5. Mavzu: Ichki sekretsiya bezlarining yosh xususiyatlari.
Gormonlarning organizm faoliyatlari va gomeostaz mo‟tadilligi uchun katta ahamiyatga
ega ekanligi isbotga muhtoj emas. Bolalar organizmi uchun ichki sekretsiya muhim ahamiyatga
ega, chunki endokrin bezlarning deyarli hammasi o‟sish va rivojlanishni boshqarishda ishtirok
etadi. Ichki sekretsiya bezlari tizimidagi biror-bir bez faoliyatining buzilishi butun tizim
faoliyatini buzadi, bolaning o‟sishi va ruhiy rivojlanishiga kuchli ta‟sir qiladi, o‟zgaruvchan
tashqi sharoitga moslashishini qiyinlashtiradi, shikastlovchi omillarga qarshiligini susaytiradi.
Bolalarning endokrin tizimi faoliyati katta yoshdagi odamlardagidan sezilarli farq qiladi.
Ba‟zi bezlar ontogenezning o‟sish davrida jadal faoliyat ko‟rsatsa (masalan, epifiz), boshqalari
yetuklik davrida juda faol (masalan, jinsiy bezlar).
Katta yoshdagi odamlarda ichki sekretsiyaning buzilishi asosan moddalar almashinuvida
nuqsonlarni yuzaga chiqarsa, bolalarda jismoniy va ruhiy rivojlanish, o‟sishni juda qo‟pol,
ba‟zan tuzatib bo‟lmaydigan shaklda buzadi. Shuning uchun endokrin bezlarning faoliyati
pediatrlarning diqqat markazida bo‟lishi kerak.
GIPOTALAMUS. Gipotalamus – nerv va gumoral boshqaruv mexanizmlarini bog‟lovchi
tuzilma. Uning ma‟lum yadrolari gipofizning oldingi va orqa bo‟laklari bilan bir butun
gipotalamo-gipofizar tizim shaklida faoliyat ko‟rsatadi. Gipotalamusning oraliq tepaligidan
gipofizning darvoza tomirlari boshlanadi. Bu tomirlar oraliq tepalikdan sal yuqoriroqda
birlamchi kapillyarlar to‟riga bo‟lingan. Gipotalamusning gipofizotrop sohasidagi neyronlarning
o‟siqlari birlamchi kapillyarlar to‟ri bilan aksovazal kontaktlar hosil qiladi. Kontaktlar orqali
neyronlarning mahsuloti bo‟lmish liberin va statinlar qonga o‟tadi. Darvoza tomirlar
adenogipofizda ikkilamchi kapillyarlar to‟riga bo‟linadi va gipotalamik gormonlarni gipofiz
hujayralariga yetkazadi. Gipofizning orqa bo‟lagi esa gipotalamusning supraoptik va
paraventrikulyar yadrolari bilan aniq neyron aloqaga ega. Ko‟rsatilgan yadrolardagi
neyrosekretor hujayralarda ikkita peptid – oksitotsin va vazopressin sintezlanib, oqsil bilan
birikkan holda akson bo‟ylab gipofizning orqa bo‟lagiga oqib tushadi, hamda zaruratga qarab
qonga o‟tadi.
Gipofiz faolligining o‟sish jarayonida o‟zgarishi ko‟proq tekshirilgan.
GIPOFIZ. Faoliyati gipotalamusning gipofizotrop sohasi bilan bog‟liq bo‟lgan adenogipofiz
yoki gipofizning oldingi bo‟lagi bitta bez emas, balki boshqarilishi alohida bo‟lgan maxsus
hujayralardan tashkil topgan oltita bez kompleksidir. Gipofiz tarkibidagi hujayralarning
hammasida maxsus zarrachalar bo‟lib, ulardagi oqsil yoki glikoprotein gormonlar ekzotsitoz
yo‟li bilan qonga o‟tadi.
Gipofizar va platsentar gormonlar va topilganiga uncha ko‟p vaqt bo‟lmagan endorfin va
enkefalinlarni tashkil qiluvchi aminokislotalar ketma-ketligida o‟xshashlik bor. Balki bu
gormonlar yagona o‟tmishdosh molekulasidan kelib chiqqandir. Shunga va ba‟zi boshqa
ma‟lumotlarga asoslangan holda gipofizar, platsentar va ularga o‟xshash gormonlarning quyidagi
tasnifi taklif qilingan. Ular uch guruhga bo‟linadi.
1-guruh. Kortikotropin turkumi. Hammasi peptid bo‟lib, umumiy o‟tmishdosh –
proopiomelanokortindan (m.m 31000) kelib chiqqan. Bu guruhni melanotsitlarni stimullovchi
gormon (MSG, m.m 1650), adrenokortikotrop gormon (AKTG, m.m 4500), β-lipotropin gormon
(β-LPG, m.m 9500), β-LPG dan kelib chiqqan endorfin tashkil qiladi.
2-guruh. Somatomammotropinlar. O‟sish gormoni (O‟G), prolaktin (PRL) va odamning
platsentar laktogenidan (OPL) iborat. Bu gormonlar molekulasida disulfid ko‟prikchalar bo‟lib,
aminokislotalar ketma-ketligidagi o‟xshashlik juda aniq seziladi.
3-guruh. Glikoprotein. Bu guruhni biri-biriga o‟xshagan, ikkita peptid zanjirdan tuzilgan –
follikullarni stimullovchi gormon (FSG), lyuteinlovchi gormon (LG), odamning xorionik
gonadotropini (OXG) va tireotrop gormonlar (TTG) tashkil qiladi.
O‟SISH GORMONI (SOMATOTROPIN).O‟sish gormoni - 191 aminokislota qoldig‟idan
tashkil topgan yakka zanjirli peptid. U turga xos xususiyatga ega. Shu sababdan hayvonlar
gipofizidan ajratib olingan gormon odamga yuborilganda, samara bermaydi. Gormon qonga
vaqti-vaqti bilan har 20-30 daqiqada ajralib turadi va katta yoshdagi odam tinch holatda
bo‟lganida uning qondagi miqdori 3 ng/ml dan oshmaydi. Gormonning qonga o‟tishi chuqur
uyqu vaqtida, jismoniy ish bilan shug‟ullanganda, organizm shikastlanganida, gipoglikemiyada,
arginin, vazopressin, morfin va boshqa moddalar ta‟sirida ko‟payadi.
Endi tug‟ilgan chaqaloqlar qonida o‟sish gormonining miqdori o‟rtacha 14,4 ng/ml. Bu
miqdor ona qonidagidan 2-2,7 marta ko‟p. Birinchi haftaning oxiriga borib chaqaloq qonidagi
o‟sish gormonining miqdori 7,3 ng/ml gacha kamayadi. Chaqaloqlik davrida qonda o‟sish
gormonining ko‟p bo‟lishiga sabab tug‟ilgandan keyin ona qonidan glyukoza o‟tishining
to‟xtashi va bolada gipoglikemik holat rivojlanishida bo‟lsa kerak.
Chaqaloqlik davrida o‟sish gormoni sekretsiyasi jadal bo‟lishining biologik ahamiyati uning
metabolik samarasiga bog‟liq: gormon oqsillar almashinuviga anabolik ta‟sir qiladi va ayni
vaqtda yog‟larni energiya almashinuviga safarbar etadi. Chaqaloqning yangi sharoitga
moslashishida bu juda muhim.
O‟sish jarayonida o‟sish gormonining qondagi miqdori o‟zgarib turadi. O‟g‟il bolalar 10-11
yoshga to‟lganda gormon miqdori ortadi, 12-13 yoshda ikki marta kamayadi. 14-15 yoshga
borganda bu ko‟rsatkichning yana bir ko‟tarilishi kuzatiladi.
Tireotrop gormon. Adenogipofizning tireotrop gormoni (TTG) molekulyar massasi 29000
bo‟lgan glikoproteindir. Bu gormon qalqonsimon bez follikulalarini hosil qiluvchi follikulyar
hujayralar rivojlanishiga ta‟sir qiladi. TTG follikulyar hujayralarni uzluksiz rag‟batlantirib,
ularning faoliyati bir me‟yorda bo‟lishini ta‟minlaydi. Gormon yo‟q bo‟lgan sharoitda tireoid
hujayralar qondan yodni yig‟ib olish qobiliyatini qisman saqlab qoladi, ammo tireoid
gormonlarning sintezi va sekretsiyasi keskin tormozlanadi.
TTG ta‟sirida ikki bosqichni ko‟rish mumkin. Avval RNK sintezi tezlashishiga muhtoj
bo‟lmagan jarayonlar jadallashadi. Keyingi bosqichda hujayralar o‟sadi, mitotik faollik paydo
bo‟ladi va hujayralar bo‟linadi. TTG ta‟sirida qalqonsimon bez faoliyati o‟ta kuchayib ketishi
ham mumkin.