‘rta asrlarda Sharq mamlakatlarida buyuk allomalar, muhaddislar, mufassirlar, ilm-ma’rifatda yetuk insonlar to‘planib ilmiy majlislar, anjumanlar o‘tkazib turish an’anaga aylangan. Bu anjumanlar bahs-munozara, o‘zaro ilmiy tortishuvlar tarzida o‘tkazilgan. Ana shunday ilmiy majlislar X asrga kelib yanada kuchaygan. “O‘sha davrda Movarounnahr va Xurosonning turli shaharlarida bo‘lib o‘tgan ilmiy anjumanlardagi bahs-munozaralarda bir inson doimo yetakchilik qilardi. U ilmiy qudrati, hayotiy tajribasi, haqqoniy xulosalari, aqliy rivoyatlari bilan musulmon olamida mashhur erdi. Bu inson ulug‘ alloma, buyuk imom, fozil shaxs, yetuk mufassir, faqih Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy hisoblanardi”.
O‘rta asr allomalari hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar jamlangan tarojim asarlarning aksariyatida ana shunday iqtiboslar ko‘p uchraydi. Xo‘sh, X asr Sharq ilm-ma’rifatida yuksak e’zozlangan bu alloma kim bo‘lgan? Uning hayoti, taqdiri qanday kechgan? O‘zidan avlodlarga qanday ilmiy meros qoldirgan? U Sharq tafakkuri taraqqiyotida qanday yangiliklar, kashfiyotlar qilgan? O‘rta asr allomalari uni nega bu qadar ulug‘lashgan?
Abu Lays Nasr ibn Muhammad hijriy 298, milodiy 911 yilda Samarqand shahri yaqinidagi qishloqlardan birida dunyoga keladi. Muarrix Abdulkarim as-Sam’oniy “Al-ansob” asarida “Abu Laysning otasi Muhammad ibn Ibrohim o‘z zamonining faqih (huquqshunos) ulamolaridan bo‘lgan. U Zarafshon daryosi yaqinidagi Farsanin qishlog‘ida yashagan. Keyin undan 3 farsax uzoqlikdagi Tuz qishlog‘iga ko‘chib o‘tgan. Bu yerda uning farzandi arjumandi Abu Lays Nasr tavallud topgan. Tuziy laqabi bilan tanilgan.
U faqihlikda nihoyatda yetuk bo‘lgan. Bahs-munozaralarda unga tenglasha oladigan alloma topilmagan”, deb ma’lumot beradi. Manbalarda u dastlabki ta’limni otasidan olganligi, fiqh ilmida yetuk darajaga erishganligi e’tirof etiladi. Abu Lays Nasr asarlarida ustozlari sifatida Abu Ibrohim Termiziy, Abu Ja’far Hinduvoniy, Xalil ibn Ahmad Sijziy, Muhammad ibn Fazl Balxiy kabi allomalar nomlarini keltirib o‘tadi.
Uning Samarqanddan tashqari Buxoro, Balx, Marv va boshqa shaharlarga borgani, bu yerlarda ulug‘ allomalardan ta’lim olgani haqida ma’lumotlar mavjud. Tarixchi Salohiddin Nohiy bu xususda “Abu Lays Buxoroda tafsir, zuhd, hadis ilmini mukammal o‘zlashtirdi. Fiqh ilmidan saboqni esa Balx shahrida yuksak darajaga yetkazdi. Ayni paytda u bu shaharlarda ko‘plab shogirdlar ham yetishtirdi. Shuning uchun zamondoshlari uni Movarounnahr va Xurosonning ulug‘ mufassiri, faqihi sifatida ulug‘lardilar”, deb yozadi. Bu allomaga o‘z davridagi ehtirom ifodasi edi.
Abu Lays Samarqandiy hayoti haqida ma’lumotlar to‘la saqlanib qolmagan. Uning asl ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad. Abu Lays esa kunyasi hisoblanadi. “Lays” so‘zi sher, arslon ma’nosini beradi. Abu esa ota demak. Shu ma’noda bu kunya unga ilm-fandagi yuksak xizmatlari uchun berilgan bo‘lsa, ajab emas. Samarqandiy nomi esa u tug‘ilib-o‘sgan joy ma’nosini anglatgan. Muarrixlar ma’lumotlariga ko‘ra, alloma Samarqanddagi madrasalardan birida mudarrislik qilgan.
Yozgan asarlari madrasalarda o‘qitilgan. Ayrim manbalarda uning Samarqandda shayxulislomlik darajasiga yetganligi va shu nom bilan tilga olinganligi aytiladi. Ba’zi tarixchilar alloma Samarqand qozikaloni bo‘lgan, degan fikrni ham keltiradilar.
Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ma’lumki, uning nomiga zohid degan atama ham qo‘shib aytilgan. Odatda, zohid deganda mansab, amaldan yiroq, hayotini ilm-fanga, ibodatga baxsh etgan insonlar tushunilgan. Uning zohidligi bunday mansab egasi bo‘lmaganligini ko‘rsatadi. Abu Lays Samarqandiy ko‘plab allomalarni tarbiyalab yetishtirgan ustoz hisoblanadi.
Uning qo‘lida mashhur allomalar Luqmon ibn Hakim, Naim Xatib Abu Malik, Muhammad ibn Abdurahmon Zubayriy, Ahmad ibn Muhammad Abu Sahl, Tohir ibn Nasr Abu Abdulloh Haddodiy kabi o‘z zamonasining mashhur allomalari ta’lim olganlar. Ulug‘ mufassirning avlodidan Abu Said Balxiy kabi alloma yetishib chiqqan. Abu Lays Samarqandiyning vafot etgan yili haqida ham har xil ma’lumotlar uchraydi.
Ba’zi manbalarda u 985 yilda, ayrimlarida 999 yil, boshqalarida esa 1003 yil sanasi ko‘rsatiladi. Alloma mashhur mutakallim Abu Mansur Moturidiy bilan bir davrda yashagan. Unga munosib shogird bo‘la olgan. Shuning uchun uning ham qabri Chokardiza qabristonida Abu Mansur Moturidiy qabri yaqinida bo‘lgan. Keyingi yillarda Chokardiza qabristoni o‘rnida Abu Mansur Moturidiy ziyoratgohining tiklanishi uning shogirdi Abu Lays Samarqandiyga ham ko‘rsatilgan ehtirom ramziga aylandi.
Tarixiy manbalarda allomaning ilmiy faoliyati sermahsul kechgani, uning 40 dan oshiq nomda asarlar yaratgani haqida ma’lumotlar mavjud. Tadqiqotchilar fikrlariga ko‘ra, bu asarlarning 19 tasi fiqhga, ya’ni islom qonunlari va qonunshunosligiga bag‘ishlangan. Bular orasida “Navozil”, “Xizonat ul-fiqh” (Fiqh xazinasi), “Fatvolar”, “Uyun ul-masoil” (Masalalarning sarchashmalari), “Risolat fil-hukm” asarlari alohida ajralib turadi. “Muqaddima fis-salot”, “Faze ul-muallimin”, “Kitob un-navodir”, “Mabsut”, “Tanbih ul-g‘ofiliyn”, “Bo‘ston ul-orifiyn” kabi 14 ta asari esa didaktik, pand-nasihat, imon-e’tiqod, odob-axloq yo‘nalishida yaratilgan.
Ikkita yirik asari Qur’oni Karim tafsiri, sharhi bilan bog‘liq holda yozilgan. Allomaning “Umdat ul-aqoid”, “Usul ud-din”, “Bayonu aqidat ul-usul”, “Risola fil-iymon” singari asarlarida islom aqidalari, usullari haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, uning falsafa, tib ilmi, dialektika va boshqa sohalar tadqiq etilgan asarlari ham mavjud. Allomaning 30 ga yaqin asarlari bizgacha to‘la holda yetib kelgan.
Ularning aksariyat qismi Misr, Turkiya, Hindiston, Iroq, Fransiya, Angliya, Gollandiya mamlakatlari nodir xazinalarida saqlanmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida Abu Lays Samarqandiyning 5 ta asari qo‘lyozmasi ro‘yxatga olingan. Bugungi kunda allomaning “Bo‘ston ul-orifiyn” va “Tanbeh ul-g‘ofiliyn” asarlari nodir qo‘lyozmalar asosida arab tilidan o‘zbek tiliga o‘girilib, nashr qilingan. Boshqa asarlari ustida tadqiqotlar davom etmoqda.
Allomaning faoliyati O‘rta Osiyoda ilm-fan taraqqiy etgan, diniy ilmlarni tadqiq etish kuchaygan, ilmiy kashfiyotlar, yangiliklar hayotga tatbiq qilinayotgan, Sharq Renessansi yuksala boshlagan davrda kechdi. Shu bilan birga IX asr islom olamida Qur’oni Karimning asl maqsadini talqin qilishda yo‘ldan adashgan firqalar, diniy guruhlar yuzaga kelgan, islom aqidalarini sharhlashda noto‘g‘ri qarashlar paydo bo‘la boshlagan davr ham edi.
Shuning uchun Abu Lays Samarqandiy ilm-fan tadqiqiga alohida e’tibor qaratdi. Har bir fanni o‘z maqsadi, mohiyatidan kelib chiqqan holda yangicha asoslarda, o‘zidan oldingi salaflaridan farqli ravishda tadqiq qildi. U fiqh, tafsir, zuhd, usul, falsafa fanlarida yangi uslublar, kashfiyotlar yaratdi. Islomiy ilmlarda asl maqsadni to‘g‘ri ochib beruvchi yo‘l yuzaga keldi.
Bu esa ilmda yangilik bo‘lish bilan birga islomda noto‘g‘ri qarashlarga, chalkashliklarga barham berishga xizmat qildi. Alloma hayotda va ilmda o‘zi uchun adolat va haqqoniylikni bosh mezon qilib olgan. Bu xususda asarlaridan biri so‘zboshisida “Samarqandda 40 yil fatvo berdim. Ushbu 40 yilda ilgari o‘tgan allomalarning hayotda amaliy ifodasini topgan so‘zlariga amal qildim.
Mening asarlarimdan qiyomat kunigacha hasad hamda g‘iybatga oid biror so‘z yoki jumla chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim. Hech kimga qushni suvga solib qo‘targanda uning boshida qoladigan suv yuqichalik ham yomonlik istamadim”, deb yozadi. Bu mezon uni Sharqda haqiqatgo‘y alloma sifatida mashhur qildi.
Abu Lays Samarqandiy asarlarida dunyoni bilish, hayotni anglashning tub masalalariga alohida e’tibor qaratdi. U tafakkur, ilm, bilish nazariyalariga falsafiy nuqtai nazardan yangicha yondoshdi. Allomaning fikricha, bularning hammasi insonning dunyoni, hayotni anglashiga xizmat qiladi. IX asrda islomshunoslar orasida inson Alloh tomonidan yaratilgan mavjudot, unga taqdir azaldan bitilgan, u o‘z holicha biror narsani amalga oshirishi mumkin emas, degan aqida mavjud edi.
Abu Lays Samarqandiy esa inson Yaratganning amriga bo‘ysunadi, lekin unga hayotda “af’oli ixtiyoriy” — o‘z taqdirini o‘zi yaratishdek imkon ham berilgan, shuning uchun inson hayotda tafakkur qilish, ilm olish, shu asosda dunyoda o‘zgarishlarni amalga oshirish qudratiga ega degan fikrni o‘rtaga tashlaydi. U “Bir soat tafakkur qilish bir yillik ibodatdan yaxshi”, degan xulosaga keladi. Bu o‘sha davr uchun katta ilmiy jasorat edi. Alloma “Bo‘ston ul-orifiyn” asarida ilmning qudrati xususida shunday yozadi: “Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Rasulullohdan “Amallarning qaysi biri afzal?” deb so‘radi. Rasululloh “Ilm” dedi. U kishi ikkinchi, uchinchi bor shu savolni takrorladi.
Rasululloh unga avvalgidek javob berdi. Shunda u kishi “Ey, Rasululloh, men ilm haqida emas, amal haqida so‘rayapman” dedi. Rasululloh “Alloh amallarni ilmsiz qabul qiladimi? Yo‘q! Ilmning yana bir ulug‘ tomoni shundaki, allomalar dunyo turguncha turadi. Hayotda o‘zlari bo‘lmasa ham, qalblarda siymolari, tafakkurda ilmlari yashayveradi. Zero, amalning foydasi insonning faqat o‘ziga tegadi, ilmdan esa barcha odamlarga manfaat yetadi. Demak, amaldan ilm afzal turadi”, dedi. Bu allomaning ilmga yuksak e’tiborining ifodasi edi.
Alloma merosida Qur’oni Karim tafsiriga, sharhiga bag‘ishlangan asarlar bu sohada kashfiyot, ilmiy yangilik sifatida e’tirof etiladi. Buning sababi bor. Ma’lumki, tafsir ilmi Movarounnahr, Xurosonda VIII asrdan boshlab hadis ilmi bilan birgalikda paydo bo‘lgan. Tafsirlar dastlab hadislar orasida rivoyatlar shaklida yuzaga kelgan. Bunday tafsirlarning yaxshi namunalari Imom ad-Dorimiy, Imom al-Buxoriy, Hakim at-Termiziy asarlarida uchraydi.
Lekin X asrga kelib tafsirlarning hadislar tarkibida nozil bo‘lishi talablarga javob bera olmay qoladi. Natijada tafsir alohida ilmga aylanib, bu sohada yangi asarlar yaratila boshladi. Bundan kuzatilgan ikkita maqsad bor edi.
Birinchidan, Qur’oni Karimni sharhlashda ayrim mufassirlar xatolarga yo‘l qo‘ya boshlagan, suralar, oyatlarning ba’zilarini noto‘g‘ri tafsir etish yuzaga kelgandi. Shu sababli o‘sha davrda Qur’oni Karimni to‘la tafsir etish ehtiyoji tug‘ildi. Ikkinchidan, tafsirga oid hadislar, rivoyatlar, sharhlarni bir joyga to‘plash zaruratga aylandi. Ana shu ish ulug‘ allomalar at-Tabariy, Imom al-Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy asarlarida o‘z ifodasini topdi.
Bu borada Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul-ulum” — “Ilmlar ummoni” deb atalgan tafsiri Xuroson va Movarounnahrda shu yo‘lda yaratilgan ilk asar, tafsir ilmining asosi sifatida baholanadi. Allomaning tafsiri ilmiy jihatdan nihoyatda mukammal yaratilgan.
Unga Qur’oni Karim asosida tartib berilgan, 114 suraning hammasi sharhlangan. Dastlab suraning qayerda nozil bo‘lgani zikr etilgan. Uni mashhur mufassirlar qanday sharhlagani, oyatlarning nozil bo‘lish sabablari ko‘rsatilgan. Oyatlarni tafsir qilishda fiqhiy, aqidaviy hukmlar keltirilgan.
Shu bilan birga, oyatlarni o‘qishda qiroatxonlarning yutuq va kamchiliklari ham tahlil qilingan. Tafsirdagi so‘zlar xususida lug‘at ilmi olimlarining fikrlari ham o‘rin olgan. Sharhni mukammallashtirish maqsadida Payg‘ambar hadislaridan, arab shoirlarining asarlaridan iqtiboslar berilgan. Bularning hammasi alloma tafsirini musulmon olamida mashhur qildi. Uni tafsirshunoslikning asoschisi deya e’tirof etdilar. Undan keyin ko‘plab mufassirlar Qur’oni Karimga sharhlar bitdilar. Ular uchun Abu Lays Samarqandiyning tafsiri asosiy manba bo‘lib xizmat qildi. Shu sababli zamondoshlari unga “Imom ul-xuda” — “To‘g‘ri yo‘l imomi” degan yuksak nom berdilar.
“Hodiy Hasiyriy” asarining muallifi alloma Abul Muhammad ibn Anush Hasiyriy Abu Lays Samarqandiyning faqihlik ilmiga yuksak baho beradi. “U hayoti davomida hanafiy mazhabining mashhur namoyandasi, faqih Muhammad ash-Shayboniyning asarini mukammal o‘rgandi. Uning yutuqlarini ulug‘lab fiqh sohasida yangiliklar yaratdi. Davrining hanafiy mazhabida ulug‘ faqihga aylandi” deb yozadi. Abu Lays Samarqandiy yashagan davrda musulmon olamida har bir mazhab bo‘yicha qonunlar shakllanib bo‘lgan, uni o‘zgartirishga zarurat yo‘q, deb qaralardi.
Bu qonunlar Qur’oni Karim, hadislar, naqliy rivoyatlar asosida yaratilardi. Shuning uchun hech kim islom huquqi bo‘yicha mustaqil ijtihod qilish vakolatiga ega emas, degan fikr shakllangan edi. Abu Lays Samarqandiy ana shu davrda fiqh asosini Qur’oni Karim, hadislar, naqliy rivoyatlar bilan birga hayotiy, aqliy manbalar, xalqlarning urf-odatlaridan kelib chiqadigan qonunlar bilan to‘ldirdi. Bu ilmiy va amaliy jihatdan fiqh ilmida nihoyatda katta yangilik edi.
Ya’ni, qonun asosi hayotiy voqelik, har bir xalqning hayot tarzidan kelib chiqqan holda yaratila boshladi. Eng muhimi, fiqh ilmida yangiliklar yaratish, unga o‘zgartirishlar kiritish imkoni tug‘ildi. Keyinchalik Burhoniddin Marg‘inoniy, Ubaydulla ad-Dabusiy kabi allomalarning fiqh ilmini yanada mukammal darajaga yetkazishida Abu Lays Samarqandiy yaratgan ilmiy nazariya asos bo‘lib xizmat qildi. Alloma esa o‘z davrida “faqih” degan sharafli unvon bilan ulug‘landi.
Abu Lays Samarqandiy butun hayotini ilm-fanga bag‘ishladi. Ilmning insoniyat hayoti rivoji, taraqqiyotidagi o‘rniga yuksak baho berdi. Ilm-fanni ulug‘lab o‘lmas asarlar yaratdi. Alloma islom dinining asl mohiyati, maqsadini tushuntirishda, uni tadqiq qilishda, yo‘l qo‘yilgan xatolar, chalkashliklardan tozalashda, uning insoniyat takomilidagi o‘rnini ko‘rsatib berishda ulug‘ xizmatlar qildi.
Shu bois yaratgan asarlari ko‘p asrlardan beri xalqimizning ma’naviy mulki bo‘lib kelmoqda. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin ulug‘ ajdodlarimiz, allomalarimiz nomlari, meroslari qayta tiklandi. Ana shular orasida Abu Lays Samarqandiy ham bor. Alloma asarlaridan birida “Yozganlarimni odamlar asrlar osha o‘tib o‘qisalar, bu ilm-fanga muhabbatlari nishonasi bo‘ladi”, deb yozgandi. Bugungi kunda uning asarlari nafaqat yurtimizda, dunyo miqyosida ham tadqiq qilinmoqda. Bu ulug‘ alloma merosi bilan birgalikda ilm-fanga ham ehtirom ifodasidir.
Kamol MATYOQUBOV.
Do'stlaringiz bilan baham: |