ATEROSKLEROZ NIMA?
Ateroskleroz — bu qon tomirlarning surunkali kasalligi bo’lib, bunda tomirlar ichki devorida karash va blyashka shaklida xolesterin va ZPLP (zichligi past lipoproteinlar) to’planib qoladi, devorlarining o’zi esa qalinlashadi va elastikligini yo’qotadi. Qon tomir devorlari yog’ va cho’kindilar to’planishi natijasida qattiqlashib boradi, tarangligini yo’qotadi va natijada torayadi, bu esa a’zolarga qon borishini qiyinlashtiradi. Oxir-oqibat, qon tomiri to’liq yopilib qolishi mumkin. Agar bu kasallik qon ivishi buzilishlari bilan birga kechsa, tromboz va organlarning ishemik zararlanishiga moyillik ortadi.
Ateroskleroz o’limga olib keladigan eng xavfli kasalliklardan biri hisoblanadi. Kasallik ko’pincha miya, yurak, qo’l-oyoqlarda qon aylanishi buzilib bo’lganidan keyin tashxislanadi, ya’ni kech. Ateroskleroz yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy sababchisidir: yurak ishemik kasalligi va miokard infarkti.
Ateroskleroz bilan kasallanganlarning soni ularning yoshiga qarab ortib boraveradi, ya’ni bu kasallik ko’proq qari kishilarga xosdir. Shuning uchun shifokorlar buni qarilik kasalligi deb hisoblashadi, lekin kasallik yildan-yilga yosharib bormoqda, bu zamonaviy hayot tarzi bilan bog’liq.
ATEROSKLEROZNING ALOMATLARI VA BELGILARI
Ateroskleroz tizimli kasallik bo’lib, u odatda organizmning barcha asosiy qon tomirlariga ta’sir qiladi. Shundan kelib chiqqan holda, alomatlari ham har xil bo’ladi. Asosan yurak, miya, oyoqlar aziyat chekadi. Alomatlari o’ziga xosdir, ammo aterosklerozni qo’shimcha usullarsiz ham tashxislasa bo’ladigan darajada ravshan namoyon bo’lmaydi.
Uning belgilari qaysi a’zo qon aylanishi yetishmovchiligidan ko’proq aziyat chekayotganiga bog’liq. Har qanday ateroskleroz shaklida ikki simptomatik davr farqlanadi. Klinikgacha davrda jarayon endi boshlanayotgan bo’ladi, shuning uchun kasallikning muayyan ko’rinishi kuzatilmaydi. A’zolarning qon bilan ta’minlanishi va faoliyati bilan bog’liq asosiy muammolar arteriya bo’shlig’ining yarimidan ko’prog’i yopilganda boshlanadi.
YURAK
Yurakdagi og’riq 75% holatlarda namoyon bo’ladi. Ateroskleroz toj tomirlarga ta’sir qiladi va miokardga kislorod va ozuqa moddalari borishini yomonlashtiradi. Yurak oziqlanish intensivligining o’zgarishiga o’ta sezgir bo’lgan organlardan biridir. Bu hususiyat bo’yicha faqat miya undan ustun turadi. Kasallik alomatlari darhol rivojlanadi, bemorning his-tuyg’ularini to’g’ri talqin qilish muhimdir.
Yurakda normal qon aylanishining buzilishi stenokardik sindrom bilan namoyon bo’ladi. Alomatlar davriy ro’y beradi va quyidagilarni o’z ichiga oladi:
Ko’krak sohasidagi og’riq. Bosadigan, o’tmas, kuchayib-so’nadigan yoki yonish hissi kabi bo’ladi (bu ishemik jarayon uchun xos alomatlar). Og’riq kurak, chap yelka, bilak va barmoqlarga tarqaladi (qon aylanish tizimining butun uzunligi bo’ylab);
Ko’krak qafasida bosim hissi (go’yoki ko’krak qafasiga og’ir yuk qo’yilgandek);
Nafas olish paytida og’riqli hislar (nafas chiqarishda ham);
Nafas olish buzilishlari.
Aterosklerozga xos xususiyat sifatida stenokardiya paroksimal (xurujlar bilan) namoyon bo’ladi. Xurujlar vaqtida qon bosimi darajasida beqarorlik kuzatiladi.
Kamdan-kam hollarda yurak toj tomirlarning aterosklerozi quyidagi alomatlar bilan namoyon bo’ladi:
Chap tomon pastki jag’, quloq, bo’yin sohasida og’riq;
Yelkalarda og’riq;
Qo’l-oyoqlarda zaiflikni his qilish;
Sovqotish, terlash va varaja qilish (teri junjikishi) hissi;
Taxikardiya yoki bradikardiya (yurak ritmining buzilishi);
Qayt qilish va ko’ngil aynishi;
Hushning chalkashishi yoki qisqa muddatga uni yo’qotish.
Alomatlarning intensivligi va davriyligi bevosita tananing kuchlanish darajasiga bog’liq (stress, ortiqcha ovqatlanish, psixoaktiv moddalarni suiste’ml qilish va boshqalar).
Do'stlaringiz bilan baham: |