MASHINASOZLIK TEXNOLOGIYASI FAKULTETI IQTISODIYOT YO`NALISHI
2-BOSQICH k 69-20 GURUH TALABASI
OLIMJONOV JAVOHIRBEKNING
TAYYORLAGAN TAQDIMOTI
ANDIJON-2021YIL.
Kelajak avtomobil kompaniyasi — Tesla Motorsning qisqacha tarixi.
Elektr dvigatelli avtomobilni yaratish g‘oyasi ichki yonuv dvigatelli birinchi mashinadan ancha oldin paydo bo‘lgan. Chunki Nikola Teslaning ish qog‘ozlarida ham elektr dvigatelda harakatlanadigan avtomobil chizmalari bor edi. Ammo u o‘z zamonasidan ilgarilab ketgani bois uning g‘oyasini amalga oshirish uchun texnologiya hali u darajada rivojlanmagan edi.
Uzoq yillar davomida faqatgina ekologlar elektr avtomobillar tarafdori edi. Chunki golf-karlar misolidagi elektromobillar an’anaviy benzinda harakatlanuvchi avtolarga ko‘p borada bas kelolmas edi
Tesla kompaniyasi muvaffaqiyatining asosi — bu ikki muhandis Mark Tarpenning va Martin Eberxarddir. Loyihani amalga oshirishga ularning shaxsiy g‘oyalari turtki bo‘ldi . Mark ekologiya uchun kurashuvchilardan edi. Martin esa har doim 8 kilometr yo‘lga bir litr yoqilg‘i ishlatmaydigan sport mashinasini orzu qilar edi.
90-yillarda Kaliforniyada ularning umumiy do‘sti bo‘lmish Greg Rand uyushtirgan uchrashuvda tanishgan Mark va Martin sitkomdagi ikki qahramonni esga solishardi: suhbatdosh va g‘ayratli Eberxard hamda kamtar Tarpenning bir-birining kamchiligini to‘ldirgan. Ko‘p o‘tmay ular birgalikda ish boshlaydilar.
1997-yil bahorida Eberxard va Tarpenning “NuovoMedia”ni yaratdilar va o‘zlarining “Rocket eBook” nomli elektron kitob o‘qish moslamasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar. Ular muvaffaqiyat to‘lqinini tezda qo‘lga kiritib, 187$ million AQSh dollari ishlab topadilar.
Elektr avtomobil tomon
Ularning keyingi loyihasi Eberxardning avtomobil sotib olmoqchi bo‘lganida yuzaga kelgan. An’anaviy sport avtomobillar ko‘p yoqilg‘i sarflagani uchun, ular faqat elektr tokidan foydalanuvchi mashina yaratishga qaror qilishadi. 2000-yillarning boshlarida allaqachon elektron dvigatelli tezkor mashinalarni seriyasiz ishlab chiqarishga urinishlar bo‘lgan edi. Eberxard Kaliforniyaning “AC Propulsion” kompaniyasining kichik “Tzero” rusumli mashinasi haqida ma’lumot oladi. “Lamborghini” kabi tezlanishga ega bo‘lgan holda, u butunlay elektron edi.
Tarpenning va Eberxard ushbu sohada qo‘llanilib kelingan qo‘rg‘oshin asosli akkumulyatorlar o‘rniga oddiy telefon va noutbuklardagi litiy-ion batareykalardan foydalanishga qaror qilishadi, chunki o‘sha paytda bu nisbatan ilg‘or texnologiya edi.
Dvigatel sifatida esa ular Induksion motorni oldilar. Bunday motorning eng sodda namoyondasi oddiy uy ventilyatorlarini harakatga keltiradi. Bunday dvigatelning quvvatlirog‘ini ishlatish an’anaviy avtomobillar uchun zarur bo‘lgan katta dvigatel, transmissiya, benzin baki va chiqindi gazlar quvuri kabi bir qator detallarga ehtiyojni yo‘qqa chiqarardi. Chunki avtomobil harakatga kelishi uchun elektr dvigatel, quvvat manbasi va boshqaruv tizimining o‘zi yetar edi.
2003-yilda Martin va Mark tomonidan yaratilgan kompaniya induksion motor ixtirochisi Nikola Tesla sharafiga Tesla Motors deb nomlandi.
Eberxard ham, Tarpenning ham avtomobilsozlik sohasida yetarli tajribaga ega emas edi. Ularning ikkalasi ham mashinani yaratish elektron kitobga qaraganda biroz murakkabroq deb taxmin qilishgan edi, ammo amalda esa juda ko‘p narsa ustida ish olib borish kerak bo‘lgan.
Yirik avtomobil kompaniyalar uchun detallar turli zavodlarda ishlab chiqariladi. Tesla ham shunday amaliyotni qo‘llay boshladi va Britaniyaning Lotus kompaniyasi bilan kuzovlar tayyorlash yuzasidan shartnoma imzolanadi. Unga ko‘ra Teslaning “The Roadster” modeli Lotus Elise avtomobilining asosida ishlab chiqarilar edi.
2004-yilga kelib, PayPalni sotib millionerga aylangan Mask o‘zining SpaceX kompaniyasiga asos solgan edi. Eberxard va Tesla Motorsning yana bir “otasi” Ian Raytlar Elon Musk bilan Los-Anjelesda, SpaceX bosh ofisida uchrashadilar.
Bo‘lajak loyiha haqida bir qancha kelishmovchiliklar yuzaga keldi va Mask dastlab sarmoya qilishga qattiq shubha qildi. Biroq, ba’zi narsalarda Mask va Tesla muhandislari birdam edilar: elektr avtomobili kuchli, chiroyli, shunchaki yaxshi emas, balki chinakam texnika yutug‘iga aylanishi va nihoyat benzinni “ko‘mishi” kerak edi. Tarpenning bilan murosaga kelgan Musk Tesla Motorsga $ 7,5 mln dollar miqdorida birinchi investitsiya kiritadi. Keyinchalik Teslaga Google, eBay, Toyota va Daimler kompaniyalari sarmoya kiritadilar. Ammo eng katta ulush Maskka tegishli bo‘lib qolaveradi va u Tesla Motors boshqaruvining raisiga aylanadi.
Yig‘ilgan birinchi avtomobil Tesla Roadster deb nomlangan. Yuqorida aytib o‘tilganidek, uning asosiy tarkibiy qismlari Kaliforniyada ishlab chiqarilgan, ammo oxirgi avtomobil Buyuk Britaniyadagi fabrikalarda yig‘ilgan.
Dastlab, Tesla PR-kompaniya orqali o‘zini bozorda yuqori darajada e’lon qilishga muvaffaq bo‘ldi, shu jumladan Leonardo Di Kaprio, Jorj Kluni va Arnold Shvartsenegger singari Gollivud mashhurlari va boshqa badavlat kishilardan “Birinchi yuzta imzo” ro‘yxati yaratildi. Bunday natijaning sababi ishlab chiqarilgan birinchi 100 ta avtomobilga Martin, Mark va Elonning dastxati tushirilishi edi.
Ammo yakuniy mahsulotni yaratish cho‘zilib ketdi. Eberxard birinchi namunalarni 2006-yilgacha yetkazib berishni rejalashtirgandi, ammo buni faqat 2008-yilda amalga oshirdi. Bunga sabab Martin va Maskning raqobati edi. Chunki Tesla haqida gapirilganda barcha e’tibor Eberxardga qaratilar edi va bir vaqtning o‘zida Mask ham o‘z hissasini qo‘shish tarafdori edi. Kompaniya kattalasha boshladi. Ammo Martin unga yuklangan mas’uliyatni bajara olmadi. Kompaniyaga yangi bosh direktor tayinlandi, Eberxard esa texnik direktor lavozimiga o‘tdi. Yana bir qancha o‘zgarishlardan so‘ng, 2008-yilga kelib kompaniyaga 55$ million AQSh dollarini kiritishga ulgurgan Elon Mask bosh direktor vazifasini o‘tashga kirishadi.
Bu yoki boshqa yo‘l, ya`ni, boshqaruvni o‘zgartirish, ishdan bo‘shatish va yakuniy mahsulotga e’tiborni qaratish Teslaga foyda keltirdi. Dastlabki xaridorlarning shikoyatlariga qaramay, Tesla Roadster ishlab chiqarish hajmini oshirishga muvaffaq bo‘ldi va 2010 yilda kompaniya IPO ni (aksiyalarni birlamchi joylashtirishga) amalga oshiradi. Shu tariqa, Ikki muhandisning shaxsiy g‘oyasidan kelib chiqqan kompaniya avtomobil gigantiga aylanadi.
Hozirda Tesla Motors kelajak avtomobilsozligi timsoli. Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan lyuks sinfidagi “Model S”ni misol uchun oladigan bo‘lsak, uning umumiy 762 ot kuchiga ega bo‘lgan ikki motori avtomobilni 100 km/soatga bor — yo‘g‘i 3 soniyada olib chiqadi. Bundan tashqari 100 kVt/soatlik batareyalar yordamida Model S qo‘shimcha quvvatlanishsiz 613 km yo‘lni bosib o‘tadi.
Qiziq tarafi shundaki, bugungi kunda Tesla Motors haqida ozgina bo‘lsa ham ma’lumoti bor odamlarning ko‘pchiligi uning asoschisi sifatida faqatgina Elon Maskni tanishadi. Biroq g‘oya va kompaniyaning birinchi asoschilari bo‘lgan Mark Tarpenning va Martin Eberxard haqida ham unutmaslik kerak.