#Taqriz_tanlov
Volter. Zadig yoki taqdir qissasi
O`rta asr Yevropasiga nazar tashlasak, yozuvchi va tarixshunoslarning Sharq falsafasi, madaniyati, ilm-fan va hukmron sulolalar tarixiga katta e’tibor qaratganiga guvoh bo`lamiz. Ayniqsa, Sharq uyg`onish davrining ikkinchi bosqichi Yevropa olimlarini hamisha qiziqtirib kelgan. Shuni ham aytish kerakki, XVII-XVIII asrlardagi fransuz ma’rifatparvarligida Sharq mavzusi juda sezilarli bo`lib, ijodkorlar yaratgan asarlarda, albatta, biror turk, fors yoki arab ishtirok etar va bu xalqlar yashaydigan tabiat manzaralari yoki ularga xos musiqiy oqimlar aks ettirilardi.
Fransuz adabiyotining buyuk namoyondalaridan biri Volter ham o`zining qator asarlarida mazkur mavzuga ahamiyat bergan, bu jihatdan uning “Zadig yoki taqdir” asari diqqatga sazovordir. Ilk mutolaada ertaknamo tasavvur uyg`otuvchi mazkur qissani Volter shaxsiga yondashib, qayta o`qiganda uning qanchalik falsafiy ohanglarga boy ekanligini anglash mumkin.
Asar muqaddimasidagi “Sa’diyning Sheroz malikasiga bag`ishlovi” dastlabki fikrimizga dalil hisoblanib, unda buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug`bek 4 o`rinda tilga olinadi. Umuman, Ulug`bek shaxsi Volter ijodida o`ziga xos o`ringa ega: mutaassib dindorlar tomonidan xudosizlikda ayblansa-da, Ulug`bekning astronomik qarashlariga tarafdor bo`lgan. Buni mazkur qissaning asosiy qahramoni Zadigni “uch yuz oltmish besh-u chorakdan iborat va quyosh olam markazida” ekanligidan xabardor deya ta’riflanishi, ya’ni uning geliosentrik dunyoqarash tarafdori ekanligidan ham ilg`aymiz. Shuningdek, Zadig o`z yo`lini yulduzlarga qarab aniqlashi, Orion yulduz turkumi bilan “yarqirab turuvchi Sirius yoritqichi” uni to`g`ridan to`g`ri Kanopusga yo`naltirishi, boshqa o`rinda yulduzlarning bosh kohini “Katta ayiqning katta o`g`li Savrning akasi, Katta itning xolavachchasi” deya ta’riflanishi Volterning asronomik bilimlarni o`z asariga yuksak mahorat va o`ziga xos yumor bilan singdirganidan darak beradi.
Zardusht falsafasiga e’tiqod qiluvchi Zadig qissa davomida olamni tushunish, borliqni idrok etish, to`g`ri yo`lni topishga intilib yashaydi. Hech bir nazariyaning mutlaq haq emasligi, birorta qonun hayotga to`laligicha ustun bo`la olmasligi uning boshidan kechirgan turfa xil sarguzashtlarida o`z aksini topadi. Zadigning Zamira tufayli “saroyda tarbiya topgan qizning betayin bo`lishi” haqidagi xulosasi va uning ters sharoitdagi Azorani tanlab ham adashishi muallifning falsifikatsiyaga (falsafadagi har qanday nazariyaga shubha bilan qarash yoki “ishonsang ham bir tekshirib ko`r”) yo`g`rilgan ruhini akslantirib turibdi.
Asarda bugungi kundagi har qanday voqelik o`tgan kunning hosilasi va kelajakning otasi ekanligi, sababsiz harakat va mohiyatsiz mavjudlik bo`lmasligi o`z tasdig`ini topib, taqdiri azal tabiatning yaxlit qonuni hisoblanishiga iymon keltiriladi: “Bu dunyoda tasodif yo`q, biz sababini izohlashga chog`imiz kelmagan harakatlarni tasodif deb ataymiz, bu dunyoda hamma narsa - yo sinov, yo jazo, yo mukofot, yo oldindan aytish”.
Umuman olganda tanlov uchun tanlangan har ikki asarning markaziy qahramonlarini bir uyg`unlik ostida tutashtirish mumkin: taqdir ularni ne ko`yga solmasin, o`z insoniy qiyofalari, pokiza qalbi va hurfikrliligini aslo yo`qotmaydilar. Taqdir G`ulomni oxir mahv etgan (P.s/ ehtimol, shunisi ma’quldir..ba’zan ko`ngilsizliklar ham yaxshilikka xizmat qiladi), Zadigni esa so`ngida mukofotlagan bo`lsa ham, ularning bosib o`tgan umri Volter aytgan “Halol odamni ta’qib qilish mumkin, ammo badnom qilib bo`lmaydi” hikmatining yorqin ifodasidir.
Qissa so`ngida muallif asrlar qa’ridan turib har bir kitobxonni (ayniqsa, biz yoshlarni) umrni qadrlashga undab, ogohlikka chaqirgandek bo`ladi: “dunyoda eng uzun va eng qisqa, eng tez va eng sekin narsa – bu vaqtdir. Odamlar unga ko`pincha beparvolik bilan qaraydilar, yo`qotgach esa afsuslanadilar”.
Omonat umrimizning har bir soniyalarini unumli o`tkazish, barcha e’tiqodlar uchun mushtarak bo`lgan fikr, so`z, amal ezguligiga ega bo`lish har bir insonnig burchi ekanligiga tasdiq bo`lgan mazkur qissa mutolaasini barchangizga tavsiya qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |