1-MAVZU: “DINSHUNOSLIK” FANIGA KIRISH
Reja:
Dinshunoslik fanining predmeti.
Dinshunoslik fanining maqsadi va vazifasi
Kursning amaliy mohiyati.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar:
Vijdon erkinligi, dunyoviy jamiyat, dinning funktsiyalari, ateizm, ilohiyot, dinshunoslik, diniy tasavvur, diniy ong, diniy e’tiqod, diniy ta’limot.
1-asosiy savolning bayoni:
O’zbekiston mustaqillikka erishgach, yangi ijtimoiy tuzum, siyosiy o’zgarishlar, ma’naviyatda ham ko’p o’zgarishlar keltirib chiqardi. Sho’ro totalitar tuzumi emirilgandan keyin inson ma’naviy kamolotining omillaridan biri bo’lgan din mamlakatimiz hayotida o’ziga xos munosib o’rin egalladi. Ko’pgina millat, turli diniy konfessiya vakillari tinch-totuv yashayotgan O’zbekistonda barcha dinlarning tengligini ta’minlash, fuqarolarning e’tiqodiga hurmat bilan qarash, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy taraqqiyot imkoniyatlarining kengaytirishning muhim shartlaridandir.
O’zbekiston sharoitida dunyoviylikka intilayotgan davlatimizning din bilan munosabatini ifodalovchi asosiy tamoyillar Prezidentimiz I. A. Karimovning «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» (43-44b.) kitobida aniq bayon etilgan. Ular qatoriga xususan:
- dindorlarning diniy tuyg’ularini hurmat qilish;
- diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;
- diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo’l qo’ymaslik;
- ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo’llarini izlash zaruriyati;
- dinni buzg’unchilik maqsadlarida foydalanishga yo’l qo’yib bo’lmasligini e’tirof etish va boshqalar kiritilgan.
Ma’naviy taraqqiyot imkoniyatlarini kengaytirish, rivojlantirishda esa dinshunoslik kursining tutgan o’rni benihoyadir. Hozirgi kunda oliy o’quv yurtlarida o’qilayotgan «Dinshunoslik asoslari» kursining vazifasi oliy o’quv yurtlari talabalariga shu sohada chuqur bilim berish orqali kurs doirasiga kirgan masalalarni tahlil qilishda ilmiylik va ob’ektivlik uslubini qo’llab, ularda diniy qarashlar taraqqiyotga inson kamolotiga xizmat qiladigan jihatlarini ajratib olish, mustaqil fikr yuritish orqali ilmiy-falsafiy dunyoqarashga asoslangan imon va e’tiqodni shakllantirishdan iborat.
Dunyoviy demokratik va huquqiy jamiyat qurish yo’lidan borayotgan mamlakatda diniy e’tiqodning tutgan o’rni va rolini to’g’ri belgilay bilish va uni to’g’ri idrok etishda fanning ahamiyati kattadir. Jamiyat shakllanishining dastlabki davrlarida paydo din xalqlar hayoti bilan bog’liq holda rivojlangan, moslashgan, asta-sekin diniy tizimni vujudga keltirgan. Natijada din ma’lum ijtimoiy-siyosiy va madaniy-axloqiy vazifalarini bajarishni o’z zimmasiga olgan. Bunday funktsiyalar (vazifalar) jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida ayniqsa yaqqol ko’zga tashlanadi.
Din tarixida dinshunoslar dinning paydo bo’lishini turlicha izohlab kelganlar. Uning paydo bo’lish sabablari qadimgi dunyo dinshunoslarini ham qiziqtirgan. Binobarin, qadimda ham, hozir ham unga javob topishga harakat qilingan. Qadimgi Xitoy, Hindiston va xususan qadimgi yunon faylasuflari borliq to’g’risidagi fikr yuritganlarida din, uning kelib chiqishi va mohiyati to’g’risida ham ayrim g’oyalarni olg’a surishgan.
Antik dunyo falsafasida bu muammoni hal etishda dinshunoslar ikki guruhga bo’lingan. Agar materialistlar xudoning guyo mavjudligiga ishonchni tabiiy va erdagi sabablar bilan bog’lab izohlagan bo’lsalar, idealistlar buni ideal (ruhiy) kuchlarning mavjudligini axtarishlar.
Dinning paydo bo’lish sabablarini o’rganishning asoslari dunyoviy dinshunoslikda qo’yidagicha bayon etiladi.
Diniy tushunchalar, ta’limot va tasavvurlarning paydo bo’lishini izohlashda insoniyat taraqqiyotining shart-sharoitini hisobga olish zarur.
Mavjud ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasini, unga mos ravishda ijtimoiy-siyosiy munosabatlarga asoslangan holda insoniyatning ma’naviy kamolotini, ularning tashqi dunyo to’g’risidagi tasavvurlarining va bilishlarining darajasini bilish kerak.
Tabiat sirlari oldida ibtidoiy odam ojizligi oqibatida tashqi dunyo to’g’risida, unda bo’layotgan voqea-hodisalarga nisbatan noto’g’ri qarashlar, g’ayritabiiy hodisalar haqidagi asosiy tasavvurlarning tug’ulishiga olib kelganligini hisobga olish lozim.
Mehnat taqsimotining paydo bo’lishi asosida zolimlik va mazlumlik, boylik va qashshoqlikning yuzaga kelishi bilan din hukmron sinf himoya qiladigan ma’naviy qurolga aylanganligini nazarda tutish kerak.
5. Tabiatshunoslik bilimlari, dalillarini, fan-texnika yutuqlarini hisobga olish va ulardan tabiat va jamiyat sirlarini tushunishda foydalanish lozim. Bular bilan bir qatorda dinshunoslik asosan tabiatshunoslikka suyanish kerak degan g’oyalarni hisobga olish, dinning paydo bo’lish sabablarinigina emas, balki unga bo’lgan munosabatni ham to’g’ri talqin etishda nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Dinning paydo bo’lishi va rivojlanishini ilmiy asoslab o’rganish yana a) ob’ektivlik; b) konkret tarixiy sharoitni hisobga olish; v) ilmiylik; g) sinfiylik; d) umuminsoniy qadriyatlar bilan bog’liqlik; e) din mavjudligini, umuman gnoseologik, ijtimoiy-iqtisodiy va psixologik sabablarni hisobga olishga taqozo etadi.
Dinshunoslik fanining mohiyatini ochishda yana shularga e’tibor qaratish kerak, ba’zi talabalar uni to’g’ri tushunib etmasliklari natijasida uni ilohiyot yoki ba’zi hollarda ilmiy ateizm fanining davomchisi sifatida qaraydilar.
Ilohiyot faqat diniy adabiyotlar, manbalarga suyansa, ilmiy ateizm esa din muammolariga bir yoqlama yondoshish, dinni tanqid qilish deb tushuniladi. Dinshunoslik asoslari fani esa bundan farqli o’laroq, kurs doirasidagi hal qilishda ilmiy-falsafiy qarashga asoslangan xulosalar chiqaradi.
«Dinshunoslik asoslari» tizimiga kiradigan mavzular va uning mazmuni respublikamizda shu fan sohasida to’plangan nazariy va amaliy tajribalar asosida shakllanadi.
Dinshunoslik asoslari fani jamiyatshunoslik fani sifatida dinning yuqorida ko’rsatganimizdek ming yillar davomida ijtimoiy taraqqiyotidagi o’rniga, ahamiyatiga holis baho beradiki, bu ayniqsa dinning mohiyati, evolyutsiyasi va jamiyatda, tarixda, ma’naviyatda tutgan o’rniga bag’ishlangan mavzularda o’z aksini topgan.
Hozirgi murakkab va ma’suliyatli mustaqillik davrida turli dinlarga e’tiqod qiluvi kishilarni bir-biriga qarama-qarshi qo’yish, milliy birligi va birdamligini tiklayotgan xalqlarni diniy ziddiyatlar girdobiga tortish, hokimiyat uchun kurash maqsadida zimdan foydalanish adolatsizliklarga, nohaq qon to’kilishiga olib kelgan. Shu o’rinda islomning Markaziy Osiyo xalqlari hayotida o’ynagan roli, bu mintaqada yashayotgan aholi urf odatlarida islomni o’rni va rolini, islom ma’naviyati, islom san’ati, islom arxetekturasi, ularning ma’naviyat va ma’rifatning yuksalishidagi roli muammolari bilan ham dinshunoslik fani shug’ullanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |