O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
AHOLIGA MAISHIY XIZMAT KO‘RSATISH KORXONALARI FAOLIYATINI
BARQARORLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Respublika aholisiga maishiy xizmat ko‘rsatishni barqarorlashtirish va uning darajasini
oshirish, xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni rivojlantirish asosida ushbu tarmoqda
aralash iqtisodiyotni barpo etishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-2-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 446-sonli
qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
3. Belgilab qo‘yilsinki, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish hududiy uyushmalari:
tadbirkorlarning tuman uyushmalarini, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxona va
tashkilotlarni ixtiyoriy asosda birlashtiradi, o‘z muassislari tomonidan berilgan funksiyalarning
bajarilishi yuzasidan ular oldida javob beradi;
“O‘zmaishiyxizmatuyushma” respublika uyushmasi tarkibiga yuridik shaxs huquqi
bilan kirgan holda o‘z faoliyatini hududiy uyushmaning qatnashchilari umumiy majlisi
tomonidan tasdiqlanadigan o‘z Ustaviga muvofiq amalga oshiradi.
Hududiy uyushmalarning raislari hokimliklar bilan kelishgan holda muassislarning
majlislari tomonidan saylanadi va “O‘zmaishiyxizmatuyushma” rayosati tomonidan
tasdiqlanadi.
Hududiy uyushmaning namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Hududiy uyushmalarning ijro etuvchi apparatini mablag‘ bilan ta’minlash tuman
(shahar) uyushmalarining, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarning
ajratmalari hamda boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida tadbirkorlikning asosiy bo‘g‘ini sifatida
maishiy xizmat ko‘rsatish tadbirkorlari tuman (shahar) uyushmalari tuzilsin.
“O‘zmaishiyxizmatuyushma”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari bir oy muddatda qonunchilikda nazarda tutilgan
tartibda maishiy xizmat ko‘rsatish tadbirkorlari tuman (shahar) uyushmalarini tuzishga doir
tadbirlarni amalga oshirsinlar.
Maishiy xizmat ko‘rsatish tadbirkorlari tuman (shahar) uyushmasining namunaviy
tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. “O‘zmaishiyxizmatuyushma”ning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
maishiy xizmat ko‘rsatish tadbirkorlari tuman (shahar) uyushmalari tarkibiga aholiga
maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida o‘z faoliyatini amalga oshiradigan korxonalar va fuqarolar
ixtiyoriy asosda kiradilar;
ijro etuvchi apparatni mablag‘ bilan ta’minlash, tuman (shahar) maishiy xizmat
ko‘rsatish tadbirkorlari uyushmalari tomonidan boshqaruv funksiyalari bajarilishi bilan bog‘liq
boshqa xarajatlarni qoplash uyushma qatnashchilarining tegishli ajratmalari, shuningdek o‘z
ishlab chiqarishini tashkil etish hisobiga amalga oshiriladi;
maishiy xizmat ko‘rsatish tadbirkorlari tuman (shahar) uyushmalari ijro etuvchi
apparati xodimlarining soni 5 — 7 nafardan iborat bo‘ladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish qoidalari 5-ilovaga
muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish qoidalari maishiy xizmatlar ko‘rsatish
sohasida iste’molchilar bilan bajaruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi va
tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar, barcha yuridik shaxslarga, shuningdek O‘zbekiston
Respublikasi hududida xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor
fuqarolarga joriy etiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi pul-kredit siyosati komissiyasi xizmatlar ko‘rsatishdan
olingan tushumlarning bir qismidan naqd pul evaziga moddiy-texnika resurslari sotib olishda
foydalanish tartibini “O‘zmaishiyxizmatuyushma” tizimi korxonalari uchun 1997-yil 1-
yanvargacha saqlab qolish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 446-sonli
qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
9. “O‘zmaishiyxizmatuyushma” kasb mahorati o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida
viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda aholiga
maishiy xizmat ko‘rsatish tizimi xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazsin.
“O‘zmaishiyxizmatuyushma” va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Adliya
vazirligi bilan kelishgan holda ikki hafta muddatda aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish tizimi
xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni va maishiy xizmatlar ko‘rsatish
huquqini beruvchi guvohnomalar berish tartibini tasdiqlasinlar.
10. “O‘zmaishiyxizmatuyushma”:
ikki hafta muddatda mazkur qarorni hisobga olgan holda o‘z faoliyati ustaviga
o‘zgartirish kiritsin va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazish
uchun taqdim etsin;
bir oy muddatda aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish hududiy uyushmasi va tuman
uyushmasining namunaviy ustavlarini ishlab chiqsin.
11. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1988-yil 5-avgustdagi 272-son qarori o‘z
kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh
vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.