O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
LITSENZIYALASH VA RUXSAT BERISH TARTIB-TAOMILLARINI TUBDAN
TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
So‘nggi yillarda respublikada ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash,
ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan
tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar litsenziyalash va ruxsat berish tizimini
liberallashtirish hamda institutsional isloh qilishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam
asos yaratdi.
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda
byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yanada keng
shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish bo‘yicha vakil, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Savdo-sanoat
palatasining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
birinchi bosqichda (2020-yil davomida) — fuqarolar sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon
yetkazmaydigan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning ayrim turlarini
qisqartirish va tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazish, tadbirkorlik subyektlaridan
ortiqcha hujjat talab qilmaslik va ularning vaqt hamda mablag‘lari sarflanishini kamaytirish uchun
tartib-taomillarni soddalashtirish, tegishli hujjatlarni berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish
orqali shaffoflikni ta’minlash;
ikkinchi bosqichda (2020-2021-yillar davomida) — litsenziyalash va ruxsat berish
sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish, davlat xizmatlari ko‘rsatishning pasportlarini ishlab
chiqish, ayrim turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berishning namunaviy
ma’muriy reglamentlarini joriy qilgan holda normativ-huquqiy hujjatlar sonini tubdan
qisqartirish.
2. Belgilansinki 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
a) litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning:
1-ilovaga muvofiq ayrim turlari bekor qilinadi;
2-ilovaga muvofiq ayrim turlari birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi;
3-ilovaga muvofiq ayrim turlari xabardor qilish tartibi joriy etilishi yo‘li bilan bekor
qilinadi;
b) 4-ilovaga muvofiq litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjatlarning ayrim turlarini rasmiylashtirish muddatlari qisqartiriladi.
Xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat (harakat) uchun rasmiylashtirilgan litsenziya
yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilishi o‘z kuchida qoladi va ushbu faoliyat
(harakat)ni amalga oshirish uchun vakolatli organni xabardor qilish talab etilmaydi.
Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda
xabarnomalarni qabul qiladigan organlar (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organlar) 2021-yil 1-
yanvarga qadar avval rasmiylashtirilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar
reyestrini xatlovdan o‘tkazsin va yangi tartib asosida yuritilishini ta’minlasin.
3. Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada
qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
a) turizm faoliyatini litsenziyalashda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlash ixtiyoriy
etib belgilansin;
b) quyidagilar bekor qilinsin:
kredit byurolari faoliyatini litsenziyalashda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit
almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi talabi;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalashda
ushbu faoliyat uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ularning xuddi shunday
faoliyat bilan shug‘ullanuvchi filiallari tashkil etilganda har bir filial manzilini asosiy litsenziyada
ko‘rsatish amaliyotini joriy qilish orqali filiallarga alohida litsenziya rasmiylashtirish amaliyoti;
yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya olishda talabgordan
mahalliy davlat hokimiyati organlarining kafolat xatlarini olishni talab qilish tartibi.
5. Belgilansinki:
xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat jumlasiga faoliyatni boshlash yoki
harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilinishi talab
etilmaydigan, biroq davlat tomonidan tartibga solinishi hamda tegishli faoliyat bilan
shug‘ullanayotgan subyektlarning hisobini yuritishni ta’minlash uchun qonun hujjatlarida
belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olish orqali amalga
oshiriladigan faoliyat turlari kiradi;
xabarnoma yuborish orqali jismoniy va yuridik shaxslar xabardor qilish tartibi joriy etilgan
faoliyat yoki harakatni amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga
muvofiq ekanliklarini tasdiqlaydi. Bunda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qonun
hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga muvofiqligi hujjatlarni taqdim etish jarayonida
ustuvor ravishda inson aralashuvisiz tekshiruvdan o‘tkaziladi;
amalga oshirilishi uchun litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat va vakolatli organni
xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlari ro‘yxatlari qonun bilan tasdiqlanadi hamda tegishli
qonun qabul qilingandan so‘ng ushbu ro‘yxatlarga kiritilmagan faoliyat yoki harakatni amalga
oshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy tartib-taomillardan o‘tishni talab
qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
6. Vakolatli organlar tomonidan quyidagi harakatlarning amalga oshirilishi taqiqlansin:
litsenziyalar berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va ularni qayta
rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish, suv
ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish
xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha, shuningdek, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorligi
mavjudligi sababli davlat xizmatlari ko‘rsatishni rad etish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni davlat organlari va tadbirkorlik
subyektlari o‘rtasida tuziladigan o‘zaro shartnomalarga almashtirish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish haqidagi arizalarni ko‘rib
chiqish, ushbu hujjatlarni berish, shuningdek, nazorat funksiyalarini amalga oshirish jarayonida
tadbirkorlik subyektini litsenziya va ruxsat berishga doir talab va shartlarda nazarda tutilmagan
haq evaziga boshqa turdagi xizmatlardan foydalanishga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjatlarni olishga bevosita yoki bilvosita majburlash.
7. 2020-yilda muddati tugaydigan barcha litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjatlarning amal qilish muddati 2021-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin va ularning muddati
o‘tganligi munosabati bilan javobgarlikka tortish va boshqa choralar qo‘llanilishi taqiqlansin.
8. Faoliyatning litsenziyalanadigan turi bilan shug‘ullanadigan hamda O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar
korxonalari va nodavlat tashkilotlarning tegishli litsenziyani olmasdan faoliyatini amalga oshirish
huquqi 2021-yil 1-yanvardan bekor qilinsin.
9. Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-
taomillari bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olgan, idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik
qilish imkoniyatiga ega hamda maxsus mobil ilovasi mavjud bo‘lgan “Litsenziya” axborot tizimi
ishlab chiqilishi va ishga tushirilishini ta’minlasin.
Bunda, “Litsenziya” axborot tizimi quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lishi nazarda tutilsin:
a) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish borasida:
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish yoki amal qilish muddatini
uzaytirish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni topshirish, QR-kod (matrik shtrixli kod)
qo‘yilgan elektron litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish;
vakolatli organlar tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish hamda litsenziya va ruxsat etish
xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki berishni rad etish haqida qarorlar qabul qilish;
faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida vakolatli organni xabardor qilish uchun
xabarnomalar yuborish va xabarnoma qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnomalar olish;
arizani ko‘rib chiqish uchun davlat boji, yig‘im va barcha turdagi to‘lovlarni Yagona billing
tizimi orqali elektron to‘lash;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal
qilishini to‘xtatib turish va bekor qilish haqidagi arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish;
b) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda
vakolatli organlarning o‘zaro hamkorligi borasida:
boshqa vakolatli organlardan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlarni olish hamda ular bilan
kelishishni “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektining ishtirokisiz mustaqil ravishda
amalga oshirish;
berilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning hamda xabarnoma
yuborgan tadbirkorlik subyektlarining avtomatlashtirilgan reyestrlarini yuritish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarga hamda xabarnomalarga aloqador
ma’lumotlarni tegishli idoralarning ma’lumotlar bazasi orqali avtomatik tarzda tekshirish;
v) litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnomalarga tegishli
bo‘lgan talab va shartlarning bajarilishini monitoring qilish borasida:
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnomalarga doir talab va
shartlarga rioya etilishi ustidan vakolatli organlar tomonidan masofaviy nazoratni amalga oshirish;
davlat xizmati ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini
kuzatib borish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnomalar bilan bog‘liq
harakatlar, shu jumladan bekor qilish va to‘xtatib turish bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan sud
va boshqa idoralarga murojaat qilish;
arizalarni ko‘rib chiqish, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yohud
berishni rad etish, uning amal qilishini to‘xtatib turish haqidagi qarorlar ustidan jamoatchilik
nazoratini joriy etish, shuningdek, tegishli faoliyat bilan litsenziyasiz yoki boshqa ruxsat etish
xususiyatiga ega hujjatsiz yohud xabarnoma yubormasdan shug‘ullanish hamda belgilangan talab
va shartlarni buzish holatlari haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri joylashish nuqtasini ko‘rsatgan holda
ma’lumot berish;
vakolatli organlarning avtomatik shakllantiriladigan reytingini yuritish;
vakolatli organlar tomonidan berilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjatlarning hamda xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatlarning xususiyatidan
kelib chiqib, jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyati (harakati) davomida nazorat qilishning aniq
mezonlarini belgilagan holda “xavfni tahlil etish” tizimini joriy qilish.
10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich to‘liq
elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi, bundan tashqi iqtisodiy
faoliyat subyektlariga “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidan foydalangan holda beriladigan
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish
cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan tartib-taomillar mustasno;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish hamda vakolatli organni
xabardor qilish haqidagi arizalar va ularga ilova qilingan hujjatlar elektron shaklda Yagona
interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda Internet tarmog‘i orqali qabul qilinadi;
barcha turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnoma
qabul qilinganligi va reyestrga kiritilganlik haqida xat ularning haqqoniyligini onlayn tekshirish
imkonini beradigan QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda rasmiylashtiriladi va ularni
maxsus blankalarda berish tartibi bekor qilinadi, bundan xalqaro shartnomalarga muvofiq maxsus
qog‘oz blankalarida rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlar mustasno;
boshqa vakolatli organlardan qo‘shimcha hujjatlarni olish yoki ular bilan kelishish asosiy
vakolatli organ tomonidan tadbirkorlik subyektining ishtirokisiz “Litsenziya” axborot tizimi orqali
mustaqil ravishda, shu jumladan javob berishni talab etmaydigan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot
olishga imkon beruvchi integratsiyalashgan platformaga ulanish orqali amalga oshiriladi.
Belgilangan muddatlarda boshqa vakolatli organlar tomonidan javob berilmaganda qo‘shimcha
hujjatlar olingan yoki ular bilan kelishilgan hisoblanadi, bunda mazkur vakolatli organlar vujudga
kelishi mumkin bo‘lgan barcha oqibatlar uchun javobgar bo‘ladi;
tegishli faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz yohud
xabarnoma yubormasdan shug‘ullanish hamda belgilangan talab va shartlarni buzish holatlari
bilan bog‘liq, shuningdek, vakolatli organlar tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish, litsenziya yoki
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yohud berishni rad etish hamda uning amal qilishini
to‘xtatib turish bilan bog‘liq qonun buzilishlarini aniqlab, bu haqda vakolatli organlarga xabar
bergan jismoniy shaxslar huquqbuzarlik o‘z tasdig‘ini topganda undirilgan jarimaning 10 foizi
miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;
vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni
tugatish va bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi, bundan litsenziatning litsenziya
berganlik uchun davlat bojini to‘lamagan hollar mustasno;
litsenziya da’vogari ma’lum bir sohada litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish
huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘la turib, xuddi shu sohadagi alohida faoliyat turiga litsenziya
berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilsa, u tomonidan litsenziyalovchi organga faqatgina
qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlarini qanoatlantiradigan ma’lumotlar taqdim etiladi;
faoliyatni boshlaganlik haqida vakolatli organni xabardor qilishda bazaviy hisoblash
miqdorining 50 foizigacha yig‘im undiriladi, bundan qurilish-montaj ishlarini va alkogol
mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqidagi xabarnomalar mustasno.
11. “Litsenziya” axborot tizimi Davlat xizmatlari agentligi, BMTning Taraqqiyot dasturi va
Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etishni
takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi grant mablag‘larini
jalb qilgan holda ochiq tender asosida ishlab chiqilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
“Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilishi munosabati bilan davlat idoralari va
tashkilotlari tomonidan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini hamda
ularning talab va shartlari nazoratini amalga oshirish borasidagi barcha elektron dasturlar ishlab
chiqilishi to‘xtatilsin, bunda ushbu dasturlarni ishlab chiqish Adliya vazirligi hamda Axborot
texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ijobiy xulosasiga muvofiq
davom ettirilishi mumkin.
Ishlab chiqilishi to‘xtatiladigan dasturlar uchun mo‘ljallangan mablag‘lar “Litsenziya”
axborot tizimining ishlashi uchun zarur bo‘lgan idoraviy infratuzilma va elektron bazalarni
yaratishga yo‘naltirilsin.
12. Davlat xizmatlari agentligi “Litsenziya” axborot tizimini yuritish bo‘yicha vakolatli
organ etib belgilansin hamda unga litsenziyalash, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish
va xabardor qilish tartib-taomillarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan rioya
etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish vakolati berilsin.
13. “Litsenziya” axborot tizimini takomillashtirish hamda uning davlat organlarining
idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashuvini tashkil etish bo‘yicha
ishlar Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari va
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilsin.
“Litsenziya” axborot tizimi elektron hukumat tizimining ajralmas qismi ekanligi inobatga
olinsin va kelgusida texnik-qo‘llab quvvatlash bo‘yicha mas’ul organ etib Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilansin.
Adliya vazirligi “Litsenziya” axborot tizimi to‘liq ishga tushirilganidan so‘ng ikki oy
muddatda uni o‘rnatilgan tartibda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish
vazirligi tasarrufiga beg‘araz ravishda o‘tkazib bersin.
14. Belgilab qo‘yilsinki:
har bir litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomili uning amal qilishi
natijasida erishilgan maqsadlarni, ijtimoiy-iqtisodiy, innovatsion va texnologik rivojlanishning joriy
holatini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining xarajatlarini baholagan holda kamida har besh
yilda qayta ko‘rib chiqiladi;
normativ-huquqiy hujjat loyihasida yangi turdagi litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishi
yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni yoxud faoliyatni boshlashning xabardor qilish tartibini
joriy etish nazarda tutilayotganda ushbu tartib-taomilning tartibga solish ta’sirini baholash
majburiy hisoblanadi;
yangi turdagi litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va faoliyatni
boshlashning xabardor qilish tartibini joriy etishni hamda ularni tartibga solish shakllarini
o‘zgartirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi Iqtisodiy taraqqiyot va
kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ijobiy
xulosalari mavjud bo‘lgandagina, shuningdek, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy
manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda Adliya
vazirligiga kiritiladi.
15. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq
qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda litsenziyalash va
ruxsat berish tartib-taomillarini kompleks va tizimli isloh qilishning ikkinchi bosqichini amalga
oshirish uchun:
a) uch oy muddatda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi va
“Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarni
birlashtirish yo‘li bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi yaxlit qonun loyihasini Vazirlar
Mahkamasiga kiritsin:
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan o‘tishning yagona va
shaffof tartibini o‘rnatish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtiradigan, kelishadigan
hamda xabarnomalarni qabul qiladigan vakolatli organ va tashkilotlarning vakolatlarini belgilash;
litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish jarayonida vakolatli organ va
tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladigan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va
manfaatlari himoyasining yagona tizimini joriy qilish;
litsenziyalanadigan faoliyat turlari, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat etish
xususiyatiga ega hujjatlar, shuningdek, vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga
oshiriladigan faoliyat va harakatlar ro‘yxatini tasdiqlash;
litsenziya shartnomasini rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechgan holda, litsenziya talab
va shartlarini qonun hujjatlarida belgilash;
yuridik shaxslarning filial va vakolatxonalari tomonidan litsenziyalanadigan, ruxsatnoma
olish yoki xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirish;
litsenziyani chaqirib olish tartibini va ushbu tartibga asosan chaqirib olinishi mumkin
bo‘lgan faoliyat turlarini aniq belgilash;
“xavfni tahlil etish” tizimini joriy qilish orqali litsenziya va ruxsat berishga doir talab va
shartlarga rioya qilish ahvolini nazorat qilish;
b) 2021-yil 1-fevralga qadar Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy
manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va vakolatli
organlar bilan birgalikda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonun
hujjatlarini tizimlashtirish maqsadida ularning pasportlarini ishlab chiqish va kodifikatsiyalash
bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Adliya vazirligi quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Bosh prokuratura bilan birgalikda uch oy muddatda yuridik va jismoniy shaxslarning
litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olinishi hamda xabardor qilinishi shart
bo‘lgan faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsatnomasiz yoxud xabarnoma yubormasdan
shug‘ullanganligi, shuningdek, xabardor qilish tartibida faoliyat yuritish uchun belgilangan talab
va shartlarning bajarilganligi yuzasidan vakolatli organga yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar
berganligi uchun javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasini;
2020-yil 1-dekabrga qadar tegishli huquqbuzarlik holatlarini aniqlab, tegishli vakolatli
organlarga xabar yuborgan jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish tartibini;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga
mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni.
17. Ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga
oshirilishini ta’minlash maqsadida:
a) Bosh vazir o‘rinbosari J. Qo‘chqorov ayrim turdagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-
taomillari o‘rniga xabardor qilish tartibi joriy etilishi munosabati bilan tegishli qonun qabul
qilinganidan so‘ng xabardor qilish tartibi bo‘yicha nizomlar qisqa muddatlarda tasdiqlanishini
ta’minlasin;
b) Adliya vazirligi (Davletov):
vakolatli organlar bilan bevosita va onlayn videoaloqa tizimi orqali uchrashuvlar tashkil
etish grafigini tasdiqlasin;
tasdiqlangan grafikka asosan vakolatli organlarga mazkur Farmonda nazarda tutilgan
tartiblarni va “Litsenziya” axborot tizimining ishlash tamoyillarini tushuntirib borsin;
vakolatli organlarga tegishli loyihalarni tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatsin;
v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov):
Adliya vazirligi bilan birgalikda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni
taqdim etadigan va kelishish jarayonlarida ishtirok etadigan barcha davlat organlari idoraviy
axborot tizimlarining “Litsenziya” axborot tizimi bilan integratsiyalashuvini ta’minlash choralarini
ko‘rsin;
“Litsenziya” axborot tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlasin hamda Davlat xizmatlari
agentligi tomonidan “Litsenziya” axborot tizimi faoliyatida nuqson va nosozliklar aniqlanganida,
Agentlik talabnomasiga asosan ularni uch kunda bartaraf etib borilishini ta’minlasin;
g) vakolatli organlar:
ikki oy muddatda “Litsenziya” axborot tizimiga ulanish va o‘zlarining elektron tizimlarini
integratsiya qilish, tegishli infratuzilmani yaratish hamda o‘z elektron bazalarini shakllantirish
choralarini ko‘rsin;
amaldagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan
o‘tish tartibi hamda xabardor etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni o‘z vaqtida va sifatli ishlab
chiqsin;
mazkur Farmon qabul qilinguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati
qarorlari bilan tashkil etilgan va litsenziyalanadigan faoliyat bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarga
ularning murojaatlariga asosan belgilangan tartibda litsenziyalar berilishini ta’minlasin;
d) Bosh prokuratura (Yo‘ldoshev):
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va
qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda litsenziyalash, ruxsat etish
xususiyatiga ega hujjatlarni berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi qonunchilik
ijrosi ustidan tizimli nazoratni o‘rnatsin;
belgilangan muddatlarga rioya qilmaslik oqibatida avtomatik tarzda litsenziya va ruxsat
etish xususiyatiga ega hujjatlar, shu jumladan ularni idoralararo kelishuvda ijobiy xulosalar
berilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilsin, korrupsiyaviy holatlar yuzaga
kelishining oldini olish choralarini ko‘rsin;
e) Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (Sharipov) litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga
ega hujjat berish va xabardor qilish jarayonida asossiz rad etish yoki harakatsizlik orqali
bozorlarga yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishiga (faoliyat yuritishiga) to‘siq qo‘yish
yo‘li bilan raqobat cheklanishining oldini olsin, ruxsat etish tartib-taomillari uchun davlat boji va
yig‘imlar miqdori shakllantirilishining asosliligini nazorat qilsin;
j) Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha
vakil (Kasimov) vakolatli organlar tomonidan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati
mavjud subyektlar faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga
ega hujjat talablari doirasida amalga oshirilishi ustidan nazoratni olib borsin;
z) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Xodjayev) O‘zbekiston Milliy axborot
agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari,
mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda mazkur
Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni aholi orasida keng yoritish choralarini ko‘rsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri
A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov
zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-avgust,
PF-6044-son
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2020-yil 24-
avgustdagi PF-6044-son Farmoniga
1-ILOVA
Do'stlaringiz bilan baham: |