qon sachragan Goptay baqani tashlab yuborib, uning tipirchilashiga yig‘lamsirab tikilib turdi, so‘ng menga bir o‘qrayib qo‘yib, shartta ortga burildi, marzadan chiqiboq, uyi tomonga yo‘naldi.
Kechki ovqat paytidayam Goptayning arazi bosilmadi, tumtaygan asno, menga umuman qaramasdan, jim kavshanib o‘tirdi. Nusa xola miyig‘ida kulimsirab, bu ikkovi bugun rosayam yuvoshlanib qolibdimi, deya yonidagilar bilan ma’nodor ko‘z urishtirib qo‘ydi. Bildimki, oramiz buzilganini bular allaqachon payqab bo‘lishgan.
Sadir tog‘aning bir oynakli uyi yonida kichkina omborcha bor edi. Dadam omborchaning chetiga taxta terib, ustiga ko‘rpa to‘shab olgan ekan, shu joyda yolg‘iz uxlardi. Bir oynakli uyda esa, gilamdek-gilamdek keladigan o‘zbekona ko‘rpalarning tagligiyam, yopinchig‘iyam uzunasiga to‘shalib, u chetida Nusa xola, bu chetida Sadir tog‘a yotar, Goptay ikkalamiz ularning o‘rtasiga suqilib olardik. O‘sha kuni Goptay onasining narigi yog‘iga o‘tib uxladi.
Qayoqdanam yo‘liqa qoldi o‘sha olako‘z baqa? Ushlashga ushladik, uni Goptayga indamasdan berib qo‘ya­qolsam, o‘larmidim?
Yuragim siqila-siqila, pinakka ketibman.
Nonushtaga uyg‘otishdi. Chivin chaqqan joylarimni qashlay-qashlay, lanjlanib o‘rnimdan turdim. Oyo­g‘imni sudrab bosgancha uydan chiqib, ariqchada yuzimni yuvdim, tolga ilingan sochiqni olib, sustlanib artina boshladim. Ko‘nglim hamon qorong‘i edi.
Bir payt Goptay kelib, kuragimga turtkiladi:
– Hey, menga qara!
Yuragim boshqacha tepinib, unga o‘girildim.
– Bugun yana baqa ushlasak, bo‘pti, sen olaqol, – deb jilmaydi u. – Endi talashmayman.
Ichimda yarq etib quyosh porlagandek bo‘ldi.
– E, baqayam qurib ketsin, – deya qo‘l siltadim men. – O‘shani deb, seni xafa qipqo‘ydim.
Shu tariqa kunlarim Goptay bilan birgalikda charaqlab-charaqlab o‘taverdi. Men uning ko‘nglini avay­lashga tirishadigan bo‘lib qoldimmi yoki u menga ko‘proq yon berarmidi, hartugul o‘rtamizga qaytib sovuqchilik tushmadi. Uni biror soat ko‘rmasam, eng suyumli o‘yinchog‘imni yo‘qotib qo‘ygandek betoqat elovlana boshlardim. Bu elitmako‘z qizaloq shu yoshimdayoq qalbim chechakzorini butunlay o‘ziniki qilib olayotgani, mazkur maskanda boshqa kezargonga joy qoldirmay borayotganini bilmasdim hali.
Hech unutolmayman – Goptayning bir ertagi yuragimda g‘alatidan g‘alati jimirloq uyg‘otgan edi. O‘sha kuni ertalabki salqinda dadalarimizga ozgina ko‘maklashgan bo‘ldik, keyin bizni yana soyaga quvishdi. Borib, majnuntolning ostiga o‘tirdim. Goptay yonimga cho‘kdi. O‘zimizga yangi ermak topib, ishtonimizning shalabbo bo‘lgan pochasini siqishga tutindik.
– Dadang hozir ishini tashlab kelib, bizga ta­g‘in ertak aytib bersa, zo‘r bo‘lardi-da, Ertosh, – deb qoldi bir payt Goptay. – Ayniqsa, Alpomishni boshqatdan eshitgim kelyapti. O‘shanday polvon yigitga yoqib qol­ganiga qaraganda, Barchinoy juda chiroyli bo‘lsa kerak, a?
– Shunaqaga o‘xshaydi, – dedim men.
So‘ng, karislarniyam ertagi bormi, deb so‘radim. Bor, degan javobni eshitib, qani, bittasini aytib ber-chi, dedim.
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda bitta kichkina bola bilan bitta kichkina qiz bo‘lgan ekan, – deb ertagini boshladi Goptay. – Ikkalasi doim birga o‘ynarkan. Bir kuni ularga avliyo chol yo‘liqibdi-yu, tilaklaring bo‘lsa, aytinglar, debdi. Qiz, buni eshitib, bizni hoziroq katta qilib qo‘ya olasizmi, deb so‘rabdi. Avliyo chol shu zahoti ularni katta qilib qo‘yibdi. Shunda yigit qizga qarab, seni yaxshi ko‘raman, menga xotin bo‘lasanmi, debdi. Mayli, debdi qiz. To‘y qilishibdi. Keyin yigit o‘sha qizning ota-onasiniyam uylariga ko‘chirib kelibdi. Yigit bilan qiz ota-onalariga qo‘shilib, bitta joyda yashab-yashab yuraveribdi...
Sholipoya yaqinidagi tosho‘choqqa kichkina qozon osilgan bo‘lib, dadalarimiz tushlik ovqatni shu yerning o‘zida pishirib yeyishardi. Ko‘pincha qaynatma sho‘r­va qilinardi. O‘tin ho‘lroq bo‘lsa, bizni o‘choqqa yaqin bordirishmas edi. Ho‘l o‘tin charsillagani charsillagan. Charsilloqdan uchgan cho‘g‘ kiyimni kuydiradi, badaninggga tegsa, yara qiladi.
Tushlik mahali chetlari titilgan bo‘z dasturxonni yoyib, oldimizga ikkita sopol kosada sho‘rva qo‘yishdi. Keyin o‘zlariga ovqat keltirishdi, nonni mayda-mayda to‘g‘rab, sho‘rvaga bo‘ktirishdi. Men ham o‘shanday qildim. Chimtomoq Goptay esa, non bo‘lagini shoshmasdan sho‘rvaga botirib, istamaygina og‘ziga soldi.
– Mogora! – deb jerkib berdi Sadir tog‘a.
Karischada bu “eyaqol” degani. Kelganimdan beri, bunaqa gaplardan besh-o‘ntasini o‘rganib olganman: yosh onara – buyoqqa kel, igo kadera – ol, chagara – uxla, gadya – yur, ketdik... Karislarning “salom”i uzunroq xolos – anensi xasimnika.
Sadir tog‘a bo‘g‘ma xaltadan to‘rtta ko‘k qalampir olib, pichoqda parraklab-parraklab qirqdi, yarmini o‘z kosasiga, yarmini dadamning ovqatiga to‘kdi. Aytishlaricha, qalampir odamni terlatib, badanidagi bor sovuqlikni quvib chiqararkan. Sholipoyada kun bo‘yi suv kechib yurganlarning esa, suyak-suyagigacha zaxlik singib ketarmish.
Ovqatlanib o‘tirganimizda, mo‘ylovdor, to‘lpoq­yuz kishi zovurning ko‘prigidan o‘tib, biz sari yaqin­lashaverdi. Keling, domla, keling, deb dadam uni Sadir tog‘aning yoniga o‘tqazdi-da, qornim to‘q, desa ham, baribir sho‘rva quyib kelib, oldiga qo‘ydi. Mo‘ylovdor kishi maktab o‘qituvchisi bo‘lib, dalada yashovchilarning bolalarini ro‘yxatga olib yurgan ekan. Bizning yoshimizni surishtirgan edi, dadam meni ko‘rsatib, o‘g‘lim mart oyining boshida olti yoshga to‘ldi, Goptay undan o‘n besh kunlik kichik, dedi. Mo‘ylovdor kishi ismlarimizni, tug‘ilgan vaqtimizni daftariga yozib bo‘lib, bular sentyabrda olti yarimga kirarkan, biz maktabga yetti yoshdan oshganlarni olamiz, kelasi yili o‘qishga borishadi endi, deb tushuntirish berdi. Ke­yin, sho‘rvadan ho‘plarkan, Sadir tog‘aga qarab, avvalgi yurtlaringda qachondan beri yashar edilaring, deb savol tashladi.
– Aniq bilmadim-u, otam ham, otamning otasi ham, uning otasi ham o‘sha yerda yashab o‘tgan ekan, – dedi Sadir tog‘a. – Nimaga so‘rayapsiz?
Mo‘ylovdor kishi oxirini bir ko‘tarishda kosani bo‘shatgach, popukli satin ro‘molchada og‘zini artib, Sadir tog‘aga salmoqli siyoqda yuzlandi:
– So‘raganimning boisi – o‘shancha vaqt ruslar bilan aralash yashab, haliyam ruschaga tillaring kelishmaydi. O‘zbekistonda yashayotganlaringga hech qancha bo‘lgani yo‘g‘-u, o‘zbekchada xuddi o‘zbekdek toza gapiradigan bo‘ldilaring. Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Bu shuni anglatadiki, tillarimizning tomiri bir!
Dadalarimiz mehmonni kuzatib qo‘yib, yana yumushga berilishdi. Sadir tog‘a ishlayotib, odatiga ko‘ra, qandaydir qo‘shiqni dimog‘ida tinmay xirgoyi qila boshladi.
– Qachon qarama, shu ashulani aytganing aytgan, – deya tegishqoqlanib so‘z qotdi dadam. – Boshqasi yo‘qmi?
– Boshqalariyam ko‘p, – deb javob qildi Sadir tog‘a. – Lekin, hech qaysinisi bu qo‘shiqqa teng kelolmaydi, oshna.
Dadam kesatishini qo‘ymadi:
– Shunchalik kuchli bo‘lsa, mazmuniniyam bilay­lik-chi.
Sadir tog‘aning aytishicha, bu qo‘shiqning ma’nosi shunday ekan:

Ey, yurtimdan kelayotgan shamol!


Otam bo‘lib, onam bo‘lib,
Sochlarimni silab o‘t!

Ey, yurtimga ketayotgan shamol!


Men o‘g‘liga aylanib,
Otam bilan onamning qabrini silab o‘t!

Sadir tog‘a manglayini tirishtirib turib qoldi. Dadam unga hilviroqlanib tikilganicha dedi:


– Qo‘shiqmisan qo‘shiq ekan! Aytaver, og‘ayni, aytaver!
Lekin, Sadir tog‘a ashulasini davom ettirmadi, cho‘ntagidan papiros olib, og‘ziga qistirdi. Gugurtda yondirib, ustma-ust so‘rdi-yu, o‘qchib-o‘qchib yo‘taldi.
– Achchiqdan achchiq bo‘lsayam, arzonligiga uchib, shu o‘lati “Baykal”ni chekkanim chekkan, – deya ko‘kragini silab qo‘ydi.
O‘z-o‘zidan ko‘zim suzila boshladi, biram uyqum kel­yaptiki, deb tolga yelka tiradim.
– Meniyam uyqu bosyapti, – dedi Goptay. – Yelkangga suyansam maylimi? Yerga yotsam, chumolilar tishlab qochadi.
Men tolga, Goptay menga suyanib, uyquga ketdik. Uy­g‘onsam, Goptayning boshi yelkamdan sirg‘alib tushibdi, cho‘zilgan oyog‘imni yostiq qilganicha tiniqib uxlayapti.
Ertakdagi o‘sha avliyo chol Goptayni sehrlab qo‘y­sa-yu, qaniydi, mana shu yotishda uyg‘onmay yotaversa, deb o‘ylayotgandim shu onda.
Qish boshlanib, paxta terimi oxirlab borayotganida, kolxozdagi kattakonlar dadamga ish berishdi – bog‘ brigadiri qilib tayinlashdi. Buni eshitib, Sadir tog‘aning boshi osmonga yetdi, Nusa xola quyuqroq ziyofat uyushtirgan bo‘ldi.
Tongda dadam ikkovimiz qishloqqa jo‘nadik. Goptay ota-onasiga ergashganicha bir oynakli uychadan chiqib kelib, ko‘zi mo‘ltiragan asno bizni kuzatib qoldi. Ancha yurib borgach, ortga qayrilsam, uychaning oldida endi bitta o‘zi haliyam o‘shanday tikilib turibdi. Unga kaftimni tebratib qichqirdim:
– Yana kelama-a-n!
Qishloqqa qaytsak, qo‘chqorimiz lorsillab ketibdi. Sovliqlardan biri egiz tuqqani uchun to‘rtta qo‘yimiz sakkizta bo‘luvdi, qo‘zichoqlar allaqachon to‘xliga aylanib ulguribdi. Boshimizga davlat yog‘ilgani shu-da. Buning ustiga, Sadir tog‘a birinchi qor tushgan kuni uyi­mizga kelib, bu sening ulushing, deya dadamga bir chorsi pul tashlab ketdi.
– Qadaming yengil ekan, – degandi u o‘shanda dadamga. – Shuncha ekin ekib yurib, hosil bu yilgidek mo‘l bo‘lganini sira ko‘rmagandim.
Oradan ikki hafta o‘tib-o‘tmay, Sadir tog‘a yana darvozamizdan kirib keldi. Yonida Goptay ham bor edi. Bir-birimizni ko‘rishimiz bilanoq, ko‘zlarimiz yashnagandan yashnab ketdi.
Sadir tog‘aning, negadir, tafti sust edi, dadamni chetga tortib, qovoq solganicha allanimalarni shipshitdi. Tomorqadan chiqib kelgan ayam Sadir tog‘ani ko‘rib, endigina hol-ahvol so‘rashni boshlagandi, dadam yaqinroq borib, ungayam nimadir deb pichirladi. Ayamning to‘satdan rangi quv o‘chdi, voy o‘lmasam, deb ko‘ylagining yoqasini tutamladi.
Dadam uyga kirib, tezda kiyinib chiqdi, ayamga qarab, bugun kelolmasam kerak, dedi. Sadir tog‘a ikkovi shosha-pisha yo‘lga tushdi. Shu ketgancha qaytishmadi, Goptay biznikida tunab qoldi. Dadang nimaga xafa, deb so‘rasam, onam kasal, dedi xolos.
Nima voqea yuz berganini ertasi kuni ayam qo‘shni xotinga so‘zlab berayotganida bilib oldim. Bundan uch-to‘rt kun avval Nusa xola ko‘ksini changallab yiqilibdi-yu, shu-shu, qimirlolmay qolibdi. Darrovda do‘xtirxonaga olib borishibdi. Foydasi bo‘lmabdi. Kecha tushlikka yaqin joni uzilgan ekan.
Goptayga buni aytishga tilim bormadi. Chamasi, ayam ham nima deyishni bilmayotgandi.
– Ko‘chada bir o‘ynab kelsalaring-chi, – deb qo‘li­mizga uch-to‘rttadan yong‘oq tutqazdi oxiri.
Ko‘chaga chiqmasak ham bo‘larkan, Goptayni “ha, karischa”, deb ermaklagani uchun o‘zimdan kattaroq bola bilan yoqalashib qoldim. Qattiq olishdik. Yerga dumalab yiqilganimizda, bilagim yaxshigina shilindi, uning ko‘ylagi yirtildi.
Hovliga qaytib kirib, qo‘limiz sovuqdan qal­tiraganicha tovuqning katagi yonida hammompish o‘y­nashga unnadik. Nam tuproqdan yumaloq gumbazli hammom yasagach, ustiga mo‘ri o‘rnatib, yonidan eshikcha ochayotganimda, qara, men zo‘r uy qurdim, deb qoldi Goptay. Ko‘rsam, kattagina uy tiklab, hovlisining atrofini cho‘p devorda o‘rab qo‘yibdi.
– Pulimiz ko‘paysa, dadam shunaqa uy quradi, – deb orziqdi Goptay. – Sizlarnikiga yaqinroq joyga qursak, har kuni birga o‘ynardik.
Bu ish erta-indinoq amalga oshadigandek, suyunib ketdim:
– Ie, qishloqqa ko‘chib kelasizlarmi?
– Cho‘lda maktab yo‘q, – xo‘rsindi Goptay. – Kelmasak, qaerda o‘qiyman?
– Uyni qurishga nechchi kun ketarkin?
– Bilmadim... Ulgurishar...
Birdan quvligim qo‘zidi:
– Agar ulgurishmasa, seni qishloqqa erga berib qo‘yaqolishsin.
– Erga berishsin? – charaqlanib boqdi Goptay. – Kimga?
– Kimga bo‘lardi, menga-da!
Goptayning lo‘ppi yuzi tuyqus duvillab qizardi.
– Senga? – dedi so‘ng iljayib. – Sen urishqoqsan-ku! Yumdalog‘ich mushukka o‘xshaysan!
Shunday deya, qotib-qotib kula ketdi. Men ham kulgiga qo‘shildim. Kulyapman-u, ichimda nimadir titranib erib boryapti.
Kechasi ayam uzunlatib joy to‘shadi, uchalamiz bitta ko‘rpaga kirdik. Goptay hayal o‘tmasdanoq uyquning qopqoniga ilindi. Ancha mahal unga tikilib yotdim. O‘zimni chinakamiga kuyovchadek his etmog‘im uchun ayam ortiqchalik qilayotgandek edi shu topda.
Sadir tog‘a biz uxlaganimizdan keyin dadam bilan kelib, darvozamiz yonidagi mehmonxonada tunab qolgan ekan, Goptay ertalab uni ko‘riboq, onam qani, deb so‘radi. Sadir tog‘a chuqur homuza tortib olgach, onang uzo-o-qqa ketdi, dedi.
Goptay dadasiga xavotirli boqib, yana so‘roqqa tutdi:
– Qachon keladi?
– Bilmadim, – dedi dadasi. – Kelavermasa, bir kuni o‘zimiz oldiga boramiz-da, qizim.
Buni eshitib, ayam o‘zini yig‘idan tiyolmay, sha­palog‘ida ko‘zini to‘sganicha, uy ichiga tezlanib kirib ketdi…
Kelgusi yili maktabga bordim. Shu yerda bo‘l­ganida, hozir Goptay ikkalamiz birga o‘qiyotgan bo‘­larmidik, degan o‘y boshimda tez-tez aylanib turardi. Afsuski, ular ketib qolishgan. Nusa xola vafot etganidan keyin, Qozog‘istonning allaqaerida yashovchi singlisi kelib, jiyanimni boshqa ayolga o‘gaylatib qo‘ymayman, debdi-yu, o‘zi bilan olib ketibdi.
Qizini qo‘msagan bo‘lsa kerak, qishning qirchil­lamasida Sadir tog‘a ham o‘sha yoqqa jo‘nadi. Ketishdan avval biznikiga kelgani, dadam bilan quchoqlashib-quchoqlashib xayrlashgani esimda.
– Xotinimning qabriga qarab-netib turinglar, men kelolmasam, bir kunmas bir kuni bolammi, nevarammi kelib ziyorat qilar.
Sadir tog‘a aytgan oxirgi gap shu bo‘ldi.
Oqsoqollarning roziligi bilan, Nusa xolani qishlog‘imizdagi musulmon qabristoniga dafn etishgandi. Dadam har bahorda borib, o‘z ota-onasiniki qatorida Nusa xolaning go‘rini ham o‘tlardan tozalab kelardi. Bunaqa paytda Sadir tog‘aning o‘sha ashulasi yodimga tushaverardi. Dadam gazetada ishlaydigan bir tanishiga bu qo‘shiqning mazmunini aytib berib, ke­yinchalik she’r qildirib olgandi:

Shamol keldi yurtimdan,


Yoydim men qulochimni.
Otam bo‘lib,
Onam bo‘lib,
Silab o‘tsin sochimni.

Ko‘zlarimni yoshlatib,


Shamol ketdi yurtimga.
Otam qabrin,
Onam qabrin
Silab o‘tsin o‘rnimga.

Qozog‘iston tomonlarda bo‘lib qaytgan tanish bir karis kishi dadamni uchratib qolib, Sadir tog‘a av­tomashinalar to‘qnashuvida o‘lganini aytganligi es­ki qadrdonining ezgin qo‘shig‘ini o‘zbekcha she’rga aylantirib asrab yurishga turtki bergan ekan. Dadam o‘shanda uning qizini surishtirsa, ikkalasi birga ha­lok bo‘lganmish, debdi.


Buni dadamdan talay fursat o‘tibgina eshitganimda, yuragim uqalanib ketgudek bo‘luvdi. Goptay esimga tushsa, goho ko‘zlarim o‘z-o‘zidan yoshlanishni boshlardi. Uni olib ketgan ayolni topib, ayamasdan savalagim kelaverardi.
Shunday charaqlagan qizni nima qipqo‘yishdi-ya?!
...Qabriston jimjit edi, yomg‘ir siyrak tomchilab turardi.
– Agar tirikligingni bilsam, seni yerning tagidan bo‘lsayam izlab topmasmidim, Goptay. Nega o‘zing xat-pat yozmading? Nega?
– Bir-ikki marta yozmoqchiyam bo‘ldim, lekin manzilimning tayini yo‘q edi. Umrimning eng charsillagan davri qozoqlarning u dalasidan bu dalasiga ko‘chib yurish bilan o‘tdi. Boshim kulfatdan chiqmadi. Xolamning ichuvchi eri qimorboz, janjalkash, betayin kishi edi, hech kimga yoqmasdi, hech yerga sig‘masdi.
– Harbiyda bo‘ldim, institutda o‘qidim. Bitirganimdan keyin ham anchagacha uylanmay yurdim. Uchragan qizdan sendagi qiyofani, sendagi qiliqlarni axtaraverdim. Hatto to‘yim bo‘layotgan kuniyam ko‘z oldimga kelib turvolding...
– Men-chi, men? Seni eslamagan, senga talpinmagan kunim yo‘q edi. Sargardonlikdan qutulib, yo‘limni topib olganimda, yigirma beshdan o‘tib qoluvdim. Ertosh – yolg‘iz o‘g‘il, allaqachon uylangandir, deb o‘ylardim. Seni hech bo‘lmasa yana bir marta ko‘ray, armonim arisin, derdim-u, o‘zbek ayollarining fe’li nozikligini bilganim uchun, turmushingga sovuqchilik tushirib qo‘yishdan cho‘chirdim, o‘zimni zo‘rlab yo‘ldan qaytarardim.
– O‘shanda imillamasliging kerak edi, Goptay. Men yigirma yettimda uylanganman, yigirma yettimda!
– Senam meni yaxshi ko‘rishingni qaerdan bilibman...
– Vah, pishmagan kalla-ya! Hamma ayb o‘zimda, qayoqdagi mishmishga ishonib, seni tiriklayin ko‘mib o‘tiribman-a! Nimaga yaxshiroq surishtirmadim? Nimaga qidirib ko‘rmadim? Men landavurni kechir, Goptay! Kechir men xumboshni... Kechir…

* * *
Bunaqasini to‘qib bo‘larkanmi?! Bir mistovoq som­sani ko‘tarib, qishloqdagi udumga ko‘ra, qo‘shnining mehmonini yo‘qlashga kirganimda Ertosh otadan nimani eshitgan bo‘lsam, shuni yozdim.


Qarangki, Ertosh ota bilan shuncha yil bitta ko‘chada yashab, bir paytlar taniqli meliorator bo‘lgani, qanchadan-qancha suv inshootlari uning loyihasi asosida qurilganidan bo‘lak narsani bilmay yuraveribman. Buyam odam-ku, balki, ko‘nglida hali hech kimga aytmagan sirlari bordir, degan o‘y biror marta boshimga qo‘nmabdi. Agar, Goptay momo degan kampir o‘nlab yillarga cho‘zilgan judolikdan so‘ng onasining qabrini ziyoratlash niyatida Uzumchi qishlog‘ini istab kelgani; xotirasida o‘chmas yolqinga do‘nmish Ertosh otaning tirikligidan quvonib, bir oychadan beri unikida qo‘noq bo‘lib yurgani; kampirning nevarasi ularni o‘z mashinasida vodiy bo‘ylab sayr qildirgani; bolalikning zahmatli, biroq totlidan totli damlarini qayta jonlantirmoq ilinjida, tobora tarovatli tus olayotgan ko‘hna cho‘lni ikkovlon yayov kezib chiqqani haqida odamlar shov-shuv ko‘tarmasa; men shov-shuvning tafsilotiga chuqurroq sho‘ng‘imoqdan erinib, bu silsilali qismatni yer kezg‘ichida har bir soniya ichra yuz berib turguchi minglab oddiy ayriliqlardan biriga yo‘yib qo‘yaqolsam; keyinroq esa, ilohiy hodisadek tuyuluvi ila butun boshli qishloqni larzaga solgan ma’rakada qatnashmasam, olamda mungligina yangi bir ertak tug‘ilganiga shohid bo‘lolmay o‘tib ketaverar ekanman.
Xatomni to‘g‘rilashga oshiqmang, xotima topgan umr­lar bayoni o‘laroq idrok etilguchi “ertak” degan so‘zni yanglish ishlatmadim. Yurtiga yo‘l olishga hozirlangan Goptay momo so‘nggi kechada Ertosh ota bilan uzoq suhbatlashib o‘tirgach, tun yarimdan og‘ganida uxlashga yotibdi-yu, qaytib uyg‘onmabdi.
Xonadon tongdayoq odamga to‘ldi. Mahalla oq­so­qoli goh kampirning nevarasi, goh cholning farzandlari bilan nimalarnidir maslahatlashar, lang ochiq deraza tarafga bot-bot jalanglab, uy ichiga sinchkovlanib qarab qo‘yardi. Uy ichida esa, Ertosh ota karavotdagi jasadga kiprik qoqmay termilgan kuyi tosh qotib o‘tirar, hech kimga gapirmas, o‘zgalarning gapi ham qulog‘iga mutlaqo chalinmayotgandek edi. Burnog‘i yili kampiridan ayrilganidayam cholni bunday karaxt kepatada ko‘rmagandik.
Oqsoqol oxiri Ertosh otaning oldiga kirib bordi. Yelkasidan sekingina quchib tebratganicha, endi nima qilamiz, deb so‘ragan edi, u keskin tovushda: “Goptay yonimda qoladi!” dedi. Shunday dedi-yu, ko‘zlari to‘satdan tepaga bitib, boshi bilanglanib chayqaldi, ostidagi kursidan karavot tomonga mulgiy boshladi. Oqsoqol potrangan alfozda uning qo‘ltig‘idan tutdi, avaylab gilamga yotqizdi.
Ertosh ota bilan Goptay momo qabristonga birga ketdi, yonma-yon qazilgan lahadlarga bir paytda qo‘­yildi.
Ular endi oramizda emas. Bir-birining jahonda o‘xshashi yo‘q chehrasiga qonib-qonib olib, bu muvaqqat chaylani armonsiz tark etishdi-yu, ikkovi bitta ertakka aylandi...
Ertami-kech biz ham ertakka aylanamiz. Ammo, shu tomoniyam borki, buning uchun odamdek yashab, birovga aytishga arzigulik, loaqal, biron-bir jimjimali kechinmani boshdan o‘tkarmog‘imiz lozim shekilli.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 12-son

ANVAR OBIDJON. AJINASI BOR YO‘LLAR (QISSA)


(Turmush kechinmalari)

BOSHLOV
Xo ishoning, xo ishonmang,
yozayotg‘onimda tirik edim.
Gulmat SHOSHIY

Og‘zingga kelganini gapiraverma,


esingga kelganini yozaver.
Kulkul afandi
Yozsammi, yozmasammi?
Yozmasam, o‘zimni o‘zimdan haydab yashayotgandekman. Shuni his qila boshlashim bilanoq yuragim siqiladi. Yozsam, o‘zim uchun ham, ba’zi-birovlar uchun ham qanchalar og‘riqli bo‘lmasin, imkon qadar borini boricha aytishimga to‘g‘ri keladi. Aks holda, bu muallaq tarvuz uzra abadiyat ummonining omonat ko‘pikchasidek kechgan hayotim bayoni tabiiylikdan chekinib, bir adibning navbatdagi to‘qimasi yuzaga keladi-yu, umr haqiqatlari ramzi sifatida idrok etilguchi “Esdalik” atalmish so‘z azaliy qimmatini yo‘qotadi.
Afsuski, “chinakam” deganlari ham baribir nisbiydir. Hayotimni tevaragimda yuz berib turguchi voqealardan uzuq tarzda tasavvur qilolmas ekanman, turli hodisalarga munosabat bildirishda o‘z uquvim, o‘z bilimim, o‘z mushohadam darajasidan nariga o‘tolmasligimni, bu darajam esa maqtangudek yuksak emasligini oldindan tan olib qo‘yaqolay. Demak, ayrim masalalarda haqiqatga eltguchi bahslar eshigini lang ochiq qoldirishim lozim bo‘ladi.
Istiholalarni yig‘ishtirib, shartta yozaversammi? Yo tilimni tiyganim tuzukmi?
Chekdim, o‘ylandim; chekdim, ikkilandim; oxiri qadrdon qalamjonim qog‘ozlar uyumi sari oshiqdiyu o‘ng qo‘lim yetagida “boshlov”ni chizg‘ilaboq, olisdagi “tugallov” sari bilang­lab yo‘rg‘alashga tushdi. Buyog‘i endi O‘ziga tavakkal...

* * *
Shaxsimni tasdiqlash, dunyoga har qanday shamolu epkinning ermagiga aylanguchi qog‘oz parchasi bo‘lib kelmaganimni isbotlash, O‘zi a’lo qilib yasagan aqlu ongimga munosib xo‘jayinligimni namoyishlash uchun qo‘limdan kelganicha urindim – bir umr kuyinib-yoniqib yashadim, so‘z aytmoqni kasb qildim. Yozganlarim loaqal bu yurtdagi bittagina kimsaning diqqatini tortib, ko‘nglini ishg‘ol etolmasligiga ishongim kelmaydi. Balki barini o‘sha bitta odam uchun yaratgandirman. Garchi bu zotga atab aytilgan, yana aytishni istagan gap­larim son-sanoqsiz esa-da, unga bir savol berish bilan kifoyalanmoqchiman: “Men kimman?!”


Ich-ichimdan sezyapman, bunga eng xolis, eng to‘g‘ri javobni aynan o‘sha bitta odam topa oladi. Meni o‘zicha bilib yurganlar o‘shanda yangitdan tanishadi.

* * *
Bahromxonning ilk bolalik davri, yigirma besh yillik to‘xtovsiz janglardan so‘ng, Qo‘qon xonligi hududi Chor Rossiyasi tomonidan tuzilgan Turkiston general-gubernatorligiga to‘lasicha tobe etilgan paytlarga to‘g‘ri keldi. Bungacha esa ne-ne odamkushliklar yuz bermadi deysiz.


Ikki-uch ajdod narisidagi bobo-momolari Marg‘ilondan kelib, Oltiariqning Poloson qishlog‘ida (bu qishloqqa bir mahallar Turkistonning boshkenti maqomidagi Bolasog‘unga havas qilib nom berilgan, keyinchalik shevada buzib aytila boshlangan ekan) tomir otgan eshonlar avlodidan bo‘lmish Bahromxon tevarakda yuz berayotgan ushbu voqealardan ozmi-ko‘p xabardor esa-da, siyosatga qiziqmas, otasidan, boshqa ustozlardan zo‘r ishtiyoq bilan bilim olar, qo‘yib berishsa, kun bo‘yi hujradan chiqmay, kitob titkilab o‘tirarkan. Kamgap, bosiq, taqvodor, o‘ta royishli, doim o‘ychan yuruvchi yigit ekan.
Aytishlaricha, ota-onasi ko‘p bor og‘iz solishiga qaramay, Bahromxon ana-mana deb, uylanishni ortga suraveribdi. Oxiri, allaqachon uylanish yoshiga yetgan ukasi navbatda tiralib turganini pesh qilishgach, indolmay qolibdi. Otasi yengil tortib, agar biror qizda ko‘nglingiz bo‘lsa, buniyam bilib qo‘yganimiz tuzuk, desa, u ko‘zida yer chizib, asta debdi:
– Modomiki, ixtiyorni o‘zimizga beribsiz, endi sazamizni o‘ldirmaysiz-da, otajon. Mahallamizdagi Do‘smat tog‘aning Sarviniso degan bitta ko‘zi ojizroq qizi bor ekan, tengqurlari bir-bir uzatilib, unga sovchi kelmayotganidan ichikib yurganmish. Shu qizga odam kiritib, savob olishga urinib ko‘rsakmikin?
Chinakam ruhoniylar oraga gap qo‘shishning iloji qolmagan vaziyatda sukutdan nariga o‘tishmaydi, ota indamay turib qolibdi. Tez orada Bahromxonni Sarvinisoga uylab qo‘yishibdi.
Otasining vafotidan so‘ng eshonlik martabasi Bahromxonga xatlab berilibdi. Turkiydan tashqari arabchani, forschani ham yaxshi bilgan Bahrom eshon ilmga butunlay sho‘ng‘ib ketgach, bu zotni ortiqcha bezovta qilmaylik deb, ulamolar uning ukasi Akbarxonga ham eshonlik vakolatini beribdi, qishloqlarni kezish, mahalliy mullalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turish endi shu kishining zimmasiga tushibdi.
Turkiston taqdirga tan bergandek tuyula boshlaganida, Birinchi jahon urushiga qo‘shilgan Rossiya front ortida ishlatish uchun bu yurt fuqarolarini zo‘rlik bilan mardikorchilikka jalb etishga kirishgani ishni buzibdi, xalq yana g‘azabga kelibdi. Bahrom eshon bobomiz ayni o‘sha pallada – 1915 yilning oxirlarida, ellik yoshlar atrofida omonatini topshirgan ekan. 1906 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Obidjon o‘n yoshga, 1910 yilda tug‘ilgan qizi Shafoat besh yoshga to‘lib-to‘lmay yetim qolishibdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1916 yil voqealari – Jizzax, Toshkent, Marg‘ilondagi qo‘zg‘alonlarning boshlanishi va rus xoqoni Ikkinchi Nikolayning buyrug‘i bilan shafqatsizlarcha bostirilishi natijasida xalqning tirikchiligi yanada og‘irlashib, jumladan, bu oila boshiga ham katta qiyinchiliklar tushibdi.
Yer osti boyliklarining mo‘lligi va xilma-xilligi sanoatni tez izga solish, jadal o‘stira borish; iqlim sharoitining qulayligi, tuprog‘ining unumdorligi yerchilik, bog‘chilik, chorvachilikni o‘nlab marta yuksaltirish imkonini beruvchi oltin o‘lka endi istilochilar mulkiga aylangandi. Turkistonliklarni mag‘lub etgan omil zamonaviy zambaraklarga qarshi pilta miltiqlar bilan chiqishga majbur bo‘linganidagina emasdi, bir suluv kanizakni talashib, bir-birining ustiga qo‘shin tortishdan ham toymaydigan buqatabiat xoqonlarga kuni qolgan xalqning ruhi siniqligi, ko‘zchaqnatar ichki ma’naviy quvvatning kamligi bunga ko‘proq sababchi edi. G‘aflatda yotgan xalqni uyg‘otish uchun uning tarixini targ‘ib qilish kerak, degan so‘zni Avgustin bejiz aytmagan. Alp Er To‘nga, To‘maris, O‘g‘izbek, Amir Temur, Manguberdi yanglig‘ ulug‘ eltuzarlarning, Qo‘rqut ota, Xorazmiy, Beruniy, Farg‘oniy, Ibn Sino, Qoshg‘ariy, Ulug‘bek, Forobiy, Yassaviy, Navoiy, Buxoriy kabi olamga mashhur zotlarning avlodi ekanidan faxrlanmay qo‘ygan, kundalik tirikchilik tashvishidan bosh ko‘tarolmay qolgan millat baribir ertami-kech qaysidir olg‘irga qaram bo‘lishga, xor-zorlik ko‘rishga mahkum edi. Ochundagi to‘rt nahangdan biriga aylanmish Rossiya shundoqqina tumshug‘i ostida turgan tap-tayyor luqmani boshqa happayutarga urdirib yuborishni o‘ziga ep ko‘rmagandi, xolos.

* * *
Dadam arab, lotin, kirill imlolarida bemalol o‘qib-yoza olsa-da, dunyoviy ilmlarga, siyosatga o‘ta befarq edi. Ayniqsa, eshonlar sulolasidan bo‘la turib, diniy ilmda ham oqsoqligi ko‘plarni taajjubga solardi. Ehtimol, unga saboq berguchi otadan o‘n yoshidayoq ayrilib qolgani, bolalik va o‘smirlik pallalari bolsheviklarning Turkistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatish hamda mustahkamlashdagi ur-quvala zamonlarga to‘g‘ri kelgani buning asosiy sababchisidir. Tarixdan ma’lumki, qizil imperiya davrida yurti va millatining vijdoni bo‘lgan ziyolilar, mol-mulki chetdan kelgan zo‘ravonlar qo‘liga o‘tishini istamovchi davlatmandlar, e’tiqodi yo‘lida kurashga kirgan hamiyatli fuqarolar qatorida musulmon ahlini g‘ayridinlarga qarshi oyoqqa turg‘aza olishga qodir kuch hisoblanmish din peshvolari ham ayovsiz qirg‘in qilingan, surgunga yuborilgan. Ularning yaqin kishilari, ayniqsa, farzandlari doimiy ta’qib va nazorat ostida bo‘lganlar.


Bularni ko‘rib qo‘rquv va bezillovlar ostida qolgan Bahrom eshon va ukasi Akbar eshon avlodlaridan uy-joylari tortib olingach, ona ajdodlariga qarashli hovlining bir chetidan qo‘nim topib ulg‘ayayotgan dadam o‘zini birinchilar qatorida yangicha maktabga uradi, ilg‘or o‘quvchilardan biriga aylanadi. Keyinchalik komsomolga (kommunistik yoshlar oqimi) qabul qilinib, yigirmanchi yillar o‘rtarog‘ida bir guruh faol yoshlar bilan birga Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga yuboriladi. Bir necha oy o‘tib, bezgakka chalingani sababli, cho‘lquvarlar uchun maxsus tikilgan korjomada Polosonga ozib-to‘zgan holda qaytib keladi.
Oltiariqdagi Vannovskiy temir yo‘l stantsiyasining yonida paxta qabul qilish punkti joylashgan ekan. Bahrom eshonning muridlaridan bo‘lgan Bayzaq (Boyuzoq) qori paxta punktida bosh tarozidor ekan. U kishi dadamni panohiga tortib, punkt yonidagi choyxonaga choy tashuvchi qilib joylab qo‘yibdi. Qo‘l-oyog‘i chaqqonligi, zehni o‘tkirligini sezgach, keyinroq o‘ziga mirzalikka olib, tarozidorlik sirlarini o‘rgata boshlabdi. Bu orada dadam Surmaxon degan ayolga uylanib, Homitjon, Odiljon, Shahodatxon ismli farzandlar ko‘ribdi. Odiljon uch yoshida og‘ir kasal bo‘lib, Homitjon o‘n uch yoshida daraxtdan yiqilib, vafot etibdi.
Bayzaq qori dunyodan o‘tgach, ustozidan puxta ta’lim olgan, o‘ziga xos nozik tomonlari ko‘p bo‘lgan kasbning sir-asrorlarini chuqur o‘zlashtirib ulgurgan dadamni bosh tarozidorlikka tayinlashadi. Ko‘p o‘tmay, Germaniya lashkari sovetlar yurtiga bostirib kiradi, dadamni kerakli mutaxassis sifatida harbiy xizmatga vaqtincha chaqirmay turishadi. Bu kasbning nozik tomoni – laboratoriyalar deyarli bo‘lmagan o‘sha davrda paxtaning sifatini, ifloslanganlik va namlik darajasini oddiy chamalash orqali aniqlash, shunga qarab vaznidan qancha kamaytirib hisoblashni bilish, navlarga ajratib g‘aramlatish tarozidorning javobgarligida bo‘lgan ekan. Tarozidorning yashirin daromadi – paxtaning iflosligi va namligini keragidan ziyodroq belgilab, bundan qancha mahsulot ortib qolishini aniq chamalay olish, shu “zahiracha”ni davlat tomonidan berilgan planni (rejani) bajarolmay qolgan kolxozlarga yeng uchida pullash orqali hosil bo‘larkan. Dadam o‘z shogirdlariga: “Orttirib yeyishning ham me’yori bor, chegaradan chiqmaslik kerak”, deb tez-tez tayinlaguchi esa-da, ana shu “orttirgani”ni chamalashda sal yanglishgan bo‘lsa kerak, ozgina kamomatga yo‘l qo‘yib, 1942 yili kesilib ketibdi. Turmada bir yildan ozroq yotgan bo‘lsa ham, xotini Surmaxon o‘g‘li Homitjonning dog‘ini ko‘tarolmaganmi, bu oilada nimadandir beziganmi, qizi Shahodatni buvimga tashlab, boshqa erga tegib olibdi.
Dadajonim qamoqdan chiqqach, bu sohada mutaxassis taqchil ekani tufayli, uni chekka Fayziobod qishlog‘idagi paxta qabul qilish punktiga bosh tarozidorlikka yuborishibdi. Kasbdoshlari shu qishloqqa yondosh bo‘lgan Oqbo‘yradan unga xotin topishibdi, urush davri taomiliga ko‘ra, to‘y imi-jimida o‘tkazilibdi. Yangi kelinning oti Munisxon ekan.
Ana, nihoyat, men sho‘rlikka ona ham topildi. Endi asosiy gap – sog‘-salomat tug‘ilib olishimda.

* * *
Chetdan qaraganda, dadam ilmga hafsalasizdek esa-da, hayotiy masalalarda ancha keng fikrlovchi, axloq-odob tushunchasi qon-qoniga singgan, o‘ta harakatchan, ziyrak va kuzatuvchan kishi edi. Tengqurlari uning so‘zamolligi, ishga bor vujudi bilan yopishishi, abjirligi, fe’li kengligi, kin saqlamasligi, barchaga ochiqqo‘lligi, beozorligi, tagdor hazillarga ustaligini alohida ta’kidlab gapirishadi. Salga ta’sirlanadigan darajada ko‘ngli bo‘shligi, dushmanlariga kechirimliligi, ig‘volarga beparvoligi, boladek sodda va ishonuvchanligi, topgan mol-dunyosidan ertasini o‘ylagan holda foydalanishni bilmasligi, ortiqcha ulfatbozligi kabi odatlarini esa uning qusuriga yo‘yishadi.


Urush tugaganidan keyin, dadam avvaliga Farg‘ona tumanining Kaptarxona qishlog‘idagi punktda ishlabdi. Oltiariq temir yo‘l stantsiyasidagisi o‘rniga Polosonda yangitdan paxta punkti tashkil etilayotganda, bu yerga yana bosh tarozidor etib tayinlanibdi, qurilishni o‘zi ustida turib bitkazibdi. Shu lavozimda 1956 yilgacha ishlab, odamlarning ta’rifidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, tumandagi to‘rtta yirik puldorning biriga aylanganida, men esimni ancha tanib olgan yoshda edim.
Dadamning ikkinchi nikohidan Xolisxon (1944), Anvarjon, ya’ni kaminalari (1947), Akramjon (1949), Tohirjon (1951), Zuhraxon (1953), Homitjon (1955), Avazbek (1957), Dilmurod (1959) degan farzandlar dunyo yuzini ko‘rdi. Shahodat opamiz ham biz bilan birga yashar, uning onasi boshqaligini ulg‘ayibgina bilgandik. Jamlansa, dadam ikkala xotinidan o‘n bitta farzand ko‘rgan, bari uyda, qo‘shni kampirlar enachiligida tug‘ilgandi. Ayamning oldingi ro‘zg‘oridan bo‘lgan Mahbuba opamiz esa, Oqbo‘yrada Xonim enam bilan qolgandi. Oqbo‘yraga mehmonga borsak, qunishib turuvchi o‘gay opam bilan yotsirab ko‘rishardim, uyimizga qaytgach, uni boshqa eslamasdim.
Ilk bolalik chog‘larim oilamizning to‘kin-sochin davriga to‘g‘ri keldi. Meni juda bashang kiyintirishga urinishardi, hadeb ovqatlantirmoqchi bo‘lishaverardi, erkalatishgani-erkalatishgan edi. Ayrim qo‘rs o‘spirinlarni hisobga olmaganda, “boyning arzandasi” deb, mahalla bolalari, ayniqsa, tengqurlarim meni turtkilash uyoqda tursin, ortiqcha qo‘pollik qilishdan ham o‘zlarini imkon qadar tiyib yurishardi. Bu hol ayrim jangchalarda ustunligimni ta’minlab, o‘zimni xotirjam sezishimga sabab bo‘lsa-da, ko‘nglimga zarracha ham huzur bag‘ishlamas edi, aksincha, g‘ashimni keltirardi. Tengdoshlarim mendan hurkimasligini, jaydaricha muomalada bo‘lishlarini, keragida qo‘pollik ishlatishlarini xohlardim. Ular bilan urishib ko‘rishni istab, goho ataylabdan biror narsani talashardim, janjal qo‘zirdim, ular esa men bilan olishuvga kirishmaslikka tirishardilar, ursam ham yo mung‘ayib turishaverardi, yo sekingina qochib qolishardi.
Bolalar ba’zida uyidagi qiyinchiliklardan gapirib qolishardi. Biri poyabzali yo‘qligi uchun akasining katta etigini kiyib maktabga borayotgani; biri singlisi o‘rtog‘ining qo‘lida qand ko‘rib, mengayam qand olib bering, deb yig‘lasa, pulim bo‘lmasa, enangnikidan olib beramanmi, deya dadasi uni tarsakilab, burnini qonatib yuborgani; boshqasi kecha ko‘chada uzoqroq o‘ynab, uyga kech qaytgani, ovqatni unga qoldirmay yeb qo‘yishgani, ochlikdan anchagacha uyqusi kelmagani haqida so‘zlardi. Ularni tinglayotib, goh oyog‘imdagi qimmatbaho tuflimni yashirishga urinardim, goh nonushta chog‘i dasturxonimizda oqqandgina emas, holvayu asalgacha turishini eslab, o‘z-o‘zimdan qizarib ketardim.
Qo‘shnilarnikiga kirganimda, ko‘pchiligining dasturxonida qoramag‘iz non yoki makka zog‘orasi, turshak-qoqilardan bo‘lak narsani ko‘rmasdim. Bunday xonadonlarda yashovchi o‘rtoqlarimdan goh unisini, goh bunisini uyimizga tez-tez boshlab kirardim, birga ovqatlanardim, dasturxonga qand ham qo‘yishlarini ayamdan talab qilib turib olardim, ukangga berarsan deb, bir qismini cho‘ntagiga solib qo‘yardim. Sen qandni har kuni yeysanmi, deya havas-la savol tashlardi bolalar. Xohlasam, kuniga o‘n marta yeyishim mumkin bo‘lsa-da, nima uchundir yolg‘on gapirib, onda-sonda berishadi xolos, deb g‘ariblanar edim.
Boy ekanligimizdan uyalayotgandek, boshqalarga o‘xshab kambag‘al emasligimizdan o‘ksinayotgandek edim. Barchadek bo‘lishni istardim, o‘zgalardan farqlanib, yovvoyidek ajralib turishni yoqtirmasdim. Biri-biridan juldurvoqi bolalarga boqqanim sayin, rahmim kelaverardi.
Negadir, ularning ham menga rahmi kelishini xohlardim.

* * *
Ko‘pchilik qondoshlarga ayamning oyoq-qo‘li chaqqonligi, yig‘inchoqligi, bichuv-tikuvda chevarligi, qo‘li ochiqligi yoqardi. Pazandalikda Sarviniso buvimizning oldiga tusholmasa ham, xamir ovqatlarga ancha usta edi. Yopgan nonlari chiroyli, bo‘rsildoq bo‘lardi. Ayniqsa, buvimdan o‘rganib olib, qaymoq surtilgan yupqa xamir yoymalarini qat-qat to‘shaganicha, siyrak chekich urib, yupqa juvalab tayyorlaydigan qatlama patirlari og‘izda erirdi.


Boshqa yoqdan qaralsa, ayamning jahli juda tez edi, o‘zgalar chetda pichirlashib gaplashganini ko‘rsa ham birdan gezarib qolardi, sal narsaga janjallashib ketardi, bor tovushda sannashga tushsa, birov bas kelolmasdi. Birgina dadamdan hayiqardi, lekin paytini topib, oilada hukmronlikni qo‘lga olishga bot-bot urinib ko‘raverardi, baribir bunga erisholmasdi.
Sarviniso buvimiz ayamni unchalik xushlamasdi, bu yalangoyoq o‘ziga muncha bino qo‘ymasa, uni o‘g‘limning pullari quturtiryapti, deb g‘udranardi gohida.

* * *
1953 yilning bahori edi, Shahodat opam ko‘zida yosh bilan maktabdan barvaqt qaytib keldi. Ayam yig‘ining sababini so‘rasa, Istalin o‘lib qolibdi, maktabda hamma yig‘layapti, dedi. Stalin to‘g‘risida dabdabali gaplarni eshitib yurgan bo‘lsam-da, bu nomning shaxsan men uchun bir pullik qimmati yo‘q edi. Shungayam yig‘i-sig‘imi, deb o‘yladim.


Iosif Stalin muzey hakkasidek qotirilib, endi Xurushchyov kompartiya yetakchisi, Malenkov vazirlarning ulug‘i, Beriya bosh tartib saqlovchi sifatida qizil imperiyani ulfatchilikdagidek “bizniki”lab boshqarishga o‘tgan bu davrda men birinchi sinfda o‘qiyotgandim.
Dastlabki kun esimda – yolg‘izoyoq tolko‘chada quyi mahalla tomon odimlab boryapman-u, bu “o‘qish”i qanaqa bo‘lsaykin, deb o‘ylanaman xolos. Borib ko‘rsam, maktab deganlari ayvonidagi ustunlar chiriy boshlagan eski machitni suvab-oqlab, shu atrofdagi kichkintoylar uchun yangi darsxonaga aylantirilgan tuproqtom bino ekan. Maktabning chap yonida mulla Ahmadqul qorining, o‘ng yonida Abdulla qassobning xonadoni. Bu tomonda jimjitlik, u tomonda qo‘ylar tinimsiz babalamoqda. Bu yoqdan rayhonning bo‘yi ufuradi, u yoqdan – go‘ngning isi.
O‘qituvchimiz Obidov (uni “mulla aka” derdik) og‘ir-bosiq, odob-axloqi baland, mehri ko‘zida balqib turuvchi kishi edi. Qanchalar haddan oshmaylik, siltab-turtkilash, baqirib jerkish u yoqda tursin, qattiqroq chaqchayganini ham ko‘rmaganmiz. Ortiqcha ranjitib qo‘ysak, ma’yuslanib qovoq uyar, meni xafa qildilaring-da, deya o‘zini astoydil arazlagandek tutib, derazadan tashqariga boqqanicha jim turib qolardi. Hech kimga ozor berishni istamaydigan domlamizga rahmimiz kelib, tezroq yarashib olishga urinardik.
Tuman gazetasida ishlaganimda u kishi haqida ocherk yozganim esimda. “Alamazon va uning piyodalari” degan qissamda ham yodga olib o‘tganman: qissa qahramoni Alamazon tog‘dagi g‘ordan xazina qidiradi, agar topolsa, uni qishlog‘ining obodonchiligiga sarflashni, shu qatorda, birinchi o‘qituvchisi Ahmadali Obidiyga terak bo‘yi haykal o‘rnatishni orzu qiladi.U davrda qishloq bolalari chit, bo‘z, trinka matolardan tikilgan kiyimlarni kiyishar, qishda o‘ntadan bittasida telpak, palto, magazinning jun shimi bo‘lsa bo‘lar, qolganlari to‘n yoki fufaykacha, po‘pakli ishtonbog‘i sonida sangillab turuvchi qo‘lbola ishton, kirza etikcha va do‘ppida yurardi. Qizlar esa kamzul ustidan xalatsimon paxtali chopon kiyishar, boshga qalin ro‘mol o‘rashar, jajjigina kalish-maxsi oyoqlariga juda yarashib turardi.
O‘quvchilar sumkasi degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Onalarimiz qalin matodan xalta tikib berar, uning bo‘yinga ilib oladigan uzun bog‘ichi, siyohli dovot solinadigan cho‘ntakchasi bo‘lardi. O‘qituvchimiz qayta-qayta uqtirishiga qaramay, siyohga botirilgan ruchkaning perosini dovot chetiga bir surtib olishni esdan chiqarib qo‘yaverardik, natijada, ortiqcha siyoh goh daftarimizga tomib tushardi, goh qo‘limiz rangga belanardi. Shu qo‘l bilan beixtiyor burun artsak, ustki labimizda rangmo‘ylov paydo bo‘lib, kulgiga qolardik.
Tanaffus bo‘ldi deguncha, birov mulla akamizga qo‘shilib radio tinglar, birov kitobxaltasiga solib kelgan nonini kavshay boshlar; ko‘pchiligimiz qiy-chuv bilan quvalashib yurib, darsga qo‘ng‘iroq bo‘lganidagina, maktab yonidan oqib o‘tuvchi ariq sari chopardik, yerga yotganimizcha og‘zimizda simirib suv icha boshlardik; loyqa suvning qumlari bo‘g‘zimizni shilib achishtirardi, tishlarimizning orasiga to‘lib, tamshansak g‘irsillab asabga tegardi.
Nima bo‘lgandayam, maktab menga juda yoqib qoldi.

* * *
Ikkinchi jahon urushi uqubatlaridan endigina qutulgan xonadonlarning ko‘pchiligi juda qashshoq edi. Mahallada yoppasiga tuproqtom uylar, ko‘pining hatto ayvoni ham yo‘q. Falonchi tomiga shifer yopganmish deyishsa, odamlar ataylab tomosha qilgani borishardi. Ko‘chadan dam ikkala g‘ildiragi devor bo‘yi keladigan qo‘qonarava, dam o‘rislar “brichka” deb ataydigan to‘rt g‘ildirakli ko‘takarava, qo‘sh otli haptakach o‘tib qolardi. Kolxozimizga qarashli bittagina “polato‘rka” yuk mashinasi yoki qishloqdagi besh-oltita xususiy mototsikllardan birontasi goh-goh o‘tib qolsa, biz qiy-chuv ko‘tarib, ortidan chopqillashga tushardik. Yengil mashina uchrab qolsa-ku, bayram bo‘pketardi.


Kunchiqarga qaratib solingan, shiplari vassali, dahlizining to‘rida o‘chog‘i bo‘lgan, ayvonsiz do‘ngalak uyda biz bolalar dadam va ayam bilan birga turardik. Unga biqindosh bo‘lgan shipi bo‘yrali, dahlizsiz, bittagina kichkina derazasi bor pastak uy Sarviniso buvimiz va uning biz bilan birga yashaydigan duvonaxonroq ukasi Usmon tog‘amizga tegishli edi. Polsiz, bo‘yra ustidan kigiz yozilgan bu uylardan yozda ham zaxning isi anqib turardi. Oldimizga ovqat qo‘yilishi bilanoq, shipdagi o‘rgimchaklar o‘zini dasturxonga tashlagudek bo‘lardi. Ba’zan, hali g‘o‘rligiga borib, odamdan hurkishni uncha o‘rganmagan sichqonchalar bir-birini quvalab o‘ta boshlardi. Qishda esa, pechkaga yolchisang, ko‘mirga yolchimaysan, o‘tin yoqsang, bir lovullab isitadi-yu, yana tafti so‘nadi. Sandalning ahvoli ham shu. Qor yoki yomg‘ir yog‘sa, tomdan chakka o‘tgani-o‘tgan, suv tomchilayotgan joylarga terib qo‘yilgan turli idishlardan taralayotgan “chak-chuk”, “tiring-tiring”larga ko‘rinmas ajinalar o‘yin tushayotgandek.
Maktabga bora boshlagan chog‘larimda dadam tushlikka teskarilatib sinchli, guvalakli (ba’zi qariyalar guvalak tipratikonga o‘xshagani uchunmi “kirpicha” deyishardi) uy qurdi. Buvim bilan ayam kattaroq qilib qurishni, tomiga shifer qoqtirishni qanchalar zorlanib so‘rashmasin, dadam: “Zamonni ko‘rib turibsizlar, kattaroq to‘y qilsang ham, shuncha pulni qayoqdan topding, deb so‘roqqa tutadiganlar ming so‘m oylik bilan buni qanday qurding, demaydimi? Nima, meni qamattirib yubormoqchimisizlar?” – deya bezilloqlanib, ixchamgina uy soldirdi. Tomi tuproqli bo‘lsa-da, harqalay tagi taxta polli, shipi fanerli, pechi pishiq g‘ishtdan yasalgan, dahlizi ancha keng, ayvonli edi. Do‘ngalak uy endi buvimizga berilgach, avvaliga opalarim, keyinchalik, maktab yoshiga yetganimiz sayin, men va ukalarim ham birin-ketin shu yoqqa ko‘chib o‘taverdik. Pastak uyda Usmon tog‘amiz bir o‘zi qoldi.
Iloji boricha kunduzi dars tayyorlashga urinardim. Qorong‘iga qolsang, kerosin isi anqib turadigan lampa-chiroq ko‘zingni toliqtirgandan toliqtirib tashlaydi. Endigina paydo bo‘lgan elektr chiroqlari oyiga uch-to‘rt yiltillagan bo‘ladi, shundayam shamdan xira. Bu yetmagandek, umumiy qilib solingan ko‘rpada qatorlashib yotgan opa-ukalaring: “Chiroqni o‘chir! Uxla!” – deb tixirlik qila boshlaydi.

* * *
Maktabga bordim-u, ko‘pdan beri ichimda armon bo‘lib turgan bir orzum nihoyat ushaldi. Boshqa mahalla bolalari dadamning nufuzi haqida deyarli hech narsa bilishmas, sal-pal eshitganlari ham buni yuz-xotir qilib o‘tirmasdan, men bilan tap tortmay yoqalashuvga kirishar edilar. O‘z obro‘yimni o‘z kuchim bilan qaror toptirishga intilaverdim. Buni faqat qo‘rqoqligimni yashirish, bo‘shang ko‘rinmaslik uchungina qilmasdim, yoshi ulug‘ kishilar davrasida ko‘proq bo‘lganim, uyimizda tez-tez to‘planib kitobxonlik qiluvchi otin oyilardan falsafiyroq rivoyatlar eshitib ulg‘ayganim, katta bolalar orasida yurib mulohazalarim kengaygani, o‘zimni tengdoshlarimga nisbatan ancha aqlli deb bilganim bois, ular doim mening yetagimda bo‘lishi kerak degan o‘yda edim. Ular hammadan donoroqligimni tan olib, hurmatimni joyiga qo‘yishlarini istardim. Mahallamiz bolalari azaldan bunga moyil esa-da, quyi mahallaliklar orasida menga pisandsiz boqib, sinfda o‘z hukmronligini o‘rnatish ishtiyoqida yurganlar yo‘q emasdi. Balki, maktab shu mahalla hududida bo‘lgani uchun ular o‘zlarini tepa mahallaliklardan ustunroq his etishgandir.


Sinfimizda ikkita Abdulla bor edi, birini Abdulla sariq, birini Abdulla kalla deb atardik. Ikkovi ham quyi mahallalik edi. Abdulla sariq bilan inoq edik, uyi maktabga yaqin bo‘lgani uchun ba’zan katta tanaffusda ularnikiga kirib, oz-moz tamaddilanib olardik, ba’zida darsdan so‘ng hovlilarida birga o‘ynab, uyga kechroq qaytardim. Shu mahallada yashovchi Ahmad va Abdurahimlar bilan ham kirishib ketgandim, faqat Abdulla kallagina menga sira yon bermasdi, unda-bunda janjallashib qolardik. Oxiri mushtlashishga to‘g‘ri keldi. Omadim bor ekanmi, Abdulla kalla sal ko‘proq tarsaki yedi, lekin qochmadi, bolalar ajratayotganda, qarshilik ko‘rsatmay, tezda shashtidan tushdi, xolos. Shu-shu, u ortiqcha g‘o‘danglamay qo‘ygan bo‘lsa ham, chetroqda yolg‘iz turganimda uch-to‘rtta tarafdorlari bilan yonimga kelib, menga tazyiq o‘tkazishga urinardi. Bunaqa paytda tengsiz jangga kirishishni istamay, o‘zimni merovlikka solib ketaverardim.
Tuproqtom maktabimiz, uning qalin devorlariga o‘yib o‘rnatilgan qing‘ir-qiyshiq ko‘zli yog‘och derazalar; taxtalari birov boltada cho‘qilab chiqqandek yorilib yotgan g‘ijirloq eshik; qop-qora xattaxtaga oppoq-oppoq harflarni yozayotgan mulla akamiz; dovot uchun yumaloq, qalam-ruchka uchun uzunchoq maxsus o‘yiq joylari bo‘lgan, daftar qo‘yiladigan qismi suyri, pastroqdagi qopqoqcha ostida xaltalarimiz turadigan tokchasi bor qo‘pol partalarda biri charaqlab, biri mo‘ltirab o‘tirgan sinfdoshlarim – ikkala Abdulla, ikkala Rahmon, Abdurahim, Ahmad, Rahim, Homit, Qahhor, Muhammadjon, Ergash, Yursunali, Tursunboy, Ayub, Mahmudjon, Tolib, Xoliniso, Qumri, Jamila, Habiba, Salima, Mahfirat, Tojixon, Rahima, Hojira, Fotima, Toshxon, Hurniso, Fazilat, Mahbuba, Ibodat kabi kichkintoylarning qadrdondan-qadrdon chehralari tez-tez ko‘z oldimda jonlanaveradi.

* * *
Ot to ot bo‘lgunicha “qulun”, “toychoq”, “mingi” bosqichlaridan o‘tishiga to‘g‘ri kelganidek, maktab bolalari bizning davrimizda beshinchi sinfgacha “boshlang‘ich”, sakkizinchi sinfgacha “o‘rtancha”, so‘ng, bitiruv “attestat”ini olgunga qadar “yuqori” sinf o‘quvchisi deb atalardi.


Boshlang‘ichlar mahallalardagi machit, xonaqo yoki biron boydan musodara qilingan binolarda alohidalanib o‘qishgani bois, mazkur hududda biron-bir to‘yning isi chiqqudek bo‘lsa, o‘qituvchi boshchiligida saf tortib, barabanni “rak-taka-tam, rak-taka-tam”latib chalgancha, doshqozonning ustiga mo‘r-malaxdek bostirib borishardi. Xudo urib, oktyabryatlardan ba’zisiga osh yetmay qolsa, birdan shovqin ko‘tarilar, to‘y egasi sovetlar davlatining g‘animiga aylanishdan cho‘chiyotgandek potirlashga tushar, oqsoqol esa kattalarning rizqini qiyib bo‘lsa-da, bolakaylarning ulushini topib berardi. Goho o‘sha vaqtda rusum bo‘lgan birinchi may (mehnatkashlarning xalqaro birdamlik kuni), yettinchi noyabr (sotsialistik inqilob kuni) kabi bayramlarda birimiz bayroq ko‘tarib, birimiz “gorn” deb ataladigan mis surnayni qiynalib puflab, ora-sira “tut, vut” etkazib qo‘yib, yana birimiz barabanni chalama-chakki urib, qishloq ko‘chasidan saflanib o‘ta boshlasak, maktab yoshiga yetmagan kichkintoylar bular yana to‘yga ketyapti deb o‘ylab, yo‘q oshning ilinjida ortimizdan ergashardi. Sinfimizdagi eng kulong‘ich bola hisoblangan Ahmad ularga boshmaldog‘ini barmoqlari orasidan ko‘rsatib, mana senlarga osh, deb qo‘yardi va guldiraklanib kulardi.
Avvallari, Bahrom eshonning ruhini quvontiraylik deya, mahalladagi xudojo‘y ayollar Jahon otin boshchiligida uyimizda kitobxonlik qilib qolishsa, Sarviniso buvimning pinjiga kirib tinglarkanman, kitoblarni o‘zim o‘qiy olmasligimdan juda-juda afsuslanib ketardim. Ikkinchi sinfga o‘tganimda sharillatib o‘qiydigan bo‘ldim. Goh opalarim, goh dadam bolalarga atalgan badiiy asarlarni onda-sonda topib kelib berishar, ko‘pincha opalarimning kitobiga yopishardim, yuqori sinfda o‘qiydigan qo‘shnilardan “tishim o‘tmaydigan” adabiyotlarni tilab olib, erinmay tatalay boshlardim.
Maktabdan javob bo‘ldi deguncha, sinfimizning eng suluvi hisoblanmish Q.ning iziga tushardim, quvib borib ushlolsam, kuchukni qiynagandek piypalay ketardim. Uni tutolmasam, birinchi uchragan boshqa qizga yopishardim. Ustimdan arz qilishavergach, darslar tugaganidan so‘ng qizlar to uzoqqa ketib olmagunlaricha, o‘qituvchilar meni xonadan chiqarmay turadigan bo‘lishdi. Dam muallimlardan achitqi tanbehlar eshitish, dam qizlarning ota-akalaridan tarsaki yeyish jonimga tegib, oxiri boshqacha usulga o‘tdim, ya’ni tanaffusda biron-bir qizning sinfda yolg‘iz qolishini poylab, shartta quchoqlab olishni o‘rgandim. Bunaqa paytda, guvohlar yo‘qligi bois, qiz sho‘rlik birovga arz qilmay, o‘zi boplab-toblab qarg‘ash bilan kifoyalanib qolaverardi.
Agar, odamzod qizlarning qarg‘ishidan o‘ladigan bo‘lsa, men chivinto‘ra boshlang‘ich sinfdayoq uvol ketmasmidim?

* * *
Opalarim Quvirboshidagi sakkiz yillik maktabda tahsil olishardi, men esam, uchinchi sinfdayam o‘sha machit-maktabda o‘qiyverdim.


Sinfdoshlarimdan birortasinikiga kirib qolsam, ota-onalari bundan quvonib, meni o‘tqazgani joy topolmay qolar, doim shunday inoq bo‘lishimizni qayta-qayta tayinlashardi. Dasturxon yozishsa, u-bu narsadan shunchaki totib ko‘rgan bo‘lib, o‘rtog‘im bilan tomorqa tomonga kirardim, uy egalari tezroq biron-bir yumushga kirishmog‘ini toqatsizlanib kutardim, terlab-terlab ishlagim kelardi. Uyda bunga imkon yo‘q, Usmon tog‘am yorayotgan o‘tinni bostirma ostiga tashimoqchi bo‘lsam, tashla, qo‘lingga zirapcha kiradi, deb; sigirimga o‘t yulib bermoqchi bo‘lsam, qoch, suzib oladi, deb; shamolda tob tashlagan so‘ritok ayrisini o‘nglamoqchi bo‘lsam, qulab tushsa, boshingni yoradi, deb quvg‘in qilishadi.
Qo‘shnilarnikiga kirganda biron ishning ustidan chiqsam, suyunib, g‘ayratlanib ketardim. Birinikida kattalar yoniga cho‘nqayib olib, quritiladigan o‘riklarni poxol to‘shamalar ustiga avaylab terishni boshlardim. O‘rikning pindigini tepaga qilib ter, shunda shirasi oqib ketmaydi, deb o‘rgatishardi. Birinikida sabzi, boshqasinikida piyoz yoki kartoshka qazish hasharida qatnashardim. Hatto qishda sovuqdan dildirayotganimni sezdirmaslikka tirishib, qo‘shnilarning turupini hovuzchada yuvishga ko‘maklashardim. Ba’zan sinfdoshim Rahimlarnikiga borardim, temirchi otasining o‘chog‘iga dam bosib berib, olqishini olardim. Qo‘shni xonadonlar men uchun boshqa bir mamlakat edi go‘yo. Dunyoda yalma, umoch, nonpalla, yovg‘onsho‘rva, piyoz va pomidorga un aralashtirilib, qaymoqda qovurilgan bulamiq singari taomlar ham borligini o‘sha “begona yurtlar”da ko‘rib bilganman. Ular go‘shtsiz bo‘lishiga qaramay, ishlashdan ishtaham ochilgan chog‘da og‘zimga shunaqayam mazali tatirdiki!
Ba’zilar biron bir narsa bilan shug‘ullanishga o‘chligim, birovlarning xizmatiga shayligimdan chakkiroq foydalangan paytlar ham bo‘lgan. Dadamga ergashib, ko‘pincha ishxonasiga birga ketardim. Paxta punkti yaqinida mototsikl va velosipedlarni tuzatadigan ustaxona bo‘lardi. Bir kuni usta meni yoniga imlab:
– Sizbop bir ish topib qo‘ydim, toybola, – deya qo‘limga ignatugma tutqazdi. – Shuni valasapedning g‘ildiragiga tiqsangiz, “pis-s-s” etib dami chiqadi, yana boshqasiga tiqsangiz, tag‘in “pis-s-s” etadi. Hih-hih-hi...
Dadamdan tortib, ishchilarning talay qismi punktga velosipedda kelardi. Men payt poylab yurib, ularning g‘ildiragini teshaveribman-u, bu bilan ustaning cho‘ntagiga baraka kiritayotganimni bilmabman.
Shu kabi beta’sirliklar bois bir kuni dadamdan tarsaki yeganim alam qilib, yig‘lagancha borarkanman, yo‘l chetidagi qator-qator tutlardan birining ustidan chumchuq bolasi tap etib oldimga tushdi. Kimdan o‘ch olishni bilmay turganimdanmi, tosh bilan bir urib, chumchuqchaning boshini shag‘alga chaplab qo‘ydim. Urdim-u, shu zahoti o‘zimga kelib, polaponning patini silaganimcha battardan yig‘lab yubordim. Yo‘lda ham, uyga kelib ham chumchuqchaga achinishdan to‘xtamadim.
Juda sang‘i edim, katta bolalarga qo‘shilib goho yarim kechagacha ko‘chadan kelmasdim.Bemahalda qaytsam, uydagilar: “Falon joylarda o‘ynama, piston ko‘chadan yurma, ajinasi bor”, deb qo‘rqitishardi. Ajinasi ko‘p zamonda yashayotganim, oldimda ajinasi bor yo‘llar turganini o‘shanda menga hech kim tushuntiribroq aytmagani qiziq! Aytishsa, ulardan sergakroq himoyalanmoqqa, zarurat tug‘ilsa, dangal olishuvga kirmoqqa, yengib o‘tish usullarini o‘rganmoqqa tirishib, o‘zimni hayotga puxta hozirlab borgan bo‘lmasmidim?

* * *
Bolaligimda g‘alati-g‘alati tushlarni ko‘p ko‘rardim. Bari rangli edi shekilli, aksariyati to‘lig‘icha esimda qolardi. Ba’zilari oylab, yillab qayta-qayta yodimga tushaverardi.


Bir tushimda sinfdoshim Q. ga uylanayotgan emishman. Xotinlar “yor-yor” aytib, uni uyimizga olib kirishayotgan emish-u, akasi kelib qolib, meni kaltaklay boshlamasmikin, degan xavotirda nuqul tevarakka alanglab boqarmishman.
Tushlarimdan yana bittasini hamon qattiq xayajonga chulg‘anib, yuragim o‘zgacha to‘lqinlanib eslayman.
Yalang joyda turibman. Atrofimda – odamlar. Birdan barchasi: “Ana! Xudo! Xudo bu!” – deya xitob qilganlaricha osmonga qo‘l cho‘zishdi. Tepaga qaradim. Osmon tiniq, ko‘m-ko‘k. Bittagina oq bulut asta suzib kelyapti. Hayotda bunaqangi tovlanuvchan rangni sira ko‘rmagandim – bulut nihoyatda oq, oqdan ham oqroq, ko‘zni qamashtiradigan darajada jimirloq edi. Cho‘zinchoqroq shakldagi ushbu bulutning old tomonida boshsimon qism, ko‘z-qoshlari yaqqol ajralib ko‘rinmasa-da, kishini o‘ziga mahliyo qiluvchi jozibali bir qiyofa porlab turibdi. “Xudo! E, Xudo!” – deganimcha bir zum qotib turdim, so‘ng unga nimadir dedim. Hamma voqea, shakl va ranglar esimda, faqat, nima deb gapirganim, nechundir, yodimda yo‘q. Lekin, aniq bilaman, nimadir yoki nimalardir dedim. Ollohimning ramzi ustimdan tekis suzib o‘tarkan, o‘ta sokin harakat ila boshini ikki-uch bor qimirlatib qo‘ydi. Ma’qullab bosh qimirlatdi.
O‘shanda hali maktabga bormagandim, chamasi.
Yoshligimda tushimda o‘lib ham ko‘rganman. O‘zimning jasadimni o‘zim bir chetdan kuzatib turibman, deng. Xuddi uxlayotgandek, miq etmasdan, ko‘rpada uzala tushib yotibman. Sochim negadir oq emish. Tevaragimda bir gala odam, barining ko‘zida yosh, lekin ularning birortasi ham menga tanish emas. Dadam qani? Ayam qayoqda qoldi?
Kechmishimni yozyapman-u, bular ham hammasi tushga o‘xshab tuyulyapti. Ana, to‘rtinchi sinfga ham ko‘chdim. Eski machit bilan xayrlashib, Quvirboshidagi o‘rta maktabga qatnay boshladim. Maktab desa degudek uzun bino, devorlar oqlangan, eshik-derazalar bo‘yalgan, yettita sinf xonasi, direktor va o‘qituvchilar uchun alohida-alohida kabinetlar, hovlisi keng, bir chetida voleybol maydonchasi, bir tomonida sumka yoki kiyimlar uyumidan darvozachalar yasab, bemalol futbol o‘ynasa bo‘ladi. O‘quvchilarning bir qismi tushgacha, qolganlari tushdan keyin tahsil olishadi.
U yoqda “yakkaxo‘jayin” bo‘lib, yayrab yurgan ekanman. Bu yoqda sinflar ko‘p, har qaysi sinfning o‘z kuzuri bor. Men “B” sinfda yetakchiroq bo‘lsam, to‘rtinchi “A” sinfning mushtumzo‘ri Zokir degan bola ekan: o‘ta harakatchan, qoramag‘iz, tovushi o‘tkir, ko‘zi doim pildirab turadi. Zokir ham mening obro‘yim to‘g‘risida u-bu so‘zlar eshitgan bo‘lsa kerak, kel, kurashib ko‘ramiz, deb qoldi bir kuni. Kurash tushib, bir zumdayoq gup etib yiqildim. Yana kurashamiz, dedim. Yana yiqildim. Uchinchi olishuvimiz juda uzoqqa cho‘zildi, oxiri yonma-yon bo‘lib yiqildik. Uning ko‘proq charchaganini payqab, tag‘in bir kurashaylik-chi, desam, tomoshachilarning ishqoviga quloq solmasdan, hansiraganicha qo‘lini siltadi-yu, indamasdan nari ketdi.
Shu bellashuv tufayli Zokir bilan inoqlashib qoldik. Bu hol, asosan quvirboshiliklardan iborat bo‘lgani uchun boshdanoq biz “kelgindi”larga tazyiq o‘tkazishga urinib yurgan barcha “A”chilarga ham ta’sir etib, “B”chilarga do‘stona muomala qila boshlashdi. Beshinchi sinfda ham shu hol davom etdi. Lekin, goh-goh u sinfdagi biron-bir bola bu sinfdagilardan birontasi bilan yoqalashib qolar, har gal o‘zaro ahilligimiz darz ketayotgandek tuyulardi.
Bir kuni katta tanaffusda ikkala sinf bolalari aralashib futbol o‘ynayotsak, yettinchida o‘qiydigan olako‘z bolaga to‘polonimiz yoqmay, so‘kinganicha kelib to‘pimizni oldi-da, maktab yaqinidagi hovlining chavra devoridan oshirib tepib yubordi. Kimdir: “Sol, bolalar!” – deb qichqirdi-yu, hamma futbolchi shu zahoti raqibning ustiga yopirildi. Biznikilardan ikkala Abdulla, Rahim, Abdurahim; “A” sinfdagilardan Zokir, Mutal, Islom zo‘r mushtlashardi, qolganlar jangarilarni quvvatlab turardik. Sho‘ring qurg‘ur olako‘z nima voqea yuz berayotganini anglab ulgurguncha, bolalar uni yerga yiqitib, bir zumda po‘staksudrash qilib tashlashdi.
Jabrdiydaning peshanasi qonab, etlari momataloq bo‘lib ketgani, janjalning sababi direktorning xonasida muhokama etilgani bois, bu voqea maktab miqyosida ancha shov-shuv bo‘ldi. Shu bahonada, beshinchi sinfdagilarning “birlashgan qo‘shin”i hammaning og‘ziga tushdi, yuqori sinflardagilar bizdan qo‘rqishni balki xayolga ham keltirmagandir, ammo balodan hazar debmi, hartugur qitig‘imizga unchalik tegmay qo‘yishdi.
Zokir mendan kuchliroq ekanini his etsa-da, oramiz buziladigan darajada asabimga tegmasdi. Ochig‘ini aytsam, uning “A” sinfdagi eng tayanganlari bilan qadrdonlashib olganim uchun oramiz buzilib qolishidan endi oldingichalik tashvishlanmay qo‘ygandim.
O‘zgalarga jangaridek ko‘rinardim-u, aslida, hanuz qo‘rqoq edim, imkon qadar janjal qo‘zimaslikka tirishardim; har qanday to‘qnashuvdan oldin yuragim po‘killashga tushardi, olishuvga kirishgach esa, odatdagidek, birdaniga boshqacha odamga aylanardim, kaltak ta’sir qilmay qo‘yar, oxirigacha yulishardim. Men uchun eng qulayi raqiblarga gala bo‘lib tashlanishda ishtirok etish edi: hammaning ko‘zi bitta senda bo‘lmaydi, mushtlashayotib o‘zingni juda erkin sezasan; sal bo‘sh kela boshlasang, yoningda hasharchilar ko‘p, nuqsoningni yopib tashlashadi.
Uyga kelgach, bo‘lib o‘tgan jangni kechasi o‘ylab yotib, yuragim yana orqaga tortardi. Birontasi ortimdan tashlanib, achchiq ustida kallamga tosh-posh bilan ursa, nima bo‘lardi? Yoki boshqa bir jinnirog‘i pichoqchasini ishga solsa-chi? Ana, “to‘qqizinchi”dagi To‘lqin aka Ibroy “maxorka”ning yelkasini pichoqda tilib tashladi-ku! Yana kimdir, sinfdoshi bilan urishib, ko‘ziga ruchka sanchibdi!
O‘ylanib yotarkanman, xoh o‘zimiznikilardan, xoh raqiblardan bo‘lmasin, qattiqroq kaltak yegan ba’zi bolalarning xo‘rlangan alfozda turishi, iztirobli qiyofasi ko‘z oldimda jonlanib, ichim shilinardi. Hatto ko‘zim yoshlanardi.
Rahmdilligim bois qo‘rqoqmidim, qo‘rqoqligim bois rahmdilmidim?
Turli ertak-rivoyatlarda, kishilarning o‘zaro suhbatlarida kuchsizlarga, muhtojlarga nisbatan shafqatsizlik qoralanib, mehr-muruvvat ulug‘lanishi, bularning biri ko‘ngilni ezadigan, boshqasi kishiga ichki yengillik bag‘ishlaydigan tarzda bayon etilishi; tug‘ma ta’sirchanligim bois bulardan behad to‘lqinlanib yurishim, kechalari bilan qayta-qayta o‘ylayverishim qalbimda dam chandiq, dam chechak shaklida o‘chmas iz qoldirib boraverdi. Ibrohim Adhamning tamtamlik taxtidan tushib odmi bandaga do‘na borish, o‘zini dabdababozlik, yotlarga befarqlik kasalliklaridan xalos etish istagida chekkan azoblari; Mashrabning manmanlikka, harom boylikka hirs qo‘ygan, el dardidan butkul yiroq bo‘lgan ochko‘z va qallob kimsalarga qaratilgan o‘tli nafrati ostida yotgan ma’nolarni chuqurroq anglaganim sayin, halollikka, adolatga tobora shaydolanaverdim. Bor badaniga yara toshib yotgan Ayub payg‘ambar jarohatidan oziqlanayotgan qurtlardan biri pastga yumalab ketganida, sho‘rlikning rizqi qiyilmasin deya uni yana joyiga olib qo‘yganini Fayziboy otamizdan, xotinlari qiz tug‘sa, chaqaloqni tiriklayin ko‘mib tashlash darajasida vahshiylashgan qabilalarni ezguliklar sari yetaklash yo‘lida Muhammad payg‘ambar bobomiz minglab uqubatlarga dosh berganini, hatto qaysidir muttahamlarning kesak otishiga ham indamay chidab turaverganini Sarviniso buvimizdan eshitayotib, ko‘zimdan yosh quyilaverdi. Shu kabilar natijasida beozorlikka, rahm-shafqatga talpingandan talpinaverishim qalbimda ayovchanlikni kunma-kun yuzaga keltira borib, qo‘rqoqlikka aylanavergan bo‘lsa-chi?!

* * *
Beshinchini bitirgach, umrimda birinchi marta pionerlar lageriga bordim. Odat shunaqa edi – yozgi uch oylik ta’til chog‘ida boshlang‘ichlikdan o‘tgan o‘quvchilarni uch guruhga bo‘lib, har qaysi guruhni bir oy-bir oy dam olishga yuborar edilar. Borishni istamaganlar majburan jo‘natilardi.


Kelgan kunimdan boshlaboq soyda cho‘milish menga ko‘proq yoqib qoldi. Qapchug‘aysoy sayoz bo‘lgani uchun taxtadan to‘g‘oncha yasab, cho‘milganning ko‘ksini ko‘madigan qilishgandi. Cho‘milayotib to‘g‘onchaga yaqin borib qolibman, sho‘ng‘iganimda birdan tezkor oqimga duch keldim-u, to nima bo‘layotganini anglagunimcha, suv meni domiga tortdi, surib borib, kallamni taxtaning ostiga tiqib tashladi. Avvaliga oldinga emaklashga urindim, yelkam shilinib jizillayotgandek tuyulgach, ikkala shapalog‘imni tepadagi taxtaga tiragan asno o‘zimni ortga tortdim. Boshim qisilib, endi yuzlarim shilinayotgani, burnimga qum to‘layotganini sezdim. Salgina nafas olishdanmi ko‘kragim qattiq achishib ketgan pallada, bor kuchim bilan tirishdim-u, xayriyatki, taxta ostidan qutulib chiqdim; og‘zimdan varaqlab suv sochildi.
Umrim o‘zim o‘ylagandan ko‘ra uzunroq bo‘ladi. Hayotda hali necha bor “bir o‘lim”dan qolaman. Bu – birinchisi edi.
To‘g‘oncha ostidan omon chiqqach, oradan bir kun o‘tib, lagerdan qochdim. Hech kim meni qidirib kelmadi. Bekorchilikda badiiy kitoblarni o‘qishga, she’rlar bitishga berildim.
Shoirchilikka qachon ishqim tushganini aniq eslolmayman. Yodimda bori shuki, to‘rtinchini tugallayotganimdami, Xolis opam Manzura degan sinfdoshining o‘limiga bag‘ishlab yozgan she’rini uyimizdagilarga o‘qib berganida, dadamdan tortib hamma uni maqtashga tushgandi; bu maqtovlar menga qaratilmagani alam qilib, shoshmay tur, bu uyda baribir mendan zo‘ri yo‘q, degandek opamga nisbatan hasadim qo‘zigan, she’r to‘qishga chiranib urina boshlagan edim. Ha, yotlarga ziyoni tegmaydigan hasad ijobiydir.
Bir kuni dadam bilan Farg‘ona shahriga aylanishga borganimizda o‘shanda yangi paydo bo‘lgan “G‘uncha” jurnaliga ko‘zim tushib, sotib oldim. Uyga kelgach, uni zavqlanib varaqlay ketdim, rasmlarni yayrab tomosha qildim. Lekin, undagi she’rlarning ba’zilari juda jo‘n tuyuldi, men hozirning o‘zida bundan yaxshiroq yoza olaman, degan havoyi bir ishonch chaqnadi ko‘nglimda. Shu maqtanchoqlik turtki berib, kuniga she’rlar yozaverdim, ularni issig‘ida konvertga tiqib, kun ora “G‘uncha”ga (boshqa nashrlar ham borligi sira xayolimga kelmasdi) jo‘nataverdim. Uyoqdan kelgan xatlarning mazmuni yozganlarim hali juda bo‘shligini anglatsa-da, buni tan olishni aslo-aslo istamasdim.

* * *
Uyimizdan yuz sakson qadam narida qurila boshlangan sakkiz yuz o‘rinli, biqinida stadionbop kenggina yalangi bor yangi 13-maktab men oltinchi sinfga ko‘chganimda bitdi. Bir qavatli bo‘lsa-da, o‘sha zamonning ko‘zi bilan qaralsa, Oltiariqdagi eng katta, eng ko‘rkam maktablardan biri edi. Sakkizinchi sinfni tugatgunimcha shu yerda o‘qidim.


Maktab biz tomonga ko‘chganidan so‘ng “B” sinfdagilarning chuchchasi ko‘tarilib, “A” dagi tengdoshlarimizning hovuri pasaydi, ko‘proq bizning ra’yimizga qaraydigan bo‘lishdi. Bundan ahilligimiz tobora mustahkamlanib, hatto bitiruvchilarga ham gapimizni bermaydigan darajada jangovarlashib bordik.
Bu davrda she’r yozishga yanada berildim, badiiy kitoblarga jippa yopishib, darslar, darsliklarga qiziqishim so‘nib boraverdi. Kitoblarning aksariyati ertaklar, “Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish”, “Orzigul”, “Ravshan va Zulxumor”, “Kuntug‘mish” singari xalq dostonlari edi. Orada “O‘tkan kunlar”, “Sarob”, “Qo‘shchinor chiroqlari” kabi asarlar, tarjimada “Ko‘r muzikachi”, “Mumu”, Mopassan va Lermontov hikoyalari, Shota Rustaveli dostoni, Shekspir pesalari qo‘limga tushib qolardi. Oxiri, boshlang‘ich sinflardagi a’lochiligimdan asar ham qolmadi.
Ehtiyotlashga qancha urinmayin, o‘quvchilar daftaridan yulqib olingan qog‘ozlardagi she’rlarimning ko‘pini yo‘qotib qo‘yaverardim. Nihoyat, she’rlar uchun alohida qalin umumdaftar tutishni odat qildim, saqlanib qolgan eskilarini erinmay unga ko‘chirdim, yangi yozganlarimni vaqtida qayd etib qo‘yadigan bo‘ldim.
She’rlarimni hali siyohi qurimasidanoq “G‘uncha”ga peshma-pesh yo‘llash odatim hanuz qolmagandi. Baxtimga jurnalning Miraziz A’zam degan xodimi juda toqatli chiqib qoldi, uzluksiz javob yozardi. Hatto bir safar injiqligim tutib, men har xil she’rlar yuboraman, lekin kelayotgan javoblar deyarli bir xil, kamchiliklarimni yaxshiroq tushuntirib, uzunroq qilib yozinglar, desam, shunga ham chidadi; endi bir yarim, ikki betlab xat yozadigan, falon she’ringiz ancha tuzuk, uning falon-falon joylarini boshqacharoq ifodalab ko‘ring, deya erinmay yo‘riqchilik qiladigan bo‘ldi. Goh, bitta she’rni besh-olti xil ko‘rinishga soldirib ham, boshqacharoq yakun yasashga yana bir urining-chi, desa, fig‘onim falakka o‘rlardi.
Nihoyat, sakkizinchi sinfga ko‘chganimda, Miraziz akaning yaxshigina tahriri bilan “G‘uncha”da “Shkafcham” degan she’rim bosildi (ba’zi manbada ilk she’rim oltinchi sinfdaligimda chiqqan deb xato ko‘rsatgan ekanman). Shu kuni “Men shoirman!” deb o‘zimni o‘zimga bor ovozda tanishtirdim. Endi meni shoirchilikdan bezitish tugul, havaskorligimga ishontirish ham amrimahol edi.

* * *
Ko‘pchilikning ko‘zini kuydirib kelgan to‘kin oilamiz bu davrda ancha qashshoqlashib qolgandi. Orqaroqqa qaytib aytsam, to‘rtinchi sinfni bitirayotgan paytim bo‘lsa kerak, tarozidan urib orttirib qolgan paxtalarni qo‘shni tumanga qarashli Chimyon paxta punktidagi kasbdosh bojasining kamomadini qoplash bahonasida pullagan degan ayb bilan dadam qamoqqa olindi. Bu ish dadamning lavozimiga ko‘z olaytirib yurgan yaqin shogirdi tomonidan ataylab uyushtirilgani haqida gap-so‘zlar ko‘payib, oxiri suddagi guvohliklar chog‘ida shubhalar o‘z isbotini topdi. Dadamning “egri pul” olganini bo‘yniga qo‘yisholmagan bo‘lsa-da, asosan, hujjatlardagi qandaydir chalkashliklarni dalil qilib, bir yilga kesib yuborishdi.


Uydagilar dadamni yo‘qlashga goh meni ergashtirib, goh mensiz qatnab yurishdi. Buvim alohida tayinlab uqtirgani bois, uchrashuv chog‘ida ham, xayrlashayotganimizda ham o‘zimni tetik, quvnoq tutishga urinardim, biroq turmaning darvozasidan tashqariga chiqishimiz bilanoq ko‘zimdan yosh tirqirab, unsiz yig‘lashga tushardim.
Ko‘chada o‘zimni dam bolalarning, dam kattalarning orasiga suqib, namoyishkorona munglanib o‘tirardim. Ular mendan hol-ahvol so‘rashlarini, dadamsiz tirikchiligimiz qanday o‘tayotganini surishtirishlarini kutardim. Kimlardir so‘rab qolar deb, ularga aytadigan dardlarimni ichimda oldindan tayyorlab yurardim. Afsuski, mening bugunim bilan hech kimning ishi yo‘q edi. Goho: “Yaqinda yana dadamni ko‘rgani borarkanmiz”, deya mavzuga qarmoq tashlagan bo‘lardim, baribir parvo qilishmasdi.
Eshonto‘pi mahallasida ko‘kko‘z bir aravakash bo‘lardi. Bir kuni u qo‘sh otli “haptakach”ida ko‘chamizdan o‘tib borayotib: “Ha, Bahromovning o‘g‘li, dadang haliyam paqirga siyib yotibdimi?” – deb ching‘illadi menga. Yonida o‘tirgan sherigi ikkovi qiyqirab kulganicha o‘tib ketishdi.
Odamlar o‘zidan boyroqlarni negadir yoqtirmasligini bolalikdayoq bezillab-bezillab seza boshlagan edim, ammo boylarning boshiga tushgan kulfat ularni quvontirgandan quvontirishi mumkinligi mutlaqo xayolimga kelmagan ekan. Ko‘kko‘z aravakashning mazaxidan so‘ng buni ilk bor elas-elas anglagandek bo‘ldim.
Birovning kulfatidan, ayniqsa, senga hech qachon ziyoni tegmagan kishining kulfatidan quvonish! Bu holatni hozir ham tasavvurimga sig‘dirolmayman. Turmushda kimlarnidir xushlamasligimiz, ayrimlarni juda yomon ko‘rishimiz – bor gap. Biroq ularga jabr-sitam tilash, boshlariga qora kun tushganidan astoydil suyunish tuyg‘usini odamzod o‘z tabiatiga qanday sig‘dira olarkin? Axir, biz maqbul ko‘rmagan kimsa cho‘lda yolg‘iz o‘sgan saksovul emas, uning oilasi bor, qo‘liga qarab turgan ota-onasi, mehriga zor bolalari bor. Ularga ham dardmandlik istash, ularning uvolidan qo‘rqmaslik yirtqichlikdan battar-ku!

* * *
Dadam qamalishidan avvalroq ikki yoshli Zuhraxon singlim qattiq shamollashdan kasalxonada vafot etgandi, qamoqda yotgan vaqtida Homitjon ukamdan ham ayrilib qoldik.


Muddatidan oldin ozod etilgan dadam uydagilar bilan bir-bir ko‘rishib bo‘lgach, tevarakka entikib-entikib javdiradi:
– Homitjon qani?
Ayam to‘satdan dodlab yubordi.
Dunyoning ba’zi ishlari o‘ta sinoatli. O‘smirligida halok bo‘lgan to‘ng‘ich farzandi Homitjonni dadam hech unutolmay, keyingi o‘g‘illari tug‘ilganda, har gal “otini Homitjon qo‘ysakmikan”, deb maslahat solarkan, buvimiz ko‘nmas ekan. Oxiri Zuhraxondan kichik ukamning otini Homitjon qo‘yishadi. Ikkalasi ham dadam qamoqda yotgan paytda olamdan o‘tadi, unisi – birinchi qamalishida, bunisi – ikkinchi qamalishida.

* * *
Dadam qamoqdaligida goh uning ayrim o‘rtoqlari, goh ba’zi bir qarindoshlarimiz uyimizga kelib, Obidjonni qutqarish uchun falonchiga faloncha so‘m berish lozim bo‘lyapti, deya ayamdan bo‘lar-bo‘lmasga pul undirib ketaverishgan ekan. Buning ustiga, ayam ko‘p yillardan so‘ng menga o‘z og‘zi bilan aytganiga ko‘ra, tintuv bo‘lsa, musodara qilishlaridan qo‘rqib, sandiqdagi pullarning asosiy qismini uch-to‘rtta qarindoshlarinikiga eltib bergan, asrab turishlarini iltimos qilgan ekan (hozir ularning ismini tilga olgim kelmayapti, bari ayamning urug‘idan). Ayam keyinchalik pullarni olgani borsa, bizga sanab bermagansiz, bori shu edi, deyishib, arzimagan qismini qaytarishibdi. Eng yirik, hali tarxi buzilmagan pullarni singillaridan biriga bergan ekan, olishda qarasa, bari mayda, eski-tuski pullar emish.


Hartugur, dadamning mol-dunyosi tag-tugi bilan sovrilib ketmagan, katta gulxan so‘ngan esa-da, qo‘ri qolgan ekan. Turmushimiz burungidek may-chay bo‘lmasa ham, qozonimiz kuniga kamida ikki mahal qaynab, og‘rinmay mehmon kutib, birovga zoriqmasdan yashashda davom etdik.
Dadam Poloson paxta punktidagi eski ishiga tiklanmadi. Endi bu yerda uning bir shogirdi bosh tarozidor bo‘lib qolgandi, dadam qamoqdan bo‘shatilganida uyimizga rov bosh tiqib qo‘yganicha, qaytib qorasini ko‘rsatmadi.
Bekorchilikdan zerikib ketgan dadamga nihoyat amal berishib, onamga uylangan paytda ishlagan o‘sha Fayziobod qishlog‘idagi punktga yana bosh tarozidor qilib jo‘natishdi. Bu Fayziobod va Oqbo‘yradagi ikkitagina kolxozdan (bu yerdagi Zilxa qishlog‘ida ham dam alohida kolxozcha paydo bo‘lib, dam yo‘qolib turardi) paxta qabul qiladigan kichkinagina punkt bo‘lib, tarozidorning daromadi ham shunga yarasha edi.

* * *
Yettinchi sinfga o‘tganimda Alijon aka degan sayyor kinochiga shogird tushdim. Poloson qishlog‘i mahallalarida, paxta pishgan mavsumda dalada yotib qolib ishlaydigan terimchilarga shiyponlarda bepul kino ko‘rsatardik. Ba’zan qo‘shni povulg‘onlik Hoshim-kino ham meni yordamga chaqirar, ensiz kinotasmaga moslangan “Ukraina” rusumli apparatni sozlab bergach, unga tok yetkazib turuvchi “dvijok”ka benzinni to‘ldirib, endi bu yog‘i o‘zingga, mening zarur ishim chiqib qoldi, deganicha g‘oyib bo‘lardi. Ba’zan kino tugayotganda yetib kelardi, ba’zan badar ketardi.


U vaqtlarda aksariyat uylar ichiyu tashi somonli loyda suvalganicha turaverardi, ohakda oqlangan, orti ko‘chaga qaragan birorta zamonaviy uy topilib qolsa, kinoni o‘sha devorda ko‘rsatardik; topilmasa, oq matodan yasalgan yig‘ma ekranni osar edik.
Kinochilik menga juda yoqardi. Bir u mahallaga, bir bu mahallaga borasan, hammaning ko‘zi senda, eng muhimi, ularning orasida qizlar ham bor, ba’zilari maktabdan tanish, kelib, kino nima to‘g‘risida ekanligini so‘rashadi. Bunaqa paytda o‘spirinlar menga havaslanib boqardi, hatto katta kishilar yonimda uymalanib, yaqinroqdan tanishib olishga intilardi. Kinoprokatdagilar “Biz – Kronshtatdanmiz”, “Amirlikning yemirilishi”, “Tinch oqar don”, “Chapaev”, “Turnalar uchmoqda”, “Farg‘onadan besh kishi”, “Daydi”, Charli Chaplin (ovozlilari), “Maksimka”, “Janob 420”, “Ruslan va Lyudmila”, “Tohir va Zuhra”, “Lenin Smolniyda”, “Nasriddin Buxoroda” singari filmlarning goh o‘zbekchasi, goh o‘rischasini berishardi. Ularni o‘n martalab ko‘rib, har ikki tildagi so‘zlarni bir-biriga chog‘ishtiraverishim natijasida o‘rischani tuzukkina o‘rgana boshladim, maktabdagi rus tili o‘qituvchimiz nuqul “to‘rt”, “besh” baho qo‘yadigan bo‘ldi.

* * *
“Ukraina” apparatini kino namoyish etishga mustaqil tayyorlash, eski “dvijok”ning kichik nosozliklarini birovning ko‘magisiz ham tuzata olish darajasiga yetganimda, ish chappasiga ketdi. Erta bahor bo‘lsa kerak, revmatizm, ya’ni bod kasalligiga chalinib, ko‘rpaga mixlanib qoldim. Kasalxonaga yotqizishmadi, dadamning do‘xtir o‘rtog‘i goh tushlik, goh kechki ovqatni biznikida qilib, uyimizga qatnab yurdi. O‘rtoqchilik o‘z yo‘liga, dadam o‘zgalarning kichik xizmatini ham azaldan qoyillatib taqdirlardi, ayniqsa, bolasi uchun pulni sira ayamasdi.


Do‘xtirdan tashqari, sepkilyuz tatar hamshira juvon kuniga ikki-uch marta kelib, menga dori ichkizardi, ukol qilardi, shishib ketgan oyoqlarimga shifobaxsh moylarni surtardi. Oyoqlarimni umuman qimirlatolmasdim, tinimsiz lo‘qillab og‘rirdi. Go‘yo oyoqlarim yo‘qolib qolgan-u, o‘rnida butun vujudimga azob berish uchun ataylab yasalgan bigizlar g‘arami paydo bo‘lgandi. Satta jiqillatib sanchardi.
Sarviniso buvim va ayam, biri olib, biri qo‘yib, oyoqlarimni kunu tun uqalab o‘tirishardi.
Bir oy o‘tdi, tuzalmadim. Ikkinchi oy ketyapti, tuzalmayman. Do‘xtir menga litrlab magneziy ichkazish, ana-mana deb, dasturxonimizni yalanglatishdan boshqaga yaramay yuribdi.
Ba’zan yuragim pala-partish ura boshlardi. Ko‘zlarim tepaga bitib, havo yetishmay, yotgan joyimda to‘lg‘anishga tushardim, badanimni sovuq ter qoplardi. Tamom, hozir jonim uziladi, deb o‘ylaganimda, yuragim qayta izga tushib, asta o‘zimga kelardim. Yurak xuruji chog‘ida sezilmay qolgan oyoq og‘rig‘im boshqatdan avjga minardi.
Kasalim cho‘zilgani sayin, qo‘shnilar, qarindoshlar, o‘rtoqlarim, ayrim o‘qituvchilarim meni tez-tez yo‘qlaydigan bo‘lishdi. Rus tili o‘qituvchimiz Osman Umerov, mahallamiz keksalaridan bo‘lgan Oymat qo‘rboshi, usta Orifjon tog‘a haftasiga ikki-uch martadan kelishardi. Xudo xohlamayotgani uchun birgina u kelmayotgan edi – Ajal!
Qanchalar qo‘rqoq bo‘lmayin, o‘limni o‘ylaganimda, endi negadir qaltiramasdim. Yotaverib, o‘ylayverib, shunaqa bo‘lib qolgandirman, balki. Zuhraxon singlim, Homitjon ukam tez-tez ko‘z oldimga kelaverardi. Sog‘ingandan sog‘inardim ularni. Ikkalasi ham go‘dak boshi bilan u dunyoda yolg‘iz, qarovsiz qolishganiga toqat qilolmasdim. Boraman, ularni ko‘raman, Homitjonni ko‘tarib, Zuhraxonni yetaklab, jannatda o‘ynatib yuraman.
Ha, jannatga kirishim tayin. Ablaz qori bir safar aytganidek, bolalar va kalima keltirishni bilgan, odam o‘ldirmagan o‘spirinlar to‘g‘ri jannatga borib tushadi. Men odam o‘ldirmaganman, kalima keltirishniyam buvim o‘rgatib qo‘ygan: “Lav ilovha illablo, Muhammaddi rasuliblo” (o‘shanda to‘g‘ri aytolmasdim).
Bir kuni mahalladoshimiz Sobir aka uyimizga chimyonlik tabib cholni boshlab keldi. Mirza buvaning o‘g‘li Mamat oyog‘i shishib yotganda, shu odam davolagan, do‘xtirga ishonavermanglar, dedi u.
Moshkichiri soqolli, istarasi issiq tabib bilak tomirimni ushlab ko‘rib, keyingi kunlarda yuragingiz o‘ynamay turibdi shekilli, a, deb savol berdi. Men tasdiqlab, bosh qimirlatdim. Buvim ayamga taajjublanib qarab olib, yuragiga nima qipti, deb so‘radi tabibdan. Bolaning yuragi ora-sira qattiq xuruj qilib turgan, nima, bilmaganmidinglar, deya hayron bo‘ldi tabib. Dod solishmasin deb, yurak o‘ynog‘imni uydagilarga bildirmasdim.
Ovqatlanib bo‘lgach, tabib yarim litrlik shishadan piyolaga qandaydir qo‘lansa dori quyib, menga ichdirdi. Har kuni nahorda va kechqurun shundan besh ho‘plam-besh ho‘plam ichib turishimni tayinladi. So‘ng, buvim va ayamni chaqirtirib, uzoq tilovat qildi, shirin duolar bilan yuziga fotiha tortdi.
– Endi bunaqa tanballanib yotavermang, yigitcham, – dedi u menga tabassum qilib. – Ertalab “Yo pirim!” deb boshingizni azot ko‘taring, shoshmasdan emaklab borib, tokchani ushlagancha o‘rningizdan turing. Og‘riqdan qo‘rqmay oz-ozdan yurishni boshlasangiz, oyog‘ingizdagi shishgan joylar tez qaytadi.
Ayam va buvim bu gapdan ajablangandek bir-biriga ma’nodor qarab qo‘yganini sezgan tabib: “Mana ko‘rasizlar, bu bola ertaga yurib ketadi!” – deya ishonch bilan ta’kidladi.
Tun bo‘yi tiniqib uxlab, tongda erta uyg‘ondim. Qarasam, xonada meni qorovullab yotadigan buvim allaqachon ko‘rpasini yig‘ib, chiqib ketibdi.
Tabib tayinlagan gaplar esimga tushib, ustimdagi o‘ranchiqni olib tashladim, oyoqlarimni o‘zimga asta tortib ko‘rdim. Qattiq og‘riq qo‘zg‘alganiga qaramay, nafasimni bir rostlab olib, mukkamga ag‘darildim; qo‘llarimga tayanib ko‘ksimni ko‘rpadan uzdim, inqillab-sinqillab emaklashga tutindim; sudrala borib, tokchaga tirmashdim. Tomirlarim chirs-chirs uzilayotgandek bo‘lib o‘rnimdan turib olgach, uy devori bo‘ylab mayda-mayda odimlaganimcha ayvonga chiqib bordim. Chiqiboq: “Aya! Aya!” – deb chaqirishga tushdim. Narigi do‘ngalak uydan buvim otilib chiqdi, voy, xudoga shukur-ey, xudoga shukur-ey, deganicha kelib, bo‘ynimdan quchdi. Ayam molxonada sigir sog‘ayotgan ekan, buvim: “Munisxon! Munusxon-uv!” – deya saslanib, halpillagan asno tomorqa sari yo‘naldi.
Tushga yaqin do‘xtirim keldi.
– Qiyini orqada qoldi, hademay otdek bo‘p ketadi bu o‘tbosar, – dedi u, ayam bilan buvimga iljayib. – Qo‘rqib ketmanglar deb, sizlarga bildirmasdan, Obidjon akamga aytgandim xolos, bu bolaning yuragi porokka chalingan. Kasallik varaqasiga yozib qo‘ydim, endi uni armiyagayam olishmaydi.
Dadam ishdan qaytgach, lapanglab yurishimni yana bir namoyishlab berdim. Do‘xtir yuragim haqidagi vahimani kuchaytirib, qattiq tayinlagan bo‘lsa kerak, dadaginam menga dona-dona qilib uqtirishga tushdi:
– Bundan keyin og‘ir ishlarni qilmaysan! Vazmin yuk ko‘tarmaysan! Toliqtiradigan o‘yinlarni o‘ynamaysan! Qovurilgan ovqatlarni kamroq yeysan! Sho‘r bilan achchiqqa yaqin yo‘lamaysan! Xo‘pmi?!
O‘z-o‘zidan manglayim tirishdi. Sho‘r bilan achchiqqa yaqinlashmaslikdan boshqasini uddalab bo‘larkanmi?
Tuzalib ketganimdan keyin ham maktabga bormadim. Lekin, baribir sakkizinchi sinfga ko‘chirib qo‘yaverishdi.

* * *
Avvaliga dadam Fayziobod paxta punktidagi ishidan ayrilib, goh Xonqiz, goh Qorajiydada pilla qabul qilib yurdi, sakkizinchi sinfdaligimda esa tugalay yumushsiz qoldi. Yaxshiyamki, Mahbuba opamni qamalishdan oldin vaqtida uzatib olgan ekan, Shahodat va Xolis opamni turmushga chiqarishning o‘zi ro‘zg‘orimizni butkul qoqlab tashladi. O‘sha damlarda qulog‘imga chalinishicha, hatto kimlardandir ozgina qarz ham olishgandi.


Ayam goh oltin taqinchoqlarini, goh gilamlardan birini, goh sandiqdagi baxmal, atlas singari toza gazmollarni sotar, o‘rtada ba’zan un olishga ham pul topilmay qolardi. Keyin qo‘ylarni pullashga navbat keldi. Hartugur, sut-qaymog‘i kunimizga yarab turgan sigirni sotishmadi.
Turli ulfatchiliklarga qo‘shilish imkoni yo‘qligi uchunmi, “otdan yiqilib”, qaddini hamon tiklab ololmayotganidan uyalibmi, dadam hatto qo‘shnilar bilan ko‘chada gaplashib o‘tirishdan tortinadigan bo‘lib qoldi. Mehmonga kelgan ayol qarindoshlar bilan ozgina ahvol so‘rashiboq, tashqariga chiqib ketardi. Oilamizdagilarning mehmondorchilikka, to‘ylarga, sayllarga galalashib borishi ham taqqa to‘xtagan edi. Dadamda o‘zini odamlardan, gurunglardan olib qochish odati paydo bo‘lganini barchamiz yaqqol sezib turardik.
Ilgarilari hovlimizning ichki yumushlaridan butunlay yiroq bo‘lgan dadam endi goh ketmonni tutamlab bodring sug‘orar, goh sigirga yem qorishga kirishar, goh tog‘orada go‘ng tashib kelib jo‘yaklarning ichiga socha boshlardi. Bir kuni yordamlashmoqchi bo‘lsam, nari tur, senga mumkinmas, dedi. Og‘ir ishlarni qilish mumkin bo‘lmagan o‘g‘ilchasi, ularga bildirmay, anchadan beri hak-haklab futbol o‘ynayotganidan ota sho‘rlik mutlaqo bexabar edi.
Avvaliga, tanamni zo‘riqtirmaslik uchun darvozabonlik qilib yurgan bo‘lsam, keyinchalik maydonda o‘ynashga o‘tdim. Dastlabki oylarda yarim soatlar yugurmasimdanoq birdan nafasim tiqilib, yuragim bejodan bejo tepishni boshlar, asta chetga chiqib, ahvolimni zo‘rg‘a o‘nglab olardim. Bora-bora, o‘zimni ortiqcha o‘tdan cho‘qqa urmay o‘ynasam, ikki taym yugurgilashga bemalol chidaydigan bo‘ldim.
Xonim enam chevar edi, qishda paxtali kamzul, yozda kulrang matodan – pastining va ko‘krak qismining har ikki yog‘ida og‘zi ochiq cho‘ntagi bo‘lgan kitel tikib, Marg‘ilon bozorida sotib pul ishlardi. Ayam Oqbo‘yraga borganda onasiga qarashib yurib, bu kasbni yaxshigina o‘zlashtirib olgan, azaldan bizga qishlik kamzulni mashinasida o‘zi tikib berardi. Ro‘zg‘orimizdan baraka ko‘tarilgach, kamzul va kitel tikishni boshlab, avvaliga mahalladagilarga tortinib-qisinib sotib yurdi, keyinchalik bozorga olib chiqadigan bo‘ldi.
Goho, yuragim hilviragancha, ichimda Tangriga zorlanib-zorlanib yalinishga tushardim:
– E, Xudo, dadamning ishlari tezroq yurishib ketsin...
Ie! Bu qanaqasi? Kambag‘al bo‘lishni qachonlardan beri ezginlanib orzu qilarding-ku? Mana, Xudo oxiri sen nafasing qurg‘urni niyatingga yetkazdi. Endi bu xildagi turmushni ham ko‘r, rohatli joyini qidirib topolsang, yayrab yashayver.
Ha, yayraysan-a! Ha, nolimaysan-a! Xudodan dadangni yana boy qilishni so‘rashga hozir qanday beting chidayapti, bilmadim. Qolaversa, Xudoning borligiga ishonasanmi o‘zing?!

* * *
Bir qaraganda, xudosizlar mamlakatining mafkurasi, barcha bilim maskanlarida hukmron bo‘lmish qizil g‘oya, o‘qituvchilarning, hukumat faollarining uzluksiz tashviqotlari Xudoning yo‘qligini ommaga har tomonlama isbotlab berib, bunga qariyb barchani, jumladan, meni ham allaqachon ishontirib ulgurgan edi. Ayrim o‘qituvchilar mullalarning din, Xudo, narigi dunyo haqidagi “uydirma”larini orada xoholab-xoholab, mazaxlab-mazaxlab gapira boshlasa, sheriklarimga qo‘shilib men ham yayrab qiqirlardim.


Yana bir qarasangiz, tuyqusdan mullachaga aylanardim, u dunyoning borligiga, Zuhraxon singlim bilan Homitjon ukam jannatda o‘ynab yurishganiga shubha qilishni xohlamasdim, botinolmasdim, qo‘rqib ketardim. Tontirama, u dunyo bor, ukalaring rohatda yurishgani rost, deb o‘zimni biydalagudek bo‘lardim.
Tayinsiz banda edim, ba’zan xudosizlar ongimga qaytadan ta’sir o‘tkaza boshlasa, “sodda xudojo‘ylar”ning xomtamaligidan ichimda yana kulishga tushardim; ba’zan biron-bir zarurat bois, Yaratguchiga takror yalinishga o‘tardim. Quvonchli onimda Tangriga qulluq qilish xayolimga kelmasdi, og‘ir damlarda mung‘ayib undan ko‘mak izlardim.
Zamon Xudoga shaydolanishingga imkon beradigan zamon emas edi. Mavjud muhitning taqozosi bilan o‘z e’tiqodimni o‘zim toptab tashlayotganimni sezmay qolardim. Bir narsaga sira tushunolmasdim – yo men vaziyatga qarab o‘zgarib turardim, yo vaziyat meni ixtiyorimsiz o‘zgartirib qo‘yardi.

* * *
O‘rtoqlarim bilan daydib yurib, goho tuman markaziga borib qolardik. Rohatdan tarvaqaylaganicha muzqaymoq yalab yurganlarni ko‘rsam, ayamay do‘pposlab, qo‘lidagini yulib olgim kelaverardi. Har gal, albatta, kitob do‘koniga kirardim, ko‘zimga issiq ko‘ringan yoki birovlardan ta’rifini eshitgan kitobni sotib olishga pulim yetmasa, bu hol “shaydosiga bevafo” muzqaymoqning kuydirgisidan ham oshib tushardi.


Bir kuni Xolis opamning sinfdoshi, Xadicha otinning farzandi bo‘lgani uchunmi, nihoyatda adabiyotsevar, zehni o‘tkir, yoshiga nisbatan o‘ta keng fikrlovchi oshnam Abdusalom bilan kitob do‘koniga birga kirdim. Qandaydir kitob ikkovimizga ham yoqib qoldi.
– Shuni qarzga olib bering, qo‘limga pul tushsa uzilishib ketarmiz, – dedim yoshi ulug‘roq oshnamga yalinib.
Abdusalom kitobni sotib oldi. Tashqariga chiqqanimizda uni menga tutqazdi-yu, ko‘ylagining pastga osilib turgan etagini ko‘tarib, cho‘zmali shalvarining qatidan yana bitta xuddi shunaqa kitobni sug‘urdi.
– Bunisini o‘g‘irladim, – dedi u, hozirgina poshshoning xazinasini o‘marib chiqqan Bag‘dod o‘g‘risidek tamtamlanib. – Unisi senga tekin bo‘laqolsin.
Iy-ye, yo‘li borakan-ku! O‘shandan boshlab, do‘kondan kitob o‘g‘irlash bobida malakam oshib boraverdi. Bir kirishda to‘rttagacha kitobni ustidan ko‘ylagim etagi solinchoqlanib turuvchi shalvarimning cho‘zmasiga qistirib chiqqan kunlarim ham bo‘ldi. Do‘konchini chalg‘itish, xavfni kamaytirish uchun bitta arzonrog‘ini qo‘limda varaqlab kelib, odob bilan suzilganimcha haqini to‘lardim. Doimiy mijozlardan biriga aylanganim tufaylimi, oxirating obod bo‘lgur do‘konchi o‘z talonchisini har safar do‘stona jilmayib qarshi olardi.

* * *
Hanuz she’rlar bitib turardim. To‘porigina mashqlarimda ishq mavzusi tobora kengroq joy egallab borar, bularni yozayotganimda daftarimning varag‘idan tutun ko‘tarilayotgandek, sal o‘tmay lov etib yonib ketadigandek tuyulardi ba’zan. Buning sababi bor edi – qizlarga iliqishga qattiq ruju qo‘ygan davrim edi bu...


Tunlari Q. xonni ezilib-ezilib o‘ylardim, uning hamma ko‘rinishi, hatto ko‘zlarining qanday qiyalashi-yu, lablarining qanday jimirilishigacha xotiramda qayta-qayta jonlanardi; J. xonni shartta qopga tiqib, kimsasiz tog‘larga olib qochgim kelardi; goho erinmasdan ikki mahallani bosib o‘tib, qo‘shni maktabda suluvligi bilan dong taratgan A. xonning Mozortagidagi xonadoni yonida och kuchukchadek g‘ingshib yurardim.
Ba’zan ayol o‘qituvchilarga ham tagdor gaplar otar edim, yengil-elpi tajovuzlar qilishgacha borib yetardim. Dam ruchkamni ataylab polga tashlab, partaning ostiga bosh suqardim va kimyo-biologiyadan dars beruvchi Kidrachyovaning oppoq oyoqlarini berilib tomosha qilardim; dam maktabdagi qizlarga qo‘llab turadigan rohatbaxsh qilig‘imni ishga solib, ro‘molchamdan ip sug‘urardim-da, chet tilini o‘rgatuvchi oltin sochli muallimamiz Gudilinaning ortidan borib, biqinini siypalardim, o‘qrayganicha cho‘chib o‘girilsa, kiyimingizga yopishib qolibdi, deya qo‘limdagi ipni ko‘rsatardim. Pionervojatiymiz Umerovaning ketiga shapatilab qochganimdan so‘ng katta g‘alva chiqib, bu hol shaxsan direktorning faxriy tarsakisini yeyishdan tashqari, komsomolga qabul qilinmasligimga ham asosiy sababchi bo‘lgandi.
Xulqim kun sayin buzilaverdi, erkak o‘qituvchilardan ham tap tortmaydigan bo‘lib borayotgandim. Paxta terishga chiqqanimizda, fizkultura o‘qituvchisi O‘ktam aka bilan olishib qoldim. U polvonligini namoyishlab, bo‘g‘zimdan ushlaganicha yerga ag‘darganida, ko‘ziga tuproq sochib, to o‘zini o‘nglaguncha, uni kuchukpiypalash qilishga tushdim. Agar brigadir Imar qirg‘iz meni ayovsiz shapaloqlab ajratib olmaganida, yoqalashuv nima bilan tugashi noma’lum edi.
O‘zi shundayin ham maktabdagi “qora ro‘yxat”ning tepa qismidan joy egallab kelayotgandim, o‘qituvchiga qo‘l ko‘tarishga borib yetganim, nihoyat, barchaning sabrini to‘ldirdi, sinfimizda direktor va uch-to‘rtta o‘qituvchi ishtirokida bo‘lgan yig‘ilishda meni maktabdan haydashga qaror qilindi.
– Sizga bitta iltimosim bor edi, – deb direktorga mung‘ayib boqdim. – Sakkizinchini shu yerda bitirvolay, keyin o‘zim yaxshilikcha boshqa maktabga ketaman.
Direktor savol nazari bilan qaragach, muallimlar picha o‘ylanib qolishdi, past tovushda o‘zaro maslahatlashishdi, so‘ng menga qarab, esingda tursin, o‘g‘il bolaning gapi bitta bo‘ladi-ya, degan so‘zni alohida ta’kidlagan tarzda iltimosimni qondirishdi.
Kim nima desa desin-u, kelishsa bo‘ladigan yaxshi odamlar bu olamda baribir ko‘p.

* * *
Farg‘ona shahridagi To‘qimachilar shaharchasida yashovchi Shafoat ammamning to‘ng‘ich o‘g‘li Mashrab bilan deyarli tengdosh edik, sensirab so‘zlashardik. Bolalikda ba’zan ammam uni biznikiga tashlab ketsa, ba’zan men ham ularnikida besh-o‘n kun turib qolardim. Shaharda “neujeli”, “vot eta da”, “davay”, “nu pasmatri”ga o‘xshash o‘rischa iboralarni, biri “pasho‘l” bilan boshlanib, biri “mat” bilan tugaydigan so‘kishlarni alohida yutoqilanib o‘rganardim, qishloqqa qaytgach, o‘rni kelsa-kelmasa, pala-partish qo‘llashga tushardim.


Menga o‘xshab sakkizinchi sinfni bitirgan Mashrab yozgi ta’tilda biznikiga kelib uzoq turib qoldi. Bir kuni gapdan gap chiqib, maktabdan haydalganimni aytdim. Buni eshitiboq, unaqa bo‘lsa, Farg‘onaga borib, men bilan birga o‘qiyqol, deb qistay boshladi. Nima deyishni bilmadim. Ammam uni olib ketishga kelganida, Mashrab yana shu to‘g‘rida gap ochdi.
– Shunaqa qilaqolaylik, aka, – dedi ammam, dadamga yuzlanib. – Mashrabning o‘qishlari juda yomon. Anvarga qo‘shilsa, birga dars tayyorlab yurib, sal odam bo‘larmidi...
O‘sha yilning kuzidan e’tiboran Farg‘ona shahridagi 11-maktabning kechki bo‘limida to‘qqizinchi sinfda o‘qiy boshladim. Menga sherik bo‘lib Mashrab ham kunduzgidan kechki bo‘limga o‘tdi. Kechkida o‘qiy boshlashimizning sababi – To‘qimachilik kombinatida ko‘p yillar masterlik (uskuna sozlovchisi) qilgan, yaqinginada pensiyaga chiqqan Qosimjon opog‘dadamiz ikkalamizni ham shu joyga ishga kiritib qo‘yishni ko‘zlagandi, lekin korxonadagilar hozircha bo‘sh o‘rin yo‘q, degan bahona bilan gapni cho‘zib yuraverishdi.
Dastlab darslarga muntazam qatnashib yurgan Mashrab, biror oylardan so‘ng ora-sira keladigan bo‘ldi, qishga borib, maktabni butunlay yig‘ishtirib qo‘ydi. Kitob-daftarni ko‘tarib, uydan birga chiqsak-da, sal naridayoq yo‘limiz ayri bo‘lardi, u kechalari G‘aybulla qassobnikiga borishni odat qilib olgan, qartada qimor o‘ynashga tobora berilib ketayotgandi. Maktabdan qaytishda yo‘l-yo‘lakay uni qartaxonadan chaqirib olardim, o‘yin tugamagan bo‘lsa, birpas tomoshabinlik qilardim.
Mashrab juda mushtlashqoq edi. Mast kelayotganini ko‘rsa, ko‘chadagilar o‘zini panaga urishga oshiqardi. Agar, kim bilandir yoqalashishni boshlasa, bu hududchadagi eski kuzurlar asta-sekin bo‘ribosarga aylanayotgan to‘lpoq kuchukchaning olishuvini chetdan jim kuzatib turishar, oxirida yaxshilik bilan ajratib qo‘yishar, har ehtimolga qarshi iliq munosabatda bo‘lib yurishardi.

* * *
To‘qimachilik kombinatida o‘ttiz yildan ko‘proq ishlab pensiyaga chiqqan Qosimjon opog‘dadamiz umrining katta qismi o‘rislar orasida, qoraqo‘l ishchilikda o‘tgan esa-da, mumtoz kuy va qo‘shiqlarning ashaddiy shaydosi edi. O‘zi ham yigitligida dutorni juda o‘xshatib chalarkan. Mumtoz qo‘shiq yangrab qolsa, o‘tirganlarga jim degan ishorani qilib, o‘ng qo‘li barmog‘ini chap qo‘lining mushtumiga “chirs-chirs” chertmaklaganicha, huzurlanib tebranishga tushardi.


Shaharda axloqim sal epaqaga kelib qolgandi. O‘qishlarim ham ancha yaxshilangandek edi. O‘rischada tuppa-tuzuk gaplasha oladigan bo‘lib borayotgandim.
Meni bu xonadonda kimdir malol olayotganini hech sezmasdim. Opog‘dadam bilan ammam meni o‘z farzandlaridan afzal ko‘radigandek tuyulardi, Mashrab har qadamda ko‘nglimni avaylardi, ukasi Mahmudjon pinjimga suqilvolib, qiziq gaplarimdan hiringlagani-hiringlagan edi, singlisi Muhabbatxon dars tayyorlashga ko‘maklashganim uchun javondan o‘zlashtirgan konfetlarni sekingina kaftimga qistirardi. Shunga qaramay, bularga ortiqcha og‘irim tushmayaptimikan, degan o‘y damo-dam ko‘nglimdan kechib turardi. Ba’zan o‘ng‘aysizlanayotganimni sezarmidi, ammam ichimdagi andishani quvib, hech narsadan tortinma, akamning bizga ko‘p foydasi tekkan, senga ozgina yaxshilik qilsak qipmiz-da, deb yelkamni silardi.

* * *
Maktabda Malina degan qiz bor edi. U yevropacha urf-odat ta’sirida tarbiyalangan, g‘irt o‘rismijoz ekaniga qaramay, mendek bir qishloqi bilan o‘qishning dastlabki haftalaridanoq juda inoqlashib ketgandi.


She’r yozib turishimdan xabar topgach, Malina uyidan menga she’riy kitoblar olib keladigan bo‘ldi. O‘rischalarining ayrim yerini o‘qitib ko‘rib, nimalarni uqqanimni so‘ray boshlardi, mazmunini to‘liq anglayolmagan joylarimni, o‘zbekcha jumla tuzishga qiynalgan tarzda tili tutilib-tutilib, erinmay tushuntirishga tushardi.
Sinfdoshimiz Zuhra Malina bilan maktabga doim birga kelib, birga ketardi. Kunlardan bir kuni u qishloqdagi oilamiz haqida u-bu gaplarni surishtirib o‘tirib, ustingizdagidan boshqa shimingiz yo‘qmi, deb so‘rab qoldi.
– Hozircha bori shu, – dedim, kutilmagan savoldan dovdirab. – Nimaydi?
– Bir so‘radim-da, – dedi Zuhra andak o‘ng‘aysizlanib.
Vujudim zirillab ketdi. Bir zum ensam qotganicha turib qoldim.
Ha, bittagina shimim bo‘lib, u ham dadamniki edi. Bu yerga dastlab kiyib kelganim u yer-bu yeridan sizilayotganini ko‘rgan ayam, bir gal qishloqqa borganimda semizgina dadamning yo‘l-yo‘l qoramtir chiziqli oqish shimini menga bergandi. O‘shanda u, mashinasini g‘aldiratib, shimni bo‘yimga moslab sal kaltalatgan esa-da, belini, chotini toraytirishga uquvi yetmagandi. Kiysam, pochalari holpillab turuvchi bu kattakon shimning bel qismida bir handalak qistirgulik joy ortib qolar, shu ortiqchasini orqa tarafga g‘ijimlab to‘plab, tepasidan kamar bog‘lab olardim. Orqadagi g‘ijimni yashirish uchun yo kostyum kiyardim, yo ko‘ylagimning etagini tushirib yurardim.

* * *
Qishning oxirlarida egnim nihoyat yangi kiyim ko‘rdi.


Dadam boylik paytida sotib olgan, koverkot degan qimmabaho matodan tikilgan och novvotrang plash bir-ikki marta kiyilganicha sandiqda yotgan ekan. Ayam uni menga bergach, etagi uzunroq, yelkalari ancha keng bo‘lgani uchun kiygim kelmay, ammamning shkafiga ilib qo‘ygandim. Ammam shuni Mashrabga beraqol, senga kostyum-shim tikdirib beraman, dedi.Jon deb rozi bo‘ldim. Ammam ertasigayoq meni artelga boshlab bordi, birga mato tanladik, chevarlar bo‘y-belimni o‘lchashdi. Bir hafta o‘tmay, ishni bitirib berishdi.
Tim qora tusli kostyum-shimni kiyib ko‘ryapman-u, terimga sig‘may, entikib-entikib ketyapman. Bolalikda nuqul eski kiyim kiygim kelardi-ya, g‘irt ahmoq ekanman, deb o‘ylayotgandim shu topda.
Chamasi, yangi libos o‘sha kuni umrimda birinchi marta ko‘zimga lovullab ko‘rindi. O‘zimni toshoynakka solib, ta’bim charaqlagandan charaqlab ketdi.
Poson kiyinib borgan birinchi kunimda sinfga tortinibgina kirdim. Shumqiliq Omoncha: “Vavah-h!” – deb yuborganini hisobga olmaganda, boshqalar ortiqcha ahamiyat bermaganini ko‘rib, yengil tortdim. Malina moldan molning farqini ajratib, bu magazinniki emas, uni qaysi artelda tiktirdingiz, deya surishtirib qo‘ydi tanaffusda.
Ilgari ko‘nmagan edi, endi “mo‘dniy kavaler” bilan yurishga uyalmasa kerak degan o‘yda qizni yana kinoga taklif qildim. Baribir unamadi. Tuflim maymoqroq ekani ishni buzdimikan, deb hadiksiradim bu gal.
Malina! Shaharda kechgan umrimdagi eng totli xotira bo‘lib qoldi bu qiz.
Oradan yillar o‘tib bir narsani tushunib yetdimki, mabodo taqdir boshimizni qovushtirganida, umrimda duch kelgan suluvlar orasida adabiyotning chinakam shaydosi bo‘lgan shu qizgina tartibsiz hayot tarzimga ortiqcha g‘alvalarsiz chidashga, meni, avvalo, shoir sifatida asrashga imkon qadar urinib yashagan bo‘lardi. Ammo men uni o‘zi loyiq bo‘lgan baxtga hech qachon sazovor qilolmasdim.

* * *
To‘qqizinchi sinfni bitirgach, tag‘in qishloqqa qaytdim.


Serbola va serchiqim oilamizdagi ahvol kun sayin og‘irlashayotgandek, yetishmovchilik qalanib borayotgandek edi. Dadam hanuz ishsiz ekanligidan yuragim xijillanardi. Qanchalar keng bo‘lmasin, yo‘lbars qafasga, erkak uyga sig‘maydi. Qafasdan qutulish uchun bo‘lsa kerak, dadam ancha urinib yurib, Marg‘ilondan ham naridagi Toshloq paxta punktidan ish topdi. Maoshi bordi-keldisiga, yeyar-ichariga zo‘rg‘a yetib tursa-da, harqalay yana ko‘chaning erkagi bo‘lib oldi-ku.
Men ham erkakchilikka intilib, qishlog‘imizdagi paxta punktiga ishga kirdim. Buvimning jiyani O‘rinboy aka bu davrda paxta quritish shoxobchasiga boshliq bo‘lib qolgandi, uning qo‘l ostida mayda-chuyda yumushlarni bajarib yurdim: goh ta’mirdan chiqqan uskunalarni bo‘yayman, goh paxta quritish barabanining g‘ildiraklari tishiga chuvalashib ketgan tivitlarni yulqilab tozalayman, goh yoshi kattalarga do‘kondan aroq-vino yoki sigaret tashiyman.
Bir kuni paxta quritish tsexiga ikkita yap-yangi traktor berishdi, biri – uch g‘ildirakli “T-28”, ikkinchisi – to‘rt g‘ildirakli, lekin pakanagina “DT-20”. Pakana qizil traktor ich-ichimda havas o‘tini alangalatdi, shuni men minaqolay, deb O‘rinboy akaga yalina ketdim. Traktorchilikka hujjating yo‘q, buning ustiga hali maktab o‘quvchisi bo‘lsang, qanday qilib senga beraman, deb o‘jarlandi O‘rinboy aka. O‘zim hol-joniga qo‘ymay turib olganim, bu masalaga dadam ham aralashgani, oxiri uning ko‘nglini yumshatib, mayli, punktdan tashqariga chiqmaganingdan keyin, hujjatsiz minsang ham bo‘laverar, deya rozilik berdi.
“T-28” traktorchisi Olim mo‘ylov ikkimiz punkt ichkarisida ishlab yurdik – bu g‘aramdagi ho‘l paxtani punktning narigi chekkasidagi quritish tsexiga tashib boramiz, quritilgan paxtani yana tirkamaga ortib, endi boshqa g‘aram yoniga keltirib to‘kamiz. Andak nafas rostlashga imkon yo‘q, hududda chekish qat’iyan taqiqlanganiga qaramay, sigaretni traktorda borayotib yo‘l-yo‘lakay apil-tapil chekib olaman. Shu qadar charchardimki, tushlik e’lon qilinsa, ovqatlanish o‘rniga picha uxlab olgim kelaverardi.
Oltiariqqa qaytganimdan keyin ham o‘sha “o‘g‘ilbolacha gap”da turib, 13-maktabga egilib bormadim, tuman markazidagi 1-o‘rta maktabning kechki o‘ninchi sinfiga joylandim. Punkt ichida ishlab yurgan paytimda darslarga imkon qadar muntazam qatnashib turdim. Keyinchalik transport yetishmovchiligi bois punktdan vaqtida olib ketilmay dusambalanib yotgan paxtalarning bir qismini Farg‘ona shahridagi paxtani qayta ishlash zavodiga qish ichi o‘z traktorlarimizda tashib berishimizga to‘g‘ri keldi. Haydovchilik guvohnomam bo‘lmasa-da, traktorni shaharga ham o‘zim minib boraverdim. Har bir traktorga uchtadan tirkama ulanardi, yo‘lga tushsak, xuddi poezd vagonlarni tortib ketayotgandek ko‘rinardi. Men oldinda, biror muammo tug‘ilsa traktorimni sozlab berishi lozim bo‘lgan Olim mo‘ylov ortda borardi.
Shu zayl qish bo‘yi shaharga paxta tashidim, ba’zan kech qaytishim, ba’zan oyoq qimirlatishgayam majolim qolmasligi tufayli maktabga kam qatnaydigan bo‘ldim. Tanam shu qadar zo‘riqqandiki, to‘rt kilometr chiqib-chiqmaydigan joydagi maktabga yetguncha hatto velosipedning pedalini tepishga qurbim yetmay qolardi. Shu ahvolda damo-dam she’r yozishgayam fursat topganimni eslasam, hozirda hayratga tushaman.

* * *
Oltiariqning Bo‘rbonliq qishlog‘i ustidan boshlanib, qir orasidan tushlik sari yuqorilab ketguchi yo‘l tog‘ning etagiga borib taqaladi. O‘sha joyda Qirg‘izistonga tegishli qo‘rg‘oshin koni bo‘lardi. Shahodat opamning eri A’zam aka shu konda shofyorlik qilar, karerlardan ochiq usulda qazib olinadigan (bir joyida eski shaxta ham bor edi) ma’danlarni aholi yashaydigan qo‘rg‘on yaqinidagi zavodga mashinada tashib keltirishar, yetti yuz-sakkiz yuz so‘mga yetkazib oylik olishardi. U davrda kolxoz raisi bir yuz o‘ttiz so‘m, maktab direktori bir yuz ellik so‘m atrofida maosh olishini nazarda tutsak, konchilar pulning tagida yashar edi.


Arzimagan pulga traktor minib yuraverma, deb, Shahodat opam qishda meni o‘sha Rudnik-konga olib ketdi, tezdayoq ishga joylab qo‘ydi. Qapchug‘aylik objuvozchi Arslon burgutchining Rahmonali degan o‘g‘li konda burg‘ilovchilik qilarkan, meni unga shogird qilib berishdi. Rahmon akaning vazifasi – o‘ziyurar uskunani u yerdan bu yerga jildirib, tuproqni o‘n besh-yigirma metr chuqurlikda burg‘ilash, mening vazifam – gup-gup urilganicha yerga tobora chuqurroq kirib borayotgan quvur ustun ichiga goh-goh suv quyib turish, elektr toki yetkazib beruvchi kabelning yerda emas, temir ayrichalar ustida turishini ta’minlash, ishdan so‘ng agregatni artib tozalash, ayrim qismlarini solidolda moylab qo‘yish.
Bizdan keyin bu joyga qo‘poruvchilar kelib, burg‘ilagan chuqurlarni doriga to‘ldirib portlatishar, tuproqni ekskavatorchilarga yumshatib berishardi. Ana endi o‘nlab “KrAZ” karer devoridagi pog‘ona-pog‘ona yo‘llarda chumolilardek o‘rlab, ruda tashishini tomosha qiling.
Chetdan qaraganda, ishimiz uncha og‘ir emasdek tuyular, uning haqiqiy zahmatini ishlab ko‘rganlargina bilardi. Uycha tugul biron-bir daraxt ham bo‘lmagan yalang joyda qishning chiyilloq sovug‘iga chidash; issiq ovqat pishirishga imkon yo‘qligi bois, muzlagan taom bilan tamaddilanish; har haftada u smenadan bu smenaga almashganda, uxlashning yangicha vaqtiga ko‘nikolmay gandiraklab yurishlar tinkangni quritib tashlaydi.
Traktorchilikda sakson-to‘qson so‘mga ishlab yurgan odam konchilikda, normani qanday bajarishimizga qarab, uch yuz ellik so‘mning yon-berida oylik ola boshladim. Oylikni dadamning qo‘liga eltib berardim. Yashashim opamlarnikida, yeyishim tekin bo‘lgani tufayli maoshim uyga deyarli butunicha yetib borar, ro‘zg‘orimizga qaytadan baraka kirayotgan edi. Buni dadamning g‘oyib bo‘lib ketgan eski ulfatlari uyimizda yana bir-bir paydo bo‘la boshlaganidan ham bilsa bo‘lardi. Dadamga durustgina tirgak bo‘lib qolganimdan, birinchi galda, Sarviniso buvim behad xursand edi.
Qish oxirlaganida oyoqlarimda og‘riq o‘rmalay boshladi. Uydagilar buni opamdan eshitishgach, eski bod kasaling qo‘zib, yana yotib qolmasingdan uyga qaytaqolsangmikan, deb ko‘nglimga qo‘l solishdi. Toshloqqa qatnab ishlashdan tuzukroq naf ko‘ra olmay, endi Poloson qishloq ijroqo‘mida soliq to‘plovchi bo‘lib olgan dadam yelkamga qoqib, eng oldin sog‘liqni o‘yla, tirikchilikni sensiz ham uddalarmiz, deb astoydil jon tortdi.
Shu tariqa, Rudnik-konga qilgan yurishim uzoqqa cho‘zilmay, ortga qaytdim.

* * *
Kunlardan birida eski sinfdoshim Ahmad bilan Mozortagiga borayotib, motorli velosipedini tolga suyaganicha ariq yoqasida yelpinib o‘tirgan Eminjon karvonga duch kelmaganimda, yana qancha vaqt ishsiz salanglab yurgan bo‘lardim, bilmadim.


Eminjon karvon qishloq ijroqo‘mi raisi edi. Velosipedining motori buzilib, bo‘g‘ilib o‘tirgan ekan, bizni ko‘riboq, hoy, birortang manavining tilini tushunasanmi, deb qoldi. Men bilaman, hozir tuzatamiz, dedim-u, mabodo yurib ketsa, bahonada bir eshakchopar qilvolamiz degan o‘y bilan velosipedga o‘tirdim. Men pedalni tepib, Ahmad orqadan itarib, ancha joygacha borganimizdan keyin, motor o‘z-o‘zidan ishlab ketdi. Hakillab qolgan Ahmadga mukofot bo‘lsin deb, uni mingashtirganimcha mahallani bir aylantirib keldim.
– Ie, vey, yosh bo‘lsang ham mirovoy usta ekansan-ku! – deya, kelib to‘xtashim bilanoq maqtov yog‘dirdi Eminjon karvon. – Kimning o‘g‘lisan?
O‘zimni tanishtirdim.
– Vah, o‘zimizdagi Obidjon akaga qarashlimisan? O‘g‘limga ish qidiryapman degandek bo‘luvdi. Topildimi?
Hozirda ishsizligimni aytishim bilanoq, Eminjon karvon tezda taklif kiritdi:
– Unda, gap mundoq, usta Anvar. Kutubxonachiga yolchimayroq turibmiz. Miq etmasdan o‘tirib ishlayman desang, shu shtatni senga beray. Orada velosipedimning motori buzilib qolsa, tuzatib berib yurarsan.
Ertasi kuniyoq kutubxonachilikka qabul qilindim.
Ish boshlaganimga uch-to‘rt kun bo‘lib-bo‘lmay, tuman madaniyat bo‘limidan Ra’noxon degan yoshgina juvon kelib, kasbimning tartib-qoidalarini o‘rgatib ketdi. Ketishi bilanoq, paysallanib o‘tirmay, uning aytganlarini qilishga kirishdim. Topshiriqqa ko‘ra, birinchi galda, chang bosib yotgan kitoblarni pastga oldim, besh qavatli yog‘och tokchalarni yaxshilab artib tozaladim. Buxgalter Polina opa mato olib berishga mablag‘ yo‘qligini ro‘kach qilgach, bir chetda uyulib yotgan turli siyosiy-ijtimoiy qog‘oz plakatlarning orqa tomonini tokchalarga oppoq qilib yoyib, kitoblarning badiiylarini kattalar va bolalarnikiga ajratgan; fan-texnika, qishloq xo‘jaligi, siyosiy, falsafiy kabi mavzulardagilarini alohida-alohida turkumlagan tarzda terib chiqdim. Har bir bo‘lim nomini qalin qog‘ozchalarga qora tush bilan yozib, turkumlar ustiga yopishtirdim. Stollarga ham eng katta plakatlarning teskari tomonini yoyib, biriga gazeta-jurnal tikilmalari, biriga shaxmat-shashka taxtalarini qo‘yib qo‘ydim. Marks, Engels, Lenin, Xurushchyov, Rashidov singari “yiriklar”ning asarlarini esa oynavand shkafga ko‘z-ko‘zlab joyladim. Birov ataylab tayinlamagan bo‘lsa-da, bularga ozgina tuz yuqsa, baloga qolishim hech gap emasdek tuyulgandi o‘shanda.
Topshiriq qanday bajarilayotganini tekshirib ko‘rish uchun Ra’noxon uch haftalardan so‘ng yana kutubxonaga keldi. Keldi-yu, katta o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘zi quvonchdan chaqnab ketdi. Kelasi haftada tuman kutubxonachilarini shu joyga yig‘ib, qanday ish yuritish lozimligini amalda namuna qilib ko‘rsatdi.
Kutubxonachilik davrim, bosib she’rlar yozishdan tashqari, badiiy kitoblarni to‘yib-to‘yib o‘qiganligim bilan yodimda ko‘proq iz qoldirgan. O‘shanda Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Mirtemir, Shuhrat, Shayxzoda, Said Ahmad, Sharof Rashidov, G‘afur G‘ulom, Sobit Muqonov, Oybek, Berdi Kerboboev, Hamid G‘ulom, Ibrohim Rahim singari “o‘zimiznikilar”dan tashqari, Pushkin, Ekzyuperi, Balzak, Rodari, Chukovskiy, Nekrasov kabi “yotlar”ning asarlarini suv qilib ichvorgan edim.
O‘qigan kitoblarim yuzasidan ko‘pincha Abdusalom bilan fikrlashardim. Bahsimiz ba’zida janjalga aylanib ketishiga sal qolsa-da, baribir bir-birimizdan ajragimiz kelmas, o‘qigan kitobimiz haqida yayrab gurung qurish mumkin bo‘lgan boshqa zotni bu atrofdan topish mushkul edi. Abdulla Qodiriyning hajviy hikoyalari o‘sha damlarda ikkovimiz uchun alohida sevimli bo‘lib qolgandi. Kalvak maxzumni, Toshpo‘lat tajangni qayta-qayta esga olib, bu chapani qahramonlarning xurmacha qiliqlari, jaydaricha gaplaridan har safar yumalab-yumalab kulardik. Bu kitobni goho ukalarimga o‘qib bersam, ularga ham rosa nash’a qilardi.
Kitoblar xazinasi ichra kechayotgan farahbaxsh kunlarim uzoqqa cho‘zilmadi. Bir kuni dadam:
– Samarqandda moliya texnikumi ochilibdi. Texnikumdagilar hamma moliya bo‘limlariga xat jo‘natib, shu sohada uquvi bor yoshlarni yo‘llanma bilan o‘qishga yuborishni so‘rashibdi. Bor, o‘qi, avvalo, kasb o‘rgan, – dedi.

* * *
Shu-shu, hayotimning oiladan tashqaridagi qismi boshlanib, bir necha yilga cho‘zildi: uch yil Samarqand moliya texnikumida o‘qidim, uch yil harbiy xizmatda bo‘ldim.


Texnikumda o‘qishdan ko‘rgan asosiy naflarimning biri – turli viloyatlardan tanish-bilishlar, qadrdon do‘stlar orttirganim bo‘ldi. Eng muhimi, bo‘sh vaqtlarimda Samarqanddagi barcha qadimiy obidalarni qayta-qayta tomosha qilardim, ularning tarixi bilan qiziqardim. Go‘ri Amirning moviy gumbazi har yer-har yeridan chatnab, ola-bula tusga kirib qolgani; Bibixonim maqbarasining biryoni butkul o‘pirilib tushgan gumbazini boshqatdan yamab qo‘yish hech kimning xayoliga kelmayotgani; Ulug‘bek madrasasi devorlari burchagidagi minoralar tob tashlab, shu kunlarda ularning bo‘yini qisqartishga tushishganini kuzatib, ta’bim xira tortardi; qarovsizlik davom etaversa, bular ham hademay Ashratxonadek vayronaga aylanishi hech gapmas, deb bo‘g‘ilardim.
Texnikum baribir ko‘p narsa berdi menga. Kasbimga bevosita bog‘liq bo‘lgan fanlarni uncha chuqur o‘zlashtirmagan bo‘lsam-da, dunyoni siyosatdan ko‘ra iqtisodiyot qonunlari ko‘proq boshqarib kelayotganini, buning ostida g‘alatidan g‘alati sirlar yashirinib yotganini baholi qudrat tushunib yetdim. Bu orada rus tilini yanada puxtaroq bilib oldim, ruschada nodir kitoblar ko‘p edi, o‘qiganim sayin saviyam oshaverdi.
Texnikumni bitirgach, harbiy xizmatga chaqirildim. Toshkentda 1966 yilning yigirma oltinchi aprelida qattiq zilzila sodir bo‘lgan, vayronalarni tiklash uchun SSSRning hamma joyidan ko‘makchilar kelgan edi. Jumladan, Leningrad harbiy okrugiga tegishli, biz endigina qaramog‘iga o‘tgan 33715 raqamli harbiy-quruvchilar polki ham Toshkentning Sirg‘ali tumaniga kelib qo‘ngan, “Sputnik” (yo‘ldosh) shaharchasini bunyod etishda qatnashayotgan ekan. Biz o‘n uchinchi oktyabrda ularga qo‘shilib, yalanglikka qatorlashtirib tikilgan brezent chodirlardan biriga joylashdik.
1967 yilning erta bahorida qismimizga tegishli uylar to‘liq bitdi, barchamiz “Stroitelyu Tashkenta” (Toshkent quruvchisiga) degan esdalik nishoni bilan taqdirlandik. Bir necha kundan so‘ng bizni maxsus poezdga chiqarishdi, bir haftacha yo‘l yurgach, nihoyat, Moskva bilan Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) oralig‘idagi Bologoe shahariga yetib keldik. Kimsasiz qalin o‘rmon orasidagi beton trassadan mashinalarda ikki soatcha yurib borib, Vipolzovo degan joydan o‘tgach, qori depsinaverib toyg‘oqqa aylangan tor yo‘lga burildik, yana yarim soatdan so‘ng, bizning polkimiz uchun yaqinda qurib bitkazilgan ob’ektga yetib to‘xtadik.
O‘shanda Sovet-Amerika munosabatlarida “sovuq urush” degan davr yuzaga kelgan, Moskva atrofida havo hujumiga qarshi raketalarning uch qatorlik himoya halqasini tashkil etish ishlari avjga mingandi. Polkimizdagi bir rota raketa shaxtalari barpo etishda qatnashsa, boshqasi ularga tortib boriladigan kabellar uchun transheyalar qazir, yana biri yangi yo‘llar qurar, ularga biriktirilgan maxsus vzvodlar ikkinchi jahon urushidan qolib ketgan bomba yoki snaryadlar uchrasa, chetroqqa to‘plab, mutaxassislar nazoratida portlatib yuborish bilan shug‘ullanardi.
Turli yumushlarni bajarib yurdik. Qish zaptiga olgan kunlarda brigadamiz kabel transheyalarini qazishga jalb etildi. Ilgari transheyani bir metr chuqurlikda kovlayotgandik, yuqoridan kattaroqlar kelib, chuqurlik ikki metr bo‘lishi kerak, deb ketishdi. Qo‘shimcha qazishlar boshlandi-yu, ahvolimiz mushkullashdi – bir yarim metrdan keyinoq yer osti suvlari sizib chiqaverdi, ikkinchi metrga borganimizda, suv etigimizning sag‘ini ko‘madigan darajaga yetardi. O‘t yoqib, oyoqlarni isitish, paytavalarni quritishdan bo‘shamay qoldik. Suv ko‘paysa, transheyaning devorlari yemirilib tushaverishi ishimizga ish qo‘shib, bizni battar holdan toydirayotgandi.
Qo‘nji uzun rezina etiklar berishdi oxiri. Paytavani qancha qalin o‘ramayin, suvning ichida oyog‘im tosh qotib qolaverardi. Bir oydan so‘ng bo‘g‘inlarimda og‘riq paydo bo‘la boshladi. Eski revmatizmim qaytovlanib qolishidan xavfsirab, gospitaldagilar qonimni bir tekshirib ko‘rishsamikan, deya polkimiz vrachiga maslahat solsam, chidab tur, oyog‘ingni qimirlatolmay qolmaguningcha seni kasalxonaga jo‘natolmayman, dedi.
1968 yil men uchun omadli keldi, qay yo‘l bilan izlab topganlarini bilmayman-u, Moliya texnikumini bitirgan askar borligini bilishib, meni garnizon miqyosidagi harbiy-ta’minot bazasi buxgalteriyasida ishlashga chaqirib olishdi. Garnizon tasarrufidagi barcha harbiy qismlarga qurilish ashyolari, ehtiyot qismlar, yonilg‘i-moylash materiallari kabilarni yetkazib berishga ixtisoslashgan baza buxgalteriyasidagi yigirmadan ziyod xodimning barchasi ayol bo‘lib, omborchilar, ularning yordamchilari ichida ham xotinlar ko‘pchilikni tashkil etar, erkaklarning aksariyati iste’fodagi ofitserlar, urush veteranlari, maxsus sohalarning mutaxassislari edi.
Bosh buxgalterimiz Tamara opa o‘ta kengbag‘ir ayol edi, qariyb ikki yil davomida uning qo‘lida juda yayrab ishladim.
1969 yilning yozida qishloqdan kelgan xatlarning birida mahallamizdagi magazinda do‘konchilik qilishga o‘tgan dadam to‘satdan og‘ir kasalga chalinganini ma’lum qilishdi. Baza boshlig‘i podpolkovnik Mogilyovga shu to‘g‘rida gap ochsam, o‘zi xizmating tugashiga oz qoldi, bordi-keldingga ancha xarajat ketadi, undan ko‘ra sabr qilib tur-chi, garnizondagi kattalar bilan maslahatlashib, seni armiyadan ertaroq bo‘shatishlarini so‘rab ko‘raman, dedi.
Komandirimiz aytganini qildi. Xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan askarlarni rezervga qaytarish haqida hali Mudofaa ministrining buyrug‘i chiqib-chiqmasidanoq, meni ozod qilib yuborishdi. Ortga o‘girilib boqsam, umrimning uch oyi kam uch yilini birda po‘rim, birda kir-chir harbiy kiyimda o‘tkazibman.
Harbiydan qaytganimda, dadam anchadan beri viloyat kasalxonasida yotgan ekan. Ta’tilga kelganimda ham, bir vaqtlardagidek bo‘yni bag‘baqali bo‘lmasa-da, jussasi haliyam go‘shtdorgina edi. Shu qisqa vaqtda butkul ozib-to‘zib, eti suyakka yopishib qolibdi. Kirtaygan ko‘zlarida ilgarigi tiyraklikdan asar yo‘q. Hatto ta’bi xiraroq chog‘idayam kulimsirash alomatlari zohirlanib turaveradigan chehrasini endi mung to‘liq qoplab olgandi.
Qo‘shnilar, tanish-bilishlar, qondoshlarning keldi-ketdisi tugaganidan keyin, kasalxonadan vaqtincha javob so‘rab kelgan dadam meni yoniga chaqirib, to‘yni tezlatish xususida gap ochdi. Umrimda ko‘rmagan qizga mening roziligimsiz oq kiyib, fotiha to‘yini ham o‘tkazib ulgurishganidan jahllanib yurganim uchun, jurnalistlikka o‘qish niyatim borligini bilardingiz-ku, uylanadigan bo‘lsam, ro‘zg‘orda uymalangancha qishloqdan chiqolmay qolishimni o‘ylamadingizmi, deb jerkindim.
– Umrim juda oz qolganini bilib turibman, – dedi dadam xotirjam tovushda. – Katta o‘g‘limsan. Hech bo‘lmasa, sening boshingni ikkita qilib, ko‘nglim tinchibroq ketay.
Men nodon yana tixirlanishga tushdim:
– Siz aytsangiz, shaxtada ishlashgayam roziman, dada. Omaleykin, uylanish masalasiga kelsak...
– E, bolam-ma! – so‘zimni bo‘lib, xiyol zardalandi dadam. – Bir narsani hisobga olmayapsan. To uylanmaguningcha, ukalaringga otalik salobatida ko‘rinolmaysan. Yo gapimga haliyam tushunmadingmi?
Hammasi tushunarli: men ketyapman, endi bu hovlining xo‘jayini sensan. Tezroq uylan, ro‘zg‘or tebratish mas’uliyatini chuqurroq his et. Kenja ukang, bor-yo‘g‘i, o‘n yoshda, kattalari ham hali g‘o‘rroq. Shoirlikni havas qilasanmi, poshsholiknimi, eng oldin, oila a’zolarining birligini ta’minlashing, xonadon mavqeini bundan oshirolmasang, loaqal borini asrab turishga intilishing, ota bo‘lib, uyning fayzu tarovatini qo‘riqlashing shart!
Qanchalar qaysar bo‘lmayin, dadamning shu ahvolida oraga bundan ortiq so‘z sig‘masligini anglab, bo‘pti-da, nima desangiz – shu, deb peshanamni tirishtirdim. Dadam quvonib ketib, opanglarga aytaman, seni kelin bilan biror joyda uchrashtirishadi, bir ko‘z urishtirib olarsan, degan edi, baribir uylanadigan bo‘lsam, ko‘rib nima qildim, deya lab jimirdim.
Bu orada, dadam yana kasalxonaga tushgani, dardi kuchayib borayotgani bois, unga qarashli magazinni yangi do‘konchiga o‘zim topshirishimga to‘g‘ri keldi. Yoshgina, butkul tajribasiz bir tatar qizni revizor qilib tayinlashgan ekan, ishni urinib-surinib zo‘rg‘a oxiriga yetkazdik. Anchagina kamomad chiqqanidan ko‘nglim juda xira tortdi, matlubot jamiyati rahbarlaridan biri bo‘lgan Obidov idorasiga chaqirtirib, pul tezroq joyiga qo‘yilmasa, ish sudga oshadi, deganida, yuragim po‘killashga tushdi. Voh! Endi nima bo‘ladi? Nahot, dadamni shu ahvolidayam sud qilishsa? Yo‘g‘-e, bungacha borishmasa kerak. Balki, qarzni oyligimdan sekin-sekin uzishimga to‘g‘ri kelar...
Ko‘p o‘tmay, endi davolashga urinishdan foyda yo‘q, uyda boricha parvarishlab tura qolinglar, deb dadamni kasalxonadan qaytarishdi. Goho mahalliy do‘xtirlar kelib, u-bu muolajalar qilib turishdi. O‘shanda yigitdek vazmin turolmaganim, do‘konning qarzidan qutulish masalasida dadamga injiqlanib gap ochganim, dadam meni tinchlantirishga tirishib, qo‘rqma, tirik qolsam, javobini berarman, o‘lib ketsam, senga yopishib olishmaydi, deb iztiroblangani esimga tushsa, birovlarga qamchi tutqazib, o‘zimni ayovsiz savalatgim keladi hanuz. Aksincha bo‘lishi kerak edi-ku! Mabodo, dadamning o‘zi shu mavzuni qo‘zg‘ab qolsa, ko‘p siqilavermang, to jonim ichimda ekan, hamma ish joyiga tushib ketadi, deb taskin berishim kerak emasmidi?
Dadam umrining so‘nggi haftalarida yashayotganini do‘xtirlardan surishtirib bilishganmi, bir kuni o‘sha matlubotchi Obidov kelib, do‘koningizning kamomadini amallab-taqallab yopib yubordik, endi tashvish tortmang, deb dadamga xushxabar aytdi. Ichimga birdan yorug‘lik yog‘ildi. Buni sezgan dadam, menga qarab, majolsizgina kulimsirab qo‘ydi. O‘zining ishi bitganidan ko‘ra, mening qo‘rquvim barham topganidan ko‘proq xursand edi, chamasi.
Amaliyotda yurgan vaqtimda tuman moliya bo‘limi mudiriga ma’qul ko‘ringanmanmi, o‘zi meni ishga taklif etib qoldi. Odamlarni po‘pisalab yurib soliq yig‘ishga bo‘lgan azaliy bezillog‘im bois, ana-mana deb, gapni mujmallab yuraverdim. Bir kuni kolxozimiz rahbarlari dadamni yo‘qlab kelib, shu Anvaringizni bizga bering, hozircha dalada tabelchilik qiptursin, paxta terimi tugaganidan keyin idoraga bug‘oltir qilib olamiz, tomorqa-pomorqa beramiz, deb qolishdi. Bir maslahatlashaylik-chi, dedi dadam. Ular ketgach, ukalaring orqangda qatorlashib turibdi, kolxozda hech bo‘lmasa ikki-uch yil ishlab, tomorqa olvolishing kerak, deb menga yo‘l ko‘rsatdi.
U davrda paxta siyosati o‘ta tajovuzkor edi. Qo‘riq yerlar tinimsiz o‘zlashtirilar, bog‘larni buzib, zovur do‘nglarini tekislab, yo‘l chetidagi va ariq yoqasidagi uvatlarni toraytirib bo‘lsa ham ko‘proq g‘o‘za ekishar, paxtazorlar ko‘pincha xonadonlarning devoriga borib taqalar, tomlargayam chigit qadagilari kelardi (bundan Orol dengizi qurib borayotganini hali bilmasdik). Mahalliy fuqarolarga, hatto kolxozchilarga keng-keng tomorqalar berish allaqachon elliginchi yillar “sarqiti”ga aylangandi. Endi tomorqa so‘rasang, hozir berolmaymiz, O‘zbekiston qishloqlaridagi har bir qarich yer Moskvadagilarning nazoratida turadi, paxtazorni bir qarichga kamaytirish uchun ham o‘shalardan ruxsat olish kerak, deyishardi.
Tomorqa degan baxtni orzu qilib, moliyachilikni emas, tabelchilikni; biqqi kursili pokiza xonani emas, changli dalani tanladim. Harbiydan qaytganimdan beridagi satanglik­lar tugadi; o‘sha mahallari keng rusum bo‘layotgan karnaypocha “klyosh” shimni, matroslarnikidek yo‘l-yo‘l chiziqli shoyi ko‘ylakni, tarsillagan xirom tuflini yechib, yog‘ surtib yaltiratilgan qalin sochimni ustarada qirdirdim; egnimga atlas belbog‘li parpasha beqasam to‘n, oyog‘imga kirza etik kiyib, boshimga marg‘iloncha do‘ppini bostirdim. Mahallamiz do‘konidan tepada yashovchilardan tuzilgan brigadaga tabelchi bo‘lib, “ZIL” yuk mashinasining usti ochiq kuzovida dalaga yo‘l oldim. Temir yo‘ldan ancha pastdagi bu brigadaga o‘quvchilik davrimizda paxta terishga kelib turardik, endi yangi yer o‘zlashtiruvchi cho‘lquvarlar uchun tomorqali uylar qurib berishga majbur bo‘linib, manzara ancha o‘zgarib ketibdi.

* * *
1969 yilning 5 sentyabrida to‘yim bo‘ldi. Polkdosh oshnam Qahramonni yo‘qlab Samarqandga borganimda mezbonlar yelkamga yopgan olacha beqasam to‘nni kiyvolgan dadamni qo‘ltig‘idan suyab chiqib, tashqidagi karavotga yonboshlatdik, to‘yni shu joydan boshqarib, shu joydan tomosha qilib yotdi.


To‘ydan o‘n kuncha keyin dadamning ahvoli juda og‘irlashdi. Yomon xayollarga borib, ruhi butunlay cho‘kmasin deya, do‘xtirlar bilan kelishib, yana viloyat kasalxonasiga yotqizdik. Ancha yotdi, yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lmadi. Bir kuni do‘xtir bizni yoniga chaqirib, jigari butunlay tugab, bu yog‘i yaqin qoldi, uyga olib borib, tayyorgarlik ko‘raveringlar, dedi. Yana uyda ozgina dam olib, ukollarni singdirishingiz kerak ekan, deya dadamni aldab, hovlimizga olib ketdik.
– Ha, yaxshilab dam oladigan paytim keldi, – dedi dadam o‘zini sokin tutib.
Buni eshitish alamli edi. Dadam gap nimadaligini allaqachon fahmlab yetgandi, chamasi. Uying kuygur aroqlar, qotillar! Chayirdan chayir dadaginamni o‘shalar shu ahvolga soldi. Bunga qo‘shadigan bo‘lsak, yoshgina vafot etgan uch farzandning qiyofasini ko‘z oldiga keltiraverish ham otaning jigarini to‘kmasdan qo‘ymaydi...
Shafoat ammam kiyim-kechaklarini tugib kelib, biznikida muqim yashay boshladi (eri Qosimjon opog‘dadamiz ancha oldin vafot etgandi). Ayam ikkovi navbatma-navbat uxlab, dadamni goh uqalashar, goh ovqatlantirishar, goh yuvib-tarab qo‘yishardi. Men esa, dalaga erta ketib, kech qaytardim, dadamning yonida uzoqroq o‘tirib qolsam, bor, uyingga kir, vaqtida uxla, deb buyurardi. Yangi uylangan o‘g‘ilga bu gap xush yoqardi, albatta.
Paxta terimi avj olgach, daladan kech qaytadigan bo‘ldim, brigadir va tabelchilardan kundalik hisobot olinadigan majlislarga goho bormay, dadamning yonida uymalanardim, ko‘ngilni ko‘taradigan shirin so‘zlarni taxlab tashlashga azaldan uquvsizroqligim vajhidan, unga nima deyishni bilmasdim, bir ashtdan, bir dashtdan gapirib o‘tirardim. Bunaqada ammam jonimga ora kirar, eski qiziq voqealarni eslab, dadamni jilmaytirishga urina boshlardi.
Bir gal majlisga bormaganimda, rais odam yuborib, chaqirtirib ketdi. Borishim bilanoq, zahrini sochishga tushdi.
– Men tabelchiman, – deb jirrakilandim. – Vazifam – odamlarning ishiga to‘g‘ri haq qo‘yish. Paxtaning oz-ko‘pligiga brigadir javob beradi. Bunaqa majlislarga kelmayman endi.
U zamonda brigadir topishdan ko‘ra, hisob-kitobni joyiga qo‘ya oladigan tabelchini topish qiyinroq edi, salga haydab yuborishavermasdi.
Ishda qiyinchilik ko‘p bo‘lsa ham, brigadadagi muhitning yaxshiligi charchog‘imni sezdirmasdi. Erkagu ayolning barchasi ko‘nglida kiri yo‘q, ig‘vodan, xusumatdan olis, ancha-munchaga kek saqlayvermaydigan shaldir-shuldur kimsalar edi. Brigadirim Mo‘sa aka otasi Oymat qo‘rboshi rahmatliga o‘xshab nihoyatda bosiq, royishli kishi edi. Biror narsadan bo‘g‘ilsam, kengroq bo‘ling, har qanday g‘alva o‘tadi-ketadi, sog‘lik ketmasa bas, deb qo‘yardi.
Kunda olomonning ichida yurardim, bu odamlarning eng mayda tashvishu ehtiyojlaridan deyarli to‘liq xabardor edim, ularning tavozedan xoli turmush tarzi menga sekin-asta yuqib borayotgandi. Hayotning bu yangicha bo‘lagi har qanday ijodkor uchun qiyosi yo‘q akademiya edi.

* * *
Oktyabrning yarimlaridan o‘tib, dadamning ahvoli keskin og‘irlashdi, hatto bir qoshiqqina ovqat yeyish yoki bir qultumgina suv ichish uchun yostiqdan o‘zicha bosh ko‘tarishga ham holi kelmay qoldi.


Brigadir dadamning ahvolidan xabardorligi tufayli, ko‘pincha tushdan keyinoq daladan qaytishimga ijozat berardi. Bemordan xabar olishga keladigan qishloq feldsheri, kasalxona do‘xtirlarini kutib-kuzatib, vaqtlari bo‘lsa, biror piyola choy ichkizib jo‘natardim.
Akram ukam harbiyda edi, chaqirtiraylik desak, dadam ko‘nmasdi. Ukamning kiyimlarini qoziqqa ildirib, suratini tokchaga tikkalatib qo‘ygandi, goho ularga bir-bir tikilib, bu zarg‘aldoq judayam mung‘aygan bola-da, uni xafa qilmanglar, deb shivirlardi. Nihoyat, 28 oktyabrda, Akramboyni chaqirsakmikan, dedi. Shu kuniyoq tuman harbiy komissariati orqali Turkmanistonga telegramma jo‘natdik.
Dadam, ikki kun o‘tib, 30 oktyabrda vafot etdi. Akram ukam dadamni qabristonga qo‘yib qaytganimizda yetib keldi.

* * *
Fotihaga kelib-ketuvchilarga ko‘chada qo‘l qovushtirib turishim uch kunginaga cho‘zildi. To‘rtinchi kuni mahallaga osh berganimizdan keyin, brigadirim Mo‘sa aka kuragimni siypalab turib, dunyoning ishlari shunaqa, ukam, bitta-bitta bo‘lib o‘taveramiz, qolganlar yana tirikchiligini qilaveradi, deb taskin bergach, meni dalaga yetakladi.


Dalada ishlar behad tig‘iz edi. Ketma-ket terilaverib, paykallardagi hosil haftama-hafta kamaygani sari paxtani bugun kechagidan kam topshirib ko‘r-chi, uni qaerdan bo‘lmasin topasan, birinchi sinf o‘quvchisi tugul, menga desa, bog‘cha bolalariniyam dalaga hayda, deydiganlarning qamchisidan ko‘proq qon tomib borayotgandi.
Ayam yozda dalachilar kiyadigan kitellar, qishda erkaklarning paxtali kamzulini tikib sotib, menikidan ikki-uch baravar ko‘p pul topsa-da, ro‘zg‘orimizdagi yetishmovchiliklar ortib bormoqda edi. O‘spirinlik belgilari qiyofasida endigina tepchilanayotgan Avazbek ukam qiyinchiliklarga chidamay, kuzning boshrog‘ida, hatto, uydan qochib ham ketdi. Jon hovuchlagancha qidirib-surishtirib yurganimizda, xayriyatki, to‘rt-besh kundan keyin o‘zi uyga qaytdi. Qo‘qonga borib, bir choyxonachiga yugurdaklik qilishni boshlaganida, uchastka militsioneri uni so‘roqqa tutib, qamamasimdan oldin tezda uyingga jo‘na, deb quvib solibdi.
Bug‘oltir bo‘lib olsam, balki ahvolimiz ancha yaxshilanar, deb umid qilardim. Lekin yangi yilga o‘tib, eski yilning yakunlari hisob-kitob qilinayotgan kunlari rahbarlar bilan oram battardan buzildi-yu, bu umid tugal chippakka chiqdi. G‘alati bir qoida mavjud bo‘lib, yil davomida dalachilarga issiq ovqat pishirib berib turildi deya, har qaysi brigadaga alohida vedomostlar tuzilarkan, kolxozchilar bularni yegani haqida qo‘l qo‘yib berishgach, ularning “otchyot” degan yillik qo‘shimcha mukofotidan ma’lum miqdorda pul chegirib qolinar ekan. A’zolar uylaridan navbati bilan qaymoq opkelib sho‘rva pishirishardi, yemagan narsalariga qanday qo‘l qo‘ydiraman, deb ko‘nmadim. Ana tortishuv, ana mashmasha!
Partkom kotibi mahalladoshim edi. Bir kuni uning onasi ayamning oldiga kirib, o‘g‘limning aytishicha, bolangiz haddan oshib ketganmish, endi uni bug‘oltirlikkayam olishmaydi, tomorqayam berishmaydi, debdi.
Qishlog‘imizda ikkita kolxoz bo‘lib, men ishlayotganim Jdanov nomida edi, unisini “Leninobod” deyishardi (u davrda o‘zbekona atalguchi kolxoz deyarli yo‘q edi). “Leninobod”ga uyimizning ortidagi hovlida yashovchi Mamadali G‘iyosov rais edi. Ayam uning onasi yoki xotini orqali iltimos qilgan bo‘lsa kerak, bir kuni meni ko‘chada uchratib, bizning kolxozga o‘tib ishlasangiz-chi, deb qoldi. Darrov rozi bo‘ldim.

* * *
Yangi joyga o‘tishimdan oldin, ayam meni yoniga o‘tirg‘izib, suyanadigan dadang ketdi, endi oilaning otasi sensan, ukalaring izingdan yurishini o‘ylab, o‘zingni bosvol; kim nima buyursa, to‘g‘ri-noto‘g‘riligini surishtirib o‘tirmay, “xo‘p” deyaver-chi, shundayam ko‘kragingdan turtaveradigan battol topilsa, uni Parvardigor o‘zi yo‘lingdan olar, deb ancha nasihat qildi. Ko‘pincha bo‘ladiganidek jerkib emas, sokin tovushda yig‘lamsirab gapirgani uchunmi, so‘zlari ko‘nglimga qattiqqina ta’sir qildi.


“Leninobod”da meni Grajdan mudofaasi shtabi boshlig‘i lavozimiga tayinlashib, klub mudirliginiyam vaqtincha eplab turasiz, deyishdi. Kunda xil-xil yumush ko‘ndalang kelaverardi. Partkom kotibi qo‘limga qizil mato, chizuv qurollarini tutqazar, dam qo‘shni tuman, dam boshqa viloyat yoki qardosh respublikadan kelib, tajriba almashib ketadigan musobaqadoshlarni alqovchi shiorlar yozib berishimni so‘rar; asli kasbimdan xabardor bosh buxgalter ba’zi bir hisob-kitob ishlariga ko‘maklashishimni iltimos qilar; raisimiz o‘tgan besh yillik mobaynida kolxozning davlatga paxta, pilla, don, go‘sht, sut, jun kabi mahsulotlar sotishdagi o‘sishlarini katta-katta oq karton qog‘ozlarga suratdor qilib chizib, xonasi devorlariga qoqib qo‘yishimni buyurar edi. Goh konserva zavodiga kolxozning meva-sabzavotini topshirib kelardim, goh omborchiga narsalarini tartibga solishda ko‘maklashardim, goh pilla qurti parvarishini tekshiruvchilar bilan birga uyma-uy yurardim, goh chokidan ketgan stullarni tuzatib berardim, goh paxta terimiga chiqqan qariyalarga vaqtincha brigadir bo‘lardim, goh kolxoz a’zolarini gazeta-jurnallarga obuna qilardim, goh idora xodimlariga ovqat pishirayotgan oshpazning yonida o‘choqqa o‘t qalab o‘tirardim...
Boshqacha odam bo‘lib borayotgandim. Birda ayamning nasihati, birda og‘ir yotgan dadamning aka-ukalar birligini yo‘qotmaslik, oila nufuzini qattiq asrash haqidagi gaplari tez-tez yodimga tushar, xulqimni o‘nglashga astoydilroq intila boshlagan edim.
Oldingidan yaxshiroq pul topayotgan bo‘lsam-da, haligacha tomorqa ololmayotganim, bo‘sh vaqtimda hovlidagi ishlarga unnamay, yana nimalarnidir yozib-chizaverishim hanuz ayamning asabiga tegardi. Harbiydan qaytgan Akram ukangni uylashimiz kerak, unga joy qani, deyavergach, dadam qurdirgan uyning biqiniga usta Abduqahhor boshchiligida ayvonli imorat solishga kirishdim. Shundayam ora-sira she’r yozaverardim. Kolxozimizdagi zafarlarga bag‘ishlangan biri gugurtning, biri sigaretning qutisidek keladigan xabar-maqolachalar qatorida goh-goh she’rlarim ham ko‘rinib qolardi. Bahonada, tuman gazetasidagi barcha xodimlar, jumladan, muharrir Tursunali Azizov bilan ham yaqinroqdan tanishib boraverdim. Gohi gazetada adabiy xodimlik qiluvchi qishloqdoshim Erkin Ibrohimovga, gohi redaktorning o‘ziga shu dargohga o‘tib ishlash orzum borligini chikitib turardim. Harbiyda yurganimda, uzoq vaqt she’r jo‘natmay qo‘yganimdan taajjublanib, obuna tashviqoti bahonasida uyimizga shoir Miraziz A’zamni yuborgan “G‘uncha” jurnali jamoasi bilan ham eski aloqani tiklab oldim – xatda she’rlar yo‘llashni davom ettirdim.
Kolxoz partkomi kotibi Qahhor akaga majlislar protokolini rasmiylashtirib, papkalarga tikib borishda, kommunistlardan a’zolik badallari yig‘ishda, yuqori tashkilotdan kelgan ko‘rsatmalar qanday bajarilayotgani yuzasidan hisobotlar tayyorlashda ko‘maklashib turar edim. Shu boisdan u meni bot-bot qistovga olib, ba’zida qo‘lingizdan hatto partiyaning maxfiy hujjatlari o‘tyapti, sizni partiyaga qabul qilmasak bo‘lmaydi, deyishga tushar; men esam, biron-bir kommunist xotinini qattiqroq xafa qilib qo‘ysa ham, ayamay po‘stagini qoqaveradigan partiyaga a’zo bo‘lishdan cho‘chib, ishni paysalga solaverardim. Vaholanki, o‘sha davrda, ayniqsa, ziyolilar, mutaxassis kadrlar orasida partiyaga kirishga urinuvchilarning soni besanoq edi; partiya esa, o‘z safida ko‘proq oddiy ishchi-dehqonlar bo‘lishini istardi, bundaylar bilan umumiy til topishish oson edi, chamasi.
Temur hazratlari 1370 yili Balhda bo‘lgan qurultoyda Turkistonning amiri deb tan olinganidan so‘ng, oradan roppa-rosa olti yuz yil o‘tib, 1970 yilda turmushimdagi eng quvonchli, eng esda qolarli voqealardan biri yuz berdi – o‘g‘il ko‘rdim, “ota” degan unvon oldim. Eshon bobomizning xotirasini e’zozlab, birinchi farzandimga Bahrom deb ot qo‘ydim.

* * *
Bahromboyning qadami qutlug‘ keldi, o‘sha yili xonadonimizga yangi uy qo‘shildi, u tug‘ilgan oktyabr oyida kolxozdagilar maoshimni oshirishdi. Yana desangiz, 1971 yilning boshidayoq tumanimizdagi “Paxta uchun” gazetasiga ishga chaqirilib, birinchi fevralda adabiy xodim lavozimiga tayinlandim. Erkin aka o‘rnini menga berib, ishdan bo‘shab ketgan bo‘lim mudirining joyini egallagandi. Shu davrgacha bosib o‘tgan yo‘limdagi turli-tuman ishlarni tiqishtirib o‘tirmayin, Tangrim umr bersa, pensiyaga chiqishimda bundan buyongi mehnat faoliyatimning o‘zi yetib ortadi deb, redaktsiyada yangitdan “Mehnat daftarchasi” ochtirdim.


Jurnalistikaning “odmi qolipi”ga tushishim oson kechmadi. Shoirchilikda gapning gajagini burab, jumlalarga badiiy qalpoq kiydirib yozishga o‘rganib qolgan ekanman, qaysidir brigada a’zolari paxta topshirish planini tumanda birinchilar qatorida bajarganligi to‘g‘risidagi kichkinagina oddiy xabarni ham quyuq ranglarga to‘ldirib, falon brigada Alpomishzodalari xalqparvarlikda tengi yo‘q hukumatimizning tabarruk topshirig‘ini ohudek ildam qadamlilar safida sharaf bilan do‘ndirishga musharraf bo‘ldilar, kabi jimjimador so‘zlarni qalashtirib tashlardim. Bo‘lim mudiri bularni indamay tahrir qilar, agar bitganlarim shundayicha redaktor o‘rinbosarining qo‘liga borib qolsa, jaybillosi qo‘zib, shovqindan xona devorlarining suvog‘i ko‘chgudek bo‘lardi. Dastlabki chog‘larda tanbehlarni mensigim kelmay, o‘zlari chiroyli yozisholmaydi, uddalaganni ko‘risholmaydi, deb ranjib yurgan bo‘lsam, bora-bora epaqaga kelib, ikki-uch oyda sharoitga deyarli to‘liq moslashdim.
Adabiy xodim degan nomni tuzukroq oqlash uchun oldin gazetaning to‘rtinchi betida “Shanba sahifasi” degan rukn tashkil etib, ustiga o‘zim suratli ramka chizib berdim; sal o‘tib, redaktsiya qoshida adabiy to‘garak ochdim. To‘garakda oyiga ikki marta mashg‘ulot o‘tkazib turilar, qatnovchilar soni yigirmadan oshib qolgan, ular orasida keyinchalik shoira sifatida keng tanila borib, Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan Enaxon Siddiqova (Erkaboeva), Maqsuda Ergashevalar ham bor edi. “Shanba sahifasi”da to‘garakchilarning she’r va hikoyachalariga birinchi navbatda o‘rin berilardi.
Tursunali aka o‘zi ham she’r, hajviyalar yozib turardi. Men gohida ruslarning “Krokodil” jurnalidan hajviyalar tarjima qilib, “Shanba sahifasi”da bersam, qalamingiz bor, shunaqa narsalarni o‘zingiz to‘qiyolmaysizmi, derdi. Ilgariyam hajviya janrida salgina mashq qilib yurardim, astoydilroq qo‘l urdim. Ba’zan Tursunali aka biror mavzuni shama qilib qolsa (keyinchalik, hatto, shama qilmasa ham), hajviya yozib, ko‘pincha ikkalamizning nomimizdan bosardim.
Bir yildan so‘ng meni qishloq xo‘jalik bo‘limi mudirligiga tayinlashgan bo‘lsa-da, “Shanba sahifasi”ni chiqarish baribir zimmamda qolaverdi. Matbuot boshqarmasidagi tanqidlardan keyin, muharrirning aytganini qilib, dastlabki davrlarda asosan zamonani, mehnat qahramonlarini ulug‘lovchi she’rlarni berib bordik, tepadagilar qaytib injiqlik qilishmagach, goh-goh “o‘tkirroq”larini ham qo‘sha boshladik.
U davrda ommaviy axborot vositalari ustidan davlatning qat’iy nazorati o‘rnatilgan, nashriyotlardagi kitoblar, respublika, viloyat gazetalari, teleradio materiallari oldin tsenzuradan o‘tkazilib, so‘ng ommaga tarqatilardi. Tuman gazetalarini esa, nazoratchi kadrlar soni kamroq bo‘lsa kerak, chiqib bo‘lganidan keyin, bir oyligini to‘picha tekshirib, e’tirozlar tug‘ilsa, redaktorga ma’lum qilib turishar, kattaroq xatoga yo‘l qo‘yganlarni partiyadan o‘chirib, ishdan haydashgacha borib yetishardi.
Bir galgi jumada, ishlar tugagach, Tursunali aka meni xonasiga chaqirib, buni birovga ko‘rsatish mumkin bo‘lmasa ham, sizga ishonib beryapman, uyga olib ketib, shanba-bozor ichi yaxshilab o‘qib chiqing, unda yozilganlarni boshqalarga gapirib yurmang, deya qo‘limga yupqagina kitobchani tutqazdi. Bu – gazeta ishida nimalarga alohida e’tibor berish lozimligi haqida tsenzurachilar tomonidan tayyorlangan qo‘llanma ekan. O‘qib ko‘rdim: falon-falon yo‘nalishdagi zavod-fabrikalar haqida umuman og‘iz ochmaslik kerak; falon-falon korxonalar ishini yoritsa bo‘ladi-yu, rejalar oshirib bajarilayotganini maqtash bilan cheklanib, qanday turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani aytilmasin; dalaga samolyotlarda kimyoviy dori sochilayotganini yozish mumkin, samolyotlarning umumiy miqdorini ko‘rsatish, hatto falon joydagi eskadrilyaga qarashli deyish mumkin emas; askarlarni maqtashga ijozat bor, ular qay hududda joylashgan qism ixtiyorida ekanini ma’lum qilishga ruxsat yo‘q va hokazo, hokazo.
Muharrirning niyati nimaligini dushanba kuni kitobchani qaytarib berganimdan keyin bildim.
– Ko‘rib yuribsiz, ora-sira bir-ikki kun davolanib turishimga to‘g‘ri kelyapti, – dedi u. – O‘rinbosarim andak mas’uliyatsizroq odam. Bundan keyin yo‘qligimda sahifalarni o‘zingiz o‘qib, bosishga o‘zingiz ruxsat berasiz. Manavi o‘qigan kitobchangizda nimaiki taqiqlangan bo‘lsa, boshqalarga tushuntirib o‘tirmay, maqolalardan indamasdan o‘chirib tashlayverasiz.
Muharrir o‘rinbosarining ko‘ngli nozikligini eslab, men turganda, sahifaga nega bu bola qo‘l qo‘yarkan, deb Yoqub aka xafa bo‘lmasmikin, desam, bir ko‘zingiz ojizligini o‘ylab, sizni xatga ko‘p tikiltirib qiynagimiz kelmayapti, deyman-da, deb kuldi muharrir. Shundan keyin muharrir ishga chiqolmagan kunlari sahifalarni o‘qib, bosishga men ruxsat beradigan bo‘ldim. Bunday e’tibor, bunday ishonchlardan juda quvonardim, o‘zimni bosishga qancha urinmayin, sekin-sekin havolanib ham borayotgandim.
Orzulay-orzulay, zo‘rg‘a topgan ishimni kelgusida bexavotir davom ettirish uchun Toshkentdagi universitetning jurnalistika fakultetiga sirtdan bo‘lsayam o‘qishga kirishim zarur edi. Yo‘qsa, qachondir diplomli jurnalistlar ko‘payib, menga o‘xshagan “malakasiz”lar tabiiy ravishda surib chiqariladi. Shuni mulohazalab, 1972 yilning yozida Toshkentga bordim. Surishtirib bilsam, sirtqi fakultetga hujjat topshiruvchilar kamida ikki yil biron redaktsiyada ishlagan bo‘lishi shart ekan. Orzuni keyinroqqa surishga to‘g‘ri keldi. Imkon tug‘ilganidan foydalanib, menga g‘oyibona ustozlik qilib yurgan Miraziz A’zam bilan uchrashish niyatida “G‘uncha” jurnaliga kirdim, o‘zimni tanitganimdan keyin, sizni ko‘radigan kun ham bor ekan-ku, deb iliq so‘rasha ketdilar. Bir papka she’rlar olib borgan edim, ikki-uchtasini tanlab olishdi.
Miraziz aka bu paytda komsomol-yoshlarning “Yosh gvardiya” nashriyotiga o‘tib ishlayotgan ekan, izlab borib, u bilan umrimda birinchi bor yuz ko‘rishdim. Ishdan so‘ng uyiga olib ketdi, papkamdagi she’rlarni birma-bir ko‘zdan kechirib, tuzukkina to‘plam bo‘libdi, menga qolsa, shu yiliyoq bosmaxonaga tushirtirardim, lekin bizda ishlab chiqarish rejasi bir yil oldin tuziladi, yetmish uchinchi yilniki allaqachon tasdiqlab bo‘lingan, bu she’rlaringizni yetmish to‘rtinchi yil rejasiga kiritib, kitob qilamiz, dedi.
Men hali iltimos qilib ulgurmasimdan aytilgan bu gapdan so‘ng hushimdan ketib yiqilishimga oz qoldi. Nima deyishni bilolmayotgandim. Miraziz aka buni tushunib, o‘zining samimiy chehrasiga yarashiqli chiroyli tabassum bilan menga zimdan muloyim boqib turardi.
– Endi “Obidjonov”likdan qutuling, – dedi Miraziz aka. – Kitobga nima deb yozaylik? Anvar Obid debmi, Anvar Obidjon debmi?
– Bilmadim, – dedim hanuz hushimni yig‘olmay. – Siz nima desangiz, shu...
Miraziz aka bilan goh xat yozishib, goh telefonlashib turdim. Uning maslahatiga ko‘ra, 1973 yili yana Toshkentga borib, to‘plamni yangi yozgan she’rlarim, baxillar futbol jamoasi, sotqin baroq haqidagi ertaklar bilan to‘ldirdim. Bu gal ham ustozning xonadonida tunab, onasi Xatira oyining suhbatini oldim, Siddiqa kelin opamiz pishirgan moshkichirini o‘g‘illari Mirsodiq, Mirvosil, Mirahmadlar bilan talashgudek bo‘lib tanovul qildim.
Ertasi kuni hayit edi. Miraziz aka meni barvaqt uyg‘otdi, qo‘limga joynamoz tutqazib, Hastimom machitiga boshlab bordi. Namoz o‘qishni bilmasam-da, hamma egilganda egilib, tiklanganda tiklanib turaverdim. Ortga qaytayotganimizda, kommunist odam bo‘lsangiz, birortasi boshliqlaringizga aytib qo‘ysa, gap tegmaydimi, desam, qandaydir ayg‘oqchidan qo‘rqsam-u, Xudodan qo‘rqmasam, shu to‘g‘ri bo‘ladimi, deb kulimsiradi Miraziz aka. E’tiqodni ko‘ring! Yurakning butunligini qarang!
O‘sha yili universitetning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib oldim. Sal keyinroq partiyaga o‘tdim.
Toshkent qishloq xo‘jalik institutini tugatgach, endi tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasida bosh agronom bo‘lib ishlayotgan Abdusalom oshnamning eskidan eski “Gazik” mashinasida kechqurun dalama-dala kezib, suvchilar ishini tekshirib yursak, oq “Volga” qorong‘ilikdan chiqib kelib, oldimizda to‘xtadi, undan tushgan tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Zokirov meni ko‘rib, e qoyil, muxbir degani sizga o‘xshab kechani kecha demay ishlasa-da, deb maqtay ketdi. Jurnalistlikka kirib olganimniyam eshitgan ekan, qo‘limni siqib tabrikladi. Keyin, sizdaqalar partiya safida bo‘lishi shart, indiniga byuro o‘tkazamiz, redaktoringizga ayting, tezda hujjatlaringizni tayyorlasin, dedi. Ikki kundan so‘ng kompartiya a’zoligiga nomzod etib qabul qilindim.
O‘sha palladan turib qaralsa, 1974 yil men uchun juda “serhosil” bo‘ldi. Nihoyat, kitobim ham chiqdi. Uni kech kuzda, viloyat partiya qo‘mitasi qoshidagi malaka oshirish kursi tinglovchilari bilan birga Marg‘ilondagi “Atlas” firmasini tomosha qilishga borib, orada kitob magaziniga kirganimda, birinchi marta qo‘limda ushlab ko‘rdim; borini sotib olib, bir qismini sheriklarimga tarqatdim, bir qismini uyga olib ketdim.
Ishga qaytgan kunimoq redaktsiyadagilar kitobni yuvishdi. O‘shanda o‘n ikki mingdan ziyod nusxada chiquvchi “Paxta uchun” gazetasida tuman miqyosidagi bu katta yangilik baralla ovoza qilindi.
Shunday “hayov-hayov”lardan keyin ham o‘zimni kamtarroq tutib, katta-kichikning xizmatiga doim shay turishga, ijrochi va itoatkor bo‘lib ko‘rinishga urinaverdim. Oldingidan farqi, endi ruhim balandlashib, kimdir zug‘um qilib qolishidan bezillash tuyg‘usi ko‘nglimdan butkul g‘oyib bo‘lgan, qaysidir zo‘ravon meni bu tumanga sig‘dirmasligi mumkinligidan qo‘rqadigan joyim qolmagandek edi. Sig‘dirishmasa, boshqa joyga ketib ham, bundan yaxshiroq kun ko‘ra olaman, deb o‘ylardim.

* * *
Kitobim chiqqach, shoirlikka kuchliroq berildim. Hanuz bolalar va kattalar uchun aralash-quralash yozardim. Hajviy hikoyalarga qo‘lim ancha kelib qolganidan chuchcham ko‘tarilib, nasrga ham kengroq ko‘lamda qo‘l ura boshladim. Kulgiliroq bir qissa yozib ko‘rdim, ko‘nglimga o‘tirmadi. Uni chetga surib (bu asarchaga keyin ham qaytib qo‘l urmadim, undagi ba’zi epizodlardan boshqa qissalarimda foydalandim), “Uyqudagi qotil” degan detektiv qissa yozdim. Maslahat olish uchun muharririmizga bersam, o‘qib ko‘rib, tantiligi qo‘zidi-yu, gazetamizda sonma-son bera boshladi (bu ham gazetada chiqqanicha qolib ketdi, birorta kitobimga kiritmadim). Keyin dilimda Alamazon ismli sharttaki bola haqidagi quvnoq qissa g‘oyasi tug‘ildi. Ayrim parchalarni o‘sha mahallardayoq qoralamalab qo‘ygan esam-da, yozishni boshlayolmay, miyamda pishitib yuraverdim.


Birinchi kitobim birorta tanqidchining nazariga tushmagan bo‘lsa ham, baribir, asosan bolalar uchun yozaverishim kerak, Miraziz aka aytganidek, shu janrda nazarga tushish imkoniyatim ko‘proq, deb o‘zimga yo‘l ko‘rsatardim. Qo‘lim bo‘shadi deguncha, to‘shakka cho‘zilib yozaverardim.
Bolalarga atalgan yaxshi kitoblar kamligi, o‘zbek bolalar adabiyoti Ittifoq darajasidan ancha orqadaligi, milliy adiblarimizning kichkintoylarga atalgan asarlari orasida Xudoyberdi To‘xtaboevning “Sehrli qalpoqcha”sigina keng shuhrat qozona olganini munaqqidlar ko‘p ta’kidlashardi. Bolalar shoirlari ichida Miraziz A’zam yangicha ovozi bilan ajralib borayotganini goho andak shamalab, Quddus Muhammadiy, Po‘lat Mo‘minlarning bolalarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlarini tez-tez do‘mbiralab turishardi. Bu janrda ichingni qaynatadigan kitob yo‘q hisobi edi. Asosan kattalar adabiyotini o‘qirdim.
Navoiyga tishim o‘tavermas, Mashrab, Furqat, Muqimiy, Ogahiy, Mahtumquli, Boburlarni ko‘p mutolaa qilardim, o‘zbekchaga o‘girilgan shoirlardan Yesenin, Geyne, Byorns nazmini behad xush ko‘rardim. O‘zimizning zamonaviy shoirlarimizga kelsak, “Kommunistlar gullatmish bu ozod Osiyoni”, “Osmondagi yulduzni sanab yetoman dema, Hamrohingman yoningda, tashlab ketoman dema”, “Bizlarga ustoz dono partiya, Erksevar xalqning suyangan tog‘i”, “Osmondagi oyga qarang, Ko‘rinadi ko‘zga arang. To‘yingizga o‘zim borib, O‘ynab beray qilmay tarang”, “Jon Moskvam – poytaxtim, salom senga Xorazmdan”, “Ey, ulug‘ partiya, ming yasha, yasha” kabi she’rlari qo‘shiqqa aylanib ketgan nomi ulug‘ unsurlarni chetlab o‘tardim, adabiyot otbozoriga urinib-surinib bosh suqayotgan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Rauf Parfi kabi “boshqachalar”ning kitoblarini qidirib topib, qa’riga sho‘ng‘irdim. Bunaqa paytda, qalamim yana o‘z-o‘zidan kattalar she’riyati tomon burilaverardi. “Boshqacha” shoirlarning ba’zi satrlari tagiga yashiringan g‘alayonlarni ko‘pincha ayrim zukko she’rxonlardan eshitibgina anglab yetardim, she’riyatdan yangicha olam kashf etayotgandim.
Kattalar she’riyatida kun ko‘rish murakkabroqdek tuyular, bu “o‘rmon”dagi son-sanoqsiz, turli-tuman “daraxt”lar orasidan bo‘y cho‘zib chiqish, ko‘zga tashlanish mushkuldan mushkulligini anglab olish kishidan katta aql talab qilmasdi. Ko‘nglim esa, aqlimga quloq solavermasdi, qalamimni hadeb kattalar she’riyatiga yetaklayverardi. Kattalar adabiyotida torgina joy egallay olish uchun kerakli omillar yetarlidek edi – taqdir taqozosi bilan, hayotning ko‘p og‘irliklarini ko‘rdim, ko‘ryapman; oddiy kishilarning eng mitti dardlarigacha menga bolamdek tanish; millat degani nima ekanini, “erk” so‘zining salmog‘i “mol-davlat”, “obro‘-martaba”, “shon”, hatto “jon”nikidan ming-ming baravar ortiqligini Toshkentdagi ziyolilar gurunglarida chuqurgina his etib ulgurdim...
Ha, Vatan erki, milliy g‘urur borasidagi tushunchalarning menga shu damgacha notanishroq bo‘lgan urug‘lari ko‘nglimga endi qalingina sepilib, ular tobora gurkirab unayotgan edi. Bularning hammasi “Mushtum” jurnalida bosmachilarni mazaxlovchi uch-to‘rtta latifachalarim e’lon qilinishidan boshlandi. Miraziz A’zam bularni o‘qigan ekan, bir gal Toshkentga borganimda oldiga o‘tirgizib olib, bosmachilarning nimasini yomon ko‘rasiz, deb o‘qraydi. Bu – ustozning menga birinchi marta qo‘rs muomala qilishi edi, dovdirab qoldim.
– “Bosmachi” degan haqoratli nomni qizil bolsheviklar ataylab to‘qib chiqargan, – deb kuykandi u. – Aslida, ular yurtimizni kelgindilarga bermaymiz, o‘zbekni quldorlarga qaram qilib qo‘ymaymiz, deb jonini ayamay kurashgan botirlar, millatimizning eng oriyatli kishilari.
Miraziz aka, shu tariqa, meni ezaverdi, ezaverdi, qaniydi, birdaniga yer yorilsa-yu, oyog‘im osmondan bo‘lganicha tubiga ag‘anab tushsam. Yuragim uvushib borayotgandi. Bunaqa ishni sotqinlar qiladi, devordi-ya ustoz, endi aloqani chirt uzib, betimga butkul qaramay qo‘ysa-chi?
Keyinroq O‘ktam akaning uyida Miraziz aka, Mahkam Mahmudov, Tohir Malik singari adiblar ishtirokidagi oshxo‘rlikda ham millat g‘ururi, milliy oriyat mavzusi davom ettirildi. Biri gruzinlar o‘z yurtidagi “katta og‘a”larni umuman mensimasligi, ularni asosan “qora ish”larga yollashidan so‘zlasa, boshqasi Boltiqbo‘yi respublikalaridagi yerli aholi sovet hukumatini haliyam ochiqchasiga “okkupant” deyishdan qo‘rqmasligini hayratlanib hikoya qilardi.
Damo-dam o‘ylanib qolardim. Agar ruslar ketib, bizni baribir kattaroq bir davlat bosib oladigan bo‘lsa, nima o‘zgaradi? Ulardan qaysi biri insofliroq? Yo u, yo bu zo‘ravonning oyog‘i ostida yashashga mahkum esak, qay biri “o‘zimizbop”roq bo‘lsaykin?
Bularga javob topolmasdim. Faqat, mutoyibasimon bir o‘y boshimda lip etib yonib-o‘chardi – hartugur, o‘rischa gaplashishni bilaman...
Shu tariqa, bir qator she’rlarimda isyonkorlik, erksevarlik, millatparvarlik uchqunlari yallig‘lanib, alangaga aylanib boraverdi. Ulardan ayrimlari markaziy nashrlarda ham ko‘rina boshladi. Bosh muharrir Asqad Muxtorning muruvvati bilan, o‘shanda kioskalardan sotib olish tugul, miqdori cheklab qo‘yilgani tufayli hatto obuna bo‘lish mushkul hisoblanmish dovruqli “Guliston” jurnalida bosilgan “Martin Iden” sarlavhali she’rim ko‘pchilikning e’tiborini tortdi, birinchi o‘rinda Miraziz aka meni telefon orqali tabriklab, astoydil maqtaganidan boshim osmonga yetdi.
Kattalarga atalgan she’rlarimning talayi sevgi mavzusida edi. Bularda nimadir yetishmayotganga o‘xshayverardi. O‘ylab-o‘ylab ko‘rsam, meni maktablarda, qisman texnikum va harbiyda kuydirib yurgan nozaninlarim endi yo‘q; goh tomorqada bodring chopayotgan, goh bukchayib kir yuvayotgan, goh daladan yulib kelgan o‘tlarini hansirab oftobga yoyayotgan, goh molga terit qorayotgan, salga jizzakilanuvchi, yangiroq ro‘moli yo‘qligini ham fojiaga aylantiruvchi xotiningga tikilib esa, kesatibmi, hazillashibmi, achinibmi uch-to‘rtta she’r yozish mumkindir, ammo u haqda ichikib-ichikib xayol surolmaysan, tinimsiz o‘rtanolmaysan, yoniqib to‘lg‘anolmaysan.
Ha, allaqachon payqab ulgurganingizdek, yuragimni beto‘xtov jazillatib turuvchi bitta xushbichimroq, o‘jarroq “sevikli yor” kamlik qilayotgandi menga. Bunaqasi hadeganda oldimdan chiqavermadi. Duch kelavermagach, kamtarlikka o‘tib, uni o‘zim qidirishga tushdim. Bosmaxonamizda boshi ochiq qizlar ko‘p edi, yaqinroqda bo‘la qolsin deb, “ob’ekt”ni shularning orasidan izlab yurganimda, birdan redaktsiyamizning o‘zida ishlovchi sanoqli qizlardan biri lop etib sahnaga chiqdi. Bir kuni u pismayib turib, xotiningizni yaxshi ko‘rasizmi, deb savol berdi.
– Ko‘rmay-tanimay uylanganman-u, baribir yomonmas, – dedim.
Qizi tushmagur yana so‘roqqa tutdi:
– She’r o‘qishni yoqtiradimi?
– She’rni gapirasiz-a, – deb kuldim men. – O‘zining otini zo‘rg‘a xatosiz yoza oladi boyoqish.
– Men she’riyatni juda yaxshi ko‘raman, – dedi qiz. – Daftarlaringizni berib turolmaysizmi? Bosilmagan she’rlaringizni shunaqayam o‘qigim keladiki!
Ana-a, bor ekan-ku! Tuyqusdan qo‘lga tushdi sho‘ring qurg‘ur! Qidirib topishimni kutmasdan, meni yalintirib-netmasdan, o‘zi changalimga qo‘nib o‘tiribdi-ya! He, sabrsiz! He, lodon! Nima bo‘lgandayam, endi mendan qutulib bo‘psan! Shu paytning o‘zidayoq senga dabdabali nom berganim bo‘lsin – “Sevgilim”! Gap tamom!
Ishni paysalga solmadim, keyingi yillarda to‘ldirilgan she’riy daftarlarimdan birini ertasigayoq olib kelib, Sevgilimning qo‘liga tutqazdim. Daftarni uch-to‘rt kun o‘tib qaytargach, tushlikdan so‘ng hovlidagi fontanchali hovuzcha yoqasiga qo‘yilgan bog‘kursida o‘tirib, olgan taassurotlarini o‘rtoqlashdik. Satrlarimdan anchaginasini, ba’zi she’rlarimni to‘lig‘icha yodaki aytganidan bir quvonsam, bular allaqachon kitob bo‘lishi kerak edi, zo‘r kitob bo‘ladi, deganidan ikki quvondim. Keyin asta-sekin “intim” gaplarga o‘tdik, men turmushdagi bir xilliklardan juda zerikib borayotganimni aytdim, u esa, bu oldi-yuldi hayotda kunlari mazmunsiz kechayotgani, uyidagilar oila qurishga qancha qistashmasin, loaqal salgina didliroq yigitni uchratolmayotganidan nolidi.
Ana endi she’r yozishmi! Semiz-semiz “umumdaftar”larni ba’zan ikki oy o‘tib-o‘tmay to‘ldirib tashlayman, ichimdagi ilhom parisining qitiqqo‘zar dugonasiga aylanayotgan Sevgilim ularni bir boshdan olib o‘qiyveradi, meni maqtayveradi, o‘zining qiyofasi, qiliqlari bo‘rtib turuvchi she’rlardan gap ochib, bular kimga atalgan, deya sirli jilmayadi. Ishdan qaytgach, tunlari tanamda huzurli titroq o‘rmalab o‘ylayman: hozir Sevgilim she’rlarimni yonib-yonib o‘qiyotgandir, o‘ziga ochiq shama qilingan joylari uchrasa, balki yuragi oqishni boshlagandir. Yig‘layotgan bo‘lsa, yanayam yaxshi...
Tuman gazetasidagi salkam yetti yillik faoliyatim davrida shoirchiligimda keskin o‘zgarishlar kuzatilayotgan esa-da, oilamizdagi ahvol haliyam o‘sha-o‘sha edi. Ayam tikuv mashinasini tunu kun g‘aldiratib, chevarchilikdan pul topishda davom etar, bu tushum yoniga mening va harbiydan so‘ng o‘rta ma’lumoti bilan maktabda jismoniy tarbiyadan dars berayotgan Akram ukamning maoshi, askarlikdan qaytiboq chetga sabzavot olib chiqib sotishni o‘rgangan Tohir ukamning orttirgani qo‘shilib ham, tirikchiligimiz baribir yaxshi tomonga o‘zgarmayotgandi. Ayniqsa, Akram ukamni uylantirishdagi xarajatlar endigina tiklanayotgan tirikchiligimiz qo‘rg‘onchasini qaytadan nuratgandek edi.
Bahromning yoniga endi Bahodir va Bobur o‘g‘illarim kelib qo‘shilgan, Akram ukamda ham birin-ketin farzandlar paydo bo‘layotgan bu tiqin-to‘palon xonadonning burchak-burchaklariga biqinib bo‘lsa-da ijod qilishdan ko‘ra, kamxarj ro‘zg‘orda qalashib yotgan ikir-chikirlarga hadeb qoqinaverish meni ko‘proq toliqtirayotgandi.

* * *
Leonid Brejnev yigirma yilda kommunizm qurishni va’da qilgan xomxayol Nikita Xurushchyovdan hokimiyatni yulib olib, kommunistik g‘oyani butun dunyo ishchi-dehqonlari ko‘ngliga chuqurroq singdirishga berilib ketgan davrlarda partiyaga haqiqiy a’zolikka o‘tib, “ishonchli zotlar” safiga suqulib ulgurgan men shildirvoqini Sevgilim bilan bo‘lgan munosabatlarning bir kunmas bir kuni qaltis nuqtaga yetuvimi, yoki tumandagi ayrim axloqi noto‘kis “grajdanka”lar bilan goho pana-panada shivirlashib turishimmi tugalay badnom qilishi mumkindek tuyular, buni o‘ylasam, yuragim notinch tepardi. Xayriyatki, ishdan ketishimga tamoman bo‘lak narsa, obro‘yimga qattiq raxna solmaydigan boshqa bir voqea sababchi bo‘ldi.


Bungacha muharrirning menga bo‘lgan munosabati har doimgidek iliqqina edi. O‘zbekiston militsiyasi tashkil topganining qirq yilligi sharafiga 1975 yili o‘tkazilgan respublika konkursida pul ishlab olish umidi bilan ataylab yozgan “Militsiya soldatlari o‘lmaydilar” degan dostonim Xudoyberdi To‘xtaboevning “Sariq devni minib”, E’tibor Oxunovaning qandaydir asaridan so‘ng uchinchi o‘rinni olganidan quvonib, meni hammaga maqtab yurgandi. Dostonni gazetadayam bosgandi.
Muharrir gapimni iloji boricha yerda qoldirmasdi. Yoshlar nomidan qilgan iltimosim bilan bizga avval stol tennisi, so‘ng billiard stoli olib berdi. Qishda ham o‘ynashimiz uchun alohida sport zalchasi qurdirdi. Goh Shohimardon, goh Arslonbob, goh Yigitpirimga sayohat uyushtirilsa, g‘aznachilikni bitta menga ishonardi. To‘ng‘ich o‘g‘lini jurnalistlikka o‘qishga kiritishda yana mehribonligi tutib, orada she’rlaringizni redaktsiyalarga tarqatib kelarsiz, deya meni Toshkentga ergashtirib ketdi. Ko‘pincha yig‘inlarga meni yo birga olib borardi, yo mashinasida o‘zimni yuborardi. Ba’zan sog‘ligimdan tashvishlanib, ish ketaveradi, kurortgami, sanatoriyagami borib dam olishni o‘rganing, deb qistar, shu turtki bois bir gal Bologoedagi turistik bazaga yo‘llanma olib, bahonada harbiyda orttirgan eski qadrdonlarimni yo‘qlab kelgandim.
Qisqasi, muharrir menga ayovli munosabatda edi, u bilan aka-ukadek bo‘lib borayotgandik. Keyin... oramiz birdan buzildi...
Shafoat ammamizning o‘g‘li Mashrab timsohsimon Rossiyaning dumi bo‘lmish Kamchatkaga tez-tez qatnab turar, u yerdagi bazalarga jo‘natiluvchi meva-sabzavotni Farg‘ona tayyorlov idorasi vakili sifatida topshirib qaytardi. Vagonlardagi davlat yuklari orasiga o‘zinikini ham ozgina tiqishtirib, ularni “bozor ucharlari”ga qimmat narxda ko‘tarasicha berib yuborishdan, bazadagilar bilan kelishib, topshirilayotgan mahsulotning bir qismini iridi-chiridiga chiqarib yuborishdan katta pul ishlab olar edi. 1976 yilning kuzida bir oylik ta’tilga chiqqan kunlarim u uyimizda mehmon bo‘lib o‘tirib, ishga qaytguningcha men bilan Kamchatkaga borib kelsang-chi, vagondagi yuklarni kuzatib boruvchi qilib rasmiylashtirsam, bir yoqdan – yaxshigina haq to‘lashadi, ikkinchi yoqdan – ko‘rgan foydamizdan ulush olasan, deb qoldi. Suyunganimcha ko‘ndim.
Ko‘nibman-u, bu ishlar qanchaga cho‘zilishini surishtirib ko‘rmabman. Vagonlarga bir hafta piyoz urdik, jo‘natdik. O‘zimiz o‘n kundan keyingina uchoqqa o‘tirib, Vladivostok shahriga borib qo‘ndik. Borsak, vagonlarimiz endigina yetib kelgan ekan, piyozlar portga tushirilib, yuk kemasiga joylangach, to‘rt kun dengizda suzib, Kamchatkaga yo‘l oldik. Piyozlarni u yerdagi bazaga topshirishga ham o‘n kuncha vaqt ketdi.
Harbiydagi Avaz ukam Vladivostok shahridan olisroqdagi Olga degan buxtada xizmat qilardi, uni yo‘qlab borib, komandirlari bilan birgalikda uch kun aysh-ishratga berildik. Shu asno, salkam ikki oyda ishxonamga kirib keldim.
Kirib borsam, muharrirning qovog‘idan qor yoqqan, o‘rinbosari shovqin ko‘targan, xodimlarning so‘rashib-ko‘rishishida ham qandaydir noqulaylik. Juda uzoqda edim, ahvolni telefonda tushuntirishga, ta’tilimni o‘z hisobimda cho‘zib turinglar deyishga imkonim bo‘lmadi, degan gaplarimni rahbariyat hatto eshitgisi kelmayotgandi. Meni allaqachon bo‘lim mudirligidan bir xona pastlatishgan ekan. Ertasiga muharrirning oldiga sokin kayfiyatda kirib borib, o‘z xohishim bilan ishdan bo‘shatishlarini so‘rab yozgan arizamni qo‘liga tutqazdim. Uning birdan avzoyi buzildi, e, qanaqa odamsiz, shunga shunchami, deb arizamni yirtib tashladi.
– Chiqing, ishlang! – deb po‘pisaladi u. – Toqat qipturing-chi, amal kerak bo‘lsa, yana qaytarib berarmiz!
Xonadan chiqib, arizani boshqatdan yozdim-da, uni bu gal o‘rinbosarga topshirib, gap bitta, endi bu yerda ishlamayman, dedim. Bu narsani men emas, muharrir hal qiladi, deya u meni o‘tirgan joyida sovuq kuzatib qoldi.
Shu tariqa, 1976 yilning noyabrida ishsiz qoldim. Ayamga yolg‘on gapirdim, ishdan o‘zim arazlab bo‘shadim, desam qattiq jahli chiqishidan cho‘chib, meni haydashdi, dedim. Tergamadi. Rahmi keldi.
Ishdan xo‘rlanib haydalganimga o‘sha kunlari, negadir, o‘zimni ham ishontirgim kelaverdi. Bundan qancha g‘azablansam, kuchimga shuncha kuch qo‘shilayotgandek, qadrimga yetmaganlarga tezroq o‘zimni ko‘rsatib qo‘yishga bo‘lgan ishtiyoqim toshqinlanib, turmushning qandaydir yangicha pog‘onasiga bo‘lgan intiluvim oshayotgandek edi. Bu g‘alati holat sababini oradan necha yillar o‘tib angladim. O‘shanda shunday qilishim zarurati tug‘ilgan ekan: Toshkentga borib ijodimga kengroq yo‘l ochishni tez-tez orzulab tursam-da, ayamni bunga ko‘ndirishim amrimahol ekanini bilib, zo‘rg‘a chidab yashayotgandim, endi kutilmaganda qulay vaziyat tug‘ildi, bundan foydalanib qolish uchun voqeani uydagilarga bo‘rttirib ko‘rsatishim kerak, toki bosh olib ketishdan boshqa ilojim qolmaganiga iqror bo‘lishsin. Bu qishloqdan shunaqa qilib qochmasam, qutulishning boshqa yo‘li yo‘q. Ketmasam, bu barakasiz muhitda o‘lgunchayam ovim yurishmaydi, “ov”ning eng gavjum joyiga borish uchun esa “aslahalar”im yetarli. Ana, Miraziz A’zam oxirgi daftarlarimdagi she’rlarni o‘qib ko‘rib, agar ixtiyor menda bo‘lsa, bolalarga atalganlarini hoziroq kitob qilib chiqarardim, bular tamoman yangicha narsalar, deb turibdi. “Guliston”dagi, “G‘uncha”dagi, “Mushtum”dagi tanishlar ham jon kuydirib, imkon bo‘lsa, poytaxtga keling, qishloqda yurib nazarga tushish qiyin, deyishgani deyishgan.
Xullas, Toshkentga ketishga ko‘pdan bahona izlab yurardim. Mana, nihoyat katta bahona topildi...
O‘zingni nohaqlikka uchragan mushtiparga solgin-da, poytaxtga g‘izilla. Dangal jo‘nayversang-chi, landavur!

* * *
Keyinchalik “Yaltiroq tugma” asarimda bitganimdek, barcha aqli raso sarkardalar kabi zabtkorlikni bug‘doy o‘rimida boshlamay, Qo‘qonni qahratonda qamal qilgan Buxoro amiri Nasrulloga o‘xshab, yurish qilishga turup pishig‘ida kirishdim. Kamchatka safari chog‘ida, Mashrab oshnamning maslahati bilan, biz tomonda kamyob bo‘lgan baxmal matodan ikki to‘pini pochta orqali uyga jo‘natgandim, shundan qolgan foydaning o‘zi ayamni qoniqtirgani uchun, topgan mo‘mayroq pulimning ko‘prog‘ini o‘zimda olib qolgandim, shu mablag‘ning hovuri bilan poytaxtga tetik kayfiyatda keldim.


Biron ishga kirish uchun eng avvalo pasportimni Toshkentga qo‘nimdor (propiska) qilishim shart edi. Masalaning eng qiyini shu bo‘lib, u zamonda o‘zbeklarning viloyatlardan, ayniqsa qishloqlardan “qochib kelib”, huzirijon poytaxtda tirbandlanishining barcha yo‘llari to‘sib tashlangan, bu masalada faqat ikki toifaga katta imtiyoz bor edi: biri – chetdan ishga chaqirib olingan kerakli mutaxassislar, ikkinchisi – Rossiyada xutor sistemasini tugatishga qaratilgan hukumat qaroridan so‘ng, rus qishloqlaridan to‘p-to‘picha oqib kelayotgan sariqsochlar. Shu “qaltis masala”ning ketidan bir oycha yugurdik, ba’zi amaldorlarni o‘rtaga soldik, pora taklif qildik, baribir ishimiz bitmadi. Oxiri O‘ktam akaning Toshkent viloyatiga qarashli Yangibozor shaharchasida yashovchi oshpaz tanishi To‘xtasin akaning xonadoniga bir amallab qo‘nimdor qilindim.
So‘ng ish qidirishlar boshlandi. Endilikda G‘afur G‘ulom nashriyotida muharrirlik qilayotgan Miraziz aka oldin o‘zi ishlagan “Yosh gvardiya” nashriyotidan menga biror kovakcha topilishiga amindek edi. Lekin, bosh muharrirga uchrab, sizlarda korrektorlik lavozimida bitta bo‘sh o‘rin bor ekan, shu nashriyotda kitobi chiqqan bir yigitni o‘sha joyga olsalaring-chi, desa, bizga shoir emas, malakali korrektor kerak, deb javob qilibdi. Direktorga kirsa, o‘zi nashriyotimizning qorovuligacha shoir bo‘lib yotibdi, deya qo‘lini siltabdi. Goh Miraziz akaga, goh O‘ktam akaga, goh Mahkam Mahmudovga ergashib men bosh suqmagan nashriyot, gazeta-jurnal qolmadi. Hamma joyda ikki xil javobdan biri: “He, attang, pasport propiskasi Toshkent viloyatida ekan, Toshkent shahrida yashovchilargina ishga olinsin degan ko‘rsatma bor”, yoki “Hozircha bo‘sh o‘rin yo‘q!”
Bir kuni Miraziz aka meni Yozuvchilar uyushmasiga boshlab borib, bolalar adabiyotining yo‘g‘onbilak yugandoriga aylanib turgan Po‘lat Mo‘minga yo‘liqtirdi, oldin ta’rifimni keltirib, so‘ng ishga joylashishimga ko‘maklashishini so‘radi. O‘ta dabdabali tarzda dastxat bitilgan kitobchamni olayotib, bir o‘ylab ko‘rarmiz, dedi-yu, o‘ylab yurishi juda uzoqqa cho‘zildi. Balki, meni qaytib eslamagandir ham. Shoirlik da’vosida daydib yurganlardan ko‘pi borakanmi!
Birgina “G‘uncha” jurnalidagilar ochiq yuz bilan qarshilab, odamdek gaplashishdi: “Yoshi o‘tibroq qolgan ikkita xodimimiz bor, yo unisi, yo bunisi pensiyaga chiqadigan bo‘lsa, sizni jon-jon deb ishga olardik”. Orqasidan poylab yurib, shulardan birini mashinaning tagiga itarib yuborsammikin, deb kulimsirardim ichimda.
Bahor o‘tdi, yoz oxirlayapti, hanuz ishsizman. Zahiradagi pullarim allaqachon tugab bo‘lgan, bir nav qishloqqa borib olsam, qaytishimda ayamdan tashqari ukalarim ham cho‘ntagimga besh-olti so‘m tiqib qo‘yishadi. Xotinim daydiligimdan shikoyatlanib, har gal ichimni xufton qilib jo‘natadi. Tag‘in qachon kelasiz, deb o‘g‘illarim ko‘chagacha ergashib chiqadi. Bundan yuragim oqadi, o‘pkam bo‘g‘zimga tiqiladi, dodlab yuborgim keladi. Bolalarimning mungli nigohlari haftalab ko‘z oldimdan ketmay qiynayveradi.
Bir jumada yana qishloqqa bordim. Uyda ikki kun tunagach, kechki 559-poezddaToshkentga jo‘nashga (bu poezd poytaxtdan Andijon sari qaytishda 660-ga aylanardi) shaylanib, boshqa xonadonlarda kamdan-kam uchrovchi, hosildorligi pastroq, lekin shirasi tilni yoradigan, dadam Mamasoli degan mirishkor tanishinikidan olib kelib ekkan karsilloq hasayni uzumlarni xaltaga joylayotsam, bolalaringni tentiratib, qachongacha shu ahvolda yurasan, o‘g‘lim, deya ayam qaytadan kuykanishga tushdi. Bor qonim tepaga yig‘ilayotgandek tuyuldi, hozir boshim gumburlab portlaydi-yu, miya parchalarim tirqirab uchib, devorlarga chaplanib qoladi, deb o‘yladim. Xaltani yerga tashladim-u, gandiraklagudek odimlaganimcha borib, uydan qizil qutini ko‘tarib chiqib, qopqog‘ini ochdim-da, manavilar hammasi pul, aya, dedim Alamazon haqidagi qissa, bolalarga atalmish pesa va turkum hikoyalar solingan papkalarni pesh qilib. Keyin o‘shanda soni qirqtaga yaqinlashib qolgan, ko‘plari to‘qson olti betli umumdaftarlardan ayrimlarini varaqlab ko‘rsatdim:
– Manavilar ham pul! Payti kelib, bular kitob bo‘ladi! Kitob bo‘lsa, har bitta satriga kamida yetmish tiyindan to‘lashadi! Ko‘rgansiz, birinchi kitobimga yetti yuz so‘m berishdi! Hali kattaroqlari chiqsa, uch ming, besh ming so‘mlab olaman! Ozgina toqat qipturinglar, xudo xayringni bergurlar!
Ikki ming so‘mga kichikroq uy qursa bo‘ladi, bu hobbonining bezrayib besh mingdan kelishini ko‘ring! Oldin besh so‘mga bir kilo go‘sht olib berishga qurbing yetsin-chi.
Kechki ovqat tatimadi. Ketayotganimni bilib, bolalarim tag‘in mo‘ltirab turishibdi. Ular qimmat kiyimlar, chiroyli o‘yinchoqlardan ko‘ra doim yonlarida bo‘lishimni ko‘proq istashayotganga o‘xshardi. Nahotki, menga o‘chakishib, yo‘qligimda bularni atayin o‘ksintirayotgan bo‘lishsa? Yo‘g‘-e, bunchalikka borishmas...
Toshkentdagi jonkuyarlarim menga boshqa ish topishdi, respublika radiosining qishloq xo‘jalik bo‘limiga olti oylik sinov muddati bilan yugurdaklikka qabul qilindim. Yugurdaklikning ma’nosi shuki, sinov davrida ishga rasmiylashtirishmaydi, bo‘limdagilarning topshirig‘i bilan tayyorlagan eshittirishlaringga qalam puli olasan xolos. Qalampuli yomon emas, chidab kun ko‘rsa bo‘ladi. Eng muhimi, bo‘limdagilar bilan qalinman, o‘rtada sovuq gap oralamadi.
Yarim yil ham o‘tib, nihoyat meni ishga oladigan bo‘lishdi. Quvonib turganimda, kadrlar bo‘limidagi muzko‘z qariya pasportim Toshkent shahrida qo‘nimdor emasligini bahona qilib, ishning beliga tepdi, bo‘limimiz boshlig‘ining iltimosi ham o‘tmadi. Tarvuzim yana qo‘ltig‘imdan tushdi. Endi nima qilaman? Yana qaerga borib yalinaman?
Shuncha tashvishlar ichida universitetdagi o‘qishimning g‘alvalari ham bor edi. Goh sinov ishi, goh kurs ishi yozasan, imtihon oyi kelsa, umring auditoriyalarda o‘ta boshlaydi, “qoniqarsiz” baho olmaslik uchun muallimlarga poy-patak bo‘lishga tushasan. Dars tayyorlashga vaqting bo‘lmay, goh biriga “Talabalar shaharchasidan MUMga sayohat” kabi qiziq she’rlaringdan o‘qib berib, goh ikkinchisiga tishing qattiq og‘riyotganidan shikoyat qilib o‘tirib, ming nayrang bilan imtihondan o‘tasan.
Ahvolim og‘irlashaverdi. Oltiariqqa shalvirab qaytishga betim chidamasdi, Toshkentda yashashga qurbim qolmagandi. Xonani ijaraga bergan kampir ko‘ngli yumshoq ayol edi, topganda pul to‘lardim, vaqtida to‘lolmasam, qistovga olmasdi. Baribir bu xonadondan ketishimga to‘g‘ri keldi. Goh Miraziz akanikiga, goh O‘ktam akanikiga, goh qishlog‘imizdan kelib turli joylarda o‘qiyotgan tanishlarimnikiga borib tunayman, ovqatlariga sherik bo‘laman. Bir necha marta temiryo‘l vokzaliga borib, uzunkursida mudragancha tong ottirgan kunlarim ham bo‘ldi. Bir qultum vinoni Tangrining cheksiz inoyati sifatida qabul qiluvchi uysiz sayoqlarning yuzaki qaraganda o‘ta quvnoqdek tuyuladigan, ularning o‘rniga o‘zingni qo‘yib ko‘rsang, behad ayanchli bo‘lgan turmush tarzi bilan shu joyda tobora yaqindan tanishaverdim. O‘zimni uxlaganga solib, ularning o‘zaro suhbatlarini zo‘r qiziqish va hayajon ila tinglab o‘tirardim ba’zan.
Nonushtadan tortib kechki ovqatimgacha bir xil taom – bor-yo‘g‘i, to‘rt tiyin turadigan, birov “uxo-gorlo-nos”, birov “bedanakabob” deb ataydigan gumma somsachalardan to‘rt-beshta olib, chapillatib-chapillatib yeyman, hiqichoq tutsa, artizonning suvidan bosib ichaman. Hech iloj qolmaganda, ahvoli menikidan yaxshiroq bo‘lmagan O‘ktam akaga qo‘shilib, tilamchilarning oldida to‘planibroq qolgan tangalarni talashda ham qatnashardim. Bu – juda uyatli, juda iztirobli edi.
Bolalar nashrlarida, goho “Mushtum” jurnalida ismim ko‘rinib turardi, ammo plagiatlik avj olgan, ba’zilar tuman, viloyat miqyosidagi gazetalarda bosilgan she’rlarni yig‘ib, poytaxtda o‘z nomidan kitob qilib chiqarishgacha borib yetgan, bu ko‘chirmachilar haqida feletonlar bosilayotgan muhitda bitganlarimni turkum-turkum tarzda birovlarning qo‘liga topshirib qo‘yishni istamasdim, redaktsiyalarga uch-to‘rttadan she’r tarqatib turardim, xolos.Xuddi shundan cho‘chib, sargardonlikda yozib tugallangan “Alamazon va uning piyodalari” degan qissamni ham anchagacha birovga ko‘rsatmay yurgach, keyinroq “Sharq yulduzi”ga, nasr bo‘limi mudiri Shukur Xolmirzaevga topshirdim. U ikki oychadan so‘ng ostiga familiya qo‘yilmagan taqrizni qo‘shib, papkamni qaytarib berdi. Taqrizda ko‘rsatilgan kamchiliklardan o‘rinliroqlarini tuzatgan bo‘lib, qissamni yana olib bordim. Shundan keyin ora-sira yo‘liqib turdim, ammo mudir asar haqida boshqalarning ham fikrini eshitish uchun kimgadir bergani, kimligi esida yo‘qligini aytardi. Oxiri surishtirmay qo‘ydim.
Hozirda o‘sha damlarni o‘ylab qolsam, qanchalar og‘irchiliklar ko‘rmayin, yozganlarimni tezroq nashr qildirishning orqasidan quvavermay, o‘zim tag-tagigacha tushunib yetmagan holda, asosiy vaqtimni yozishga sarflayverganim zap to‘g‘ri ish bo‘lgan ekan, deb qo‘yaman. Zero, vaqt o‘tib, yoshlikdagi kuchni ham, ko‘ngil yoniqliklarini ham topib bo‘psan!

* * *
Bir kuni qishloqdosh student o‘rtog‘imning kvartirasida tunashga borib, televizor ko‘rib o‘tirsam, Oziq-ovqat sanoati ministri (vaziri) Vohid Sodiqov bilan suhbat namoyish etila boshlandi. Bu odam oltiariqlik ekani esimga tushib, uch-to‘rt kundan so‘ng uning huzuriga bordim, jurnalistlikka o‘qiyotganim, poytaxtda ishlashga urinayotganim, hozirda turar joy masalasida qiynalib qolganimni aytsam, u kishi o‘zingizbop joy topilgunicha Toshkent Yog‘-moy kombinatida ishlab turing, umumyotoqdan alohida xona ham beramiz dedi.


Shunday qilib, 1977 yilning o‘ninchi oktyabridan e’tiboran Toshkent Yog‘-moy kombinatida “bog‘bon” degan shtatda ish boshladim. Yangioboddagi umumyotoqdan bir xonali hujra ham berishdi. Yotog‘im alohida-yu, oshxona, dushxona, hojatxona kabilar umumiy.
Kombinat direktori Po‘latov “ministrning odami” ekanimni nazarda tutib, vazifamga ko‘ra daraxtlarni sug‘orish, gullar ostini o‘tlardan tozalab turish ishlariga meni yaqin yo‘latgisi kelmadi; jurnalist ekansiz, Ra’no opangizga qarashib yuraqoling, deb meni kombinat boshlang‘ich partiya tashkiloti kotibining ixtiyoriga yubordi. Yana o‘sha “Leninobod” kolxozidagi ahvol takrorlandi – kommunistlardan har oyda bir marta partiya badallarini to‘playman; yig‘ilish o‘tkazilsa, kotiblik qilaman; yo o‘sha kuni, yo ertasiga majlis bayonnomasini yozib, papkaga tikaman. Ko‘pincha odamlarni ishdan qoldirmaslik uchun majlis o‘tkazilmas, lekin baribir “o‘tkazildi” deb bayonnoma yozilaverardi. Falon kuni faloncha kommunist ishtirokida KPSSning falon qarori muhokama qilindi, yig‘ilishda falonchi-falonchilar so‘zga chiqib, falon-falon fikrlarni bildirishdi, degan jumlalarni havodan olib to‘qishga tushaman. Bularni o‘qib ko‘rib, juda chiroyli tayyorlabsiz, deya Ra’no opaning og‘zi qulog‘iga yetadi.
Kommunistligim jonimga ora kirayotgandi. Shaharning eng baland tepaligiga chiqib, partiyani sharaflab qichqirgim kelardi: Gapfurush bolsheviklar o‘ylab topgan siyosiy dabdabalarga ming tasanno! Bu dabdabalar mahsuli bo‘lmish barcha qog‘ozbozliklarga million-million ofarinlar bo‘lsin!
Deyarli bekorchixo‘ja edim. Oyligim to‘qson so‘mgina esa-da, harqalay, loaqal tushlikda tuzukroq ovqatlanishimga, qishloqqa oldingidan serqatnovroq bo‘lishimga uchma-uch yetib turardi. Ishxonaga haftada bir-ikki marta bosh suqib qo‘yardim. Qolgan kunlari karavotdagi ko‘rpamni polga to‘shab cho‘zilganimcha, she’r to‘qiganim to‘qigan edi. Maosh olgan kunlarim qishloqqa ketib, ba’zan bir hafta o‘tkazib qaytardim. Qaytgach, qo‘lim bo‘shasayoq, yana tinimsiz she’r bitishga tushardim. Bolalarga atalgan turkum she’rlarimning asosiy qismi shu umumyotoqdagi bor jihozi bir shkaf, bir karavot, bir stol, bir stuldan iborat bo‘lmish torgina xona devorlari orasida dunyoga kelgan. Piyonista qo‘shnilarning ulfatchilikka chorlashlaridan, tanish juvonlarning dam olish kunlari zalda tashkil etiladigan “tantsa”larga sudrashlaridan bezib, eshikni ichkaridan qulflab olib yozardim. Ayrim qiliqlarimni axloqsizlikka yo‘yib, tepadagilarga arz qilib yurmasligi uchun qishloqdan olib kelgan meva-chevalardan bir qismini umumyotoq komendantiga berib turardim. Shu bois, majlis bo‘lib qolsa, mening intizomimni, xonani toza tutishimni maqtagani maqtagan edi.
Ijoddan bosh ko‘tarolmay qolsam, ko‘zlarim zo‘riqishdan qizarib, kipriklarim ostida yarachalar paydo bo‘la boshlardi. Bunday damlarda goh qadrdonlarimni uylariga borib yo‘qlardim, goh redaktsiyalarga uch-to‘rttadan she’r tarqatib chiqardim, goh tushlik chog‘i tanish adiblar bilan oshxonada gurung qurardim. Torroq doiradagi suhbatlarda ko‘pincha mavzu yana millatimiz taqdiriga, erksizligimiz fojialariga borib taqalaverardi. Buning sayin, istibdodni qoralash, yurt mustaqilligini orzulash kattalar uchun yozganlarimdagina emas, bolalarga atalgan asarlarimda ham keng aksini topib borayotgandi.
Eng xavflisi – tobora millatchiga aylanayotganim edi. Qishloqlardagi o‘zbek bolalari hatto to‘p tepib chigil yozishga maydoncha topolmayotgan, egni tuzukroq libos ko‘rmay yashayotgan bir paytda, boshqa millat vakillarining yasanib olgan bolalari istirohat bog‘larida biri arg‘imchoq uchib, biri oto‘yinda aylanib quvnayotganini; barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sport maktablari, turli-tuman to‘garaklar shularning ixtiyorida ekanligini ko‘rsam ham yuragim ezilishga tushardi. Idoralardagi ma’muriy xodimlarning aksariyati yevropaliklar, ko‘cha supuruvchilarning bari o‘zbek. Qaysidir hind kinosidagi bir shofyor inglizlarga qaramlikdan qutulish yo‘lida kurashib, ko‘zida jiqqa yosh bilan o‘zini qurbon qilayotganida, unga qo‘shilib ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshlardim, oddiy o‘zbeklarning hamma-hammasi qachon shunday oliy tushunchaga ega bo‘larkin, deya oldimdagi televizorni tepib sindirgudek kepatada tutoqar edim.
1978 yilning o‘ttizinchi yanvarida to‘rtinchi o‘g‘lim Botir ham tug‘ildi. Uchgudek bo‘lib, qishloqqa bordim. Chaqaloqni ko‘rib, ko‘zim quvongandan quvonib ketdi – Yaratganga ming qulluqki, dadam rahmatlining o‘zginasi-ya!
To‘rt o‘g‘il, to‘rt sevinch, to‘rt yupanch... to‘rt baravar ehtiyoj...
Bosh omon bo‘lsa, bularni Xudo rizqsiz qo‘ymas, qornini amallab to‘ydirarman, undoqroq bo‘lmasa, mundoqroq kiyintirarman. Lekin, yonlarida doim parvona bo‘lib, tuzukroq tarbiyalashga vaqt, imkon topa olarmikanman? Payti kelib, yetarlicha g‘amxo‘r bo‘lolmaganimni ta’na qilishmasmikin?
Butun boshli umumyotoq kabi mening xonam ham qishda yaxshi isimadi, elektr plitasi sotib olishga kambag‘allik qildim. Komendantdan tagimga qo‘shimcha matras so‘rab olgan, yopinchig‘im ustidan paltomni tashlab uxlashga o‘tgan esam-da, tuni bilan dildirayverardim. Boshim tumovdan chiqmay qoldi; bir yo‘tal tutsa, o‘pkam uzilgudek bo‘lardi; suyaklarim qaqshay boshlasa, revmatizmim qaytovlanishidan qo‘rqishga tushardim.
Bahorga chiqib, negadir, quvvatim qochib boraverdi. O‘nglanib ketarman deb, avvaliga parvosiz yurdim; ishtaham keskin pasayib, ko‘nglim tez-tez ayniydigan bo‘lgach, o‘lsam ham uyimda o‘layin, Toshkentda davolanishga yotadigan bo‘lsam, kim holimdan xabar oladi, degan xayolga bordim. May oyida ishimdan bo‘shab, qishloqqa jo‘nadim.
Shu tariqa, Toshkentga qilgan g‘avvog‘av yurishim batamom mag‘lubiyatga uchrashim bilan tugadi. Bu – asabim butkul dosh berolmay qolsa, ruhimni umrimning oxirigacha tiklanmas darajada sindirib tashlashi mumkin bo‘lgan juda sharmandali, o‘ta qaqshatqich mag‘lubiyat edi.

* * *
Yana Oltiariqdaman. Kasalxonada yotishni azal jinim suymasa-da, sog‘ligim tez yomonlashib borayotgani vajhidan do‘xtirga uchrashishga majbur bo‘ldim. Tekshirib ko‘rishsa, sariq kasaliga chalingan ekanman. Yusufjon do‘stim bu mahalda tuman markaziy kasalxonasida bosh vrach o‘rinbosari edi, uning mehribonchiligi tufayli meni cho‘lning bir chetidagi “infektsionniy”ga jo‘natmay, temir yo‘l stantsiyasi yonidagi neftchilar shifoxonasiga yotqizishdi. Alohida xona berib, kasalim boshqalarga yuqmasligi uchun, imkon qadar bo‘limning o‘ng qismidan nariga o‘tmasligimni tayinlashdi.


O‘sha davrda sariq kasali butun respublikada epidemiyaga aylanib borayotgandi, bundan ancha oldin xotinim ham shu tashxis bilan yotqizilib davolangan, qishloqlarda u yoki bu kishisi ushbu dardga chalinmagan xonadonni topish amrimahol edi. Amerikaliklar Vetnam urushida aholi ustiga harbiy uchoqlardan o‘ta zaharli “Butefos” ximikati sochganini bir paytlar hammadan baland ovozda qoralab yurgan SSSR xo‘jayinlari, hozirga kelib, o‘zimizda aynan o‘sha “Butefos”, undan-da kuchliroq bo‘lgan “Merkoptofos”, “Bi-58” kabilar qishloq uylariga tutash paxtazorlarda ham qo‘llanilayotganini bila turib bilmaganga olishayotgandi.
Infektsion kasalxona to‘lib-toshib ketgani bois, neftchilar shifoxonasidagi terapiya bo‘limining o‘ng qanoti ham “sariq”larga ajratilib, bu yerga nufuzliroq shaxslar, yosh bolalar yotqizilar ekan. Bu shifoxonada behad hassosligi bilan dovrug‘ qozongan, goho viloyat kasalxonasidagi vrachlar ham ba’zi masalalarda maslahatlashib turadigan Doronina degan xushtabiatgina ayol ishlardi. Kasalni juda o‘tkazib yuboribsan, jigarni butkul ishdan chiqarishingga oz qolibdi, hozircha faqat oshqovoq yeb tur, ikki haftagacha hatto non ham yemaysan, deb buyurdi u.
Kasalni o‘tkazib yuborganim rost shekilli, boshqalarga qaraganda uzoqroq davolandim. Sog‘ayib qaytganimdan keyin ham o‘zimni lohas his qilaverdim.
Oilamizdagilar urinib-tirishib yashashda davom etardi. Akram ukam maktabdan maosh olardi, Tohir ukam meva tijoratidan mablag‘ topish yo‘lini o‘rganayotgandi, tomorqachilikni uddalayotgan Avazbek ukamning ham qo‘li pul ko‘ra boshlagandi. Xotinimning dalada ishlab topgani, harqalay, bir-ikki qop unga yetgulik edi. Yil sayin keksayib borayotgan ayam endi avvalgichalik betinim ishlay olmasa-da, baribir chevarligini tashlamay, tikkanlarini hafta oralab bozorda sotib kelardi.
Do‘xtirim qanchalar takror-takror uqtirgan bo‘lmasin, kasalxonadan chiqqanimdan keyin parhezga amal qilmadim; amal qilaman deganimdayam, bu birqozonli uyda menga alohida ovqat pishirib berishning iloji qayoqda deysiz. Buning ustiga, asabni tinchlantirishga bo‘lgan ichki ishtiyoq meni aroqqa ko‘proq yetaklayverganimi; kechalari tuz totmasdan, ketma-ket chekib, she’rlar, bolalarga atalgan turkum hikoyalar, pesa, Qodiriy qahramonlariga taqlidan hajviyalar bitishga ruju qo‘yganimmi jigarimni zo‘riqtirdi shekilli, sariq kasalim qaytovlanib, yana neftchilar shifoxonasiga yotdim.
– O‘zi-ku, birinchisida o‘lib ketishing mumkin edi, organizming itnikidek chidamli ekan, omon qolding, – deb jerkishga tushdi do‘xtir Doronina opa. – Mayli, yana bir davolaymiz, ammo bundan keyin o‘zingni ehtiyot qilmasang, o‘lishing aniq.
Zora o‘laqolsam, deb o‘yladim o‘shanda. Hech nimadan tashvishlanmay, tinchgina uxlayverasan, uxlayverasan, uxlayverasan. Seni na o‘nlab yillarga cho‘zilgan ochlik bezovta qila oladi, na kimlarningdir ustingdan tepalab o‘tishi.
Doroninaning iborasi bilan aytganda, itnikidek qattiq jonim meni yana oyoqqa turg‘azdi. Bu safar ham parhezga qat’iy amal qilolmagan esam-da, spirtli ichimliklardan nariroqda yurishga astoydil intildim. Kech kuzga borib, oldingi bardamligimni topgandek bo‘ldim.

* * *
Bekorchilik qancha cho‘zilsa, yuragim shuncha siqilaverdi. Endi, kichikroq kovaklarni titkilab bo‘lsa-da, astoydil ish qidirishim kerak, degan qarorga keldim. To‘g‘ri-da, bu ahvolda o‘tmaslashib, hatto zanglab qolish hech gapmas.


Xayriyat, ammamning qizi Matluba opamiz tanishlaridan surishtirib yurib, salkam to‘qqiz oyga cho‘zilgan bekorchilikdan so‘ng, oxiri shahardan menga ish topdi, 1979 yilning o‘n sakkizinchi yanvarida Farg‘ona radiosining muxbiriga aylandim.
Raisimiz Doniyor Ergashevning ochiqko‘ngilligi boshqalarga ham yuqib borganmi, jamoadagi muhit musaffo, xodimlarning ko‘pchiligi dilkash kishilar edi, bahrim ochilib ishlay boshladim.
Meni eng qiynayotgani – Oltiariqdan yigirma besh kilometr masofadagi shaharga kunda qatnashga majburligim edi. Erta saharda turib, shosha-pisha nonushta qilaman; qishning qirchillama qirqida Tohir ukam bergan quyonteri oq telpakning qulog‘ini tushirib olib, pulni tejash maqsadida to‘rt kilometr naridagi tuman markaziga piyoda chiqib boraman. Egnimda Akram ukamning kuyovlik kostyum-shimi, oyog‘imda ohori ketgan qishki botinka.
Boshimdan hovur ko‘tarilganicha tuman avtobekatiga kirib boraman. Shaharga qatnab ishlovchilar, biron-bir yumush bilan ketayotganlar odatdagidek besanoq, barchasi ertalabki avtobusga ulgurishga oshiqadi; “LAZ”larning bunisiga bo‘lmasa, unisiga bazo‘r ilashib, tirband salonda tik turgancha yo‘lga tushaman. Sovuq kuchayib ketgan yoki ishim ko‘paygan kunlari ammamnikida, goho Matluba opamnikida tunab qolaman.
Ahvolim mushkulligini sezgan bo‘lsa kerak, bir kuni raisimiz mehmonxonaning kalitini qo‘limga tutqazib, zarurat tug‘ilsa, divanda yotib yuravering, ammo boshqa odamni kiritmang, deb tayinladi.
Bir nav bahorga chiqib oldim. Bu faslda menga bog‘liqlik tomoni bo‘lmagan ikkita ko‘ngilsiz voqea yuz berdi. Birinchisi – sel kelib, Farg‘onani suv bosdi. Ikkinchisi – Minskka uchib borayotgan, 1960 yili oliy ligaga o‘tganidan buyon ashaddiy ishqibozi bo‘lib kelayotganim “Paxtakor” futbol jamoasi aviahalokat tufayli deyarli to‘liq tarkibda nobud bo‘ldi. Charm g‘ilofli reportyorni yelkaga ilib, qanchadan-qancha korxonalarni, muassasalarni, dala-bog‘larni kezdim, necha-necha eshittirishlar tayyorladim.
Bekorchilikning zax o‘rasidan zo‘rg‘a qochib chiqib, endi yayrab-yayrab ishlayotganimga qaramay, tinimsiz yelib-yugurishlardanmi, vaqtida tuzukroq ovqat yeb turish imkonim yo‘qligidanmi, uchinchi bor sariq kasalim qo‘zidi. Vrach do‘stim Yusufjonning maslahati bilan, bu gal shahar infektsion kasalxonasiga yotdim. Azamat jigarim mislsiz qahramonlik ko‘rsatib, “sariq ajal”ning uchinchi zarbasidan ham meni omon olib chiqdi.

* * *
Toshkentdan ulkan yutqiziq bilan qaytganim rost. Keyinroq bilsam, bir o‘choq “mag‘lubiyat kullari” ostida sochin-siyrak “yutuq cho‘g‘lari” ham aralash ekan, yashirin qo‘rlanib turgani uchun o‘shanda sezmabman. Poytaxtdagi daydiliklar tugalay besamar ketmaganini keyinroq payqay boshladim.


Bu davrda, eng zaruri, tinimsiz sharaqlab qaynayotgan adabiy muhit qozoni taomlaridan issig‘ida, imkon qadar mo‘ndaroq tanovul qilib, miyamni tez to‘yintirib bordim; ko‘p tanishlar orttirdim, ularning fe’l-atvorini, qay biriga qaysi yoqdan yondashmoq qulayligini idroklab yetaverdim. Otashin millatparvar Miraziz A’zam, mutolaasevar olim Mahkam Mahmudov, qaytmas kurashchilarga aylanayotgan yosh kitobboz yozarmonlar bilan bo‘lgan suhbatlarda o‘tmishimiz Rimnikidan-da ulug‘vorligini, madaniy merosimiz bitmas-tuganmas xazina ekanini, ma’naviyatimiz ostdevori jamiki insoniyat havas qiladigan darajada mustahkamligini yorqinroq anglab bordim, yetti emas, yetti ming pushti pokiza eldan tarqaganimni bilib, o‘zimni boshqatdan kashf etdim.
Talay kitoblar o‘qidim. O‘z klassiklarimizdan tashqari, Jek London, Mopassan, Dyuma, Guntegin, Bayron, Tolstoy, Balzak, Yesenin, Aytmatov, Nesin, Hamzatov singari “sehrgarlar”ning ruscha yoki o‘zbekchadagi asarlari bilan chuqurroq tanishdim. Saviyam yuksalishida rus tili zo‘r suyanch bo‘ldi.
She’riy to‘plamimni o‘qib ko‘rishga berib, fikrini ololmagan bo‘lsam-da, Erkin Vohidov bilan loaqal bir lahza yuzma-yuz gaplashishdek ulkan orzum ro‘yobga chiqdi. O‘ktam aka bilan uyiga yo‘qlab borib, Habibiy domlaning qo‘lidan choy ichganim; “Martin Iden”imni e’lon qilganidan so‘ng menga alohida e’tibor bilan qarashni boshlagan, ijodkor degan banda bo‘rini poylayotgan ovchidan-da toqatliroq bo‘lishi lozimligini qayta-qayta ta’kidlovchi, huzuriga bostirib kirishga ancha-muncha qalamkashning yuragi betlamaguchi Asqad Muxtor bilan suhbat qurganim, bolalar adabiyotida g‘azal janrini tiriltirganimni olqishlagani, she’rlarimni shaxsan o‘ziga ko‘rsatib turishdan tortinmasligimni tayinlagani katta baxt edi.
“Mushtum”da mas’ul kotib bo‘lib ishlovchi Ne’mat Aminov bilan ham ilgari sal tanishib olgandim, yumoristik she’r va hajviy hikoyalarimni jurnalda ora-sira yoritib turardi. Xat orqali yuborgan Mirzaqand turkumidagi hajviyalarimni yoqtirib qolib, ketma-ketiga chop etishni boshladi-yu, meni o‘ziga tobora yaqin tutib, Toshkentga borsam choy ichdirmasdan jo‘natmaydigan bo‘ldi. Hajviyalarim hatto atoqli adib Said Ahmadga ham ma’qul kelganini aytib, bir gal meni juda shodlantirgandi.
Toshkentda orttirgan do‘stlarimdan biri qashqadaryolik yosh shoir Muhammad Rahmon edi. Talaba Yusuf Hamdamovnikidagi o‘tirishda tanishganimizdan so‘ng u bilan tez-tez uchrashib turadigan bo‘ldik. Kursdoshim Akramjon, Usmon Azim, Erkin A’zam kabilar ishtirokidagi bir ulfatchiligimizda magazindan vino olib, ko‘chada ichishga idish topolmaganimiz, shunda men bozorchadan katta sariq bodring topib uchini kesganim, ichidagi urug‘ni barmog‘imda kovlab chiqarib stakan yasaganim, undan sharob ho‘plaboq chetidan ozgina tishlab gazak qilaverishimiz oqibatida qadah tobora kichrayib boraverganini Muhammadjon doim kulib-kulib eslardi. Shu oshnam endi universitetni tamomlab, “Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir bo‘lib ishlar, bolalarga atalgan she’riy to‘plamim uning jonkuyarligi bilan 1980 yil nashr rejasiga kiritilgan edi.
Radioning adabiyot bo‘limida ishlovchi Usmon Azim she’rlarimni goh efirga tarqatib, tuzukkina qalampuli jo‘nattirib turardi. G‘afur G‘ulom nashriyotining bo‘lim muharriri Shavkat Rahmon bir turkum bitigimni “Yoshlik bayozi” to‘plamida chiqarib berdi.
Toshkentda daydib-daydib qaytmaganimda, bular qayoqda edi.

* * *
Radioda to‘rtta bo‘lim bor edi – o‘zbek, rus, tojik, qrim redaktsiyalari. Qaynotamdan so‘ng Shafoat ammam vafot etib, Bunyod o‘g‘lim tug‘ilgan 1980 yilning fevralida meni o‘zbekcha eshittirishlar bo‘limiga boshliq etib tayinlashdi.


“Bahromning hikoyalari” degan ikkinchi kitobim ham shu yili bosilib chiqdi. Qani endi, o‘n qop pulim bo‘lsa-yu, oxirgi tiyini tugab bitmagunicha “yuvdi-yuvdi”lardan bo‘shamay, tabrikka og‘iz juftlagan banda borki, har biriga alohida ziyofat beraversam!
Afsuski, yonchig‘im hamon yupqa edi. Toshkentga rov borib, muharririm Muhammad Rahmon orqali yig‘ilgan yosh ijodkor og‘aynilar uchun quyug‘idan suyug‘i ko‘p o‘tirishcha qilib berishga zo‘rg‘a yaradim.
Harqalay, so‘nggi paytlarda ro‘zg‘orimizga ancha qut kira boshlagandi. Ayam chevarchilikdan topib turibdi, mening cho‘ntagim oldingidan qappayganroq, ukalarim tobora qad rostlayapti – Akramniki oilasiga yetib turibdi, Tohir Rossiyaga meva-sabzavot olib borib sotishdan tuzukkina naf ko‘ryapti, Fayziobod beton buyumlar kombinati oshxonasida oshpazlik qilayotgan Avazbekka maoshdan tashqari haftasiga qo‘shimcha xom xarajat berib turishadi, armiyadan qaytgan Dilmurod militsionerlikka joylashib olgan. Faqat, ari uyasini eslatuvchi xonadonda g‘ujlanib yashash bilan bog‘liq qiyinchiliklar battardan oshib borayotgan, Tohir ukamning uylanishi bir muammoga o‘n muammo qo‘shgandek edi. Xayriyat, yosh kelinni yolg‘iz tashlab Rossiyada haftalab yurishni istamadimi, Tohir ukam avvaliga mayda-chuyda yumushlarga o‘ralashib vaqt o‘tkazdi, keyin Shahodat opam yashaydigan Rudnik-kondan yog‘liqroq ish topib, shofyorlik qila boshladi. Ko‘rpa-to‘shaklarini mashinaga yukladi-yu, ijaraxonaga xotinini ham olib ketdi.
Yoppasiga tuproqtom uylardan iborat bo‘lgan, otamiz eng katta meros qilib qoldirgan, nurab borayotgan duvollaridagi har qaysi kesakdan tortib, qarovga muhtojlikdan zardalanmay ozmi-ko‘p hosil tuhfa qilib turuvchi dov-daraxtigacha yuragimizning bir parchasiga aylanib ulgurgan g‘aribgina hovlimiz yechimi qiyin muammolarga limmo-limdek ko‘rinardi. Ammo o‘zimiz sezib-qadrlamagan holda, eng ulkan baxt, eng katta boylikka bo‘g‘zimizgacha ko‘milib yashayotgandik – hammamiz sog‘-salomat edik.
Ming shukurki, o‘zimning ham sog‘ligim joyida edi. Chetdan kuzatganlar buni bir narsadan sezib olishi qiyin emasdi – qornimning och-to‘qligi, sharoitning bor-yo‘qligidan qat’i nazar, qo‘lim sal bo‘shasayoq, tinimsiz yozayotgan, yozayotgan, yozayotgan edim.

* * *
Radioda ishlayotganimning uchinchi yili boshlanib, 1981 yilning qishi tugayotganida, raisimiz Doniyor akaning odamgarchiligi, ishni tezlashtirish uchun xodimimiz Toshturg‘un akaning yonimda idorama-idora yurishi natijasida, To‘qimachilar shaharchasiga tutash massivdan menga ikki xonali uy berildi. Yangi uylangan Avazbek ukam Tohir akasi bo‘shatib ketgan uyda yashayotgani uchun hozircha hovlimizda joy yetib turgandi, oilam bilan shaharga ko‘chishga shoshilmadim. Ishda yumushlarim kech tugasa, yangi uyimga borib, odamdek ovqatlanadigan, bemalol uxlaydigan bo‘ldim. Qishloqdagilar birda bir mehmonga kelib, supurib-sidirib ketishardi. Ba’zan oshna-og‘aynilar, ba’zan bu yerdan sal narida yashovchi Mashrab jiyanim qartaboz sheriklari bilan yig‘ilib, tun bo‘yi ulfatchilik qilishar, xonaning o‘rtasiga to‘shalgan yupqa ipsholcha ustida mast-alas g‘ujanaklanib qolguncha ichishardi. Insondek uxlashni istashganda ham, bu uyda o‘zimnikidan boshqa ko‘rpa yo‘q edi.


Boshpanali bo‘lganimdan so‘ng, radiodagi ishimga yanada unum qo‘shildi. Goho yuqori idoralarning kechki majlislarida qatnashardim, goho tungi soat to‘qqiz-o‘ngacha ishxonada qolib, kattakonlar topshirig‘iga ko‘ra shoshilinch tayyorlangan materiallarni kichik texnik Nasibaxon yordamida ertalabki efirga taxt qilgach, uyga ko‘nglim xotirjamlanib qaytardim.
Xodimlarimiz o‘zaro suhbatda, raisimiz bu yigitni o‘ziga o‘rinbosarlikka tayyorlayapti, deb qo‘yisharkan. Ishdoshim Abdumutal aka bir kuni shu haqda shama qilib qoldi. E, qo‘ysangiz-chi, shu ishimni eplab tursam ham katta gap, dedim-u, boshimda o‘z-o‘zidan bir o‘y chaqnadi: “Shu paytgacha qiziqib ko‘rmabman-a, o‘rinbosarimiz qancha oylik olarkin?”
Doniyor aka, sal o‘tmay, viloyat partiya qo‘mitasining tashviqot bo‘limi boshliqligiga ko‘tarilib ketdi-yu, bunday tusmol gaplar o‘z-o‘zidan barham topdi. Shu qo‘mitada uchinchi kotib bo‘lib ishlab yurgan Roza Karimova bizga rais etib tayinlandi.
“Yaltiroq tugma” degan qissamni bir yil oldin yozishga kirishib, asosiy qismini qoralamalab bo‘lgan edim. Yangi uydagi tinch sharoit qo‘l kelib, shuni chalaroq tarzda bo‘lsa ham bahor ichida oxiriga yetkazdim. Qissa, balki o‘sha yilning o‘zidayoq mukammal shaklga ega bo‘larmidi, lekin birdan sharoit o‘zgarib, ichimga tugib qo‘yganlarim – ayrim joylarga qo‘shimcha kiritishlar, jumlalarga qayta jilo berishlar niyatligicha qolib ketdi.
Yozning boshlarida, jontortar do‘stlarim qatorida turuvchi Muhammad Rahmon ishxonamdagi telefonga qo‘ng‘iroq qilib, muhim bir gap bor, tezda Toshkentga kelib keting, dedi. Bordim. Matbuotchilar oshxonasida birga tushlik qilayotib, juda shoshilinch chaqirib qoldingiz, yana birorta kitobimni chiqarmoqchimisiz, deb hazallashdim unga.
– Bundan ham zo‘rroq masala bor, – dedi Muhammadjon. – Ishqilib, Xudo yo‘lingizni ochsin.
Bilsam, “Yosh gvardiya” nashriyotining yangi bosh muharriri Erkin Vohidov “Bahromning hikoyalari” to‘plamimni bosmaxonaga topshirishdan oldin o‘qib ko‘riboq, kitob muharriri Muhammadjonni xonasiga chaqiribdi, men haqimda so‘rab-surishtirishga tushibdi. Muhammadjon hayron bo‘lib, bu yigit o‘zingizning Oltiarig‘ingizdan-ku, tanimaysizmi, desa, bir-ikki ko‘rishganmiz-u, tuzukroq gaplashganimizni eslolmayapman, debdi. So‘ng she’rlarim juda yoqqanligini aytib, bular menga bolalar adabiyotida yangilikdek bo‘lib ko‘rindi, yo adashdimmikan, deb savol beribdi.
– Bir Toshkentga kelib, ish topolmay ketgan edi, – deb gapni kerakli mavzuga buribdi Muhammadjon. – Shu yigitni Toshkentga olib kelolmaysizmi?
Buni eshitib, Erkin aka kulib yuboribdi:
– O‘zim ham xuddi shuni o‘ylab turuvdim. Boshqa joydan ish topsak, ularga nimasidir ma’qul kelmay qolishi mumkin. Yaxshisi, o‘zimizda birorta o‘rin bo‘shashini kutaylik. Bo‘shashi bilanoq, tezda esimga soling.
Bundan ikki-uch kun oldin bir muharrir bo‘lak tashkilotga ishga o‘tib, o‘rni bo‘shab qolgan ekan. Muhammadjon o‘sha kuniyoq Erkin akaning oldiga kirib, meni yodiga solibdi. Bugundan qoldirmay chaqiring, bir gaplashib ko‘raylik-chi, debdi Erkin aka.
– Bu joyga ishqiboz ko‘p, – dedi Muhammadjon. – O‘zimizdagi kichik muharrirlardan tortib, chetdagilargacha g‘izzo-g‘iz bo‘lishni boshlashdi. Erkin aka direktorga sizni shipshitgan bo‘lsa kerak, hozircha birovga yon bermay turibdi.
Aslida, muharrirlik lavozimi u yoqda tursin, kitob chiqarishga oid hujjatlarni rasmiylashtirib o‘tiruvchi kichik muharrir, imloviy xatolarga javobgar korrektor (musahhih), hatto kuni nashriyotu bosmaxona o‘rtasida bo‘zchining mokkisidek bordi-keldi bilan o‘tadigan yugurdak texnik xodim bo‘lib ishlashga ham shay edim. Ilon boshini kovakka sig‘dirib olsa bas, keyin sichqon undan qutulib bo‘pti!
Soat uchlarda Erkin akaning oldiga kirdik. Muhammadjon gap-gapga qovushguncha picha o‘tirdi-yu, men ishlab turay, bo‘lmasa, deb chiqib ketdi. Erkin aka diplom bo‘yicha kasbimni, qaerlarda kim bo‘lib ishlaganimni, turmush sharoitimni bir-bir surishtira ketdi, men borini boricha aytaverdim. Gap oilaviy ahvolimga borib taqalganda, Erkin aka na’ra tortib yuboray dedi:
– Beshta?! Xah ho‘-o‘! Shuncha bola bilan Toshkentga kelish uchun jasorat kerak bo‘ladi odamga. Jasoratga tobingiz qalay?
– Hammasiga chidayman, – dedim dadil. – Hatto uysizlikkayam.
Erkin aka uy muammosini biror yilda hal etishga harakat qilishini aytgan esa-da, to‘rt-besh yil boshpanasiz yurishga ham rozi edim.
– Tuguningizni tugib turavering, – nihoyat, kirganimdan beri men ilhaq bo‘lib kutayotgan gapni aytdi Erkin aka. – Direktorning oldidan yana bir marta o‘tib, ishni pishiray. Keyin sizga xabar qilaman.
Boshim ko‘kka yetdi degan so‘zning tub ma’nosini anglash uchun kishi mening shu topdagi holimga tushishi lozim bo‘ladi. Osmonda bo‘lgandayam, yettinchi osmonda edim. Quyosh tizimidagi barcha kezg‘ichlar allaqachon pastda qolib ketgandi.
O‘sha kuni boshqa bir narsadan ham quvondim – qishloqdosh do‘stim Abdusalom bilan polkdosh bo‘lgan eski og‘aynim Ahmadjon Meliboev bu nashriyotga yaqinda bosh muharrir o‘rinbosari etib tayinlangan ekan. “Yosh leninchi” gazetasida ishlayotganida, butun ittifoq miqyosidagi zarbdor jabhaga aylangan Qarshi cho‘lini o‘zlashtirishga bag‘ishlab bitgan “Qarshiga qarshi” dostonimni chiqarishga ko‘p uringandi; hatto bosh muharrir ham bosishga moyil bo‘lib turganida, kattaligidan gazetaning bir sahifasigayam sig‘mayapti, berolmaydigan bo‘ldik, deb birdan aynib qolishdi. Gazetaning madaniyat bo‘limida, bir opa ishlardi, ikki yilcha oldin unga ko‘rsatgan she’rlarimni ma’qul emas deb qaytarganida, ozgina aytishib qolgan edik; bilsam, shu ayol yana monelik qilibdi.

* * *
Sal o‘tmay, Toshkentdan xushxabar keldi. Iyunning o‘n beshinchi kunida raisimiz Roza O‘rinboevnaga ishimdan ozod etish haqidagi arizamni olib kirsam, sizni ancha-munchaga qo‘ldan chiqarmasdim-u, ko‘tarilishingizga to‘sqinlik qilolmayman-da, deb qo‘l qo‘yib berdi. Hayotiy tajribamdan kelib chiqib aytganda, ba’zida ishdan bo‘shash o‘zing suymagan xotin bilan ajrashayotgandek huzurbaxsh tuyuladi. Shu topda esa, Toshkentga qanchalar intiqib talpinayotgan bo‘lmayin, bu ishxonadagilardan ham ayrilgim kelmayotgandi.


Agar tug‘ma lanj bo‘lmasang, yaxshi kayfiyatda boshlayotgan yumushing unum keltirmay qolmaydi. Toshkentni zabt etishga qaratilagan ikkinchi yurishim oldidan chehram yashnoq, ko‘nglim sokin edi: opalarim bir etak-bir etak bolalarini erlari Sobirvoy, A’zamboy, To‘lqinboylarga boqtirib, tinchgina yashab o‘tirishibdi; Akram ukamga kolxoz tomonidan qurilgan kooperativ uylardan biri tegib, cho‘lda kun kechirish azoblaridan forig‘ bo‘ldi; Avazbek magazinchilikka o‘tib, o‘zini yanayam o‘ngladi, mototsikl sotib oldi, oilamizning umumqozoni jazlari, asosan, uning bo‘ynida; Dilmurod hanuz militsioner, leytenantlar maktabiga kirishga urinyapti; aka-ukalar o‘rtada to‘y qilib, kattaroq o‘g‘illarimizni maktab yoshiga yetmasidan “kestirib” olganmiz...
Bu paytda Tohir ukam yuk mashinasida dovon osha Qirg‘izistonning shimoliy mintaqalariga qatnayverishdan toliqib, Rudnik-konda bufetchilik qilishga o‘tgandi, tog‘-toshda yurmasdan shu yerga kelib yashayver, deb shahardagi uyimni unga berdim. Yaxshi o‘ylagan ekanman, ukam keyinroq ammamning o‘g‘li Mashrabga qo‘shilib, Kamchatkaga meva-sabzavot topshirib keladigan bo‘ldi, kartmoni bo‘rtib, qishloqdagi oilamizning pishiqqina tayanchiga aylandi. Ayamni ko‘pdan beri xavotirlantirib yurgan eski do‘ngalak uyni buzib, pastakroq bo‘lsayam, boshqa imorat qurishimizga katta ulush qo‘shdi, goho hatto bolalarimning kiyim-piyimiga ham parvo qilib turdi.
Toshkent sari shaylanuvni radiodagi mehmonxonada tunab qolganimda kechalari mashinkalab yurgan she’rlarim va nasrdagi biri bitgan, biri chala qo‘lyozmalarimni karton papkalarga yig‘ib, jomadonga joylab qo‘yishdan boshladim. Bularning aksariyatini bolalarga atalgan asarlar tashkil etardi, eng ishongan kuzur qartalarim shular ekaniga “Bahromning hikoyalari” kitobimga maqtovlar ko‘paygani sayin tobora iqror bo‘lib borayotgandim.
Erkin akaning taklifi haqida ishxonadagilargayam, uydagilargayam oxirgi pallagacha hech nima demagandim, to‘ydan oldin nog‘ora chalishni ilgaritdan yoqtirmasdim. Toshkentga ishga o‘tayotganimni ayamga radiodan bo‘shab borgan kunim aytdim. Ayam hayratga tushib, qachon ketishimni so‘ragan edi, bugun kechqurun poezdga chiqaman, dedim.

TUGALLOV

O‘zing bir botqon balchiqzorga boraturib, kovushingni tozalab ol.


Gulmat Shoshiy

Umrimning, asosan, qishloqda kechgan davri yakuniga yetgandi. Hayotimning bu qismida ilk bor inson fazoga uchgani (SSSR), Oy kezg‘ichiga qadam qo‘ygani (AQSh), sovet fazogirlari halokatga uchragani; ruslar endigina sinovdan o‘tkazayotgan harbiy raketa vositasida amerikaliklarning “U-2” ayg‘oqchi uchog‘i urib tushirilgani; Koreya urushi, bir millatning bo‘linib ketuvi, Vetnam urushi esa, ajratib tashlanganlarning birlashuvi bilan barham topgani; ikki ummonni tutashtiruvchi qazilma Suvaysh kanali, Misrda Osuan to‘g‘oni foydalanishga topshirilgani; chapani Xurushchyovning “omon-omon”ida yuz minglab siyosiy mahbuslar, urushda dushmanga asir tushgani uchun qamalgan askarlar ozodlikka chiqib, xalq dushmani sifatida otilganlardan ko‘pining nomi oqlangani; Otaturk qayta shakllantirgan Turkiyani but asrab qolish niyatida hokimiyatni harbiylar qo‘lga olgani; rangli televizor, qo‘poldan qo‘pol simsiz telefon, neylon mato, neytron bombasi, odam a’zosini ko‘chirib o‘tqazish kashf etilgani; Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi urushni to‘xtatish yuzasidan ikkala davlat rahbarlari O‘zbekistonda muzokara olib borib Tinchlik shartnomasini imzolagach, hindlar yetakchisi La’l Bahodir Shastri Toshkentda bandalikni bajo keltirgani; sovutgichlar, magnitofonlar, kir yuvish mashinalari qishloqlargacha kirib kelayotgani; jahonda eng uzunlardan hisoblanmish Baykal-Amur temir yo‘l magistrali barpo qilingani; qirg‘inbarot Afg‘on urushi boshlangani; Toshkentda metropoliten paydo bo‘lgani kabi tarixiy voqealarning shohidiga aylandim.


Javoharlal Neru, Stalin, Mao Sze Dun, Kim Ir Sen, general De Goll, Anvar Saodat, Chemberlen, Jon Kennedi, Anvar Xo‘ja, Indra Gandi, Fidel Kastro, Xoshimin, Yosir Arofat, Salvador Alyende yanglig‘ shov-shuvchi davlat arboblariga; janubiy amerikalik Chegevara, jazoirlik Jamila, amerikalik Marten Lyuter King, rossiyalik Soljenitsin, afrikalik Mandella kabi biri xalqining haq-huquqi, biri yurtining ozodligi uchun jonini tikib kurashgan ko‘lamdor isyonchilarga ozmi-ko‘p muddat zamondosh bo‘ldim.
Tag‘in aytsam... Gazeta parchasiga o‘rab chekiladigan badbo‘y maxorka; naychadum “Krasnaya zvezda”, “Priboy”, “Sever”, “Belomor kanal”, “Kazbek” papiroslari; “Pamir”, “Prima”, “Maxorochnaya”, “Layka”, “Kosmos”, “Shipka” sigaretlari zamonidan tortib, sovetlar yurtiga nihoyat chetdan (asosan, Bolgariyadan) kirib kela boshlagan “Tu-134”, “Styuardessa”, “BT”, “Rodopi”dek filtrlilar, hatto Kuba sigaralarni ko‘zko‘zlab tutatish davrigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim.
Millatchilik tuyg‘usi ko‘nglimda o‘z qo‘rg‘onini kunma-kun mustahkamlayotgandek edi. Bu tuyg‘u hayotda o‘z boshimdan o‘tkazgan, jismimda og‘ir asoratlar qoldirib ulgurgan ayrim kasalliklardan-da xatarliroq hisoblanmish ruhiy xastalik ekanini tushunib yetishim uchun hali ancha vaqt kerak bo‘ladi.
Kimlarga zamondosh bo‘lmadim, nelarni ko‘rmadim. Nasib etsa, hali yana ko‘raman.
Sovetlar mamlakatidagi kabi Yer kezg‘ichida ham aholi tinimsiz ko‘payib borayotgandi. Xomtamalikni qarangki, milliardlardan biri bo‘lib turgan Anvar Obidjon shu tor-tiqinlik ichra alohida ko‘zga tashlanish uchun o‘zicha terlab-potirlab irg‘ishlayotgan edi.

* * *
Erkin Vohidov bilan uchrashganimdan so‘ng, boshkentga ketishim oydinlashib qolgan chog‘larda, kunu tun o‘ylanib, o‘zimni tergab yurdim. O‘pkangni yanayam bosib ol, shoir. Endiyam yengilsang, bari tamom degani. Chohga ag‘darilish tugul, qattiqroq qoqinishdan ham asranishing shart. Yemishi yerda bo‘lsa-da, tuyalarga tepalanmaslik uchun to‘rg‘ay uchishni o‘rgandi. To‘rg‘ay tajovuzchi emasdi, shu bois tuyalar uning o‘zlaridan balandda ekanligini malol olmadi, ziyon yetkazishga urinmadi. Har yumushda yetti o‘lchab bir kesishing, yetmish o‘ylab bir so‘zlashing; og‘irchiliklarga, nohaqliklarga, qadrlanmasliklarga, ig‘vogarliklarga, hattoki kamsitishlarga – hamma-hammasiga sabr-toqat bilan chidashing; o‘zingni goh anqovlikka, goh omilikka, goh karlikka solib yashashing; biri biridan dag‘dag‘ador devlarning oyog‘i ostida majaqlangancha butkul nom-nishonsiz yo‘qolib ketmaslik uchun tirishib-burishib kuchanmog‘ing kerak bo‘ladi. Yana bir muhimi – eski kin-ginalarni ko‘nglingdan yoppasiga supurib tashla, yangi joyga top-toza yurak bilan kirib bor. Salobatini yo‘qotib bo‘lgan oilaning nufuzini boshqatdan ko‘tarmoqchi bo‘lsang, shularga qat’iy amal qilishga quvvat top. Eng avvalo, o‘ta sharmandali ishga qo‘l urishdan, jinoyat ko‘chasiga kirib qolishdan, ayniqsa, ehtiyotsizlik yoki jaholat bois ahmoqona o‘lib ketishdan o‘zingni asra.


Ko‘rinib turibdi, bu qadar ehtiyotkorlik, bu qadar hurkaklik ko‘nglimga mustahkam in qurib olsa, bo‘yin qisib yashash darajasida qo‘rqoqlashib ketmaymanmi; turmushda o‘ta qaltis vaziyatga tushib, nazokatli tuyg‘ularni chetga surib turish zarurati tug‘ilsa, bu ko‘nikmalar qurshovidan loaqal vaqtincha sug‘urilib chiqa olamanmi, deb bezillayapsan. Buni bilmadim, lekin u tomonini o‘ylab o‘tiraversang, bu tomonda sezilarli siljish yuz berishi qiyin...
Bunaqa o‘ylarning adog‘iga ham, tagiga ham yetib bo‘lmasdi. Xayollarga nuqta qo‘yishga intilardim – bu yog‘ini Xudoning ixtiyoriga havola qilib, yo‘lingdan dangal boraversang-chi. Ammo boshga tushganning barini ham Xudodan ko‘raverma, ko‘piga, baribir, o‘zing sababchi bo‘lasan.
Qandayligi menga tuzukkina ma’lum bo‘lgan manzilda meni noma’lum bir qismat kutmoqda edi. O‘shanda o‘ttiz besh yoshga to‘layotgandim. Toshkentga ketib, yana shuncha yashaymanmi, yo‘qmi, bilmasdim. Unib-o‘samanmi, tugalay oyoqosti bo‘lamanmi, bunisi ham qorong‘i edi. Tangrisini hanuz xira-yarim tanib yurgan men chalamusulmon banda faqat bir narsani – shu damgacha qay tarzda kun kechirib kelganimni bilardim, xolos. Bolalik – poshsholik, o‘smirlikdan boshlab esa, nuqul baxtimni qidirib yashadim.
Ba’zan boshimda ajib bir o‘y elovlanib, g‘oyibdan kelayotgan tovushdek, meni savolga tutardi – Yaratguchining amri ila hayotni yangitdan boshlashni istarmiding?
U vaqtda qanday javob qaytarishni bilmasdim, endi esa, hech ikkilanmasdan ayta olaman: nelardan yayrab, nelardan o‘ksigan, kimlarga talpinib, kimlardan bezigan bo‘lmayin; xuddi o‘sha muhitda, aynan o‘sha odamlar bilan birga boshqatdan yashashga roziman. Begona muhit – birovning uyi, u yerda biron-bir narsa ko‘zga issiq ko‘rinmog‘i dargumon. Bersangiz, yana o‘zimning kechmishimni bering. Faqat, joiz topsangiz, bittagina savolim bor – yangi hayotga, ozgina bo‘lsa-da, eng zarur o‘zgartishlarni kiritish mumkinmi?
Mumkin bo‘lsa, birinchi galda, loaqal, dadamni imkon qadar kamroq ranjitgan, ayamga ko‘proq dam bergan bo‘lardim; tili hali burrolanmasdan vafot etgan Homitjon ukam, Zuhraxon singlimni ko‘z qorachig‘imdek asrardim, ularni o‘sha la’nati dardlarga chalintirmasdim; bolaligimda boshini toshda chaqib o‘ldirgan gunohsiz chumchuqchani endi sekingina yerdan olib, tutdagi iniga avaylabgina joylab qo‘yardim. Keyin... agar-r, yana mumkin bo‘lsa...
Yana nimalar qilay? Nimalarni qilmayin? O‘zingiz shipshita qoling, yaxshilar...

Tamom


“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil 1-2-sonlar

ANVAR OBIDJON. KEKSA YAMOQCHI (HIKOYA)


Uni hamma Usta buva deydi. Haqiqiy oti Hikmatulloligini yaqinda dadamdan eshitib bildim. Uning yog‘ochdan qurilgan oynavand ustaxonasi to‘rtko‘cha guzaridagi ariqning yoqasiga joylashgan. Uch mahallaning bolasi uch tomondan yoprilib kelib xuddi shu guzarda birlashgach, taxta ko‘prikni taqira-tuqur tepalab o‘tib, maktab sari eltuvchi terakzor ko‘chani to‘zitganlaricha darsga oshiqishadi.
Odatiga ko‘ra, biron-bir narsani yamab-chatib, agar qo‘lida ish bo‘lmasa, qandaydir eski-tuski kitoblarni titkilab o‘tiruvchi Usta buva ko‘prik taraqlay boshlashi bilan ochiq derazadan shoshib tashqariga mo‘ralaydi. Durbinsimon ko‘zoynagi orqali bolalarning oyog‘iga ukkiday chaqchayib tikiladi. Birorta bolaning poyabzali jo‘yasizroq ko‘rinsa, “Hov, ko‘k ishtonli bola, o‘qishdan keyin menga birrov uchrab o‘t!” - deb qattiq tayinlab qoladi.
Bu cholni qariyb har kuni ko‘rib yursam-da, sira yuzma-yuz o‘tirib gaplashmagan edim. Zarurat tufayli, bir marta suhbatdosh bo‘ldim-u, o‘zim sezmagan holda unga elikdim-qoldim.
O‘shanda biz – “B” sinfdagilar ikkinchi “A”dagi tengqurlarimiz bilan qasdma-qasdiga futbol o‘ynadik. Yutib, rosa quvondik.
Ko‘pchilik qatori quvonishga quvondim-u, hovrim bosilgandan keyin oyog‘imga boqib, dod deb yuborishimga oz qoldi. Oyoqyalang to‘p tepganlar suvga bir oyoq tiqib olishib, hech narsa bo‘lmagandek uy-uylariga tarqalishdi. Men tagi ko‘chgan yap-yangi sandalimga tikilib, turgan joyimda serrayib turaverdim. Hujumda o‘ynab, o‘n to‘rtta gol urgan Berdivoyning botinkasi tugalay majaqlanib ketganini ko‘rganimdan keyin, meniki hartugur evidaroq ekanligidan ko‘nglim ko‘tarilib, sal o‘zimga keldim.
Mana, Usta buvaning oldida o‘tiribmiz. Yaxshi tomoni shundaki, agar yosh bola bo‘lsang, poyabzalni o‘nglatish uchun bu cholga pul to‘lashing shart emas. Kimning o‘g‘li ekanligingni aytsang bas, mog‘or daftarchaga arab harfida nimanidir yozib qo‘yib, indamasdan ishingni bitirib beraveradi. Boshqalar aytsa, ishonmay yurardim, endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rib bildim. Chol to‘g‘ri qiladi, hammaning dadasi ham bir kunmas bir kuni shu ko‘chadan o‘tadi-da.
Usta buva sandalimni qo‘liga oliboq: “Voh-h!” deb yubordi.
– Bu ulovchani juda qiynab tashlabsan-ku, deya menga ko‘zoynagining ustidan qiyalab boqdi u. – Kasalni do‘xtirga, poyabzalni yamoqchiga vaqtida ko‘rsatish kerak.
Usta buva, oldiniga, sandalimning tagiga yelim surtdi, temirtirnoqqa kiydirib, bolg‘ada urib-urib jipsladi. So‘ng ipga mum surtib, chetlarini bigizlab tikishga tushdi. Qo‘li ishda, og‘zi esa gapda bo‘ldi.
Qo‘l bo‘shaganda, tez-tez guzarga chiqib turinglar, bolajonlarim. Guzar aslida “kezar” degani. Goh-goh shu atrofda kezib tursalaring, ham bahri dillaring ochiladi, ham poyabzallaringni ko‘rigimdan o‘tkazib turasizlar. Do‘st boshga qaraydi, dushman – oyoqqa. Bu gapni men to‘qiganim yo‘q, donolar aytishgan. Yirtiq poyabzalda yurish-ku – g‘irt uyat, hatto butuniniyam tez-tez moylatib turgan tuzuk. Etikdan “nechchi yilga chidab berasan”, deb so‘rashsa, “yog‘lashingga qarab”, deb javob qilgan ekan. Endi kap-katta bola bo‘ldilaring, bunaqa gaplarni bilvolishlaring kerak...
Bekorchilikdan zerikkan Berdivoy dadasi Toshkentdan olib kelgan qalin muqovali kitobini jilddan sug‘urib, asta varaqlashga kirishdi. Vatanimiz tarixi va mustaqilligimiz ramzlariga bag‘ishlangan bu suratdor kitobni sinfdagi bolalarga qo‘shilib o‘n martacha ko‘zdan kechirgan bo‘lsam-da, undagi chiroyli-chiroyli rasmlarga boshqatdan mahliyo bo‘lib, sinfdoshimning pinjiga suquldim. Sahifalardan birini ochayotganimizda, Usta buva “nimani tomosha qilyapsizlar”, deb so‘rab qoldi.
– O‘zbekistonning gerbi bu, – dedi Berdivoy, suratni cholga ko‘z-ko‘zlab. – Manavi yonida – bug‘doy. Bu tomonida – paxtlar. O‘rtadagisi – Humo qush...
– Humo qush baxt keltiradi degani rostmikin? – deb so‘radim men.
– Bu to‘g‘ri gap, – dedi usta buva, sandalimga bigiz suqayotib. – Yaydoqi tilda bu qushni Humoy deyishadi. Kimningdir birdan ishi yurishib ketsa, “boshiga Humoy qo‘nib qoldi”, deb qo‘yishlari bejizmas. Ana, mahallamizdagi taqachining oti ham Humoyiddin. Qo‘shni mahallada Humoy xola degan kampir bor...
Shundan so‘ng, Usta buva, eng og‘ir paytda ajdodlarimizga bir ko‘rinish berib, qayta yuz ko‘rsatmagan bu tabarruk qush haqida rivoyat so‘zlab berdi. Uning aytishicha, Nuh payg‘ambardan keyin yer yuzida yana odamlar ko‘payib, aslida yaqin qarindoshlar ekanligini borgan sari esdan chiqara boshlashibdi. Bir-birining mulkiga, bir-birining kentiga ko‘z olaytirishlar avjga minibdi. Qadim-qadimda Chin xoqoni ochko‘zlik qilib bizning o‘lkamizga qo‘shin tortibdi, boyliklarimizni talab, elatiiz boshiga ajal yog‘diribdi. Qirondan omon qolganlar, qocha-qocha tog‘dan oshib o‘tishib, kimsasiz bir vodiyga borib qolishibdi. Yovdan qutulgan bo‘lsalar-da, oziq-ovqatlari tugagani bois, endi ochlikdan qirila boshlashibdi.
Ana shunday ayanchli kunlarning birida olis daralar tarafdan alla aytayotgan onaning tovushidek tiniq va o‘ta yoqimli sas taralishga tushibdi:
– Hu-u, moy! Hu-u, moy!
Oqsoqollardan birovi bunda qandaydir sir borligini payqabdi-yu, bir necha yigitni yoniga olib, “Hu-u, moy!” degan tovush tinimsiz takrorlanib turgan yoqqa yetaklabdi. Ular botqog‘u qamishzorlardan o‘tishib, haybatli-haybatli daraxtlar unda-bunda bo‘y cho‘zib turgan keng o‘tloqqa yetib borishibdi. Qarashsa, hammayoqni qoplab olgan yovvoyi arpa va zig‘irlar pishib-etilib yotganmish. Allaqachon pishib to‘kilgan zig‘irlar oftobda erib, moy bo‘lib oqib turganmish. Baland qayrag‘ochning uchiga qo‘nib, to‘xtovsiz sayrayotgan, boshida zar popildirig‘i bor go‘zal qush och odamlarni shu moyga chorlab jon kuydirayotgan ekan.
Ko‘p o‘tmay, bu yerga boshqalar ham yetib kelishibdi. Moyda arpa qovurib yeb, o‘limdan saqlanib qolishibdi. Kuchga to‘lgan yigitlar qaytadan qo‘shin tuzishib, chinlik yog‘iylarni bobomeros yurtlaridan haydab chiqarishibdi...
Humo qush rivoyati bahonasida Usta buva bilan gapimiz qovushib ketdi. Biz kitobni paypaslab-paypaslab, tortinmasdan cholni savolga tutaverdik, u ishini to‘xtatmay, bizni gapga ko‘mizaverdi. Gohida, nahotki shu yamoqchi chol o‘qituvchi opamizdan ham ko‘proq narsani bilsa, deb o‘ylab qo‘yardim. Masalan, maktabda “Semurg‘ – afsonaviy mo‘‘jizakor qush” degan gapni eshitganman, xolos.
Usta buva esa, bu qush haqida ajoyib hikoyat so‘zlab berdi.
Qadimda Turon bilan Eron o‘rtasida juda ko‘p urushlar bo‘lgan ekan. Rivoyatga ko‘ra, Semurg‘ voqeasi hali To‘maris momomiz bosqinchilar shohi Kurushning kesilgan kallasini qonli meshga tiqishidan ham, dovyurak cho‘ponimiz Shiroq forslarning butun boshli lashkarini hiyla bilan sahroda tor-mor qilishidan ham ancha ilgari bo‘lib o‘tgan ekan.
Yurtimizga tajovuz solgan forslarning bir qarashda po‘mqarg‘aga o‘xshab ketuvchi, lekin jussasi tovuqdan ikki baravar katta qushlari bo‘lib, ular jang vaqtida raqib askarlarining boshidan tosh yog‘dirishga o‘rgatilgan ekan. Ochiq jangda yengilish nimaligini bilmaydigan Turon lashkari qushlar hujumidan katta talofat ko‘ra boshlabdi.
Qutli ota degan avliyosifat qariya bo‘lgan ekan. U tap-taqir dashtda bog‘ yaratib, daraxtlarni o‘zi qazigan quduq suvida sug‘orar, mevalarga almashib olingan narsalar bilan tirikchilik o‘tkazar ekan. Turon jangchilarining boshiga tushgan kulfatni bilgach, ich-ichidan ezilib: “E, qodir egam, tug‘ilgan uyini qo‘riqlashga jon tikkan, ota-bobolari qabrini asrayotgan yurtdoshlarimni o‘zing qo‘llamasang, boshqa kim adolat qila oladi?” – deya kunu tun tangriga sajdadan bosh ko‘tarmabdi. Sajdaning qirqinchi kuni tong g‘ira-shirasida allaqanday sharpalar ko‘rinibdi. Biri burgut, biri lochin, biri turnaga o‘xshab ketuvchi qushlar bir joyga to‘planaveribdi. Keyin yunglaridan rangdor nurlar taralayotgan yosh bo‘ri paydo bo‘libdi, qushlar undan hurkimay, qadlarini g‘oz tutib, qanot kerishibdi.
Bo‘ri parrandalarning ko‘ksini tishlab qonatgach, ular mittigina bir qushning yoniga galma-gal kelishib, qonlarini uning patlariga surtib o‘ta boshlashibdi. Qonlar surtilgan sayin, mitti qushcha kattalasha borib, oxiri ulkan qushga aylanibdi.
Bosqinchilarning toshotar quzg‘unlariga havoda qiron solib, turonliklar g‘alabasiga yo‘l ochib bergan nihoyatda kuchli, o‘ta tezuchar bu qush so‘nggi jangdan keyin o‘lkamiz uzra tinsiz charx uribdi, tog‘larni burgut shakliga kirib, sahrolarni lochinga aylanib, dala-dashtlarni turna bo‘lib kezib chiqibdi. Oxiri Qutli otaning bog‘ida bir kecha bulbul bo‘lib sayrabdi. Erta saharda yana o‘z shakliga qaytib, ko‘kka parvoz qilibdi, shu zayl yuqorilab boraveribdi, yuqorilab boraveribdi va birdan yarq etib chaqnabdi-yu, quyoshning ilk nurlariga qorishib ketibdi.
Necha zamonlar o‘tib, hatto ko‘plab daryo va tog‘larning nomi ham o‘zgaribdi. Ammo semirtirilgan ma’nosini anglatuvchi o‘sha xaloskor qush birda “semiriq”, birda “semurug‘”, “semurg‘” tarzida tildan tilga uchib, dildan dilga qo‘nib, afsonalarda mangu yashab qolaveribdi...
Sandalim bitib, navbat Berdivoyning botinkasiga keldi. Uzatilgan botinkaga boqiboq, Usta buvaning kapalagi uchdi.
– Oldimga nimani sudrab kelding? – deya Berdivoyni o‘dag‘ayladi u, botinkani olgisi kelmay. – Buningni tuzatish o‘likni tiriltirishdek gap-ku! E-e...
Berdivoy nima deyishni bilmasdan, shumshayganicha turib qoldi. O‘rtoqchilik hurmati o‘rtaga tushmoqchi bo‘lib, endigina yalinishga chog‘langanimda, Usta buvaga tuyqus insof kirdi, “uzat buyoqqa”, deya tumtaygan kuyi botinkaga qo‘l cho‘zdi. Ishga kirishib ham anchagacha qovog‘i ochilmadi. Chamasi, botinkani “tiriltirish” juda og‘ir kechayotgandi.
Bu ahvolda choldan sado chiqishi mushkulligini sezganimizdan so‘ng, o‘zaro g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qilib yana kitob varaqlashga tushdik. Suratlar ostidagi qisqa-qisqa yozuvlardan Kushonu Eftalitlar haqida tushuncha hosil qilishga tirishdik. Qon tusini olgan maydondagi qizg‘in jang tasvirlangan qo‘shsahifani ochib, uzoq termilib qoldik. Kutilmaganda, Usta buva tag‘in tilga kirdi:
– Kim u... otda savalashib turgan?
– Spitamen! – deya negadir quvonib javob qaytardi Berdivoy.
– Spitamen nima degani o‘zi, bilasizlarmi?
Biz cholning ko‘ziga jovdirab boqdik. Qiziq savol bo‘ldi-ku. Spitamen – barchamizga qo‘yiladigan otga o‘xshash bir ot-da.
Paydo bo‘lgan jimlik uzoqqa cho‘zilmadi. Usta buva yangi rivoyatni boshladi. Rivoyatdan ma’lum bo‘lishicha, tovushi yo‘g‘onlashib qolgan o‘spirinlarning turli qishloq-ovullardan yaylovga chiqib kelib, kuchini sinash uchun zo‘rni qidirib kurashish odati qadim zamonlardan qolgan ekan. Yilqichilar ovulidan keladiganlar orasidagi novcha o‘spirinni hech bir ovulning kurashchisi yengolmas ekan. Oxiri unga qattiq alamzada bo‘lgan echkiboqarlar uzoq bir ovuldan nomdor kurashchi yigitchani topib kelishib, bu bizning kurashchimiz deya novcha yilqiboqarni bellashuvga chorlabdi.
Kuchlar teng kelib, bellashuv uzoqqa cho‘zilib ketibdi. Bir mahal shamol turib, to‘zon ko‘tarilibdi. Tomoshabinlar changga ko‘milgan kurashchilarni ko‘rolmay qolgan bo‘lsalar-da, olishuv to‘xtamabdi. Talay vaqt o‘tgach, “Hayt!” degan qichqiriq yangrab, kimningdir gursillab yerga yiqilgani eshitilibdi. Tomoshabinlar kim yiqilganini bilolmay turishganda, yilqichilarning novcha kurashchisi to‘zon ichidan ovoz qilibdi:
– Ustindamen! Ustindamen!
Shu-shu, bu novcha o‘spirin borliq ovullardagi kurash ishqibozlari-yu, taniqli kurashchilar orasida “Ustindamen” nomi bilan tobora mashhurlanib boraveribdi. Yillar o‘tib, Iskandarning son-sanoqsiz lashkari yurtimizga bostirib kirganda, tengsiz qilichboz, tug‘ma kamonchi saglar, o‘limdan qaytmas so‘g‘dlar, nayzada tuxumni uradigan otliqlari bilan dovruq taratgan massagetlar bu pahlavon atrofida bir tan, bir jon bo‘lib birlashibdilar va forslar mamlakatini uch oyda yanchib o‘tgan qudratli yunon qo‘shinlariga uch yil mobaynida ayovsiz qirg‘in solishibdi. Jasur askarboshining ismi yunonlar tilida “Spitamen”ga aylanib, bu nomni eshitganda yuraklarini vahima qoplaydigan bo‘libdi...
O‘tmishimiz, kimligimiz haqida qiziq-qiziq gaplarni so‘zlab beradigan shunaqa bobom yo‘qligidan o‘shanda qattiq afsuslanganimdanmi, har gal maktabga borayotib, guzardagi yog‘och do‘koncha tomonga orziqib qarayman. Derazadan ukkidek mo‘ralab turgan Usta buvaga quyuq salom berib, e’tiborini tortishga urinaman. Ammo, urinishlarim doimgidek yelga sovriladi. Chunki mening va boshqa bolalarning salomiga shunchaki bosh qimirlatib qo‘yish bilan kifoyalanuvchi bu ajabtovur cholning butun diqqati shu topda o‘tkinchilarning oyog‘iga qaratilgan bo‘ladi. Ba’zan, sandalim yana yirtilsaydi, deb o‘ylab qo‘yaman.

1999 yil
HANS KRISTIAN ANDERSEN. CHAQMOQTOSH (ERTAK)


Bir askar yo’lda ketib borardi: Bir-ikki! Bir-ikki! Orqasida xaltasi-yu yonida qilichi. U, urushdan uyiga qaytmoqda edi. Yo’lda unga juda xunuk va qari bir jodugar kampir uchradi. Uning pastki labi ko’kragiga osilib tushgan edi.
— Salom, askar! — dedi jodugar kampir. — Juda katta xal-tang va ajoyib qiliching bor ekan! Chindan ham azamat askar ekansan! Har tomonlama durust ekansan-u, biroq cho’ntakla-ring bo’sh ekan. Istasang, senga pul beray, askar!
— Rahmat, jodugar kampir. Puldan ahmoqlargina bosh tortadilar, — dedi soldat va cho’ntagini tutdi.
— Yo’g’ey! — dedi jodugar kampir, — bir oz sabr qil. Hov anavi katta daraxtni ko’ryapsanmi? — Kampir shu yaqindagi bir daraxtni ko’rsatdi. — Uning ichi bo’sh. Daraxtga chiq, tepasida kavagi bor, shu kavakka kir-da, eng pastiga tush. Men bo’lsam sening belingga arqon bog’layman va qachon tort deb qichqirsang, tortib olaman.
— Men bu kavakka kirib nima qilaman? — deb so’radi askar. 
— — Pul olib chiqasan, — dedi jodugar kampir. — Bu daraxt oddiy daraxtlardan emas. Sen uning eng tagiga tushganingda, uzun yerosti yo’lni ko’rasan. U yer judayam yorug’, kecha-kunduz yuzlab lampalar yonib turadi. Yerosti yo’li bilan to’ppa-to’g’ri ketaver. Eng oxiriga yetganingda uchta eshikka duch kelasan. Eshiklarning kaliti og’zida turadi. Burasang, eshik ochilib ketadi.
Birinchi uyga kirishing bilanoq, kattakon sandiqni, uning ustida bo’lsa bir it o’tirganini ko’rasan. Bu itning ko’zlari xuddi piyoladay keladi. Lekin sen qo’rqma! Men senga o’zimning ko’k katakli fartug’imni beraman, uni yerga yozgin, itni qo’rqmasdan ushlab ol-da, darrov uni fartug’im ustiga o’tqiz. Undan so’ng sandiqni ochgin-da, pullarni xohlaganingcha ol. Lekin bu sandiqda faqat chaqa pullar bor, xolos. Agar kumushini xohlasang, ikkinchi uyga kir. U uyda ham sandiq bor. Sandiq ustida ko’zlari xuddi tegirmon toshiday keladigan it o’tiradi. Lekin sen undan sira qo’rqma. Uni tutib ol-da, fartuqqa o’tqiz, so’ngra kumush pullarni olaber. Agar xohlasang, istaganingcha tillaga ham ega bo’la olasan. Buning uchun uchinchi uyga kirsang, bas. Uchinchi uyning o’rtasida tilla bilan liq to’la sandiq turadi. Sandiqning ustida o’tirgan it shunday kattaki, uning har bir ko’zi gumbazday keladi. Uni mening fartug’imga o’tqaza olsang — sening baxting: it senga tegmaydi. Keyin istaganingcha tillalarni olaverasan.
— Bu-ku, yaxshiku-ya, — dedi askar, — lekin sen bular evaziga mendan nima olasan, jodugar? Axir, mendan biror narsa kerakdir senga.
— Men sendan bir chaqa ham olmayman, — dedi jodugar kampir. — Faqat sen menga buvim pastga oxirgi marta tush-ganida unutib qoldirgan eski chaqmoqtoshni olib chiqib bersang bo’lgani.
— Xo’p, mayli, belimga arqon bog’la! — dedi askar.
— Bo’ldi! — dedi jodugar kampir. — Ma, katakli fartug’imni ol.
Askar daraxtga chiqdi. Kavakning ichiga tushdi. Hammasi jodugarning aytganidek bo’lib chiqdi: askar ko’rsa — yo’lak kun-duz kuniday yorug’, unda yuzlarcha lampalar yonib turar edi.
Askar to’ppa-to’g’ri borib yo’lakning oxiriga yetdi. Undan nari yo’l yo’q edi. Askar og’izlarida kalitlari bo’lgan uch eshikni ko’rdi.
Askar birinchi eshikni ochib, ichkari kirdi. Uyning o’rtasidagi sandiqda ko’zlari piyoladay bir it o’tirar va askarga tikilar edi.
— Juda ajoyib-ku! — dedi askar, u itni ushlab olib jodugarning fartug’iga o’tqizdi. It shu choq jim bo’lib qoldi; askar sandiqni ochdi-da cho’ntaklarini chaqaga to’lg’azdi. Keyin sandiqni yopdi, itni qaytadan uning ustiga o’tqizdi, o’zi bo’lsa ikkinchi uyga qarab jo’nadi.
Jodugar kampir to’g’ri aytgan ekan — bu uydagi sandiq ustida ko’zlari tegirmon toshiday bir it o’tirardi.
— Xo’sh, nega menga bunchalik o’qrayding? Yana ola ko’zlaring qinidan chiqib ketmasin! — dedi askar va itni tutib olib, jodugar kampirning fartug’iga o’tqizdi, o’zi bo’lsa sandiqqa yopishdi.
Askar sandiqdagi kumush pullarni ko’rdi-yu, cho’ntaklaridan chaqa pullarni olib tashladi. Keyin har ikki cho’ntagini va xaltachasini kumush bilan to’lg’izdi. Nihoyat askar uchinchi uyga kirdi. Kirishi bilanoq og’zi ochilib qoldi. Butun bir mo’jiza! Uyning o’rtasida oltin sandiq turardi, sandiqning ustidagi itning ko’zlari ikki gumbazday kelar va eng tez yura-digan arava g’ildiragiday aylanardi.
— Salom alaykum! — dedi askar va go’yo generalga salom berganday oyoqlarini urib ta'zim qildi.
Lekin askar uzoq qarab turmadi. Itni birdaniga ko’tarib oldi-da, jodugar kampirning fartug’iga o’tqizdi, o’zi esa sandiqni ochdi. O’h-ho’! Bu yerda shuncha tilla bor ekanki, bu tillalarga butun bir shaharni, butun o’yinchoqlarni, barcha qalayi askarchalarni, hamma yog’och otchalarni va dunyodagi hamma shirin kulchalarni sotib olsa bo’lardi. Hammasiga yetib ortardi!
Shu yerda askar cho’ntaklaridagi va xaltachasidagi kumush pullarni olib tashladi-da, ikki qo’llab sandiqdan tillani hovuchlay boshladi. U tilia bilan cho’ntaklarini, xaltachasini, shapkasini va etik qo’njilarini to’ldirdi. Tillaning og’irligidan askar zo’r-bazo’r o’rnidan turdi. Endi u puldor bo’lgan edi!
U itni yana sandiqqa o’tqizdi, keyin eshikni yopdi-da, yuqoriga qarab:
— Hay, meni tortib ol, jodugar kampir! — deb baqirdi.
— Chaqmoq toshimni oldingmi? — deb so’radi jodugar kampir.
— Rostdan ham sal bo’lmasa chaqmoqtoshingni unutayozgan ekanman! — dedi soldat va orqasiga qaytib chaqmoqtoshni oldi.
— Qani, tort! Sening chaqmoqtoshingni topdim! — deb qichqirdi u jodugar kampirga.
Jodugar uni yuqoriga tortib chiqardi, askar yana katta ko’chaga chiqib oldi.
— Qani, chaqmoqtoshni ber-chi menga! — dedi jodugar kampir.
— Senga bu chaqmoqtosh nimaga kerak, jodugar kam-pir? — deb so’radi askar.
— Nima ishing bor! — deb javob berdi jodugar. — Sen axir pullarni olding-ku, menga chaqmoqtoshni berda endi.
— Ha, yoqadimi, — dedi askar. — Chaqmoqtoshning senga nima keragi bor? Hozir ayt, bo’lmasa qilich bilan boshingni uzib tashlayman.
— Aytmayman! — dedi jodugar kampir.
Shunda askar qilichini chiqarib jodugar kampirning kallasini kesib tashladi, jodugar kampir yerga yiqildi-yu, shu ondayoq jon berdi. Askar bo’lsa, jodugaming katakli fartug’iga o’zining hamma pullarini tugdi-da, tugunini orqalab, to’g’ri shaharga qarab yo’l oldi.
Shahar katta va ajoyib edi. Askar eng katta musofirxonaga borib tushdi, o’ziga eng yaxshi uylarni ijaraga oldi va o’zining eng sevgan taomlarining barchasini keltirishni buyurdi — axir u endi badavlat bo’lib qolgan edi-da!
Uning etigini tozalayotgan xizmatkor, shunday boy janob-ning bunday eski etik kiyganiga hayron qoldi — axir hali askar yangisini olib ulgurmagan edi-da. Lekin ertasi kuni u o’ziga eng yaxshi kiyimlar — pat suqilgan shlyapa va jaranglaydigan shpori bor etik sotib oldi.
Endi askar haqiqiy to’ra bo’lib oldi. Unga bu shaharda bo’lgan butun mo’jizalar haqida ham, qirol va uning qizi mali-ka haqida ham so’zlab berdilar.
— Bu malikani qanday qilib ko’rsa bo’ladi? — deb so’radi askar.
— Ko’rishning hech iloji yo’q, — dediiar unga. — Malika baland devorlar va tosh minoralar bilan o’ralgan katta bir mis qo’rg’onda yashaydi. U yerga qiroldan boshqa hech kim na kira oladi va na chiqa oladi, negaki qirolga qizining peshonasiga oddiy bir askarning xotini bo’lishlik yozib qo’yilgan, deb aytganlar. Qirolga esa oddiy bir askarga qaynota bo’lish, albatta, yoqmaydi. Shuning uchun ham u malikani yopiq joyda saqlaydi.
Malikani ko’rish mumkin bo’lmaganligiga askar ancha achindi, shunday bo’lsa-da uzoq qayg’urmadi. U malikasiz ham juda shod kun kechirdi: teatrlarga bordi, qirol bog’ida sayr qildi va kambag’allarga pul ulashdi — axir u, cho’ntagida bir chaqasiz yurishning qanday yomon ekanini o’z boshidan kechirgan edi-da!
Demak, askar boy ekan, yaxshi yashab, yaxshi kiyinarkan, shunday bo’lgandan keyin uning og’aynilari ham ko’paydi. Hammalari uni yaxshi yigitcha, haqiqiy to’ra deb atardilar, bu esa unga juda yoqardi.
Shunday qilib askar pullarini ayamay sarf qilaverdi va bir kun qarasa cho’ntagida hammasi bo’lib ikki chaqa qolipdi, xolos. Shundan keyin askar yaxshi uydan tomning qoq tagida-gi tor hujraga ko’chib chiqishga majbur bo’ldi. Kechirgan kun-larini yana esladi: etigini o’zi tozaladi va undagi yirtiqlarni o’zi yamadi. Og’aynilaridan hech qaysisi ortiq uni kelib ko’rmay-digan bo’ldi, chunki uning oldiga chiqish uchun juda balandga ko’tarilish kerak edi.
Bir kun kechqurun askar o’z hujrasida o’tirardi. Kun qorayib ketdi, uning hatto shamga ham puli yo’q edi. Shu choq jodugar kampirning chaqmoqtoshi esiga tushib qoldi. Askar chaqmoqtoshni oldi-da, o’t chiqara boshladi. U o’tchaqarga urgan edi hamki, eshik lang ochilib ketdi va xuddi ko’zlari piyoladay bo’Igan it chopib kirdi. Bu it askarning yer ostidagi birinchi uyda ko’rgan iti edi.
— Nima buyurasan, askar? — deb so’radi it.
— Iye, mana bunisi ajoyib bo’ldi-ku! — dedi askar. — Chaqmoqtoshning biror hikmati bor ko’rinadi. U meni yomon kunlardan qutqazmasmikan? Qani, menga pul keltir-chi! — deb buyurdi itga va... — bir! deguncha it g’oyib bo’ldi, — ikki deyishi bilan it darhol hozir bo’ldi, uning tishida chaqa pullar to’la kattakon bir xalta bor edi.
Askar o’zidagi chaqmoqtoshning qanday ajoyib narsa ekanini endi tushundi. o’tchaqarga bir marta ursa, bas edi — chaqa pul to’la sandiqda o’tirgan — ko’zlari piyoladay it hozir bo’lar edi, ikki marta ursa-chi — ko’zlari tegirmon toshidek keladigan it, uch marta ursa — har bir ko’zi gum-bazday keladigan it uning oldida hozir bo’lardi. Birinchi it unga chaqa, ikkinchisi esa kumush pullarni, uchinchisi toza tilla keltirardi. 
Askar yana boyib ketdi, u eng yaxshi uylarga ko’chib chiq-di, yana olifta kiyimlar kiyib yuradigan bo’ldi. Uning hamma og’aynilari yana unikiga kela boshladilar va uni juda yaxshi ko’rib qoldilar.
Bir kun askarning boshiga bir o’y keldi: «Xo’sh, nega men malikani ko’rmayin? Hamma uni juda chiroyli deb ta'riflaydi-ku. Agar u o’z umrini mis qo’rg’onda, baland devorlar va minoralar ichida o’tirib o’tkazsa, bundan nima foyda? Qani, mening chaqmoqtoshim qayda?»
o’tchaqarga bir marta urgan edi, shu onning o’zidayoq ko’zlari piyoladay it hozir bo’ldi.
— Gap bunday, azizim! — dedi askar. — Endi rosti, kech bo’lib qoldi. Ammo men bir nafas bo’lsa-da malikani ko’rmoq istayman. Qani, jo’nab qol!.. — It shu ondayoq chopib ketdi va askar ko’z ochib yumguncha qaytadan hozir bo’ldi, uning ustida esa uxlaganicha malika yotardi.
Malika juda ham ajoyib va go’zal edi. Birinchi qarashda-yoq uning chinakam malika ekanligi ko’rinardi, buni ko’rgan askar, uni o’pishdan o’zini sira to’xtatolmadi. Axir u boshidan tovonigacha jasoratli yigit bo’lgan chin askar edi-da!
Keyin it malikani qanday olib kelgan bo’lsa, shunday eltib qo’ydi.
Ertalabki choy vaqtida malika it bilan askar haqida juda g’alati tush ko’rganini qirol bilan qirolichaga so’zlab berdi, go’yo u itning ustida yotib borar emish va qandaydir askar uni o’pgan emish.
— Bunisi nimasi? — dedi qirolicha, bu tush unga unchalik yoqmadi.
Ertasi kun kechasi malikaning yotar joyiga qari bir kanizakni poyloqchi qilib qo’ydilar. o’sha gap haqiqatan ham tush edimi yoki boshqa bir narsa ekanini bilib olish kerak edi.
Askar esa yana go’zal malikani o’lgudek sog’inib qoldi. Shunday qilib kechasi mis qo’rg’onda kechagi it paydo bo’ldi, malikani ko’tarib olib, kuchining boricha yugurdi. Shu on qari kanizak suv o’tmaydigan etigini kiyib uning ortidan quva ketdi. It malika bilan katta bir uyga kirib ketganini ko’rib, kanizak: «Endi biz muttahamni topa olamiz», deb o’yladi va uyning darvozasiga bo’r bilan katta butning rasmini soldi, o’zi bo’lsa, bemalol uyiga uxlagani ketdi. Lekin it malikani qaytarib eltayotganida darvozadagi butni ko’rib qoldi va shu ondayoq nima gap ekanini payqadi. U, bir bo’lak bo’r olib, shaharning barcha darvozalariga but alomatini qo’yib chiqdi. Bu juda puxta o’ylangan edi: endi kanizak kerak bo’lgan darvozani hech bir kimsa topa olmas edi — axir hamma darvozaga butning rasmi chizilgan edi.
Erta azonda qirol bilan qirolicha keksa kanizak va butun ofitserlar bilan birga malikaning kechasi itga minib qayoqqa borganini ko’rmoq uchun jo’nadilar.
— Mana bu yerga kelgan ekan! — dedi qirol birinchi eshikdagi but alomatini ko’rib.
— Yo’q, mana bu eshikka kelgan! — dedi qirolicha boshqa darvozadagi butni ko’rib.
— Anavi yerda ham but, bu yerda ham! — dedilar ofitser-lar. Ular qaysi darvozaga qaramasinlar, hammasida ham bo’r bilan chizilgan but alomati bor edi. Shunday qilib, hech qan-day natijaga erisha olmadilar.
Ammo qirolicha faqat aravaga tushib yuruvchigina emas, balki hamma narsaga aqli yetadigan usta bir xotin edi. U xizmatkorlariga o’zining tilla qaychisini va bir parcha shohi keltirishni buyurdi, keyin kichkinagina chiroyli xaltacha tikdi. So’ngra bu xaltachaga qora bug’doyning kepagini soldi va uni malikaning orqasiga bilintirmay bog’lab qo’ydi. Undan keyin malika askarning oldiga borayotganda yo’lma-yo’l oz-ozgina sepilsin uchun xaltachani teshib qo’ydi.
Kechasi it yana paydo bo’ldi, malikani o’zining yelkasiga mindirib askarga eltdi. Askar esa malikani shunday yaxshi ko’rib qoldiki, joni-dili bilan unga uylanishni va shahzoda bo’lishni orzu qildi.
It juda tez chopdi, u kepakning mis qo’rg’ondan tortib askarning uyiga qadar butun yo’l bo’yi to’kilib borganini hech bir sezmadi.
Ertalab qirol bilan qirolicha saroydan chiqdilar, yo’lga qaradilar va darhol malikaning qayoqqa borganini bildilar. Askarni tutib, qamoqxonaga qamatib qo’ydilar.
Askar panjara orqasida uzoq o’tirdi. Qamoqxona juda qorong’i va ko’ngilsiz edi. Bir kun qorovul, askarga:
— Ertaga seni osadilar, — dedi.
Askar qayg’urdi. o’limdan qanday qilib qutilish yo’Iini rosa o’yladi, ammo o’ylab-o’ylab hech narsa topolmadi. Axir askar o’zining ajoyib chaqmoqtoshini uyda unitib qoldirgan edi-da.
Ertasi kuni ertalab askar kichkina tuynukcha yoniga borib, temir panjara orasidan ko’chaga qaradi. Xalq askarni qanday qilib osishlarini ko’rish uchun to’da-to’da bo’lib shahar chetiga borayotgan edi. Do’mbiralar chalindi, lashkarlar o’tdi. Shu vaqtda qamoqxonaning yonidan teri fartuqli, yalang oyoqlariga tufli kiygan qandaydir bir yamoqchi bola chopib o’tdi. U sakrab-sakrab chopardi, birdan uning bir tuflisi chiqib ketib, to’g’ri askar yotgan qamoqxonaning panjarasiga kelib urildi.
— Hay, yigitcha, shoshilma! — deb qichqirdi askar. — Men hali bu yerdaman, mensiz u yerda hech ish qilisholmaydi! Agarda sen mening uyimga chopib borib, chaqmoqtoshni olib kelsang, men senga to’rt tanga beraman. Qani, tez bo’l! Oyog’ingni qo’lingga olib yugur!
Yigitcha to’rt tangani olishdan toymasdi, chaqmoqtoshni keltirish uchun o’qday otildi, uni tezda olib keldi, askarga topshirdi va...
Bundan nima kelib chiqqanini eshiting.
Shahar chekkasida dor qurilgan. Uning atrofida askarlar va to’da-to’da xalq turardi. Qirol va qirolicha haybatli taxtda o’tirardilar. Qarshida sudyalar va kengashchilar o’tirardi. Shu onda askarni dor zinasiga keltirdilar, jallod uning bo’yniga sirtmoqni solmoqchi edi, askar bir minut sabr qilishni so’radi...
— Men bir tamaki chekib olay, axir bu mening hayotimda eng so’nggi chekish bo’ladi-da, — dedi.
Bu mamlakatda shunday bir odat bor edi: gunohkorni jazolamasdan ilgari hamma vaqt uning qanday bo’lmasin bir arzimagan talabini bajo etardilar.
Shuning uchun qirol askarning so’zini qaytarolmadi. Askar o’zining chaqmoqtoshini chiqarib o’tchaqarga bir urdi, ikki urdi, uch urdi — birdan uning oldida uchala it paydo bo’ldi: birining ko’zi piyoladay, ikkinchisiniki tegirmon toshiday, uchinchisiniki — gumbazday edi.
— Qani, sirtmoqdan qutilishga yordam qiling! — dedi ularga askar.
Shu chog’ har uch it sudyalarga va kengashchilarga tashlandi: unisining oyog’idan, bunisining burnidan tishlab, bir necha metr balandga otdilarki, yerga tushish bilan hammalari chil-parchin bo’lib ketdilar.
— Meni qo’ying! Men istamayman! — deb qichqirdi qirol, lekin eng katta it uni qirolicha bilan birga ushlab olib, har ikkalasini ham osmonga irg’itdi. Askarlar ham qo’rqib ketdi, xalq bo’lsa:
— Yashasin askar! Askarjon, bizning qirolimiz bo’l, chi-royli malikani o’zingga xotinlikka ol! — deb qichqirdi.
Askarni qirol aravasiga o’tqizdilar, uch it bo’lsa arava oldi-da o’yin tushib, «yashasin» deb vovillashardi... Bolalar hushtak chalardilar, askarlar esa qo’llarini ko’tarib, ta'zim qilardilar. Malika mis qo’rg’ondan chiqdi va qirolicha bo’ldi. Albatta, u juda xursand edi.
To’y bazmi bir haftaga cho’zildi. Uchchala it stolda o’tirib yedilar, ichdilar va o’zlarining kattakon ko’zlarini o’ynatdilar.

Mahkam Mahmudov tarjimasi



Hamza Imonberdiyevning “Adolat kaliti” ertagida
Lev Nikolayevich Tolstoyning “Mo‘ysafid olma ekdi” hikoyasi



Download 167,74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish