Psixologik-pedagogik tadqiqotlarda konseptual fikrlashni shakllantirish muammosi
Dunyo yaralibdiki, inson qaysi yo‘nalishda nimaga erishgan, qanday yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, avvalo, buning zamirida ilmga bo‘lgan ishtiyoq mujassam. Zamonaviy dunyoda taraqqiyotni belgilovchi omillarning eng asosiysi, hech shubhasiz, ilmdir. Ta’bir joiz bo‘lsa, ummonlar qa’riga sho‘ng‘ish, koinotni zabt etish ham aynan ilmning mahsuli ekanini bugun hech kim inkor eta olmaydi.
Inson ayni ushbu ilmlarni ta’lim muassasalarida oladi. Bunda ularning eng yaqin yordamchisi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalardir. Shu bois ta’lim muassasalarining darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanishi o‘qitish sifati va samaradorligiga ta’sir etuvchi muhim omillardan biri bo‘lib hisoblanadi. Shu bois har yili yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik asnosida mazkur jihatga alohida e’tibor qaratiladi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan jarayonning uyushqoqlik bilan tashkil etilishi qat’iy nazoratga olinib, yangi va qayta nashrdan chiqqan darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarni belgilangan muddatda joylarga yetkazib berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Bizga ma’lumki, darsliklarga, o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqishga qo‘yiladigan umumiy talablar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan. Shuning uchun bugungi kunda darsliklarni, o‘quv qo‘llanmalarni, elektron darsliklarni yaratish, umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun o‘quv darsliklar sifatini oshirish, samaradorligini ta’minlashga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ko‘ra dolzarblik kasb etmoqda.
Dars sifatining muhim omili – bu darsliklardir. Ta’lim darslikdan boshlanishi va buning ortida darslikka nisbatan talab juda yuqori bo‘lishi zarur. Darsliklarning aksariyati u yoki bu fanning yutuqlarini hisobga olgan holda yaratiladi va bunda mualliflarning mehnatini qadrlash kerak. Shu bilan bir qatorda darsliklarning sifati va kimga mo‘ljallangan bo‘lsa, ularning o‘rtacha layoqatiga mosligini ta’minlash zarur.
Chunonchi darslik – davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablarga javob beradigan, o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov mashqlarini qamrab olgan kitob shaklidagi o‘quv nashridir.
O‘quv qo‘llanma esa darslikdagi har bir mavzuni samarali o‘qitish metodikasi, qo‘shimcha sinov topshiriqlari va o‘qituvchining darsni qiziqarli tashkil etishiga oid boshqa metodik ko‘rsatmalar berilgan, har bir darsning maqsadi, darsda foydalaniladigan vositalar va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashg‘ulotlar, qo‘shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida metodik ko‘rsatmalar aniq bayon qilingan kitob shaklidagi o‘quv nashri sanaladi.
Tan olmaslikning iloji yo‘q, amaldagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar hanuzgacha ta’limning predmet-bilimli paradigmasiga asoslangan va reproduktiv xarakterga ega. Matnlarning uzunligi, qiyinligi, haddan ziyod nazariylashtirilganligi, ilmiy atamalarning izohlari keltirilmaganligi, tushunchalarning aniq emasligi, raqamlarning hamda faktlarning serobligi ta’lim oluvchilarning ta’lim mazmunini o‘zlashtirishlarida qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shuningdek, darsliklardagi metodologik apparatning mukammal emasligi, ta’lim oluvchilarni motivlashtirish elementlarining sayozligi, o‘quv materiallarini taqdim etish (yetkazish) bir xilligi ta’lim oluvchilarning faoliyatini samarasiz qilmoqda.
Shuning uchun bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqishning maqsadi sifatida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun zamonaviy fan va texnika rivojini hisobga olgan holda kompetensiyaviy yondashuv talablari asosida o‘quv materiallari mazmuni va sifatini takomillashtirish hamda ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tajribani samarali tatbiq etish e’tirof etiladi.
Darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Albatta, hozirgi kunda darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqishga alohida talablar qo‘yilgan. Ular quyidagilar:
Ilmiy-metodik talablar:
– fan-texnikaning so‘nggi yutuqlarini o‘zida aks ettirishi;
– o‘quv fani mavzularining mazmunan yaxlitligi ta’minlangan bo‘lishi;
– o‘quv fani mavzulari o‘zbek adabiy tili qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda oddiy va sodda, tushunarli va ravon tilda bayon qilinishi;
– mantiqiy ketma-ketlikka va izchillikka amal qilinishi;
– milliy g‘oya va O‘zbekiston xalqining mentalitetiga zid bo‘lmagan tegishli illyustratsiyalar bilan boyitilishi;
– savol va topshiriqlar aniq ifodalangan bo‘lishi;
– o‘quvchilarni fikrlashga, yozishga, tasvirlashga, chizma chizishga, hisoblashga, amaliy ishlarni bajarishga, tajribalar o‘tkazishga o‘rgatishda pedagogik texnologiyalardan foydalanish nazarda tutilgan bo‘lishi;
– bir tushunchaning ikki xil atama bilan ifodalanishiga, sanalarni keltirishda mavhumlikka yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Pedagogik-psixologik talablar:
– ilmiy asoslangan ma’lumotlar, o‘quvchilarning bilim darajalari, eslab qolish qobiliyatlari, tafakkuri hisobga olingan holda voqea va hodisalarning mohiyatini anglashga va amaliy qiziqishlarini rivojlantirishga, bilim olishga va amaliy faoliyat bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi;
– o‘quv fani mavzularining o‘quvchi yoshi va psixofiziologik xususiyatlariga mos holda berilishi, ma’lum faktlar, tushunchalar, qoidalar va fanlararo bog‘liqlikni hisobga olgan holda tushunarli bayon qilinishi;
– o‘quvchilarning yangiliklarni qabul qilish qobiliyatlari, oldin olgan bilimlarini o‘zlashtirganlik darajasi hisobga olingan bo‘lishi lozim.
Estetik talablar:
– imkon darajasida yorqin, rangli, qiziqarli va chiroyli bo‘lishi;
– matnlar o‘quvchiga ma’lum ijobiy hissiy ta’sirlarni o‘tkazishi va o‘quv faniga qiziqish uyg‘otishi;
– bo‘lim, bob, paragraf va mavzular matnlarining turli shakl va ranglar bilan ajratilishi, mutanosibligi ta’minlanishi;
– rasm va tasvirlar badiiy estetik talablarga javob berishi, aniq va tiniq ifodalanishi kerak. Muxtasar aytganda, bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablari va barcha ta’lim muassasalari uchun ishlab chiqiladigan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari har jihatdan sermazmun, mukammallik, yutuqlar qamroviga ega bo‘lishini ta’minlash uchun Xalq ta’limi vazirligi qat’iy nazorat olib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |