Kishilik jamiyatning dastlabki davrlaridan boshlab xo‘jalik yuritish to‘g‘risida u yoki bu ko‘rinishdagi iqtisodiy fikrlar amal qilib kelgan. Lekin o‘sha paytdagi iqtisodiy fikrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bizning davrimizga etib kelmagan. Chunki ularni avlodlardan-avlodlarga, asrlardan-asrlarga olib o‘tuvchi vosita - yozuv bo‘lmagan. Demak, iqtisodiy fikrlarning paydo bo‘lishi va shakllanishi yozuv bilan bevosita bog‘liq. Yozuv qachon paydo bo‘lgan? Yozuv bundan olti ming yil avval, miloddan to‘rt ming yil oldin o‘sha davrning madaniyat o‘chog‘i hisoblangan Mesopotamiyada ijod qilindi. Qadimgi grek tarixchilari hozirgi Iroqdagi Dajla va Furot daryolarning oralig‘idagi joylarni «Mesopotamiya» deb atagan. Bu grekcha so‘z bo‘lib «ikki daryooralig‘i» ma’nosini bildiradi. Dajla va Furot daryolari hozirgi Turkiya chegarasidan boshlanib sharq tomon oqib Fors ko‘rfasiga quyiladi. Bu ikki daryo atrofidagi joylarning tuprog‘i unumdorli, suvi ko‘p bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga juda qo‘l kelardi. Ayni zamonda ikki daryo vodiysining janubiy qismidagi asosiy mahalliy xalq sumerlar bo‘lib, eng dastlabki yozuvni o‘shalar yaratgan. Dastlabki yozuv ijod qilingandan keyin, Misr va Qadimgi Sharqdagi xalqlar tarix tiliga kira boshladi. Demak, o‘sha davrdan, ya’ni Qadimgi Dunyo - quldorlik davridan boshlab dastlabki iqtisodiy fikrlar shakllana boshladi
Qadimgi Sharqda ancha rivojlangan davlatlardan biri Vavilioniya bo‘lgan. Unda xususiy mulkchilik va tovar-pul munosabatlari nisbatan tez rivojlana boshladi. Jamiyatdagi kishilar borgan sari ko‘proq tovar ayirboshlashga jalb qilinardi. Ularning ba’zilari sudxo‘rlar to‘riga ilinib, xonavayron bo‘ldi va qullarga aylandi. To‘la huquqli bo‘lmagan (qaram) kishilar qatlamining ancha ko‘payib borishi vujudga kela boshladi. Harbiylar va soliq to‘lovchilardan ajralib qolishga olib keluvchi bunday jarayon davlatni zaiflashtirgan. Jamiatdagi erkin kishilarni sudxo‘rlardan himoya qilish maqsadida (ularning mulkini himoya qilish, savdo, ijara va boshqa shartlarini qonuniy ravishda rasmiylashtirish) xususiy, huquqiy munosabatlarni davlat tartiblashi zarurligi kuchaydi. Davlat bu vazifalarni qonunchilik yo‘li bilan hal qilishga uringan. Bu borada iqtisodiy fikrlar nuqtai nazardan Eshnunn podshoxi qonunlari (m.o. XX asr.) va Xammurapi qonunlari (m.o. XVIII asr.) ancha diqqatga sazovor.