MILLIY О‘ZLIKNI ANGLASH
REJA
Milliy o`zlikni anglash tushunchasi.
Milliy o`zlikni anglashning rivojlanish hususiyatlari.
Huquqiy savodxonlik – ma’naviy yetuklik mezoni.
Demokratiyaning ma’naviy – ma’rifiy jihatlari.
Milliy о‘zlikni anglash har bir inson uchun ma’naviy barkamollikning muhim mezonlaridan biri hisoblanadi. Chunki, u avvalo, о‘zining kimligini bilib olsa, qaysi millatga mansubligini tushunib yetsa, avlod, ajdodlari, ulardan qoldirilgan moddiy va ma’naviy merosni о‘zlashtirsagina tо‘laqonli shaxs darajasiga yetishi mumkin. Bunday shaxslar millatning aksariyat kо‘pchilik qismini tashkil qilsagina unday millatning istiqboli buyuk bо‘ladi. Shuning bilan birga о‘zini chuqur anglab yetgan, kо‘zi ochilgan, aqli raso, g‘oyaviy-siyosiy jihatdan uyg‘ongan va jipslashgan xalq va millatni, о‘tmishda bо‘lganidek, mustamlakachilik kishanlarida ushlab turish, tili, madaniyati, qadriyatlarini oyoq osti qilish, boyliklarini talab ketish, huquqlarini poymol etish, davlat mustaqilligidan judo qilish aslo mumkin emas.
О‘z-о‘zini anglash bu:
- xalqning, millatning о‘tmish tarixiy taraqqiyot yо‘lini, ota-bobolari, nasl-nasabi, avlodu-ajdodlarining kim bо‘lganligi va ularning jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qо‘shgan buyuk hissalarini bilib olishdir.
-Milliy о‘zlikni anglash – millat yashayotgan Vatanning porloq istiqbolini ta’minlash uchun qanday imkoniyatlar va qulayliklarga ega ekanligini chuqur anglab yetish, ular bilan cheksiz faxrlanish, mavjud imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, real voqelikka aylantirish uchun о‘zini safarbar etish, barcha imkoniyatlari, kuch g‘ayratini ishga solish demakdir. Millat mavjud bо‘lishi uchun til, hudud va ma’naviyat asosiy shart bо‘lgani kabi milliy о‘zlikni anglash ham asosiy zaruriy shart hisoblanadi. О‘zlikni anglash о‘z mohiyatiga kо‘ra millat va elatlar uchun xos bо‘lgan ma’naviyat xususiyatlarini ifoda etib, о‘z funksiyasiga kо‘ra milliy manfaatlarni himoya qiladi.
Shunday qilib, har millat va elatning о‘zini real mavjud subekt, muayyan moddiy va ma’naviy boyliklarini ifodalovchi etnik birlik, til, urf-odatlar, an’analar, qadriyatlarga mansubligini, manfaatlar va ehtiyojlar umumiyligini tushunib yetishga milliy о‘zlikni anglash, - deb ataladi. Milliy о‘zlikni anglash millat birligining mustahkamligini, millat manfaatlarining, shaxs, mahalliychilik manfaatlaridan ustun turishini anglash darajasi bilan bog‘liqdir.
Milliy о‘zlikni anglash real hayotda millat sha’ni, qadr-qimmati, obrо‘-e’tibori poymol etilganda yoki millatning manfaatlariga nisbatan ikkinchi bir tomondan zо‘ravonlik harakatlari boshlanib ketgan holatlarda yanada kuchli va yaqqol namoyon bо‘ladi. Bunday holatda, millatning barcha vakillari qaysi lavozimda xizmat qilishi, qaysi darajada boy yoki kambag‘al bо‘lishidan qat’iy nazar о‘zaro birlashib ketadilar va millatning manfaatlarini himoya qiladilar.
Milliy о‘zlikni anglash, millatning til, urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar, hudud yagonaligi, ma’naviyatdagi о‘ziga xosligidan iborat belgilari kabi millatning mustaqil belgisi hisoblanadi. Milliy о‘zlikni anglash millatning mustaqil belgisi ekanligi – milliy manfaatlar, ehtiyojlar umumiyligini himoya qilish va milliy taraqqiyotga erishish va uning jahon taraqqiyotidagi о‘rnini mustahkamlash zaruriyatini anglash bilan belgilanadi.
Milliy о‘zlikni anglash omilining qudrati quyidagi sharoitlarda kо‘proq namoyon bо‘ladi:
Birinchidan, agar milliy о‘zlikni anglash rivojlangan bо‘lsa, yuqorida qayd etganimizdek, millatning manfaatlariga, ayniqsa, sha’ni, qadr-qimmati, obrо‘-e’tibori, g‘ururi poymol etilishiga qaratilgan harakatlar yuzaga kelgan sharoitlarda, millatning barcha vakillari birlashib ketadilar, hatto millatning ichida о‘zaro muxolifatda bо‘lgan tomonlar ham millatning sha’ni, g‘ururi, obrо‘-e’tiborini himoya qilish manfaati yо‘lida birlashadilar.
Ikkinchidan, milliy о‘zlikni anglash ruhiy, his-hayajon, ehtiros omilidir. Mazkur holat tashqaridan qaraganda sezilmaydi. Uni millatning hatti-harkatlarida, intilishlarida va maqsadlarini amalga oshirishlaridagi salohiyati orqali bilib olish mumkin bо‘ladi.
Ruhiy his-hayajon va ehtiroslarning “portlashi” millatning xarakteri, xususiyatlari, milliy g‘oyalarni yaratuvchi, uning taraqqiyotida oldingi safda turuvchi ziyolilarning salohiyatiga bog‘liq.
Uchinchidan, milliy о‘zlikni anglash omili faqat milliy manfaatlarni himoya qilish bilan cheklanmaydi, balki milliy taraqqiyot jarayonida, uning oldida yuzaga keladigan ichki muammolarni hal qilish hamda millatni birlashtiruvchi va harakatga keltiruvchi vazifani ham bajaradi. Bu muammolar mamlakatda iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda sodir bо‘lishi mumkin.
Tо‘rtinchidan, milliy о‘zlikni anglash millatning muhim belgisi sifatida, faqat uning manfaatlarini ifodalab yoki himoya qilish bilan cheklanmaydi, balki shular bilan birga uning abadiyligini ta’minlab turuvchi mustahkam qо‘rg‘on hamdir. “Milliy о‘zligini anglash... о‘zining katta salohiyati bilan millat uchun zarur bо‘lgan asosiy tizimida yetakchi о‘rinni egallaydi. U millatning yuragi, qalbi, tomirlarida oqadigan qoni va gavdasini tik ushlab turuvchi jonidir.
Mustaqillik uchun kurash, garchand chorizmning mustamlakachilik siyosati davridan boshlangan bо‘lsa ham, u shо‘rolar tuzumi davrida yanada keskin tus oldi.Ammo о‘zbek xalqining kо‘zga kо‘ringan millatparvar farzandlarining izchillik bilan bosqichma-bosqich qirib yuborilishi milliy о‘zlikni anglash jarayonining ommaviy ravishda yuksalish imkonini bermagan edi.
80-yillarga kelib sobiq SSSR iqtisodiyotidagi inqiroz, uning siyosatda xalqaro jandarmga aylanishga intilishi, ma’naviyat va ma’rifatdagi qashshoqlashuvi, bu tuzumning millatlarni taraqqiy ettirishga noqobilligini yana bir bor tasdiqlagan edi. Bu jarayon sobiq SSSR tarkibiga kirgan millatlarning mustaqillikka intilishini, о‘zlikni anglashning zimdan о‘sib borishini tezlashtirib yubordi. 80-yillarning oxiri 90-yillarning boshlarida millatlararo munosabatlarda turli nizolar hamda fojialarning kelib chiqishi milliy о‘zlikni anglashning yashirin qudrati yuzaga qalqib chiqqanligini bildirar edi. Xususan, mustaqillik yillari bosib о‘tilgan tarixan qisqa davr mobaynida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda katta ishlarni amalga oshirdi. Bu yillarda millatimizning о‘zligini anglashi jadal rivojlanib bordi. Bu milliy о‘zlikni anglash jarayonining yuksalib borish xususiyatlari quyidagilarda namoyon bо‘ldi:
Birinchidan, sobiq tuzum sharoitida ma’naviy-ma’rifiy sohalarda bu tuzumni madh etuvchi ishlar zо‘ravonlik va makkorlik bilan qaysi shaklda va usulda amalga oshirilmasin, millatimizning dunyoqarashini butunlay о‘zgartira olmadi.Xalqimiz har qanday sharoitda ham о‘zligiga qaytish kayfiyati va ruhiyati bilan yashab keldi. Chunki shо‘rolar tuzumi bermoqchi bо‘lgan ma’naviyat va ma’rifat, uni shakllantirish milliy madaniyatlar rivojlanishining obektiv qonunlariga asoslanmay, balki subektiv kuchning, ya’ni kommunistik mafkuraning zо‘ravonligiga tayangan edi. Bundan tashaqari, sobiq tuzum bermoqchi bо‘lgan ma’naviyat va ma’rifat milliy madaniyatlarning о‘zaro ta’siri va shu asosda boyishga emas, balki rus millati madaniyati va ma’rifatini boshqa “yirik” millatga singdirishga qaratilgan edi.
Mustaqillikka erishishimiz bilan bunday holatlarga Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barham berildi.
Ikkinchidan, mustaqillikning dastlabki bosqichlarida milliy о‘zlikni anglashning xarakterli xususiyati shunda bо‘ldiki, milliy qadriyatlardan kо‘ra diniy qadriyatlarni kо‘tarish ustivorlikni tashkil qildi. Buning obektiv sababi bor edi. Xususan, о‘zbek xalqi ma’naviyati va ma’rifati rivojlanishining shо‘rolar tuzumi о‘rnatilgunicha bо‘lgan davri islom ma’naviyati va ma’rifati bilan chambarchas bog‘langan bо‘lib, u millatimiz ongi va ruhiyatining muhim qismini tashkil qilib kelgan. Xuddi shuning uchun ham bolsheviklar islomga qarshi kurash yо‘li bilan millatni ham yо‘q qilish mumkin, deb hisoblaganlar va shu siyosatni izchillik bilan amalga oshirishga intilganlar. Ularning bu harakatlari bejiz emas edi Chunki, prezident I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “Tarixdan ma’lumki bir xalqni о‘ziga tobe qilishni istagan kuchlar, avvalo uni о‘zligidan, tarixidan, madaniyatidan judo qilishga intiladi”.
Mustaqillikni qо‘lga kiritgandan keyin tarixiy xotirani va diniy qadriyatlarni tiklash milliy tiklanishning, о‘zlikni anglashning muhim omili sifatida ustivor bо‘lib keldi. U milliy birlikni mustahkamlashda va milliy taraqqiyotni yangi bosqichga kо‘tarishda amaliy ahamiyat kasb etdi.
Mustaqillikni mustahkamlash yillarida milliy о‘zligimizni anglashning о‘sishi ikki yо‘nalishda: a) milliy va diniy qadriyatlarimizning uyg‘unligi milliy о‘zligimizni anglashning asosiy manbai sifatida yetakchi ahamiyatga ega bо‘ldi. Ana shu qadriyatlarning о‘zlashtirilishi millatdoshlarimizning qaddini kо‘tardi, о‘zini ular ichida munosib о‘ringa ega ekanligini bilib olishiga keng imkoniyatlar yaratdi.Buyuk tarix, ulkan ma’naviy meros va ajdodlardan meros bо‘lib kelayotgan diniy qadriyatlar mustaqillik sharofati bilan millatimizga о‘zining “men”ligini namoyon etishi uchun zamin bо‘ldi. b) Har qanday millatning о‘zligini anglashi, faqat о‘z doirasi bilan cheklanib qolishi unga taraqqiyot uchun imkon bermaydi. Shu ma’noda milliy о‘zlikni anglashning ikkinchi omili, har bir millatning dunyo xalqlari erishgan yutuqlar va tajribalarni qaysi darajada samarali foydalana bilish bilan bog‘liq bо‘ladi.
Mamlakatimizning mustaqilligi millatimizning о‘zligini anglashida ana shu imkoniyatdan foydalanishga ham katta e’tibor berildi. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz yoshlari о‘zlarining yuksak intellektual salohiyatlari bilan dunyo xalqlarining erishgan yutuqlari va ilg‘or tajribalaridan foydalangan holda О‘zbekistonni rivojlantirishda faoliyat kо‘rsata boshladilar. Yoshlarimiz jahonning rivojlangan mamlakatlarida fan, texnika va texnologiya sohasida qо‘lga kiritilgan eng sо‘nggi yutuqlardan samarali tarzda foydalanish darajasida о‘zlarining intellektual salohiyatini rivojlantirishga harakat qidilar va ular bu о‘ta murakkab vazifani bajarishga erishdilar.
Mamlakatimiz yoshlari ana shunday salbiy holatning yuzaga kelishini oldini olishda millatning vakillari sifatida о‘zligini namoyish etdilar. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari nafaqat jahonda qо‘lga kiritilgan fan, texnika va texnolgiyalardan samarali foydalanishda jahondagi yuksak darajada rivojlangan mamlakatlarning mutaxassislari darajasida faoliyat kо‘rsatmoqdalar, shuning bilan birga о‘z qobiliyatlari va intellektual salohiyatlari bilan О‘zbekistonning dovrug‘ini jahonga yoyishga erishmoqdalar. Bu milliy о‘zlikni anglash rivojlanishning mustaqil taraqqiyotimiz davridagi kо‘rsatkichlardan birini tashkil qiladi. Prezident aytganidek, “toki yoshlarimiz milliy о‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan baravar qadam tashlaydigan insonlar bо‘lib yetishsin”.
Demak, milliy о‘zlikni anglash, nafaqat о‘z zaminlari asosida rivojlanish, о‘z millatining manfaatlarini himoya qilish ruhiyatining mustahkamligi, shuning bilan birga millatning jahonning taraqqiy qilgan mamlakatlari darajasida rivojlanish yо‘lida fidoyilik kо‘rsatishga intilishga harakat qiluvchi vakillarining salmog‘ining oshib borishida ham о‘z ifodasini topadi. Millatimiz ana shu yо‘nalishda ham о‘zining munosib о‘rniga ega bо‘layotganligi milliy о‘zligimizni anglashning rivojlanayotganligini kо‘rsatib turidi. Bu о‘z navbatida ma’naviyatimiz rivojiga о‘zining ijobiy ta’sirini о‘tkazib bormoqda.
10.2 Bugun dunyoda mavjud bо‘lgan mamlakatlarning deyarli barchasida о‘zining “titul” millati bilan birga, boshqa turli millatlar yashamoqdalar. Bir mamlakat miqyosida turli millatlarning yashashi bir qator murakkab vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Chunki, turli millatlarning mavjudligi ularning manfaatlarining turli-tumanliligini bildiradi. Turli obektiv sabablar va subektiv omillarning mavjudligi ayrim olingan kо‘p millatlar yashayotgan mamlakatlarda har doim ham barcha millatlarning manfaatlarini tо‘laligicha amalga oshirish imkonini bermaydi. Ana shunday vaziyat mamlakatlarda mamlakatlararo ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Bu о‘z navbatida mamlakatning barqaror taraqqiyotiga salbiy ta’sir о‘tkazadi. Bu salbiy jarayonning oldini olish har bir kо‘p millatlar yashaydigan mamlakatlarda taraqqiyot uchun amaliy ahamiyatga ega bо‘ladi.
О‘z istiqbolini har bir ma’naviyati yuksak mamlakat о‘z hududida yashayotgan turli millatlarning barqaror rivojlanishi va ularning manfaatlarini uyg‘unlashtirishni о‘z siyosatining ustivor vazifasi sifatida qaraydi va faoliyat olib boradi. Bunday faoliyat millatlararo totuvlikni ta’minlaydi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir kо‘rsatadi.
Millatlararo totuvlik deganda kо‘p millatlar yashayotgan mamlakat hududidagi turli millat va elat vakillarining hamjihatlik va о‘zaro hamkorlikda yashashlari, ularning ongi va qalbida yagona Vatan va tuyg‘ularining mustahkamligi, uning istiqboli yо‘lida sidqidildan mehnat qilish va fidoyilik kо‘rsatish ruhiyatining amal qilishini tushunish mumkin.
Millatlararo totuvlikni ta’minlashning asosiy omili mamlakat hududida yashayotgan barcha millat va elat vakillarining ehtiyojlarini hisobga olish, manfaatlarni uyg‘unlashtirish va yagona maqsad sari va Vatanni taraqqiy qildirishga yо‘naltirish hisoblanadi. Shuni bugun mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, milliy о‘zlikni anglash jadal sur’atlar bilan о‘sib ketishiga qaramasdan, О‘zbekistonda millatlararo va fuqarolararo nizolarning bо‘lmaganligi, ularning oldi olinganligi о‘zbek millati uchun vazminlik, bag‘rikenglik va boshqa millat vakillariga nisbatan hurmat kabilar xos bо‘lgan xususiyatlardan sanaladi. Aslida, 1990 yillarda sobiq SSSR tizimida bо‘lgan ittifoqdosh respublikalarda bо‘lgani kabi parokandalik,taraqqiyot yо‘lining noaniqligi О‘zbekistonda ham bо‘lgan edi. Ammo о‘zbek xalqining о‘ziga xos teran aql-zakovati, bosiqlik, vazminlik xususiyatlari, uning rahbari Islom Karimovning vaziyatni tо‘g‘ri anglab, shunga mos ravishda siyosat olib borishi parokandalik yо‘liga tо‘siq qо‘ydi.
О‘zbeklar о‘z atrofida yashayotgan boshqa millat va elat vakillariga nisbatan dо‘stlik, birodarlik, hamkorlik, о‘zbek xalqiga xos mehr-oqibat tuyg‘ularini saqlab qola olganligi milliy о‘zlikni anglashdagi yana bir xususiyat hisoblanadi. Vaholanki, mustaqillikka erishgan ayrim respublikalarda mustaqillik sharofati oldida dovdirab, о‘z atroflarida yashayotgan, yaqindagina qardoshmiz deb yurgan millat vakillariga hurmatsizlik bilan qarash yuz berganligi sir emas. О‘zbekistonda bunday hol yuz bermaganligi, xalqimizning yuksak ma’naviyatini kо‘rsatadi. “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” konsepsiyasida ta’kidlanganidek, “millatlararo hamjihatlikka rahna soluvchi illat bu- tajovuzkor millatchilik va shovinizmdir. Bunday zararli g‘oyalar ta’siriga tushgan jamiyat halokatga yuz tutishi muqarrar. XX asrda Yevropa xalqlarini asoratga solgan va ayrim davlatlarning tanazzuliga sabab bо‘lgan fashizm g‘oyasi bunga yaqqol misol bо‘ladi. О‘zbekiston hududida qadim-qadimdan kо‘plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib keladi. Ular о‘rtasida asrlar davomida milliy nizolar bо‘lmagani xalqimizning azaliy bag‘rikengligini kо‘rsatadi”.
Yurtboshimiz I.A.Karimov aytganidek: «Bizning keyingi yillarda erishgan eng katta yutug‘imiz – bu umumiy xonadonimizda qaror topgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikdir».
Mustaqil О‘zbekistonning yuksalishi, о‘zbek millati gullab-yashnashining tarafdori bо‘lgan har bir о‘zbekistonlik fuqaro millatlararo totuvlik, dо‘stlik qoidalariga sodiq bо‘lishi kerak. Chunki, mustaqil davlatimizning kelajagi birinchi navbatda, о‘zbek xalqining о‘zligini qanchalik anglab yetganligiga hamda mamlakatimiz hududida о‘zbeklar va boshqa millat, xalq vakillari bilan yonma-yon istiqomat qilib turgan har bir kishining millati, dini, tili va e’tiqodlaridan qat’iy nazar, bir-birining kо‘nglini ola bilishiga, ular о‘rtasida dо‘stona munosabatlarning о‘rnatilishiga bog‘liq. Hozir О‘zbekistonda 136 millat va elat vakillari tinch-farovon hayot kechirmoqda. Ular о‘zbeklar bilan bir qatorda bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanmoqdalar. Mamlakatimizda har bir millatning tili, madaniyati, urf-odatlari, rasm-rusumlari tiklash, tarixiy vatan bilan aloqa va munosabatlarni bog‘lashga, milliy his-tuyg‘ularning namoyon bо‘lishiga keng yо‘l ochib berilgan. Bu esa mamlakatimiz barqaror rivojlanishining kafolatidir.
Xullas, milliy о‘zlikni anglashni о‘stirish yо‘lida mustaqillik mustahkamlashga fidoyi bо‘la oladigan jonkuyar – Islom Karimov sо‘zi bilan aytganda, “Biz fidoyi vatanparvarlarni tarbiyalashimiz”, “Elim deb, yurtim deb yashovchi, shu yо‘lda hatto jonini ham ayamaydigan”, “о‘zidan sо‘ng ozod va obod Vatan qoldiradigan” farzandlarni tarbiyalashimiz zamon va mustaqillik talabi. Bunga yurtimizda yashayotgan har bir kishi millatidan qat’iy nazar mas’ul bо‘lmog‘i lozim. Yoshlarimiz tafakkurida о‘zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qariyatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish fazilatlarini qaror toptirish, ularning, men о‘zbek farzandiman, deb g‘urur va iftixor bilan yashashiga erishish ma’naviy tarbiya ishimizning markazida turmog‘i lozim.
Agar biz bugungi milliy о‘zligimizni anglash va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi vazifalarini talab darajasida amalga oshira olsak:
Birinchidan, mustaqilligimizni abadiylashtirishga, ozod va obod Vatan, farovon hayotni qurishga, mamlakatimizning jahondagi nufuzini mustahkamlashga, о‘zimizning jahon sivilizatsiyasidagi adolatli va munosib о‘rnimizni qayta tiklashga erishamiz.
Ikkinchidan, milliy о‘zligimizni anglashimiz, avlod ajdodlarimizdan qoldirilgan boy merosimizni о‘zlashtirishimizga olib keladi. Bu faqat mustaqilligimizni mustahkamlash vazifalari darajasi bilan chegaralanib qolmasdan, balki millatimiz avlodining vorisligini ta’minlashga imkon beradi. Demakki, bu vazifalarni amalga oshirib biz keyingi avlodlarimiz oldidagi vazifamizni ham ado etgan bо‘lamiz.
Uchinchidan, milliy о‘zligimizning muhim qirralaridan biri о‘zbek millati bilan yonma-yon yashayotgan, shu aziz Vatanning farzandlari bо‘lgan barcha millat va elat vakillari о‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ularga hurmat bajo keltirish, ularning milliy ma’naviyatlarini rivojlanishiga yordamlashish va ana shu amaliy faoliyatimiz mamlakatimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash tashkil etadi.
Millatlararo totuvlikda yashash xalqimizga ajdodlarimizdan qolgan ulug‘ meros hisoblanadi. Bugungi avlodimiz ana shu merosga sodiq bо‘lgan holda mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarida yagona Vatan tuyg‘usini mustahkamlashi yо‘lidagi fidoyiligi ma’naviyatimizni boyitib borishimizning muhim yо‘nalishi sifatida namoyon bо‘lmoqda.
10.3. Har qanday mustaqil davlatda xalqning erkin yashashi, farovon turmush qurishi, xohish-irodasining amalga oshirilishi, ezgu maqsad-niyatlari huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.
Shu kafolat vatan taraqqiyotini, davlat mustaqilligini, xalqning jipsligini, millatlararo dо‘stlik va hamjihatlikni, mustaqillikni barqarorligini ta’minlashga shart-sharoit yaratadi. Yuqorida aytilgan kafolat respublikamiz konstitusiyasida о‘z ifodasini topgan. Bu haqida prezident I.A.Karimov Oliy Majlisning Birinchi chaqiriq о‘n birinchi sessiyasida sо‘zlagan nutqida: “Davlatimiz, О‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaro kelajagining kafolatini Konstitusiya beradi. Fuqarolarning haq-huquqlari, burchlari konstitusiyada belgilangan, tegishli qonunlar bilan mustahkamlangan. Maqsaimiz erkin, demokratik huquqiy davlat qurish, adolatli jamiyat barpo etish, hech bir insonni kamsitmaslik, e’tiqodini hurmat qilish, erkinligini ta’minlash”, - deb kо‘rsatgan edi.
Demokratik huquqiy davlatning bunyodkorlari huquqiy madaniyati, tarbiyasini tо‘g‘ri yо‘lga qо‘yish bilan maqsadimizga erisha olamiz. Mamlakatimizning har bir fuqarosi, siz kabi yoshlar qomusimiz va boshqa qonunlarni о‘rganib olishlari zarur. Konstitusiyani bilmagan, puxta о‘rganmagan kishi о‘z haq-huquqlarini bilmaydi. Huquqini bilmagan odamning hayoti oxir oqibatda fojiali tus olishi mumkin. Buning yaqqol misoli prezidentning yuqorida qayd etganimiz nutqida ham kо‘rishimiz mumkin: “Modomiki maqsadimiz aniq ekan, inson huquqlari umumxalq muhokamasida qabul qilingan Konstitusiya himoyasida ekan, - deb nutqini davom ettirgan edi yurtboshi, - avlodlarimiz, farzandlarimiz kelajagiga xavf soladigan, millat sha’niga dog‘ tushiradigan hatti-harakatlar qayerdan paydo bо‘layapti?” Bu о‘rinda prezident bunday qaltis hatti-harakatlarga qо‘l urgan kimsalarning qonunni bilmasligi, bilsa ham unga mensimasdan qarashi, hurmat qilmasligida ekanini, ularda huquqiy madaniyatning yо‘qligi, yetishmasligini aytmoqchi.
Shunday ekan, tabiiy ravishda huquqiy madaniyat nima degan savol tug‘iladi? Huquqiy madaniyat bu qonunni tushunish, bilish, hayotga tatbiq etish, ijrosini ta’minlash va har bir shaxsni, fuqaroni ijtimoiy hayotda faol ishtiroki va bunday faollikni boshqalardan ham talab qilish jarayonidir. Huquqiy madaniyatni, avvalo insonning ichki dunyosi, ichki madaniyati, umuminsoniy an’analarga va huquqiy bilimlarga bо‘lgan munosabatlari belgilaydi. Shaxsning ichki madaniyati uning tashqi odobini kо‘rsatadi. Huquqiy madaniyat egasi bо‘lgan kishi jamiyat talablari va qoidalariga hurmat bilan qaraydi, jamiyatni boshqarishda о‘zining huquqiy malaka va bilimlarini ishga solib faol qatnashadi.
Kо‘pincha kishilar huquq, qonun, burch, adliya kabi atamalarni, ba’zan tasodifan qonunbuzarlik qilib qonun oldida javobgarlik holatiga tushib qolganlaridagina eslaydilar. Nega qonunga rо‘para bо‘lding, deb sо‘ralganida “Bunday bо‘lishidan xabarim yо‘q edi”-deb kо‘zini mо‘ltillatib, advokatdan najot kutib turadilar. Shuni yaxshi anglashimiz kerakki, qonunni bilmaslik hech qachon aybni yengillashtirmaydi. Biz qonunga mensimaslik bilan qarasak, uni о‘rganmasak, hurmat qilmasak shunday noqulay ahvolga tushib qolamiz. Qonunni bilish, hurmat qilish jinoyatdan, jinoiy olamdan yiroq yurishning birdan-bir yо‘lidir. Qonunga harmat inson madaniyati va ma’naviyati bо‘lib qolganda, bunday jamiyatni boshqarish ham, adolatni qaror toptirish ham oson bо‘ladi.
Buning uchun esa huquqiy savodxonlik yuqori darajada bо‘lishi lozim bо‘ladi. Huquqiy savodxonlik, huquqiy ong va huquqiy madaniyat tushunchalari kundalik hayot kо‘p ishlatiladi. Aslida ular biri ikkinchisini tо‘ldiruvchi tushunchalar hisoblanadi. Ayni paytda ular о‘ziga xos ma’no-mazmuniga egadirlar. Huquqiy ong har bir fuqaroning qonunlarni bilishi bо‘lsa, huquqiy madaniyat ularni bilish bilan birga о‘zining hayotida ulardan foydalana bilishi hisoblanadi. Huquqiy savodxonlik esa qonunlarni nafaqat bilishi, shuningdek ularning ma’no, mazmunini tushunib yetishi, real hayotda qonunlarning qanday maqsadga yо‘naltirilganligini tushunib yetishi hisoblanadi.
Bundan kо‘rinib turibdiki, fuqarolarning huquqiy savodxonligi qay darajada yuqori bо‘lsa, nafaqat ularning о‘z huquq va burchlarini shu darajada tushunib yetishiga, shuning bilan birga ularning jamiyatni qonunlar asosida boshqarilishida faol ishtirok qilishiga yordam beradi. Huquqiy savodxonlikning yuqori darajada bо‘lishi fuqarolarning tinch-totuv yashashi va faoliyat kо‘rsatishiga, jamiyatda barqarorlik mustahkam bо‘lishiga о‘zining ijobiy ta’sirini о‘tkazadi.
Huquqiy madaniyatni, savodxonlikni rivojlantirmay turib qonunni mensimaydigan buzg‘unchilar, о‘g‘ri va yulg‘ichlar, tovlamachilar, laganbardorlar, ahloq-odobsizliklar, qо‘rqoqlar, qotilliklar kabi salbiy holatlarning oldini olish, tugatish anchayin murakkab ish. Bunday qonunbuzarlardan avvalo odamlarni, jamiyatni himoya qilish zarur. Yurtboshi I.A.Karimov sо‘zi bilan aytganda: “...davlat davlatligini qilmoqchi bо‘lsa, fuqaroni о‘z panohiga olishi zarur...”
Boshqacha aytganda, davlat har bir fuqarosini himoya etishi, unga huquqiy yordam berishi kerak. Qonun oldida barcha barobar. Mamlakat qonunlariga jami fuqaro – yoshidan, millatidan, irqi, dinidan qat’iy nazar – barcha barobar bо‘ysunmog‘i farz. Agar qonun qog‘ozda kelib ketsa, jamiyat aslo ravnaq topmaydi, qonun amalda bо‘lishi lozim.
Yuqoridagilarni bajarish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish adolatli davlatning ma’naviy va ma’rifiy vazifasi. Bizning vazifamiz esa fuqarolar manfaatini kо‘zlovchi qonunlarga tо‘liq rioya etishdan iborat.
Qayerda qonunlarga itoat qilinmas ekan, u yerda adolat buziladi, zо‘ravonlik vujudga keladi, ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar kuchayadi va oxir oqibatda jamiyat ma’naviy qashshoqlikka giriftor bо‘lib, parokandalikka uchraydi. Shuning uchun qonunlarga itoat qilish har bir shaxsning ma’naviy yuksaklik mezoni bо‘lishi bilan bir vaqtda jamiyatning barqaror rivojlanishining ham asosiy sharti hisoblanadi.
10.4. Demokratiya – “Xalq hokimiyati” demakdir. Demokratiya kishilik tarixida insonning ongli hayoti boshlangan davrdan boshlab, uning erk-irodasini, xohish-istagini belgilaydigan mezon bо‘lib kelmoqda. Insoniyat jamiyati taraqqiyotining har bir yangi davrida demokratiya ham yangidan-yangi mazmun, mohiyat va shakl kasb eta borgan.
Demokratiya jamiyat taraqqiyoti, uning siyosiy, huquqiy va ma’naviy jihatlarini, aholi umumiy dunyoqarashini о‘zida aks ettiradi.
Demokratiya tushunchasi negizida aholining ozodlik, hurriyatga erishishi, erkin yashashi, haqiqat va adolat singari mazmun yotadi. Buyuk bobomiz Amir Temurning “Kuch-adolatda” degan sо‘zi negizida huquqiy demokratik davlatning ham, fuqarolik jamiyatining ham ayrim belgilari, g‘oyat insonparvarlik mazmuni va insonning yashash huquqi, uning barcha erkinliklari ham mujassamlashgan.
Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, qadimiy sharq davlatchiligida inson erki, haq-huquqlari kо‘p jihatdan himoya qilingan, hamda о‘z davrining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, inson ozodligi va hatti-harakatlari erkinligi ta’min etilgan edi. Bular ayni demokratik jamiyatining muhim va asosiy belgilaridan hisoblanadi.
Endi biz butunlay yangi tarixiy sharoitda yashayapmiz. Bunday sharoitda demokratiyani shunchaki “ozodlik”, “erkinlik”, “xalq hokimiyati” sifatida sodda ravishda tushunmasligimiz kerak. Demokratiyaning har bir elementi yangicha chuqur mazmun bilan boyib borayapti. Chunonchi, demokratiyaning madaniyati, ma’rifati odamlar о‘rtasidagi munosabatlardan tortib dunyoviy muammolarni hal etishgacha bо‘lgan nizo, murosa va yakdillik, uning iqtisod, siyosat va fikrlar xilma-xilligi sharoitidagi vazifalarini ham qamrab olmoqda. Odamlar ongi va tafakkuri kengaygani sari, ularning demokratiyaga munosabatlari ham о‘zgarmoqda.
Totalitar tuzumdan erkin fuqarolik tuzumiga о‘tilayotgan bir sharoitda demokratiyani anglash, uning mohiyatini tushunish va mas’uliyatini zimmaga olish ancha qiyin ish. Eng avvalo, odam yangicha sharoit mazmun-mohiyatini anglashi, unga о‘z-о‘zini tayyorlab borishi, erkin yashash va erkin fikrlash kо‘nikmasini hosil qilishi zarur.
О‘zbekiston mustaqillikka erishganidan sо‘ng huquqiy demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini vujudga keltirishni oliy maqsad qilib qо‘ydi. Unga erishishning yagona yо‘li esa demokratiyani chuqurlashtirishdir.
Shuni aytish kerakki, demokratik jamiyatni barpo etishning tamoyillari, dunyo tan olgan, e’tirof etgan, barcha uchun umumiy bо‘lgan о‘z yо‘riqlari mavjud. Bularga quyidagilar kiradi: bevosita fuqaroning о‘z xohish-irodasini erkin ifodalash huquqiga egaligi, ozchilikning kо‘pchilikka bо‘ysunishi, barcha fuqarolarning millati, elati, ijtimoiy kelib chiqishi va diniy e’tiqodidan qat’iy nazar teng huquqliligi, davlat va jamiyat boshqaruvida qonun ustivorligi, saylash va saylanish huquqi va boshqalar. Bular deyarli barcha mamlakatlar, shu jumladan О‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida ham qat’iy belgilab qо‘yilgan demokratiyaning tartib qoidalaridir.
Demokratiyani hayotga joriy qilishda mamlakat xalqining milliy ehtiyojlari, turmush tarzi, ahloqiy mezonlaridan kelib chiqib yondoshish kerak bо‘ladi. Ana shu nuqtai nazardan kelib chiqadigan bо‘lsak, hamma xalqlar uchun demokratiyani birday joriy qilishning bir xil qolipi bо‘lishi mumkin emas. Mana shundan demokratiyaning g‘arb va sharqonaligi haqidagi qarashlar yuzaga kelgan. Bu haqda Respublikamiz prezidenti I.A.Karimov “Sharqda demokratik jarayonlarning qadimdan shakllangan о‘ziga xos va о‘ziga mos xususiyatlari bor. Buni aslo nazardan qochirib bо‘lmaydi, ya’ni Sharqda demokratik jarayonlar uzviy ravishda asta-sekin taraqqiy topadi. Bu sohada inqilobiy о‘zgarishlar yasashga urinishlar g‘oyat noxush, hatto fojiali natijalarga olib keladi. Inqilobni g‘arb olimlari ham “Ijtimoiy taraqqiyotning ibtidoiy va yovvoyi shakli” deb aytgan. Tabiiyki, bunday yо‘l bizga aslo tо‘g‘ri kelmaydi” - deganida demokratiyani joriy etishning bosqichma-bosqich, asta-sekinlik bilan, odamlar ongi va qalbi orqali amalga oshirish kabi о‘zbekona tamoyillari mavjudligini kо‘rsatadi.
О‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlarda Turkiya, Olmoniya, Fransiya, Angliya kabi mamlakatlar bizga о‘z taraqqiyot dasturlari va modellarini tavsiya etdilar. Tо‘g‘ri bu mamlakatlarda demokratiyaning ibratli va о‘rganishga arzirli tajribalari mavjud.
Biroq davlat rahbari I.A.Karimov bu takliflarga о‘zining aniq munosabatini bildirdi. Bu masalaga har bir millatning turmush tarzi, ruhiyatidan kelib chiqib yondoshish zarurligini aytdi. Tarixiy tajriba shuni kо‘rsatadiki, demokratik jarayonlarni chetdan nusha olib kо‘r-kо‘rona kо‘chirish aslo samara bermaydi. Bunday yо‘l chalkash va xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin. G‘arb demokratiyasida ochiqdan-ochiq munosabat, keskin inqilobiy harakat ustunlik qiladi. Sharq demokratiyasida esa aksincha andishalilik, bosiqlik; g‘arbda ota-onasini sensirash, Sharqda о‘zidan kattalarga, oqsoqolga hurmat bilan qarash, bosiqlik bilan ish tutish an’analari mavjud.
Ba’zi odamlar О‘zbekistonda huquqiy demokratik jamiyatni shakllantirish faqat qog‘ozda, shunchaki og‘zaki gap, amalda fuqarolarning barcha imkoniyatlari cheklanayotir, deb da’vo qilmoqdalar. Bu gapni aytganlar nuqul О‘zbekistonni Amerika, Olmoniya, Fransiya, Angliya va boshqa bir qator mamlakatlardagi ahvol bilan solishtirishga urinadilar. Bu о‘rinda bir narsaga e’tibor berishimiz talab etiladi. Yuqorida qayd etilgan mamlakatlarda inson huquqlari, davlat va fuqaro о‘rtasidagi munosabatlar borasida tо‘plangan tajribalar, amalga oshirilgan ishlar ikki yuz yil va undan ham ortiq yillar mobaynida, og‘ir kurash va sinov yо‘llaridan о‘tish orqali vujudga kelgan. Mustaqil О‘zbekistonda tarixan qisqa vaqt mobaynida, kechagi kundan bugungi kunga о‘tgan kunning о‘zida g‘arb davlatlaridagidek keng miqyosli tadbirni amalga oshirishni talab qilish aqlga sig‘maydigan holat. Odamlar dunyoqarashi, fikrlash tarzi va onglilik darajasini bir kun yo bir yilda о‘zgartirish sira mumkin emas.
Shunday qilib sodda qilib aytganda demokratiyani quyidagicha tushunmoq kerak. Demokratiya – ongli fikrlash, har qanday ehtiroslardan holi, aql-idrokka tayangan munosabat. Demokratiya – yuksak ma’naviyat va ichki madaniyatni oshkor etish madaniyati; demokratiyani anglash shaxsning barcha uchun birday zarur bо‘lgan qonunlarga tо‘la amal qilish, aniq tartib-intizomlarga tayanib yashash salohiyati, demokratiya bizga inson haq-huquqlarini himoya qiladigan, umumxalq va umumdavlat manfaatlarini himoya qiladigan barchaning qonunlarga bо‘ysunib yashashini о‘rgatadi va talab etadi. Aksincha bо‘lgan jamiyatda boshboshdoqlik, parokandalik avj oladi va oqibatda bunday jamiyat halokatga uchraydi.
Mustaqillik tufayli erkinlik, demokratiya nimaligini va о‘zligimizni kashf etdik. To ma’naviy kamolotga yetmaguncha, to hatti-harakatlarimiz, munosabatlarimiz aqlu idrok va umumiy manfaat doirasi bilan chegaralanmaguncha demokratiyani mazmuni ham kо‘lami ham kutganimiz darajasida bо‘lmaydi. Bu bevosita fuqarolar ongi, dunyoqarashini tubdan о‘zgartirish, yaqin о‘tmishdan qolgan loqaydlik va boqimandalik kayfiyatlarini yо‘qotish, shu asosda davlatimiz, vatanimiz istiqboli uchun kuyinish tuyg‘ularini kuchaytirish kabi murakkab va uzoq muddatli jarayon bilan bog‘liq. Ana shundan kelib chiqib, prezident I.A.Karimov “...demokratiya о‘z-о‘zidan vujudga kelmaydi. Demokratiyaga tinimsiz aqliy va jismoniy mehnat qilib, ter tо‘kib, hayotning achchiq-chuchugini obdon tortib, keyin, aytish mumkinki, hatto fojiali tajribalarni ham boshdan о‘tkazib, og‘ir sinov va kurashlarga mardona bardosh beribgina erishish mumkin”, -degan edi. Shuni hisobga olib, Prezident tomonidan ishlab chiqilgan jamiyatni erkinlashtirish konsepsiyasida demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish siyosiy sohadagi strategik vazifa qilib belgilangan.
Demokratiya haqida yuqorida bayon qilingan fikrlarni umumlashtirib Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “…demokratiya avvalambor ma’naviy mezonlar asosida boshqariladigan, kuchli huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati demakdir… huquqiy davlat va fuqarolik demokratiyaning о‘zaro uzviy bog‘liq bо‘lgan ikki jig‘ati, ikki qanotidir”.
Shunday qilib, milliy о‘zlikni anglash, millatlararo totuvlik, huquqiy savodxonlik, qonunlarga itoatkorlik, davlat tizimiga hurmat, demokratik qadriyatlarga sodiqlik bir tomondan jamiyat ma’rifiy taraqqiyot yо‘lidan borishini ta’minlaydigan omil bо‘lsa, ikkinchi tomondan shaxs ma’naviy komilligini kо‘rsatuvchi asosiy mezon hisoblanadi. Jamiyatda komillik mezoniga javob beradigan kishilar aksariyat kо‘pchilikni tashkil qilsagina ma’naviy barkamollik va iqtisodiy yuksaklikka erishish mumkin bо‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |