Fanning mohiyati, o‘ziga xos jihatlari
Fan murakkab tarkibiy tuzilishga ega ijtimoiy – madaniy hodisa. Fanning ijtimoiy-madaniy hodisa ekanligi uning jamiyat hayoti va taraqqiyoti talablari bilan bog‘liqligida namoyon bo‘ladi.
Dastlabki bilimlar qadimgi Sharq mamlakatlari Misr, Bobil, Hindiston, Xitoy va Markaziy Osiyoda shakllangan. Ular tabiat, jamiyat, inson haqidagi tajribadan kelib chiqqan empirik xarakterdagi bilimlar fanning ilk elementlari edi. Ko‘pchilik faylasuflar (Masalan, V.P.Koxanovskiy, Ye.V.Zolotuxina, E.Yusupov, J.Tulenov va boshqa)lar ta’kidlaganidek, qadimiy davrlardanoq odamlar olamni anglashga intilganlar, bu ularning dunyoqarashlarida o‘z ifodasini topdi. Eramizdan avvalgi VII-V asrlardan boshlab, eng qadimiy fan – falsafa paydo bo‘ldi. U davrlarda “fan”, “falsafa” bir xil ma’noni ifodalar edi, kishilarning olam haqidagi barcha bilimlari falsafa doirasida mujassamlashgan edi.
XVI-XVII asrlarda ijtimoiy hayotdagi jiddiy o‘zgarishlar – sanoat, ishlab chiqarishining yuzaga kelishi, xususan, harbiy, tog‘, qurilish sanoati, xalqaro savdoning rivoji fanning shakllanishi va taraqqiyoti uchun turtki bo‘ldi, zotan sanoatlashgan jamiyatda ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun tabiatni, undagi narsalar, predmetlar, jarayonlar mohiyatini anglash, ularni o‘rganish zarur edi.
Fanning moxiyati, o‘ziga xos jixatlari. Fan - ijtimoiy ongning maxsus shakli. Ijtimoiy ong shakllari o‘zaro bir-birlaridan voqelikni aks ettirish xususiyatlariga ko‘ra farqlanishini falsafa kursida o‘rgangan edik. Agar ijtimoiy ongning u yoki bu shaklida olamning, ijtimoiy hayotning muayyan tomoni, ko‘rinishi aks etsa, fanda aks etishi mumkin bo‘lmagan narsa, hodisani topish mushkul.
Fan olamni o‘zlashtirishning eng murakkab shakli hisoblanadi. Fan deganda insonning olam, shu jumladan, uning o‘zi to‘g‘risidagi ilmiy bilimlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan, yuksak darajada tashkil etilgan faoliyati; uning natijalari bo‘lmish – ilmiy bilimlar tizimi hamda ijtimoiy institut nazarda tutiladi.
Ma’lumki, inson olamni ikki xil yo‘l bilan o‘zlashtiradi va bu uning moddiy hamda ma’naviy faoliyatida o‘z ifodasini topadi. Inson o‘z ehtiyojlari va manfaatlaridan kelib chiqqan holda olam, undagi narsa, hodisa, jarayonlarning mohiyatini, qonuniyatlarini anglashga intiladi. Bu bilishda o‘z ifodasii topadi. Bilish – insonning olamga faol munosabati, ijtimoiy – tarixiy amaliyot bilan boshlanadigan yangi bilimlarni hosil qilish, mukammallashtirish jarayoni. Bilish ikki ko‘rinishda – kundalik va ilmiy bilishda namoyon bo‘ladi. Ilmiy bilish – olamni chuqur, atroflicha bilish, uning qonuniyatlarini anglash jarayoni.
Ilmiy bilish a) inson va insoniyat tomonidan qo‘lga kiritilgan ilmiy bilimlarni o‘zlashtirish; b) ilmiy bilimlarni hosil qilish. Bu – ilmiy izlanish (tadqiqot) ishlarini olib borish asosida yangi bilimlarni yaratish jarayoni hisoblanadi. Biz “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” fani doirasida ilmiy bilimlar, ularning o‘ziga xos tomonlari, ilmiy bilimlarni hosil qilish jarayoni – ilmiy tadqiqot, uning mazmun-mohiyati, yangi bilimlarni qo‘lga kiritish yo‘llari, usullari bilan tanishamiz.
Bilim – bilish jarayonining natijasi, inson tafakkurida aks etgan voqelik, kishilarning olam haqidagi ma’lumotlari.
Fan dunyo, undagi narsa va hoddisalar haqidagi ob’ektiv ilmiy bilimlar tizimi hisoblanadi. Ilmiy bilimlarni tadqiq etuvchi maxsus soha – epistemiologiya deb yuritiladi. Epistemiologiya falsafaning maxsus bo‘limi, u bilish jarayonining mohiyati, bilim, uning tuzilishi, voqelikka munosabati; bilish, ilmiy bilish jarayonlarining umumiy asoslarini o‘rganadi. Ilmiy bilish (tadqiqot, izlanish) natijasi – ilmiy bilim. Ilmiy bilimlar fan mazmunida o‘z ifodasini topadi.
Fanning boshqa ijtimoiy ong shakllaridan asosiy farqi – undagi ilmiylik mezoni. Fan olamdagi narsa va hodisalarning ob’ektiv qonunlarini ochishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Fan qonunlari olamdagi narsa, hodisa va jarayonlarni tasvirlaydi, tushuntiradi va kelajagini bashorat qiladi.
Ilmiy bilimlar tizimlilik xususiyatiga ega. Olamdagi narsa va xodisalar haqidagi bilimlarni muayyan tamoyillar asosida tartibga solish, ularni asoslash va umumlashtirish natijasida fanning mazmuni, uning tushunchalari, tamoyillari, qonunlari aniqlanadi va ular ilmiy bilimlarning shakllanishiga asos bo‘ladi.
Fan asoslangan, yaxlitlikni tashkil etuvchi ilmiy bilimlar tizimi. Fan doirasida muayyan ob’ektlarni tadqiq etish, shuningdek bilimlar chinligini ta’minlash yo‘llari, usullari ishlab chiqiladi.
Fanning qiymati uning chin bilimlarni – ob’ektiv haqiqatni hosil qilishi bilan o‘lchanadi. Chin bilim, ob’ektiv haqiqat deganda unda olamning to‘g‘ri aks etganligi, bilimning voqelikka mosligi (adekvatligi) nazarda tutiladi.
Ilmiy bilimlarni hosil qilish murakkab jarayon bo‘lib, uning mohiyati ilmiy bilimlar dinamikasi (rivoji)da o‘z ifodasini topadi. Ilmiy bilim – bilmaslikdan bilishga, nomukammal bilimlardan mukammallik sari borishdan iborat uzliksiz tarzda jarayon hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |