O`zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning ajdodlar merosi va milliy qadriyatlarni tiklash borasidagi xizmatlari. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining qo‘lga kiritilishi tariximizni tubdan isloh qilish, mavjud birlamchi manbalarga tayangan holda holisona va haqqoniy, adolat hamda tarixiylik nuqtai nazaridan o‘rganish va o‘qitish imkonini berdi. Yurtimiz fuqarolari O‘zbekistonning har qanday mafkuradan holi bo‘lgan hamda tahlillarga asoslangan haqqoniy tarixini o‘rganishi va undan saboq olishi davr taqozosiga aylandi. «Tarixga murojaat qilar ekanmiz, bu xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bo‘lmaganidek, o‘z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo‘lmaydi». O‘zbekiston xalqining boy va qadimiy davlatchilik tajribasi bor. Hozirgi O‘zbekiston hududida dastlabki mustaqil davlat tuzilmalari miloddan avvalgi birinchi ming yillik boshlaridayoq paydo bo‘lib, qariyb 3000 yil davomida takomillashib borgani va dunyo davlatchiligi rivojida eng yuksak darajaga ko‘taril- gani jahonga ma’lum. O‘zbekiston tarixi fanining predmeti xalqimizning eng qadimgi zamonlardan to hozirgi kunlargacha bosib o‘tgan uzoq va murakkab tarixiy yo‘lini, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotini holisona o‘rganishdan, tushuntirishdan iboratdir. O‘zbekiston tarixi fani ajdodlarimiz hayoti bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan voqealar rivojining ichki mantig’ini, sabablari va oqibatlarini, asrlar davomida to‘plangan amaliy tajriba va saboqlarni o‘rgatadi.
Kishilik jamiyati qaror topganidan odamzod avlod-ajdodlari kimligini, qanday hayot kechirganligini, nasl-nasabini, o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan zaminni, Vatanining o‘tmish tarixini bilishni istaydi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin xalqimizning o‘z yurti, tili, dini, madaniyati, qadriyatlari, urf-odatlari tarixini bilishga, o‘zligini anglashga qiziqishi ortib bormoqda.
Eramizgacha va undan keyingi asrlarda qurilgan murakkab suv inshootlari, shu kungacha ko‘rku-fayzini, mahobatini yo‘qotmagan asori-atiqalarimiz qadim- qadimdan yurtimizda dehqonchilik, hunarmandchilik madaniyati, me’morchilik va shaharsozlik yuksak bo‘lganligidan dalolat beradi. Vatanimiz hududida eng qadimgi davrlardan boshlab yashayotgan aholi va ularning joylashuvi, bu aholining qo‘shni qabilalar bilan turlicha munasabatlari, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida yashagan qadimiy mahalliy aholi bizning ajdodlarimiz ekanligini asoslash va tadqiq etish shular jumlasidandir. Vatanimiz tarixi ajdodlarimizning qadimgi davrlardan buyon bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini, ilk davlat shakllarining vujudga kelishi, xalqimizning millat sifatida shakllanishi, ma’lum davrlarda boshqa davlatlarga qaram bo‘lib qolganligini, uning ayanchli mashaqqatlarini, ajnabiy bosqinchilarga qarshi mustaqillik va ozodlik uchun kurashi, jasorat ko‘rsatgan qahramonlarini, xalqimizning ma’naviyati va ma’rifatini ko‘tarishda jon fido qilgan o‘g‘lonlarini, qatag‘on davri qurbonlari, nihoyat pirovardida xalqimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirishi, mustaqillik sharoitida milliy, huquqiy davlatchilik qurilishi, demokratik, fuqarolik jamiyati qurish, erkin bozor iqtisodiyotini yaratishi sohalarida faoliyatini va nihoyat O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga qo‘shilish tomon borganligini o‘rgatadi. E`TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT Tayyorladi :Abdurashidov Shaxzod
Do'stlaringiz bilan baham: |