2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan qonunni ko‘rib chiqish natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi mumkin:
qonunni ma’qullash to‘g‘risidagi qaror;
qonunni rad etish to‘g‘risidagi qaror;
qonunni rad etish hamda kelishuv komissiyasini tuzish haqida Qonunchilik palatasiga taklif kiritish to‘g‘risidagi qaror.
3. Senatning qonunni rad etish to‘g‘risidagi qarorida rad etish vajlari ko‘rsatilishi kerak. Unda bir vaqtning o‘zida qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish zarurligi to‘g‘risidagi, shuningdek Senatdan kelishuv komissiyasiga a’zo etib saylangan senatorlarning familiyalarini aniq ko‘rsatgan holda kelishuv komissiyasini tuzish haqidagi takliflar bayon etilishi mumkin. Senatning qonunni rad etish to‘g‘risidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida Qonunchilik palatasiga yuboriladi.
4. Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Senat va Qonunchilik palatasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
5. Kelishuv komissiyasi tarkibiga nomzodlar yuzasidan Senat Raisi va Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.
6. Kelishuv komissiyasining majlislari komissiya a’zolarining xohishiga ko‘ra Qonunchilik palatasida yoki Senatda o‘tkaziladi.
7. Kelishuv komissiyasining ishini tashkiliy, axborot, hujjatlashtirish jihatidan va boshqacha tarzda ta’minlash komissiya qayerda ishlashiga qarab, tegishincha Qonunchilik palatasi Devoni yoki Senat Devoni tomonidan amalga oshiriladi.
II. Senat tomonidan kelishuv komissiyasi tarkibini shakllantirish 8. Senatda kelishuv komissiyasi tuzish to‘g‘risidagi tashabbus Senat Raisidan, shuningdek Senat a’zolari umumiy sonining kamida beshdan bir qismini tashkil etuvchi senatorlardan chiqishi mumkin.
9. Kelishuv komissiyasi tarkibiga, qoida tariqasida, qonunni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish uchun mas’ul qo‘mita a’zolari saylanadi. Boshqa qo‘mitalarning mazkur qonun bo‘yicha maxsus bilimi bo‘lgan senatorlari ham komissiya tarkibiga kiritilishi mumkin. 10. Kelishuv komissiyasi tarkibi Senatning kamida uchta a’zosini o‘z ichiga olishi va Qonunchilik palatasi bilan birgalikda tenglik asosida belgilanadigan miqdorda bo‘lishi kerak. 11. Kelishuv komissiyasining Senatdan ko‘rsatilgan tarkibi uning yalpi majlisida, Senat majlislari oralig‘idagi davrda esa uning Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Kelishuv komissiyasi tuzish va uning tarkibiga senatorlarni saylash to‘g‘risidagi to‘xtam Senatning qarori bilan rasmiylashtiriladi, qaror loyihasini mas’ul qo‘mita Kengashga kiritadi, keyinchalik masala Senatning yalpi majlisiga kiritiladi. Komissiya tarkibi Kengash tomonidan tasdiqlangan taqdirda (Senat majlislari oralig‘idagi davrda), uning to‘xtami Kengash qarori bilan rasmiylashtiriladi.
12. Kelishuv komissiyasining Senatdan ko‘rsatilgan a’zolari o‘z tarkibidan ko‘pchilik ovoz bilan komissiya hamraisini saylaydilar. Komissiyaning Senat tarafidan hamraisi saylanganligi kelishuv komissiyasining Senatdan ko‘rsatilgan a’zolari qarori bilan rasmiylashtiriladi.
13. Kelishuv komissiyasi a’zosi bo‘lgan senatorning vakolatlari tugagan (muddatidan oldin tugatilgan) taqdirda u Senat tomonidan maxsus qaror qabul qilinmasdanoq komissiya tarkibidan chiqariladi. Kelishuv komissiyasi tarkibidan chiqib ketgan a’zosi o‘rniga Senat yoki uning Kengashi tomonidan kelishuv komissiyasining yangi a’zosi saylanadi.
14. Kelishuv komissiyasining yangi a’zosini saylash to‘g‘risida Senat yoki uning Kengashi qabul qilgan qaror Qonunchilik palatasiga yuboriladi.