Navtaka tarixi
Qadim Naxshab – Navtoq – Yerqo‘rg‘on obidasi Qarshi va Koson shaharlari
oralig‘ida, Qarshidan o‘n chaqirimcha narida, uning shimoliy qismida joylashgan.
Qadimshunoslar dalolat etishicha, bu shahar xarobasi vohada quldorlik jamiyati
hukm surgan asrlarda vujudga kelgan yagona shahar qoldig‘idir. Yerqo‘rg‘onda
uzoq yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar shahodat etishicha, bir zamonlar
shahar ikki qatorlama devor (ichki va tashqi) bilan o‘rab olingan. Ichki mudofaa
devori ulkan beshburchak shaklida bo‘lib, qariyb 40 tanobcha joyni muhofaza qilib
turgan.
Ichki devorning har 17-18 qadam bo‘lgan oralig‘ida baland minoralar qad
rostlagan, ularning qabariq o‘rinlari hamon bilinib turadi. Tashqi aylana devorning
uzunligi 4,5 chaqirimcha bo‘lib, 150 tanob keladigan joyni o‘rab turgan. Tashqi
devorning har joyida, masalan, shimoliy tarafida pastak ko‘tarmalar tutashib
ketishi kuzatiladi. Yerqo‘rg‘on devorlarining balandligi 8 metrga yaqin bo‘lgan.
Pastak ko‘tarmalar esa shaharning qamal qilinganini, qamal qiluvchilar devorni
qulatish va undan o‘tish uchun shu usulni qo‘llaganini ko‘rsatadi. Qadimda bunday
harbiy muhandislik yechimlari amalda bo‘lgan.
Ichki devorning qiyshiq tushgan joylarida, jumladan, sharqiy tarafdan uzilib
qolish holati yuz berishi uning qadimiy qal’a xarobalari ustida qurilganligini
ko‘rsatadi. Eski qal’aning baland joyi to‘g‘ri kelganda devor unga taqab
ko‘tarilgan. Ichki devorga yonlama holda 20 ga yaqin tepachalar ko‘rinadi.
Tepalarning bir qismi turnaqator bo‘lib joylashgan. Bular shahar mahallasi uylari
bo‘lsa kerak. Qolgan tepalar alohida, katta binolar vayronalari, deb taxmin qilinadi.
Tashqi va ichki devorlar oralig‘ida, hatto, ularning tevarak-atrofida yashash
manzillari anchagina bo‘lgan.
Qadimshunoslarning aniqlashicha, shu tariqa, Yerqo‘rg‘on shaharchasi
milodga qadar bo‘lgan VIII-VII asrlarda yirik dehqonchilik manzili sifatida
vujudga kelib, milodga qadar bo‘lgan VI-V asrlarda yuksalishga erishadi.
Yerqo‘rg‘on shahri bir vaqtda yoxud bir asrda qurilmagan. Kichik aholi
manzilidan u asta-sekin yiriklasha borgan, hatto, shu viloyatning asosiy shahriga
aylangan. Bu orada asrlar kechgan. Shahar yuksalgan, vayron bo‘lgan, necha bor
tiklangan. Yerqo‘rg‘onning 150 tanoblik maydonida olib borilgan qazish ishlari bu
joydagi qasr, ibodxona va o‘zga binolarning turli davrlarda, turli asrlarda
qurilganligini ko‘rsatadi. Bu haqda shaharchaning sharqiy qismidagi tepalikda
o‘tkazilgan tadqiqotlar yetarli ma’lumot bera oladi.
Aleksandr Navtoqqa birinchi bor Bess izidan, uni quvib kelganida asosiy
shahar Naxshabni qamal qilgan va uni yondirib, kuch bilan olgan.
C.K.Kabanovning ta’kidlashicha, mudofaa devorlariga tutashib ketan tashqi
ko‘tarmalar ana shu qamal asoratidir. Naxshab-Navtoq Aleksandr bosqinidan
so‘ng, keyingi asrlarda shahar sifatida o‘z mavqeini tiklab ololmagan.
Qadim yunon muarrixlari Iskandar Moqiduniyning Markaziy Osiyoga qilgan
yurishi, harb-zarblari haqida hikoya qilganlarida, So‘g‘d va uning janglar kechgan
viloyatlari haqida ham yo‘l-yo‘lakay so‘zlab o‘tadilar. Jumladan, Doro III ni
hokimiyatdan chetlatib, undan podshohlikni va shohona anjomlarni tortib olgan
Bess haqida gap ketganda, birinchi bor Navtoq
1
tilga olinadi. Arrian bu haqda:
“Bessga Aleksandr yaqinlab qolganini aytganlariga, u Oksdan (Amudaryo ) suzib
o‘tadi, qayiqlarni esa yondirib, So‘g‘d yeriga, Navtoqqa ketadi”, deydi.
Navtoq qadimiy tarixiy manbalarda, qolaversa, hozirgi tadqiqotlarda ikki
ma’noda – birida viloyat, ikkinchisida shahar nomi sifatida taqdim etiladi.
Arrianda u aniq joy nomi sifatida berilganligi tushunarli. Bu voqea milodgacha
bo‘lgan 330 yil nari-berisida yuz beradi. So‘g‘d bilan bog‘liq shu voqeadan ikki
yillar chamasi keyin yuz bergan yurishlar haqida so‘zlagan Kvint Kursiy Ruf esa,
“Shoh (Aleksandr) o‘z qo‘shini bilan Navtoq deb atalgan viloyatga yetib keldi”,
deb yozadi. Har ikkala muarrixdan bir qancha vaqt oldin yashagan sitsiliyalik
Diodor (miloddan avvalgi 90-yilda tug‘ilib, 21-yilda vafot etgan) Aleksandr
Makedonskiyning So‘g‘d tuprog‘idagi harbiy harakatlari haqida so‘zlaganida,
uning “Navtoq qabilalariga qarshi yurish” qilganini aytadi. Bu yerda gap bir
shaharda yashaydigan qabilalar haqida emasligi ravshan. Diodor “Navtoq
qabilalari”, deganda viloyat va uning aholisini ko‘zda tutadi.
1
“Navtaka”, “Navtoqa” , “Nautak” shakllari ham uchraydi.
V.Lunin “Navtoq”qa: “hozirgi vaqtda Navtaka (Nautaki) xarobasini
Markaziy Osiyoning eng katta shaharlaridan biri – Yerqo‘rg‘on deb qarashga
barcha asoslar yetarli, chunki uning o‘rnida antik davr So‘g‘d shahriga xos bo‘lgan
madaniy qatlamlar saqlanib qolgan”
2
, degan izohni beradi.
Qashqadaryo viloyatining quyi qismida o‘tmish obidalarini aniqlash va
tadqiq etish bobida uzoq yillar ish olib borgan qadimshunos olim S.K.Kabanov
Navtoq va Ksenippaning hozirgi Qashqadaryo viloyatining yuqori yoki quyi
qismiga to‘g‘ri kelishi masalasida bahs yuritadi. S.K.Kabanov Navtoqni ham,
Ksenippani ham shaharlar tarzida emas, viloyatlar sifatida qaraydi. Yozma
manbalarda ikki viloyat – Navtaka va Ksenippa ma’lum, – deydi S.K.Kabanov, –
ularni tarixchilar va qadimshunoslar Qashqadaryo vohasida, deb ko‘rsatadilar. Bu
viloyatlar, albatta, vohaning yuqori va quyi qismidagi ikki qadimiy dehqonchilik
vodiylari – Shahrisabz va Qarshiga to‘g‘ri keladi. Biroq bu nomlarning hozirgi
joylariga to‘g‘ri kelishi masalasida tadqiqotchilarning qarashlarida tafovut bor.
Oldin Navtaka vohaning yuqori qismi, Ksenippa esa quyi qismi, degan nuqtai
nazar bosim edi. M.YE.Masson esa bunga zid fikrni qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni,
uningcha, Ksenippa vohaning yuqori qismi, Navtaka bo‘lsa quyisida joylashgan.
Qadimshunos olim bunda Navtoqning quyi viloyatning asosiy shahri Yerqo‘rg‘on
xarobasi o‘rniga to‘g‘ri kelishini ham qayd etadi”.
“Yerqo‘rg‘on” atamasi, tabiiyki, nisbatan keyingi asrlarda paydo bo‘lgan.
Quyi viloyat va uning asosiy qal’asi nomi yunon muarrixlarida “Nautaka”,
“Nautak” tarzida berilganligini ko‘rdik.
Qarshi vohasining qadimiy poytaxti – Yerqo‘rg‘on shahristoni hozirgi
Qarshi shahri Shayxali mahallasidan 2 kilometr shimolda joylashgan tuproq qal’a
bo‘lgan. Yerqo‘rg‘on 50-60-yillarda dastavval S.Kabanov va M.Masson
tomonidan o‘rganilgan. XX asrning 70-80-yillarida esa O‘zbekiston Fanlar
akademiyasi Arxeologiya institutining ekspeditsiyasi tomonidan bu yerda ilmiy
arxeologik tadqikotlar olib borilgan.
2
“Istoriya Uzbekistana v istochnikax”. 92-bet.
Yerqo‘rg‘on hududi turli hajmdagi tepaliklar bilan qoplangan bo‘lib, ular
sobiq shahar vayronalaridir. Eng yirik tepalik hukmdor saroyi ekani aniqlangan.
Shuningdek, qazuv ishlari davomida shahar butxonasi, maqbara, zardushtiylik
dahmasi, hunarmandlar mahallalari topilgan. Yerqo‘rg‘ondagi shahar taxminan VI
asrning ikkinchi yarmida Turk xoqonligi va Sosoniylarning birlashgan kuchlari
tomonidan eftalitlar davlatini yakson qilish paytida vayron qilingan.
Miloddan avvalgi birinchi ming yillikning o‘rtalarida shahar kengayib
boradi. U 35 gektarlik maydonni egallaydi. Taxminan miloddan avvalgi VI asrda
qurilgan yangi mudofaa devorining balandligi 8 metr, poydevori 3 metr kenglikda
bo‘lgan. U shaharni sak chavandozlaridan himoya kilgan. Vaqt o‘tishi bilan u bir
necha marta ta’mirlangan va kengaytirilgan, IV asrning o‘rtalariga kelib, uning
qalinligi 20 metrga yetgan.
Miloddan avvalgi III-II asrlarda Yerqo‘rg‘on o‘rnidagi shahar rivojlanib
borgan, buni arxeologik topilmalar tasdiqlaydi. Jumladan, sopol buyumlarning
shakli o‘zgara boshlagan. Bular nafis jomlar, ovqat solinadigan idishlar,
laganlardir, ayni paytda bu davrda vohada koroplastika san’ati vujudga kela
boshlaydi. Bu davrdagi noyob terrakota rasmlar va bezaklar ellincha usulda
yasalgan. Qazilmalar mobaynida topilgan momaqaldiroq xudosi Zevs tasviri
tushirilgan miloddan avvalgi V-IV asrlarga mansub etruskcha gemmaintaliya ham
shu davrga oiddir. Soqolli yalang‘och mavjudot yarim burilgan holda chap qo‘lida
Zevsning hamrohi – burgut qo‘ngan asoni ushlab turgan tarzda tasvirlangan.
Miloddan avvalgi II asrning birinchi yarmida Qashqa vohasi Sharqiy
Orolbo‘yi hududidan chiqqan saklar sulolasi hukmronligi ostida qolgan. O‘sha
davrda Yerqo‘rg‘ondan 15 kilometr janubda qal’a shaklidagi yangi shahar – Qal’ai
Zahhoki Moron barpo etilgan. U yagona arxitektura inshooti sifatida qurilgan.
Uning markazida tomonlari yuzga yuz metr bo‘lgan, 15 metrgacha balandlikdagi
ulkan minora joylashgan. Ushbu inshootni uch qator devor qurshab olgan.
Qal’ai Zahhoki Moron va uning o‘n metr qalinlikdagi devorlari Yerqo‘rg‘on
kabi bir necha marotaba qayta qurilgan. Devor tarkibini o‘rganish ularning eng
dastlabkilari miloddan avvalgi II-I asrlarga mansubligini ko‘rsatdi. Milodning IV-
V asrlarida shahristonni qayta tiklash paytida devor ichidagi yo‘laklar barpo
etilgan. Milodning VIII asriga kelib shaharning asosiy qismida hech kim yashamay
qo‘ygan, markaziy minoraning tepasida kichik qo‘rg‘on bunyod etilgan.
Miloddan avvalgi dastlabki asrlarda Yerqo‘rg‘on o‘rnidagi shahar
kengaytirilgan hamda deyarli 150 gektarlik maydonni qamrab oluvchi tashqi devor
bilan o‘ralgan. Yerqo‘rg‘onning tashqi devori ichki yo‘lkalari bor mustahkam
mudofaa inshooti bo‘lib, uning hududida har 60 metrdan so‘ng minoralar
o‘rnatilgan.
Miloddan avvalgi II-I asrlarda Yerqo‘rg‘onning ichki shahrida VIII-VII
asrlarga mansub eng qadimgi devor xarobalari o‘rnida kulollar mavzesi barpo
etilgan, tashqi shaharda esa – Samarqand tomonga olib boruvchi qadimgi yo‘l
yoqasida temirchilar mavzesi bo‘lib, ular shahar VI asrda vayron bo‘lguncha
mavjud bo‘lgan.
So‘nggi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar Qashqadaryo vohasi
(Janubiy So‘g‘d) qadimgi shaharlarini o‘rganish masalalariga ham ko‘pgina
aniqliklar kiritdi. Asrimizning 60-yillarida M.E.Masson Yerqo‘rg‘on ko‘hna
shahrida tadqiqot ishlari olib borib uning yirik ko‘hna shahar ekanligi, bir necha
madaniy qatlamlar rivojlanish jarayonidan dalolat berishini ta’kidlasa ham, uning
shakllanishi va rivojlanishi dastlabki bosqichdagi aniq sanasini bermagan.
Keyingi tadqiqotlar esa Yerqo‘rg‘on ko‘hna shahrining shakllanishi va
rivojlanishi, shaharsozlikning paydo bo‘lishi, moddiy madaniyat va iqtisodiy tarixi,
xronologiya va davrlashtirish masalalariga ko‘pgina aniqliklar kiritish imkonini
berdi.
Yerqo‘rg‘on ikki qator mustahkam himoya devorlari bilan o‘ralgan bo‘lib,
tashqi devorning hududi 150 gektarga yaqin, ichki devorning hududi esa 40
gektarga yaqin. Mil.avv. IX-VIII asrlarda Yerqo‘rg‘on o‘rnida o‘troq aholi
manzilgohi paydo bo‘ladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra u mudofaa inshootlari
bilan muhofaza etilgan bo‘lishi mumkin. Yerqo‘rg‘on qazishmalarining
ko‘pqatlamliligi miloddan avvalgi VII-VI asrlarda ko‘hna shahar hududi jadallik
bilan o‘zlashtirilib borilganidan dalolat beradi.
Yerqo‘rg‘onning
ijtimoiy-o‘troqlashish
rivojlanishi
uning
sug‘orish
tarmoqlari bilan uzviy bog‘liq holda kechgan. Tipologik klassifikatsiya va statistik
ma’lumotlarning tahliliga qaraganda, yashash makonlari o‘z o‘lchamlariga ko‘ra
ierarxik tizim ostida tarqalgan va ushbu qadimgi So‘g‘diyona jamoasi tizimining
eng cho‘qqisida Yerqo‘rg‘on ko‘hna shahri turgan. Shuningdek, mahalliy
ahamiyatga molik bo‘lgan kichik shaharlar ham mavjud bo‘lgan.
Yerqo‘rg‘on topilmalari hamda bu yerda ochilgan hokim saroyi, shahar
ibotxonasi, daxma va maqbaralarni boshqa hududlardagi topilmalar bilan
solishtirib va qiyoslab shunday xulosa chiqarish mumkinki, qadimgi So‘g‘d
shaharlari me’morchiligi – qadimgi sharq shaharsozligining ko‘plab usullari,
xususan qo‘shni Baqtriya va Marg‘iyonaning bronza va ilk temir asriga oid boy
bunyodkorlik merosi bilan uyg‘unlashib, o‘ziga xos yo‘nalishda davom etadi.
FA Arxeologiya institutining so‘nggi yillardagi tadqiqotlariga ko‘ra,
Yerqo‘rg‘onning pastki qatlamlaridan mil.avv. IX-VII asrlarga oid madaniy
qatlamlar aniqlandi. Shuningdek, Yerqo‘rg‘onda to‘rtta qurilish davri mavjud
bo‘lganligi hamda birinchi qurilish davriga oid eng qadimgi himoya devori
mil.avv. VIII-VII asrlarda bunyod etilganligi kuzatildi. Demak, so‘nggi tadqiqotlar
ham Yerqo‘rg‘onni O‘rta Osiyoning boshqa shu davrga oid yodgorliklari qatori
(Qiziltepa, Marv, Boloi Hisor, Uzunqir, Afrosiyob va boshq.) urbanistik markazlar
safiga kiritish mumkinligini yana bir marta isbotlaydi.
Nazorat savollari?
1. Yerqо‘rg‘on xarobalari qayerda joylashgan?
2. Yerqо‘rg‘on necha qator devor bilan о‘rab olingan?
3. Yerqo‘rg‘on shaharchasi milodga qadar bo‘lgan nechanchi asrlarda
vujudga kelgan?
4. Yerqo‘rg‘on XX asrning 50-60-yillarida dastavval kimlar tomonidan
o‘rganilgan.
5. Yerqо‘rg‘on tashqi devorining hududi qancha bо‘lgan?
Do'stlaringiz bilan baham: |