Adolf disterver ilmiy faoliyatini o'rganish
Reja:
1.Adolf Distervegning hayoti va ijtimoiy-pedagogik faoliyati.
2.Tarbiyaning mohiyati, maqsadi va asosiy prinsiplari.
3. Aqliy ta’lim.
4. O‘qituvchiga nisbatan qo‘yiladigan talablar.
Atoqli nemis pedagogi Fridrix Vilgelm Adolf Disterveg Vestfaliyadagi sanoat shaharchasi Zigenda chinovnik-yurist oilasida tug‘ildi.
Distervegning o‘zi o‘rta maktabda o‘qigan chog‘idayoq dogmatik ta’limdan umrbod nafratlanadigan bo‘lib qolganligini aytadi. U 1808 yilda Gerborn universitetiga kirib o‘qidi, matematika, falsafa va tarixni o‘rgandi, so‘ngra Tyubingen universitetiga o‘tdi va uni 1811 yilda tamomladi, keyinroq borib esa falsafa fanlari doktori unvonini oldi.
U xalqqa ma’rifat berish ishiga o‘zini bag‘ishlashga qaror qildi va dastlab Mers-Reynda, so‘ngra esa Berlinda o‘qituvchilik seminariyalariga uzoq vaqt boshchilik qildi, ularni namunali seminariyalarga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Disterveg seminariyada pedagogika, matematika va nemis tilidan dars berdi, ayni vaqtda shu seminariyalar huzuridagi boshlang‘ich tajriba maktablarida ham o‘qituvchilik qildi. Disterveg pedagoglik sohasida samarali ish olib borish bilan bir vaqtda, adabiy va metodik ishlarini ham zo‘r muvaffaqiyat bilan bajarib turdi. U “Nemis o‘qituvchilarini o‘qitish uchun qo‘llanma” degan kitobni nashr qildirdi (1835), bu kitobda Disterveg ta’limning umumiy vazifalarini va prinsiplari to‘g‘risidagi o‘zining progressiv qarashlarini bayon qilib berdi, shuningdek, u matematika, nemis tili, geografiya, matematik geografiya, astronomiyaga doir yigirmadan ortiq darslik va qo‘llanmalar nashr qildi; bu darsliklar va qo‘llanmalar Germaniyada va boshqa ko‘pgina mamlakatlarda katta shuhrat qozondi.
Disterveg tirik chog‘idayoq asarlari Rossiyada mashhur bo‘lgan edi. CHunonchi, 1862 yilda uning “Elementar geometriya”si rus tilida nashr etildi; Rossiyaning ilg‘or pedagoglari bu kitobni boshlang‘ich maktablarda geometriya o‘qitish uchun eng yaxshi qo‘llanma deb hisobladilar.
Disterveg 1827 yildan to umrining oxirigacha “Tarbiya va ta’lim uchun Reyn varaqalari” degan jurnal chiqarib turdi. U bu jurnalda pedagogikaning turli masalalariga doir to‘rt yuzdan ortiq maqolasini bostirdi. Disterveg boshlang‘ich maktablarning o‘qituvchilarini tayyorlash ishini tubdan yaxshilash uchun kurashdi. U nemis xalq o‘qituvchilarini birlashtirish uchun juda ko‘p ish qildi.
Disterveg hayot chog‘idayoq “nemis muallimlarining muallimi” degan faxrli unvonga sazovor bo‘ldi.
Disterveg umrining oxirgi kunlariga qadar progressiv ijtimoiy pedagogika ishlari bilan shug‘ullandi. Disterveg vabo bilan og‘rib, 1866 yilda vafot etdi.
Disterveg Germaniyada toifaviy maktab tarafdorlari bilan hamma uchun barobar bo‘lgan umumiy maktab tarafdorlari o‘rtasida avj olib ketgan kurashda aktiv qatnashdi. Toifaviy maktab tarafdorlari nemil xalq maorifi tizimida aholining har bir toifasi uchun alohida maktab bo‘lshini (aholining eng kamabag‘al toifasi uchun — xalq maktabi, byurgerlar uchun — real o‘rta maktabi, dvoryanlar va chinovniklar uchun — klassik gimnaziya bo‘lishi) lozim deb hisoblar edilar. Hamma uchun barobar bo‘lgan maktab tarafdorlari va shular qatorida Disterveg ham bolalar uchun ochiq bo‘lgan maktab vujudga keltirishni talab qildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |