STATISTIK KUZATISH MA’LUMOTLARINI SVODKALASH VA GURUHLASH
1.Svodkalash va uning turlari to‘g‘risida tushuncha
Statistik kuzatish yordamida o‘rganilayotgan ijtimoiy hodisalarni ifodalovchi ko‘pdan-ko‘p birlamchi va tarqoq ma’lumotlar olinadi, to‘planadi. Bunday ma’lumotlar ijtimoiy hodisalarni o‘rganish uchun yaroqli bo‘lmaydi, umumiy xulosalar yasashga imkon bermaydi. Shuning uchun kuzatish yordamida to‘plangan statistik ma’lumotlarni ma’lum qoidalarga amal qilgan holda tizimga solish, qayta ishlash va jamlash zarur. Bu vazifa statistik tadqiqotning ikkinchi bosqichida amalga oshiriladi. Bunday bosqich statistik kuzatish ma’lumotlarini svodkalash va guruhlash hisoblanadi.
Statistik kuzatish ma’lumotlarini svodkalash, o‘z navbatida, ikki turga bo‘linadi:
1. Oddiy svodkalash.
2.Murakkab svodkalash.
Ma’lumotlarni oddiy svodkalash deganda ularni guruhlarga bo‘lmasdan to‘plam bo‘yicha umumiy jamini hisoblash tushuniladi. Bunga, tuman shirkat xo‘jaliklarida ishlab chiqarilgan paxta miqdorlarini bir-biriga qo‘shib, tuman bo‘yicha jamini aniqlash misol bo‘la oladi. Masalan, tumanda 20 ta shirkat xo‘jaligida paxta yetishtirilsa, ularda yetishtirilgan yalpi hosillarini bir-biriga qo‘shib, tuman bo‘yicha yetishtirilgan paxta yalpi hosili aniqlanadi. Bu esa oddiy svodkalash hisoblanadi.
Ma’lumotlarni murakkab svodkalash deganda ijtimoiy hodisalar to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlarni dastur bo‘yicha rejalashtirilgan belgilar asosida guruhlarga bo‘lib o‘rganish tushuniladi. Jami shirkat xo‘jaliklarini ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga bo‘lib o‘rganish murakkab svodkalashga misol bo‘la oladi.
Statistik svodkalash mazmuniga ko‘ra tor ma’nodagi va keng ma’nodagi svodkalash turlariga bo‘linadi.
Tor ma’nodagi svodkalashda o‘rganilayotgan to‘plam bo‘yicha umumiy yakunini (jamini) hisoblash tushuniladi. Masalan, tuman xo‘jaliklari bo‘yicha yetishtirilgan don, paxta, sabzavot yoki sotilgan paxta, don kabi ko‘rsatkichlarning jamini hisoblab chiqish bunga misol bo‘la oladi.
Keng ma’noda svodkalash deganda ommaviy hodisalar to‘g‘risidagi to‘plangan boshlang‘ich ma’lumotlarni ko‘zlangan maqsad nuqtayi nazaridan muhim belgilar bo‘yicha guruhlash tushuniladi. Keng ma’nodagi svodkalash quyidagi 4 ta bosqichni o‘z ichiga oladi:
1. To‘plamni guruhlarga bo‘lish.
2. To‘plam jami va guruhlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar tizimini ishlab chiqish.
3. To‘plam va uning har bir guruhlari bo‘yicha umumiy yakunlarini (jamini) chiqarish.
4. Statistik guruhlash natijalarini statistik jadvallarda joylashtirish.
Ma’lumotlarni statistik svodkalash tashkil qilinishiga qarab markazlashgan va markazlashmagan turlarga bo‘linadi. Markazlashgan svodkalashda ijtimoiy hodisalar to‘g‘risidagi barcha boshlang‘ich ma’lumotlar bir yoki bir necha statistika boshqarmalarida to‘planadi va shu joyda qayta ishlanadi. Markazlashmagan svodkalashda ijtimoiy hodisalarni tavsiflovchi ko‘rsatkichlar dastlab joylardagi statistika boshqarmalari va bo‘limlarida va qayta ishlanadi, so‘ngra statistika davlat qo‘mitasiga yuboriladi.
Statistik svodkalash qayta ishlash usuliga ko‘ra ham ikkiga bo‘linadi:
Qo‘l bilan bajariladigan svodkalash.
Zamonaviy kompyuterlar yordamida bajariladigan svodkalash.
Svodkalashni zamonaviy kompyuter vositalari yordamida bajarish arzon tushadi, chunki kam mehnat sarflanadi.