SERTIFIKATSIYALASH SIXEMALARNI O’RGANISH
Loyihalanayotgan qurilmaning hisoblash sxemasini aniqlashtirish va vaqtni hisoblash modelini asl holatga maksimal darajada yaqinlashtirish qurilmalarning haqiqiy ishini tajribaviy sinash orqali amalga oshiriladi. Tajriba natijalari qurilmaning fizik holati haqida to’la tasavvur hosil qilish imkonini beradi, bu esa o'z navbatida hisoblash natijasini tanlashda yo'l qo'yiladigan soddalashtirishlarning asosli bo'lishini ta’minlaydi. Shunday qilib, materiallarning konstruksion xossalarini va hisoblash modelini obyektning real ish holatiga qay darajada mos kelishini faqat tajriba yo'li bilan aniqlash mumkin.
Ammo eksperimental tadqiqotlarning ahamiyati shuning o'zi bilan chegaralanib qolmaydi. Yangi inshoot qurib bitkazilgach, yoki mavjud inshoot ta’mirlanib uning qurilmalari kuchaytirilgandan keyin, ishootning yuk ko'tarish qobiliyati, ya'ni uning mustahkamligi va ustuvorligi sinovdan o’tkaziladi. Bu yo'nalishda olib boriladigan tajribaviy tadqiqotlar ham xalq xo’jaligida o'zining muhim o'rniga ega. Masalan, zilzilada shikastlangan binolarni ta'mirlagandan keyin, ta'mir ishlarining sifatiga sinash yo'li bilan baho beriladi. Ulug'vor arxitektura yodgoriiklarni asrab qolish va ularni kelajak avlodlarga yetkazish hal qiluvchi o'rinni egallaydi.
Sifat nazoratining asosini esa tajriba-sinash ishlari tashkil etadi. Bunda nazorat obyekti mahsulot yoki texnologik jarayon bo'lishi mumkin.
Standartlashtirish bajariladigan ishlarni ma'lum qonun va qoidalar asosida tartibga solib turadigan keng bir soha bo'lib, xalq xo'jaligining turli jabhalarida o'zining aniq yo'nalish va obyektlariga ega. Masalan, qurilish sohasida konstruksiya va inshootlarni hisoblash va loyihalash metodlari, material va buyumlarga qo'yiladigan talablar, sinash usullari va o'lchash ishlari kabilar standartlashtirish obyektlari hisoblanadi. O’rnatilgan standartlar asosida amalga oshirilgan ishlarda palapartishlik, nouyg'unlik va tartibsizlik bo'lmaydi. Hamma ishlar maromida, ma'lum qoidalar asosida bajariladi. Ishlarning shu yo'sinda amalga oshirilishi samaradorlikni ta'minlaydi.
Metrologiya — o'lchash usullari va vositalari haqidagi fan bo'lib, standartlashtirish ishlarini bajarishda poydevor vazifasini o'taydi. Metrologiya fani tavsiya etgan u yoki bu usul standartlarda asos qilib qabul qilinadi hamda amaliyotga tadbiq etiladi.
Ushbu qo’llanma qurilish yo'nalishi bo'yicha o'qiydigan talabalarga qurilishda metrologiya, standartlashtirish va sifat nazorati bo'yicha saboq beradi, hamda undan qurilish sohasida ishlovchi bakalavr, magistr va boshqa mutaxassislar ham foydalanishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |