7-MA’RUZA
Polikondensatsiyalanish reaksiyalari uchun qo’llaniladigan monomerlar. Fenol-formaldegid polimerlar uchun monomerlar. Fenolospirtlar. Karbomid, melamin va formaldegid olinishi va xossalari.
Reja:
1. Formaldegid olinishi, xossalari va ishlatilishi.
2. Fenol olinishi, xossalari va ishlatilishi.
3. Fenolspirt olinishi, xossalari.
4. Aminlar olinishi, xossalari va ishlatilishi.
Formaldegid
Formaldegid H2C=O - monomer bo’lib, poliformaldegid, fenol-formaldegid, karbonid-formaldegid olishda keng qo’llaniladi.
Formaldegid keskin xidli rangsiz gaz. Formaldegidni sanoatda ishlab chiqarishning asosiy usuli - metanolni katalizator ishtirokida xavo kislorodi bilan oksidlashdir. Xosil bo’lgan formaldegid va qoldiq metanol aralashmasi suvda yutdiriladi. Natijada 37% (mass) formaldegid va 5-11% (mass) metanol saqlovchi formalin xosil bo’ladi. Metanol formaldegidni stabilizatoridir.
Formaldegid suvda va spirtlarda yaxshi eriydi. Bu eritmalarda formaldegid mono- va polimergidratlar xolida va gemiformallar xolida bo’ladi. eritmada erkin formaldegidni miqdori juda kam. Formaldegidni suvda erish jarayoni kuchli ekzotermikdir (0,5 kkal/g).
Gaz xolidagi formaldegid qutubli erituvchilarda yengil eriydi, ammo atsetonda, benzolda, xloroformda, dietil efirida yomon eriydi. Suyuq formaldegid dietil efir, etilatsetat xloroform va uglerod (4) xlorid, toluol bilan to’la aralashadi, ammo ko’pchilik uglevodorodlar bilan aralashmaydi. Saqlash jarayonida formaldegid o’z-o’zidan polimerlanadi, nam, spirtlar, kislotalar yuqi polimerlanishni tezlashtiradi.
Formaldegid markaziy nerv sistemasiga ta’sir qiladi, ko’z va nafas olish yo’llarini shilliq pardalarini kuchli yallig’lantiradi, kon’yuktivitlarni, dermatit, ekzema, oshqozon kasalliklarini keltirib chiqaradi. Allergen.
Formalin. Formalin yonuvchi suyuqlik; bug’lari xavo va kislorod bilan portlovchi aralashmalar xosil qiladi. Formalin 102 0C da qaynaydi. Bunda gidratlarni parchalanishi kuzatiladi va erkin formaldegid va suv ajralib chiqadi. Formalin 10 0C dan past temperaturaga sovitilganda undan qattiq polimergidratlar cho’kmaga tushadi.
Formalin isitilib turadigan xollarda (katta idishlarda) 21oC dan kam bo’lmagan temperaturalarda (oliy nav uchun) va 7oC dan kam bo’lmagan temperaturada (birinchi sort uchun) saqlanadi. Cho’kma (parafin) tushib qolsa, formalin 50 oC dan yuqori bo’lmagan temperaturada qizdiriladi.
Formalin amin-aldegid, fenol-formaldegid qatronlari va turli sintetik polimerlarni oksidlash uchun manba bo’lib xizmat qiladi. Poliformaldegid va shu kabilar mashinasozlik, avtomobilsozlik, uskunasozlik kabi soxalarda konstruksion materiallar sifatida ishlatiladi. Ushbu turdagi materiallar issiq bardoshligi bo’yicha faqatgina poliamid ko’rsatgichidan pastroq, organik erituvchilarga mustaxkam, ammo mineral kislatalarga bir muncha chidamlilik ko’rsatgichi past. Formaldegid kimyoviy beqaror va shu sababli o’z-o’zidan turli moddalar ishtirokida polimerlanadi.
Yuqorida aytib o’tilganidek formaldegidni sanoatda asosiy ishlab chiqarish usuli bu metanolni oksidlab degidrirlashga asoslangan.
CH3OH + 0,5O2 ► CH2O + H2O ∆H = 147,4 kDj/mol.
Jarayon qattiq katalizatorlar ishtirokida olib boriladi. Ilk bor 1890 yillarda Germaniyada formaldegidni ishlab chiqarish texnologiyasi yo’lga qo’yilgan. Bunda katalizator sifatida misdan foydalanilgan. Keyinchalik esa 20 asrga kelib kumush katalizatoridan foydalanishga o’tilgan.
Odatda sanoatda metall va oksidlar bilan modifitsirlangan kumush katalizatorlarini qo’llash keng qo’llanilgan. Ushbu sistemada promotor sifatida rux, berilliy, sirkoniy oksidlari qo’llaniladi. Katalizator faolligi tashuvchining qattiq qatlamini zaxarlanishi, mustaxkamligini yomonlanishi natijasida sustlashadi. Undan tashqari oltingugurt, qo’rgoshin va temir kabi elementlar katalizatorni zaxarlovchi moddasi bo’lib xizmat qiladi. Metanolni tozalik darajasini UF-spektr yordamida nazorat qilib boriladi. Shu bilan birga “qaytar metanolda” katalitik zaxarlar va aralashmalar mavjud bo’lib, ya’ni formalinni qayta ishlab metanolni xaydab olishida xosil bo’ladi. Ular: fenol, atsetaldegid, chumoli kislotasi va boshqa birikmalar. Rasmda kumush katalizatori ishtirokida metanolni oksidli degidrirlash orqali formaldegid ishlab chiqarishni prinsipial texnologik sxemasi keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |