OMON MUXTOR IJODIDA AN’ANA VA NOVATORLIKNING O’RNI
MAMATXONOVA MOXICHEXRAXON UBAYDULLO QIZI FARG‘ONA DAVLAT UNIVERSITETI 2-KURS MAGISTRANTI
Omon Muxtor o‘tgan asrning 60-yillaridan vafotiga qadar adabiy jarayonda faol ishtirok etib kelgan; she’riyat, dramaturgiya, ayniqsa, nasr sohalari bo‘yicha boy adabiy meros qoldirgan; o‘tgan muddat davomida ko‘plab hikoya, qissa, romanlar yaratgan mohir ijodkorlardan biri sanaladi.
Ijodkorning barcha asarlarida inson, uning shaxsiyati, o`y-fikrlaridan tortib kechinmalarigacha tahlil etilgan. Jumladan, biz buni “Ffu” romani orqali ham ko‘rishimiz mumkin. Mazkur asar odamiylik muqaddas burch ekanligi hamda inson har qanday holatda insoniyligini saqlab qolishi kerakligiga bag‘ishlangan. Bu jihat romanda bosh qahramon Toshtemir orqali o‘z yorqin ifodasini topgan.
Ijodkor mazkur asarini rivoyat-roman deb ataydi. Romanga quyidagi epigraf tanlab olingan: …Ustida janda, boshida kuloh - bir to‘p qalandarlar: “Haq do‘st, yo Olloh!” – degancha bozorni aylanib, karvonsaroyga bormay, to‘g‘ri qabristonga borib, tamaddi qila boshlashdi. Birov, nega bunday qildinglar, deb qiziqqanida, ular kulishdi: “Hammaning ham axiyri keladigan joyi shu”…[2; 5] Berilgan bu jumlalar asar syujetiga to‘la-to‘kis mos keladi. Toshtemir dastlab qalandarona hayot kechirar edi: … uning qoni-jonida hafsalami-ishtiyoq; tirik badandagi ruh – Hayot Ishqi atalmish tuyg‘uning o‘zi yo‘q edi! Darvesh-qalandar! – uzzu-kun ko‘cha-ko‘yda sudralib yurar edi. Uyda ham soatlab bir nuqtaga tikilib o‘tiradi. Na maqsad, na dard… QURUQ SUMBAT! [2; 11]. U nimadandir mamnun bo‘lsa “Oh-oh!” der, ajablansa “Iy-y!” deb qo‘yar, norozilansa “Ffu!” der edi [2; 12]. Bunga sabab esa onasining erta vafoti-yu, ona mehriga to‘ymaganligidan edi. To‘ti voqeasidan keyin esa u butkul o‘zgardi: dastlab otasi xohlaganday, ota kasbi bo‘lmish quruvchilik sir- asrorlarini o‘rganib, o‘zi ham dasta tuzib, quruvchilik qila boshladi. Avval halol yo‘l bilan mehnat qildi, so‘ng havolanib, harom yo‘lga kirdi: ko‘zbo‘yamachilik, mushtumzo‘rlik, ichkilik, maishatga berildi. Qilmishlari uchun dor ostigacha olib borildi. Mo‘jiza tufayli omon qolgach, yana tarki-dunyoga berildi. Lekin bu yo‘ldan muhabbat tufayli qaytib, o‘z odamiyligini saqlab qoldi. Asar yakunida murodi hosil bo‘ldi.
Bu asarning voqeiy tomoni. Uning arxitektonikasiga nazar solsak, asar sarlavhasi – “Ffu”. Mazkur nom asar nomini tanlashda bosh qahramonga urg‘u berilishi va syujet yo‘nalishi u bilan bog‘liq ekanligiga ishora mavjudligiga ko‘ra tanlab olingan. Asardagi Toshtemirning otasi Mulla Toshpo‘lat, ustozi Usta Mahmud, seviklisi Nigor, Ilyos, xonhazrat kabi obrazlar tizimining barchasi yaxlit holda bosh qahramon bo‘lmish Toshtemir atrofida birlashgan. Asarda ularning barchasi Toshtemirning katarsislanishida o‘z o‘rniga ega. Shuningdek, ularga ma’lum ma’no ham yuklatilgan. Masalan, asardagi to‘ti obrazi yaxshilik timsolidir. Usta Mahmud esa Navoiy asarlarida uchraydigan Boniy timsolidir. Ya’ni “Farhod va Shirin” dostonidagi Boniy ko‘ngilga ishq binosini qurgan va qurishni o‘rgatgan piri komil bo‘lsa, “Ffu” romanidagi Usta Mahmud qalbida ezgulik, insoniylik xislatlari mujassam hamda shogirdlariga ham shuni “yuqtirishga” uringan ustoz sifatida gavdalantirilgan.
Ma’lumki, asar arxitektonikasi elementlaridan biri hisoblangan detall oddiy hayotdagi detall emas, balki o‘zida tipiklik va individuallik xususiyatlarini yiqqan badiiy detall[1; 192] sanaladi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, “Ffu” romanidagi detall – bino. Asarda bino shunchaki inshoot emas, balki insoniylik obidasi edi. Ya’ni yo‘ldan adashib, insoniyligini qayta tanigan Toshtemir tomonidan barpo etilgan mazkur obida asar yakunida uning mazmunini, undan ko‘zlangan maqsadni kitobxonga yanada tushunarli tarzda yetkazib berishga xizmat qilgan.
Shuningdek, asarda qoliplovchi hikoya ham keltirilgan: Qadimda bir hukmdor sinash uchun olomonni maydonga to‘plabdi. Yarim murojaat, yarim buyruq ohangida: - Yaqin kunlarda yer-suvlaringni tortib olishga to‘g‘ri keladi! – debdi. Olomon indamay uy-uyiga tarqalibdi. Uch-to‘rt kundan keyin hukmdor yana olomnni to‘plabdi: - Bundan buyon er-xotin hammang bitta ko‘rpa ichida yotasanlar! Olomon bu gal ham indamay uy-uyiga jo‘nabdi. Hukmdor bo‘g‘ilib, ko‘p o‘tmay yana olomonni to‘plabdi: - Ertaga ana shu maydonda hammngni osaman! Taajubki, olomon odatdagidek indamay tarqalyotgan emish! Faqat birgina kishi botinib-botinmay hukmdorga yuzlanibdi: - Onhazrat… arqonni o‘zimiz keltiraylikmi yoki berishadimi?! [2; 22] Mazkur parcha orqali, eng avvalo, asarning badiiyligi hamda ta’sirchanligi yanada oshgan. Bundan tashqari Omon Muxtor yashab, ijod etgan davr odamlari, ya’ni sovet kishisining hayotiga ham ishora mavjud.
Romanda folklor an’analaridan unumli foydalanilgan: …ishing tushsa, kichikni ham aka deysan, kuchukni ham [2; 23]; Jahl chiqsa, aql qochadi [2; 25]; Bir qozonda ikkita qo‘chqorning boshi qaynamaydi [2; 29]; O‘zing uchun o‘l, yetim… [2; 64]; Chamanda gul ochildi-yo, chakangga taq, chakangga… [2; 33].
Bundan tashqari, tush motiviga ham duch kelamiz. Ma’lumki, xalq og‘zaki ijodi hamda badiiy adabiyotda mazkur motiv o‘zining salmoqli o‘rniga ega. U orqali asar qahramonlari o‘zaro do‘stlashadilar (“Alpomish” dostoni), taqdiri bashorat qilinadi (“Qissasi Rabg‘uziy”, Yusuf qissasi) va shu kabilar. “Ffu” romanida esa Toshtemir tushida suyukli yori Nigor orqali ezgulikka da’vat etilgan.
Asarda ham nasriy, ham nazmiy uslublardan foydalanilgan. Unda keltirilgan she’riy parchalarning ayrimlari Omon Muxtor qalamiga mansubdir. Bu ijodkor mahorati va uslubidan dalolatdir. Mazkur she’riy parchalarda hayot, undagi rang-barang tuyg‘ular kuylangan:
Mudragan yurakni uyg‘otdi ohu! Nozik qadamlarning yengil sabosi. Horg‘in ko‘zlardagi ko‘ngil navosi, Erkin ko‘zlardagi qizlik hayosi – Singib tomirimga, qiziyapti qon… Bu – qanday g‘alayon?! Bu – qanday isyon?! Bu qanday bayonsiz, Hasratli bir hol?! – Men buni o‘zim ham bilmayman alhol. Bilganim: uchdi-yu, nazdimda, yohu! – Uchqunlar sachratdi ko‘ksimda ohu. [2; 62]
Mazkur she’riy parchada dardmand oshiqning sog‘inch to‘la hasratlari kuylangan. Ohuga o‘xshatilgan yor portreti shunday mahorat bilan chizilganki, yorning alifdek qaddi-qomati, gulg‘unchadek lablari yoki qalamqoshlari so‘zlanmagan ham. Biz yor go‘zalligini mudragan yurakni uyg‘otdi ohu, nozik qadamlarning yengil sabosi, erkin ko‘zlardagi qizlik hayosi, uchqunlar sachratdi ko‘ksimda ohu satrlari orqali bilib olishimiz mumkin.
Aytish mumkinki, “Ffu” romani nazariy jihatdan ramziylikdan mohirona foydalanib yozilgan asar hisoblanadi, badiiy jihatdan esa insoniylik, yaxshilik kabi xislatlarni kuylovchi asrlarga daxldor asarlar sirasiga kiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Иззат Султон. Адабиёт назарияси. – Т.: Ўқитувчи, 1986
Омон Мухтор. Аёллар мамлакати ва салтанати. Романлар ва ҳикоялар. - Тошкент. “Шарқ” нашриёт-матбаа концерни бош таҳририяти
Do'stlaringiz bilan baham: |