Maʼlumotlarga koʻra, jahonda onkologik kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichlari yurak-qon tomir kasalliklaridan keyingi ikkinchi oʻrinni egallaydi. Eng achinarlisi, bemorlarning deyarli 60 foizi kasallikning kechki III-IV bosqichlarida aniqlanayotganligidir.
Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot, shu jumladan, onkologiya sohasiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 4-apreldagi “2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar ijrosini taʼminlashda muhim huquqiy asos boʻlmoqda. Qaror ijrosi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, viloyatlardagi barcha onkologiya dispanserlari mazkur markazning filiallariga aylantirildi. Bu esa onkologik kasalliklarni erta tashxislash va samarali davolashda yangi davrni boshlab berdi.
Ushbu ezgu saʼy-harakatlarning davomi sifatida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi, zamonaviy Konsultativ-diagnostika poliklinikasi binosi foydalanishga topshirildi. Natijada onkologik kasalliklarni erta aniqlash imkoniyati yanada kengaydi. Yaʼni, malakali mutaxassislar tomonidan bemorlarga erta va aniq tashxis qoʻyish, eng zamonaviy texnologiyalar asosida samarali davolash boʻyicha ham koʻplab qulayliklar yaratildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur zamonaviy va innovatsion poliklinika qurilishi uchun Investitsiya dasturi asosida, qisqa davrda 3 qavatli yangi bino rekonstruksiyadan chiqarilib, old qismida 2 qavatli xoll qurildi. Mazkur zamonaviy inshoot 300 qatnovga moʻljallangan boʻlib, u maslahat poliklinikasi, rentgen, ultratovush va endoskopik diagnostika, klinik laboratoriya hamda saraton profilaktikasi markazi va boshqa boʻlimlarni oʻz ichiga oladi.
Tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzagʻolib Tillyashayxovlar soʻzga chiqishdi. Ular oʻz nutqida foydalanishga topshirilayotgan ushbu binoda onkologik kasalliklar profilaktikasi, ularning oldini olish, erta tashxislash hamda dunyo andozalariga mos ravishda davolash uchun zarur barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidlab oʻtishdi.
Yangi maslahat poliklinikasi ertalab soat 8.00 dan kech soat 20.00 gacha uzluksiz faoliyat koʻrsatadi. Bu yerda barcha qulaylikka ega 180 oʻrinli kutish zallari bemor va uning yaqinlari uchun xizmat qiladi.
Poliklinikada bemorlarni qabul qilish va ularga sifatli yordam koʻrsatish maqsadida barcha xonalar mutaxassisliklar boʻyicha zamonaviy jihozlar va diagnosti uskunalar bilan taʼminlangan. Bu yerda barcha soha oʻsmalarini aniqlash yoki inkor qilish, ularni davolash boʻyicha yuqori malakali maslahat berish uchun yetuk mutaxassislar jalb etilgan.
Endilikda bu yerda ultratovush orqali tekshiruv jarayoni bevosita poliklinikada faoliyat yuritadigan mutaxassislarning oʻz xonalarida amalga oshiriladigan boʻldi. Bu esa bemorlarning ortiqcha navbat kutib qolishi kabi turli muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bemorlar va ularning yaqinlari uchun binoning birinchi hamda ikkinchi qavatlari hamda xoll qismida elektron navbatni kuzatib borish monitorlarioʻrnatildi.
Maslahat poliklinikasida elektron roʻyxatga olish tizimijoriy etilganligi sabab fuqarolar mazkur sayt orqali “shifokor qabuliga onlayn yozilish” funksiyasi yordamida elektron roʻyxatga yozilishlari ham mumkin. Binoning 3-qavatida Saraton profilaktikasi markazijoriy etilgan boʻlib, ayni paytdaushbu markaz kanser-registr tizimi, skrining tadqiqotlari, statistik maʼlumotlar bazasini yaratish uchun zarur uskuna, kompyuter texnikasi va lokal hamda umumiy tarmoq bilan taʼminlangan.
Tadbir ishtirokchilari binoning boʻlim va xonalarida boʻlishib, yaratilgan sharoitlar, jihozlanishi, mavjud diagnostik va davolash uskunalari bilan tanishishdi. Elektron navbatga yozilish, roʻyxatxona ish faoliyati va boshqa texnik imkoniyatlarning amalda qoʻllanilishini bevosita kuzatishdi. Ular muassasaning moddiy va texnik imkoniyatlariga, yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berishdi.
Hukumat onkologik хizmat va onkologik bemorlarga tibbiy-psiхologik yordam koʻrsatishni rivojlantirish dasturi, shuningdek nuklear tibbiyotni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi (24.10.2019 yildagi 892-son VMQga qarang).