Aim.uz
Narx tayinlashga monopoliyaning ta’siri
Firmalar o‘rtasidagi munosabatni aniqlab beruvchi shartlar va ular o‘rtasidagi raqobat xarakteri muhim narx shakllantiruvchi omillar qatoriga kiradi.
Monopoliya va raqobat - bular turli uyg‘unlikda birga mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday bozor holatining turlicha jihatlaridir. Bozorda ishtirok etuvchi har bir sotuvchi ko‘p yoki kam darajada monopol hukmronlikka ega, shu bilan birga, bunday «monopolist»ning hokimiyati raqobat bilan cheklangan.
Monopoliya sharoitida tovarlar bahosi (monopol baholar) foydani maksimallashtirish vositalaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Monopol bahoni mahsulot ishlab chiqarish va sotish ustidan nafaqat alohida olingan bir mamlakat doirasida balki butun dunyo bozorida hisob va nazoratning mos usullari yordamida tartibga solinuvchi oldindan o‘rnatiladigan (bozorning o‘zida emas) baho sifatida ta’riflash mumkin.
Baholarni nazorat qilishga intilish kompaniyalarni: a) bir tarmoqdagi ko‘pgina korxonalar ustidan (gorizontal integratsiya deb nomlanadi); b) bir biri bilan ishlab chiqarish jarayoni ketma-ketligi bilan bog‘langan turli tarmoqdagi ko‘pgina korxonalar ustidan (aralash); v) o‘zaro bevosita bog‘lanmagan iqtisodiyotning turi tarmoqlari va sohalariga qarashli korxonalar ustidan (diversifikatsiya) nazorat o‘rnatishga majbur qiladi.
Shu tariqa, tarmoq va bozor tarkibida oligopoliya paydo bo‘ladi va rivojlanib boradi. Uning o‘ziga xos xususiyati shundaki iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida mahsulotning asosiy qismini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarning tor guruhlari paydo bo‘ladi.
Trestlarga qarshi qonunchilik, shuningdek raqobatni bartaraf etishning obyektiv mumkin emasligi tarmoq darajasida monopollashuvga ma’lum chegaralar qo‘yadi. Ushbu to‘siqlarni yengib o‘tishda monopollashuv jarayoniga tarmoqlararolik va xalqarolik sifatini beruvchi ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va baynalmilallashtirish asosiy yo‘nalish bo‘lib hisoblanadi.
Diversifikatsiya, ishlab chiqarishni maxsuslashuvu va moslashuvi (ishlab chiqarishning yirik ko‘lamlari, seriyali ishlab chiqarishning o‘sishi, xomashyoni katta hajmda xarid qilish, solishtirma mehnat sarfining kamayishi va sh.k.lar ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi) firmalarga tarmoqlarda bo‘ladigan inqirozlarga nisbatan qo‘shimcha chidamlilik ato etadi, kapitalni tezkor o‘tkazish va resurslarni harakatga keltirish imkoniyatlarini kengaytiradi, lekin, eng asosiysi, fanlar uchrashgan joyda ko‘proq dunyoga keluvchi ilmiy-texnika revolyutsiyasi yutuqlarini faolroq o‘zlashtirishga imkon yaratadi, oqibatda ularni joriy etish uchun tarmoqlararo harakatlarni talab etadi.
Ishlab chiqarishni baynalmilallashuvchi ancha sezilarli sur’atlarda o‘smoqda. Tovarlar importi ko‘proq kapital eksporti bilan almashmoqda. Natijada transmilliy korporatsiyalarning chet el korxonalarida shunda hajmda mahsulot ishlab chiqariladiki, uni rivojlangan mamlakatlarning o‘z hududlaridan amalga oshirayotgan eksport hajmi bilan tenglashtirish mumkin.
Baynalmilallashtirish operatsiyalari bozor o‘lchamlarini keskin kengaytiradi, xom-ashyo va yoqilg‘i bilan keng ko‘lamli ishlab chiqarishni ta’minlash manbayi bo‘lib xizmat qiladi, sanoati rivojlangan va rivojlanib borayotgan mamlakatdagi ishchilarning mehnat haqlaridagi katta farq sababli qo‘shimcha foyda olishga imkon yaratadi. O‘z mohiyatiga ko‘ra chet el korxonalarida monopoliyaning o‘zi joylashgan mamlakatga yetkazib berilishi lozim bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish chet el ta’minlovchi korxonalari (ChETK)ni namoyon etadi. Bu esa monopoliyalarning ishlab chiqarish apparatining ajralmas qismi (joylashgan mamlakatida ham uning tashqarisida ham) hisoblanadi. ChETKlarda ishlab chiqarilgan mahsulot butunlay eksportga chiqariladi.
Monopollashgan birlashuv bilan bir vaqtning o‘zida kichik va o‘rta biznesning katta massivi, monopollashmagan tarmoqlar ham mavjud. Kichik korxonalar asosan seriyali ishlab chiqarishning optimal hajmi katta bo‘lmagan tarmoqlarda faoliyat yuritishadi. Ularning saqlanib qolinishini tor ixtisoslashuv va tarqoq lokal bozorlarga xizmat ko‘rsatish yoki individual talab (yengil sanoat, xizmatlar, turizm, subta’minot va b.) taqozo etadi. Odatda monopoliya keng iste’mol mollarini sotish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanmaydi. Ular buni franshiza (firma tovarlarini ma’lum xududda sotish huquqi) shartnomalar asosida ishlovchi dilerlar yoki operatorlarga topshiradilar.
Natijada bozorda monopollashgan va monopollashmagan tarmoqlar tovarlari baholari amal qiladi. Bu baholarning o‘ziga xos xususiyati iqtisodiy sikl fazalarida turlicha harakatda bo‘lishidir. IV-4.2.-rasmda baholar harakati iqtisodiy sikl fazalarida monopollashmagan tovar narxi dinamikasi berilgan.
O’sish
Jonlanish
Depressiya
Inqiroz
Bozor narxlarining siklik tebranishi.
Agar monopollashmagan holda ishlab chiqarish tarmoqlarning tovar narxlari (qishloq xo‘jaligidan tashqari), odatda, iqtisodiy siklga parallel ravishda o‘zgarsa, ya’ni iqtisodiy inqirozlar davrida pasayib, jonlanish va yuksalish fazasida ko‘tarilsa, monopollashgan sanoat tarmoqlarda o‘zgacha dinamikaga ega bo‘ladi.
Siklik ko‘tarilishning yuqori konyunktura davrida narxlarning o‘sishi boshidan asosan investitsiya va iste’mol talabining o‘sishi bilan bog‘liq va monopoliyalardan ishlab chiqarish va sotuvni cheklash maqsadida tartibga soluvchi chora-tadbirlarni talab qilmaydi. Aksincha, raqobat kurashi boshlanayotgan paytda monopoliyalar ishlab chiqarishni o‘stirishga harakat qiladilar, chunki faqat shunday yo‘l bilan foyda massasi va normasini ko‘paytirish mumkin. Bunday holat siklik ko‘tarilish fazasining birinchi bosqichini ifodalaydi.
Ko‘tarilishning ikkinchi bosqichida kapital qurilish sur’atlarining o‘sishi, yangi korxonalarning paydo bo‘lishi va eskilarining kengayishi bilan ishlab chiqarish samaradorligi pasayib boradi, ayni vaqtda iste’mol talabini qondirilib borishi yuz beradi. Ishlab chiqarish ustidan monopolistik nazoratni kuchaytirish, mahsulot ishlab chiqarish va sotuvlarni tartibga solish zarurati tug‘iladi. Bu davrda narxlar tezroq ko‘tariladi.
Uchinchi bosqichda sotuvlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarning birinchi alomati paydo bo‘lganda mahsulot ishlab chiqarishning asta-sekin, avvaldan cheklash boshlanadi. Firmaning keyingi moliyaviy ko‘rsatkichlari aynan ana shu ko‘rilgan choralarning o‘z vaqtida qabul qilinganiga bog‘liq bo‘ladi. Boshqariluvchi narxlar foydani saqlab turishning asosiy sharti bo‘lib qoladi. Bu davrda narxlarning o‘sish sur’ati, odatda, birmuncha sekinlashadi. Ishlab chiqarish talabga baholarni pasaytirish emas, balki uni cheklash va sotilayotgan mahsulotlar hajmini tartibga solish yo‘li bilan moslashadi.
Monopolistik narx shakllanishining ta’siri siklning pasayish fazalarida yanada salmoqli bo‘ladi. Tanazzul davrida bosh maqsad bo‘lib ishlab chiqarishni tartibga solish, narxlarni ko‘tarish uchun ma’lum darajada tanqislikni yuzaga keltirish orqali foydani saqlab qolish hisoblanadi. Tanazzulning birinchi bosqichi uchun mahsulot ishlab chiqarishning asta-sekin kamayishi xos. Gap bu yerda tanazzulga o‘rmalab kirib borish nomini olgan zamonaviy siklik harakatning qonuniyatlari to‘g‘risida bormoqda.
Ikkinchi bosqichda monopoliyalarga bo‘ysunmaydigan stixiyali yig‘ilib boruvchi jarayonlarning o‘sib borishi natijasida ishlab chiqarishning pasayish sur’atlari kuchayadi. Sotuvlarning qiyinlashishi, tovar zaxiralarining paydo bo‘lishi, foydaning kamayishi aksiyalar kurslarining pasayishiga, monopolistik ishlab chiqarish tizimiga jalb qilingan ko‘pgina kontragent firmalarning xonavayron bo‘lishiga olib keladi. Bunday sharoitlarda birinchi tanazzul bosqichidagi davom etib kelayotgan narxlarning o‘sishi asta-sekin ularning o‘sish sur’atlarini pasayishi bilan almashadi.
Shunday qilib, monopolistik narx shakllanishining qonuniyatlari ko‘proq yuksalish yillarida emas, balki konyunkturaning pasayishi yillarida namoyon bo‘ladi.
Monopolistik narx shakllanuvining markaziy masalalaridan bo‘lib narxning optimal darajasini tanlash hisoblanadi. Buning uchun ma’lum aniqlik darajasi bilan tovarlarni ishlab chiqarish xarajatlarini belgilash, turli ishlab chiqarish, sotish ko‘lamlarida kutilayotgan foyda bilan nisbati va bozorlardagi narxlarning kelib chiqishini hisoblashning maxsus usullari – «praysinglar» qo‘llaniladi.
Monopolistik narx shakllanishi narxlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazish vositalariga kiradi. Bu ma’muriy ta’sir o‘tkazishdir. Narxlarni tartibga solish chora-tadbirlari ichida narxlar «yetakchiligi» alohida o‘rin tutadi.
«Yetakchilik» tizimining mazmuni shundaki, bir necha monopoliyalardan aynan bir turdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar uchun mo‘ljal bo‘lib xizmat qiladigan narxlarni o‘rnatadiganlaridan bir yoki ikkitasi ajratib olinadi.
Narxlarda yetakchilik ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishning berilgan darajasida qo‘yilgan kapitalga ma’lum foyda normasini amalga oshirish zaruratidan yoqlab chiqqan holda «rejalashtirilgan» narxlarni o‘rnatishni ko‘zda tutadi. Bunday narx bozor konyunkturasining turli holatlariga javob qaytarish xususiyatiga ega bo‘ladi va ishlab chiqarish hamda sotuvlarni tartibga solish, ayrim tarmoq korporatsiyalari bilan kelishish, boshqalariga tazyiq o‘tkazish orqali o‘z maqsadlarini amalga oshiruvchi firmaning ishlab chiqarish - sotish strategiyasini aniqlab beruvchi deyarli asosiy mo‘ljali bo‘lib qoladi. Bunda yetakchilik tizimiga jalb qilingan eng yomon ahvoldagi korxonalar tomonidan ham qandaydir foyda normasiga erishish ko‘zda tutilganligi sababli boshqalarda nisbatan barqaror o‘ta foyda shakllanadi.
Narxlarda yetakchilik tizimi kompaniyalarga ancha barqaror foyda normasini keltiradi. Aynan shu sifat - barqarorlik, doimiylik bilan monopol foyda yuksak konyunktura sharoitida baland foyda normasi nolga teng yoki manfiy ko‘rsatkichlar bilan almashib turadigan autsayderlar va turli kichik firmalar foydasidan tobora ko‘proq farq qilmoqda.
Monopoliyalarning bozor narxlariga ta’sir yetishning yana bir yetarli darajada ta’sirchan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri (ma’muriy) vositalaridan biri kartel kelishuvlari hisoblanadi. Zamonaviy raqobat ta’sirida yo‘qolib boradigan, ko‘pgina davlatlarda qonun yo‘li bilan ta’qib qilinadigan kartellar xali hanuz yetarlicha ko‘p sonlidir. Butun bozorlarni samarali nazorat qiladigan azot, elektrotexnika, rels, quvur, qozon, uran, sintetik tolalar va h.k. kartellari hozirgacha ham mavjuddir. Ayrim davlatlar ichidagi kartellar yoki eksport qiluvchilar va import qiluvchilar kartellari ulardan ham ko‘proq.
Zamonaviy kartel uchun sekin rivojlanadigan, tarmoqlararo raqobatga uchragan tarmoqlarda tarqalish xususiyati xosdir. Ular bu yerda nafaqat «bozorni bo‘lib olish», balki tashqi raqobatni qaytarish bo‘yicha ularga a’zo bo‘lgan firmalar harakatlarini birlashtirish vositasi hamdir. Kartellar tarqalgan hududlar ham o‘zgarishga uchradi, kartellashtirish markazi sanoat ierarxiyasining yuqorisidan quyi «eshelonlariga» ko‘chdi. Bunday kartellar raqobatni «reglamentlash» funksiyasini saqlab qolgan holda, tez-tez o‘ziga xos «himoya» rangini qabul qiladilar. Ular ko‘pincha jamoaviy autsayderlik va o‘rta (hatto mayda) firmalarning o‘rnashib olgan korporatsiyalar - bozorlarni nazorat qiluvchi gigantlarga qarshi kurash uchun kuchlarini birlashtirish shakli sifatida maydonga chiqadilar.
Monopoliyalar narxlarni o‘rnatishda iqtisodiy (bilvosita) usullarni bozor qisman monopollashgan va firmalar o‘rtasida raqobat mavjud bo‘lgan hollarda qo‘llaydilar. Aniq vaziyatga qarab monopoliya ikki yo‘ldan birini tanlaydi: 1) tovarlar ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirish yoki ularning zaxiralarini ko‘paytirish yo‘li bilan bozordagi tovar taklifini kamaytiradilar; 2) tovar ishlab chiqarishni rivojlantirish yoki uning zaxiralarini sotish yo‘li bilan bozorlardagi tovar taklifini kengaytiradi.
1) Monopoliya bozor narxlarining o‘sishidan yoki uning pasayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdan manfaatdor bo‘lganda birinchi yo‘lni tanlaydi. Bu monopoliyaga baholar pasayishi tendensiyasi sharoitida foydani avvalgi darajada saqlab qolish va hatto uni ko‘paytirish imkonini beradi. Bozorda past konyunktura bo‘lganida monopoliya shunday yo‘l tutadi.
2) Ikkinchi yo‘ldan monopoliya bozordagi hukmronlik o‘rnini mustahkamlashga harakat qilganda foydalanadi. Sotuv hajmini ko‘paytirib u narxlarni arzonlashtirishga erishadi va bu bilan raqobatchilar foydasini kamaytirib boshqa tarmoqlardan kapital oqib kelishiga qarshilik ko‘rsatadi. Bu ularni honavayron bo‘lishiga olib keladi. Monopoliyaning o‘zini bunday tutishi autsayderlar bilan kurashga taalluqli. Hozirda ham baholar urushi bozorlarda raqobatchilarni bartaraf etish shakli bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirgi bosqichda narxlarni monopolistik tartibga solish amaliyoti ta’sir o‘tkazishning ma’muriy va iqtisodiy usullarining uyg‘unlashuvi bilan xarakterlanadi. Ularni bir vaqtning o‘zida qo‘llashning sababi shuki, monopoliya tovar bahosi va taklifiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘la turib, talabni boshqara olmaydi va uning shakllanishi obyektiv shart-sharoitlari bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi.
Monopolizatsiya sharoitida aniq bir tovar narxini tayinlashda yirik firmalar 1) mazkur tovar uchun xos bo‘lgan talab elastikligi, bozordagi narx va talab o‘rtasidagi bog‘lanishni (talab egri chizig‘i); 2) narx va taklif o‘rtasidagi aloqani (taklif egri chizig‘i); 3) ishlab chiqarish xarajatlarining mahsulot ishlab chiqarish hajmiga bog‘liqligini hisobga oladilar. Ko‘rsatilgan omillardan kelib chiqib monopoliyalar ma’lum tovar massasini sotishdan kelgan jami tushum bilan uni ishlab chiqarish uchun qilingan jami xarajatlarning nisbatini aniqlaydilar va shu asosda ularga maksimal foyda olish imkonini beruvchi eng ma’qul narx va ishlab chiqarish hajmini aniqlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |