Ba’zi iqtisodiy adabiyotlarda kreditning zarurligi xususida bir necha xil fikrlar uchraydi. Masalan, kredit korxonalar faoliyatini nazorat qilishni amalga oshirish uchun zarur, deb ta’kidlanadi. Agar bu fikr to‘g‘ri deb qaraydigan bo‘lsak, kreditning zarurligi faqat kreditor uchun tushunarli bo‘ladi, chunki u qarz berish orqali qarz oluvchi faoliyatini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kreditga zarurat tug‘ilganda quyidagi manbalardagi bo‘sh mablag‘lardan kredit resurslar sifatida foydalanish mumkin:
• asosiy fondlarni tiklash, kapital ta’mirlash uchun ajratiladigan amortizatsiya sifatidagi pul mablag‘lari;
• tovarlarni sotish va yangi moddiy resurslarni sotib olish vaqtlarining birbiriga mos kelmaganligi tufayli yuzaga kelgan bo‘sh pul mablag‘lari;
• tovarlar realizatsiyasidan tushgan tushum bilan ish haqini to‘lash vaqtlari orasida vaqtincha bo‘sh turib qolgan pul mablag‘lari.
Iqtisodchi – olimlarning kredit funksiyalari haqidagi fikrlariga, shuningdek, kreditning tovar–pul munosabatlari va ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokiga tayangan holda, uning qayta taqsimlash (1), muomala jarayonini tezlashtirish (2), pullarni muomalaga chiqarish va naqdlashtirish (3) hamda pul kapitalini jamg‘arish va markazlashuvini jadallashtirish (4) funksiyalarini bajarishini ta’kidlash mumkin.
• Kredit taqsimlash funksiyasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarining taqsimlangan daromadlarining vaqtinchalik foydalanilmagan qismini tegishli fondlarga jalb qiladi.
• Kreditning muomala jarayonini tezlashtirish funksiyasi mamlakat pul muomalasi, pul massasi, pulning aylanish tezligiga bevosita ta’sir qiladi.
•Kreditning pullarni muomalaga chiqarish va ularni naqdlashtirish funksiyasi asosan Markaziy bankning qayta moliyalash siyosati orqali amalga oshiriladi.
•Kredit pul kapitalini jamg‘arish va markazlashuvini jadallashtirish funksiyasi yordamida yirik ssuda kapitalini tegishli fondlarda jamg‘aradi.
Kreditning turlari
Kreditning turi deganda uning ma’lum belgilariga ko‘ra o‘ta aniqlikda shakllantirilgan tavsif tushuniladi. Kreditlar muddatiga ko‘ra uch turga bo‘linadi:
Tijorat banklari faoliyatida kreditlashning quyidagi shakllari qo‘llaniladi:
1. Mijozni alohida ssuda hisobraqamidan bir marotabali kreditlash shakli.
Kreditlashning ushbu shaklida mijozga kredit berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan keyin ssuda hisobraqami ochiladi va kredit bir marotabalik to‘lov shaklida mol etkazib beruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchiga tashlab beriladi.
2. Mijozni kredit liniyasi ochish yo‘li bilan kreditlash shakli.
Kreditlashning ushbu shaklida mijozga kreditlash limiti ajratiladi va ushbu limitdan foydalanish davri belgilanadi. SHuningdek, kreditning foiz stavkasi va mijozdan undiriladigan bir marotabalik komission to‘lov stavkasi belgilanadi. Kredit liniyasining quyidagi turlari mavjud: