Aim.uz
Monologik nutq shakli, unda nutq madaniyati mezonlariga amal qilish
Reja:
1. Monologik nutq haqida tushuncha.
2. Monologik nutq shakllari .
3. Monologik nutq jarayonida til vositalari qo`llanishining o`ziga xos xususiyatlari.
Tayanch so`z va iboralar : Monologik nutq turlari, ishki nutq, ochiq nutq, kechinma, mahorat, nutq jarayonida til vositalari qo‘llanishining o‘ziga xos xususiyatlari .
Tavsifiy (monologik) matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxs tasviri, tavsifi yoxud xabar, ma’lumot bayonidir. Maqola, insho ham tavsifiy matnning bir turi sanaladi.
Ma’lum voqea-hodisalarga, narsa va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, ularni badiiy-tasviriy vositalar yoki dalillar bilan ta’riflash, izohlash, isbotlash, asoslash tavsifiy matnga xos xususiyatlardandir. Shuning uchun bunday matnda belgi-xususiyat ifodalovchi so‘zlar, atamalar, modal so‘zlar, fe’lning funksional shakllari, ravishlar faol qo‘llanadi.
Tavsifiy matn yaratishda uyushiq bo‘laklar, ajratilgan gap bo‘laklari, atov gaplar, qo‘shma gap ko‘rinishlaridan ham keng foydalaniladi.
Tavsifiy matn ilmiy, publisistik, rasmiy-idoraviy, shuningdek, badiiy uslubga xosdir.
Alohida bir kishiga taalluqli bo‘lgan nutq monologik nutq sifatida baholanadi. Bu nutq ikki xil ko‘rinishga ega: ochiq nutq va ichki nutq.
Ochiq nutq jamoaga qaratilgan bo‘ladi va turli xarakterdagi yig‘ilishlarda – qurultoylarda, sessiyalarda, ilmiy anjumanlarda, dars jarayonida, hisobot yig‘ilishlarida, har xil jamoalaming majlislarida, uchrashuvlarda, bayramlarda, to‘y-tomoshalarda, tug‘ilgan kunlar, do‘stlar uchrashuvi singari kichik davralarda, motam mitinglarida so‘zlanadi. Bu yig‘ilishlarning mazmuni turlicha bo‘lganligi sababli ularda so‘zlanadigan monologik nutq xarakteri ham bir-biridan farq qiladi. Masalan bayramlar, uchrashuvlar, to‘y-tomoshalar, tug‘ilgan kunlar tantanali tarzda kechadigan yig‘inlar bo‘lganligi tufayli ularda so‘zlanadigan nutq ham tantanali ruh asosiga qurilgan bo‘ladi. Hisobot yig‘ilishlari va jamoalarning (ishlab chiqarish, rejalashtirish) majlislari rasmiy xarakterda bo‘ladi. Qurultoy va sessiyalar keng qamrovli yig‘ilishlar bo‘lganligi tufayli ularda rasmiylik ham, norasmiylik va tantanavorlik ham bo‘ladi. Mavzuga qarab har xil faktlar, raqamlar keltiriladi. Motam mitingida so‘zlanadigan nutq esa yuqoridagi nutqlarning barchasidan tubdan farq qiladi.
Nutq mavzusining bu tarzda turli-tuman bo‘lishi ular uchun til vositalarining ham tanlab ishlatilishini taqozo qiladi. Vaziyatga qarab kishilarga tantanavor ruh beradigan, ularni ilhomlantiradigan, safarbarlikka undaydigan, his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan, mas’uliyatini oshiradigan, tartib-intizomga chaqiradigan, ta’lim-tarbiya berishga qaratilgan yoki shunchaki axborot berishga qaratilgan til vositalari tanlanadi. Motam marosimida so‘zlangan nutq esa mazmuni bilan ham, tanlangan so‘zlari bilan ham, tuzilishi bilan ham yuqoridagi nutq turlaridan tubdan farqlanadi.
So‘zlovchining har bir nutqni so‘zlash jarayonida o‘zini tutishi, harakatlari, hatto kiyinishi ham farq qiladi. Boshqacha aytganda, farq qilishi kerak. Masalan, Oliy Majlis sessiyasiga to‘n kiyib borish odob sanalmagani kabi, azaga e’tiborni tortadigan yaltiroq kiyimlarni kiyib borish yoki lab va qosh-ko‘zlarni bo‘yab borish ham ma’qul emas.
Demak, har bir monologik nutqiy vaziyat so‘zlovchidan alohida bir munosabatni va mas’uliyatni talab qiladi. Ayni paytda, ularning barchasi uchun, avvalgi mavzularni yoritishda ta’kid lab o‘tilganidek, umumiy bo‘lgan qoidalar ham mavjud. Bu dastlab so‘zlanadigan nutqning qolipi – rejasi bo‘lishi. Qayerda va qanday vaziyatda so‘zlanishidan qat’i nazar, har bir nutq ma’lum reja asosida bo‘lishi, auditoriya, vaqt hisobga olinishi lozim. Boshqacha aytganda, nutq so‘zlashdan ma’lum maqsad bo‘lishi va bu maqsad amalga oshishi zarur. Buning uchun tinglovchilarga ta’sir o‘tkazish, ta’sir o‘tkazish uchun esa tildan foydalanishning ham, o‘zini tutishning ham ta’sirchan vositalaridan foydalanish kerak bo‘ladi.
Adabiy asarda monologning ichki ko‘rinishi xarakterli bo‘lib, badiiyat manfaati nuqtai nazaridan ular alohida vazifa bajaradi. Shuning uchun Said Ahmad: «Yozuvchi faqat qahramonning tilidagini yozmay, uni ichidan ham gapirtira bilishi kerak. Chunki ichidan gapirtirilgandagina, qahramonning ichki olami ochiladi. Qahramonning ichki olamini, ichidagi bo‘lgan ohangni, ichki dardni yozuvchi o‘z tili bilan olib chiqadi» yegan edi. Prof.B.Yo‘ldoshev «Badiiy nutq stilistikasi» nomli kitobida o‘zining ana shu qarashlariga amal qilgan yozuvchi asarlari («Turnalar», «Alla», «O‘rik domla», «Ufq»,) misolida ularning obrazni individuallashtirish va xarakter yaratishdagi vazifalari xususida mulohaza yuritib, dialogik va monologik nutq tahliliga keng to‘xtalgan va ularni badiiy nutq uslubidagi bayon usullari sifatida ko‘rsatib bergan.
Darhaqiqat, yozuvchi qo‘lida ichki monolog qahramon qiyofasini o‘quvchi ko‘z oldida butun borlig‘i va murakkabligi bilan gavdalantirishga xizmat qila oladigan kuchli badiiy vosita bo‘la oladi. «Shaytanat»dagi Asadbek o‘quvchi ko‘z o‘ngida har ishga qodir bo‘lgan qudratli kishi sifatida namoyon bo‘lgan. Ammo u ham hamma qatori inson. Bedavo dard – saraton kasaliga yo‘liqqanda uning xayolidan o‘tgan kechinmalarni yozuvchi quyidagicha beradi: To‘yib-to‘yib nafas olishga tor bo‘lib o‘laman. Jonim yo‘tal bilan chiqsa o‘lganimni bilmay ham qolishadi. Birov xabar olguncha sasib yotaveraman. Jag‘imni tang‘ishadi, oyoqlarimni bog‘lashadi. Dod-voy... Kim yig‘laydi? O‘g‘illarim uzoqda. Zaynab dod solar balki... Yana bir-ikki xotin qo‘shilar.,, Xotinlarning yolg‘ondan bo‘lsa ham yig‘lab turgani yaxshi. Bo‘lmasa bu uydan o‘lik chiqqanini birov bilmaydi. Xotinlarning yig‘isisiz o‘likning ham fayzi bo‘lmasa kerak. Manzura yetib kelsa bu yog‘ini o‘zi eplashtiradi! Yo‘-o‘q... u yig‘lamaydi. Jalilning onasi o‘lgandamidi... ha, o‘shanda yig‘isini eshitib «Dodlashni ham o‘rniga qo‘yar ekansan, o‘lsam maza qilib eshitib yotaman», deb hazillashganimda «Voy adasi, xotinlar eriga yig‘lamaydi, ayb bo‘ladi», degan. Qiziq, nima uchun ayb bo‘ladi? Manzuraning yig‘lashi shart ham emas. Balki...qutulganiga shukur qilar?.. Menga tekkanidan beri boshi tashvishdan chiqmaydi. Endi yayrayman, deganida bolalarni o‘qishga jo‘natdim. Keyin chet elga yubordim. Ularni sog‘indi. Sog‘indi-yu, «Sog‘inayapman», deb zorlanishga mendan qo‘rqdi. Qiziq... urmasam ham mendan qo‘rqadi-ya... Zaynabning tashvishi uni tamom qildi. Yaxshi hamki keyingi voqealardan uzoqroqda. Bilsa yuragi yorilib ketardi, Kelinlarini boshlab kelib rohat ko‘raman, deganida men cho‘zilib yotsam. Bir jihatdan u kelgumcha jo‘navorganim ham yaxshi. O‘ligimni ko‘rmasa bir-ikki kun yig‘lab, keyin ko‘nikib qoladi. Meni tanish-bilishlarimning o‘zlari joyimga olib borib qo‘ya qolishadi. Janozaga tizilishadi. Domla aql o‘rgatadi. Nima deydi? «Odam oxir-oqibat o‘lmoq uchun bu dunyoga keladi», deydimi? «Pensiyaga chiqqandan keyin namoz o‘qiyman, deb kutmanglar, manabu birodarimiz ham pensiya yoshiga yetmabdilar. O‘lmasingizdan oldin bir marta bo‘lsa ham peshonangiz joynamozga tegsin», deydi-mi? Yo «Yog‘och otga minib kelmasingizdan avval o‘z oyog‘ingiz bilan masjidga kelib turing», deydimi? Keyin «Marhumning yaqinlari kim?» deb so‘raydi. Kim chiqadi? Haydarmi? Mahmudmi? Yo‘q, Jalil chiqadi. «Marhum birovdan qarz olgan bo‘lsa, to‘layman» deb so‘z beradi. Tentak. Mening kimdan qarzim bor ekan? Odamlar mendan qarz. Lekin ular qarzlarini keltirib berishmaydi. O‘lganimdan xursand bo‘lishadi. Balki o‘shalar «Tezroq o‘la qolsin» deb duo qilishayotgandir. Men Jalildan qarzman. Ha... qarzim bor undan. Hovli joy olib berishim kerak edi. Mahmudga tayinlab qo‘yishim kerak, mendan keyin olib bersin. Keyin ko‘tarishadi. Tobutning bir chekkasidan ushlash savob ekan. Meni ko‘tarish ham savobmi? Odam yig‘iladi? Yuztami, mingtami? Shundan qanchasi xursand, qanchasi xafa?.. Joyimga yotqizishib, bir kaftdan tuproq tashlashadi. Joyim.,, joyim qop qorong‘i lahadmi? Keyin «Asadbek qanaqa odam edi?» deb so‘rashadi. «Yaxshi odam edi», deyishadi. Ha... Bu gaplari to‘g‘ri bo‘ladi. Dunyodagi eng yaxshi odam – o‘lik odam. Chunki u birovga yomonlik qilmaydi.
Asadbek qanchalik mag‘rur inson bo‘lmasin, u ham o‘limga tan berishga majbur. Mana shunday paytda atrofdagilari birma-bir uning ko‘z oldidan o‘tadi. Ularning munosabatini Asadbek qanday tushunishini ochishda ichki monologning xizmati va vazifasi ana shundan iborat bo‘ladi.
Xullas, bu har ikkala nutq ham qanday vaziyatda ijro etilishidan qat’i nazar ular muallifning dunyoqarashi va maslagini, ma’naviyati va madaniyatini o‘zida mujassam qiladi. Insonning saviyasi qanday bo‘lsa, uning muomalasi ham shunday bo‘ladi. Bu har ikkala nutqning o‘ziga xos xususiyatlarini bilib olganimizdan keyin biz ham vaziyatga qarab so‘zlashimiz va har bir nutqiy vaziyatdan o‘z maqsadimizdan kelib chiqib unumli foydalanishimiz, bor imkoniyatimizni tinglovchilarning hurmat e’tiborini qozonishga qaratishimiz lozim bo‘ladi.
Savol va topshiriqlar
1.Monologik nutq shakllari, uning o`ziga xos xususiyatlarini tushuntirib bering.
2. Monologik nutqni shakllantiruvchi omillar qaysilar?
3.Adabiy tilning umumxalq tilidan farqi nimada? Misollar keltiring.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |